KREATIV YONDASHUV ASOSIDA YOSHLARDA G'OYALARNI GENERATSIYALASH KO'NIKMASINI RIVOJLANTIRISHNING O'ZIGA XOS
XUSUSIYATLARI Rustamov Nazir Choriyevich
T.N.Qori Niyoziy nomidagi O'zPFITI 1-bosqich tayanch doktoranti https://doi.org/10.5281/zenodo.1067969 7
Annotatsiya: Mazkur maqolada bugungi kundagi dolzarb muammolardan biri bo'lgan kreativ yondashuv asosida yoshlarda g'oyalarni generatsiyalash ko'nikmasini rivojlantirish haqida fikr bildirib o'tilgan. O'zbek hamda chet ellik olimlarining kreativlik haqida bildirgan fikrlari ham mazkur maqoladan joy olgan. Kreativlik asosida yoshlarda shakllanadigan shaxsiy -ijodiy yo'nalganlik, tavakkalchilikka moyillik, fantaziya va ijodiy tasavvurning yuqoriligi, mustaqillik, murakkab vazifalarni hal etishdagi nostandart tafakkur tarzi, intellektual daraja (IQ), tafakkur tezligi, fikrlash ravonligi, moslashuvchanlik sifatlari va bu sifatlarning yoshlarning g'oyalarni generatsiyalashda tutgan o'rni hamda ahamiyati haqida to'xtalib o'tilgan.
Kalit so'zlar: Intellektual, salohiyat, g'oyalarni generatsiyalash, ko'nikma, kreativ, qobiliyat, ijodiy tasavvur, yoshlar, globallashuv.
Mamlakatimizda so'nggi yillarda ta'lim sohasida eski yondashuvlardan butunlay voz kechilib, yangicha tamoyillarga, milliy qadriyat va an'analarimizga, jahon mamlakatlarining ilg'or tajribasiga asoslanib, hayotimizni tubdan yangilash, uzoq va davomli maqsadlarni amalga oshirish uchun ta'lim va tarbiya sohasiga ustuvor ahamiyat qaratilib kelinmoqda. Jumladan, maktab ta'lim sohasini tubdan takomillashtirish va shu yo'lda qator islohotlarni amalga oshirish, ilg'or xorijiy tajribani hisobga olgan holda o'quvchilarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun ta'lim sifatini oshirish, ta'lim-tarbiya jarayoniga jahon amaliyotida keng qo'llaniladigan zamonaviy ta'lim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish va umumta'lim muassasalari o'quvchilarining kreativ va intellektual salohiyatini oshirish orqali g'oyalarni generatsiyalash ko'nikmalarini rivojlantirishga alohida urg'u berilmoqda. O'quvchi yoshlarda G'oyalarni generatisyalash tushunchasi nimani anglatadi degan haqli savol tug'iladi. Bu tushunchaning jamiyat rivoji, shaxs manfaati uchun qanday foydali tomonlari bor? - bu kabi savollarga quyidagicha javob berish mumkin.
Generatsiya - nasl, avlod, bo'g'in; tug'ilish, yuzaga kelish, yuzaga kelish kabi ma'nolarni anglatadi.
G'oyalarni generatsiyalash esa mavjud muammoga tanqidiy, konstruktiv yondashgan holda ijodiy va nostandart holda yechim topishni anglatadi.
Shu munosabat bilan turli soha olimlarining e'tibori pedagogik jarayon sharoitida o'quvchi shaxsining kreativ fikrlashini takomillashtirish salohiyatini ochish va rivojlantirish orqali g'oyalarni generatsiyalash muammosiga qaratilmoqda. Zero, kreativ salohiyat va g'oyalarni generatsiyalash ko'nikmasiga ega bo'lmagan yoshlar jamiyat rivoji uchun o'z hissasini qo'sha olmaydi. Shuning uchun bugungi globallashuv sharoitida har bir shaxsning, jumladan, umumta'lim muassasalaridagi o'smir yoshdagi o'quvchilarining g'oyalarni generatsiyalash ko'nikmalarini faollashtirish va rivojlantirish masalasi ayniqsa dolzarbdir. Jamiyat ijtimoy faol a'zolarga, kreativ va ijodkor shaxslarga ehtiyoj sezmoqda. Yangi yangi g'oyalarni generatsiyalay oladigan, tahliliy fikrlash orqali umumqabul qilingan g'oyalar ortidan ko'r-ko'rona ergashmasdan, o'z nuqtai nazariga ega bo'lgan, uni himoya qila oladigan, boshqalarning fikrini tanqidiy tahlil qilib va baholaydigan, ijodkorlik hamda kreativlik qobiliyatlarini o'zida namoyon eta oladigan
yoshlargina bugungi kundagi fan va texnikaning rivojlanishi va ularning oldida tobora murakkablashib borayotgan muammolarni hal qilishga qodir shaxslarni tarbiyalash zaruriyati mazkur muammoning dolzarbligini ko'rsatmoqda.
Yangi yangi g'oyalarni yarata oladigan shaxslarni tarbiyalash va voyaga yetkazishda kreativ fikrlashning o'rni beqiyosdir.
"Kreativlik (lotincha création - yaratuvchanlik, ijodkorlik) - qandaydir yangi, betakror narsa yarata olish layoqati, badiiy shakl yaratish, fikrlash, g'oya va yechimga olib keluvchi jarayon; shaxsning yangi g'oyalarni yaratish va qabul qilishga tayyorligini tavsiflovchi ijodiy qobiliyati.
"Kreativlik - bu alohidalik emas, balki mahsuldor tafakkurga tegishli shaxsiy qobiliyat bilan taqozolangan umumiy qobiliyatdir".
"Kreativlik - bu shaxsning egallagan tajribani idrok qilish va anglash qobiliyatidir".
Ta'lim oluvchilarda kreativ fikrlash ko'nikmalarini rivojlantirish uchun ularda yangi o'quv materiallarini taqdim etish, muammolariga yechim topish layoqatini rivojlantirish, muammolarning yechimiga ijodiy yondashish usullari bilan qurollantirish taqozo qilinmoqda. Buning uchun ta'lim oluvchilarning kreativ tafakkuri, muammolarni idrok etish layoqatini rivojlantirish nazarda tutiladi. O'z o'zini rivojlantirish, topshiriqlarni ijodiy yondashgan holda bajarish kreativ fikrlash mahsuli hisoblanadi. Kreativ fikrlash ta'lim oluvchilarni yangiliklar yaratishga undaydi. Uning asosini ta'lim oluvchilar tomonidan yaratilgan ijodiy ishlarning namunalari tashkil etadi. Ta'lim oluvchilarda kreativ fikrlash ko'nikmalarini shakllantirish uchun o'qituvchilar va ta'lim oluvchilar hamkorlikda kreativ harakatlarni amalga oshirishlari lozim. Kreativ fikrlash yangicha, ijodiy fikrlash denakdir. Kreativ fikrlash jamiyat hayotini ijodiy yondashgan holda o'zgartirish, rivojlantirishni anglatadi.
Amerikalik olim D.Veksler "Kreativlik fikrning shunday turiki, u shaxsga bir muammo yoki masala yuzasidan birdaniga bir nechta yechimlar paydo bo'lishini taqozo etadi va shablonli, zerikarli fikrlashdan farq qilib, narsa va hodisalar mohiyatidagi o'ziga xoslik, noyoblik sifatlarini anglashga yordam beradi" - deb ta'rif beradi.
Yana bir AQShlik olim Pol Torrens (1987) kreativlikni tafakkur terminlarida ta'riflab, ijodiy tafakkurni "qiyinchiliklarsiz, muammolar, axborotdagi kamchiliklarni his qilish, shu kamchiliklarni gipotezlar tuzilmasi, ularni tekshirish va baholash, qayta ko'rish va nihoyat natijalarni umumlashtirish" sifatida tushunadi.
Insonlarda kreativlik sifatlari quyidagilar orqali namoyon bo'ladi:
- Shaxsiy - ijodiy yo'nalganlik;
- Tavakkalchilikka moyillik;
- Fantaziya va ijodiy tasavvurning yuqoriligi;
- Mustaqillik;
- Murakkab vazifalarni hal etishdagi nostandart tafakkur tarzi;
- Intellektual darajasi (IQ);
- Tafakkur tezligi, fikrlash ravonligi, moslashuvchanlik;
- O'ziga xos fikrlar, g'oyalarni ilgari sura olish bilan asoslanadi.
O'z-o'zidan ko'rinib turibdiki, ta'lim muassasalarida, ayniqsa, umumiy o'rta ta'lim maktablari dars jarayonida o'qituvchilar tomonidan kreativ yondashilgan holda o'smir yoshdagi o'quvchilarni ijodiy fikrlashga undash orqali ularda intellektual salohiyatni yuzaga chiqargan holda muammoli vaziyatlarda g'oyalarni generatsiyalash ko'nikmasini rivojlantirishga e'tibor qaratish lozim. Chunki bugungi kunda dunyo miqyosida to'rtinchi sanoat tamaddunining
harakatlantiruvchi kuchi kraetiv fikrlovchi shaxsdir. Atrofga nazar tashlasak har tomonda inson ijodkorligining beqiyos va hayratlanarli namunalariga duch kelish mumkin: virtual reallik, to'rtburchak tarvuzlar, elektron xizmatlar, tuproqsiz hosil olish va hakozolar. Bularning barchasi inson tafakkuri mahsulidir. Odatiy bo'lib tuyuladigan kitob, musiqa, samolyot va hattoki lampalar ham qachonlardir orzu va tasavvurda bo'lgan, keyinchalik aql-idrok samarasi natijasida yaratilgan.
Kreativ yondashuv va yutuqlar dunyo bo'ylab fan va texnologiyadan tortib, falsafa, san'at va ijtimoiy fanlar kabi turli sohalarda insoniyat tamaddunini ilgari surgan. Kreativ fikrlash shunchaki tasodifiy g'oyalar berishdan kattaroq narsadir. U insonga ba'zan murakkab sharoitlarda, yanada yaxshiroq natijaga erishishga imkon beruvchi bilim va tajribaga asoslangan real ko'nikmadir.
Umumta'lim muassasalarida dars jarayonlarida pedagoglar kreativ yondashuvga asoslangan holda o'quvchilarni betakror g'oyalarni o'ylab topish, ularni kengaytirish yoki boshqa g'oyalar bilan solishtirish va ulardagi aloqadorlikni topish kabi ko'nikmalarni rivojlantirishga asosiy e'tiborni qaratishlari lozim. Chunki dars jarayonida o'quvchilar jamoa bo'lib biror bir masalaning yechimini topishda hamkorlikda harakat qiladilar. Vaholanki, kreativlik yuqumli xususiyatga egadir. O'quvchilar ko'proq dars jarayonida bir-birlari bilan fikr almashsalar yangi-yangi g'oyalar, fikrlar tug'ilishda davom etadi.
Xulosa o'rnida shuni ta'kidlab o'tmoqchimanki, o'smir yoshdagi o'quvchilarda tanqidiy, kraetiv tafakkurni shakllantirish va rivojlantirish, ularda ijodiy fikrlash hamda g'oyalarni generatsiyalash ko'nikmasini rivojlantirishga asosiy e'tibor qaratmog'i lozim. Chunki yangi g'oyalarni yarata oladigan yoshlargina jamiyat va insoniyat ravnaqini yuksaklarga ko'tara oladi.
REFERENCES
1. R.G.Safarova. Kognitiv pedagogikaga oid nazariy yondashuvlar. Monografiya. - Toshkent: "Science and innovation"nashriyoti, 2024. - 186 bet.
2. N.M.Zakirova. O'quvchilarda kreativlikni shakllantirish mazmuni va usullari. Academik reaserch in educational science. Volume 1. Issue 3. 2020.
3. N.I.Saydullayeva. Bo'lajak maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyachilarining kreativlik kompetentligini rivojlantirish texnologiyalari. Uslubiy qo'llanma. Toshkent - 2022.
4. S.Y.Saidg'aniyeva, Sh.R.Abdullayeva, I.A.Abduqunduzov. Kreativlik pedagogik faoliyatni rivojlantirishning asosiy omili sifatida. Scientific progress. Volume 1. Issue 4.
5. T.D.Muxamedov. Dirijorlik. II qism. O'quv qo'llanma. Buxoro - 2021.
6. Pedagogika: ensiklopediya. II jild / tuzuvchilar: jamoa. Toshkent: "O'zbekiston milliy ensiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti, 2015.