УДК 378
KIMYO TA'LIMINING KONSEPTUAL ASOSLARIAMALDA
B.O. No'monov1
Аннотация
Maqolada kimyo o'qitish jarayonlarining uzviyligi va uzluksizligini ta'minlash borasidagi fikrlar ta'limning ilmiylik va tarixiylik tamoyillari kontekstida bayon qilingan.
Калит сузлар: kimyo va uning texnologiyasi, kimyo o'qitish jarayonlari, kimyoning shakllanish va rivojlanish bosqichlari, kimyo fanining ontologik, gnoseologik va sosial muammolari, kimyo ta'limini takomillashtirish.
Eng ko'hna va navqiron fan, tabiatshunoslikning shoh tarmog'i-kimyo ayni davrda insoniyatga xizmat qilib kelmoqda. Ishlab chiqarish, sanoat va qishloq xo'jaligi kabi sohalarda insonning yaratuvchanlik va tashabbuskorlik jihatlari ro'y-rost namoyon bo'lishi hech kimga sir emas. Ma'lumki, kimyoning asosiy tushuncha va qonunlari, nazariya va qoidalari, faraz va xulosalari ko'p minglab fidoiy tadqiqotchilar, kashfiyotchilar, olimlar, mutaxassislar, va shunchaki, moddalar va ularning o'zgarishlari ustidan g'alaba qozonish ishtiyoqida astoylil uringanlarning mehnati natijasi o'laroq qo'lga kiritilgan/1/. Kimyoviy ilmiy va antropogen jamg'arma bugungi kunda daqiqalar davomida boyib bormoqda. Fan va uning texnologiyasi shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda shaxsning ijtimoiy, ilmiy-ma'rifiy va aksiologik jihatlariga odilona baho berish hamda uning ishtiroki bilan yaratilgan va yaratilayotgan umumbashariy qurilmalarni modernizasiya nigohida tahlil qilish o'rinlidir.
Amaldagi kimyo ilmi - taniqli fan tarixchisi Jon Bernal iborasi bilan aytganda, «uchta kit - kimyoviy termodinamika, kimyoviy kinetika va tuzilish nazariyasi» ustida turishi va zamonaviy kimyo o'qitish nazariyasi va metodikasi atom-molekulyar ta'limot, davriy qonun va «tarkib-tuzilish-xossa» uchligiga tayanib ish tutishini nazarda tutadigan bo'lsak, ushbu ta'limotlarga asos solgan ko'p sonli olimlarning ishlarini rivojlantirish yo'li bilan kimyoning keyingi taraqqiyot istiqbolini to'g'ri belgilashimiz mumkin/2/.
Xulosa qilib aytilganda, kimyo o'qitishda tarixiylik va zamonaviylikni uyg'unlashtirish, ilm-fan mashinasining harakatlantiruvchi kuchi bo'lmish olimlar, tadqiqotchilar va izlanuvchilarning mehnatini xolisona baholash hamda kimyoning jamiyat hayotidagi mavqeini to'g'ri yoritish zaruratini tan olish lozim. Ayni zamonda kimyo va uning texnologiyasining bugungi qudratini uzluksiz ta'lim tizimining asosiy bosqichlarida to'laqonli ravishda o'qitishni kimyoviy fidoiylik va kimyoviy loqaydlikning muqobil ko'zgusida tashkil etish davri etib keldi. Qolaversa, kimyoviy bilimlar mazmuniga milliylik va baynalmilallik tendensiyalari omixta tarzda singdirilishi kerak. Shu asnoda O'zbekiston Respublikasining real kimyoviy kuch-qudrati va imkoniyatlarini ifodalash orqali ta'lim oluvchilarda vatanparvarlik, milliy g'urur va faxrlanish hissini uyg'otishga erishish mumkin. Bu kabi vazifalar esa dunyoviy ilm-kimyoning milliy manzarasini moddiy olamning umumiy ilmiy manzarasi tarkibiga payvandlash yo'li bilangina to'g'ri hal qilinadi.
Kimyo va uning texnologiyasi tarixan uzoq va mashaqqatli yo'lni bosib o'tganligi ko'pchilikka ma'lum. Kimyo fanining yutuqlari amaliyotga joriy etilishi evaziga insoniyatning beminnat «dastyori» - kimyoviy texnologiya shakllanib va o'zining xosiyatli-xosiyatsiz jihatlarini namoyish qilib ham ulgurdi. Ish shu darajaga borib etdiki, tabiat yarata olmaydigan va ayrim xususiyatlari bo'yicha o'ta noyob kimyoviy modda va birikmalar zamin osti va ustidagi zavod, fabrika yoki ishlab chiqarish birlashmalari yoxud kosmik fazo muhitida hosil qilinmoqda. Lekin bunday yutuqlar oldida mag'rurlanish-mantiqsizlikdir. Chunki, birinchidan, kimyoviy texnologiya evaziga kutilmagan ekologik keskinliklar, energiya va xomashyo tanqisligi, tabiiy resurslar zaxirasining kamayishi va tugashi, ortiqcha sarf-xarajatlarga yo'l qo'yilishi kabi ko'ngilsizliklarni keltirib chiqarmoqda. Ikkinchidan, fanlarning differensiasiyasi va integrasiyasi tufayli ko'p sonli qo'shma (omixta) fanlarning
1Нуъмонов Бахтиёржон Омонжонович - преподаватель, Кокандский государственный педагогический институт, Узбекистан.
Ученый XXI века • 2016 • № 3-4 (16)
shakllanishi orqali yangi muammolar tug^lmoqda hamda ularning ijobiy echimini topish kimyogarlar va texnologlar oldida ko'ndalang bo'lmoqda. Uchinchidan, xomashyo va chiqindilardan maksimal darajada foydalanishdek masala ham dolzarb hisoblanadi.
Kimyogarlar o'zlarining ijtimoiy missiyalarini bashariyat oldida sharaf bilan ado etayotgan hozirgi davrda ularga ortiqcha ayb qo'yish ham insofdan emas, albatta. Aksincha, har xil ehtiroslarga o'rinsiz tarzda berilib, ularni qoralashdan oldin ikki karra Nobel mukofoti sovrindori, amerikalik mashhur kimyogar Laynus Polingning «Химики-это те, кто на самом деле понимает, как устроен мир», shaklidagi qanotli iborasini eslash joyizdir/3/. Axir, bu soha vakillarining fidokorona mehnatlari evazigagina mana shunday salmoqli kimyoviy, ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy jamg'arma shakllangan-ku!?
Xo'jasizlik va uquvsizlik bilan xo'jalik yuritish, kimyoviy texnologiyaning xizmatlaridan ko'r-ko'rona foydalanish, oqibatini o'ylamasdan foyda ketidan quvish kabi illatlar insoniyat oldida ba'zi muammolarni keltirib chiqarayotgani hech kimga sir emas. Shunday ekan, kimyo va kimyogarlarni ha deganda ayblayverish kerak emas. Kimyo va uning texnologiyasi xizmatidan voz kechib bo'lmaydigan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat shakllangan ayni davrda faqatgina mavjud tuzilmani modernizasiyalash, xato va kamchiliklardan to'g'ri xulosa chiqarish va antropogen hamda texnogen omillardan oqilona foydalanish evazigagina ahvolni o'nglash mumkin. Buning uchun esa, fikrimcha, birinchi galda quyidagi muammolarning ijobiy echimini izlab topish va amaliyotga tatbiq qilish hamda ularning kimyo ta'limida aks ettirilishini ta'minlash lozim:
1. Umuman, tabiat, xususan, atrof-muhit bilan kimyoviy ishlab chiqarishning maqsadga muvofiq mutanosibligini ta'minlash.
2. Atrof-muhitga salbiy ta'sir ko'rsatayotgan omillar orasida kimyoviy texnologiyaning ulushini xolisona baholash va kimyoviy muhofazaning imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish.
3. Mavjud, ayniqsa, tugab boruvchi resurslardan o'ta tejamkorlik bilan foydalanish va ularni muqobil qo'lbola resurslar bilan almashtirish.
4. Texnologik reglamentlarni qayta ko'rib chiqish va ularning ilmiy asoslangan hamda yangi variantlarini yaratish va ishlab chiqarish amaliyotiga kiritish.
5. Yangi va yuksak samarali texnologik liniyalarni izlab topish, yaratish, eskilarini ular bilan almashtirish.
6. Chiqit va chiqindilardan qayta ishlashning samarali usul va metodlarini yaratish hamda ulardan samarali foydalanish.
7. Oziq-ovqat manbalaridan foydalanuvchi texnologik korxonalarda nooziq xomashyolar evaziga mahsulotlar olinishiga erishish.
8. Ko'p tonnali va sig'imli tarmoqlarda nanotexnologiya va biotexnologiya yutuqlaridan unumli foydalanish.
9. Kimyoviy texnologiyani modernizasiyalashda asosiy e'tiborni sog'liqni saqlash, energiya va xomashyoni tejash, oziq-ovqat zaxirasini mustahkamlash, atrof-muhitning tabiiy holatiga putur etkazmaslik kabi yo'nalishlarda amalga oshirilishiga qaratish kabilar.
Darhaqiqat, «yaratuvchi» va «buzuvchi» kimyo tarmoqlari shakllangach, jahon aholisi orasida kimyoni sevuvchi-«xemofil»lar va undan bezillaydigan, cho'chiydigan hamda uni qoralovchi-«xemofob»lar payda bo'lganligi buning isbotidir. Lekin kimyo va uning texnologiyasi insoniyatga anchagina tashvish tug'dirayotganligi sir emas. Kimyoviy madaniyat va kimyoviy ongning mukammal emasligi tufayli ekologik nuqsonlar yuzaga chiqib qolmoqda.
O'zbekiston Respublikasining uzluksiz ta'lim tizimida kimyogar mutaxassislarni tayyorlash jarayonida kasbiy tamoyillarni kuchaytirish, ishchi kasbiga mehr uyg'otish, kimyo bilan jiddiy shug'ullanish va kimyogarlarning hayotda o'z o'rnini topishi hamda o'z kasbidan qoniqishlari uchun mustahkam poydevor o'rnatilishi - dolzarb va ustuvor vazifalardan biridir.
Ma'lumki, ta'lim-tarbiya tizimining konseptual asosini yaxlitlik, uzviylik va uzluksizlik tashkil etadi. Bundan kimyo ta'limi ham mustasno emas. Shu boisdan, umumiy o'rta ta'lim, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi va oliy ta'limning kimyo bo'yicha davlat ta'lim standartlarining talab va mazmuniga tarixiylik va zamonaviylikni uyg'unlashtiruvchi tamoyillarni singdirish davr talabi hisblanadi.
Kimyoviy ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy jamg'arma uzoq vaqt davomida shakllangan. Stabil kimyoviy elementlarning ayrim vakillari (Au, Ag, Hg, Cu, Sn, Pb, Fe,
S kabilar) insoniyatga qadimdan ma'lum bo'lsa, ularning bir qismi (P, Co, Ni, Mn, As, W, Mo va boshqalar) alkimyo, pnevmokimyo va flogiston davrlarida kashf etildi. Biroq davriy jadvalning yangi va xilma-xil kimyoviy elementlar bilan tez to'lib borishi klassik kimyo va ayniqsa, zamonaviy kimyoda kuzatildi. Yadro reaksiyalari o'rganila boshlangach esa sun'iy elementlarni (masalan, texnesiy) sintez qilish mumkinligi isbotlandi. Amerikalik olimlar G.Siborg boshchiligida, rus olimlari esa akademik G.N.Flerov boshchiligida transuran elementlarining ko'pchiligini sintez qilishdi. Garchi, bunday elementlar izotoplarining mavjud bo'lish "umri" qiska bo'lsada, ular davriy qonunning ob'ektivligi va haqiqat ekanligini amalda tasdiqladilar. Natijada kimyoviy elementlar davriy jadvalidagi 118-katak ham o'z egasini topdi. D.I.Mendeleevning «По-видимому, периодическому закону будущее не грозит разрушением, а только надстройки и развитие обещает», degan bashorati haq gap bo'lib chiqdi/4/.
Bugungi kunda kimyo ta'limining barcha shakl va turlarida antik dunyo davridan to IV asrgacha shakllanib tetapoya bo'lgan qadimgi dunyo kimyosi, alkimyo, flogiston kimyosi davri, 100 yildan ortiq davrda hukmronlik qilgan va buyuk kimyogarlar asos solgan klassik kimyo va XX asr boshidan rasman davom etib kelayotgan zamonaviy kimyo bosqichlarini o'zaro uzviy aloqadorlikda va kimyoviy tafakkurning tadrijiy taraqqiyoti tarzida uzluksizlikda bayon etish lozim. Ana shundagina tarix va ayni davrning bog'liqligi ayon bo'ladi.
Adabiyotlar:
1. Омонов ХД.Фидоий булмай-кимёгар булмас...//"Мактаб ва ^аёт" журнали. -2004. - №2. -Б.4-6.
2. Оманов Х.Т. Философско-методологические проблемы современной химии и их отражение в содержании химического образования.// «Узлуксиз таълим» журнали. - №1, 2012. -Б.47-51.
3. Полинг Л. Химики-это те, кто на самом деле понимает как устроен мир.//Журн. «Химия и жизнь». - № 2, 1974. -С. 27.
4. Трифонов Д.Н.Периодическая система элементов. История в таблицах. -Москва: МП ВХО им. Д.И.Менделеева, 1992. 2-форзац.
© Б.О. Нуъмонов, 2016
УДК 378
КОНЦЕПТУАЛЬНЫЕ ОСНОВЫ ХИМИЧЕСКОГО ОБРАЗОВАНИЯ НА ПРАКТИКЕ
Б.О. Нуъмонов
Аннотация. В статье изложены мысли об обеспечении преемственности и непрерывности процессов обучения химии в контексте принципов научности и историзма образования.
Ключевые слова: химия и ее технология, процесс обучения химии, этапы формирования и развития химии, онтологические, гносеологические и социальные проблемы химической науки, совершенствование химического образования.
© Б.О. Нуъмонов, 2016
UDC378
CONCEPTUAL FRAMEWORK CHEMICAL EDUCATION IN PRACTICE
B.O. Nuymonov
Abstract. The article describes thoughts about the succession and the continuity of the processes of teaching chemistry in the context of the principles of scientism and historicism of education.
Keywords: chemistry and technology, process chemistry training, stages of formation and development of chemistry, ontological, epistemological and social problems of chemical science, the improvement of chemical education.
© B.O. Nuymonov, 2016