HALIMA XUDOYBERDIYEVA SHE'RIYATIDA QO'LLANILGAN LEKSIK
BIRLIKLAR
Gulhayo Hamroqulovna Eshniyozova
Navoiy davlat pedagogika instituti, Yoshlar bilan ishlash ma'naviyat va ma'rifat
uslubchisi
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada o'zbek she'riyatining irodasi metin, iqtidori chin, hassos shoirasi Halima Xudoyberdiyeva she'riyatida qo'llanilgan leksik birliklar xususida so'z yuritilgan.
Kalit so'zlar: leksik birliklar, ma'nodosh so'zlar, zid ma'noli so'zlar, maqollar, sheva so'zlari
LEXICAL UNITS USED IN HALIMA KHUDOIBERDIYEVA'S POETRY
ABSTRACT
This article deals with the lexical units used in the poetry of Uzbek poet Halima Khudoiberdiyeva.
Keywords: lexical units, synonyms, antonyms, proverbs, dialects
Tilda ham har bir unsurning o'z vazifasi, ma'no doirasi, boshqa unsurlar, birliklar bilan bog'lanish qonuniyatlari mavjud. Ana shu qonuniyatlardan to'la xabardor bo'lgan, badiiy didi, so'z sezgisi va mahorati yuksak yozuvchi betakror tasvir, kutilmagan, ohorli badiiy lavhalar, so'z chaqinlarini paydo qila oladiki, kitobxon ijdkorning nafaqat g'oyasi, balki go'zal tilining asiriga aylanadi. Bunda yozuvchi umumxalq tilidagi badiiy tasvirga favqulodda muvofiq birliklarni tanlash, saralash va sayqallash asosida, lisoniy-badiiy qonuniyatlardan kelib chiqqan holda ularga yuklangan xilma-xil badiiy-estetik ma'nolar hal qiluvchi rol o'ynaydi.
Halima Xudoyberdiyeva XXI asr o'zbek she'riyatida ana shunday yuksak mahoratga erisha olgan yetuk namoyandalaridan biridir.
Halima Xudoyberdiyeva she'riyatini lisoniy tahlil qilish jarayonida she'riy misralardagi emotsional-ekspressiv ifoda semalari qabariq holda reallashgan leksik birliklar aniqlandi va ular ijodkorning badiiy-estetik maqsadiga qay darajada xizmat qilganligi haqida mulohaza yuritish imkoniyati paydo bo'ldi.
Quyida Halima Xudoyberdiyeva she'riyatining leksik-poetik xususiyatlarini shu asosda tahlil etishga harakat qilamiz.
Ma'nodosh so'zlar shaklan har xil, ammo bir tushunchani turli bo'yoq va ottenka tusi bilan ifodalaydigan leksema turi, ya'ni sinonimlar (gr. synonymos - "bir nomli").
SCIENTIFIC PROGRESS
VOLUME 2 I ISSUE 5 I 2021 ISSN: 2181-1601
Sinonim leksema orasidagi munosabat sinonimiya yoki sinonimik munosabat deb yuritiladi.
O'zbek tili ma'nodosh so'zlarga juda boy. So'z qudratini, nafosatini, uning ta'sir kuchini his eta oladigan, til sezgirligi yuqori bo'lgan haqiqiy ijodkorgina tilimizdagi ma'nodosh so'zlar ichidan tasvir maqsadi va ruhiyatiga muvofiq keladigan aniq munosib so'zni topib o'z asarida qo'llaydiki, shu tariqa o'z o'rniga tushgan so'z o'quvchini ohanrabodek o'ziga tortadi, uning tiliga, diliga ko'chadi. O'z o'rnida qo'llanilgan so'zgina qahramonlar ruhiyati hamda tasvir obyektining eng kichik qirralarigacha real ko'rsatib berishga qodir bo'ladi. Badiiy matndagi ma'nodosh so'zlar tahlilida, asosan, ikki jihatga e'tiborni qaratish zarur. Ijodkor- ikki yoki undan ortiq ma'nodosh so'zdan ifodalanayotgan mazmun uchun eng maqbul birini tanlaydi. Jumladan,
Ustoz G'afur hakimona bashorat qila bilgan, Qalb qonida bo'lmoqligin qiz deganning barini. Odam ato yigit chog'da qiz bola deb quvilgan, O'ksimasdan tashlab ketgan behishtning bog'larini.("Singlim Gulnoraga" she'ridan) jannat ~ behisht ~ rizvon
Quyidagi she'rda shoira behisht so'zi o'rnida uning boshqa sinonimlari jannat yoki rizvon so'zlarini qo'llasa ham, she'r vazniga (bo'g'in soniga) putur yetmas edi. Ammo shoira deyarli barcha o'zbek uchun umumiste'mol so'zga aylanib ulgurgan jannat birligini qo'llamaydi yoki "Qur'oni Karim" oyatlaridan, hadisi shariflardan xabardor bo'lmagan kishi rizvon so'zining lug'aviy ma'nosini tushunmasligi ham tabiiy hol. Shunday sharoitda ijodkor "ko'pchilikning qulog'iga tekkan" birlik(behisht)ni ajratib qo'llaydiki, bu uning so'zdan o'rinli foydalana olish mahorati bilan bog'liq. Halima Xudoyberdiyeva she'rlarida matniy sinonimlar shu darajada ko'p va rang-barangki, ular shoira ijodida quyma misralarning yuzaga kelishini ta'minlovchi vositalardan biriga aylangan.
Frazeologik ma'nodoshlik. Voqelikni obrazli tasvirlashda, uni kitobxon ko'z o'ngida aniq va to'la gavdalantirishda frazeologik iboralarning ma'nodoshligidan keng foydalaniladi. Oyog'ini qo'liga olib - o'pkasini cho'pga ilib, yuz o'girmoq - bet qaytarmoq, yaxshi ko'rmoq - ko'ngil bermoq, ikki oyog'ini bir etikka tiqmoq - oyoq tirab olmoq, oyog'i kuygan tovuqdek - pashsha talagan itdek kabilar frazeologik ma'nodoshlikka misol bo'ladi. Jumla tarkibida kelgan ma'nodosh iboralar qahramon bilan aloqador biror bir sifatni, xususiyatni detallashtiradi, tafsilotning ikir-chikirigacha ko'rsatib berishga xizmat qiladi. Masalan, yuragingga kirgan mard ~ bosh(ing)ga qo'ngan xumo (seviklisi, baxti) Men Seni yer-ko'kka ishonardimmi, Qizning chin baxti - bu, taqdir ishi -bu. Mayli, yuragingga kirgan mardingning - Boshga qo'ngan, ketmas xumo qushi bo'l. ("Qizini uzatayotgan ona o'ylari" she'ridan)
Leksik-frazeologik ma'nodoshlik. Lug'aviy birlik sifatida frazeologizmlar so'zlar bilan ham sinonimik munosabatda bo'la olishini bilamiz. Badiiy matnda
ma'nodoshlikning bunday turidan holatni bo'rttirib, atroflicha tasvirlashda foydalaniladi. Jumladan, Ishdan ketdi, shunday oddiy hol kechdi, Ilk bor ko'rdi so'nggi so'qmoqlarini. Hokimik libosin (jimgina) yechdi, Chetga qo'ydi g'azab to'qmoqlarini...(" Ishdan ketdi" she'ridan)
Zid ma'noli so'zlar. Tilda zid ma'noli so'zlarning mavjudligi badiiy nutqning ifodaliligi, ekspressivligi, ta'sirchanligini ta'minlashda qulay vositalardan biridir. Zid ma'noli so'zlarni yonma-yon qo'llash orqali tushunchalar, belgilar, holatlar, obrazlar zidlantiriladi. Odatda, lisoniy va kontekstual yoki nutqiy zid ma'noli so'zlar farqlanadi. Masalan, Demasman, dunyoda ortiq bor, kam bor, Yashashimga arzir yorug' bir sham bor. So'ng kunimgacha shoh yo gado bo'lib, Eshigimga kelar bitta odam bor. ("Sadoqat" she'ridan)
Go'dakday ko'zlarin ketmasmi yoshlab, Chekinib to'qlari, gadolari-da? ("Bayroqni bermasdan" she'ridan)
Halima Xudoyberdiyeva she'riyatida maqollardan ham unumli foydalanganini ko'rishimiz mumkin. Masalan,
So'rang yuragingizga qachon sanchilgan tig'lar, Axir azaga brogan o'z dardin aytib yig'lar.("Shoira singillarimga" she'ridan) Ushbu she'rda shoira nutqimizdagi "Azaga borgan xotin o'z dardin aytib yig'laydi" maqolidan shoira ustalik bilan foydalangan.
Shuningdek, shoira she'rlarida sheva so'zlarini o'ziga xos ishlatilganligini kuzatamiz: Menda esa yurak notinch qoldi-ku suron boshlab, Bolamga kim aytar bugun enasin ertagini. ("Ship- ship oyoq tovushlari" she'ridan)
O'zbekiston Xalq shoirasi, satrlari qatidan "Qiynalib yashamoq - yozug'im mening" deya "Ich-ichida yo'lbars o'kirib sirtdan mayin jilmaygan ayol " ijodkor Halima Xudoyberdiyeva poeziyasi tili boyligi va jo'shqinligi, xalqchilligi va millatparvarligi, betakror va jarangdorligi bilan; til vositalarining keng va rang-barang stilistik imkoniyatlarini o'ziga xos tovlanishlarda yuzaga chiqara olganligi bilan yuksak baholanishga loyiq.
REFERENCES
1. Yo'ldoshev M. "Badiiy matnning lingvopoetik tadqiqi" . Diss.avtoref.Toshkent 2009-
y
2. Karimov O. "Badiiy obrazning ko'p ma'nolilik xususiyatlari". O'zbek tili va adabiyoti 1990-y
3. www.arxiv.uz
4. www.ziyonet.uz