I ^a^cafoa Ba xy^yK_philosophy & law journal_2024/2
KARL POPPER POSTPOZITIVIZM VAKILI SIFATIDA
Sherboboyev M.A. -
"ALFRAGANUS UNIVERSITY" dotsenti v.b., PhD.
Har qanday falsafa bilan shug'ullangan faylasuf qarashlarida borliq, uning mohiyati, bilish va undagi o'ziga xoslik va mantiq masalasi, albatta, aks etadi. Chunki, bunga sabab har bir inson hayoti bilan bog'liq bo'lgan bu uch muammo hamma uchun birdek ahamiyatli. Buni Karl Popper ijodida ham kuzatish mumkin.
K.Popper F.Bekon va R.Dekartning insonning aqlu idroki va bilish qobiliyati haqidagi qarashlarini «soxta epistemologiya» deb ataydi. Chunki insonning aqlu idroki cheklangan, u «hech narsani bilmasligini biladi», xolos. Qolganlari aqlning takabburligidir. Shuning uchun ham Popper haqiqatni talqin qilishda avtoritet bo'lishga da'vogar har qanday ta'limotga shubha bilan qarash lozim, deb ta'kidlaydi. Buning sababi nimada? Ta'kidlash joizki, «hozirgi paytda fan falsafasi bilan shug'ullangan ba'zi olimlar fan rivojlanishi kumulyativ (to'plovchi) jarayon emas, degan fikrga qo'shiladilar».[1.30-35] Fan tarixida, shu jumladan, uning ayrim sohalari tarixida ham shunday davrlar bo'lganki, yillar davomida yig'ilgan bilimlarni: nazariyalar, tamoyillar, asos soluvchi qoidalarni qayta ko'rib chiqish sodir bo'lgan.
Ilmiy taxminlarning haqiqiyligini aniqlashda birinchi asosiy mezon bu D.Yum va I.Kant kabi olimlarga ma'lum bo'lgan, taxminlarni tajriba bilan solishtirish talabi, deb hisoblanadi. Agar hissiy tajribada, emperizmda uni tasdiqlovchi obyektlarni ko'rsatish mumkin bo'lmasa, unda u ahamiyatsizdir, noto'g'ridir. XX asr G'arbiy Yevropa falsafasida, xususan, Vena to'garagi pozitivistlari ushbu talabni verifikasiya tamoyili deb nomlashdi: ilmiy tushunchalar, taxminlar, nazariyalarni tajriba orqali tekshirish mumkin bo'lsa, unda ular ilmiy ahamiyat kasb etadi. Tajriba ma'lumotlariga bevosita aloqador bo'lmaydigan rivojlangan nazariy tushunchalarga nisbatan bilvosita verifikasiyani ishlatish mumkin. Masalan, «kvark» (faraz qilingan zarracha) tushunchasiga tajriba orqali real ekvivalent (o'xshash narsa) topib berish mumkin emas. Lekin kvark nazariyasi tajriba, eksperiment yo'li bilan qayd etilishi mumkin bo'lgan qator hodisalarni oldindan aytib beradi, demak, ushbu nazariyani bilvosita verifikasiya qilish mumkin.
Ratsional tanqid tamoyilini ilgari surgan Karl Popper verifikasiya tamoyili orqali har qanday mohirona qurilgan nazariyaga uni tasdiqlovchi empirik dalillar topish qiyin emas, deb hisoblaydi. Lekin haqiqiy ilmiy nazariyalar murakkabroq tekshirishlarga bardosh berishi lozim. K.Popperning fikriga ko'ra, Vena to'garagi a'zolari ilgari surgan verifikasiyalashtirish ilmiylikning asosiy belgisi (mezoni) bo'lib xizmat qila olmaydi. Ilmiy nazariyalarni chegaralash (demarkasiyalash) ning asosiy belgisi bu falsifikatsiyalashtirish, ya'ni fanga tegishli bo'lgan har qanday nazariyani rad qila olish, noto'g'riligini isbotlab berish mumkinligidir.
Agar nazariya uni rad qilib bo'lmaydigan ko'rinishda qurilgan bo'lsa unda u ilmiy qiymatga ega emas. «Marksizm, psixoanaliz, astrologiya kabi ta'limotlarni aynan rad qilib bo'lmasligi ular tushunchalarining noaniq bo'lishiga sabab bo'ladi hamda ular tarafdorlari barcha faktlarni o'z qarashlariga zid bo'lmagan yoki qarashlarini tasdiqlovchi deb talqin qilishiga olib keladi va ularni noilmiy ta'limotga aylantiradi, deb hisoblaydi K.Popper.
«Haqiqiy fan rad etilishdan qo'rqmasligi lozim, - deydi K.Popper: -ratsional tanqid hamda faktlar yordamida doimiy tuzatilishi ilmiy bilishning mohiyatidir».[2.241-242] Faylasuf ilmiy bilimning harakatchan konsepsiyasini tavsiya qildi: ilmiy bilim bu - taxminlar ya'ni, gipotezalar va ularning raddiyalari uzluksiz oqimidir. Ilm-fan taraqqiyoti natijasida faqat «eng kuchli nazariyalar» saqlanib qolishi lozim, lekin ular mutlaq haqiqat bo'la olmaydi. Har qanday bilim taxminiy, nisbiy tavsifga ega, uning har qanday qismidan shubhalanish mumkin va har qanday mazmun tanqid uchun ochiq bo'lishi lozim.
Shunisi xarakterliki, agarda K.Popper uchun tanqidiylikning qarama-qarshiligi bo'lmish aqidaparastlik (dogmatizm) fanni soxta fanga aylantirsa, T.Kun uchun ilmiy faoliyatning zaruriy
I ^a^cafoa Ba xy^yK_philosophy & law journal_2024/2
sharti muayyan turdagi aqidaparastlik yaxshi tasdiqlangan va samarali qarashlar tizimiga qat'iyan mosligidir. T.Kunning nuqtayi nazariga ko'ra, «fanning uzoq muddatli tinch rivojlanishi qisqa muddatli g'alayon va fandagi inqiloblar davri bilan almashadi, bunda paradigmalar, olamning ilmiy manzarasi o'zgaradi».[3.30]
Falsifikatsiya talabining mohiyatidan Popper ta'limotining tanqidiy xususiyati kelib chiqadi. Mantiqiy pozitivistlar asosan ilmiy bilim strukturasini o'rgandilar, uning rivojlanishini tadqiq etish esa fan falsafasi muammolarini boyitdi. K.Popperning xulosasi «induksiyaga, ya'ni turli xil kuzatuvlar natijalarini umumlashtirilishiga asoslangan xulosadir. U ruhiy omil ham, kundalik hayotiy hodisa ham, ilmiy faoliyatning omili ham emas».[4.47] Fanda dalil va kuzatuvlarni tasdiqlash, induksiyaning bazisi sifatida emas, balki nazariyalarni tekshirish va inkor etish falsifikatsiyaning muqim sifatidir. Dalil va kuzatuvlar gipotezani shakllantirish uchun imkon yaratadi, lekin gipoteza ularni umumlashtirmaydi. Nazariyotchilar dalillar asosida gipotezani falsifikatsiyalashtirishga urinadilar. Chunki falsifikatsiya qiluvchi xulosa deduktiv harakterga ega.
Popper konsepsiyasini yaxshiroq tushunish uchun uning mantiqiy pozitivizm metodologiyasidan farqli tomonlarga diqqat qaratish maqsadga muvofiqdir. Mantiqiy pozitivizm hissiy bilishni mutlaqlashtiradi. K.Popper esa bilimga turli usullar bilan erishish mumkinligini e'tirof etadi. Kuzatuv, Popper fikriga ko'ra, tashqi ta'sirlarni oddiygina qayd qilish emas, balki gipoteza va nazariyalarni faol tekshirishdir, shuning uchun u nazariy farazlar bilan to'ldiriladi.
Mantiqiy pozitivistlar demarkasiya mezoni sifatida verifikasiyani, Popper esa falsifikatsiyani qabul qilgan. Unda fan va metafizika orasidagi farq aniq ifodalanmagan. K.Popper fan rivojiga metafizikaning katta ta'sir ko'rsatganini tan oladi. «Mantiqiy pozitivistlardan farqli ravishda, Popper ba'zi an'anaviy metafizik fikrlardan yiroq bo'lib, «uch olam» metafizik konsepsiyasini yaratdi».[5.74]
Mantiqiy pozitivistlar fanning asosiy usuli sifatida induksiyani, ya'ni xususiy dalillardan, yakkalikdan umumlashtirishga ko'tarilishni qabul qilar edilar. K.Popper esa, induksiya usulini rad etdi. Uning usuli sinash va adashish bo'lib, u faqat deduktiv mulohazalarga asoslangan. Mantiqiy pozitivistlar kumulyativizmni e'tirof qildilar, ya'ni ularning fikricha, bilish jarayonida har qanday keyingi qadam oldingi natijalarning umumlashtirilgan xulosasidir. K.Popper fikriga ko'ra bilimni rivojlantirish modeli kumulyativ emas edi. U hech qanday bilim to'planishini tan olmaydi.
«Mantiqiy pozitivizm vakillarining muxim metodologik vazifasi fan tilini tahlil qilish, ilmiylikning aprior[Apriori (lot. apriori, - oldingi) - tajribadan oldin va undan mustaqil ravishda olingan bilim, ya'ni oldindan ma'lum bo'lgan bilim. Bu falsafiy atama ImmanuilKant tufayli bilim va mantiq nazariyasida ahamiyat kasb etdi. Bilim g'oyasi tafakkur faoliyatining ichki manbayi g'oyasi bilan bog'liq aprioridir. Bilimni apriori tan oladigan ta'limot apriorizm deb ataladi. Apriorning qarama-qarshi tomoni posteriori ((lot. aposteriori - quyidagidan) - tajribadan olingan bilim (eksperimental bilim)) hisoblanadi.]» standartlarini aniqlash bo'lgan. Karl Popper o'z usulining vazivasini bilimlar rivojlanishini tahlil qilishda deb biladi. Bu esa o'z navbatida fan tilidagi mantiqiy tahlilning ahamiyatini kamaytiradi. K.Popperning metodologiyasi mantiqdan «boshqa tomonga» burildi, biroq fanning tarixiy taraqqiyotini inkor etmadi.
Ratsionalizmga kelganda esa, uning tamoyillari Dekart va Leybnis davridan beri ma'lum edi. K.Popper ratsionalizmi, aql kuchiga cheksiz ishonchni namoyon etib, eski ratsionalizmdan o'zining tanqidiyligi bilan ajralib turardi. K Popper faqat ratsional dalillar tanqidiy sinovidan o'tgan narsalarga bu dalillarni rad etib bo'lmaydigan davrgacha ishonish mumkin, deb uqtirardi. Bu olamqarashning nomlanishi - «tanqidiy ratsionalizm», «tanqidiy insonparvarlik» ham aynan shundan kelib chiqqan. Bu olamqarash nuqtayi nazaridan, ilmiy bilimning asosi - obyektiv haqiqat emas, balki muayyan muammoning ratsional-tanqidiy hal etilishidir.
Ilmiy bilim dinamikasi muammolarini o'rganishda tanqidiy ratsionalizm metodologiyasini qo'llash natijasida Popper biologizatorlik ko'rinishiga ega fan rivoji konsepsiyasini ishlab chiqdi. Eng yaxshi nazariya, bu- aynan inkor etilgan xamda yangi nazariya uchun oziqlantiruvchi muhit yarata bilgan nazariyadir, deb hisoblaydi Popper ilmiy nazariyalarning haqiqatlik darajasi bilan chuqur qiziqadi va o'z kuzatishlari asosida «tanqidiy usul, sinash va adashish usuli (adashganlikni
I ^a^cafoa Ba xy^yK_philosophy & law journal_2024/2
aniqlash maqsadida qat'iy tanqidga duch keluvchi, dadil gipotezalarini ilgari surish usuli) haqiqiy ilmiy usuldir, degan xulosa beradi.
Krititsizmning o'rinli ekanligini e'tirof etish inson qobiliyatiga nisbatan qayta murojaat qilish demakdir, u tug'ma yoki ilm amaliyoti negizida paydo bo'lgan qobiliyatdir. Ilmiy amaliyotda tasdiqlanadiki, krititsizm zarurati tadqiqot faoliyati davomida aniqlanadi. Kashfiyotlar ijodiy jarayon natijasi bo'lib, u mantiqiy amallarning qo'llanilishini talab etadi. K.Popper va uning izdoshlari Lakatos, Kun g'oyalarining keyingi ishlanishi, takomillashishi bilim olishi (o'zlashtirish jarayoni) ni tushuntirib berish yo'nalishida amalga oshdi. Uning ushbu yondashuvini fallebilizm deb aytish mumkin.
Ilmiy bilishda fallebilizmning asoschisi D.Yum hisoblanadi. Uning fikricha, bizning umumiy va zaruriy bilimlar mavjudligiga bo'lgan ishonchimiz illyuziyadir: tajribadan kelib chiqadigan haqiqatni ya'ni, zarurat tusiga kirgandek ko'rinayotgan haqiqatni biz adashib idrokimizning ixtiyoriy harakati natijasi deb qabul qilamiz. «Epistemologiyadagi ratsionalizm chizig'i umumiy va zaruriy bilimlarning mavjudligini bildiradi, muammo esa uning qanday mavjudligidadir. Kant Yumni tanqid qilar ekan, sof matematika aprior sintetik bilimlar, umumiy va zaruriy haqiqatlardan iborat deb ta'kidlagan».[5.60]
Ta'kidlash joizki, ratsionalizm va fallibilizm o'rtasidagi bahs, bilim olishdagi individual-psixologik jihat va obyektivlik antik davrdayoq mavjud bo'lgan. Xususan, Protagor fikricha, inson bilimlari barcha narsalarning me'yoridir, Sokrat esa odamlar fikridan xoli bo'lgan bilimlar borligini ta'kidlagan. Sokratgacha eleatlar bilim va fikr (qarash) o'rtasida aniq farq o'rnatishgan bo'lib, ularning manbayini his-tuyg'ular bilan anglash jarayoni tashkil etadi, borliq idrok orqali anglanadi, deb tushunishgan.
Popper va neopozitivistlar o'rtasida kelishmovchiligining keyingi nuqtasi falsafaga munosabat masalasi edi. Vitgenshteyn fikricha, falsafaning vazifasi nazariyalarda emas, balki amaliy faoliyatda namoyon bo'lishi kerak edi. Haqiqiy falsafaning vazifasi falsafiy bema'nilikni aniqlash hamda odamlarni mazmunli gapirishga o'rgatishdan iboratdir.
XX asrning birinchi yarmidan boshlab falsafaning narsalar mohiyatiga oid haqiqiy muammolarni hal qilish qobiliyatiga e'tibor qaratila boshlandi. Bazi nazariyotchilar fanda hech qanday haqiqiy falsafiy muammolar yo'qligiga ishonishdi. Agar mavjud bo'lsa ham, bu faqat tilga oid qo'llanish yoki so'zlarning ma'naviy muammolari deb hisoblashdi.
Kant kabi Popper ham, «falsafa sohasida uzoq vaqtdan beri bahs-munozaralarni davom ettirganda, uning negizida hech qachon so'z bilan bog'liq muammo yo'q, lekin har doim ham haqiqiy muammolar mavjud»[6.141] deb bildi. «Popperga ko'ra falsafiy muammolar mavjud va ular quydagilar: kosmologiya muammosi, olamni bilish muammosi, shu jumladan, biz va bizning bilimimiz bu olamning bir qismi sifatida muammo, deydi Popper. Falsafaning vazifasi koinotni va undagi joyimizni tanqidiy ravishda aks ettirish, bilim olish imkoniyatimizni, yaxshi va yomonni farqlash qobiliyatini shakllantirishdir, deydi Popper.[6.143]
Neyrat va Karnaplar singari Vena to'garagining faol a'zolari falsafa va bilish nazariyasi kabi tushunchalarni yo'qotishga ham qaror qilishgan edi. Chunki ularning fikri bo'yicha falsafaning aslida kosmologiyaga hech qanday aloqasi yo'q edi.
K.Popperning esa fikri butunlay boshqacha bo'lib, quydagicha yozgan edi: «olam faqat metafizik, shuning uchun falsafiy g'oyalar kosmologiyaning rivojlanishiga katta ta'sir ko'rsatishi tabiiy».[6.143] Falsafaning butun tarixiga sinchiklab qaraydigan bo'lsak, uning haqiqatni izlash tarixi bo'lganligiga guvoh bo'lamiz. Shu sababli ham, faylasuflarning maqsadi, qiymatlarni tahlil qilish emas, deydi Popper, balki qiziqarli va asosiy haqiqatlarni izlash, haqiqiy nazariyalarni izlab topishdan iborat bo'lishi lozim.
Neopozitivistlar bo'lsa empirik ilm-fan yoki sof mantiqdan tashqarida bo'lgan metodik nazariya mavjudligini rad etdilar. Tilning mantiqiy tahlili sifatida esa bilish nazariyasini taklif qilishdi. Quyidagi aniq izohni Vena kulubi vakillari beradi: «bilish ta'rifga, tilga asoslangan bo'ladi. Shuning uchun bilimni o'rganish tilga aylanmog'i lozim. Shunday qilib, haqiqiy bilim nazariyasi -epistemologiya va metodologiyaning mavjudligi butkul rad etildi. Agar metodologiya, mantiq
¿> vb,
I Фалсафа ва хукук_philosophy & law journal_2024/2 ^
bo'lmasa, unda neopozitivistlarning fikriga ko'ra, u empirik fanning bir bo'lagi bo'lishi kerak, masalan, olimlarning ish jarayonida xatti-harakati ilmi».[6.143] Bu fikrga asosan, tabiiy metodologiya nazariyasini yaratish g'oyasi kelib chiqdi.
XX asrning oxiri ratsionalizm uchun u qadar yaxshi bo'lmagan davrlardan biri bo'ldi. K.Popperning tanqidiy ratsionalizmi ham jamiyatning bir qismi uchun o'zining jozibadorligini yo'qotdi. Ochiq jamiyatning asosiy - qonun ustuvorligi g'oyasi - har qanday erkin insoniy jamiyat uchun katta ahamiyat kasb etdi. K.Popperning fikriga ko'ra, G'arbda ochiq jamiyatlar real mavjuddir. Boshqa tomondan, ular «barcha qachonlardir mavjud bo'lganlardan eng yaxshi, erkin va adolatli, o'zini o'zi tanqid ostiga oluvchi va islohotlarning o'zlashtiruvchisidir». Bu fikrlar yana bir bor «hozirgi vaqt va kelajak shunday chalkashib ketishi mumkinki, unda tanqid ostidagi tanqid qiluvchiga aylanadi va uning teskarisi bo'lishi mumkin» degan qoidaning to'g'riligini isbotlaydi. Demak, neopozitivizmni ratsional va tanqidiy bartaraf etish jarayonida foydalaniladigan metodologiyaning kuchli va bo'sh tomonlari ustida yana bir bor atroflicha o'ylab ko'rish zarur.
ADABIYOTLAR:
1. Философия и интегрaция современного социально-гуманитарного знания (материалы круглого стола) //Вопросы философии. - №7. 2004. - С. 30-35.
2. Поппер К.Р. Логика и рост научного знания. -M.: Наука, 1983. - С. 241-242.
3. Шишшв И.З. В no^rax нoвoй рaцoнальнoсти: филoсoфия критичес^го разума. - М.: эдитoриал УРСС, 2003. - С 50.
4. К.Поппер. Логика научного исследования. - М., 2004. - С. 47.
5. Поппер К.Р. Объективное знание. Эволюционный подход. - Перевод с английского Д. Г. Лахути. - М., 2002. - С. 74.
6. Поппер К.Р. Предположения и опровержения: Рост научного знания. - М.: ООО Издательство ACT: ЗАО НПЛ Ермак, 2004. - С. 141.
REZYUME:
Mazkur maqolada Karl Popper ijodi va uning postpozitivizmga ko'rsatgan ta'siri hamda zamondosh olimlar qarashlari o'rtasidagi o'zaro aloqadorlik ilmiy bilish mantig'i kesimida tadqiq etiladi.
Калит сузлар: fan, pozitivizm, neopozitivizm, postpozitivizm, falsifikatsiya, verifikatsiya, ilmiy bilish, ratsional bilish, hissiy bilish.
РУЗЮМЕ:
В данной статье исследуется связь творчества Карла Поппера с его влиянием на постпозитивизм, а также взгляды современных ученых в контексте логики научного познания.
Ключевые слова: наука, позитивизм, неопозитивизм, постпозитивизм, фальсифи^ция, верификaция, научное знание, рaциональное знание, эмоциональное знание.
RESUME:
In this article, the relationship between Karl Popper's work and his influence on postpositivism, as well as the views of contemporary scientists, is studied in the context of the logic of scientific knowledge.
Keywords: science, positivism, neopositivism, postpositivism, falsification, verification, scientific knowledge, rational knowledge, emotional knowledge.