Научная статья на тему 'MADANIYAT VA SAN’AT SOHASIDA KADRLARNI ATTESTATSIYADAN O‘TKAZISH MASALALARI'

MADANIYAT VA SAN’AT SOHASIDA KADRLARNI ATTESTATSIYADAN O‘TKAZISH MASALALARI Текст научной статьи по специальности «СМИ (медиа) и массовые коммуникации»

CC BY
278
72
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
madaniyat / attestatsiya / faoliyat / tashkilot / kadrlar / omil / siyosat / taraqqiyot / jarayon

Аннотация научной статьи по СМИ (медиа) и массовым коммуникациям, автор научной работы — Habibulla Abdullayevich Ibodillayev

Maqolada madaniyat va san’at muassasa va tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan xodimlarni attestasiyadan o‘tkazish masalalari haqida fikrmulohaza yuritilgan. Xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazishning ahamiyati tahlil qilinib, ilmiy xulosalar bayon qilingan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MADANIYAT VA SAN’AT SOHASIDA KADRLARNI ATTESTATSIYADAN O‘TKAZISH MASALALARI»

MADANIYAT VA SAN'AT SOHASIDA KADRLARNI ATTESTATSIYADAN

O'TKAZISH MASALALARI

Habibulla Abdullayevich Ibodillayev O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti

Annotatsiya: Maqolada madaniyat va san'at muassasa va tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan xodimlarni attestasiyadan o'tkazish masalalari haqida fikr-mulohaza yuritilgan. Xodimlarni attestatsiyadan o'tkazishning ahamiyati tahlil qilinib, ilmiy xulosalar bayon qilingan.

Kalit so'zlar: madaniyat, attestatsiya, faoliyat, tashkilot, kadrlar, omil, siyosat, taraqqiyot, jarayon.

ISSUES OF CERTIFICATION OF PERSONNEL IN THE FIELD OF

CULTURE AND ART

Habibulla Abdullayevich Ibodillayev Uzbekistan State Institute of Arts and Culture

Abstract: The article discusses the issues of attestation of employees of cultural and art institutions and organizations. The importance of staff certification is analyzed and scientific conclusions are made.

Keywords: culture, certification, activity, organization, personnel, factor, policy, development, process.

Madaniyat va san'at sohalarini rivojlantirish, jahon miqiyosidagi ilg'or tajribalar asosida malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarning madaniy saviyasini yuksaltirishga qaratilgan ko'plab qaror va farmonlar imzolanib, hayotga tadbiq etilmoqda.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev faoliyatining dastlabki kunlaridanoq mamlakatimiz uchun eng katta muammo - davlat va jamiyat boshqaruvidagi jiddiy kamchilik va xatolarni bartaraf etish juda dolzarb masala ekanligi ta'kidlab kelinmoqda. Bu kabi sohaga oid muammolarni bartaraf etish uchun davlatimiz tomonidan muayyan ishlarni amalga oshirish tizimi ishlab chiqildi. So'nggi to'rt yil mobaynida madaniyat va san'at sohasini taraqqiy ettirish maqsadida 40 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi.

Asosiy vazifa mazkur farmon va qarorlarni ilmiy nuqtai nazardan o'rganib chiqish va sohada faoliyat ko'rsatib kelayotgan xodimlar salohiyatini yangi bosqichga ko'tarishdir.

Sohadagi xodimlarni attestatsiyadan o'tkazish kadrlar siyosati va davlat xizmati boshqaruvining demokratik asoslarini kengaytirishda huquqiy vosita hisoblanadi, bundan tashqari, u davlat organlarida shakllantirilib, maqsad sari yo'naltirilgan va bashorat qilinadigan kadrlar siyosatini ta'minlash vositasi hamdir. Attestatsiya -davlat xizmatining huquqiy instituti sifatida quyidagilardan iborat: tashkil etish jarayonida shakllanadigan munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi huquqiy meyorlar majmui; davlat organlari vakolatlarini ta'minlash va amalga oshirish uchun belgilangan vazifalarning davlat xizmatchilari tomonidan bajarilishini baholash; fuqarolar xizmati kadrlaridan istiqbolda foydalanish tavsifnomasi.

Davlat xizmatini takomillashtirish va tartibga solish, xizmatchilarni attestatsiyadan o'tkazish jarayoni bilan bevosita bog'liqdir. Davlat xizmatini o'tashda davlat xizmatchilarining attestatsiyadan o'tkazish huquqiy instituti katta ahamiyatga ega. Mazkur huquqiy institutni tartibga solishga O'zbekiston Respublikasining maxsus qonuni mavjud bo'lmasa-da, bir qator normativ-huquqiy hujjatlar amalda kuchga ega. Hozirgi kunda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir qator qarorlar qabul qilingan hamda attestatsiyadan o'tkazish tartiblari to'g'risidagi nizomlar tegishli vazirlik va qo'mitalar tomonidan tasdiqlangan.

Islohotlar davrida davlat xizmatchilarini tanlash, joy-joyiga qo'yish va attestatsiyadan o'tkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o'rinda xodimlarning kasbiy mahoratga ega ekanligi, intellektual salohiyati darajasi, kirishimlilik singari sifatlari davlat xizmati lavozimini egallash uchun kifoya qilmaydi. Mamlakatda islohotlarga uning munosabati va shu islohotlarni chuqurlashtirishda bevosita ishtirok etishga tayyorgarligi muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat xizmatchilarini attestatsiyadan o'tkazish huquqiy instituti davlat xizmatini tashkil etish, turli davlat organlari vakolatlarini amalga oshirish va ta'minlash bo'yicha vazifa va majburiyatlarni bajarish jarayonida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar yig'indisidan iboratdir.

Tor ma'noda, attestatsiya xizmatchilarning professional, ishchanlik va shaxsiy xislatlariga baho berish, uning xizmat-lavozim talablariga mos kelishini tekshirish maqsadida o'tkaziladi. Attestatsiyani kiritishdan birlamchi maqsad, xizmatchining bilim va malakasi darajasini belgilash bo'lib, ular xizmatchiga biron-bir unvon yoki toifa va h.k. belgilashda asosiy shartlardan hisoblanadi. Demak, davlat xizmatchisini attestatsiyadan o'tkazish ikki asosiy vazifaning mohiyatini ochib beradi: birinchidan, xizmatchini egallagan lavozimiga loyiq yoki loyiq emasligini, ya'ni uning professionallik tayyorgarligini aniqlash; ikkinchidan, navbatdagi malaka darajasini berish. Keng ma'noda, attestatsiya quyidagi vazifalarni amalga oshiradi :

- amaliyotda davlat xizmati prinsiplariga rioya etish;

- davlat xizmati tizimida qonuniylikni ta'minlash;

- davlat organlarining professional kadrlar majmuasini tashkil etish;

- davlat xizmatchisining xizmat bo'yicha harakatlanishi maqsadida ularning potensial imkoniyatlarini aniqlash;

- davlat xizmatchisiga javobgarlik choralarini qo'llash; intizomni va javobgarlikni oshirish;

- xizmatchilarning xizmat pillapoyasi bo'yicha harakatlanishini ta'minlash;

- davlat xizmati muvozanatini ta'minlash;

- davlat xizmatchilarining malakasini oshirishni tartibga solish;

- davlat xizmati tizimida huquqbuzarliklarga va korrupsiyaga qarshi kurash, ogohlantirish va boshqalar.

Attestatsiya davlat xizmatchilarining kasbiy xislatlariga baho berishdir. Davlat xizmatchilarini attestatsiyadan o'tkazish muhim iqtisodiy ahamiyatga ega bo'lishidan tashqari, siyosiy jihatlarga ham ega. Attestatsiyaga tayyorgarlik reja asosida olib borilishi zarur bo'lib, bunda, birinchi o'rinda, xizmatchilarga attestatsiyaning maqsad, vazifalari va o'tish tartibi tushuntirib beriladi, so'ng attestatsiyadan o'tadigan xizmatchilar doirasi aniqlab olinadi. Attestatsiya o'tkazish maqsadida attestatsiya komissiyasi tuziladi, attestatsiya o'tkazish jadvali tasdiqlanadi hamda attestatsiya komissiyasi uchun zarur bo'lgan hujjatlar tayyorlanadi.

Attestatsiyada ishtirok etish har bir davlat xizmatchisining muhim burchi va vazifasidir. Mazkur vaziyatning huquqiy tomoni shundaki, davlat xizmatchilari muntazam ravishda belgilangan tashkiliy-huquqiy shaklda attestatsiyadan o'tishlari shart. Attestatsiyadan o'tkazish qoidalariga bo'ysunish va attestatsiya komissiyasining tavsiyalarini bajarish har bir davlat xizmatchisining yuridik burchidir. Attestatsiyadan barcha davlat xizmatchilari o'tishi shart. Istisnoni quyidagilar tashkil etadi:

• ushbu lavozimda bir yildan kam muddat davomida ishlayotganlar;

• homilador ayollar;

• homiladorlik va tug'ruq hamda uch yoshgacha bo'lgan bolaning parvarishi bo'yicha ta'tilga chiqqan ayollar.

Attestatsiyaning mazmuni va mohiyati uning prinsiplarida aks ettirilgan. Ular davlat organlarining attestatsion tajribasiga asoslanib ishlab chiqiladi. Davlat xizmatchilarining attestatsiyalari quyidagi asosiy prinsiplarga tayanib shakllantiriladi:

- attestatsiyaning partiyadan xoliligi;

- attestatsiyaning umumiyligi;

- oshkoralik;

- kollektiv baholash;

- attestatsiyaning davriyligi (tizimlilik);

- baholashning obyektivligi;

- baholashning kompleks ravishda amalga oshirilishi;

- baholashning va tavsiyalarning asoslanganligi;

- attestatsiya natijalariga ko'ra javobgarlik yoki rag'batlantirish bo'yicha tashkiliy-huquqiy choralar ko'rilishining majburiyligi.

Attestatsiyaning partiyadan xoliligi davlat xizmatchisining mansab vazifalarini baholashda bir taraflama siyosiy yondashuvning yo'qligini anglatadi, zero, siyosiy betaraflik prinsipiga asosan davlat xizmati vazifalarini bajarishda, u shaxsiy siyosiy manfaatlarni ko'zlab emas, balki muayyan davlat masalasi bo'yicha ommaviy ehtiyojlarni qondirish uchun ishlab chiqilgan yagona davlat siyosatidan kelib chiqib ish tutishga majburdir.

Attestatsiyaning umumiyligi uning barcha davlat organlarida o'tkazilishini anglatadi. Davlat xizmati lavozimlarini egallagan barcha shaxslar attestatsiyadan o'tishlari shart. Oshkoralik prinsipi attestatsiya jarayoning ochiq-oydin o'tkazilishini anglatadi. Bu prinsip attestatsion materiallarning hammabopligi, baholashning demokratiyaviyligi, attestatsiyadan o'tayotgan shaxsning kasbiy, shaxsiy va ma'naviy sifatlarini hamda uning xizmat faoliyatini har tomonlama muhokama etishning oshkoraligi bilan tavsiflanadi. Attestatsiyadan o'tadigan xizmatchiga rahbariyat tomonidan berilgan tavsifnoma bilan tanishish huquqining berilishi ham oshkoralikdan dalolatdir. Mazkur tavsifnoma bo'yicha u o'z e'tirozlarini bildirish hamda muayyan davlat organi yoki uning bo'linmasi faoliyatini yaxshilash borasidagi taklif va mulohazalarini tayyorlab berish imkoniyatiga ega. Attestatsiya natijalari ovoz berish tugashi bilanoq ochiq e'lon qilinadi. Baholashning jamoaviyligi attestatsiyaning muhim prinsipi sanaladi. Uning mohiyati shundaki, birinchidan, attestatsiyaga oid axborotni yig'ish, tahlil qilish va umumlashtirish, xizmatchilarning kasbiy hamda ma'naviy sifatlarini ko'rib chiqish va baholash jarayoni yuqori malakali va nufuzli mutaxassislar guruhi, ya'ni attestatsiya komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Ikkinchidan, baholashning jamoaviyligi, attestatsiyadan o'tayotgan xizmatchining kuchli va zaif tomonlari haqidagi samarali fikr almashinuvi imkoniyatini beradi. Attestatsiya davomidagi oshkoralik, baholashning jamoaviyligi va ko'pchilik fikrining inobatga olinishi, davlat organlari xizmatchilarini muhim talablarni amalga oshirish uchun sharoit yaratishda, shaxsiy emas, balki jamoat manfaatlarini ko'zlashga yo'naltiradi.

Attestatsiyaning davriyligi (tizimliligi) prinsipi - uning meyoriy hujjatlarda belgilab berilgan muayyan vaqt oralig'ida muntazam ravishda o'tkazib borilishini anglatadi. Mazkur prinsipning amal qilishi xodimlar bilan ishlash tizimi tarkibidagi tashkiliy-huquqiy omillar samarasiga ta'sir qiladi. Bu prinsip xizmatchilar tomonidan o'z vazifalarini tashqi omillar, o'zgarishlar, siyosiy sharoitlardan qat'iy nazar, belgilangan vaqtda, lozim darajada bajarishlarini ta'minlab beradi. Attestatsiya bahosi obyektiv qo'yilgandagina uning maqsadga erishilganligini qayd etish mumkin.

Baholashning obyektivligi prinsipi xizmatchining professional, ishbilarmon, shaxsiy va ma'naviy sifatlari amalda qay tarzda qo'llanilganligi nuqtai nazaridan ko'rib chiqilishida o'z aksini topadi. Baholashning obyektivligi attestatsiya davomida har bir xizmatchi faoliyatidagi aniq dalillar (yutuqlar, kamchiliklar, xatolar) yoritilishini anglatadi. Mazkur prinsipning asosiy belgisi xizmatchining ishbilarmon xatti-harakatiga nisbatan xolislikdir. Baholashning kompleks ravishda amalga oshirilishi prinsipi xizmatchilarni har tomonlama, to'g'ri va xolis baholanishini kafolatlaydi. Bunda xizmatchining ish faoliyati uchta asosiy yo'nalish bo'yicha baholanadi:

1) xizmatchi faoliyati natijalarini baholash;

2) boshqaruv mehnati jarayonini, lavozim doirasidagi vazifalarning bajarilishini baholash;

3) xizmatchining shaxsiy fazilatlarini baholash.

Attestatsiya komissiyasining baholash va tavsiyalarning asoslanganligi prinsipi eng asosiy jihatlardan biri sanalib, bunda, berilgan u yoki bu bahoni asoslab berish -xodimning haqiqiy tahsinga loyiq xizmatlarini aks ettirishdagi adolatliligi, maqsadga muvofiqligi va haqqoniyligini, shu bilan birga, mavjud kamchilik va xatolarini aks ettirish demakdir.Attestatsiyaning qolgan barcha prinsiplarini amalga oshirish darajasi hamda uning huquqiy mohiyati amaliylik prinsipi orqali belgilanadi, ya'ni, bu yerda, attestatsiya natijalariga muvofiq tashkiliy-huquqiy choralarning ko'rilishi, ma'lum malaka darajasining berilishi, zarur vaziyatlarda esa, javobgarlik va rag'batlantirish choralarining ko'rilishi tushuniladi. Agar attestatsiya natijalari amalda e'tiborsiz qoldirilib, unga muvofiq zarur hollarda rag'batlantirish choralari ko'rilmasa, unda xizmatchi faoliyatini baholashning bu shakli xodimlar bilan ishlash tizimida yuqori o'rinni egallay olmaydi.

Attestatsiya komissiyasi tavsiyalarining bajarilishini kafolatlanganligi -attestatsiya o'z maqsadiga yetganligidan dalolatdir. Bundan tashqari, attestatsiyani o'tkazishdan yana bir maqsad - davlat, jamiyat va xizmatchilar manfaatlarining, sifatli va samarali boshqaruvni ta'minlashdagi mutanosibligiga erishish. Attestatsiyani xizmatchining lavozim bo'yicha o'sishi, xizmatchi va davlat organi o'rtasidagi mehnat shartnomasi shartlarini o'zgartirish vositasi sifatida ko'rib chiqish mumkin. Attestatsiya, nafaqat davlat xizmatini o'tashning zarur bosqichi sifatida tan olingan, balki, xizmatchini mansab pillapoyasidan o'sishiga undaydigan va professional tayyorgarligini charhlab, rag'batlantiruvchi omil hamdir. Attestatsiyaga tayyorgarlik ishlari davlat organi rahbari tomonidan quyidagi tartiblarni o'z ichiga olgan tegishli huquqiy hujjat (buyruq, farmoyish) qabul qilinishidan boshlanadi:

- attestatsion kommisiyani shakllantirish;

- attestatsiyani o'tkazish tartibini tasdiqlash;

- attestatsiyadan o'tkaziladigan xizmatchilar ro'yxatini tuzish;

- attestatsiya komissiyasi faoliyati uchun zarur bo'lgan hujjatlarni tayyorlash.

Attestatsiyani o'tkazish haqidagi huquqiy hujjatda davlat organlarining tegishli bo'linmalari rahbarlari oldiga attestatsiyaning tayyorlanishi va o'tkazilishini ta'minlash bo'yicha masalalar qo'yiladi. Bu hujjatda attestatsiya jarayonining aniq muddatlari belgilanib, har bir xizmat lavozimi uchun alohida attestatsiyadan o'tish grafigi va attestatsiya komissiyasining tarkibi tasdiqlanadi. Davlat xizmatchisi attestatsiya haqida oldindan ogohlantirilmog'i darkor, zero, u attestatsiya komissiyasi tomonidan o'z xizmat vazifalariga oid beriladigan barcha savollarga o'z vaqtida tayyorlanib olishi lozim. Attestatsiya komissiyasining tarkibi, hech qanday manfaatlar ziddiyatlari kelib chiqmaydigan va attestatsiya natijalariga ta'sir eta olmaydigan tarzda shakllantiriladi. Attestatsiya komissiyasi rais, rais o'rinbosari, kotib va komissiya a'zolaridan iborat bo'ladi. Qaror qabul qilishda attestatsiya komissiyasining barcha a'zolari teng huquqqa ega bo'ladi. Attestatsiya komissiyasi shakllanganligi to'g'risidagi huquqiy hujjat qabul qilingan kundan e'tiboran komissiya o'z ishini boshlaydi. Mazkur faoliyat attestatsiyaga tayyorgarlikdan boshlanadi. Tayyorgarlik jarayonida attestatsiya komissiyasi raisi komissiya a'zolariga vazifalarni taqsimlaydi va ular, o'z navbatida, attestatsiyadan o'tkaziladigan xizmatchilarning ish reglamenti va tavsifnomalari bilan tanishib chiqadilar. Davlat xizmatchisini attestatsiyadan o'tkazishda Attestatsiya komissiyasiga uning o'z lavozimi doirasidagi vazifalarni bajarganligi, bunda qonunchilik, xizmat va ijro intizomiga rioya qilganligi haqidagi tavsifnomasi taqdim etiladi.

Attestatsiya komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar bilan tanishib chiqadi, attestatsiyadan o'tkazilayotgan xizmatchi hamda zarurat tug'ilgan hollarda uning rahbari eshitiladi. Attestatsiyadan o'tkazilayotgan xizmatchilarning kasbiy va shaxsiy xislatlarini muhokama qilish xolis va belgilangan talablar asosida amalga oshirilishi lozim. Odatda, attestatsiyadan o'tkazilayotgan xodimning xizmat yuzasidan va shaxsiy fazilatlarini aniqlash maqsadida suhbat o'tkaziladi. Ayrim holatlarda u test ko'rinishida ham o'tishi mumkin. Attestatsiya komissiyasi yig'ilishining bayonnomasi attestatsiya jarayoni va natijalari haqidagi axborotga ega asosiy hujjat hisoblanadi. Bayonnomaning yurituvi belgilangan tartibda komissiya kotibi tomonidan olib boriladi. Unda quyidagilar qayd etiladi:

• komissiya yig'ilishi sanasi;

• ishtirok etgan komissiya a'zolari;

• attestatsiyadan o'tkazilayotgan xizmatchining ismi, familiyasi, otasining ismi, ish joyi va egallab turgan lavozimi.

Komissiya yig'ilishi bayonnomasiga attestatsiya davomida xizmatchiga berilgan savollar va uning javoblari, tegishli qaydlar ham kiritiladi. Bundan tashqari bayonnomada attestatsiyadan o'tayotgan xizmatchiga berilgan baho va uning

faoliyati yuzasidan ovoz berish natijalari hamda attestatsiya komissiyasining unga tavsiyalari ham aks ettirilishi shart. Rasmiylashtirilgan bayonnomani rais, uning o'rinbosari, kotib va yig'ilishda ishtirok etgan attestatsiya komissiyasi a'zolari imzolaydilar. Imzolangan bayonnomaga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish taqiqlanadi. Shuningdek, u xatosiz yozilgan bo'lishi lozim.

Xizmatchining xizmat faoliyatiga baho berish - egallagan lavozimi bo'yicha qo'yilgan talablarga loyiq kelishi, tegishli davlat organi oldida qo'yilgan vazifalarning bajarilishida uning ishtiroki, u tomonidan amalga oshiriladigan ish faoliyatining natijalariga asoslanadi. Attestatsiya natijalariga ko'ra davlat xizmatchilariga quyidagi uch turdagi baho berilishi mumkin:

- egallagan davlat lavozimiga loyiqligi;

- xizmat faoliyati yuzasidan attestatsiya komissiyasi ko'rsatmalarini bajargan taqdirda, egallagan lavozimiga loyiqligi;

- egallagan davlat lavozimiga loyiq emasligi.

Agar davlat xizmatchisi egallab turgan davlat lavozimiga noloyiq deb topilgan bo'lsa, u malakasini oshirishga yoki qayta tayyorlanishga yuborilishi yoxud boshqa davlat lavozimiga o'tkazilishi mumkin. Attestatsiya komissiyasining qarori yakuniy yuridik hujjat hisoblanib, unda davlat xizmatchisini attestatsiyadan o'tkazilishi natijalari va qarorlari aks ettiriladi. Zero, attestatsiya komissiyasining qarori aniq va yuridik tomondan asoslangan bo'lmog'i darkor, aks holda, attestatsiyadan ko'zlangan natijaga erishilmaydi. Attestatsiya natijalari ovoz berish ishlari yakunlangandan so'ng attestatsiyadan o'tayotgan xizmatchiga e'lon qilinadi. Attestatsiya natijalariga ko'ra davlat xizmatchisi sudga yoki boshqa tegishli davlat organlariga murojaat etishga haqli. Attestatsiya natijalari davlat xizmatchisining shaxsiy varaqasida saqlanishi lozim. Xizmatchining shaxsiy varaqasi tegishli davlat organining kadrlar bo'limi tomonidan olib boriladi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Mirziyoyev Sh. Yangi O'zbekiston strategiyasi. - Toshkent: "O'zbekiston". 2021. - 464. B.

2. Haydarov A. Ijodiy faoliyatni rejalashtirish va boshqarish. - Toshkent: Kamalak. 2019. - 192. B.

3. Xojiyev E., Xojiyev T. Ma'muriy huquq. -T.: "Fan va texnologiya", 2008. 236-b.

4. Адамович А.С. Государственная служба. Энциклопедический словарь. М.: Изд-во РАГС, 2008. С.34-35.

5. Haydarov A. Madaniyat - milliy yuksalish poydevori. "Oltin meros press" nashriyoti. 2021 yil.

6. Haydarov A. Madaniyat va san'at sohasini boshqarish asoslari. "G'ofur G'ulom" nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi. Toshkent - 2016. 178-b.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.