SCIENTIFIC PROGRESS VOLUME 3 I ISSUE 4 I 2022 _ISSN: 2181-1601
FYODOR DOSTOYEVSKIY FALSAFASIDA INSON ERKINLIGI VA E'TIQOD
MASALALARI
Ilhom Salimov
Ijtimoiy fanlar fakulteti Falsafa tarixi yo'nalishi magistranti
ANNOTATSIYA
Maqolada falsafa tarixida Dostoyevskiyning tutgan o'rni va uning asarlari orqali shakllangan falsafa, asar qahramonlari orqali erkinlik, huquq, e'tiqod masalalari, din va dinsizlik, inson ongida yuz beradigan inqirozlar yoritilgan.
Kalit so'zlar: Dostoyevskiy, inson, e'tiqod, erkinlik, din, xudo, «Aka-uka Karamazovlar», «Iblislar», «Buyuk Inkivizator» tafakkur, haqiqat, ekzistensial inqiroz, dinsizlik, «karamazovchilik», Iso, payg'ambarlar.
Fyodor Dostoyevskiy o'z asarlarida din, dinsizlik, inson erki, go'zallik masalalariga qayta - qayta murojaat qiladi. Jumladan, "Aka - uka Karamazovlar" asarida "Odamni xudo yaratdimi yoki odam xudoni?"- degan savol atrofida fikr yuritadi. Agar xudo bo'lmaganda edi, uni baribir o'ylab topishar edi, - degan edi Volter. Ya'ni, Xudo bu zarurat. Dostoyevskiy e'tibor qaratgan jihat faqatgina xudo g'oyasi zarurat ekanligidagina emas, balki bunday yuksak bir g'oyaning shu qadar tuban insoniyat tomonidan o'ylab topilishi edi. Bu yerda uning mavjud yoki mavjud emasligi boshqa masala. Muhimi, shu qadar jozibali va sharafli fikr, Dostoyevskiy ta'biri bilan aytganda, badbaxt va vahshiy maxluq - inson kallasiga kelib qolganligi. U ba'zi insonlarni hayvondanda tubanroqqa qo'yadi, chunki misol uchun yo'lbars bosadi va g'ajiydi, u bundan boshqasini bilmaydi. Hayvon odamdek berahm bo'la olmaydi, faqat odamgina shunchaki emas, azoblab, har xil usullar bilan odam o'ldirishni o'ylab topa oladi. Iblis yo'q bo'sa ham, uni odamning o'zi yartagan, o'ziga qarab, o'z siymosidan nusxa olib yaratgan, shu qatori xudoni ham deydi. Bunda xudoni antropomorflashtirishga urg'u beriladi. Har qanday ilohiy ta'limotni ham odamlar baribir o'z tafakkurlariga moslab olishadi, barcha dinlarda olamlarni yaratgan deyilgan xudolar insoniy xislatlarga ega bo'lib borgan, chunki odamning tasavvuri cheklangan va u o'zi ko'rmagan nimadirlarni o'zi ko'rgan nimadirlarga taqqosalab, o'xshatib tasavvur qiladi.
Beruniy "Hindiston" asarida oddiy omi xalq va haqiqiy e'tiqod qiluvchilar o'rtasidagi farqni ayni shu xudoni antropomorflashtirishda ko'radi. Masalan, ming ko'zli Shiva obrazi xudo barcha narsalarni ko'rib turadi degan fikrning mahsulidir. Sodda tafakkur o'ylaydiki, hamma narsani ko'rib turibdimi, demak, ko'zi ko'p bo'lishi kerak. Yoki Jaloliddin Rumiy xudoni tepada o'tirib olib bizning gunoh va savoblarimizni sanab, hisob - kitob qilib o'tiradigan savdogar ko'rinishida tasavvur
qilmaslikni aytadi. Inson tabiatida yovuzlik, vahshiylik mavjud. Jamiyat, ijtmoiy me'yorlar, axloq, qonunlar buni bosib turadi, yuzaga chiqarmaydi. Bir tadqiqotda bir guruh odamlar bir hududga joylashtiriladi va bir qancha muddat ba'zilari boshliq, boshqalar qul rolini o'ynab turishi aytiladi. Bir hafta o'tar - o'tmas boshliq rolidagilar rostakamiga qo'l ostidagilarga zulm qila boshlaydi. Insnonning vahshiyligi o'zidan ojizlar oldida yuzaga chiqadi, bunda eng ko'p jabr ko'radigani uy hayvonlari va bolalar. Ularning himoyasizligi ezuvchini yanada vahshiylashtiradi, - deydi Dostoyevskiy.
Uning qahramonlaridan biri - Ivan Karamazov Xudoni sodda va oddiy qabul qilishini aytadi. Bunda insoniy, yoki boshqacha aytganda, zaminiy tafakkur va ilohiy tafakkurni farqlash kerak deydi. Olam ilohiy tafakkur bilan yaratilgan, lekin bizga zaminiy tafakkur berilgan. Biz o'zimizning cheklangan tafakkurimiz bilan bizning olamdan yuqori turgan ilohiy tafakkurni anglab yeta olmaymiz. Lekin bir kuni, balki o'limdan keyin mening tafakkurim o'sha ilohiy tafakkur bilan birlashsa, shu paytgacha tushunmagan barcha narsalarimni tushunsam, mangu uyg'unlik ro'y bersa ham men bularni qabul qilmayman, deydi Ivan. "Men Xudoni emas, sen buni yaxshi tushunib ol, Xudo yaratgan olamni qabul qilmayman va qabul qilishga rozi bo'lmayman".1 Bunda dalil qilib azoblangan, xo'rlangan ma'sum, begunoh bolalar taqdirini keltiradi. Kattalar bu boshqa masala. Injilga ko'ra ular ta'qiqlangan olmani yeyishgan, gunoh qilishgan, ammo bolalarda ayb yo'q. Agar dunyoda yomonlik bo'lmasa, yaxshilikni anglab yetib bo'lmasdi deyishadi. Bir kichik aybi uchun ota - onasi kaltaklab, sovuq xonaga qamab qo'yilgan qizcha o'z ahvolini to'la anglab yetib - yetmay yig'lab xudoga yolvorishlariga yetarmikin shu yaxshilik va yomonlikni anglab yetish? Shu qadar qimmatga tushar ekan, nima keragi bor edi ?
Dostoyevskiy inson erkinlikni xohlamasligini, undan qo'rqishini ta'kidlaydi. Insoniyat uchun hech narsa va hech qachon erkinlik kabi qo'rqinchli emas. Shuning uchun ular qadim-qadimdan turli-tuman dinlarni, xudolarni o'ylab topishdan charchamaydilar. "Aka-uka Karamazovlar" asarida Buyuk inkvizitor haqida bob bor. Unda oradan o'n besh asr o'tib Iso Masih tirilib kelishi tasvirlanadi. Agarda rostdan ham Iso tirilib kelsa-yu, odamlar o'rganib qolgan, ishonib qolgan, bo'ysunib kelgan dinga nimadir o'zgartirish kiritmoqchi bo'lsa uni dor ostiga olib borib qo'yishardi, chunki odamzot diniy qonun - qoidalarga, diniy tashkilotlar, ruhoniylarga sig'inib, ularga erkini topshirib, gunoh - savobni hal qilish ma'suliyatini ularga yuklab o'rganib qolgan. Inson doim muhim masalalarni o'zi hal qilishdan qochadi, u uchun kimdir hal qilishi, uni kimdir boshqarishini istaydi. "...ammo oxir - oqibat shu bilan tugaydikim, ular o'z erkinliklarini oyoqlarimiz tagiga keltirib tashlaydilar"
Insonlar hech qachon erkin bo'lmasliklarini anglab yetganlar, chunki ojiz, kuchlari kam, buzuq, mayda, g'alamislardir. Evolutsiya natijasida odam bolasi boshqa
1 Dostoyevskiy F. M. Aka-uka Karamazovlar // T.:"Yangi asr avlodi" nashriyoti - Toshkent , 2021 - yil, 423 - bet
2 Dostoyevskiy F. M. Aka-uka Karamazovlar // T. :"Yangi asr avlodi" nashriyoti - Toshkent , 2021 - yil, 452 - bet
SCIENTIFIC PROGRESS VOLUME 3 I ISSUE 4 I 2022 _ISSN: 2181-1601
jonzotlarga nisbatan eng ojiz va chala bo'lib tug'iladi. Boshqa jonzot bolalari bir necha soat ichida oyoqqa turib, bir necha kunda ozuqa topa boshlasa, odam bolasi parvarishsiz umuman yashay olmaydi, oyoqqa turishiga yillar ketsa, ozuqa topishiga undan ham ko'p ketadi. Shuning uchun inson tabiatan qaram, ijtimoiylashuvga moyil, tabiatiga ko'ra yovvoyi va vahshiy bo'lsa ham, yashab qolish, o'z ehtiyojlarini qondirish uchun ham me'yorlarga bo'ysunadi, shu jihatdan esa mayda va g'alamisdir. Injilga ko'ra ularga samoviy rizq berildi, lekin ular mangu och, mangu ojiz, mangu buzuq, mangu noshukrdirlar, samoviy rizq zaminiy rizq o'rinini bosa olmaydi. Bir necha ming odam Iso ortidan ergashib faqatgina samoviy rizqqa ergashsa, zaminiy maydaliklardan yuqorilasa ham, qolgan yuz minglab odamalar zaminiy rizqdan voz kecholmaydilar va ayni shular eng itoatgo'ydirlar, xudoga emas, xudoning nomidan gapiruvchi ruhoniylarga. Ular bizga ajablanib, hayrat bilan qaraydilar, bizni xudo deb biladilar, chunki biz ularga boshchilik qilib, ularning erkinligini olish va hukmronlik qilishga rozi bo'ldik, ular butunlay erkinlikni yomon ko'rib qolishdi, deydi Buyuk Inkvizitor. Erkin bo'lib qolgan odamning endilikdagi eng katta tashvishi kimga sajda qilish masalasi bo'lib qoladi. Shu bilan birga, sajda qiladigan yolg'iz o'zi bo'lmasligi, u umumga tegishli ekanligini ham his qilib turishi kerak. Insoniyat sig'inishga doim shunaqa narsalarni qidirib kelgan. Barcha dinlar bora-bora yakkaxudolik diniga aylangani yoki faqatgina yakkaxudolik dinlarigini bugungi kunda eng ko'p ergashuvchilarga egaligi bunga dalildir. Ularni boshqarish uchun avvalo zaminiy non va'da qilish kerak. Qornini to'ydirdingmi, ehtiyojini qondirdingmi, u senga topinadi. Lekin inson borlig'ining asrori faqat yashashdagina emas, nima uchun yashashdadir. Insonda nima uchun yashayotganiga mustahkam tasavvur bo'lmasa, u yashashni istamaydi.
Kamyu aytgan begonaga aylanadi, ekzistensial inqirozga uchraydi, absurd bilan to'qnashadi va balki oxir - oqibat o'zini nobud qilar. Chunki tug'ilish, butun umr qandaydir ishlarni qilish, azob tortish, qandaydir maqsadlar qo'yib ularga intilish, odamlar bilan, g'oyalar bilan kurashish va bir kuni o'lib kertishda inson ma'no ko'rmasa, bularning hech birini qilgisi kelmaydi, qila olmaydi, endilikda u jamiyat qo'ygan talablarga javob bermaydi. Bundaylar ko'payib ketsa esa jamiyat chok -chokidan so'kilib ketadi. Odamni faqat nongina emas, g'oyalar ham ushlab turadi. Quruq non bor joyda inson xayolotida katta bo'shliq paydo bo'ladi va u ma'no qidrishni boshlaydi. Dostoyevskiy aytmoqchiki, inson erkin tug'iladi, lekin keyin butun umr o'z erkini topshirish uchun nimanidir qidirib yuradi. Odamlarning erkinligini faqatgina ularning vijdonini tinchlantira oladigan odamlar va g'oyalargina egallay oladi. U non berganga sig'inadi, lekin ayni paytda kimdir uni vijdonini egallasa nonni tashlab vijdonini egallaganning ortidan ergashadi. Insonga erkinlik berish orqali, uni juda ko'plab chigal masalalar, tanlovlar, ikkilanishlarga tashlab qo'yiladi. Iso odamlar non uchun emas, o'zlari anglab, erkin ergashishlarini istagan edi. Ularning erkinligini olib qo'ymadi, balki yanada oshirib bordi. Bunday erkinlikka ega odam esa bora - bora shu
erkinlikni berganning o'zini ham rad etadi. Tafakkur qilib, balki haqiqat bunda emasdir, boshqa haqiqat bordir deydi. Iso qulning hukmdor oldida qo'rquv bilan turishini emas, muhabbat bilan topinishini istaydi, lekin bu odamlarga juda yuqori baho berib yuborishdir. Odamalrni ushlab turuvchi uch kuch bor deyiladi asarda : mo'jiza, asror, obro'. Isnon Xudoni qidirganday bo'lsa ham, aslida o'zini hayratlantiruvchi mo'jizalarni izlaydi. Diniy kitoblarda kelgan rivoyatlarda deyarli barcha payg'ambarlarga odamlarni hayratlantiruvchi qanaqadir mo'jizaviy hislat berilganligi aytilgan. Barcha qavmlar o'zlariga yuborilganini ta'kidlayotgan elchidan dalil so'rashadi, bularni qo'rqitganidan va hayrtaga solganidan keyingina unga ergashadilar. Eng isyonkor, tuban odam ham mo'jizasiz yasholmaydi, xudoga ishonmaganlar ham qandaydir mayda bid'atlarga ishonib yuradi. Inson tabiati shakkoklikni ko'tarmaydi. U doim sig'inishga nimadirlarni izlaydi. Yashash tarzida, fikrlashda to'la erkinlik berilgan inson isyonga qarab ketadi, barcha qadriyatlarni, qoidalarni inkor qiladi, ammo bu isyon uzoqqa bormaydi va unga qimmatga ham tushadi. Inson qanday yashashni bilishining o'zi yetmaydi, u nima uchun yashayotgani haqida ham fikrlari bo'lishi kerak. Bo'lmasa bu bosh - adog'i yo'q hayot mazmunsizliklari ichida yo'lchi yulduzini yo'qotgan sayyohdek nima qilarini, qayerga borarini bilmay o'tiraveradi.
Asarda Buyuk Inkvizitor va Iso o'rtasidagi suhbatda tavba - chiqish eshigi haqida ham gap ketadi. Iso kutganiday beg'ubor, sof yurakli, gunohsiz asl insonlar yo'q hisobi va juda kam deydi Inkvizitor. Odamzot tuban mavjudot, ular juda ko'p gunoh qiladi, agarda ularga gunoh qilishga ruxsat berilmasa, yoki qilgan gunohlarini kechirib turmasa, u dunyoda ham kechirilishiga ishontirilmasa, bu ojiz va gunohkor bandalarni boshqarib bo'lmaydi. Odam bir marta gunoh qilsa va bu uchun hech qachon kechirilmasligini bilsa, endi uni boshqa gunohlar qilishdan ushlab turadigan hech nima qolmaydi. Ayni shu o'rinda va bundan tashaqari "Telba" asarida din va axloq o'rtasidagi masala yoritiladi. Dindor odam bu , albatta, axloqli odam deganimi? Odam dinsiz bo'la turib ham axloqli bo'la olishi mumkinmi? Poyezddagi bir xudosiz, lekin ilmli, hushmuomala, insonparvar, har tomonlama ziyoli odam haqida hamda bir qotillikni qilib, keyin xochni o'pib tilovat qiladigan xudojo'y haqida gap boradi. Agar xudo bo'lmasa, unda barcha gunohlarga ruxsat beriladi degan g'oyani nazariy asoslab bergan odam aybdormi yoki shu asoslangan nazariyaga tayanib qotillik qilganmi? Biri qotil, lekin aybdor emas, boshqasi aybdor, lekin qotil emas degan xulosaga yaqinlashiladi.
Dostoyevskiyning "Aka - uka Karramazovlar" asaridan keyin "Karamazovchilik" tushunchasi kirib keldi. Bu o'sha asardagi markaziy tushuncha hisoblanadi. Karamazovchilikni kengroq tushuntirsa, bu Dostoyevskiy rus xalqi tanazzuliga sabab deb hisoblagan xudosizlik, dinsizlik, ehtiyojlar tiyiqsizligi, ruhning kirlanganligidir. Adabiyotshunoslarning fikricha, Karamazovchilik bu o'sha davrdagi nigilizmning ifodasi. Adib asoosiy katta asarlarining barida nigilizmga to'xtaladi. Xususun,
"Iblislar"3 romanidagi Stavrogin, Shatov, Liza, Kirillov obrazlarida nigilzmning nazariy asoslari, nigilistlarning o'y - fikrlari, yashash tarzi va oqibati tasvirlangan. Nigilizm butun millat fojiasi sifatida tasvirlanadi va bunda najot yo'li dinda deb ko'rsatiladi. Asarda ko'p joylarda Injildan iqtiboslar keltiriladi.
Dostoyevskiy odamga shunchaki yaxshi yoki yomon deb yondashmaydi. U isnon tabiati turfaligini, uning ongidagi, ong ostidagi chalkash fikrlarni tasvirlaydi. Uning asarlaridagi eng tuban odam dunyodagi eng beg'ubor sevgi bilan kimnidir sevadi, eng dindor va axloqli odam eng kutilmagan jinoaytlarni qilib qo'yadi. U kulayotgan odamni nima uchun kulayotganini, qanday kulayotganini, nima uchun yig'lamayotganini, kulayotib nimalarni o'ylayotganini, his qilayotganini tasvirlaydi. Inson bir vaqtning o'zida ham samimiy, ham telba bo'lishi mumkin,- deydi bir o'rinda. Unda baribir go'zallik dunyoni qutqaradi degan g'oya ustuvor bo'laveradi. U inson ma'naviy yangilanishiga, a'lo odamga aylanishiga ishonadi.
REFERENCES
1. Dostoyevskiy F. M. Aka-uka Karamazovlar // T.:"Yangi asr avlodi" nashriyoti -Toshkent , 2021 - yil, 423 - bet.
2. Dostoyevskiy F. M. Iblislar // T.: "O'qitubchi", 2020
3 Dostoyevskiy F. M. Iblislar // T.: "O'qitubchi", 2020