ABDULLA QAHHOR ASARLARIDA JINOYAT KONSEPTI
Mo'tabarxon Ozodbek qizi Soibjonova soyibjonovamotabaroy@gmail.com Andijon davlat universiteti
Annotatsiya: Mazkur maqola Abdulla Qahhorning "O'g'ri" hikoyasi misolida jinoyat konseptining tahlili, konseptologik va lingvokulturologik tadqiqiga bag'ishlangan.
Kalit so'zlar: jinoyat, pragmatik ma'no, konsept, tushuncha, sintezlashuv, konseptologik, leksema, lingvokulturologik, madaniyat
THE CONCEPT OF CRIME IN THE WORKS OF ABDULLA QAHHOR
Motabarkhan Ozodbek kizi Soibjonova soyibj onovamotabaroy@gmail .com Andijan State University
Abstract: This article is devoted to the analysis of the concept of crime, conceptual and linguo-cultural research on the example of Abdulla Qahhor's story "Thief".
Keywords: crime, pragmatic meaning, concept, understanding, synthesis, conceptual, lexeme, linguocultural, culture
Til tizimi va nutqiy faoliyatning lingvistika va boshqa fanlar bilan sintezlashuvi natijasida shu jumladan, psixologiya, mantiq, falsafa kabi ong bilan bog'liq fanlar bilan sintezlashuvidan filologik sath kengayib unda bilish, tushunish, idrok etish, tahlil qilishga oid tushuncha va kategoriyalar bilan kengaydi, yangi kognitiv sohalar tadqiqiga yo'l ochdi. Tilshunoslik XIX asrning oxirlarida dastlab psixologiya va sotsiologiya, keyinchalik mantiq, falsafa kabi bir qator fanlar bilan muloqotda bo'ldi. Buning natijasi o'laroq nazariy lingvistikadan yangi sohalar tomon siljishiga, zamonaviy tilshunoslikning paydo bo'lishiga asos bo'ldi hamda nazariy tilshunoslikda ham bir qator metodlar paydo bo'ldi: metafizik metod, germenevtik metod, sinergetik metod, geneologik metod, glottoxronologik metod va boshqalar. Zamonaviy tilshunoslik sohalari tilshunoslik va bor qancha fan va tushunchalar chiziqlari tutashgan ayrim nuqtalarda vujudga kelgan. Misol uchun, tarix, sotsiologiya, tilshunoslik, madaniyat fanlari tutashgan nuqtada lingvokulturologiya; falsafa, mantiq, tilshunoslik chiziqlari kesishgan nuqtada kognitiv lingvistika; informatika va tilshunoslik sintezlashuvidan esa kampyuterlingvistikasi kabi bir
qancha yangi sohalar bunyod bo'ldi. Kognitologiya asli mustaqil fan sifatida mavjud, uni lingvistik jihatdan o'rganish kognitiv tahlil metodlarini vujudga keltiradi. Kognitologiyani bir kristall hisoblasak, lingvistik yoki konseptologik tahlil uning bir qirrasini tashkil etadi, xolos. Demak, biz bir qancha muddatdan buyon tadqiqot olib borayotgan konseptologiya - kognitiv tilshunoslikning bir yo'nalishi. Konseptlarni kategoriyalashtirish jarayoni borliqni bilish natijalarini ma'lum kategoriyalar bo'yicha tartiblashtiradi. Agar kontseptuallashtirish jarayoni kelayotgan axborotni tushununchali tasniflashdan iborat bo'lsa, kategoriyalashtirish ma'lum bir munosabatda (o'zaro zid va o'xshashliklar yoki ma'lum darajada xoslik va yaqinlik asosida) tavsiflanadigan birliklarning yanada kattaroq sinflarga birlashtirishga yo'naltirilgan bo'ladi.
Konsept - inson va madaniyat o'rtasida aloqa o'rnatuvchi mental element. Shu boisdan u lingvokognitiv va lingvokulturologik birlikdir. Jinoyat konsepti turli davlatlarda, ya'ni turli madaniyatlarda turlichadir, ammo ularning barida ham uchraydigan xato, nojoizlik va buning ostida turgan jazo semalari kabi ma'lum jihatlar birlashtirib turadi. Jinoyat konseptini bir qancha turlari mavjud, jumladan, jamiyatning ma'lum qismi tomonidan majburiy deb hisoblangan xulq-atvor standartlariga rioya qilmaslik yoki rad etish (ma'muriy jinoyat sirasidan); burchni bajarishdan bo'yin tovlash (ma'muriy ham, jinoiy ham bo'lishi mumkin); ommaviy qonun bilan taqiqlangan qilmishni sodir etish (konsitutsiyaviy yoki jinoiy). Jinoyat kontseptsiyasining o'zi ham ko'p qirrali mavjudlik sifatida ko'rib chiqilishiga asos bo'lib, ko'plab til tasvirlariga ega bo'lgan kristall tuzilishga ega. Abdulla Qahhorning "O'g'ri" hikoyasida, asosan, jinoyatning poraxo'rlik qirrasini yorituvchi leksik birliklar bilan davr koloriti ko'rsatib berilgan. Ularni ifodalashda frazeologik birliklarning o'rni katta :
Tekinga mushuk oftobga chiqmaydi [2,93].
Quruq qoshiq og'iz yirtadi, aminga qancha pul olib borsa bo'ladi? [2,93]
Berganga bitta ham ko'p, olganga o'nta ham oz.[2,93]
Jinoyat tushunchasini ifodalovchi leksemalar jamiyat tarixi, madaniy-ma'rifiy holatiga ko'ra har safar yangilanib turadi. Jinoyat konseptini, umuman olganda konseptlarni qaysi davr va jamiyat kontekstida ifodalanishiga ko'ra tushunilishi lozim. Jinoyat tushunchasining kognitiv konteksti ikkita ishtirokchi: jabrlanuvchi va huquqbuzar ishtirok etgan vaziyat model sifatida ifodalanadi. Asarda bu model asosida quyidagicha misollarni uchratishimiz mumkin:
"Xudo yallaqag'ur" shunchalik qilgandan keyin bir nima berish lozim-da [2,93] (o'z vazifasini "bajargan" ishchini davlat belgilagan haqdan tashqari "mukofotlash").
Qobil bobo hamyonini qoqishtirib, borini ellikboshiga berdi, yana qancha duo qildi. [2,93]
Quruq qoshiq og'iz yirtadi, aminga qancha pul olib borsa bo'ladi? [2,93]
Qidirtirsakmikin-a? - dedi amin chinchalog'ini etigining ostiga artib, -suyunchisi nima bo'ladi?Suyunchidan chashna olib kelinmadimi?[2,94] (Ushbu gap pragmatik ma'nosida jinoyat konseptining poraxo'rlik, korrupsiya turiga tomon undov ohangi mavjud)
"Yaxshilab tushuntirilgan" pristav bitta kulangir, bitta farangi tovuq, uch so'm pulni olganidan keyin, Qobil boboning baxtiga, "beto'xtov hokimga xabar beraman", demasdan, "aminga bor", deb qo'ya qoldi [2,95 ] (misol orqali jinoyatchi tomonidan belgilangan vazifa ma'suliyatini suiste'mol qilish, bajarilishi lozim, ammo bajarilmagan va bajarilmaydigan vazifa uchun xizmatidan tashqari haq olish ifodalangan).
Lekin yuqoridagi modelni shundayligicha mutloqlashtirib olish tog'ri bo'lmaydi, zeroki, jabrlanuvchi ham, huquqbuzar ham ko'p sonli bo'lishi mumkin. Quyida kognitiv ikki ushtirokchining invarianti, uyushgan korrupsiyantlarni asar kontekst matnida ko'rishimiz mumkin:
Bu odam ellikboshi bo'lish uchun ozmuncha pul sochganmi? Mingboshining bir o'ziga yetti yuz bog' beda, bir toy bergani ma'lum [2,93].
Korrupsiya ishtirokchilaridan jabrlanuvchi qismining jamoaviy holati quyidagicha konseptlar orqali ifodalangan:
Qobil bobo yor-do'stlari bilan kengashdi - pristavga puldan boshqa nima olib borsa bo'ladi? Ma'lum bo'ldiki, uni begim deguncha kishining beli sinar ekan[2,94]. Bir necha jabrlanuvchi va bir necha jinoyatchi uyushmasi asosidagi misol: Uchta tovuq, garchi biri kurk bo'lsa ham, Qobil boboning o'zidan chiqdi. Yuzta tuxumni qo'ni-qo'shni, yor-birodarlar o'zaro yig'ib berdi. Ammo bu tortiq tilmochdan nari o'tib bo'lmadi [2,95].
Kontseptsiyalar - bu barcha mumkin bo'lgan qiymatlar amalga oshiriladigan kontinuumlar. Bosim omillarining yo'qligi va individual tajribaning etishmasligi tufayli ulardan faqat ba'zilari aktuallashtiriladi [1]. Vaqt o'tishi bilan har xil turdagi omillarning ta'siri hamda individual va umumiy tajriba chegaralarining kengayishi tufayli shaxslarga ilgari noma'lum bo'lgan kontseptsiyaning yangi sohalari dolzarb bo'lib qoladi. Misol uchun qurol-yaroq, og'ir mehnat, jangga oid tushunchalar o'rnini 1-renessansga kelib ilm-fanga doir konseptlar egallagani ma'lum.
Jinoyat tushunchasi individual tushunchalarning eng obyektiv, o'xshash qismlarini birlashtirgan holda bir butundir. Bu holda biz tushunchalarning butun doirasi haqida gapirishimiz kerak, chunki ularning chegaralarini belgilash imkoniyatdan holi.
Yuqoridagi toifalash asosi (jinoyatchi + jabrlanuvchi) jinoiy harakatlarda qatnashuvchi shaxslarning kognitiv sohasiga oiddir. Jinoyatchi kim (yoki nima)? Ekanligiga qarab, jinoyat tushunchasining lingvistik ko'rinishlarining uchta toifasi mavjud: shaxsga qarshi jinoyatlar, jamiyatga qarshi jinoyatlar (davlatga / hukumatga
qarshi jinoyat) va insoniyatga qarshi jinoyatlar. Shaxsga qarshi jinoyat konsepti maydonida suiqasd, kaltaklash, zo'rlash kabi umuminsoniy prinsplar (inson, uning hayoti, erkinligi, qadri, sha'ni)ga zid semalar yotadi.
Tag'in!.. Ammo-lekin, xo'p kaltakbop xotin bo'libsan-da! Burungi zamon bo'lsa, bironta qovurg'angni butun qo'ymas edim!..[2,113]
Jamiyatga qarshi jinoyat konsepti ancha keng lingvistik maydonni qamrab oladi, chunki ma'lum bir jamiyat a'zolarining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy salbiyat kasb etishi, sohalardagi qoloqlikning kuzatilishi davlat va hukumatga ham o'z ta'sirini o'tkazadi. Shu jumladan, mazkur tadqiqotimiz tub negizida, avvalo, jamiyat hayotidagi pora konsepti ifodasi orqali butun davlat taqdiri masalasi ko'ndalang qo'yilgan.
Insoniyatga qarshi jinoyat bu - urush. Urush konseptining Abdulla Qahhor asarlarida quyidagicha misollar asosida o'rganish mumkin:
... " Ota o'sha yerda turib Berlinga o't qo'yayotibdi", - dedi [2, 121].
Endi nemisning poshshosi daryo tagiga uy solib kirib ketganligi masalasiga kelganimizda, - dedi, - men buni gazetada o'qiganim yo'q. Agar Gitler shundoq qilgan bo'lsa, askarlarimiz orasida suvchi bolalar ham ko'p, birontasi kirib giribonidan bo'g'ib chiqadi...[2,126]
Hozirgi davr jinoyat konsepti doirasida biz ko'pincha individual va ijtimoiylashtirilgan komponentlar o'rtasidagi nomuvofiqlik holatlari bilan shug'ullanamiz, bu esa oxir-oqibat noqonuniy harakatlarga olib keladi. Qarshi ikki qo'ldan chiqadi. Jinoyat sodir bo'lishida ikki individ o'rrasida talab va taklif (O'ttiz to'rtinchi yilda Bobojonov bilan o'ynagan edim, g'irromlik qilib shohimni olib qo'ydi. Shohimni ber, men senga bo'lak narsa beray, desam ko'nmadi, cho'ntagiga solib qo'ydi [2,99].) munosabatlari ahamiyatli. Shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan buzilgan muvozanatni tiklash uchun jamiyat a'zolari o'rtasidagi ziddiyatni hal qilish, tegishli jazo choralarini qo'llash shart. Shuning uchun demokratik davlatlar konstitutsiyaviy baza asosida ish ko'radi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, tadqiqotimiz mobaynida O'zbekiston xalq yozuvchisi, so'z qo'llash bo'yicha nozik did sohibi Abdulla Qahhorning kichik nasriy janr na'munalaridan foydalanib jinoyat konseptini imkon qadar konseptual tahlil etishga harakat qildik. Jinoyat konseptini tilda Qahhor asarlari vositasida ifodalanishini taklif yuzasidan nisbiy toifaladik va izohladik.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Антология концептов. Под ред. В. И. Красика, И. А. Стернина. Том 2. Волгоград Парадигма, А 21 2005. - 356 С...
2. Muhabbat / A.Qahhor. - Toshkent: Yangi asr avlodi. -248b.
3. TAGMA'NO VA PRESUPPOZITSIYA HODISASINING PRAGMATIK TADQIQI (Abdulla Qahhor asarlari misolida)
4. NRQ To'Xtasinova, MTOQ Soibjonova - Central Asian Research Journal for Interdisciplinary ..., 2022
5. Mo'tabarxon Ozodbek qizi Soibjonova. (2022). THE CONCEPT OF SHAME IN THE WORKS OF ABDULLAH WRATH (BASED ON ABDULLAH QAHHOR'S STORY "THE WOMAN WHO DIDN'T EAT RAISINS"). https://doi.org/10.5281/zenodo.6635466