IQLIM O'ZGARISHI VA INSONIYAT
Valiyeva Zaynab Omanbayevna
O'zDJTU Katta o'qituvchi https://doi.org/10.5281/zenodo.11425537
Annotatsiya. Ushbu maqolada iqlim o'zgarishi, global iqlim o'zgarishlarining ekotizimlarga ta'siri,ularning salbiy oqibatlari va keltirib chiqaradigan talofatlari, iqlim o'zgarishining kelib chiqishida inson faoliyati, mamlakatimizda olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida fikr yuritilgan.
Kalit so'zlar: iqlim o'zgarishi, global isish, iqlim ko'rsatkichlari, issiqxona effekti, yashil makon, yashil iqtisodiyot, ekologik xavfsizlik.
Аннотация. В этой статье рассматривается изменение климата, влияние глобальных климатических изменений на экосистемы,их негативные последствия и причиняемые ими потери, деятельность человека в истоках изменения климата, меры, принимаемые в нашей стране.
Ключевые слова: изменение климата, глобальное потепление, показатели климата, парниковый эффект, зеленое пространство, зеленая экономика, экологическая безопасность.
Annotation. This article examines climate change, the impact of global climate change on ecosystems, their negative consequences and losses caused by them, human activity at the origins of climate change, and measures taken in our country.
Keywords: climate change, global warming, climate indicators, greenhouse effect, green space, green economy, environmental safety.
Iqlim o'zgarishi - keng tarqalayotgan, juda tez va jadal tezlashib borayotgan jarayondir. Dunyoning deyarli barcha hududida istiqomat qilayotgan insonlar iqlim o'zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan hodisalarni o'z tanalarida his qilishmoqda.
Ko'pchiligimiz haligacha bu muammolar bizni mamlakatimizga tegishli emas, bular uzoq o'lkalarda sodir bo'ladi va bo'lyapti, deb o'ylaydi. Vaholanki, bunday muammolar O'zbekistonda ham ancha yillar oldin boshlanib bo'lgan. Bu vaziyatlarni biz his qilyapmiz, ammo shunchaki e'tibor bergimiz kelmayapti.
Yaqin o'tmishga nazar soladigan bo'lsak, bundan 10-20 yil oldin ham mamlakatimizda yilning to'rt fasli o'ziga xos ko'rinishda, o'ziga xos tarovatda bo'lardi. Bugunchi? Bizni nimalar kutmoqda...?
Insoniyat iqlimni o'zgartiryapti va buning oqibati ayanchli bo'lib bormoqda. Tog' muzlarining erib ketishi, yog'ingarchiliklarning kamayishi, qurg'oqchilik, hosildorlikning keskin kamayib ketishi, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi va h.k.
Iqlimshunoslar so'nggi ikki yuz yil ichida global isish uchun inson javobgar ekanligini isbotladilar. Inson faoliyati so'nggi ikki ming yil ichida dunyoni har qachongidan ham tezroq isitadigan issiqxona gazlarining paydo bo'lishiga olib keladi.
Issiqxona effekti o'zi nima? U qanday paydo bo'ladi?
Quyoshdan kelgan issiqlikning Yer sathida yig'ilib, dimlanib qolishi issiqxona effekti deyiladi. Ya'ni quyoshdan kelgan nurni Yer ham o'z navbatida atmosfera orqali koinotga qaytaradi. Ushbu nurlarning bir qismi koinotga chiqib ketish o'rniga odamlardan chiqarilgan turli gazlarga yutiladi. Uning koinotga qaytib chiqib ketmasligi oqibatida Yer yuzi me'yoridan ortiq
qiziydi va iqlimga ta'sir ko'rsatadigan issiqxona qatlami hosil bo'ladi. Natijada sutka mobaynida eng yuqori va eng past harorat orasida kam farq bo'ladi. Ya'ni odamlar va tabiat tunda ham kunduzgi kabi issiq va dim havo ta'sirida qoladi. Bunday sutkalik issiqlik esa keskin isish hodisasini keltirib chiqaradi. Issiqxona effektini hosil qiluvchi asosiy gaz bu - karbonat angidrid. U atmosferaga ham tabiiy, ham sun'iy yo'l bilan qo'shiladi. Metan, azot oksidi kabi boshqa iflos gazlar havoga inson omili tufayli chiqarilib, bular bir butun issiqxona effekti darajasini belgilaydi. Issiqxona effektini hosil qiluvchi gaz konsentratsiyalarining ortishi, sayyorada tabiiy issiqlik balansini buzadi va antropogen issiqxona effektini keltirib chiqaradi.
Gap shundaki, olimlar har bir mintaqada iqlim o'ziga xos tarzda o'zgarib boradi va tobora ko'proq yangi ob-havo anomaliyalari paydo bo'ladi degan xulosaga kelishmoqda. "Nima uchun bunday vaziyat sodir bo'ladi, bu vaziyatni yumshatish uchun nima qilish kerak?" degan savol bugungi kunning dolzarb muammolaridan biriga aylangan.
Yildan yilga rekord darajaga chiqayotgan o'rmon yong'inlari, plastik va boshqa chiqindilar tufayli ifloslanib borayotgan suv, tuproq, havo, yo'qolib borayotgan flora va fauna, inson omili tufayli atmosferaga to'xtovsiz chiqayotgan issiqxona gazlari va albatta, global iqlim o'zgarishi. Afsuski, bu - insoniyat va uning faoliyati tufayli Yer yuzida vujudga kelgan va kelayotgan ayanchli haqiqat.
O'rtacha iqlim ko'rsatkichlari doimiy ravishda o'zgarib turadi. Issiqxona gazlari deb ataladigan sanoat chiqindilari tufayli Yer allaqachon 1,2 darajaga isib ketgan deb hisoblanadi. Bu esa 2040 yilga borib o'rtacha harorat 1,5 darajaga oshishini bildiradi. Garchi 1,2 daraja isish unchalik yuqori bo'lmasa-da, olimlar bir necha yil oldin haroratning 1,1 darajaga ko'tarilishi qo'shimcha issiqlik va energiya jihatidan soniyasiga Xirosimada portlatilgan bombaning to'rttasiga teng ekanligini aytishgan.
Issiqxona gazlari sanoat rivojlanishidan oldin ham, vulqon otilishi, o'rmon yong'inlari va hatto tirik organizmlarning nafas olishi ko'rinishida namoyon bo'lgan, ya'ni bu me'yoriy jarayon hisoblangan. Biroq sanoatning rivojlanishi oqibatida jarayon o'nlab marta tezlashdi.
Birlashgan Millatlar tashkilotining fikriga ko'ra, ertami-kechmi global isish tufayli hamma quyidagi muammolarga duch keladi:
* tropik va subtropikada qishloq xo'jaligiga tahdid (sitrus va zanjabil o'sadigan joyda);
* suvning kamayishi davom etadi va aholi yomg'ir suviga bog'liq bo'lgan hududlarda mavjud suvning sifati yomonlashadi;
* tropik va subtropik mintaqalarda bezgak, dang isitmasi va boshqa kasalliklardan o'lim darajasi oshadi;
* muzliklarning erishi va shunga mos ravishda dengiz sathining ko'tarilishi qirg'oqlarni suv bosishiga olib keladi;
* o'rmonlar xavf ostida qoladi.
O'zbekistonda ham iqlim o'zgarishi qator salbiy oqibatlarga olib kelyapti:
* Harorat ko'tarilishi natijasida suvning bug'lanish koeffitsiyenti oshishi hududlarda suv resurslari kamayishiga, tanqisligiga ta'sir etmoqda;
* Ekologik tanglik oqibatida yil davomida umuman yog'ingarchilik bo'lmagan kunlar soni ko'paymoqda;
* Tuproqning namligi kamayishi hisobiga takroriy qurg'oqchilik xavfi ortmoqda va hosildorlik ko'rsatkichlari pasayib ketmoqda;
* Orol dengiziga quyiladigan suv hajmining kamayishi daryo deltasining cho'lga aylanishi va qurigan dengiz tubida yangi cho'l maydonlari paydo bo'lishini tezlashtiryapti;
• Katta maydonlarda atmosfera havosining changlanishi ortmoqda;
• Isish va sovish kabi anomal hodisalarning o'zgarishi qishloq xo'jaligi mahsulotlari va mevalarning nobud bo'lishiga olib kelmoqda.
Iqlim ko'rsatkichlarining yil sayin tobora yomonlashib borayotganini insoniyat Yerdan shafqatsizlarcha foydalanishni davom ettirayotgani bilan bog'lash mumkin. Ko'pchilik davlatlar tomonidan bu jarayon xavfsizlikka qarshi eng katta tahdid sifatida ko'rilmoqda. Dunyo bo'ylab sodir bo'lgan ayanchli hodisalar ekologik xavfsizlikni ta'minlashning qo'shimcha mexanizmlarini ishlab chiqishga yetarli darajada kuchli turtki berishi kerak. Yo'qsa keyinchalik juda kech bo'lishi mumkin.
Xo'sh, bu muammolarni hal qilish borasida davlatimiz tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
O'zbekistonda iqlim o'zgarishiga oid quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda:
So'nggi yillarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini saqlash, ekologik xavfsizlikni ta'minlash ishlariga e'tibor yanada kuchaydi. Shu jumladan, iqlim o'zgarishlarini oldini olish va unga moslashish bo'yicha qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Eng avvalo, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. "Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to'g'risida"gi, "Gidrometeorologiya faoliyati to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonunlarining qabul qilinishi, O'zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha O'zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasi, 2019-2030 yillar davrida O'zbekiston Respublikasining "yashil" iqtisodiyotga o'tish strategiyasining ishlab chiqilishi va amaliyotga tatbiq etilishi fikrimizning yorqin isbotidir.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo'lgan iqlim o'zgarishi oqibatlariga qarshi kurash strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu loyiha ijrosini ta'minlash maqsadida, mintaqamizda iqlim o'zgarishlariga sabab bo'luvchi omillardan biri Orol dengizi fojeasi oqibatlarini yumshatish, Orolning qurigan tubida o'rmonlashtirish ishlarini amalga oshirish, Orolbo'yi hududi aholisi farovonligini oshirish bo'yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida keyingi yillarda ko'plab. daraxt va buta ko'chatlarini ekilishi yangi yashil hududlar barpo etilishi bilan birga, yurtimiz iqlimini mo'tadil saqlashga, ona tabiatimizni asrashga, aholimiz salomatligini yaxshilashga, xalqimiz farovonligini ta'minlashga xizmat qilishi, shubhasiz.
2026 yilga borib O'zbekistonda quyosh va shamol elektr stantsiyalarining umumiy quvvatini 8000 MVtga etkazish ko'zda tutilmoqda. Bu o'z navbatida, yiliga 7 milliard kub metrdan ortiq tabiiy gazni tejash hisobiga atmosferaga 12 million tonnadan ziyod issiqxona gazlari chiqishining oldini olish imkonini beradi.
Atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish borasida ham mamlakatimizda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida elektrobuslarning harakati yo'lga qo'yilganligi ham bunga yaqqol misol bo'ladi.
Xulosa qilib aytganda, global tusdagi ekologik muammolarni bartaraf etishda kundalik turmush tarzimizga ekologik innovatsiyalarni joriy etish, ekologik toza, energiya samarador va resurs tejamkor loyihalarni amalga oshirish, "yashil iqtisodiyot"ni amaliyotga tadbiq etish, mamlakatimizning ekologik xavfsizligi va barqarorligini ta'minlash, iqlim o'zgarishlariga moslashish imkonini berish bilan bir qatorda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlanishiga, bu esa aholimiz farovonligini yanada oshishiga xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Saparova G,Dexkanova N,Galimova "Iqtisodiy geografiya va ekologiya" Toshkent-2019.
2. H. Tursunov, T. Rahimova "Ekologiya" Toshkent-2009.
3. S.Mustafoyev,S.O'roqov,P.Suvonov " Umumiy ekologiya" Toshkent-2006.