Научная статья на тему 'HAMZA HAKIMZODA NIYOZIY DRAMATURGIYASI (1889-1929)'

HAMZA HAKIMZODA NIYOZIY DRAMATURGIYASI (1889-1929) Текст научной статьи по специальности «Науки о Земле и смежные экологические науки»

CC BY
1795
120
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
dramaturgiya / drama / komediya / dramatik asar / sahna

Аннотация научной статьи по наукам о Земле и смежным экологическим наукам, автор научной работы — Karim Yuldashev, Mamlakatxon Jo‘rayeva

Ushbu maqolada Hamza Hakimzodaning dramatik asarlari va ularning mazmun mohiyati ochib berilishga harakat qilingan. Hamza Hakimzoda Niyoziy “Boy ila xizmatchi” pyesasi, “Zaharli hayot” asari, “Istibdod qurbonlari” kabi asarlarining yaralish va tahlili yoritilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «HAMZA HAKIMZODA NIYOZIY DRAMATURGIYASI (1889-1929)»

HAMZA HAKIMZODA NIYOZIY DRAMATURGIYASI (1889-1929)

Karim Yuldashev https://orcid.org/0000-0002-9765-1613 karim.yuldashev.sa@mail .ru Mamlakatxon Jo'rayeva

O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining Farg'ona mintaqaviy filiali

Annotatsiya: Ushbu maqolada Hamza Hakimzodaning dramatik asarlari va ularning mazmun mohiyati ochib berilishga harakat qilingan. Hamza Hakimzoda Niyoziy "Boy ila xizmatchi" pyesasi, "Zaharli hayot" asari, "Istibdod qurbonlari" kabi asarlarining yaralish va tahlili yoritilgan.

Kalit so'zlar: dramaturgiya, drama, komediya, dramatik asar, sahna

THE DRAMATURGY OF HAMZA HAKIMZODA (1889-1929)

Karim Yuldashev https://orcid.org/0000-0002-9765-1613 karim.yuldashev.sa@mail .ru Mamlakkhan Jorayeva

Fergana regional branch of Uzbekistan State Institute of Art and Culture

Abstract: This article tries to reveal the dramatic works of Hamza Hakimzoda and their content. Creation and analysis of works such as Hamza Hakimzada Niyazi's play "Boy and Servant", "Poisonous Life" and "Victims of Tyranny" are covered.

Keywords: dramaturgy, drama, comedy, dramatic work, scene

"Zaharli hayot yohud ishq qurbonlari"dan keyin yozilib sahna yuzini ko'rgan va matni saqlangan yoki mazmunini matbuotda chop etilgan manba'lar orqali tiklash mumkin bo'lgan pyesalarning qatorida "Boy ila xizmatchi", "Muxtoriyat yoki avtonomiya", "Tuxmatchilar jazosi", "Kim to'g'ri", "Loshmon fojialari", "Farg'ona fojialari", "Burungi saylovlar", "Qozining sirlari", "El quzg'unlari", "Jahon sarmoyasining oxirgi kunlari", "Burungi qozilar yohud, Maysaraning ishi", "Paranji sirlaridan bir lavha yoki yallachilar ishi", shuningdek matni saqlanmagan "Ilm hidoyati", "Normuhammad domlaning kufr xatosi" singari ko'plab katta va kichik hajmdagi asarlarning nomlari ma'lum.

Oktyabr to'ntarishi jarayoniga aloqador Hamza pyesalarining avvalida "Boy ila xizmatchi" dramasi turadi. Pyesa xususida so'z yuritilar ekan, avvalo uni muallif "Boy ila xizmatchi"deb atashining besabab emasligiga aniqlik kiritish maqsadga muvofiqdir.

Boy bilan kambag'al, boy bilan xizmatkor, boy bilan qarol azaliy muammo - rivoyat, ertak, hikoya hatto adabiy ijodchilikda tinimsiz e'tiborda turgan mavzu bo'lib, Hamza aynan shu mavzuga qayta murojaat etib, unga ijtimoiy tarixiy tus beradi. Ikki tamonlama zulm iskanjasida qolgan xalqni rushnolikka chiqish yo'llarini izlaydi.

Asarning asl muallif nusxasi saqlanmagan. O'z vaqtida nashr etilmagani tufayli keng jamoatchilikka "Boy ila xizmatchi"ni 1939 yili Hamza tug'ilganiga qirq yil to'lishi munosabati bilan Komil Yashin tomonidan tiklanib, qayta ishlangan nusxasi tanish. Biroq 1918-1920 yillar avvalida asar muallif qo'lyozmasini o'sha davr teatri sahnasining imkoniyatlarini e'tiborga olib, qisqartirilgan suflyor nusxalari mavjud bo'lib, shulardan biri "Turon" teatrida 1919 yili Oqtepa (Axtyubinsk) frontida musulmon harbiy qismlarga namoyish etish uchun tayyorlangan spektaklning suflyor nusxasidir. Bu spektaklni Hamzaning o'zi ko'rganligi, asarning to'la nusxasiga harqalay uning g'oya va mazmuni yaqinligini e'tiborda tutib, shu matnni tahlilga asos qilib olishni ma'qul topdik.

Pyesada ishtirok etuvchilar yigirma to'rt kishi: Soliboy (Solixboy emas), uning mehmonxona mahrami Xayrulla (Xolmat emas), mahalla ellikboshisi Abduraxmon (Hasan aka emas), daha Qozisi, nomi yo'q ikki nafar mahalla kishilari (boyning laganbardorlari), Shahar Xokimi, "xokimning upravdelami", Xokimning eshigida turadigan Gorodovoy, Soliboyning sobiq o'ynashi, hozir qo'shmachi dallasi Sifatbuvi, boyning xizmatkori G'ofir, uning xotini Jamila, inqilobchi Sultonov, beshta maxbus, zindon soqchisi - nadziratel', Xokimga arz qiluvchi bir er, bir xotin, yana bir kishi.

Pyesa voqeasi uch xotin, besh farzandli oltmish yoshli Soliboyning uyida boshlanadi.

G'ofirni yoshi bir joyga borib qolgan pallada, uylantirib, "san mani o'g'limsan, xotining endi menga kelin bo'ldi", deb turib, ilgari ko'rmagan Jamilaga ko'zi tushishi bilan ahdidan qaytadi.

Parda Soliboyning "U nozaninni man ilgariroq bilgan bo'lganimda edi, bu ishni aslo qilmagan bo'lar edim", - monologi bilan ochilar ekan, "Shu Jamilaxonni G'ofirdan ajratib, o'zimga xotin qilib olaman, dedim, olaman", qarori bilan yakun topadi-yu, Boy chora-tadbirlarni ko'rishga kirishib ketadi.

U ayyor, yetti o'lchab, bir kesib ish tutadi. Avvaliga mahalla, ko'yi-guzar odamlari, daxa Qozisi, mahalla ellikboshisi va ahli avomdan o'zining ikki yuvindixo'rlarini Xayrulla orqali chaqirtirib dardini ochadi: "O'zlaringizga ma'lum, maning xizmatkorim borku, anu G'ofir iflos, shum, o'zlaringiz bilasiz. Man uylantirib qo'ygan edim. U iflosning xotinini bir-ikki bundog' ko'zdan kechirib qarasam, judayam chiroyli, quling o'rgulsin, laqqa baliq ekan ... Shuni qanday qilib o'shandan chiqarib, o'zimga xotin qilib olsam, deyman"

Bu gap Boyning og'zidan chiqishi bilan Qozidan tortib, qolganlarning barchasi boy rejasini muxayyo qilishga tayyor ekanliklarini birin-ketin bayon etadilar. Shunda

boy masalaning nozik tomoni mavjudligidan xabar beradi. "Gap shundaki, deydi boy, xotinning o'zi bu ishga rozi emas. Man qo'yniga qo'l solib ko'rsam, xotin hech yaqiniga yo'latmaydi".

Boy gapini eshitgan fosiq Qozi vijdonini yutib: "Xotinda ixtiyor bor deysizmi? Bizning shariatda xotinlarda hech qanday ixtiyor bo'lmaydi", desa ellikboshi gapga aralashadi: "Iflos G'ofir eshitdimi, bu gapni ?" desa, Qozi ellikboshining fikrini bo'lib xulosa qiladi: "Undayam nima ixtiyor bo'lsin ? Bu ishni biz o'zimiz bajaramiz".

Biroq ellikboshi ehtiyotkorlik bilan ish ko'rishni, avvaliga G'ofirni chaqirib xotinini taloq qilishga majburlashni, bordiyu ish chiqmasa boshqa chora izlashni maslahat beradi. Bu hammaga maqul tushib G'ofir davraga chaqiriladi. U eshikdan "bo'ynini siqib, qo'l qovushtirib, salom berib" kirar ekan, boyning "Turasanmi g'o'dayib? O'tir o'shatka" dag'dag'asini eshitib, tiz cho'kib o'tirar o'tirmas, ellikboshi: "G'ofir san xotiningni mana shu Qozi domlaning oldilarida hozir qo'yasan. Biz uni boy akamga xotin qilib olib beramiz. Shuning uchun biz sani chaqirdik. Ayt, qani nima deysan ?!",- do'q, po'pisali savolini beradi.

Bu yuzsizlikdan xangu-mang G'ofir: "Boy otamni o'zlarini uch xotinlari oqsoqlaptimi ? Maning xotinimga zor bo'lib qolipdilarmi ? Bu qanday gap"? deyishi bilan hamtavoqlar G'ofirga tashlanadilar.

Qozi domla - Bu qanday deganing ? Nima deganing ?

Ellikboshi - Bu turgan kishilar kichkina odamlar emas, Qozi domlani nazaring iladimi?

Boy - Xaromi juvonmarg.

Niyati buzuqlarning maqsadini anglagan G'ofirni ham xo'rligi, ham g'azabi qaynab: "Shariat egalari sizlar bo'lsalaringiz, (xalqni ko'satib) bizlarning xolimiz xarob ekan. Bu qanday vijdonsizlik? Bu qanday xo'rlik? Shariat deb bizlarni ezmoqchi bo'lasizlar. Bizning xolimizga maymunlar yig'lar ekan, ey shariatfurushlar, kambag'allarning xoliga rahmlaringiz kelmaydimi ? Bu qanday gapki, o'ttiz besh yil xizmatkor bo'lib, bu kun endigina bir xotinga ega bo'lsamda, buni man qo'yarmishman. (qozilarni ko'rsatib). Bu shariat egalari boyning laganbardorlari mening xalol xizmatim orqasida ega bo'lgan xotinimni boyning uch xotin, besh bolasining ustiga olib bermoqchilar. (Yig'lar, ko'zlarining yoshlarini artar)"

Chorasiz G'ofir oxirgi bor boyga yuzlanib: "Boy "Siz mani o'g'limsan, xotining endi menga kelin bo'ldi,"- degan edingizku ? U gaplaringiz qayoqqa ketdi?" so'zlarini eslatib, "uyalmaysizmi o'zingizni kelinim deb yurgan kishini, bugun xotin qilib olaman degani,"- deyishi bilan, boy surbetlarcha "San kim, uyat kim? Man o'zim shunday boy bulayinda, sandan uyalaymi, ey yaramas, gapingni topib gapir!" javobini eshitar ekan, G'ofirning toqati tugaydi: "Mani nima qilsangizlar qiling, tegirmonga solib, un qilib chiqaringlar, erga qoziq qilib qoqib yuboringlar! Man (qo'li bilan ko'rsatib) sizlardek shariatfurushlarning so'ziga kirolmayman, ham xotinimni

qo'ymayman. (Boyga qarab.) Boy ota, man qilgan xizmatlarim badaliga sizdan keladigan ish shu bo'lsa, man sizlarning hammalaringizdan bo'ldim. Bir kuni mani dodimni ham eshtadigan kishilar, manga rahm qiladigan odamlar chiqib qolar. SHunda man sizlar bilan gaplasharman. (Yig'lar). Ey koinot, o'zing bilib turgandursan, bu kishilarning manga qanday zulm qilib turganini! Man sizlarning bu so'zlaringizni aslo qabul qilmayman" (Yig'lab, o'rnidan turar, zarda bilan chiqib ketar.)

Shundan so'ng biz G'ofir bilan ikkinchi pardada Shahar Xokimi huzurida uchrashamiz. Sababi u boy va qozi-yu kuzzolarning aytganlariga ko'nmagach, boy atrofidagilari va ellikboshining maslahatiga ko'ra, shahar xokimiga "mayda chuyda" (ya'ni pul) qilib, huzuriga boradida, "Bizniki G'ofir bor. Siz bizga borganda ko'rgansiz ... Shu G'ofir, taqsir hokim to'ra, juda yomon. Otasi yomon odam bo'lgan. Men uni bilmay yurgan ekanman. U qozilarni, sizlarni juda yomon ko'radi, o'zi bosmachi, o'g'ri. Shuni bir balo qilib, Sibirga jo'natvormasangiz bo'lmaydi," deyishi bilan Hokim G'ofirni toptirib keladi va boy aytgan gaplarini G'ofirni "bo'yniga qo'yib,"uni Sibirga jo'natadi. Uchinchi pardada G'ofirning ishtiroki yo'q. U to'rtinchi pardada qo'l-oyog'i bilan ustunga bog'lab qo'yilgan "sakkizinchi raqamli maxbus" holida ko'rinadi.

Asarda ko'rsatilishicha G'ofir itoatkor, sabr-toqatli inson. O'ttiz besh yil boyning eshigida sadoqat va chidam bilan ishlab, yoshi ellikdan oshganda xotin olib oila qurgan qaram bir inson - xizmatkor. Yosh Jamila, bilan qurilgan turmush G'ofirning baxti. Og'ir xizmat esa ro'zg'or, qora qozonini qaynatish garovi. Boshqacha baxtning G'ofirga keragi yo'q. Qolgan umrini qul o'g'ildek boyning eshigida sadoqat bilan mehnat qilib o'tkazishga tayyor. Buning ustiga boy to'ydan keyin "endi sen o'g'lim, xotining kelinim", - deb qo'ygan. Biroq boy "kelin"iga ilk bor ko'zi tushishi bilan va'dadan asar ham qolmay, kalxatday G'ofir baxtiga chang solgach, G'ofir himoyaga o'tadi. Ana shu himoya jarayonida G'ofirning kimligi ochiladi. Avvalo, u yordam talab odam. Ortiqcha xohish, rejayu da'volardan xoli. Shu jumladan ishq-u muhabbatdan ham. U umr shomi arafasida Jamilaga erishgan ekan, insonlar qatori, oh deganda o'pkasi ko'rinib, er-u xotin bo'lish rejasi bilan uylangan. Biron joyda ishq, muhabbat haqida gap yo'q. Hamma gap boyu, amaldor va fosiq shariat peshvolari vijdonsizligi zulmidan shikoyatga, oqibatda zulmkorlardan qutilish istagiga borib taqaladi. Chunonchi sakkizinchi raqamli mahbus - G'ofir oxirgi Sibir ko'rinishida "Ey, do'stlar, hech kim mandek tuhmatga uchramasin! Man quruq tuhmat uchun bu kulfatlarni ko'rib yotganimga hech chidolmayman! Oh, yuraklarim ezilib ketdi! O'ying kuyib, xonavayron bo'lgur boy, mani shu kulfatlarga solding! Boylarning uylari kuyib xonavayron bo'lsin! ey dunyo, bu boylardan qutiladigan zamon bormukan?! Oh, yuraklarim kuyib ketdi! Menga yordam beradigan hech bir yordamchi bormikan? Yuragim o'rtanib ketayotipti. Oh, suv! Kim manga suv beradi? Qo'lim orqamga bog'liq, suv beradigan kishilar, manga rahm qilsalaring-chi!"

Demak, G'ofirni muallif kurashuvchi ilg'or qahramon emas, jabr ko'rgan adolat talab qatlamning bir vakili sifatida ko'rsatadi. U hali uylanishdan ancha avval vatani Farg'onada tasodifan Sultonovga duch kelib "bir choyxonada o'tirib, choy ichib, bir-bir qancha so'zlarni" eshitgan. eshitganu uning mag'zini chaqmagan. Boshiga ish tushmaguncha zamon u yoqda tursin. Zulm va zulmkorlar xususida ham etarli mulohaza qilmagan. Shundan so'ng Sultonovga Sibir qamoqxonasida ro'para keladi. G'ofirning oh-zorlarini eshitgan Sultonov uni taniydi: choyxonada uchrashib gurunglashganini eslatadi. Uchrashuv G'ofirning yodida qolgan ekan, uni quchoqlab yig'laydi. SHunda Sultonov: ey G'ofir, san o'ylama bu boylarning zulmidan jabru sitam ko'rgan bir man o'zim, deb. Sancha jabr ko'rganlar juda ko'p topiladi. (zindonni ko'rsatib.) Bu zindondagi birodarlarimning ko'plari ham sanga o'xshab jabr ko'rganlar ... G'ofirjon xotirjam bo'l. Yaqinda qutilamiz bu zindon azoblaridan! Inqilob bo'ladi, inqilob.

"Shu vaqtda ko'chalarda "Marsel'eza" chalingan ovozlar eshitilib" xaloyiq zindon eshiklarini buzib kirib, qamoqdagilarni ozod qiladi. G'ofir esa "Yashasin inqilob, bizni inqilob qutqardi,"- deydi. Biroq u inqilob nimaligini bilmaydi. Qamoqdan qutilganiga xursand. Inqilobchi esa Sultonov. Inqilob uchun kurashib qamoqqa tushgan o'sha. G'ofir bo'lsa sha'riy xotinidan ajratish uchun tuhmat va zulm bilan surgun qilinib, zindonga tushirilgan, bechora.

Pyesa jon tomirini belgilovchi konflikt va u bilan bog'liq muammolar G'ofir bilan Soliboy orasidagi xotin janjali. Bu janjalning sababiga kelsak - Jamilaning chiroyi. Chiroy sohibasining jamoliga erishish yo'lida Soliboy hamma narsaga boradi: va'dasini unitadi, vijdonini yutadi, hech narsadan qaytmaydi.

Dunyoda nimaiki yaxshi narsa bo'lsa, qurbi etadigan, qo'li uzun odamniki bo'lishi kerak. "Uzumni yaxshisini it eydi"- degan g'ayri odat tasodifga yo'l qo'ymaslik lozim. Mana, Soliboyning aqidasi. Uningcha uzumning yaxshisi -Jamilaning xusni jamoli "isqirt vujud", "Yirtiq chopon" G'ofirga nomunosib. "Yarashganni kiydiradigan, xohlaganni ediradigan" Soliboyniki bo'lishi kerak. Buning ustiga u "o'z qurblari ichida xali durust", "xotin bilan o'ynashib kulishishga juda yaraydi" Yoshiga kelganda G'ofirdan unchayam kattamas. Qolgani bo'lsa -G'ofirning Jamila bilan eru - xotinligi, ularning rizo - norozoligi, shariat oqidalari, hammasi bir pul. Shariatning yo'llariyu, yurt qonuni Soliboyning mavqei, ayniqsa pullarining qarshisida ojiz. Bir so'z bilan Soliboy xusn o'g'risi. Xusn uning uchun buyum. ega bo'lgach eskirguncha, ko'ngliga tekkuncha ishlatadi.

Soliboy o'zini hokimi davron his qilib atrofdagilarga takabburlik bilan bepisand qaraydi. Hatto noilojlikdan himoya istab, uyiga chaqirilgan mahalla qozi-yu kuzzolari tashrif buyurishlari bilan ensasi qotib Boy (qozi domlaga qarab.) "Qozi domla, kamnamosiz? (Ellikboshiga qarab.) ellikboshi ko'rinmaysiz? (Vakil akaga qarab). Qaysi go'rda yuribsan?" Zaharxandali savollarga tutadi. Qadam ranjida qilganlar bir

ovozdan "Sizning davlatingizda yuribmiz" javobini qiladilar. Demak, Soliboy hayotda narxi balandligini, atrofidagilarni xoh mansabi balandroq, xoh o'ziga qaramlar bo'lsin istagiga so'zsiz ko'ndiraolishini yaxshi biladi. Shuning uchun qaramlarining maslahati bilan bo'lsada Shahar hokimini bir og'iz so'zi bilan aytganlariga ko'ndiradi. Buning sababi ularning palagi birligida. Birgalashib mamlakatda hukmronlik qiladilar:

Boy - Rahmat, rahmat hokim to'ra. Man sizdan juda roziman.

Hokim - Da, biz boylar bilan ish qilsak kerak.

Boy - Taqsir Hokim to'ra. Biz sizga ishonamiz.

Hokim - Obyazatel'no, da, shunday bo'lishi kerak.

Mahalliy boylardan ham o'ziga ittifoqchi, ham muttasil cho'ntagini to'ldirib turadigan hamroh ortdirgan Hokim, qaram xalq arziga quloq solish o'rniga, unga tuhmat va haqorat toshlarini yog'diradi: ekinlari suvsizlikdan qurib qolayotgan dehqonning hatto arizasini olmaydi, bo'xton bilan o'g'li qamalib qolgan paranjili xotinni "o'g'ling o'g'ri, mol o'g'risi", deb huzuridan quvlab chiqaradi.

Demak mahalliy idora mahkamalari-yu, bo'yni yo'g'on zotlar - qozi, ellikboshi, Soliboy singarilar rus hokim to'ralari bilan bir taraf-u, G'ofir, eri suvsiz qolgan dehqon, o'g'li tuhmatga uchrab qamalgan benavo ayol singari kambag'allar bir taraf. Bechoralarni xolidan xabar oladigan, ularning shikoyatlariga quloq soladigan na biron idora, na biron imkon, na biron haqni qaror topdiradigan kuch yo'q. Ana shunday sharoitda Rossiya Sibiriyasida inqilob yuz beradi va G'ofirni o'zi singari "har xil millat kishilaridan iborat mahbuslar", shu jumladan to'qqizinchi raqamli qozoq og'aynisini ham qamoqdan ozod qiladi. Shu sababli G'ofir o'zi va o'zi singarilar uchun ham quvonib, sodir bo'lgan hodisadan mannatdor bo'ladi.

Hamza Hakimzoda Niyoziy "Boy ila xizmatchi" pyesasining mazkur nushasi, qanchalik qisqartirilgan, asl nusxasiga qaydaraja yaqinligi darajasidan qat'iy nazar, unda syujet qurilishi, voqea jarayoni, timsollarning shu jarayonni jon tomiridek ishtirok etishi, hatti-harakati, qiyofalarini ochilishida sahnabop ifoda usullari, ijrochilar uchun keng imkoniyatlarni e'tiborga olib ish tutilgan.

Hamza Hakimzodaning bundan avvalgi yirik pyesasi "Zaharli hayot" bilan qiyoslasak "Boy ila xizmatchi"da so'zdan ko'ra harakat, va'zxonlikdan ko'ra jonli holatga ko'proq e'tibor berilganini ko'ramiz. Chunonchi birinchi parda Soliboyni namoyishkorona, tamosha zaliga qarab, "U nozaninni man ilgariroq bilgan bo'lganimda edi, bu ishni aslo qilmagan bo'lar edim", - deydi-yu, "u yoq - bu yoq yurib" o'ylanadi, hayolga botadi. Nihoyat, "Anuv nozaninni qarang-u, anu bedavoni qarang!", - o'zicha ajablanadida, "qo'li bilan ko'rsatib",- "Uzumning yaxshisini it eydi, degan so'z rost so'zda", xulosasiga keladi. Yana "o'ylab, soqollarini ushlab", so'zini davom ettiradi: "Oh nozanin, senga ham etadigan kunim bormikin? " Orzu hayollariga ketadi. Bu hayollar uni turli ko'yga soladi. "Bir oynaning oldiga borib, o'zini u yoq-bu yoqlarini ko'rib, tuzatib", turishi, ko'rinishiga oro beradi, so'zsiz hayol, orzular

og'ushida yashaydi. Yana so'zlaydi, yana o'ylaydi. U yoq-bu yoq yurib, aylanib, nihoyat qat'iy qarorga keladi: "Yo'q, mana shu ishni qilaman dedimmi, qilaman. Sani qanday bo'lmasin, u iflos bilan o'tishga yo'l qo'ymayman" Yana o'ylanadi va x.k.

Soliboyning mana shu ilk monologi faqat monolog sifatida timsol o'y, maqsadinigina emas, ayni vaqtda uning suvrat va siyrati, o'zini tutishiyu, tabiati, qiliqlarini amalda ochib beradigan muhim sahnadir.

Pyesaning oxirigacha shu tahlitda, ishtirok etuvchilarning kattayu kichigidan qat'iy nazar ish tutiladi. Ayniqsa ikkinchi darajali personajlarning qisqa-qisqa gaplari orqali ularning o'y-fikrlari, qiyofalari aniq esda qolarli darajada ochiladi.

Qozi domla voqea davomida o'n ikki marotaba bir gapdan iborat bir, ikki jumla bilan suhbatga aralashadi. O'sha har bir jumlasi bir olam ma'noni anglatib, obraz mohiyatini ochish bilan birga ijrochi o'zini qanday tutishiga zamin hozirlaydi. Uning Soliboyni rejasiga javoban birinchi gapi shunday: "Boyning ishqi bor, ishqi borning imoni bor". Ana shu bir jumlaning o'zi Qozi - shariat qonunlarining ijrochisi kursisida o'tirgan kimsaning bilaturib "Ishq"ning ma'nosini shariat shartlariga teskari talqin bilan Boyning shaxvoniy ishqibozligi foydasiga xal qiladi. Shu ijrochining nuqtai nazaricha ayol huquqi xususidagi qarori shunday: "Xotinda ixtiyor bor deysizmi? Bizning shariatda xotinlarda hech qanday ixtiyor bo'lmaydi"

Uchinchi jumlasi G'ofir xususida: "Undayam nima ixtiyor bo'lsin? Bu ishni o'zimiz bajaramiz!" Demak, shariat, qonun emas, uning ijrochisining xohishi qonun.

Butun birinchi parda davomida o'tirgan joyda xuddi shu singari ma'nolarni ifoda etuvchi jumlalar bilan Qozi o'zining kimligini mukammal ochadi. Boshqa obrazlar ham shunday. Chunonchi asarning ikkinchi ijobiy qahramoni Jamilaga kelsak u faqat uchinchi pardada Soliboy va Sifat buvi bilan muomala qiladi. G'ofir bilan esa pyesa davomida umuman uchrashmaydi. Gaplari ham uzun emas. Uning ustiga hammasi bo'lib to'qqizta. Sakkiztasi boy bilan Sifatbuviga javob, bittasi yolg'iz qolib o'zini o'ldirishga qaror. Yonidan zahar olib ichgan Jamila: "Oh, G'ofir san o'ylama, Jamilam boyga qoldi deb! Boyga man qo'limni ham ushlatmadim. Sensiz manga bu hayot kerak emas!" so'zlari bilan yorug' dunyoni tark etadi.

Asarda personajlar qiyofasini ta'riflashda so'z iloji boricha kam ishlatilib, e'tibor ularning hatti-harakati, muayyan muhitda o'zini tutish holatlarini e'tiborga olib tuzilgan, ijrochilarga talqin jarayonida keng imkoniyat, hatto vaziyatga qarab, o'zidan so'z qo'shish huquqini ham e'tiborda tutilgan. Masalan, Jamila o'limi oldida pyesa matni bo'yicha keltirilgan so'ngi so'zi " ... hayot menga kerak emas!"dan keyin qavs ichida "Bir qancha so'zlar bilan o'lar" jumlasi yozib qo'yilgan. Yoki oxirgi pardadagi zindon ko'rinishida "G'ofir boshidan o'tgan hikoyaning hammasini gapirar. Mahbuslar tinglasharlar", jumlasi mavjud. Biroq o'sha hikoyaning matni yo'q. U spektakl namoyish etilayotgan vaziyatga, teatr, rejissor va ijrochining qaror va layoqatiga havola etiladi.

Shu dramasidan boshlab Hamza asar g'oyasini timsollarning tashviqiy nutqi yo'li bilan emas, ularning jonli harakati, holat va kechinmalarini ko'rsatish orqali ochishni afzal biladi. Oqibatda so'z timsolning holati kechinma va o'ylarining intixo nidosi bo'lib tilga ko'chadi.

Boy bilan xizmatchi, boy bilan kambag'al muammosi yashovchan mavzu, Hamzaning pyesasidan keyin ham boshqa mualliflar, shu jumladan Abdurauf Fitrat e'tiborini ham o'ziga jalb etadi. U Hamza pyesasidan o'n yil keyin u shu mavzuga qaytib, "Arslon" dramasida Mansurboy, dehqon yigit Arslon, uning sevgilisi Tulg'un misolida boy va kambag'al, erkak va ayol, go'zal chiroy va unga tahdid mojarosini azaliy, o'lmas mavzu sifatida qalamga oladi.

Yana o'n yil keyin mavzu "Boy ila xizmatchining yangi nusxa"si misolida Yangi va keng qamrovdagi pyesa, yuksak boqiy saviyada yaratilgan spektakl sifatida sahna yuzini ko'radi.

Hamza "Boy ila xizmatchi" bilan ketma-ket to'rt qismdan iborat "Farg'ona fojialari" (1918-1919), uch qismdan iborat "Loshmon fojialari" (1920) dramalarini yozadi. Har uchala asar - "Boy ila xizmatchi", "Farg'ona fojialari", "Loshmon fojialari" taxminan 1914 - 1921 yillar oralig'ida Turkistonda mavjud xalqning turmush tarzi, asriy rasm-rusm odatlari, mavjud ijtimoiy tuzum sharoitida kishilar umr guzaronligi va bunga muallifning munosabatlarini ifodalaydi.

"Farg'ona fojialari"ning matni saqlanmagan, "Loshmon fojialari"ning esa oxirgi uchinchi qismi "Istibdod qurbonlari"ning matni mavjud bo'lib, har ikki asar Hamzaning truppasi va Turon teatrida sahnalashtirilgan.

"Loshmon fojialari"ning birinchi va ikkinchi qismi mazmunini birinchi bo'limdan saqlanib qolgan parcha va afisha, matbuotda chop etilgan manba'lar, M.Rahmonovning "Hamza va o'zbek teatri" (1960) kitobida keltirilgan dalillar orqali tiklash mumkin.

To'luq matni mavjud uchinchi qism asarning umumiy mazmuni va g'oyalar tizimini ilg'ash, uning badiiylik darajasini aniqlash imkonini beradi.

Asar mazmunini Birinchi jahon urushi boshlangandan keyin, unda ishtirok etgan Rusiya va uning podshosini 1916 yili Turkiston aholisini ichki Rusiyada mardikorlikka jalb etish xususida chiqarilgan farmoni bilan yuzaga kelgan ijtimoiy vaziyat tashkil etadi.

Trilogiyaning birinchi va ikkinchi qismida voqealar Turkistonda o'tadi. Uchinchi "Istibdod qurbonlari"da esa mardikorlikka yuborilgan o'zbek yigitlarini Rusiya o'rmonlaridagi og'ir mehnat sharoiti va Turkistondagi vaziyat bir-biri bilan bog'lab tasvirlanadi. Birinchi, uchinchi, beshinchi parda voqealari Rusiyada; ikkinchi, to'rtinchi parda voqealari Turkisonda kechadi.

Muallif mardikorga olish munosabati bilan yuzaga kelgan noroziliklarni 1916 yili Turkistonda yuz bergan xalq qo'zg'aloni va g'alayonlarining bir tarmog'i sifatida

qarab, uning ishtirokchilari orasidan adolat va xalq ozodligi uchun bel bog'lagan milliy inqilobchi qahramonlar topish hayoli band etadi va pyesada yuz beradigan voqea, to'qnashuvlar ham shunga moslab joylashtiriladi.

Bir tomonda podsho buyrug'ini bajarishdan manfaatdor mustamlakachi amaldorlar, ularning mahalliy xalq orasidagi sotqin yugurdaklari - ulamoyu-ikrom, qoziyu-ellikboshi, qo'rboshilar tursa, qarama-qarshi tomonda jabrdiydalar -mardikorga olinuvchilar turadi.

Mustamlakachi amaldor - "rabochiy"lar (mardikor) lagerining Nachal'nigi obrazining misolida Hamza mustamlakachilarni qaram xalqqa, uning hozirgi va kelajagiga munosabatini ro'y-ros ochadi. Nachal'nik mardikorga olinganlar misolida Turkiston xalqini itga tenglashtiradi. Qarag'ay bosib o'lgan Tohirning o'ligini tepib, "ko'taring bu sobakani o'ligini! Bir chetga olib borib tashlang!"- deb o'shqiradi.

Nachal'nik g'azab va nafratining sababini jazmani Marusga shunday tushuntiradi: " ... agar bulardan g'ofíl qolinsa, albatta, zamoni kelur. Bularda bu holda qolmay, bir kun garchi bularga maorif eshigi abadiy berkilgan bo'lsa ham biz o'z oramizdan chiqqan ko'rnamak mehnatkash firqalar bularning oralariga kirsalar, bu johillarning ko'p va nodonlikg'a ezilganliklaridan istifoda qilib, bir kun bizga kutilmagan ikkinchi bir balo bo'lub chiquvlari shubhasizdur. Shuning uchun mana shunday fursatlardan istifodasiz bo'lmay, ziyolik firqalaridan tortub, sekin-sekin yo'q eta borish kerak"

Biroq uning bu niyati amalga oshmay, itga tenglashtirilgan qora xalq o'sha Nachal'nikning "o'z orasidan chiqqan ko'rnamak"lar bilan birlashib, kurashga otlanadi va bu harakat Rossiyada inqilob, unga Turkistonlik mardikorlarni qo'shilishi bilan yakun topadi.

"Istibdod qurbonlari"ni xolis muhokamadan o'tkazsak, inqilob hayoli bilan birga, eskicha yashash odatiga isyon mavzusi asarda yetakchilik qilganini ko'ramiz.

Ayni vaqtda eskicha yashash odatlari qon-qoniga singib ketgan xalqni ko'zini ochish, ma'rifatni targ'ib qilish, shariatni amalga to'la joriy qilishda uni fosiq, sotqin qozi-yu mullalardan tozalash va nihoyat chinakam bilimli qilish, yangicha yashash yo'liga o'tayotgan yoshlarni tushinish va ularni quvvatlash ekani ayon bo'ladi.

Chunonchi o'quvchi va tomoshabin Sanavbar bilan to'rtinchi pardada uchrashadi. U Sayidxondan ayriliq va ota-ona zug'mi azobidan betob yotar ekan, "Bosh tarafida lavh (tovcha) ustida ro'mon kitoblari" taxlanib yotadi. Bu bilan Hamza Sanavbarni bilim va ma'rifat egasi, ilg'or tushunchalar tarafdori ekanini uqdirmoqchi bo'ladi. Bu g'oya Sanavbarni onasi Xayrinisoning mardikorga ketgan o'g'li Qosimjondan darak yo'qligi xususida mahalla dasturxonchisi Xalchaga shikoyatidan boshlanadi. Xalcha esa hayron bo'lib, "Axir alxamdululloh, sizlarni davlatlaringiz bor, bittamas, ikkita -uchta odamni yollashga qodir edingiz. Nimaga Qosimjonni o'rniga odam olib bermadingiz ?" savoliga Xayriniso, "Ey xola, muni tegini so'rab, mani yuragimga tag'in o't yoqmang! Qo'rboshi yer yutkur o'chakishib qoldida ... Hozir buni aytadigan

vaqti emas, boshqa vaqt fursati bilan gapuraman, " javobiga, Sanobar boshini ko'tarib, deydi: "Mandin yashurub nima qilasiz? Yo xolamdan yashurasizmi? Muni bilmagan odam farzandiyam qoldimi? Mani akamga hech kim sabab bo'lgani yo'q, faqat siz! Andin keyin dadam sabab bo'ldilar! Bechora akam bo'lsa, johil otamni fe'li farosatliligiga achchiq qildida ketdi (yig'lar)"

Bu achchiq qilishning tagida dramaning etakchi mavzui va konflikti yotadi.

Sanobar badavlat Karimxojining qizi, sevgilisi Saidxon esa uning kambag'al bechora akasi Mirzaboyning o'g'li.

Sanobar ichkari asirasi emas. Ostona xatlab ko'chaga chiqqan, Saidxon bilan yangi maktabda savodini chiqargan, roman, pyesalar o'qib, yangi adabiyot va san'at turlariga ko'ngil qo'ygan, bo'yi yetgan qiz.

Sanobarni yo ko'rgan, yo dovrug'ini eshitgan shahar Qo'rboshisi ikki xotini ustiga Sanobarni xotinlikka so'raydi. Karimxoji qizi bilan Sayidxonni ahdu-paymoni, akasi va o'g'li Qosimjonlarning xohish-istaklarini bo'laturib, qizini Qo'rboshiga berishga rozi bo'ladi.

Sanobar bu bedodlik xalqning qoniga o'rnashib qolgan eski rasm-u odatlarning oqibati ekanini ochiq aytadi: "Ota-bobolarni odati qursin! Menga o'xshagan qizlarni va sultondek yigitlarni vaqtsiz ajal bila qora yerga nixon qildilar".

Bu rasmu- odat xaloyiqning xiyla qatlamini jaholat sari sudraydi. Jaholat quliga aylangan ota-onadan farzandlariga bo'lgan mehr so'na boradi. Ularning xohish va istagiga nisbatan loqaydlik paydo bo'lib, oqibatda zo'ravonlikka aylanadi. Shariatdan bo'lsa diyonat ko'tariladi.

Rasmi-odatga rioya qilish niqobi ostida qozi-yu ulamolar hiyonat yo'liga o'tadilar. Oqibatda farzandlar, umuman yosh avloddan ixtiyor tortib olinib, u zulm-istibdod ostida qoladi. Bunga biz Sanavbarning Xalcha xola bilan quyidagi suhbatidan amin bo'lamiz.

Xalcha xola - ... Otangiz undaqa judayam noinsof kishilardan emas. Sadaqalari ketay, shariat mustafoga bo'yun sungan, ulamolarni so'zlaridan chiqmaydigan batavfiq kishi-ku, bolam!

Sanobar - Qo'ying xola! Ulamo deb tag'in mani yondurmang! Uyi kuysun, xonavayron bo'lsun, o'sha puldorlarga sajda qiladigan johillar! O'shalar shariatni poymol qildida. Ummati Muhammadni xarob qildi, xarob qildi!

Xalcha Xola - ... Ulamolarga til tekuzmang, kishi kofir bo'ladi-ya!

Sanobar - (achchig' ila). Ulamoni yoqlab gapurmang, dedimku, xola! Men sizdan yaxshiroq bilaman, chin ulamo kim? Xoin kim? Agar bizni oramizda haqiqiy ulamo bo'lsa edi, bizni boshimizga bugun munday qaro kunlar tushub turmas edi. Bilasizmi, qani ulamo? Go'rda, yo onasini qornida!

Anashu qaro kunlar keltirgan qismat va istibdodga nisbatan Sanavbar isyon ko'taradi va o'zini osib o'ldiradi. O'zini osish qaroriga u Saidxonni o'ldiga chiqarib,

Qo'rboshí tomonidan uyushtirilgan soxta xatni Xalcha dasturxonchi unga topshirmasdan avval to'rtinchi pardaning boshidayoq keladi. Uning bu qilmushi ota-ona mehrsizligi, loqaydligi, hatto farzandini oldi-sotti buyumiga aylantirish kayfiyatiga javob edi. Sanobar onasiga aytadi: "Qizni faryodasi - ona, o'g'ilniki ota bo'ladi. Mani gapum malol kelganin o'zim ham yaxshi bilaman! Lekin har holda o'zumdan umidum yo'q uchun tanamdan jonim chiqquncha gapuraman. Chunki man o'lum kishisiman (tagini biz chizdik, T.T). Mendan sizlar ham umidlaringizni uzing! Men sizlardan bo'lsun, boshqasidan bo'lsun umidimni uzganman... Pul uchun imon va qizini sotadigan otamgayam gapuraveraman. Mandan keyin bitta qiz topinglarda, o'sha qonxo'rga berub, murodlaringga yetinglar! Boyam bo'lasizlar, baobro'yam bo'lasizlar".

Jaholat, nodonlik, eskirgan odatlarga mukkasidan ketishni fosh etishdek ma'rifatparvar jadidlar ijodiga xos mavzu bu asarda ayniqsa atroflicha ochiladi. Sababi u borgan sari dolzarb ahamiyat kasb etib, unga qarshi kurashuvchilarning soni ham pyesada ko'p. SHundaylardan biri Sanobarning tog'asi Qozixon. U asarning avvalidanoq Sanobar bilan Sayidxonning ahdu-paymonini ma'qullab, Karimxojini insofga chaqiradi. Bu ish foyda bermagach, jiyanining taqdiri va sog'ligidan xavotirda yurgan Qozixonning sabri tugab yuragidagini Karimxoji va Xayrinisoga to'kib soladi:

"Oxiri shu qizni ham boshiga etasizlar! Innay keyin xotirjam bo'lasizlarda. Sizlarni nodonliklaringiz milyuncha shunday qizu va barno yigitlarni er bilan yakson qildi. Mendan ham o'zlaringiz xo'b yaxshi bilasizku, muni betobligi faqat o'sha Sayidxonni dardi-muhabbati, boshqa emas (tagini biz chizdik, T.T). Sizlarga nima bo'ldi ? Begona emasku! Muncha pul uchun o'lmoq! Pochcha, shuncha davlat kamlik qildimi sizga? Birgina qizga rahmingiz kelmaydimi ? Nodonliklaringiz shunchaki, yigitni yaxshi-yomonini qo'yasizda, puli bormi, obro'yi bormi, bo'ldi! Qiz o'tga yonsun, mayli! Mana, muni qarang! Bu bechora munda betob, bir. Qosimjon, mana, g'urbatda sarson - sargardon, ikki. U bechora Sayidxondan ajralub, bechora pochcham yig'lab, yig'lab, ikki ko'zi ko'r bo'ldi, o'ldi, uch. Bechora ayam bir bosh o'zi qolub, biror martaba xolidan xabar olmaysiz, uyam o'lar xolatga etdi, to'rt. Tog'am ham Sayidxon o'qo'g'on bir yigit uchun sabr qildi. Bo'lmasa, allaqachon boshingizga na kulfatlarni solgan va qizingizni biror tarafga olub qochub ketgan bo'lar edi. Muncha sho'rish va musibatlarga faqat o'zlaringizni jahilliklaringiz, shariatdan ko'z yumub, botil rasm-rusumlarga amal va e'tiqodlaringiz sabab bo'ldi. Yana oxiri nima bo'ladi, ma'lum emas. Boshida o'sha man aytgan vaqtda "xo'b" desangiz bunday fojialar ham yo'q edi".

Bu fojianing bosh qurboni Sayidxon, bilimsizlik va jaholat oqibatida butun bir Turkiston mudroq, irodasiz, shafqattalab kishilar makoniga aylanayotganini bilardi. Shu makonda jaholat istibdodi bilan bosqinchi istibdodi vijdonsiz boy va chinovniklar bilan birlashib jafokash xalqni ezayotganini zulmda qolganlar etarli sezmayotganliklari

sababli Sayidxon sevgilisiga etishish rejasini chetga surib, safarbar etilganlar ichida mardikorga (loshmon)ga ketishga qaror qiladi.

Qo'sh istibdod azobida qolgan vatandoshlari ahvoliga sherik Sayidxon asarning avvali-birinchi pardada alamidan ularga deydi: "Baxtsizlar! Mazlumlar! Itdan xo'r, suyakdan xarob, (Tepinib.) Siz musulmonlarning qadr-qimmatingiz bu mustabid zolimlarning qoshinda bir xashakchalik qadri yo'q. esiz, esiz. Hali ham uxlash g'aflatida yotdingiz! eziling, yanchilingda, tog' hayvonlaridek yog'rinlaringiz temir qamchilarni eb, ko'rsatgan erlariga yo'rtub yuring! (Rabochiylarga.) Uxlang! ... Ko'zingiz xargiz ochilmasun! Mana, mana bunday xollarni ko'rub, fikr qiluv va o'zingiz nima uchun bunday kunlarga tushganin sezuv uchun xis kerak, xis!"

Hamza bunday his, uyg'oq Sayidxonda mavjud ekanini ko'rsatmoqchi bo'ladi. Undagi mavjud zukkolik, xalqparvarlik xislatlariga ozodlik uchun kurash istaklarini qo'shadi. Oqibatda Sayidxon inqilobchiga aylanadi. Pyesaning nihoyasida qilmush va qismatidan rozi Sayidxon hurriyat bayrog'ini yuziga surtib, jon beradi: "Shukur, shukur. Men endi roziman. Oh ajal!"

"Boy ila xizmatchi"da ham "Istibdod qurbonlari"da ham inqilob Rusiyada yuz beradi. Jaholat, ikki tamonlama istibdod ostida qolgan Turkiston aholisining bir qismi, uning ko'zi ochilgan fuqarolari - Sayidxon, Ahmadjon, Qosimjon, Jalilboy singarilar bu jarayonga tortiladilar.

Ana shu tortilishning sababi esa qanday bo'lmasin umumiy jaxolat, mahalliy va kelgindi hukmdorlar zulmidan qutilish choralarini izlashda edi. Hamza bu choralarni inqilobdan topadi.

Inqilob mavzuini so'ngi dramatik asari- "Jahon sarmoyasining eng oxirgi kunlari" (1927) pyesasida dunyo inqilobining g'alabasi g'oyasini o'rtaga qo'yish bilan yakunlaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Rahmonov M., To'laxo'jayeva M. T., Muxtorov I. A. O'zbek milliy akademik drama teatri tarixi. - T., 2003.

2. Rizayev SH. Jadid dramasi. - T.: Sharq, 1997.

3. Istiqlol va milliy teatr (to'plam). - T.: Yangi asr avlodi, 2002.

4. Tursunboyev S. Teatr tarixi. - T.: Bilim, 2005.

5. Tursunov T. Sahna va zamon. - T.: Yangi asr avlodi, 2007.

6. Islomov T. Tarix va sahna. - T.: G'. G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti, 1998.

iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.