Murtazayev B. Ch. Usmonov A. SafarovB.
Qarshi davlat universiteti O'zbekiston
BALANDLIK MINTAQALARINING TIZIMLI TAHLILI (O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI QASHQADARYO VILOYATI BALAND TOG' LANDSHAFTLARI MISOLIDA)
Annotatsiya. Maqolada balandlik mintaqalarining tarkib topishi va hududiy tabaqalashuv qonuniyatlari Qashqadaryo viloyatining baland tog' landshaftlari tizimi misolida tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: litogen omillar, gipsometrik sath, delyuvial, gidromorf, landshaft, gorizontal va vertikal zonallik, denudatsiya, tangi. eroziya.
Murtazayev B. Ch. Usmanov A. SafarovB.
Karshi State University Uzbekistan
SYSTEMATIC ANALYSIS OF HIGH-ALTITUDE REGIONS (AS AN EXAMPLE OF HIGH MOUNTAIN LANDSCAPES OF THE REPUBLIC OF UZBEKISTAN, KASHKADARYA PROVINCE)
Annotation. The article analyzes the composition of high-mountain regions and the laws of regional stratification using the example of the system of highmountain landscapes of the Kashkadarya region.
Key words: lithogenic factors, hypsometric level, deluvial, hydromorphic, landscape, horizontal and vertical zoning, denudation, smell. Erosion.
Qashqadaryo viloyati mamlakatimizdagi tog' hududlaridan biri bo'lib, viloyatning Kitob, Shahrisabz, Yakkabog', Qamashi, G'uzor, Dehqonobod va Chiroqchi tumanlaridagi ancha katta maydonlar tog' hududlariga mansub.
Qashqadaryo viloyatida tog' hududlarining maydoni 12,8 ming km2, shundan dengiz sathidan 800 m yuqorida joylashgan "sof" tog' hududlarining maydoni 7,6 ming km2 yoki viloyat jami maydonining 26% ini tashkil etadi. Baland tog' landshaft tizimining maydoni 69 ming ga. ni tashkil etadi.
Mavjud kartografik amaliyotda tog'lar balandligiga ko'ra: past (balandligi 200 m dan 800-1000 m gacha), o'rtacha baland (700-800 m dan 2000 m gacha) va baland (2000 m dan ziyod) tog'larga ajratiladi.
Qashqadaryo havzasining landshaft tuzilmasi ancha murakkab bo'lib, bu erda zonallik sharoitlariga ko'ra 4 ta landshaft mintaqasi yaqqol namoyon bo'ladi. Bu mintaqalarning har biri uzoq davom etgan geologik davrlarda shakllangan va o'ziga xos taraqqiyot yo'li, qonuniyatlari bilan bir qatorda, nafaqat landshsaft xususiyatlariga, balki tizim xususiyatlariga ko'ra ham, balandlik va pastliklarning o'zaro munosabati bo'yicha ham, xo'jalik turlari, ixtisoslashuvi, kishilarning hayot sharoiti va yashash tarzi, ishlov beriladigan yerlar miqdori, aholi joylashuvidagi yaroqliligi, haydaladigan yerlari, iqlim sharoiti, dehqonchilik va chorvachilik uchun qulayligi, tabiiy salohiyatiga ko'ra ham bir-biridan farq qiladi.
Bu tizimlarning har biri uchun tabiatdan foydalanishning ham muayyan turlarini ko'rish mumkin: Tekislik landshaft mintaqasining tarkib topishi va hududiy tabaqalashuvida litogen (geologik-geomorfologik) omil etakchi hisoblansa, tarqalishi va boshqa xususiyatlarida iqlim omilining tasiri gipsometrik sathga bog'liq holda namoyon bo'ladi. Tekislik (cho'l), past tog' va tog' oldi (adirlar) chala-cho'l hamda o'rtacha balandlikdagi tog' quruq dasht va o'rmon landshaft tizimlari inson xo'jalik faoliyati tasirida ancha kuchli o'zgarishlarga sabab bo'lib, tabiiy - xo'jalik ishlab chiqarish komplekslarining tarkib topganligi bilan ajralib turadi.
Baland tog'li subalp va alp o'tloq dasht landshaftlari tizimi (yaylov) Qashqadaryo havzasi doirasida Hisor tizmasining markaziy qismlari va ularga yaqin joylashgan tog'larda, 2800-3000 m dan yuqorida tarqalgan. Mintaqa doirasida yonbag'irlari tik, relyefi kuchli parchalangan ochiq qoyalar va toshloqzorlar ko'p, bir-biridan chuqur daralari va vodiylari bilan ajralib turadigan Osmontarosh, Beshnov, Eshakmaydon, Xontaxti, Kurek va Maydanak tog'lari umumiy nom bilan Yakkabog' tog'lari (3500-3700 m) deb ataladi
Bu tog'larni tashkil etuvchi tog' jinslari tokembriy, quyi va yuqori paleozoyga mansubdir. Ularning yuqori qismi denudatsiya jarayonlari tufayli yassilangan va platosimon yuzaga ega. Bu platosimon yuzada balandligi 28003000 m bo'lgan o'tkir qirrali tog' qoyalari (Arratosh, Maskara, Chakmonkuydi va b.) qad ko'tarib turadi.
Yakkabog'daryo va Katta O'radaryoning yuqori oqimlari oralig'idagi Chaqchar tog'lari (Xo'ja Axchaburun, 3700 m) asosan mezazoy ohaktoshlaridan tuzilgan. Qalin ohaktosh qatlami karst jarayonlari tufayli relyefni shu jarayonlar hosil qilgan shakllarning keng tarqalishiga olib kelgan. Qalaisheron tangisidagi mamlakatimizdagi eng uzun g'orlardan biri "Amir Temur" g'ori (815 m) shu hududda joylashgan. Baland tog'lar uchun parchalanish chuqurligining kattaligi (1000 m dan ko'proq), qadimiy va hozirgi muzliklarning faoliyatiga bog'liq va bir qator xususiyatlar xos. Baland tog'larda 3000 m dan 4000 m gacha bo'lgan balandliklarda relyefning muzlik skulpturasi shakllari tarqalgan. Alp tipidagi relyef shakllariga ega bo'lgan baland tog'larda hozirgi muzliklar ham mavjud.
Qashqadaryo havzasi muzliklar eng kam bo'lgan havzadir. Bu yerda jami 58 ta muzlik bo'lib, ularning umumiy maydoni 20,8 km2 ga teng. Ammo, keyinroq A.S. Shetinnikov (1998) tadqiqotlariga ko'ra, Qashqadaryo havzasidagi
muzliklaming maydoni 15,51 km2 ni, soni 65 tani, boshqa ma'lumotlarga ko'ra esa 2004-yilda muzliklaming maydoni 14,45 km2 ni, soni 60 tani tashkil etadi (Hikmatov F.Y. va b., 2010). Muzliklar sonining ortishi ularning erishi natijasida bir necha qismlarga bo'linib ketishi bilan izohlanadi. Qashqadaryo havz asidagi muzliklar maydoni 2004-yilda 1957-yildagiga nisbatan 20% ga kamaygan.
Baland tog' landshaftlari tizimi uchun iqlimning quyidagicha ko'rsatkichlari xarakterli: havoning o'rtacha yillik harorati 40 C dan past (o'rtacha sutkalik harorat ko'rsatkichi odatda turg'un +50 C dan past bo'lgandan boshlab, yilning sovuq davri deb qobul qilingan (L.N. Babushkin va b.1985)) yanvarning o'rtacha harorati - 6.80 C, iyulning o'rtacha harorati 140 C, yillik yog'inlarning miqdori 545-680 mm, namlanish koeffisenti 1,5 dan ortiq, vegetatsiya davri 50110 kun. Namlik sharoitlari daraxtchil o'simliklarning o'sishi uchun qulay bo'lsada, issiqlik sharoitlari daraxt va butalarning o'sishi uchun sharoit yaratmaydi.
Havzadagi daryolarning to'yinishida muzliklarning ahamiyati katta (Shults, Shalatova, 1959). Deyarli barcha daryolar havzaning baland tog'laridan boshlanadi. Havza daryolarining barchasida tog' daryolarining tipik belgilariga ega. Ular tor va chuqur va tik daralar hosil qiladi, oqimi tez, eroziya faoliyati kuchli. Havza tog'li qismining oqim moduli har 1 km2 maydon hisobida 6,2 l/s (Babushkin va b., 1985). Havzaning tog'li qismida hammasi bo'lib,1,3 mlrd m3 miqdorida oqim hosil bo'ladi.
Baland tog' landshaftlarining tuproqlarini tub jinslarning elyuvial, bazan esa delyuvial yotqiziqlarida vujudga keladigan och tusli qo'ng'ir tuproqlar tashkil etadi. Halqob joylarda gidromorf tuproqlar qatoriga mansub bo'lgan torf botqoq tuproqlar ham uchraydi. Baland tog' landshaftlari uchun tog' kserofitlari va tog' o'tloqlari xarakterli bo'lib, quruqroq joylarda dasht o'simliklari (subalp o'tloqlari - yovvoyi suli, mushukquyruq, tipchoq va b.), namroq joylarda mezofil botqoqliklardan va har xil o'tlardan iborat o'tloqlar, o'tloq - dashtlar ustunlik qiladi. Ayrim joylarda (subalp mintaqasining quyi qismidagi namroq joylarda) o'rik archaning "orolchalar" ko'rinishidagi archazorlari uchraydi. Alp o'tloqlari uchun past bo'yli har-xil o'tlilar (erbaho, qoqio't, mayda gulli lola, binafsha, chuchmoma va b.) ning tarqalganligi xarakterlidir. Iqlim sharoitlariga bog'liq holda tog'li kserofitlari keng tarqalgan bo'lib, o'simliklar yostiqsimon ko'rinishda o'sadi. Baland tog' landshaftlari yozgi yaylovlar sifatida foydalaniladi. Ammo relyefning murakkab tuzilishi sababli baland tog' o'tloqlarining yaylovlar sifatidagi ahamiyati uncha katta emas.
Bu erdagi alp va subalp o'tloqlarining o'simlik qoplamining asosini ko'p yillik past bo'yli o'tchil o'simliklar tashkil etadi. Subalp o'tloqlarida yovvoyi suli, mushukquyruq, tipchoq va boshqa o'simliklar o'sadi. Erbaho, binafsha, chuchmoma va yostiqsimon o'simliklar alp o'tloqlarining asosini tashkil etadi. Bir yillik o'simliklar yaylov mintaqasida o'smaydi. Yaylov mintaqasining yaylovlik salohiyati (hosildorligi 5-7 s/ga) yoz oylarida mavsumiy mol boqish uchun yaroqlidir.
Qashqadaryo viloyatida baland tog' landshaft tizimi salohiyati samaradorligini oshirish va saqlab qolishning hududiy muammolari mavjud. O'z echimini kutayotgan bu muammolar jumlasiga er resurslaridan yaylovlar sifatida foydalanishda tabiatni muhofaza qilish, yaylovlarning o'simlik qoplamidagi o'simliklarning bioekologik sharoitlarini etiborga olmasdan foydalanish, sath qiyaligi katta ekanligidan bu hududlarda eroziyaga qarshi maxsus choralar ko'rish, baland tog' landshaftlarining tabiiy salohiyatidan foydalanishda yaqin kelajakda tog' sayyohligi va sportini rivojlantirish tavsiya etiladi.
Qashqadaryo viloyati tog' hududlarining landshaftlariga xos bo'lgan o'simliklar va hayvonlarni tabiiy-tadrijiy rivojlanishi, tabiiy landshaftlar tuzilmasining dinamikasi va rivojlanishini, fauna va florasining noyob va yo'qolib borayotgan turlarini tarqalishi va genofondini aniqlab saqlash, ularning kartasini tuzish, bioekologik xususiyatlari borasidagi tadqiqotlarni kengaytirish, tabiatning noyob joylar shakllarini saqlab qolish maqsadida tog' landshaftlariga inson xo'jalik faoliyati tazyiqini cheklash va tabiiy landshaftlarini ilmiy asosda o'rganish maqsadida qo'riqxonalar maydonini kengaytirish maqsadga muvofiq bo'lar edi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:
1. Абдуллаев С.И., Axmedov R., Murtazayev B.Ch. ^ашкадарё хавзаси tof худудлари табиатидан фойдаланишнинг геоэкологик жихатлари. «География ва баркарор ривожланиш» (конференция материаллари) Самарканд, 2004
2. Бабушкин Л.Н. Агроклиматическое районирование Средней Азии. Труды ТашГУ, вып. 236, Ташкент. 1964.
3.Vahobov H., va b. Umumiy er bilimi. T.: "Bilim" nashriyoti, 2005. -256-b.
4. Кашкадарьинская область. Т. 1. Природа. - Труды САГУ. Т.,1959
5. Муртазаев Б.Ч. Кдшкадарё хавзаси тоF худудларининг ландшафт тузилмаси. К,арши давлат университети илмий-амалий конференция материаллари. Илмий туплам-4. К,арши-2004
6. Муртазаев Б.Ч. К,ашкадарё вилоятининг ландшафт тузилмаси. Узбекистон География жамияти YIII-съезди. Тошкент-2007
7. Муртазаев Б.Ч. К вопросу изучения физико-географических процессов Юго-Западного Гиссарского хребта напримере Яккабогского лесничества. электронное научно-практическое периодическое издание «Экономика и социум» http://www.iupr.ru. ISSN 2225-1545 Выпуск №11(102).(ноябрь, 2022).
8. Нишанов С.А. Ландшафты Кашкадарьинской долины. Автореф. дис. канд. геогр. наук. -Баку, 1964. -25 с.
9. Усманова Р., Муртазаев Б.Ч. Научные подходы рекреационного природопользования на примере гор Западного Гиссара. Актуальные научные исследования в современном мире. XI Международная научная конференция. Выпуск 11. Частъ 3. Переяслав-Хмельницкий. 26-27 марта 2016 г.
10. Hikmatov F.X. Suv resurslari miqdor va sifat jihatdan muhofaza qilish -Geografiya va tabiiy resurslardan foydalanish. T., 2001.