Научная статья на тему '“LISON UT-TAYR” DOSTONIDA OGOHLIK FAZILATINING ULUG’LANISHI'

“LISON UT-TAYR” DOSTONIDA OGOHLIK FAZILATINING ULUG’LANISHI Текст научной статьи по специальности «Прочие социальные науки»

CC BY
315
26
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Alisher Navoiy / “Lison ut-tayr” / doston / ogohlik / fazilat / komil inson / g’aflat.

Аннотация научной статьи по прочим социальным наукам, автор научной работы — Latofat Cho’lliyeva

Mutafakkir ijodkor Mir Alisher Navoiy barcha asarlarida inson kamoloti uchun xizmat qiladigan ezgu fazilatlarni tarannum etgan. Xususan, uning “Lison ut-tayr” dostoni bu jihatdan xarakterlidir. Ushbu maqolada “Lison ut-tayr” dostonida alohida ahamiyat qaratilgan ogohlik fazilati borasida fikr yurilgan. Navoiyning ogohlik haqidagi mulohazalari boshqa ijodkorlar fikrlari bilan qiyosiy o`rganilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «“LISON UT-TAYR” DOSTONIDA OGOHLIK FAZILATINING ULUG’LANISHI»

CENTRAL ASIAN ACADEMIC JOURNAL ISSN: 2181-2489

OF SCIENTIFIC RESEARCH VOLUME 2 I ISSUE 6 I 2022

Scientific Journal Impact Factor (SJIF 2022=4.63) Passport: http://sjifactor.com/passport.php?id=22230

"LISON UT-TAYR" DOSTONIDA OGOHLIK FAZILATINING

ULUG'LANISHI

Latofat Cho'lliyeva

BuxDU I bosqich magistranti

ANNOTATSIYA

Mutafakkir ijodkor Mir Alisher Navoiy barcha asarlarida inson kamoloti uchun xizmat qiladigan ezgu fazilatlarni tarannum etgan. Xususan, uning "Lison ut-tayr" dostoni bu jihatdan xarakterlidir. Ushbu maqolada "Lison ut-tayr" dostonida alohida ahamiyat qaratilgan ogohlik fazilati borasida fikr yurilgan. Navoiyning ogohlik haqidagi mulohazalari boshqa ijodkorlar fikrlari bilan qiyosiy o'rganilgan.

Kalit so'zlar: Alisher Navoiy, "Lison ut-tayr", doston, ogohlik, fazilat, komil inson, g'aflat.

Ulug' Tangri har birimizda jamiki xislat-u illatni mujassam etgan. Insonlik mashaqqati ham ana shunda: sen o'z vujudingda, o'z qalbingda o'zing jang qilasan; g'olib ham o'zing, mag'lub ham o'zing. Bu jang umr bo'yi davom etadi, bir soniya bo'lsa-da ogohlikni yo'qotganing hamon yillar davomida erishganlaring sarob bo'lib, hammasini yana boshdan boshlashing mumkin. Ammo ana shunday damlarda Ollohning buyuk kalimasini eslab qalbing taskin topadi: "Biz haqiqatan odam o'g'illarini sharaflantirdik" 1

Buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy ham umr bo'yi Hazrati Insonning sharaf topmog'i va o'z nomiga munosib bo'lmog'i uchun harakat qildi. Shu bois deyarli barcha asarlarida komil inson va shunday insonning yuksak fazilatlari to'g'risida yozdi. Yillar bo'yi Hazrat yodini band etib, teran donishmandlik pallasida dunyoga kelgan "Lison ut-tayr" dostonida ham bir qancha fazilatlar ulug'lanib, yomon axloq qoralangan.

Dostonda shunday satrlar bor:

"Bordur inson zotida oncha sharaf,

Kim yamon axloqin etsa bartaraf'. ("Lison ut-tayr" 237-b)

Demak, insonda buyuk bir sharaf bor. Bu sharafga erishmoq uchun esa illatlardan xalos bo'lib, ezgu fazilatlarni o'stirmoq darkor. Navoiy sharaflagan ana shunday yuksak fazilatlardan biri bu - OGOHLIKdir.

1 Jaloliddin Rumiy. Ichindagi ichindadir. - T.:Yangi asr avlodi, 2013. - B. 28.

603

UZBEKISTAN | www.caajsr.uz

Scientific Journal Impact Factor (SJIF 2022=4.63) Passport: http://sjifactor.com/passport.php?id=22230

Ogohlik to'g'risida Navoiy nihoyatda "ko'p va xo'b yozgan" (Bobur iborasi). Mana oradan 581 yil o'tibdiki, ogohlik haqida gapirar ekanmiz, eng avvalo, Navoiyning "Farhod va Shirin" dostonidagi ushbu shohbayt yodimizga keladi: "Erursan shoh - agar ogohsen sen, Agar ogohsen sen - shohsen sen".

Tadqiqotimiz obyekti bo'lgan "Lison ut-tayr" dostonida esa "ogoh" sifati va shu sifatdan yasalgan ot va fe'llar 41 marta qo'llanilib, 39 baytda bu so'z asosiy g'oya tashuvchi birlik, ya'ni qofiya bo'lib kelgan. So'zga nihoyatda talabchan bo'lgan, har bir so'zni mohir zargarday chertib-chertib ishlatgan buyuk shoirning 3598 baytli dostonda birgina so'zni shuncha marta takror qo'llashi bejiz emas, albatta.

Bu so'z, eng avvalo, Olloh(Simurg')ning buyuk sifatlaridan biri o'laroq tilga olingan:

Barcha olam qushlariga shoh ul,

Holingizdin mo'-bamo' ogoh ul. ("Lison ut-tayr" 34-b)

(U olamdagi barcha qushlarga shohdir, holimizdan doimo ogohdir.)

Bizga shohedurki shahlar shohidur,

Kim bori ahvolimiz ogohidur. ("Lison ut-tayr" 37-b)

(Bizning shohimiz barcha shohlarning shahanshohi bo'lib, hamma holatlarimizdan doimo ogohdir.)

To magar Simurg' bo'lg'ay shohimiz,

Borcha sharru xayrdin ogohimiz. ("Lison ut-tayr" 232-b)

(Istagimiz Simurg' bizga shoh bo'lib, barcha yaxshi-yomonimizdan xabardor bo'lsin edi.)

Keling, ushbu baytlarni tahlilga tortishdan oldin "ogoh" so'zining lug'atlardagi izohi bilan tanishib chiqaylik.

"Ogoh" sifati va undan yasalgan boshqa so'zlar "O'zbek tilining izohli lug'ati"da quyidagicha izohlangan:

OGOH - biluvchi, xabardor, ziyrak hushyor. 1) bo'lib o'tgan yoki bo'ladigan ish, harakat, voqea-hodisa va sh.kdan xabari bor; xabardor, voqif; 2) hushyor, sergak. OGOHLIK - ogoh bo'lishlik, hushyorlik.3

"Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati"da esa izoh quyidagicha: OGAH/OGOH - 1) boxabar, xabardor; 2) oqil, aqlli, bilag'on, olim. OGOH BO'LMOQ - xabardor bo'lmoq. OGOH ETMOQ - xabardor qilmoq, xabar bermoq. OGAHVASH - xabardorsimon, voqifsimon.

2 Alisher Navoiy. Farhod va Shirin. www.ziyouz.com kutubxonasi. B.360.

3 O'zbek tilining izohli lug'ati. III jild. -T.: "O'zbekiston", 2020. -B. 82-83.

Scientific Journal Impact Factor (SJIF 2022=4.63) Passport: http://sjifactor.com/passport.php?id=22230

OGOHVOR - xushyorlik bilan.

OGOHLIQ/OGOHLIG' - xabardorlik, voqiflik, xushyorlik.4 Endi esa tahlilga qaytsak. Lug'atlarda berilgani kabi yuqoridagi baytlarda qo'llangan "ogoh" so'zini ham shunchaki "xabardor", "voqif', "biluvchi" deb izohlab bo'lmaydi. Ollohga nisbat berilgan bunday OGOHLIK o'tmish, hozir va kelajakdan xabardorlik; o'n sakkiz ming olamdan voqiflik; bir vaqtning o'zida miliardlab jon ahvolini bilib turmoq kabi aql chegaralariga sig'maydigan buyuk bir sifatdir. Ollohning 99 go'zal ismlarining bir nechtasida ham uning ushbu sifati mujassam bo'lgan:

Al-Alim - Biluvchi, dono, ilm sohibi. Bo'lgan va bo'ladigan, avvalgi va oxirgi, zohir va botin narsalarning barchasini biluvchi;

Al-Muhaymin - Hamma narsani qamrab oluvchi. Alloh bandalarning barcha holatlariga guvoh bo'lib turadi. Undan hech narsa maxfiy qolmaydi.

As-Sami - maxfiy va oshkora gap va sharpalarni, hatto dildan o'tganini ham eshituvchi.

Demak, Olloh ogohligi mutlaq voqiflik, mutlaq xabardorlik, mutlaq bilgichlik ekan, xo'sh, unda insonga xos ogohlik qanday sifat, bu xislatga ega insonning qadri qay darajada?

Eng avvalo, shuni aytish kerakki, Navoiy ogoh inson deganda biz hozir tushunadiganimiz "o'zini, o'z uyini o'zi asraydigan", shunchaki hushyor odamni nazarda tutmaydi. U "ogoh" so'zi zamiriga juda katta ma'no yuklaydi. Keling buni dostonning LIII bobidagi "Muqbil va Mudbir" hikoyasidan olingan bir bayt misolida ko'rib chiqaylik:

Muqbil aytur erdi ahlillohdin,

Dinda xayli komil-u ogohdin. ("Lison ut-tayr" 67-b)

Ya'ni, Muqbil iloh ahllari haqida, dindagi komil va ogoh kishilar to'g'risida so'z aytardi. Ko'rinib turganidek, ushbu baytda "ogoh" so'zi shunchaki "hushyor" ma'nosida kelayotgani yo'q. Avvalo, bu so'z "komil" so'zi bilan yonma-yon, teng huquqli qilib qo'llanganiga e'tibor beraylik. Bilamizki, "komil" "kamolotga erishgan, bekam-u ko'st, mukammal" deganidir. Demak, bu o'rinda "ogoh" so'zi ham o'zida katta ma'no tashiyapti. Muqbil aytadigan ogohlar o'zidan, o'zligidan, Tangrisidan, zimmasiga yuklangan buyuk vazifadan xabardor insonlardir. Mana yana bir bayt: Deydi Sung'ur: "K-ey ulusqa rohbar, Amringa tobe kelib ogohlar". ("Lison ut-tayr" 70-b)

4 Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati. II tom. - T.: "Fan", 1983. -B. 501-502

Scientific Journal Impact Factor (SJIF 2022=4.63) Passport: http://sjifactor.com/passport.php?id=22230

Shunqor Hudhudga murojaat qilar ekan: "Ey amriga hatto ogohlar ham tobe bo'lgan to'da rahbari!" - deydi. Dostonda Hudhud kamolotga erishgan piri murshid, Olloh payg'ambari Sulaymon (a.s) nazari tushgan zotdir. Hamma uning xizmatini qilmoq, suhbatidan bahramand bo'lmoq istaydi. To'dadagi barcha qushlar unga so'zsiz bo'ysunadi. Lekin ogohlarning ham Hudhud amriga tobe ekanligini Shunqor "hatto" yuklamasini qo'llab aytadi. Demak, ogohlar qolganlardan yuqori maqomga, martaba va mavqega ega.

Bundan tashqari "ogoh" so'zi Olloh nazari tushgan shayxlar, valilar va oriflarning eng muhim fazilati sifatida ham tilga olingan. E'tiborga molik jihati shundaki, Navoiy komillikka erishgan eng buyuk zotlarni ta'riflar ekan, uning o'nlab fazilatlarini sanab o'tirmaydi. Balki birgina "ogoh" sifati bilanoq uning tanlanganlar safida ekanligini anglatadi. Fikrimiz isbotini dostonning oltin yuragi bo'lmish Shayx San'on haqidagi hikoya misolida ko'rib chiqaylik: Shayx San'on vosili dargoh edi,

Ko'ngli g'ayb asroridin ogoh edi. ("Lison ut-tayr" 88-b)

Navoiy birinchi baytdayoq Ka'ba shayxul-mashoyixi, birgina duo bilan balo-qazolarni daf qiluvchi Shayx San'onning ogohligiga urg'u beradi. Ogoh bo'lganda ham Ollohning faqat sevimli bandalarigagina nasib bo'ladigan g'ayb sirlaridan xabardor. Shayx San'on ta'rifi davom etar ekan yana quyidagicha bayt keltiriladi: Ostonining gadoyi shohlar,

Qullig'iga muftaxir ogohlar. ("Lison ut-tayr" 88-b)

Bayt mazmuni quyidagicha: Shayx San'onning ostonasida shohlar gadolik qilar, ogoh kishilar ham unga qullik qilishdan faxr etishardi. E'tibor berilsa, baytda shohlarning va ogohlarning maqomi barobar tasvirlangan. Ya'ni shayxga eng oliy maqomli insonlar - shohlar-u ogohlar - qul bo'lishga tayyor. Bundan ko'rinib turibdiki, Navoiyning o'zi aytganiday: "Shohlar - ogoh, ogohlar esa shohdir"

Navoiy "Lison ut-tayr" dostonida ogohlik insonlarga Olloh tomonidan berilgan eng go'zal tuhfayi oliy ekanligini, adashgan bandalar qalbiga ogohlik yetishgachgina to'g'ri yo'lga qaytishini bot-bot takrorlaydi. Masalan, taqdir sinovi bilan xorlik va g'aflatga mubtalo bo'lgan Shayx San'onning yana Haq yo'liga qaytishi quyidagicha tasvirlanadi: Shayxqa ham daf o'lub gumrohlik, Yetmish erdi g'aybdin ogohliq. ("Lison ut-tayr" 116-b) Ya'ni Shayxda ham gumrohlik daf bo'lib, unga g'oyibdan ogohlik yetgan edi. Yoki dostonning XCVIII bobida keltirilgan zolim, bosqinchi va qonxo'r podshoning bir darvish bergan saboq tufayli shohlikdan kechib, Olloh yo'liga kirgani mana bunday izohlanadi:

Ko'ngliga haqdin yetib ogohlig',

Scientific Journal Impact Factor (SJIF 2022=4.63) Passport: http://sjifactor.com/passport.php?id=22230

Bildikim, darveshlikdur shohlig'. ("Lison ut-tayr" 140-b)

Ya'ni Haqdan ko'ngliga ogohlik yetib, darvishlik aslida shohlik ekanini anglab yetdi. Bu misollardan chiqadigan xulosa shuki, ogohlik zulmatdagi nur, sahrodagi qiblanamo5, dengizdagi kemadir. Dunyodagi barcha narsa bilishdan boshlansa, bilishning o'zi ogohlikdan boshlanadi. Ya'ni har birimiz Olloh ogoh etgani qadar bilishga qodirmiz.

Ogohlikning naf va foydalari, yuksak maqomi haqida gaplashdik. Keling, endi ogohlikka monelik qiluvchi illatlar haqida gaplashsak. Zero Jaloliddin Rumiy aytganday: "Har qanday "ashyo"ning qimmati ziddi bilan ayon boladi, ziddi bolmagan narsani tarif etish imkoniyatdan tashqaridadir". Qora bo'lmaganda oqni, yomon bo'lmaganda yaxshini farqlab bo'lmagani kabi ogohlikni ham uning ziddi bilan yaxshiroq anglaymiz. Navoiy "ogohlik" so'ziga "gumrohlik", "g'aflat" so'zlarini qarama-qarshi ishlatadi.

"Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati"da bu so'zlarga quyidagicha ta'rif berilgan:

Gumrah//gumroh - yo'lini yo'qotgan, yo'lidan adashgan; maqsadga yetmagan.

Gumrohlik - xabarsizlik, noshudlik.6

n

G'aflat - hushyorsizlik, har narsaga befarq qarashlik.

Endi esa dostonda bu illatlar qay tarzda qo'llanganiga e'tibor qaratsak. Asarning XX bobida Hudhuddan Simurg' ta'rifini eshitgan qushlar shu vaqtga qadar asl shohdan firoqda ekanliklaridan o'kinib, quyidagicha nola qiladilar:

Bo'yla g'aflatqa o'lum rojehdurur,

Ahli hush ollinda bu vozehdurur. ("Lison ut-tayr" 42-b)

Ya'ni aql-u hushi bor kishiga ravshanki, g'aflatda yashashdan ko'ra o'lim ko'p marta yaxshiroqdur. Haq so'z! Axir asl vazifangni, o'zingni, o'zligingni bilmay yashading nima-yu, o'lding nima?! Jaloliddin Rumiyning "Ichindagi ichindadir" asarida insonga qarata shunday deyilgan: "Sen qiymating va tushunchang bilan ikki olamga badalsan. Ammo nima qilayinki, o'z bahongni bilmayotirsan. O'zingni arzonga sotma, chunki qiymating yuksakdir". Ha, farishtalar sajda qilgan, yer-u osmon bosh eggan, Olloh aziz qilgan Hazrati inson bugun o'z qiymatini unutdi. Buning sababini ham Navoiyning o'zi aytib ketgan:

Bo'ldi mone g'aflat-u gumrohlig',

Kim yetishmas ko'nglung'a ogohlig'. ("Lison ut-tayr" 54-b)

5 Qiblanamo - kompas.

6 Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati. I tom. - T.: "Fan", 1983. -B. 422-423.

7 Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati. IV tom. - T.: "Fan", 1983. -B. 111.

Scientific Journal Impact Factor (SJIF 2022=4.63) Passport: http://sjifactor.com/passport.php?id=22230

Ya'ni insonga g'aflat-u gumrohlik monelik qilsa, ko'ngliga ogohlik yetishmaydi. Aslidan uzoqlashadi.

"Ichindagi ichindadir" asarida yana shunday jumlalar bor: "Vujudingni kecha-kunduz moddiy oziq bilan boqasan. Bo 'lsa-bo 'Imasa, bu vujud sening otingdir. Dunyo -ot uxuri. Otning yemi uning egasining yemishi bo'lolmaydi. Uning o'z yemishi, ne'matlari bor ".

Taraqqiyot mislsiz darajada tezlashib ketgan bugungi XXI asrda atrofga boqib bir narsaga amin bo'lish mumkin: bugun minglab, millionlab insonlar vujud g'ami bilan, tana ehtiyojlari bilan yashamoqda. Bugungi kun insoni erta tongdanoq oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy deb ko'chaga chiqadi, yeladi, yuguradi, zamon shiddatiga moslashmoq istaydi. Ammo shunday bir kun keladiki (yo bedavo dardga chalinadi, yo kutilmaganda yaqin insonini yo'qotadi, yo birdan qarib qolganini his etadi), vujudi qanchalik bekam-u ko'st bo'lmasin, qalbi g'arib bo'lsa, chinakam huzur-halovatning bo'lmasligini tushunadi. Ana shundagina "Men bu dunyoga nima uchun keldim, vazifam nima", deya o'ziga savollar bera boshlaydi.

Darhaqiqat, hali tirik ekanmiz, g'aflat uyqusidan uyg'onib, ogohlik tojini kiyishimiz, zimmamizdagi buyuk vazifani anglab yetmog'imiz darkor. Zero Hudhudning nafsga qul bo'lgan qushlardan biriga aytganlari har birimizga dars bo'lmog'i darkor:

Umrung o'tti g'aflat-u isyon bila,

Yetti o'lmak yuz tuman armon bila.

Tengri amrin umr o'tub yod etmading,

o

Sheva juz izlol-u ifsod etmading.

To tirik erding - bu erdi g'aflating,

Bo'yla o'lsang, ko'r, ne bo'lg'ay holating. ("Lison ut-tayr" 138-b)

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, inson bu dunyoda musofir bir yo'lovchi, qo'nimsiz bir mehmondir. Vazifamiz chin manzilni izlash, bu yo'ldagi mashaqqatlarga chidash, har lahza o'zimizdan, maqsadlarimizdan ogoh bo'lish hisoblanadi. Zero qalb oynasini pokiza tutganlar, vijdoniga xiyonat qilmaganlar va g'aflat uyqusidan uyg'onib, asl vazifasini anglab yetganlar bir kuni o'zini topadi, o'zligini taniydi. "O'zini tanigan esa Tangrisini ham taniydi". (Hadis)

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Jaloliddin Rumiy. Ichindagi ichindadir. - T.:Yangi asr avlodi, 2013.

2. Alisher Navoiy. Farhod va Shirin. www.ziyouz.com kutubxonasi.

8 Izlol-u ifsod - tubanlik va fisq-u fasod

Scientific Journal Impact Factor (SJIF 2022=4.63) Passport: http://sjifactor.com/passport.php?id=22230

3. O'zbek tilining izohli lug'ati. III jild. -T.: "O'zbekiston", 2020.

4. Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati. I, II, III, IV tom. - T.: "Fan", 1983.

5. Qodirova N. S. SOME CHARACTERISTIC FEATURES, SKILLS AND STYLE OF THE LITERARY CRITIC //Web of Scholar. - 2018. - Т. 5. - №. 2. - С. 32-35.

6. NEMATOVNA A. S., SAIDBURKHONOVNA K. N., BEKMURODOVNA K. O. METHODOLOGY AND SKILLS PROBLEMS //Journal of Contemporary Issues in Business & Government. - 2021. - Т. 27. - №. 5.

7. Qodirova N. S. THE ANALYSIS OF IBRAHIM HAKKULOV IN NEW UZBEK LITERATURE //International Engineering Journal For Research & Development. -2021. - Т. 6. - С. 152-157.

8. Кодирова Н. APPEARANCE OF A CRITICAL STYLE IN RELATION TO NEW UZBEK LITERATURE //ЦЕНТР НАУЧНЫХ ПУБЛИКАЦИЙ (buxdu. uz). - 2021. - Т. 7. - №. 7.

iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.

9. Кодирова Н. Научно-литературное мышление и проблема стиля //ЦЕНТР НАУЧНЫХ ПУБЛИКАЦИЙ (buxdu. uz). - 2021. - Т. 8. - №. 8.

10. Кодирова Н. Ibrohim Haqqulov ijodida muallif nutqining o'ziga xosligi //ЦЕНТР НАУЧНЫХ ПУБЛИКАЦИЙ (buxdu. uz). - 2021. - Т. 7. - №. 7.

11. Saidburhonovna K. N. Literary And Educational Conversation, Dedicated Babur //JournalNX. - С. 102-105.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.