Научная статья на тему 'ZAMONAVIY O‘ZBEK TEATRIDA ALISHER NAVOIY SIYMOSI VA ASARLARINING SAHNAVIY TALQINI'

ZAMONAVIY O‘ZBEK TEATRIDA ALISHER NAVOIY SIYMOSI VA ASARLARINING SAHNAVIY TALQINI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
968
63
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
Navoiy obrazi / teatr san’ati / festival / aktyor nutqi / tomosha / pyesa / xatti-harakat / maqsad / g‘oya / rejissor / so‘z / tasavvur / fikr / janr / to‘g‘ri talaffuz / tuyg‘u / sezgi.

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Xomidov Kamoliddin O‘g‘li Isfandiyor

Ushbu maqolada yangilanib borayotgan O‘zbekiston Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda o‘zbek adabiy tilini o‘rganish har doimgidan ham muhimligi, bu yo‘lda “Navoiy siymosi va asarlari sahnada” respublika teatrlarining festivali o‘tkazilganligi va undagi spektakllarning kundalik hayotimizdagi o‘rni, ijtimoiy-tarbiyaviy ahamiyati, ma’naviyat va ziyo nuri sifatida targ‘ib etilishi hamda nufuzini oshirish bo‘yicha ba’zi tavsiyalar, festivalda bevosita qatnashgan mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikrlar haqida so‘z yuritiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «ZAMONAVIY O‘ZBEK TEATRIDA ALISHER NAVOIY SIYMOSI VA ASARLARINING SAHNAVIY TALQINI»

ZAMONAVIY O'ZBEK TEATRIDA ALISHER NAVOIY SIYMOSI VA ASARLARINING SAHNAVIY TALQINI

Xomidov Kamoliddin o'g'li Isfandiyor [email protected] O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti

Annotatsiya: Ushbu maqolada yangilanib borayotgan O'zbekiston Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda o'zbek adabiy tilini o'rganish har doimgidan ham muhimligi, bu yo'lda "Navoiy siymosi va asarlari sahnada" respublika teatrlarining festivali o'tkazilganligi va undagi spektakllarning kundalik hayotimizdagi o'rni, ijtimoiy-tarbiyaviy ahamiyati, ma'naviyat va ziyo nuri sifatida targ'ib etilishi hamda nufuzini oshirish bo'yicha ba'zi tavsiyalar, festivalda bevosita qatnashgan mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikrlar haqida so'z yuritiladi.

Kalit so'zlar: Navoiy obrazi, teatr san'ati, festival, aktyor nutqi, tomosha, pyesa, xatti-harakat, maqsad, g'oya, rejissor, so'z, tasavvur, fikr, janr, to'g'ri talaffuz, tuyg'u, sezgi.

STAGE INTERPRETATION OF ALISHER NAVOI'S IMAGE AND WORKS

IN MODERN UZBEK THEATER

Khomidov Kamoliddin ugli Isfandiyor [email protected] Uzbekistan State Institute of Arts and Culture

Abstract: This article discusses the importance of studying the Uzbek literary language, which is the foundation of the Third Renaissance of Uzbekistan. And on the way contucted republican festival of theatres "Navoi's image and plays on the stage" and the role of performances in them, their socio-educational significance, promotion of spirituality and enlightenment, there are some recommendations for the promotion of theaters, as well as the views expressed by experts who participated in the festival.

Keywords: Image Navai, theatre art, festival, speech actor, performance, play, action, target, idea, director, word, imagination, thought, genre, right speech, emotion, feeling.

"Adabiyot va san'at, madaniyatni rivojlantirish - xalqimiz ma'naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir." [1.] - deydi davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev. Bunda o'tgan buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo'li bugungi

avlod uchun maktab vazifasini o'taydi. Darhaqiqat, yurtimiz adabiyoti va san'ati, madaniyatiga mislsiz hissa qo'shgan ne-ne buyuk allomalarimiz bor. Ulardan biri ulug' mutafakkir shoir, o'zbek tilining asoschisi Alisher Navoiy tavallud topganiga 581 yil to'ldi. Yangi O'zbekistonda Alisher Navoiy hayoti va ijodini chuqur o'rganish va targ'ib etish borasida samarali ishlar yo'lga qo'yilgan. Bu yo'lda mamlakatimizning har bir ziyolisi oldida shoirning siymosini chuqurroq anglashdek ulkan vazifa turganligi barchaga birdek ma'lum.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-oktyabrdagi PQ-4865-sonli qarorida Madaniyat vazirligi tomonidan 2021-yilda Alisher Navoiy hayoti va asarlari asosida yangi spektakllar yaratish hamda "Navoiy siymosi va asarlari sahnada" respublika teatrlarining festivalini o'tkazish belgilangan edi. [2.]

2021-yil 17-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi davlat Akademik katta teatrida "Navoiy siymosi va asarlari sahnada" respublika teatrlari ko'rik-festivalining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Festivalni O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri O.Nazarbekov Alisher Navoiy ijodi, davlat va jamoat arbobining ma'naviy merosi haqidagi kirish so'zi bilan ochib berdi. So'ng, festival ishtirokchilarini ijodiy bayram munosabati bilan muborakbod etdi. Madaniyat vaziri buyuk bobokalonlarimizning ijodi va ibratli hayot yo'liga to'xtalib, ularni tarannum etish yoshlarning ma'naviy kamolotida beqiyos ahamiyatga ega ekanligini alohida ta'kidladi. 2021-yil 17-23-dekabr kunlari Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag'ishlangan "Navoiy siymosi va asarlari sahnada" Respublika teatrlari o'rtasida bo'lib o'tgan mazkur festivalda respublikada faoliyat olib borayotgan professional teatrlardan o'n sakkizta jamoa yigirmaga yaqin spektakllar bilan qatnashdi. Festival doirasida namoyish qilingan spektakllarning janri turlicha. Ulardagi mavzu ham har xil.

Festivalning ochilishidan so'ng, birinchi namoyish etilgan spektakl Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan Uyg'un va Izzat Sulton qalamiga mansub "Alisher Navoiy" asari rejissor R.Mansurovning sahnaviy talqinida o'z ifodasini topdi. Sahnalashtiruvchi rassom V.Mixaylichenko. Talqinda Alisher Navoiy siymosini aktyor X.Oripov ustalik bilan ijro etgan bo'lsa, uning do'sti Husayn Boyqaro obrazini F.Boltayev gavdalantirdi. Hayotda ham yaxshi do'st sanalgan bu ikki aktyor o'zlariga berilgan vazifa - qahramon hayotini ishonchli tarzda ko'rsatish va qahramon xarakterini ochishni real hayotdagi munosabatlari sabab muvaffaqiyatli amalga oshirishdi. Ya'ni sahnada bir-biriga murojaat qilganda uzoq yillik do'stligi, nigohlaridan esa so'zsiz bir-birini anglash holatlari yaqqol sezilib turdi. Talqinda pyesadagi qator lirik sahnalar umuman ishlatilmagan. Rejissor R.Mansurov sahnalashtirishda asosiy e'tiborni Alisher Navoiyning mamlakat hayoti va xalq taqdiridagi o'rniga qaratgan. Natijada, Navoiy o'z davrining ulug' shoiri, xalqning jonkuyar rahnamosi bo'lgani, uning yuksak aqli, zakovati, donishmandligi bilan

do'sti - taxt vorisi Husayn Boyqaroning o'ttiz uch yil saltanatga hukmronlik qilishidagi munosib xizmatini ochishga erishgan. Davr muhitini yaratish uchun o'z o'rnida ishlangan dekoratsiyalardan (sahnaning ikki chetida mahobatli bino tusini beruvchi naqshli ustunlar) tashqari, alohida sahnaviy bezaklardan "Charxpalak" -hayot ramzi sifatida to'xtamasdan aylanaverishi va bunda insonlar har bir lahzada xalqning ma'naviy rivoji, iqtisodiy taraqqiyoti uchun xizmat qilishi obrazli tasvirlangan. O'ta zukkolik bilan qo'llanilgan rejissorlik topilmalari asar tomoshabopligini ta'minlagan. Qahramonlarning davrga xos ko'rinishida grim ustasi K.Farmonov mahoratini e'tirof etish lozim.

Yosh avlodni buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot va ijod yo'lini hikoya qilish orqali tarbiyalash barcha davrlar uchun muhim hisoblanadi. Shu ma'noda, O'zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri festivalning ikkinchi kunida O'zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo qalamiga mansub "Alisherbek va Husayn" asari asosida rejissor Z.Asqarov tomonidan sahnalashtirilgan spektakl bilan qatnashdi. Biz tarixiy asarlarga, adabiyot darsliklariga murojaat qilganimizda ulug' mutafakkir Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro do'stligi haqida ko'p va xo'b yozilganiga guvoh bo'lamiz. Navoiyning buyuk shoir bo'lishida do'sti Husaynning o'rni, Boyqaroning adolatli podshoh bo'lishida esa Alisherning o'rni va ko'rsatgan xizmatlari aniq dalillarga asoslanadi. Misol uchun, tarixchi Xondamir o'zining "Makorim ul-axloq" (Yaxshi xulqlar) asarida Navoiy haqida "oliy martabali, sof niyatli, saltanat suyanchig'i, mamlakat ustuni, xoqoniya davlatining yordamchisi, sulton hazratlarining yaqini" deb keltirsa, "Boburnoma" asarida Zahiriddin Muhammad Bobur "Alisherbek begi emas, musohibi edi" deb yozib qoldirgan. Rejissorning sahnaviy talqini bo'yicha spektakl yuqoridagi fikrlarni obrazli tasvirlashga qaratilgan bo'lib, ikki buyuk allomaning yoshligi, do'stlashishi, sinovli holatlari aks etgan. Bunday sahna asarlari bugungi avlodni umuminsoniy g'oyalar ruhida tarbiyalash borasida ijobiy natija berishi shubhasizdir.

Festivalning uchinchi kunida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentyabrdagi qaroriga ko'ra milliy maqom san'atining tarixiy, zamonaviy ijro an'analarini hamda noyob san'at namunalarini keng targ'ib qilish maqsadida tashkil etilgan "Marg'ilon shahar musiqali maqom teatri" rejissor D.Xaqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan Nurillo Abbosxon qalamiga mansub "Alisher Navoiy" spektakli bilan ishtirok etdi. Teatr direktori T.Sultonov spektaklning yaratilishi haqida shunday deydi - "Spektakl o'z-o'zidan, tayyor bo'lib qolmaydi. Birinchidan, o'zbek tilining asoschisi Navoiyning xarakteri, tashqi ko'rinishi, fikrlash qobiliyati, gapirgandagi holati, ovoz ohangi shoirga xos sehrli bo'lishi zarur. Navoiy obrazini gavdalantirgan aktyor zimmasiga ulkan vazifalar yuklatildi. Ikkinchidan, dekoratsiya shakli va rangi shunday tanlandiki, tomoshabin ham zavqlansin, ham o'sha zamon nafasini his qilsin. Yana dekoratsiya spektakl istiqboliga ham xizmat qilsin. Qarang, teatr jamoasi oldida

qanday murakkab jarayon turgandi. Uchinchidan, liboslarga kelsak, ular aktyorga sahnada erkin harakat qilishiga halaqit bermasligi, shu bilan birga, Navoiy davriga xos usti-bosh bo'lishi shart edi. Ya'ni, qanday matodan tayyorlangani, qanday ko'rinishda bo'lgani va hakozo... To'rtinchidan, rejissorlik yechimi... Bu borada men rejissor Doston Haqberdiyevdan minnatdorman." Shunday qiziq suhbatdan so'ng spektaklni tomosha qilish ishtiyoqi yana ham ortdi.

Parda munojot kuyi bilan ochilib, spektakl boshlanadi. Sahna o'rtasida ibodat amallarini bajarayotgan Alisher Navoiy va uning ortida shogirdlari, yuqoriroqda ustozi Jomiy ko'rinadi. So'ng Navoiy g'azali bilan maqom qo'shig'i yangraydi. Ibodat tugagach Navoiy ustoziga ta'zim qiladi, shu palla uning atrofida oq libosli pari aylanib, plastik xatti-harakatlar bilan xirom aylaydi. Shundan so'ng, ikkinchi, keyin uchinchi pari paydo bo'ladi. Bir oz muddat o'tgach to'rtinchi. Beshinchi pari paydo bo'lib raqs elementlarini bajargach, parilarning barchasi Navoiy atrofida gir aylanadi. Bu besh parini diqqat bilan kuzatgan Navoiy ularga oshiq bo'lib qoladi. Qo'shiq yakunida parilar bitta-bitta sahnani tark etadi, so'ng ustozi, keyin shogirdlari. Nimqorong'u sahnada Navoiy yolg'iz o'zi qoladi. Bu sahnada Navoiy o'zining Xamsa asariga muhabbat qo'yib, ustozlaridan uni yozishga izn so'ragani obrazli sahnaviy yechim bilan tomoshabinlarga yetib boradi. Qahramonlarning liboslari ham davr muhitiga mos ravishda tanlanganligi va uni rangi hamda bezaklari tomosha vaqtida asosiy voqeadan chalg'itmasligi e'tiborga molik. Spektaklning bu nozik masalasini liboslar rassomi L.Palvanova ijodiy yondashgan holda hal etgani tahsinga loyiq. Ushbu spektaklda ham Navoiy hayotining muhim davri aks etgan bo'lib, uni ochib berish vazifasi qisman ssenografiya ustida ish olib borgan sahnalashtiruvchi rassom J.Rahimov zimmasida edi. J.Rahimov o'zining kuchli ijodiy intellekti bilan tarixiy muhitga zid bo'lmagan sahnaviy bezaklar orqali qarama-qarshiliklarni topgan. Aynan qarama-qarshiliklar asarning dramatik sahnalardagi ta'sirchanligini oshirishga xizmat qilgan. O'z nomi bilan maqom teatri bo'lganligi bois, spektakldan Alisher Navoiy g'azallari bilan kuylangan maqom qo'shiqlar o'rin olgan bo'lib, ular voqealar tizimining rivojiga sabab bo'lgan. Qahramonlar holatini kuchaytirgan. Qolaversa, muallif Nurillo Abbosxonning asar tili juda mukammalligini alohida ta'kidlash zarur. Ungacha yozilgan Navoiy haqidagi roman va dramalar haqida gap ketganda adabiyotshunos olimlarimizning ma'lumotlarini keltirib o'tishni lozim topdik. "Uyg'un va Izzat Sulton tomonidan yaratilgan Alisher Navoiy dramasi bilan Oybekning Navoiy romanini til jihatidan solishtirganda har bir kishi romanda arxaizmlar dramadagidan ko'ra ancha ko'p ekanini darrov payqab oladi. Oybek romanida arxaizmlarning nisbatan mo'lligi tarixiy koloritni maydonga keltirish uchun zarur narsa. Agar bu fazilat dramaga ko'chirilganda edi, kamchilikka aylangan, ya'ni dramaning tomoshabin tomonidan hazm etilishini qiyinlashtirgan bo'lar edi. Dramadagi personajlar qaysi tarixiy davr va qaysi sharoitda bo'lmasin, tomosha

zalida o'tirgan kishilarning sodda tiliga juda ham yaqin tilda gaplashmoqlari zarur." [3] Haqiqatan ham mazkur sahnaviy asar tili zaldagi tomoshabinlarga juda eshitimli bo'ldi.

Teatrda aktyorsiz spektakl bo'lmaganidek, aktyorning ichki ruhiy holatisiz sahnaviy voqea ham bo'lmaydi. Festivalning to'rtinchi kuni insonning ruhiy olami, ichki dunyosini anglash mavzusida Farg'ona viloyati rus drama teatri rejissor A.Abdullayev tomonidan sahnalashtirilgan "Luna dlya Shaxa Baxrama" spektakli namoyish etildi. Ya'ni, sahnada biz odatlangan asosiy qahramonlar bittadan emas, ikkitadan qatnashdi. Aniqroq aytadigan bo'lsak, spektaklda ikkita Baxrom va ikkita Dilorom ishtirok etdi. Rejissor bu yondashuv orqali inson ruhiy olamidagi kurashni tasvirlashga uringan va qahramonlarning ichki va tashqi dunyosidagi ziddiyatni ko'rsatib, insonning o'zi bilan o'zi o'rtasidagi doimiy kurashga e'tibor qaratgan.

Festivalning beshinchi kuni O'zbekiston davlat rus akademik drama teatri Valijon Umarov rejissorligida "Hayrat ul-abror" (Smyateniya pravednikov) asari bilan tomoshabinlarga o'zgacha sahnaviy holat taqdim etdi. Spektakl Alisher Navoiyning "Hayrat ul-abror" dostoni hamda Oybekning "Alisher Navoiy" romanidan foydalanib, plastik yechimda ifodasini topgan she'riy kompozitsiyasi shaklida namoyon bo'ldi. "Hayrat ul-abror" dostoni "Xamsa" ning birinchi dostoni bo'lib, didaktik ruhda yozilganligi, undagi obrazlar xilma-xilligi va o'sha davrdagi bir qator dolzarb muammolarni ro'y-rost ochib berishi bilan "Xamsa" ning keyingi dostonlaridan ajralib turadi. Qisqa qilib aytganda, asar bo'yicha Navoiy "Komil inson" tushunchasi haqida va undagi xislatlarni hamda sifatlarni sanab o'tgan. Navoiy ta'kidlashicha, komil inson - imonli, xalqqa yordami tegadigan va xalq g'ami bilan yashaydigan, saxovatli, hunarli, samimiy, kamtarin, vafoli, qanoatli hamda sabr-bardoshli shaxsdir. Hayrat ul-abrorda Navoiy rostlik, to'g'rilik hamda yolg'onchilik, egrilik masalalariga keng to'xtalgan. Rejissor shu narsalarni hisobga olib, bosh rol ijrochisi hayotda ham yuksak intellekt sohibi, bilimli, eng asosiysi Navoiy sanab o'tgan xislatlar va fazilatlar egasi bo'lsagina obraz ishonchli chiqishini anglagan holda, bosh rol ijrochisiga Afzal Rafiqovni tanlagan va unga tayanib, sahnaviy voqealarni qurganligi sezilib turdi. Bosh rol ijrochisi ortida esa plastik raqslar, xatti-harakatlar obrazli tasvirlandi. Afzal Rafiqovning mahobatli, jarangdor ovozi, misralar ostidagi tub ma'nolarni tomoshabinga yetkazib berishi, jonli so'z san'atining oliy darajasi sanalgan so'z harakati, ohangi orqali ezgu g'oyalar tarannum etildi. Inssenirovka muallifi va sahnalashtiruvchi rejissor O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Valijon Umarov. Ssenografiya Sergey Chernov, kompozitor Anvar Ergashev. Liboslar rassomi M.Soshina, plastika rejissori I.Ostanin.

Samarqand viloyati musiqali drama teatri ijodiy jamoasi buyuk shoirning "Lison ut-tayr" (Qush tili) asari (Shokirjon Muradov inssenirovkasi) asosida sahnalashtirilgan "Ishq bo'stoni" afsonasi bilan ishtirok etdi. Spektakl 21-dekabr

O'zbekiston davlat drama teatrida namoyish etildi. Sahnalashtiruvchi rejissor Shuhrat Sanaqulov. Sahnalashtiruvchi rassom Kamoliddin Rahmatov. Spektaklda milliy musiqiy asboblar - doira va sozlardan foydalanildi. Spektakl davomida har bir qahramon xas va cho'plardan yasalgan bosh kiyimda sahnada harakatlandi. Buni nima ekanligi tomoshabinni hayratlantirdi. Bosh kiyim spektaklning dekoratsiyasi bilan bog'langandan keyin sahnaviy yechim barchaga ochiqlandi. Buni alohida e'tirof etish kerak. Sahna o'rtasidagi shoxli daraxt - bu hayot bo'lib, uning egri va to'g'ri yo'llari shoxlardir. Spektakl so'nggida mana shu daraxtga barcha qahramonlar o'z bosh kiyimlarini yechib, ilib qo'yishdi. Demak, o'tkinchi hayot tashvishlarini boshimizda g'avg'o qilib olib yurmasdan uni hayotning o'ziga qoldirib, haq yo'liga o'y-fikrlarimizni yo'naltirishimiz kerak ekan.

Festivalda o'z spektakllari bilan ishtirok etgan barcha teatr jamoasi ijodkorlari Navoiy va uning asarlarida ilgari surilgan g'oyalarni anglab, tomoshabinga ham anglatishga erishgan. Ayniqsa, Buxoro viloyati musiqali drama teatri Navoiy asarlari asosidagi (Shayx San'on qissasi) syujeti bilan "Segoh" spektaklini sahnaga qo'yib, katta falsafiy asarni o'ziga xos usulda qo'shiqlar jo'rligida ifodalashga erishdi. Sahnalashtiruvchi rejissor Sayfiddin Meliyev.

Ozarbayjon shoiri va dramaturgi Husayn Jovid qalamiga mansub bo'lgan bu asarda ishq bilan birga e'tiqodlar o'rtasidagi jang tasvirlanadi. Shayx San'on o'z zamonasining piri murshidi, ilmu irfon, karomatu kashfda yagona, uning kamoli haqida so'z aytish ortiqcha, Makkada ellik yil shayxlik qilgan. To'rt yuzta muridi bor ediki, har biri tariqatda bir yorqin siymo edi. Ammo o'zi ham, muridlari ham riyozat va toatdan to'xtamas edilar, kecha-kunduz Allohni yod etib yashardilar. Shayxning ilmi va amali barobar bo'lib, yashirin va oshkora ravishda ishora va asror ko'rsatib turardi. Ellik marta haj qilgandi, bundan tashqari umra hajini ham umr bo'yi kanda qilmadi. Biror sunnatni tark etmadi va namozu ro'zani behad ko'p ado etar edi. Barcha peshvolar bu peshvo shayxni o'zlaridan baland hisoblardilar. Bemorlar va kasalmand odamlar undan shifo topardi. Xullas, shodligu g'amda xalq bilan birga va madadkor edi u. Davrining yagonasi bo'lgan bu ulug' murshid bir kecha tush ko'rdi. Tushida ko'rsaki, Rumda sayr etib yurgan emish. Ko'ngli bedorlarning bedori, ogohlarning ogohi bo'lgan bu ulug' shayx ko'rgan tushidan g'amgin bo'ldi. Bu tush karomatli bo'lib, keyinchalik shayx haqiqatan ham shuncha yillik ibodatini, qilgan hajlarini bir go'zalning vasli yo'lida fido qilib yuboradi. Tarso qizining buyruqlarini bajarib, o'zi bu yo'lda qilayotgan xatolarini bilib turgan Shayx San'onning iztiroblari olamni tutsa-da, u o'zini o'zgartira olmaydi.

Ishq, muhabbat azal-azaldan olamni, jumladan insonlarni harakatga keltiruvchi olijanob kuchdir. Lekin buni kim qancha anglaydi-yu, kim unga qanday munosabatda bo'ladi. Ishq-muhabbatning yaratuvchanlik kuchi hech qachon nafsoniy qarashlar va munosabatlar bilan kelisha olmaydi. Zero, barcha ijtimoiy tanazzullar, inqirozlar,

kasofatlar va halokatlarning bosh sababi nafs tug'yonidir. Faqat ishq bunday salbiy oqibatlarga g'ov bo'lib, barham bera oladi. Ajdodlarimiz ishq borasida ilgari surgan g'oya va falsafaning tub mohiyati ana shu ziddiyatni anglab yetish hamda yovuz nafsning botiniy, zohiriy tug'yonlarini zaiflashtirish va alaloqibat, uni mahv etishga qaratiladi. Bunda Oshiq obrazi har doim diqqat markazida bo'ladi va mazkur g'oya uning timsoli orqali ilgari suriladi. Bu syujet yangi yo'nalishda sahnalashtirilgan bo'lsa ham rejissor ko'p asrlik mavzuni talqin qilgan.

Festival haqida uyushtirilgan tahliliy suhbatda hakamlar hay'ati a'zosi sifatida ishtirok etgan San'atshunoslik fanlari doktori Dilfuza Rahmatullayeva shunday deydi: - "Bolalarni yoshligidan Navoiy dahosi bilan oshno qilish niyati qo'g'irchoq teatrlarini ham izlanishlarga undagani xayrli. Andijon viloyati qo'g'irchoq teatrining dramaturg Temurbek inssenirovkasi asosida sahnalashtirilgan "Farhod va Shirin" spektakli, Qoraqalpoq davlat qo'g'irchoq teatrining Chin yurtini dunyoga mashhur qilgan go'zal, Qashqadaryo viloyati qo'g'irchoq teatrining "Qush tili", Buxoro viloyati qo'g'irchoq teatrining "Lison ut-tayr", Xorazm viloyati qo'g'irchoq teatrining "Sher bilan Durroj", O'zbek milliy qo'g'irchoq teatrining "Sabbayi sayyor" spektakllari bugungi o'zbek qo'g'irchoq teatrlarida mavzuni o'zlashtirish yo'lida o'ziga xos jarayon ketayotganini ko'rsatadi. Festival so'nggi yillarda teatrlarimizda buyuk mutafakkir asarlari asosida qator e'tirofga loyiq spektakllar yaratilganini ko'rsatdi".

Festivalda baholash mezoni ikki yo'nalishda dramatik-musiqali va qo'g'irchoq teatrlari asarlariga ajratildi. G'oliblar spektaklning badiiy-g'oyaviy saviyasi, ma'naviy-ma'rifiy, tarbiyaviy ahamiyati, asarlarning dramaturgiya talablariga mosligi, rejissorlik yechimi, ssenografiyasining o'ziga xosligi, musiqiy bezak, aktyorlik mahorati kabi talablar asosida aniqlandi.

Taqdirlash marosimi O'zbek Milliy Akademik drama teatrida 23-dekabr kuni bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining o'rinbosari B.Ahmedov, O'zbekiston san'at arbobi Jo'ra Mahmud, San'atshunoslik fanlari doktori Dilfuza Rahmatullayeva, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti professorlari Ma'murjon Umarov, Maryam Ashurova, dotsent A'zamjon Abduhalilovlar qatnashdilar. G'oliblar quyidagicha e'lon qilindi:

- Dramatik yo'nalish bo'yicha 3-darajali diplom Samarqand viloyati musiqali drama teatri ijodiy jamoasi buyuk shoirning "Lison ut-tayr" (Qush tili) asari (Shokirjon Muradov inssenirovkasi) asosida sahnalashtirilgan "Ishq bo'stoni" ga topshirildi.

- Buxoro viloyati qo'g'irchoq teatrining "Lison ut-tayr" spektakli 2-darajali diplom bilan;

- 1-darajali diplom bilan Marg'ilon shahar musiqali maqom teatri "Navoiy" spektakli loyiq topildi.

- "Eng ahil jamoa" nominatsiyasi Sirdaryo viloyati musiqali drama teatriga berildi.

- "Eng yaxshi grim ustasi" nominatsiyasi Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrining grim ustasi K.Farmonovga nasib etdi.

- "Eng yaxshi rejissorlik ishi" nominatsiyasi uchun Farg'ona viloyati rus drama teatrining "Luna dlya Shaxa Baxrama" spektakli rejissori Anvar Abdullayev taqdirlandi.

- "Eng yaxshi aktyorlik mahorati" uchun O'zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov taqdirlandi.

- "Navoiy obrazining eng yaxshi talqini" uchun nominatsiyasida Marg'ilon shahar musiqali maqom teatri aktyori A.Isroilov g'olib deb topildi.

Teatr san'ati ta'sirchanlik borasida tengi yo'q san'at turi hisoblangani bois, teatr sahnasi orqali xalqimizga Alisher Navoiy siymosini yanada yaqinroq tanishtirish va asarlaridagi milliy, umuminsoniy g'oyalarning jahon tamaddunida tutgan o'rnini hamda o'sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyatini nazarda tutib, mazkur festival Navoiy asarlarida ilgari surilgan insoniylik, do'stlik, adolatparvarlik, haqparvarlik, xalqparvarlik, mehnatsevarlik singari g'oyalarni jonli obrazlar orqali gavdalantirish, bu orqali esa tomoshabinni o'ylashga, fikrlashga, asosiysi, poklanishga undashga qaratilgan amaliy tashabbuslardan biri bo'lib, bugungi kun uchun ma'naviy tarbiya borasida alohida ahamiyat kasb etadi. Bunday festivallar soni va sifatini kengaytirish teatrlarimizning ijodiy salohiyatini oshirishda muhim omil hisoblanadi. Shu bois, teatr san'atining jamiyatdagi o'rni tengsiz ekanligini aniq bilgan prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan 2022-yil 2-fevralda millat ma'naviyati va madaniyatini yanada yuksaltirish asosini tashkil etuvchi yana bir muhim qaror qabul qilindi. U "Madaniyat va san'at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida" PQ-112-sonli qarordir. [4] Qarorga muvofiq uzoq hududlar ham sifatli madaniy xizmat bilan qamrab olinadi. Madaniyat markazlari, teatrlarning moddiy texnik bazasi mustahkamlanadi. Ta'lim maskanlarida musiqa asboblarini chalish orqali yosh avlodning san'atga oshno bo'lib o'sishi ta'minlanadi. Yoshlar o'rtasida turli yo'nalishlarda festivallar, konsert tomosha tadbirlari tashkil etilib, g'oliblar taqdirlanadi. Sohada samarali mehnat qilayotgan xodimlarga uy-joy xarid qilish uchun subsidiyalar beriladi. Bir so'z bilan aytganda ushbu qaror va unda belgilangan vazifalarni amalga oshirilishi madaniyat va san'at sohasidagina emas, xalqimiz ayniqsa, o'sib kelayotgan yosh avlod hayotida olamshumul yangilik bo'ldi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2017-yil 3-avgustdagi O'zbekiston ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvdagi ma'ruzasidan. Xalq so'zi. 2017-yil 4-avgust.

2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-oktyabrdagi PQ-4865-sonli qarori.

3. Sultonov I. Adabiyot nazariyasi. Toshkent. O'qituvchi, 1980. 278-bet.

4. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Madaniyat va san'at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida" PQ-112-sonli qarori.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.