Научная статья на тему 'BAYRAMLAR TARIXI VA ULARNING ILMIY-AMALIY ASOSLARI'

BAYRAMLAR TARIXI VA ULARNING ILMIY-AMALIY ASOSLARI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
2331
171
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
Bayram / arxeologlar / etnograflar / ibtidoiy davr / zardushtiylik dini / folklor / to‘y / unsur

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Asal Farhod Qizi Xayriddinova

Mazkur maqolada o‘zbek xalqining milliy bayramlari, o‘ziga xos urf-odat va marosimlari, ularning paydo bo‘lishi xususidagi turli xil qarashlar, biz nishonlayotgan va ajdodlarimiz nishonlagan bayramlarning rivojlanish bosqichlari xususida so‘z boradi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «BAYRAMLAR TARIXI VA ULARNING ILMIY-AMALIY ASOSLARI»

BAYRAMLAR TARIXI VA ULARNING ILMIY-AMALIY ASOSLARI

Asal Farhod qizi Xayriddinova [email protected] Ilmiy Rahbar: Mo'minmirzo Zokir o'g'li Xolmo'minov

Annotatsiya: Mazkur maqolada o'zbek xalqining milliy bayramlari, o'ziga xos urf-odat va marosimlari, ularning paydo bo'lishi xususidagi turli xil qarashlar, biz nishonlayotgan va ajdodlarimiz nishonlagan bayramlarning rivojlanish bosqichlari xususida so'z boradi.

Kalit so'zlar: Bayram, arxeologlar, etnograflar, ibtidoiy davr, zardushtiylik dini, folklor, to'y, unsur.

HISTORY OF HOLIDAYS AND THEIR SCIENTIFIC-PRACTICAL BASES

Asal Farhod kizi Khayriddinova [email protected] Research advisor: Muminmirzo Kholmumminov

Abstract: This article talks about the national holidays of the Uzbek people, their unique customs and ceremonies, different views on their emergence, the stages of development of the holidays that we celebrate and our ancestors celebrated.

Keywords: Holiday, archaeologists, etnographers, primitive era, Zoroastrian religion, folklore, wedding, element.

Bayramlar eng qadimiy davrlardan boshlab inson hayotining eng muhim va tarkibiy qismiga aylangan. Ularsiz insoniyat hayotini mutlaqo tassavur qilib bo'lmaydi. Bayramlar xalq hayotining eng yaxshi va go'zal tomonlarini aks ettiruvchi ko'zgudir.

"Bayram xalqning shodlik va xursandlik kuni", - degan edi sharqning buyuk olimi Mahmud Koshg'ariy. Darhaqiqat, bayramlar yordamida hayotdagi xursandchilik, shodiyona, tantanavorlik holatini vujudga keltirgan yirik voqealar, muhim sanalar, ulkan yutuqlar nishonlanadi. Bayram insoniyatning o'zi bosib o'tgan yo'llarni chuqur anglashi, qo'lga kiritilgan g'alabalardan mag'rurlanishi, ertangi kunga yaxshi umid bilan qarashiga yordam beradi.

Bayramlar insoniyat hayotida shu qadar mustahkam o'rin egallaganki, ularni nishonlamaydigan hech bir shaxs, oila, jamoa topilmaydi. Shuningdek, har bir millat va ellat xalqning o'z taraqqiyot tarixi jarayonida shakllangan bayramlari mavjud. O'rta Osiyo xalqlari, jumladan o'zbek xalqining ham eng qadimiy davrlardan shakllana boshlagan, asrlar bo'yi avloddan-avlodga o'tib, kamol topib, bebaho merosga aylangan

bayramlari ko'p. Bu bayramlarning ma'lum qismi tarixning "sovuq shamollari" -bosqinchilar va turli tarixiy shaxslar-hukmdorlar tazyiqiga uchrab, nohaq yo'qotilgan, ayrim bayramlar esa qarama-qarshiliklarni yengib, ko'pgina fazilatlardan ajralsa-da, butunlay yo'qolib ketmagan, yana boshqalari esa xalq hayotidan mustahkam o'rin olib, bizning zamonamizgacha yetib kelgan.

Azaldan do'stparvar o'zbek xalqining bayramlari qon-qardosh xalqlarning tarixiy-madaniy aloqalari jarayonida shakllangan va rivoj topgan, boshqa xalqlar bayramlariga ta'sir etgan va o'z navbatida ular ta'sirida boyigan.

Xullas, eng qadimiy davrlardan xalq ommasi ehtiyoji bilan shakllana borgan, ijtimoiy zarurat asosida rivoj topgan, muayyan vaqtlarda taqiqlangan, katta qarama-qarshiliklar, to'siqlarni yengib, boshqa xalqlar tajribasi bilan boyib kelgan o'zbek bayramlari uzoq va boy tarixga ega. Biroq hanuzgacha o'zbek xalq bayramlarining tarixi va hozirgi ahvoli maxsus o'rganilgan emas. O'zbekiston hududida yashagan va yashayotgan avlodlar bayramlarining paydo bo'lishi, tarixiy rivojlanishi, hozirgi kuni, muammolari haqida ilmiy -ommabop kitoblar va o'quv qo'llanmalari yaratish- tarixiy zaruriyatdir. Chunki xalq o'z avlodlari nishonlab kelgan va hozirgi paytda o'zlari nishonlayotgan bayramlarining mohiyati va tarixini bilmog'i kerak. Ayniqa, bunday bilmlar va ma'lumotlar xalq bayramlari tashkilotchilari uchun juda zarurdir. Ya'ni biz uchun. Shu maqsaddda bayramlarni paydo bo'lish tarixi haqida qisqacha ma'lumot berishga harakat qilaman.

Agar tarixchi-madaniyatshunos olimlarning "bayram inson bilan birga paydo bo'lgan va rivojlangan" degan fikriga tayansak, bayramlar kurtaklarini eng qadimiy paleolit davridan, ya'ni O'rta Osiyoda odam zoti paydo bo'la boshlagan 500ming yil avvalgi vaqtdan izlasa bo'ladi.

Arxeologlar, tarixchilar, etnograflar, san'atshunoslar bergan ma'lumotlarga qaraganda bayramlar eng qadimgi davrlardayoq mavjud bo'lgan va ibtidoiy odamlar hayotida muhim rol o'ynagan. Bu fikrni madaniyatshunos olimlar ham e'tirof etishadi. Masalan, D.M Genkinning fikricha, "bayramlarning chuqur ildizi insoniyatning "go'daklik davriga borib taqaladi" [1:44]. Yoki, M.M Baxtinning ta'kidlashicha "Bayram - insoniyat madaniyatining boshlang'ich shaklidir"[2:11]

Bayramlarning eng qadimiy davrlarda mavjud bo'lganligi umuman tan olingan bo'lsada, biroq bu masalalar hanuzgacha maxsus o'rganilmay kelinmoqda. Ammo hozirgacha bo'lgan manbaalarga tayanib, ilk bayram shakllarining paydo bo'lishi haqida mantiqiy fikr yuritsa va ular to'g'risida muayyan tasavvur hosil etsa bo'ladi.

Ma'lumki, inson o'z mehnati tufayli hayvonot dunyosidan ajralib chiqqach, yashash uchun kurash jarayonida qanchalik ongli mehnat qilsa, u shuncha muvaffaqiyatlarga erishgan. Kurash va mehnatda erishilgan muvaffaqiyatlar esa xursandchilikni vujudga keltirgan. Bu jarayon ibtidoiy odamlar ovchilik bilan kun ko'rayotgan davrlarda yaqqol sodir bo'la boshlagan. Chunki arxeologlar qazilmalar va

g'orlardan topilgan ibtidoiy davrlarda chizilgan suratlarda asosan hayvonlar, ov qilish, ovchilar raqsi, (ba'zan hayvonlar niqobida) kabi tasviriy qadimiy tasvirlarning o'z mehnati (ovi) natijasini tantana qilganliklaridan dalolat beradi. Darhaqiqat, ibtidoiy odam mehnati qanchalik samarali tugasa, qorni to'ygan, xursand bo'lgan va aksincha, mehnati natija bermasa, och qolgan, xafa bo'lgan. Ovdan o'lja bilan qaytish va o'z mehnatidan manfaatdor bo'lish xursandchilik, shodiyona kayfiyatni yaratgan. Bu holatda ovchilar ov jarayonini imo-ishora, maxsus harakatlar hamda o'yin shaklida ifodalashga urinishgan. Yoki, G.B.Plexanov ta'biri bilan aytganda "O'yin-mehnat farzandi"[3:69] bo'lib vujudga kelgan.

Maxsus adabiyotlarning ko'pida bayramlar bayram marosimlardan kelib chiqqan deyiladi. Bu umuman olganda to'g'ri fikr. Ammo ko'pgina marosimlar o'z navbatida kishilarning mehnat va kurashda erishgan yutug'i va xursandchiligi, boshqacha qilib aytganda, bayram holati asosida vujudga kelgan. Bunga ovchilik va dehqonchilik marosim-bayramlari misol bo'la oladi. Buning ustiga mehnatga bag'ishlangan tantanalar faqat marosimdan tashkil topib qolmay, balki unda o'yinlar, musobaqalar uyushtirilib hatto shu tantana uchun maxsus taomlar tayyorlangan. Shunday qilib, ibtidoiy davrda qadimiy odamlarning o'zlari kabi judda sodda bo'lgan mehnat, hayot va dinga oid turli bayramlar shakllari vujudga kela boshlagandi. Ana shu oddiy shakllar keyingi tarixiy davrlardagi bayramlarga asos va zamin bo'la oladi.

Miloddan ilgari 1-ming yilliklar boshida (ya'ni bundan 30-26 asrlar muqaddam) O'rta Osiyoda o'troq dehqonchilikning rivoj topishi, ibtidoiy jamiyat yemirila borib, quldorlik tuzumining vujudga kelishi, So'g'd, Xorazm, Baqtriya kabi davlatlarning paydo bo'la boshlashi, yangi diniy qarashlarning shakllana borishi munosabati bilan yangi davrga xos turmush tarzini ifadalovchi an'ana, marosim va bayramlar ham yuzaga keldi.

Miloddan avvalgi, taxminan VII-V asrlarda (quldorchilik davrida) zardushtiylik dini (zoroastrizm) O'rta Osiyoda keng rivojlandi. Bu fikrni zardushtiylikning muqaddas "Avesto" kitobi va uning ikkinchi "Bislard" qismidagi 2 bobdan iborat qo'shiqlari, 3-"Yasna" qismidagi 72 bobli qurbonlik marosimi qo'shiqlari va diniy marosimlarga xos rasm-rusmlar bayoni, 4-"Yag't" qismidagi zardushtiylik xudolari va ma'budlariga bag'ishlangan 22 qo'shiq kabi manbalar to'la isbotlaydi.

Ma'lumki, zardushtiylarning fikricha, dunyo asosini ikki qarama-qarshi narsa-yaxshilik va yomonlik, yorug'lik va qorong'ulik, issiqlik va sovuqlik, hayot va o'lim o'rtasidagi kurash tashkil qilgan. Shuning uchun dunyodagi barcha ijobiy hodisalarni yaxshilik xudosi - "Axuramzda" va hamma salbiy narsalarni yomonlik xudosi -"Axriman" irodasiga bog'liq deb tushunishgan. Zardushtiylar yaxshilik xudosiga yaxshilik qilishini, yomonlik xudosiga yomolik qilmasligini iltimos qilib sig'inishgan

Zardushtiylar o'z marosimlarida koinotning 4 unsuri - quyosh( olov), suv, yer, havoni ulug'lashgan, ularni dunyodagi eng muqaddas narsalar deb tan olishgan. Olov

quyoshning yerdagi shakli(zarrachasi) deb, unga alohida sajda qilishgan. Shuningdek, olov barcha gunohdan tozalovchi sehrli kuch sanalgan va unga bag'ishlab maxsus otashxonalar qurishgan, unda turli bayram, marosimlar uyushtirishgan

O'rta Osiyo, jumladan, O'zbekiston hududida yashovchi xalqlarning bayramlarini o'rganishda X-XI asrlarda yashagan buyuk olim Abu Rayhon Beruniyning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asari muhim rol o'ynaydi. Beruniy o'zining bu asarida qadimiy eroniylar, xorazmiylar, so'g'diylar, rumliklar, yaxudiylar, suriyaliklar, xiristianlar, hindlar va boshqalarning taqvimidagi mashhur kunlar, hayitlar va odatlar haqida tarixiy-madaniy ahamiyatga ega bo'lgan bebaho fikrlar qoldirgan. Biz uchun eng muhimi shundaki, u O'rta Osiyo, jumladan Xorazm va So'g'd xalqlarining Islomgacha bo'lgan yillik taqvim bayramlari haqida qiziqarli ma'lumot beradi.

Beruniy bergan ma'lumotlarga qaraganda, so'g'diylarda Mavsard oyining birinchi kuni - Navro'z va 28-kuni - Romush og'am (otashxonalarda to'planish hayiti); Naysanj oyining 12-kuni - Mohirj; Basokanj oyining 7-kuni - Nikh og'am; 15-kuni -Amsxvora(olov tegmagan narsalarni yeyish hayiti) kabi bayramlar o'tkazilgan.

"Navro'z"ning kelib chiqishi haqida ko'plab fikrlar, afsonalar, miflar mavjud. Masalan, zardushtiylar davridagi ba'zi bir tushunchalarga qaraganda, yaxshilik xudosi Axuramazda bahor-yozda, yomonlik xudosi Axriman kuzda va qishda hukmdorlik qilar emish. Bahorning birinchi kunini yaxshilik xudosi yomonlik xudosi ustidan g'olib chiqqan muqaddas sana deb uni bayram qilishgan. Bu sana aynan Navro'zga to'g'ri kelgan.

Boshqa qadimiy afsonalarga qaraganda, Odam va Momo havo bilan uchrashgan kun "Navro'z bayrami" deb tan olingan emish.

Firdavsiyning "Shohnoma"sida esa yangi yil ("Navro'z")vujudga kelishi shoh Jamshid nomi bilan bog'lanadi. Jumladan, Jamshid yurtga yaxshilik qilish maqsadida odamlarni kasbga o'rgatadi, temir eritib qurol yasatadi, ip yigirtirib kiyim to'qitadi, hammom, uy, saroylar bunyod qiladi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasatadi, bo g' bunyod qiladi. Nihoyat, "ishlari gurkirab, berganda "meva" bir kuni taxt yasatib, unda osmonga ko'tariladi. Bu haqda Firdavsiy quyidagilarni yozadi: Taxt ko'kda charx urar misoli quyosh, Farmondor o'tirar, unda irg'ab bosh. Barcha jam, odamlar qarar taxtiga, Jahon qoyil bo'lib shukuh-baxtiga.[4:67]

Alisher Navoiyning "Tarixi mulki ajam" nomli asarida ham Jamshidning buyuk kashfiyotlari so'ngida ulug' Navro'z ixtiro qilinganligi bayon qilnadi. Beruniy keltirgan afsona bo'yicha ham Navro'z ulkan ishlar qilgan Jamshid shohga borib bog'lanadi: "Jamshid o'ziga arava yasab olgach, o'sha kuni aravaga chiqib oldi, jinlar va shaytonlar uni havoga havoga ko'tarib, bir kunda Dunbovandan Bobilga olib

bordilar. Odamlar bu ajoyib voqeani ko'rgach, o'sha kunni Hayit qildilar va Jamshidga (aravada uchishiga) taqlid qilib arg'imchoqlarda uchdilar" [5:254].

Bizgacha yetib kelgan qadimiy manbalardan shu narsa ayonki, Eron, O'rta Osiyo va Arabistonda "Navro'z" bayramini o'tkazish Ahamoniylar davrida (mill. avv VI asrlar) keng tarqalgani ma'lum bo'ladi. Agar shunday bo'lsa, "Navro'z" deb nom olgan bu bayramning tarixi XXIV asr va undan ham ortiq vaqtga egadir.

Miloddan avval qo'llanila boshlangan zardushtiylik kalendari bo'yicha fevral oyining birinchi kuni -"Kichik Navro'z" (yoki ommaviy Navro'z) boshlangan, oltinchi kuni esa "Katta Navro'z"(yoki Maxsus Navro'z) uyushtirilgan. Sosoniylar davrida esa bu ikki "Navro'z" bitrlashtirilib, kichik va katta "Navro'z" o'rtasidagi kunlar bayram deb e'ion qilingan.

Vaqt o'tishi bilan Navro'z bayramini nishonlash bir oygacha cho'zilgan. Bu haqda Beruniy quyidagilarni bayon etadi: "keyingi podshohlar bu oy, ya'ni farvardin mohning barchasi (kunlari)ni hayitga aylantirib, ularni oltiga taqsim qildilar. Birinchi besh kun podshohlar uchun, ikkinchisi ulug' kishilar uchun, uchinchisi podshohlarning g'ulomlari uchun, to'rtinchisi xizmatkorlari uchun, beshinchisi xalq ommasi uchun, oltinchisi cho'ponlar uchun".[6:257, 268]

Tabiat qonunlariga ko'ra, unda muntazam o'zgarish, yangilanish bo'lib turadi nimadir rivojlanadi va o'z vazifasini o'tab bo'lgan hodisalar asta-sekin yo'qola boshlaydi. Bu qonuniyat barcha xalqlar bayramlariga ham tegishlidir.

O'zbekistonda ijtimoiy-madaniy hayot taraqqiyoti asosida yangi ijtimoiy, mehnat va madaniy sohalarning vujudga kelishi, kishilarning zamonaviy ehtiyoji, davr talablari zaminida yangi zamonaviy bayramlar yuzaga kelmoqda. Chunonchi, tabiatni himoya qilish ehtiyoji kuchayishi natijasida "Tabiatsevarlar bayrami", xalq madaniyatini takomillashtirish yo'lida "Folklor bayrami", "Til bayrami", oilaviy va shaxsiy hayotni farovonlashtirish maqsadida oltin, kumush to'ylar, qariyalar bayramlari, mahalliy joy hayotini yaxshilashga intilish zaminida ko'cha bayramlari, mahalla kunlari, qishloq va shahar bayramlari shakllanmoqda.

Vaqt o'tgan va hayot o'zgargan sari ularning soni ham, turlari ham ko'paymoqda. Biroq, "songa doim sifat kerak" deganlaridek, bayramlar soni ko'payishi, ularning sifatini oshirishni taqazo qilmoqda. O'zbekiston bayramlarini va bayram holatini vujudga keltiruvchi marosimlarni tadqiq qilish natijasida ma'lum bo'ldiki, hozirgi paytda respublikamizda mavjud bo'lgan va tashkil qilinadigan bayramlarning soni 100dan oshiq ekan.

Bu bayramlarning barchasi ajdodlarimizning asrlar mobaynidagi katta kashfiyoti va tarixiy boyligidir. Chunki bu bayramlar o'tkinchi siyosiy hodisalar asosida emas, balki tabiiy ehtiyoj hayot va mehnat faoliyatlari zaminida vujudga kelgan. Shuning uchun ham ular katta shodiyonalar bilan nishonlangan va hozir ham, keyin ham nishonlanishi darkor.

Tarixiy xalq bayramlarini tiklash va taraqqiy ettirish murakkab ish bo'lib, bilim tajriba, ijodkorlik, vaqt, mablag'talab qilishi muqarrardir. Shu bilan birga unutilgan bayramlarni tiklash juda nozik va ijodiy jarayondir. Bu ishda aql-idrok bilan maslahatlashib harakat qilish talab qilinadi.

Shuni unutmaslik kerakki, xalq odatlarini hayotga qaytarmoq uchun albatta, bayramlarni uyushtirish borasida xalq tajribasidan keng foydalanmoq kerak.

Tarixdan ma'lumki, ilgari diplomli bayram tashkilotchilari ssenariychilar, rejissyorlar bo'lmasa ham xalq bayramlari o'ta qiziqarli o'tgan. Chunki bayram ijodkori va bunyodkori xalqning o'zi bo'lgan, eng qobiliyati va tashabbuskor kishilar tabiiy ravishda bayram tashkilotchilariga aylanib kelgan. Shunday ekan, xalq tashabbuskorligi va ijodkorligini erkin rivojlantirish yo'li bilan bayramlarni yanada maroqli va qiziqarli o'tkazsa bo'ladi.

Yana shuni qayd etish kerakki, har bir bayram o'ziga xos an'analari tomoshlari, o'yinlari, folklori(kuy, qo'shiq, raqslari) kabilarga ega bo'lmasa, ularning barchasi bir xil shaklga ega bo'lib qoladi. Turg'unlik yillari ko'pgina bayramlar shunday bo'lib qolgan edi. O'zbek bayramlarini tiklash jarayonida har bir bayramning o'z qiyofasini, ko'rkini, o'ziga xos fayzini bunyod etish muhim ahamiyatga egadir.

Xullas, xalqning o'tmishi va kelajagini hayot ko'zgusi, quvonch va shodlik manbai bo'lgan bayramlarsiz tasavvur qilish qiyin. O'zining go'zal, zavqli, xushchaqchaq bayramlariga ega bo'la olgan xalqning istiqboli porloqdir. Zotan, ajdodlarimiz ming yillar davomida e'zozlab, avloddan-avlodga meros qilib qoldirgan bayramlarni ehtiyotkorlik bilan oqilona tarzda tiklab, zamon ruhi bilan boyitib, istiqbol yo'lini belgilash va kelajak avlodlarga yetkazish muqaddas ish ekanligini unutmasligimiz lozim.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Genkin O.M. Моссовые праздники. 1975. 44-bet.

2. Baxtin.M.M Творчество Франсуа Рабле и народная культура средневековья и Ренессанса-1965 11-bet.

3. Plexanov. G. B. Искусство и общественная жизнь -1953ю 69-bet.

4. Firdavsiy. Shohnoma (birinchi kitob) 1975, 67-bet.

5. Abu Rahyon Beruniy. Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorlik. Tanlangan asarlar. 1-tom, 254-bet.

6. O'sha manba:257,268-betlar.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.