Axmedova D. Q.
Xiva sharq tillari va xizmat ko'rsatish texnikumi katta o'qituvchisi
KICHIK BIZNES VA XUSUSIY TADBIRKORLIK - XOTIN-QIZLAR BANDLIGINI TA'MINLASHNING ASOSIY YO'NALISHI
Annotatsiya: Mazkur ilmiy maqolada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakat iqtisodiyotidagi va ayollar bandligini ta'minlashdagi o'rni tahlil qilingan. Bundan tashqari, ayollar bandligini ta'minlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish masalalari tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: biznes, kichik biznes, xususiy tadbirkorlik, aholi daromadlari, bandlik, ayollar bandligi, biznes g'oya, "Ayollar daftari", moliyaviy mablag'lar, soliq, soliq imtiyozlari.
Akhmedova D. senior lecturer
Khiva College of Oriental Languages and Service
SMALL BUSINESS AND PRIVATE ENTREPRENEURSHIP ARE THE MAIN DIRECTIONS OF WOMEN'S EMPLOYMENT
Annotation: This scientific article analyzes the role of small business and private entrepreneurship in the country's economy and employment of women. In addition, the issues of women's employment, increasing their socio-economic activity were analyzed.
Key words: business, small business, private entrepreneurship, income, employment, women's employment, business idea, "Women's Book", financial resources, taxes, tax benefits.
Mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyoti, iqtisodiy mustaqilligi, xalqning farovon turmush darajasi, qolaversa mehnat resurslarining ish bilan bandlik darajasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivoji bilan bog'liqdir. Respublikamizda biznesni yuritish bilan bog'liq barcha jarayonlarni yanada liberallashtirish, soddalashtirish va arzonlashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora- tadbirlar natijasida kichik biznesning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi tutgan o'rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasiga davlat tomonidan katta e'tibor berilishi hamda qo'llab-quvvatlanishi natijasida uning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi yildan-yilga ortmoqda. Xususan, 2021-yil yanvar-martida kichik
tadbirkorlikning YaIMdagi ulushi 45%ni tashkil qildi (2020 yilning yanvar-martida 44,7%).1
Hududlar bo'yicha mahsulot ishlab chiqarish hajmining istiqbolda o'sib boorish dinamikasini korxonalar miqdorining o'sib borish holati bo'yicha tahlil qilsak, bu holat qo'shimcha yangi kichik korxonalarning tashkil etilishi hisobiga amalga oshadi. Kichik biznes sohasi rivojlanishining ahamiyati iqtisodiyotda raqobat muhitini ta'minlash, yirik korxonalar uchun mahsulot va xizmatlar yetkazib berish, yangi ish o'rinlarini yaratish va ikkilamchi bandlikni ta'minlash, ilmiy-texnikaviy inqilobni jadallashtirish, resurslarni ishlab chiqarishga safarbar etish, soliq tushumlari hajmining o'sishini ta'minlash, aholi daromadlari darajasini barqarorlashtirish kabi omillar bilan belgilanadi.
Keyingi yillarda iqtisodiyotimizni yuqori sur'atlar bilan barqaror rivojlantirishga erishganimiz aholi daromadlarini yanada ko'paytirish, ularning turmush darajasi sifatini oshirish uchun mustahkam asos yaratdi. Yurtimizda tashkil etilgan ish o'rinlarining qariyib yarmi kichik korxona va mikrofirmalar tashkil qilish, yakka tartibdagi tadbirkorlikni hamda uy mehnatining barcha shakllarini rivojlantirish hisobidan yaratilganidan dalolat beradi.
2021 yilning yanvar-iyunida 53,0 mingta yangi kichik korxona va mikrofirmalar (fermer va dehqon xo'jaliklarisiz) tashkil qilindi, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 13,9 foizga ko'p demakdir.2
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi "Tadbirkorlik sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-tamoyillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarni yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-5409-sonli Farmoniga muvofiq, tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanuvchilarga keng imkoniyatlar yaratilib berilmoqda.
2021-yil yanvar-iyun oylari dastlabki ma'lumotlariga ko'ra, aholi umumiy daromadlari hajmida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlarning ulushi 59,3 %ni tashkil etdi.3
Aholimizning 49,7 foizini xotin-qizlar tashkil etishini hisobga olsak, yurtimizdagi ijtimoiy maslalarning aksariyati ular hayoti bilan chambarchas bog'liq.
So'nggi yillarda ayollarni ijtimoiy himoyalash, bandligini ta'minlash masalasi davlat siyosati darajasigacha ko'tarilib, bu borada mahalla darajasigacha yuritiladigan vertikal tizim yaratildi. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 8-oktabrdagi jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta'minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishidagi tashabbusi bilan xotin-qizlar masalalari bo'yicha yangi ish tizimi - har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida "Ayollar daftari" joriy etildi.
1 O'zbekiston Respublikasi Davlat Statistika qo'mitasi ma'lumotlari
2 O'zbekiston Respublikasi Davlat Statistika qo'mitasi ma'lumotlari
3 O'zbekiston Respublikasi Davlat Statistika qo'mitasi ma'lumotlari
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5 martdagi "Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-5020-sonli qaroriga binoan mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta'lim va kasbiy ko'nikmalar olishi hamda bandligini ta'minlashga har tomonlama ko'maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo'llab-quvvatlash, joylarda "Ayollar daftari"ni shakllantirish va unga kiritilgan xotin-qizlar muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlarini tizimli o'rganish, tahlil qilish va hal etish borasidagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, shuningdek, "2017 — 2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini "Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq Respublika xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi tashkil etildi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
• xotin-qizlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo'llab-quvvatlashga doir islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi o'rtasida keng targ'ib qilish;
• xotin-qizlarning ta'lim va kasbiy ko'nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko'maklashish, tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to'g'ri yo'naltirish;
• hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga ko'rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular o'rtasida sog'lom turmush tarzini ta'minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish;
• turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta'minlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko'paytirish borasida tizimli chora-tadbirlarni belgilash;
• xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarni chuqur tahlil qilish, ilg'or tajribalar asosida mavjud muammolarni hal qilish bo'yicha qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
• xotin-qizlarning oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ularning farzand tarbiyasidagi rolini oshirish choralarini ko'rish;
• hududiy xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari, mahallalardagi "Ayollar maslahat kengashlari" faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorligini ta'minlash, ularga uslubiy-amaliy ko'maklashish;
• "Ayollar daftari" bilan manzilli ishlash, mutasaddi tashkilotlar, sektorlar tomonidan xotin-qizlarning muammolari o'z vaqtida bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish.
Yuqorida qayd etilgan siyosiy va huquqiy hujjatlarda ayollarning mavqeini ko'tarish orqali oilani mustahkamlash, qollab-quvvatlash, ijtimiy himoya qilish va ularning jamiyatdagi ijtimoiy, siyosiy, moddiy va ma'naviy sohalarida faolliklarini yanada oshirish masalalarini hal etish ko'zda tutilgan.
Mamlakatimiz mehnat potensialining asosiy qismini ayollar tashkil etishini hisobga olsak, ularning ish bilan bandligini ta'minlash dolzarb masalalardan biridir. Xotin-qizlarni bandligini ta'minlashda ular uchun qulay sharoitlarda yangi ish o'rinlari joriy etishni nazarda tutadi. Bunda hududlarning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishidan kelib chiqib, xotin-qizlarning talab va istaklari inobatga olinib mavjud korxonalarda bo'sh va zahiralangan ish o'rinlariga joylashtirish, jamoat ishlariga jalb etish va subsidiyalar ajratish orqali o'z-o'zini band etish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari ularga imtiyozli kreditlar va to'g'ridan-to'g'ri moliyaviy yordam berish orqali yangi kichik biznes sub'yektlari faoliyatini yo'lga qo'yish mexanizmlariga urg'u berilmoqda.
Ayollar bandligini ta'minlashda ularning kasbiy ko'nikmalarini shakllantirish, biznes borasidagi bilimlarini mustahkamlash, yangi biznes g'oyalarni mukammal ishlab chiqish bo'yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Respublikamiz bo'ylab "Ishga marhamat" monomarkazlari, kasb-hunarga o'qitish markazlari, mahallalar qoshida esa o'quv maskanlari tashkil etildi.
Bu tizimning asosiy maqsadi xotin-qizlarga faqat moddiy va ma'naviy yordam ko'rsatish emas, balki ularni ishga joylashtirish, biznesini yo'lga qo'yish orqali doimiy daromad manbai bilan ta'minlash, kambag'allikni qisqartirishdan iborat.
Olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar ayollarga mavjud holatni o'zgartirish uchun imkoniyatlar yaratmoqda. O'ziga ishonishning, mustaqillikning va atrofdagilarning tan olishlariga erishishning yo'llaridan biri biznesdir. Ayollar biznesini rivojlantirish, ayollarni biznes sohasiga integratsiyalash mexanizmini yo'lga qo'yish - bandlikka ko'maklashish bo'yicha ijtimoiy siyosatning istiqbolli yo'nalishlaridir.
Iqtisodiy nobarqarorlik ayollar tadbirkorligining yanada yuksalishini muqarrar qilib qo'yadi. Aynan ayollar, intuitsiyaga, muammolashni hal etishga emotsional yondashishiga tayanib noaniqlik vaziyatlarida firmalarni boshqarish tajribasini tez egallaydilar. Ayol tadbirkorlarning ko'pchiligi biznesga ularni mas'uliyatni zimmasiga olishga majbur etuvchi moddiy va ijtimoiy holatlar harakatga solishi tufayli kirib keladilar.
Hozirgi vaqtda ayollar tadbirkorligini xizmat ko'rsatish va savdo sohalarida ko'proq uchratishimiz mumkin. Ayollar tadbirkorligi rivojlanishini ta'minlashda ularga moliyaviy va huquqiy xizmatlar ko'rsatish sifatini oshirish lozim.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug'ullanish istagidagi xotin -qizlarni moliyaviy mablag'lar bilan ta'minlash, soliq imtiyozlari berish va
huquqiy jihatdan himoyalash borasida amalga oshirilishi lozim bo'lgan masalalar mavjud.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bugungi kunda ayollar bandligini ta'minlashda xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni o'rni alohida. Ayollar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash borasidaa amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, yangi ish joylari tashkil etilishiga, aholining ish bilan bandlik darajasini oshirishga, yalpi ichki mahsulotni ko'paytirishga, import qilinayotgan mahsulotlar salmog'ini kamayishiga, eksportbop tovarlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga, ichki bozorni tovarlar biln to'ldirishga, xizmatlar sifatini oshirishga hamda respublikamizda erkin raqobat muhitining rivojlanib borishiga xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5 martdagi PQ-5020-sonli qarori. Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida. Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 06.03.2021-y., 07/21/5020/0191 -son
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-sonli Farmoni. Tadbirkorlik sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-tamoyillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarni yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida. Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 12.04.2018-y., 06/18/5409/1059-son
3. www.stat.uz - O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi rasmiy sayti
4. www.cbu.uz - O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy sayti