Научная статья на тему 'GEOGRAFIYA FANI HAQIDA BILASIZMI?'

GEOGRAFIYA FANI HAQIDA BILASIZMI? Текст научной статьи по специальности «Социальная и экономическая география»

CC BY
874
208
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
geografiya / tarmoq / tabiiy geografiya / nazariya / sayyoralar / yer.

Аннотация научной статьи по социальной и экономической географии, автор научной работы — Sultanova Xasiyat Aminbayevna, Ròzimova Mahinur Fahriddinovna

Mazkur maqolada fanlar ichida alohida o‘ringa ega bo‘lgan geografiya fani, uning tarmoqlari, rivojlanish bosqichlari haqida so‘z yuritiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «GEOGRAFIYA FANI HAQIDA BILASIZMI?»

GEOGRAFIYA FANI HAQIDA BILASIZMI?

Sultanova Xasiyat Aminbayevna Rozimova Mahinur Fahriddinovna

Xorazm viloyati Urganch shahridagi 8-son maktabning geografiya fani o'qituvchilari https://doi.org/10.5281/zenodo.7515404

Annotatsiya: Mazkur maqolada fanlar ichida alohida o'ringa ega bo'lgan geografiya fani, uning tarmoqlari, rivojlanish bosqichlari haqida so'z yuritiladi. Kalit so'zlar: geografiya, tarmoq, tabiiy geografiya, nazariya, sayyoralar, yer.

Geografiya yoki jo'g'rofiya — Yerning geografik qobig'i, uning struktura va dinamikasi, alohida komponentlarini hududlar bo'yicha o'zaro ta'siri va taqsimlanishini o'rganadigan fanlar majmui. Antik dunyo g'arb olimlari Yer yuzasining manzarasini geografiya so'zi bilan ifodalaganlar. Geografiya terminini dastlab Eratosfen (mil. av. 276—194 yillarda yashagan) kiritgan. O'rta Osiyoda 9-10-asrlardan boshlab geografiya so'zi ma'nosida "surati arz", "yetti iqlim", "Kitob almasolik valmamolik" ("Mamlakatlar va masofalar kitobi") iboralari qo'llanilgan. 19-asrda va 20-asr boshlarida o'zbek tilida geografiya arabcha talaffuz bilan „jug'rofiya" shaklida yozilgan. Keyinroq geografiya shakli rasmiy tus oldi. Hozirgi davrda „Geografiya" o'rniga „Geografiya fanlari sistemasi" iborasini qo'llash ilmiy jihatdan to'g'riroqdir.

Geografiya fanlari sistemasi 3 asosiy tarmoqqa bo'linadi: a) tabiiy, ya'ni tabiiy geografik fanlar — ularga tabiiy geografiya (umumiy yer bilimi, landshaftshunoslik va paleogeografiyani o'z ichiga oladi), geomorfologiya, iqlimshunoslik, quruqlik gidrologiyasi, okeanologiya, glyatsiologiya, geokriologiya, tuproqlar geografiyasi va biogeografiya kiradi; b) ijtimoiy va iqtisodiy geografik fanlar — umumiy va regional iqtisodiy geografiya, xo'jalik tarmoqlari geografiyasi (sanoat geografiyasi, qishloq xo'jaligi geografiyasi, transport geografiyasi va b.), aholi geografiyasi, siyosiy geografiya; v) haritagrafiya. Undan tashqari geografiyaga mamlakatshunoslik, tibbiy geografiya, rekreatsiya va harbiy geografiya ham kiradi. Keyingi yillarda, koinotni o'rganish rivojlanishi bilan selenografiya (Oy Geografiyasi), kosmos yershunosligi kabi sohalar ham vujudga keldi. Yer sun'iy yo'ldoshlari va kosmik kemadan turib Yer yuzasining suratini olish va xaritasini tuzish usullari ham yaratildi.

Geografiya eng qadimgi fanlardandir. Odamzod paydo bo'lgandan keyin muayyan davr o'tgach, tabiiy muhit bilan jamiyatning o'zaro munosabatlari natijasida, ovchilik, yerni ishlash va savdo-sotiq ehtiyojlariga ko'ra yaqin-uzoq masofalarga borib kelish, tevarak-atrofni bilish va turli-tuman xalqlar o'rtasida o'zaro

muomala qilish boshlangan. Odamlar ilmiy-amaliy maqsadlarda dengiz yo'llarini va joylarning tabiatini, xo'jaligi va xalqlarini o'rganib turganlar. Shu yo'llar bilan geografik ma'lumotlar to'plangan, devor va toshlarga bitilgan, qog'ozga yozilgan. Mil. av. qadimgi dunyoning madaniyat markazlarida (Turon, Shimoliy Hindiston, Xitoy, Bobil va Ossuriya, Misr va Yunonistonda) dastlabki ilmiy xulosalarga erishildi. Doira 360 gradusga bo'lindi, sutka 24 soat deb belgilandi, geografik kenglik va uzunlik ifodalari yuzaga keldi. Yer shar shaklida degan fikr maydonga keldi (yunon olimlari Fales, Pifagor, Eratosfen va Aristotel), dastlabki globus va ibtidoiy xarita yasaldi (Anaksimandr), dunyo qit'alariga nom berildi. Iskandariyalik matematik va geograf Eratosfen (mil. av. 3-asrda) Yer aylanasining uzunligini o'lchab ko'rgan va Yer meridianining (hozirgi o'lchov birligida) 39816 kilometrligini aniqlagan. Bu esa haqiqiy uzunligiga ancha yaqindir. Yer yuzida issiq, mo'tadil va sovuq mintaqalar borligi, ya'ni geografik zonallik tushunchasi ham qadimgi dunyo geografiyasining nazariy yutuqlaridandir. O'sha davrda ba'zilar Yer yuzida suvlik ko'p desalar, boshqalar, aksincha, quruqlik ko'p der edilar. Shuningdek, Quyosh bilan Yerning munosabati xususida ham ikki mulohaza bo'lgan. Ayrim olimlar (ayniqsa Ptolemey) olamning markazini Yer hisoblab, Quyosh va sayyoralar esa uning atrofida aylanadi (geotsentrik nazariya) desalar, boshqa olimlar geliotsentrik nazariyani ilgari surdilar, ya'ni olamning markazi Quyoshdir, Yer va boshqa sayyoralar uning atrofida aylanadi deganlar. Aleksandr (Iskander Makduniy)ning Eron, Turon va Hindistonga yurishlari hamda finikiyaliklarning O'rta dengiz va Afrika tevaragidagi suzishlari geografik tasavvurlarni birmuncha kengaytirdi. Umuman, yunon olimlari Sharqdagi ilm-fan markazlarining yutuqlaridan xabardor bo'lganlar va ulardan o'z asarlarida foydalanganlar. Strabon (mil. av. 63 yil-mil. 21 yil) dunyo geografiyasidan 17 jildli kitob yezdi (2 jildi umumiy geografiya, 8 jildi — Yevropa, 1 jildi — Afrika, 6 jildi — Osiyo), Klavdiy Ptolemey (90—168 yillar) Geografiya va xaritagrafik proyeksiyalarga doir 8 jild kitob yezdi. Turonlik va eronliklarning muqaddas kitobi Zend Avestoda ayrim geografik ma'lumotlar bor. Unda dunyodagi mamlakatlar — Eronvej, Sugd, Muru (Marv), Baxdi (Baqtriya), Nisoim (Jan. Turkmenistan), Ho'ruyu (Xirot), Hafta Hendu (Yetti Hindiston) va boshqalar tilga olingan, ba'zilari ta'riflangan.

O'rta asrlarda vizantiyalik Zemarx (6-asr) Sharqiy Dashti Qipchoqqa sayohat qildi, normanlar (skandinaviyaliklar) 9—10-asrlarda Atlantika okeanining shimolida suzib, Islandiya, Grenlandiya va Shimoliy Amerikagacha safar qildilar, rus pomorlari Shimoliy Muz okeanidagi ayrim orollarni o'zlashtira boshladilar. 13-asr o'rtalarida Fransiya qiroli Lyudovik IXning elchisi sifatida O'rta Osiyoga Rubruk kelib ketdi, italiyalik Plano Karpini Mongoliyagacha yetib bordi. O'rta asrlarda yevropaliklarning geografik tasavvurlariga eng katta ta'sir etgan voqea — Marko Poloning 25 yil davom etgan Xitoy sayohati (13-asr oxiri) bo'ldi. O'rta asrlarda Sharq

mamlakatlarida madaniyatning yuksalishi, bir qancha mustaqil davlatlarning barpo etilishi, savdo-sotiq avj olishi natijasida Turkiya, Iroq, Eron, Hindiston va Movarounnahrda Geografiya fani ancha rivoj topdi. Uning eng yirik namoyandalaridan biri Muhammad ibn Muso Xorazmiy (8-asr oxiri — 9-asr o'rtalari) Geografiyaga doyr „Surat ul-arz" kitobini yezdi. Unda dunyodagi 537 shaharning koordinatalari va qisqacha izohi berilgan. Aslida bu kitob kattagina bir geografik atlasning izohnomasi bo'lgan. Xorazmiy bu kitobini yozishda Ptolemeyning „Geografiya" asaridan qisman foydalangan. Bu bilan qadimgi dunyo Geografiyasining merosi saqlab qolindi. 9-asrdan e'tiboran arab va fors tillarida yaratilgan barcha geografik asarlar Xorazmiy kitobiga asoslangan. Shunday qilib, Xorazmiy butun Sharq Geografiyasining asoschisi bo'lib qoldi.

Yuqoridagilardan ko'rinib, turganidek, geografiya fani juda qadimiy fan bo'lib, ushbu fanni yaxshi bilish bizning dunyo, ayniqsa, yer sayyorasi, uning tuzilishi haqidagi bilimlarimizni oshirishga xizmat qiladi. Shunday ekan, har birimiz ushbu fanni maktab davridanoq chuqur o'rganishga bel bog'lashimiz lozim.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. O'zME, Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.

2. Hasanov H., O'rtaosiyolik geograf va sayyohlar, T., 1964;

3. Qoriyev M., O'rta Osiyo tabiiy geografiney, 2-nashr, T., 1968.

4. www.ziyo.uz

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.