MUSIQANING AQLIY RIVOJLANISHGA TA'SIRI: O'TMISH VA BUGUN
M. Mamatov1
doi: 10.15350/24103586.2022.2.7
Annotatsiya
Ushbu maqolada musiqaning aqliy rivojlanishda nuqsoni bo'lgan bolalar tarbiyasiga ta'siri ilmiy tadqiqotlar va ilmiy dalillar orqali izohlangan. Qadimgi va O'rta asrlarda musiqaning ta'sir darajasi qanchalik o'rganilgani tahlil etilgan va bugungi kunda musiqiy psixoterapiyaning ta'lim tizimidagi roli maxsus maktab-internatlaridagi faoliyat orqali aniqlangan.
Kalit so'zlar: musiqa, Demokrit, antroposentrizm, Ibn Sino, Farobiy, terapiya, psixoterpiya, potologiya.
Bugungi kunga kelib, deyarli barcha fanlar ilmiy muammolari yechimini antroposentrik nazariya [1] orqali aniqlashmoqda. Ya'ni inson omili asosiy obyekt qilib olinib, unga tashqi olam subyektlari ta'siri ilmiy asosda o'rganilmoqda. Musiqa ham ana shunday omillardan biridir. Uning inson ruhiyatiga, aqliy rivojlanishiga, xulq-atvoriga, tarbiyasiga va hattoki, sog'lig'iga bo'lgan ta'siri faylasuflar va ijodkorlar tomonidan qadimdan ta'kidlab kelingan. Masalan: Yunonistonda musiqiy ta'lim g'oyalari orqali insonni estetik tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilgan. Yunonlar musiqaga ta'lim vositasi sifatida qarab, "o'qimishli inson" deganda, albatta, "musiqa ilmidan xabardor kishi"ni nazarda tutishgan. Demokrit tovushlarni: silliq, qo'pol, yumshoq, qattiq, mazali, yoqimsizlarga ajratib, musiqa elementlarining estetik xususiyatlarini nozik tushunishini namoyish etgan. Musiqaning inson axloqiga ta'siri yunon stoiklari tomonidan ilgari surilgan. O'rta asr allomalaridan Abu Nasr Farobiy "Fozil odamlar shahri" asarida musiqaga: "Bu fan muvozanatni yo'qotganlarning axloqini mo'tadil qilish, mukammallikka hali yetmaganlarni komil qilish va muvozanatda bo'lganlarda muvozanatni saqlash ma'nosida foydalidir", - deya ta'rif beradi [2]. Musiqani inson dardiga davo sifatida qo'llagan Ibn Sino esa "Shifo kitobi" asarining uchinchi bobida musiqani inson nafsiga ta'sirini bayon qiladi. Uning asarlariga sharhlar yozgan arab olimi Ibn Zayla Markaziy Osiyo xalqlarining og'zaki ijod namunalarini "...ko'chishlar-harakatlar saxovatni, boshqalari shijoatni, yana bazisi hamiyat va sadoqatni ifoda qilsa, ba'zilari nafsda mardlikka moyillik uyg'otadi" [2], - deya ta'kidlaydi. U musiqaning nafsga ta'sirini quyidagi turlarga ajratadi:
Lazzatbaxsh musiqa;
Xayoliy musiqa;
Hayajonlantiruvchi musiqa.
Ushbu turlarning barchasi inson ongiga, ruhiy holatiga katta ta'sir ko'rsatishi aytib o'tiladi.
Italiyalik musiqachi hamda musiqashunosi Arezzo Gvido Aretinskiy (995-1050) "Mikrolog" nomli asarida qo'shiq aytish, musiqa o'qishni o'rgatish uslubiga katta e'tibor bergan. U musiqa ijrochining fe'l-atvori va temperamentiga mos kelishi kerak deb hisoblagan. G'arb cherkovlarida yangraydigan ibodat qo'shiqlari inson ruhiyatiga kuchli ta'sir ko'rsatishi O'rta asrlardayoq ma'lum edi.
Alisher Navoiy asarlari hamda XV asrda yaratilgan deyarli barcha asrlarda musiqaning axloqiy, ruhiy, estetik ta'sirlari bayon qilingan.
Jahon xalqlarida bugungi kunga kelib, musiqa yetakchi fanlar tarkibiga kiritilgan. Masalan, Yaponiyada musiqiy terapiya insonning ish joyida, maktabda, universitetda jismoniy va ruhiy holatini normallashtirish uchun keng qo'llaniladi. Shvetsariyada esa musiqa homilaning nevrologik rivojlanishiga ta'sir etishi aniqlanib, tug'ruq jarayonida ona va bola salomatligini saqlab qolishda ma'lum musiqiy ohanglardan
1Mamatov Mashrab - O'zbekiston davlat San'at va madaniyat instituti cholg'u ijrochiligi mutaxasisligi 2-kurs magistranti.
Ilmiy rahbar: prof. O'.Toshmatov.
foydalanilmoqda. G'arbiy Yevropaning barcha mamlakatlarida musiqa terapiyasidan foydalanish keng tarqalmoqda. Butunjahon ta'lim tizimida musiqa orqali aqliy va ruhiy faoliyatga ta'sir, nafaqat sog'lom bolalarda, balki ma'lum nuqsoni (patologiyasi) bor bolalarda ham bo'lishi aniqlanmoqda. Masalan, Mansfildagi maxsus maktab-internatida professor B.Klitzning tashabbusi bilan musiqiy, ma'rifiy va pedagogik fikrlarni rivojlantirishda musiqa san'atining ta'sirini aqli zaif bolalarda aniqlash borasida katta izlanishlar olib borilgan. Bunda musiqa bolaning jismoniy, hissiy, kommunikativ va organik jihatlarini tartibga soluvchi asosiy vositalardan biri ekanligi tajribalar natijasida aniqlangan.
Amerikalik tibbiyot professori Gordon Shou esa musiqaning inson sog'lig'iga ta'sirini quyidagicha izohlaydi: "Tovushlarning tebranishi tanamizdagi har bir hujayrada aks sado beradi va energiya maydonini yaratadi. Biz energiyani yutamiz va u tomir urishini, qon bosimini, haroratni normallashtiradi, mushaklarning kuchlanishini va og'riqni yengillashtiradi. Musiqa tiklanishni tezlashtiradi. Amerikalik tadqiqotchilar hayratlanarli xulosaga kelishdi: kasalliklarning atigi 30% organik shikastlanishlar, irsiy omillar yoki yomon ekologiya tufayli kelib chiqadi. Qolgan 70% kasalliklar salbiy his-tuyg'ular, stress va depressiyaning oqibatlaridir. Shuning uchun to'g'ri tanlangan kuylar chindan ham kuchli terapevtik ta'sirga ega [3].
Ana shunday ta'sirlar inobatga olingan holda bugunga kelib, bolaning umumiy rivojlanishiga har tomonlama kuchli ta'sir etgan nuqsonlar asosida anomal bolalar toyifasi shakllantirilgan. Bu toifa o'z ichida quyidagi guruhlarga ajratiladi:
I.Eshitish va eshitishda nuqsonlari bor bolalar;
II.Ruhan sust rivojlangan bolalar;
III.Og'ir nutqiy nuqsonlari bor bolalar;
IV.Ko'rish nuqsonlari bor bolalar;
V.Ko'r-kar -soqov bolalar;
VI.Oligofren (debil, imbetsil, idiot bolalar).
Yurtimizda bunday bolalar ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari, ularning ixtisoslashuviga muvofiqquyidagi (I-VIII) turlarga bo'linadi:
I - kar (eshitmaydigan) bolalar uchun maktab-internatlar;
II - zaif eshitadigan va keyinchalik kar bo'lgan bolalar uchun maktab-internatlari;
III - ko'zi ojiz (ko'r) bolalar uchun maktab-internatlar;
IV - zaif ko'radigan va keyinchalik ko'r bo'lgan bolalar uchun maktab-internatlar;
V - nutqida og'ir nuqsonlar bo'lgan bolalar uchun maktab-internatlar;
VI - tayanch-harakat tizimida nuqsoni bo'lgan bolalar uchun maktab-internatlar;
VII - psixik rivojlanishi sust bo'lgan bolalar uchun maktab-internatlar;
VIII - aqli zaif bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlar.
Aqliy zaiflik - bu butun ruhiyatning, umuman shaxsning sifat jihatdan o'zgarishi,
bu markaziy asab tizimiga organik shkast yetkazish natijasidir. Bunda bolaning nafaqat aqliy, balki hissiyot, iroda, xatti-harakatlar, jismoniy rivojlanish ham ortda qoladi.
Aqliy zaif bolalar kognitiv qiziqishlarning rivojlanmasliklari bilan alohida ajralib
turadi.
Bunday bolalarning tug'ilishiga quyidagi sabablar mavjud:
1)otaning yoki onananing (ota-onaning) alkogol mahsulotlarini ko'p miqdorda iste'mol qilishi;
2)otaning yoki onaning (ota-onaning) giyohvand moddalarni qabul qilishi;
3)qarindoshlar o'rtasidagi nikoh;
4)irsiyatning ta'siri;
5)onaning homiladorlik vaqtida doktor ko'rsatmasisiz turli dori mahsulotlarini iste'mol qilishi, ayni shu davrda onaning kuchli xastaliklarga chalingani, kuchli ruhiy zo'riqishlar;
6)Tug'ruq jarayonida miya shkastlanishi, kindikning boshga o'ralishi, bolaning yoshligida turli kasalliklar bilan og'rishi, masalan, miningit, chechak, otit, markaziy nerv sistemasining shkastlanishikabi tashqi ta'sirlar ham bolada orttirilgan anomal xususiyatlarni keltirib chiqaradi.
Yurtimizda bolalar anomaliyasining oldini olish borasida qator choralar ko'rilmoqda. Masalan, ona va bola salomatligini alohida nazoratga olish, sog'lom turmush tarzini tashkil etish, bolalarni san'at orqali ruhiy va axloqiy tarbiyalashga oid
Ученый XXI века • 2022 • № 2 (83)
ko'plab tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda. 2018-yil 23-fevralda "Imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta'lim muassasalari to'g'risidagi me'yori-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida O'zbekiston Respublikasi Vazilar Mahkamasining qarori tasdiqlangani va bu qaror asosida bunday toifadagi bolalarni ta'lim-tarbiya orqali shakllantirish va jamiyatda o'z o'rinlarini topishga ko'maklashishni maqsad qilib qo'ygani ham fikrimiz isbotidir.
Mana shunday maktablar Toshkent shahrida 52-sonli aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab, 103-sonli aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, Samarqand viloyatidagi 63-sonli aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari va birqator mana shunday muassasalar faoliyat olib bormoqda. Quvonarli tomoni shundaki, bunday maktablar soni Rossiyaning birgina Moskva shahridagi 55ta aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga qaraganda ancha kam.
Yurtimizda ham barcha fanlar qatori musiqa ta'limiga, uning san'at darajasidagi ta'siriga katta e'tibor qaratilmoqda. Maktabgacha ta'lim muassasalarida jismoniy mashqalar, o'yinlar, va hatto, turli dars jarayonlarida musiqadan o'rinli foydalanilmoqda. Nomoddiy-madaniy meros tarkibiga kiruvchi musiqaning aqliy rivojlanishda nuqsoni bor bolalarga ta'sirini aniqlash va musiqani davo vositasi sifatida qo'llash bugungi kunga kelib davlat siyosati darajasiga ko'tarilmoqda.
Xullasa qilib aytadigan bo'lsak, musiqaning ta'lim hamda sog'liqni saqlash tizimidagi ta'sirini aniqlash uchun bugunga qadar yurtimizda maxsus ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmagan. Mana shunday tadqiqotlar dastlab maktabgacha ta'lim tizimida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq bizningcha. Chunki, aqliy rivojlanish ayni shu yosh vakillarida jadal kechishi kuzatiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:
1. Falsafiy idealistik dunyoqarash, unga ko'ra inson olamning markazi va dunyoda sodir bo'layotgan barcha hodisalar qaratilgan maqsaddir.
2. Aripov Z. Arab musiqa terminlari tizimining shakllanishi va taraqqiyoti (X-XV asrlar O'rta Osiyo olimlarining musiqashunoslikka oid asarlari asosida). DSc., 2019. - B. 23.
3. Тишина Екатерина Юрьевна. Содержание, формы и методы музыкального воспитания младших школьников с задержкой психического развития. PhD., Москва - 2008.
© M. Mamatov, 2022.