Научная статья на тему 'BOLALAR FOLKLORI MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALAR NUTQINI BOYITISH ASOSI SIFATIDA'

BOLALAR FOLKLORI MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALAR NUTQINI BOYITISH ASOSI SIFATIDA Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
996
66
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
xalq og'zaki ijodi / nutq o'stirish / mashg'ulot / bolalar folklori / ertak / qo'shiq / maqol / matal / tez aytish / topishmoq / hikoya qilish.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Abdusaitova Maftuna Sadriddin Qizi, Tojiyeva Xolida Baxtiyorovna

Tezisda maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini boyitishda xalq og'zaki ijodining tutgan o'rni bayon etilgan. Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalar nutqini o'stirish va badiiy adabiyot bilan tanishtirish mashg'ulotlarida bolalar folklorining qo'shiq, ertak, maqol, tez aytish, topishmoq kabi janrlaridan samarali foydalanishning o'ziga xosligi va bu janrlarning ko'p vazifaliligi oydinlashtirilib, bolalar tarbiyasidagi o'rni va ahamiyati umumlashtirilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «BOLALAR FOLKLORI MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALAR NUTQINI BOYITISH ASOSI SIFATIDA»

BOLALAR FOLKLORI MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALAR NUTQINI

BOYITISH ASOSI SIFATIDA Abdusaitova Maftuna Sadriddin qizi

O'zbekiston-Finlandiya pedagogika institute Ta'lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (maktabgacha ta'lim) 1-bosqich magistranti Ilmiy rahbar: Tojiyeva Xolida Baxtiyorovna https://doi.org/10.5281/zenodo.8041825

Annotatsiya. Tezisda maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini boyitishda xalq og'zaki ijodining tutgan o'rni bayon etilgan. Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalar nutqini o'stirish va badiiy adabiyot bilan tanishtirish mashg'ulotlarida bolalar folklorining qo'shiq, ertak, maqol, tez aytish, topishmoq kabi janrlaridan samarali foydalanishning o'ziga xosligi va bu janrlarning ko'p vazifaliligi oydinlashtirilib, bolalar tarbiyasidagi o'rni va ahamiyati umumlashtirilgan.

Kalit so'zlar: xalq og'zaki ijodi, nutq o'stirish, mashg'ulot, bolalarfolklori, ertak, qo'shiq, maqol, matal, tez aytish, topishmoq, hikoya qilish.

Bugungi kunda maktabgacha yoshdagi bolalarni maktab ta'limiga har tomonlama puxta tayyorlash, yosh avlodni yetuk va barkamol qilib o'stirish davlat va jamiyat, oila hamda maktabgacha ta'lim tashkilotlarining asosiy vazifalaridan biridir. Mamlakatimiz yoshlariga erta ta'lim-tarbiya berish mas'uliyatini hozirda yurtimizda faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta'lim tashkilotlari o'z zimmasiga olgan. Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bilimlarni berish shakli mashg'ulotdir. Mashg'ulotlar jarayonida bolaning nutqi rivojlanib, undagi grammatik va fonetik qirralari sayqallanib, til boyligi oshib borishi bilan bir qatorda undagi psixologik va intellektual jihatlari rivojlanib boradi.

Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida 5 ta metodika bo'yicha bolalarga ta'lim-tarbiya saboqlari berib boriladi. Bulardan eng asosiysi «Nutq o'stirish mashg'ulotlari» desak mubolag'a bo'lmaydi. Chunki, nutq o'stirish nafaqat bolaning so'z boyligini oshirish, balki uning muloqot qobiliyatini rivojlantiradi, undagi bilish jarayonlarining, shu jumladan bolaning tafakkurini o'stirishda ham muhim vosita bo'lib hisoblanadi. Hozirgi paytda maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishga yanada yuqori talablar qo'yilmoqda. Bu talablarga javob berish nutqni rivojlantirishga oid yangi izlanishlarni taqozo etadi.

Har bir inson umri davomida xalq o'g'zaki ijodidan bahramand bo'lib ulg'ayadi. Chunki har bir odam dunyoga kelgach, turli darajadagi ertak, rivoyat, afsonalarni eshitadi va aynan o'shalar orqali dunyoni o'rganadi. Ularda xalq badiiy tafakkurining eng sara mevasi yashiringan. Buni anglash va ularni qayta kashf etish kishiga hayotni tushunish, odam va olam munosabatlarini o'rganishga yordam beradi.

Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar tinglaydigan asarlarning ko'pchiligini ertak, qo'shiq, topishmoq, maqol, tez aytish kabi xalq og'zaki ijodi asarlari tashkil etadi. Bu davr bolalar kitobxonligi, asosan, ota-onalar, bobo-buvilar, mahalla yetakchilari-yu tarbiyachilar tomonidan amalga oshiriladi. Hali o'qish, yozish, chizishni bilmaydigan maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalar dunyo sirlaridan bexabar bo'ladilar. Kattalar o'qib, aytib, hikoya qilib beradigan asarlar bu davr bolalari uchun muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Bu davr bolalariga o'qib beradigan har qanday asarning hajmi qisqa, mazmuni sodda bo'lishi zarur.

Bog'cha yoshidagi bolalarga ham, avvalo, maqol va topishmoqlarni, so'ng hayvonlar haqida, umuman, tabiatni sevishga o'rgatuvchi ertaklarni aytib berish yoki o'qib berish bolalar

nutqini boyitishda juda foydalidir. Masalan, «Sholg'om», «Bo'ri bilan Qo'zichoq», «Tulki bilan Turna», «Tulki bilan uzum», «Ur, to'qmoq!» kabi ertaklar bolalarni mehnatsevarlikka, tabiatni sevishga, rostgo'ylikka o'rgatadi, aldamchilik va xudbinlik, baxillik va ochko'zlik yomon illat ekanligini tushuntiradi. Topishmoqlar esa maktabgacha yoshdagi bolalarning tasavvuri va tafakkurini o'stiradi, ayniqsa, bolalarni topag'on bo'lishga, hozirjavoblikka o'rgatadi. Bolalar adabiyoti va xalq ogzaki ijodiga oid asarlar, shu jumladan, kichik folklor janrlari (topishmoqlar, tez aytishlar, maqollar, matallar, sanoq she'rlar va boshq.) bolalar nutqini o'stirishning eng muhim manbalari va asosi hisoblanadi.

Maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyachilari folklor janridagi namunalarni maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning barcha guruhlarida, bolalar nutqini boyitishda qo'llashi mumkin. Faqat suhbat uchun tanlanayotgan ertak yoki hikoyaning mazmuni yorqin tushunarli bo'lib, bolalarning his-hayajoniga yetarlicha ta'sir etishi kerak.

Mashg'ulot ishlanmasi.

Mashg'ulotning mavzusi: Nonvoy mehnati bilan tanishtirish

Faoliyat maqsadi: Bolalarni nonvoy mehnati bilan tanishtirish va nonvoylar nima ishlar qilishi haqida suhbat olib boramiz.

Kerakli jihozlar: nonlar va nonvoy rasmlari, tandir rasmi, non uchun hamir, o'yin markazi.

Markazlar: Milliy burchak, bolalar kutubxonasi markazi.

Faoliyatning borishi:

Tarbiyachi: Bolajonlar, kelinglar, sizlar bilan bugun nonvoyxonaga sayohat qilamiz. Nonvoyxonada nonvoylar nima ishlar qilishini birgalikda kuzatamiz.

Tarbiyachi: Bolajonlar, xamirni nonvoylar undan qoradilar, un bug'doydan bo'ladi, bug'doyni dehqonlar dalalarda yetishtiradilar. Ekilgan bug'doylar o'z vaqtida sug'oriladi, begona o'tlardan tozalanadi, so'ng unib chiqib yetilib, bug'doylar boshoq olib bug'doy bo'lib yetiladi. To'grimi, bolajonlar?

Bolalar javobi: To'gri

Tarbiyachi: Bolajonlar, kelinglar, sizlarga non haqida bir rivoyatni aytib beraman.

Hirot sultoni Husayn Bayqaro: «Dunyodagi eng yaxshi hidni keltiring!»-deb qolibdi. Unga quchoq-quchoq gul keltirishibdi. Sulton: «Yo'q», - debdi. Qalampirmunchoqni roboro qilishibdi, rad etibdi, Yer yuzidagi jamiki xushbo'y hidli narsalarni muhayyo qilishibdi. Sulton bo'lsa: «Men aytgan bu emas», - deb turib olibdi. Keyin: «Uch kun muhlat ichida topa olmasalaring hammangni jazoga tortiraman», - debdi.

Vazirlar nima qilishini bilolmay o'ylayverib boshlari qotibdi. Husayn Boyqaro istagan hidni topisha olmay, oxiri Navoiyning oldiga borishibdi. Sultonimiz aytgan hidni topib, bizni halokatdan saqlab qoling, deyishibdi.

Do'stining ko'ngli qanday hidni istaganini bilolmay, Navoiyning ham boshi qotibdi. Dehqon bobodan so'ragan ekan u:

- Yangi yopilgan nondan olib boringlar-chi, otam raxmatli, dunyoda eng lazzatli va yoqimli hid qayroqi bug'doy unidan yopilgan tandir non, hech qaysi hid unga yetolmaydi, deguvchi edilar, - deb maslahat beribdi.

Navoiy xursand bo'lib, dehqon aytganini qilib, bir savat non yoptiribdi-da, saroyga yetib boribdi. Bir zumda saroyga ajib yoqimli hid tarqab, barchaning dilini yashnatib yuboribdi.

- Rahmat do'stim, - debdi Husayn Boyqaro nonlarni ko'rib, - ko'nglim yangi yopilgan non isini qo'msayotgan edi, topib kelibsiz. Dunyoda yangi yopilgan nonning isidan ko'ra yoqimliroq hid yo'q ...

- Sultonim rahmatni menga emas, dehqon boboga ayting, ko'nglingizni xohishini shu kishi topdi, - deb javob beribdi Navoiy.

Husayn Bayqaro dehqonga bosh-oyoq sarpo berishini buyuribdi. Tarbiyachi: Bolajonlar sizlarga rivoyat yoqdimi?

1-bola: Ha, yoqdi.

Tarbiyachi: Kimning ota-onasi nonvoy?

2-bola: Mening dadam nonvoy. Didaktik o'yin: «Mehmon-mehmon» o'yini.

Tarbiyachi: Bolalar kelinglar! Sizlar bilan hozir «Non olib keldim» she'rini o'qib beraman

Yolg'on emas chin so'zim,

Magazinda bir o'zim.

Ko'cha chetida yurib,

Ancha narsani ko'rib.

Qaytimni yo'qotmasdan,

Kuchukka tosh otmasdan.

Olib keldim issiq non,

Uyga kelganda mehmon.

Tarbiyachi: Bolalar, she'r sizlarga yoqdimi?

Bolalar javobi: Ha, yoqdi.

Tarbiyachi: Kunning ikkinchi yarmida albatta she'rni yod olamiz. Endi bolajonlar sizlar bilan birgalikda topishmoqlarni topamiz.

1. Bug'doyzorda yo'g'rilgan

Tandirda tug'ilganman. (Non)

2. Eng totli ulug' ne'mat

Dasturxonga ko'rk, ziynat. (Non)

3. Dengiz emas, chayqaladi,

Dehqonni u boy qiladi. (Bug'doyzor)

4. U tugamas boylik kon

Undan bo'lar osh-u non . (Bug'doy)

Tarbiyachi: Bolajonlar topishmoq, she'r, rivoyatlar sizlarga yoqdimi? Bolalar javobi: Ha

Tarbiyachi: (Faoliyat yakunida bolalar rag'batlantiriladi). Mashg'ulotni tez aytish bilan yakunlaymiz.

Nonvoy, nonvoy non yopar, Nonni novvot deb sotar.

Xulosa qilib aytganda, bolalar folklori namunalari o'zbekning oz farzandi tarbiyasiga, binobarin, xalqining, yurtining kelajagiga ota mas'uliyat bilan yondoshganini va qanchalar etibor bilan qaraganini korsatadi. Bu etibor oz navbatida umuman xalqimiz ongida ajdodlar

xotirasiga hurmat tuyg'usining kuchli bo'lishiga olib kelgan. Qadriyatlarimizni ezozlash, tariximizga hurmat bilan qarash allalar ohangi bilan jismimizga singib ketgan.

Maktabgacha yoshdagi bolalar bilan ishlashda folklorning kichik shakllaridan foydalanish, bolaga uning barcha qobiliyatlarini namoyon etish, talaffuzini mustahkamlash va o'rgangan materiallarini nutqida ishlatishga o'rgatish imkoniyatini beradi. Qisqa vaqt ichida bolalar yanada erkinlashadi, ular gapirishdan qo'rqmaydi, vazifalarni intensiv ravishda bajaradi, nutq materialini yodlashga va uni tengdoshlari bilan muloqotga o'tkazishga harakat qiladi.

Bolalar nutqini va xayolot olamini boyitish va turmush bilan kengroq tanishtirishda ertaklar o'qib berish, uning multfilmlarini tomosha qildirish yoki ertaklarni sahnalashtirish yo'llaridan foydalanish juda katta ahamiyatga egadir. O'zbek xalq ertaklari, ular asosida ishlangan milliy multfilmlar, qo'g'irchoq teatrlar, sahnalashtirilgan ertaklar faqat bolalarnigina emas, balki kattalarni aqliy, shuningdek nutq boyligini oshiruvchi eng qudratli omildir.

REFERENCES

1. S.S.Avezov, D.B.Xamrayeva, "Maktabgacha ta'lim tashkiloti guruhlarida folklor kichik janrlarini o'rgatish". Toshkent. 2022-yil.

2. D.R.Babayeva, "Nutq o'stirish nazariyasi va metodikasi". Toshkent. 2018-yil.

3. Jumaboyev M. "Bolalar adabiyoti va folklor".-T.: "O'qituvchi", 1990.

4. Q.Shodiyeva, " Nutq o'stirish uslubiyoti". Toshkent. 2008-yil.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.