Umumiy va maxsus qobiliyatlarning ta'lim jarayonidagi roli
J.Rahmatullayev UrDU
Annotatsiya: Mazkur maqolada umumiy va maxsus qobiliyatlarning ta'lim jarayonidagi roli, qobiliyatning turlari, o'quvchilar individual faoliyat uslubi umumiy va maxsus qobiliyatlari, qiziqishlari bilan bog'liq xolda shakllanishi to'g'risidagi ma'lumotlar bayon qilingan.
Kalit so'zlar: qobiliyat, umumiy va maxsus qobiliyat, adabiy qobiliyat, matematik qobiliyat, "badiiy" tip, "fikrlovchi" tip, "o'rta" tip, faoliyatining individual uslubi
The role of general and special abilities in the educational
process
J.Rahmatullayev UrSU
Abstract: This article describes the role of general and special abilities in the educational process, the types of abilities, the formation of students' individual activity style in relation to general and special abilities and interests.
Keywords: ability, general and special ability, literary ability, mathematical ability, "artistic" type, "thinking" type, "medium" type, individual style of activity
Shaxs egallashi shart hisoblangan faoliyat, u xoh ta'lim, xoh mehnat, xoh o'yin, xoh sport bo'lishidan qat'iy nazar, uning bilish jarayonlariga, aqliy hislatlariga, sensamator sohasiga, haraktereologik xususiyatlariga muayyan talablar qo'yadi va ularning hamkorlikdagi sa'i-harakatlari tufayli muvafaqqiyatlarga erishiladi.
Psixologik ma'lumotlarga qaraganda, insondagi yuksak ko'rsatkichga erishgan sifat harchand ustivorlikka ega bo'lmasin, u talablarni qondirish imkoniyatiga ega bo'lmaydi. Ayrim xollarda alohida namoyon bo'lgan psixik xususiyat (hislat) faoliyatining yuksak mahsuldorligi va samaradorligini ta'minlash qurbiga ega, u qobiliyatlar uddalay oladigan imkoniyat bilan bab-baravar kuch quvvat tariqasida vujudga keladi, degan faraz o'zini oqlamaydi. Shuning uchun qobiliyatlar murakkab tuzilishiga ega bo'lgan psixik sifatlar(hislatlar) majmuasidir deyish juda o'rinlidir.
Qobiliyatlar sifatida ro'yobga chiqadigan psixik hislatlar majmuasining tuzilishi yaqqol va alohida faoliyat talabi bilan belgilanganligi tufayli har qaysi turdagi
faoliyatlar uchun o'ziga xos tarzda quyilishi to'rgan gap. Buning uchun ayrim misollarni tahlil qilib o'tamiz:
1) Matematik qobiliyat: matematik materiallarni umumlashtirish, mulohaza yuritish jarayonini qisqartirish matematik ish-amallarni kamaytirish, masalani idrok qilish bilan natijasi o'rtasida aloqa o'rnatish, to'g'ri va teskari fikr yuritishdan engib o'tishlik, masala echishda fikr yuritishning epchilligi kabilar;
2) Adabiy qobiliyat: nafosat hislarining yuksak taraqqiyot darajasi, xotirada yorqin ko'rgazmali obrazlarning jonliligi, "til zehni", behisob hayolot, ruhiyatga qiziquvchanlik, o'zi ifodalashga intiluvchanlik va boshqalar. Ajratib qo'rsatilgan qobiliyatlar tarkibidan ko'rinib turibdiki, matematik va adabiy qobiliyatlar o'zaro bir-biriga o'xshamagan talablarni qo'shgan holda tafovutga egadir. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, pedagogik, musiqaviy, texnik, konstruktorlik, tibbiy qobiliyatlar va shunga o'xshash qobiliyatlar tuzilishi maxsus xususiyatga ega bo'lib, kasbiy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Yaqqol qobiliyatlar tuzilishini tashkil qiluvchi shaxsning hislatlari, fazilatlari orasida ma'lum turkumi etakchilik, ustuvorlik qilsa, ayrimlari yordamchilik vazifasini bajaradi.
Ma'lumki, pedagogik qobiliyatlar tuzilishida etakchi hislatlar sifatida pedagogik odob(takt), bolalarni sevish, o'quvchilar jamoasini tashkil qilish va uni boshqarish, kuzatuvchanlik, talabchanlik, bilimlarga chanqoqlik, bilimlarni uzatishga o'quvchanlik va shunga o'xshashlar tan olinadi. O'qituvchilik qobiliyatining yordamchi (qo'shimcha) fazilatlariga quyidagilar kiradi- artistlik, nutqiy qobiliyat, diqqatni taqsimlash, akademik qobiliyatlar va hokazo.
Pedagogik qobiliyatlarning etakchi (asosiy) va yordamchi (qo'shimcha) tarkiblari, jabhalari ta'lim jarayoni muvafaqqiyatini ta'minlaydigan birlikni (birikuvni) yuzaga keltiradi hamda o'qituvchi shaxsi bilan bog'liq bo'lgan hamkorlik, individual faoliyatini tashkillashtiradi, qobiliyatlardan muayyan darajada umumiy va tarqoq ma'noda maxsus sifatlarni ajratish orqali ma'lum turkum tuzilishini yuzaga keltirishi mumkin. Bundan kelib chiqqan holda qobiliyatlarni umumiy va maxsus qobiliyatlar guruhiga ajratish maqsadga muvofiq.
Umumiy qobiliyatlar (sifatlar) maxsus qobiliyatlarga (sifatlarga) zid tarzda talqin qilish mumkin emas. Shaxsning umumiy qobiliyatlari ularni hosil qiluvchi olimlar yaqqol psixologik hodisa yoki voqelikdir. Maxsus qobiliyatlar ko'lam jihatidan torroq bo'lishiga qaramay, chuqurroq mohiyatni o'zlarida mujassamlashtiradi.
Rus olimi I.P.Pavlov o'z ta'limotida "badiiy", "fikrlovchi", "o'rta" tiplarga ajratilgan shaxslarning ana shu uchta tipdan bittasiga taalluqli ekanligini tavsiflab beradi. Muallif ushbu tipologiyani yaratishda oliy nerv faoliyatining birinchi va ikkinchi signal sistemasidan iboratligi to'g'risidagi ta'limotga asoslanadi. Birinchi
signallar sistemasi obrazlar emotsiyalardan va ikkinchi signal sistemasi esa obrazlar haqida so'zlar orqali signal berishdan iboratdir.
Ikkinchi signallar sistemasi I.P.Pavlov tomonidan "signallarning signali"deb nomlangan edi. Ushbu tipologiyani osonroq qilib quyidagicha tushuntirish mumkin:
1) Shaxs psixik faoliyatida birinchi signallar sistemasining signallari nisbatan ustunlik qilsa, bu inson "badiiy" tipga taalluqlidir;
2) Mabodo "signallarning signali" nisbatan ustuvor bo'lsa- bu shaxs «fikrlovchi tipga» munosibdir;
3) Agarda har ikkala signallar aralashib ketgan bo'lsa (birortasining ustunligi sezilmasa) - bu inson "o'rta tipga" mansub odamdir;
Tipologiyaning o'ziga xos tomonlari qisqacha ifodalaganda yoki tavsif qilinganida quyidagilar namoyon bo'ladi:
1. "Badiiy tip" uchun bevosita u taassurotlar, shonli tasavvur, yorkin idrok, his-tuyg'ular (emotsiyalar) natijasida vujudga keladigan obrazlarning yorqinligiga xosdir.
2. "Fikrlovchi tip" uchun masxumlarning, mantiqiy tizilmalarning, nazariy muloxazalarning, metodik muammolarning ustunligi muvofikdir.
Badiiy tipning mavjudligi aqliy faoliyatning zaifligi yoki aklning etishmasligini bildirmaydi, lekin bu o'rinda gap psixikasining obrazi jabxalarini fikrlovchi tomonlariga nisbatan ustuvorligi haqida boradi xolos. Biroq shuni ta'kidlash lozimki, shaxsning ikkinchi signallar sistemasi birinchi signallar sistemasidan ustunlik qiladi va bu ustuvorlik mutloqlik xususiyatiga egadir. Ma'lumki, insonlarning xayot va faoliyatlarida til bilan tafakkurning o'rni xal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. SHaxs tomonidan borliqni aks ettirish jarayoni so'zlar, fikrlov vositasida ro'yobga chiqariladi.
Maxsus qobiliyatlardan biri hisoblangan matematik qobiliyatni o'rgangan psixolog V.A.Krutetskiy fikriga ko'ra, har qanday faoliyat turi shaxsning belgilangan sifatlari birikmasini talab qiladi. V.A.Krutetskiy aqliy faoliyatning xususiyatlari bo'lgan matematik qobiliyatlar haqida gapirib, avvalo o'qituvchilar o'rtasida bir muncha tarqalgan yanglish fikr haqida to'xtalib o'tadi.
Birinchidan, matematik qobiliyatlar dastavval tez va aniq hisoblash qobiliyati chinakkam matematik qobiliyatlarni tarkib toptirish bilan hamma vaqt ham bog'liq bo'lavermaydi. Ikkinchidan, matematikaga qobiliyatli bo'lgan o'quvchilar formulalar, raqamlar va sonlarni eslab qolish uchun juda yaxshi xotiraga ega bo'ladilar, deb hisoblanadi.
Biroq matematikadagi ko'p miqdordagi raqamlar, faktlar, sonlar, formulalarni tez va mustaxkam esda olib qolish qobiliyatiga ancha kam asoslangan.
V.A.Krutetskiy matematikaga bo'lgan qobiliyatlar, matematik masalalarni idrok qilish harakteriga ta'sir ko'rsatishini aytadi. Qobiliyatli o'quvchilar masalani idrok qilar ekanlar, masalani muayyan tipi uchun muhim bo'lgan ko'rsatkichlarni va
muayyan tipi uchun muhim bo'lmagan, konkret variant uchun muhim bo'lgan miqdorlarni darhol ajrata oladilar.
Qobiliyatli o'quvchilarning (matematik faoliyat jarayonidagi) tafakkuri:
a) tez va keng umumlashtirish bilan ;
b) tugal xulosa chiqarishlar tendensiyasi bilan;
v) fikrlash jarayonlarining harakatlanganligi, masalalarni echishga yondashishdagi nuqtai nazarning xilma-xilligi, bir aqliy faoliyatdan ikkinchisiga oson va erkin o'tish bilan;
g) masalani echishda aniqlikka, oddiylikka, ratsionallikka intilish bilan harakterlanadi.
Matematikaga oid qobiliyatli bo'lgan o'quvchilarning xotirasi matematik sistemalarning turli elementlariga nisbatan turlicha namoyon bo'ladi. Ularning xotirasi umumlashgan harakterga ega. Masalalarning tiplari va ularni echish usullari, fikrlarning, dalil va isbotlarning sxemalari tez esda olib qolinadi va mustaxkam esda saqlanadi. Konkret ma'lumotlarni, raqamlarni, sonlarni esda olib qolishga kelganda shuni aytish kerakki, u matematik qobiliyatlarga nisbatan betarafdir. Bunday o'quvchilar yaxshi rivojlangan fazoviy tasavvurlari bilan farq qiladilar. Biroq bir qancha masalalarni echish vaqtida ular ko'rgazmali obrazlarga tayanmasliklari mumkin. Ular uchun mantiqiylik qaysidir ma'noda "obrazlilik" o'rnini egallaydi, ular abstrakt sxemalar bilan ish ko'rgan vaqtlarida qiyinchiliklarga duch kelmaydilar.
Maxsus qobiliyatlarning yana bir turi badiiy turidir. Shaxsning badiiy qobiliyati uning tilga, adabiyotga, ijod qilishga nisbatan qobiliyatlarida ifodalanadi.
Maktab o'quvchilarining adabiy qobiliyatini tekshirish shuni ko'rsatadiki, o'quvchilarning qobiliyatlilari qobiliyatsizlaridan, V.P.Yagunkovaning ma'lumotlari bo'yicha, idrok qilishning aniqligi va xotirasi bilan, yangi original obraz va syujetlar to'zishdagi tafakkur kuchi va tasavvuri bilan, ijodiy vaziyatning engilgina yuzaga kelishi bilan, so'z boyligi va va sezgisi bilan farqlanadilar.
Qobiliyatli o'quvchilarning individual xususiyatlari bo'ladi. Ba'zi birlarida voqelikka muloxazali-mantiqiy munosabatda bo'lish ustuvor, uchinchilarida esa bularning har bir mujassam bo'ldi. S.P.Kudryavseva tomonidan yuqori sinf o'quvchilarning adabiy qobiliyati ustida o'tkazilgan tadqiqot adabiyotga qobiliyatli o'quvchilarning ikki tipi mavjudligini ko'rsatdi;
Adabiy-tanqidiy tip va badiiy-ijodiy tip. Birinchi tip badiiy asarlarni tushunchalar asosida analiz qilishning o'sganligi bilan ajralib turadi, ikkinchi tip esa badiiy asarlarni o'qish vaqtida va adabiy mavzuga bayon yozishda xayajonlanish va ijodiy yondoshish bilan farqlanadi.
Adabiy qobiliyatni o'z vaqtida aniqlash ularning rivojlanishi uchun yo'l ochishdan iboratdir. Bu provardida jamiyatga shoirlar, yozuvchilar, tanqidchilar va umuman, adabiy asarlarni chuqur tushunishga hamda voqelikdan olgan o'z
taassurotlarini badiiy shaklda ifodalashga qodir odamlarning yangi o'rinbosarlarini tayyorlash demakdir.
Adabiy qobiliyatni aniqlash - bu ko'pgina o'quvchining to'g'ri yo'lga solish o'zida yashiringan imkoniyatni ko'rsatib berish, shu bilan birga, uni o'z-o'zini rivojlantirish hamda o'z kuchlarini tarbiyalashga undash uslubidir. Kimning nimaga qodir ekanligini bilish o'qituvchiga ham juda muhimdir, ana shunda u qobiliyatli o'quvchilarga individual tarzda yondoshadi, ulardagi adabiy qobiliyatni rivojlantirishning eng samarali usullarini belgilay oladi.
O'quvchilarning individual faoliyat uslubi ularning umumiy va maxsus qobiliyatlari va qiziqishlari bilan bog'liq xolda shakllanadi. Shaxs faoliyatining individual uslubi (FIU) - mehnatda, o'qishda, sportda va boshqalarda shaxsga xos malakalar, faoliyatni bajarish metodlari, uslublari bo'lib, u kishining boshlagan faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirish borasida qo'yilgan masalalarni hal qilish uslublaridan iborat. Har bir kishining shaxsiy individual xususiyatlari kompleksi biror faoliyat turi talablarini faqat qisman qoniqtirishi mumkin.
Shuning uchun kishi ongli yoki ongsiz ravishda o'zining barcha ijobiy qobiliyati va kuch quvvatini maqsad qilingan ishni bajarish uchun safarbar qiladi. Natijada shaxsda o'ziga xos individual faoliyat uslubi shakllanadi (FIU). Bu uslub muayyan shaxsga xos tipik ish uslubi va metodlaridan iborat. Masalan, o'z faoliyatining ish sur'ati va ritmini tezlashtirish extiyoji tug'ilganda dinamik tipdagi odam qo'yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli xal qiladi. Buning sabablari ishchanlik, harakatini osongina tezlashtirish qobiliyatiga ega ekanligi va bir xolatdin ikkinchi xolatga o'tish xususiyatlaridan iborat.
Yuqoridagiday vaziyatda lanj odam (inert xolatda) butunlay boshqa vositalardan foydalanadi. U bu vaziyatdan qutilish choralarini qidiradi, ya'ni u oldindan xabar topib signallardan tezroq qutilishni o'ylaydi, oldini olish chora-tadbirlarini topishga ko'proq e'tibor beradi. Ish faoliyati jarayonida bunday insonning o'ziga xos uslub va metodlari shakllanadi.
Biror shaxsga xos FIU universal, «ideal nusxa» sifatida qabul qilinishi mumkin emas. «Tajriba almashuv tariqasida» bir insonning individual ish faoliyatiga etishishni boshqa insonlarga tavsiya qilish yoki majburan qabul qildirish shunday xolatga olib keladiki, bunday odamlar o'z faoliyati qo'ygan vazifalarni bajarish mumkin bo'lmay qoladi.
Ta'lim - tarbiyaning eng muxim vazifalaridan biri xar-bir shaxsda o'z individual faoliyat uslubini qaror toptirishga yordam berishdan iborat.
Kasb tanlash yoshlarni turli kasblar bilan tanishtirish uchun kerakli tadbirlar tizimidir. Proforientatsiya xar-bir odamning individual xususiyatlari va jamiyatning ehtiyojlariga muvofiq ravishda amalga oshirish uchun quyidagi ma'lumotlarga ega bo'lishi kerak;
A) kasblarga xos sotsial-iqtisodiy xarakteristikalar bo'lib, ularda xar-bir kasbga xos ma'lumotlar (ularning jamiyatdagi o'rni, istiqboli, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati) batafsil ifodalangan bo'lishi kerak.
B) texnologik xarakteristikalar bo'lib, ularda kasbga xos ish faoliyatining ta'rifi ifodalangan bo'lishi kerak (ish qanday, qiziqarlimi, ishlab chiqarishda o'rni qanday va xokozo):
V) tibbiy fiziologik va san-gigienik xarakteristikalar bo'lib, ish sharoiti (zararli yoki zararsiz ekanligi), jamoaviy muhit, psixologik vaziyat va boshqalar.
Kasbiy yo'nalishni belgilash juda katta iqtisodiy ahamiyatga ega. Xaar qanday kasbning shaxs intilishlari va xususiyatlariga mos kelishi mexnat samaradorligini ta'minlashning muxim sharti xisoblanadi. Xar-bir odamning intilishlari va qobiliyatlariga mos kasbni tanlash shaxsning rivoj topishi uchun muxim omildir. Maktab o'quvchilarida kasb tanlashga qiziqishni shakllantirish ijobiy ish faoliyati shakllanishiga yordam beradi va o'quvchilarda mAqsadga intilish, qat'iylik va iroda mustaxkamligi kabi ijobiy sifatlarni yaratadi.
Yoshlarni biror mehnat sohasi bo'yicha kasb tanlashga tayyorlash ta'lim-tarbiya jarayonida amalga oshiriladi. Buning uchun maktab jamoasi va maktabda faoliyat ko'rsatayotgan amaliyotchi psixolog quyidagi tavsiyalarga amal qilishlari kerak:
- talim jarayonida maktab amaliyotchi psixologlari qobiliyatlarni rivojlantirishning optimal usullarini amaliyotda qo'llay bilishlari ;
- tashxis markazi mutaxassislari tomonidan buyurtmalar qabul qilib o'quvchilarining umumiy va maxsus qobiliyatlarini diagnostika qilish va rivojlantirish dasturini yaratish.
- Maxsus qobiliyatlarni erta aniqlash va rijojlantirish imkoniyatlari xususida maqola va qo'llanmalar chop ettirish.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Ананьев Б.Г. Проблемы способности. - Москва: 1992. - 218 с.
2. Айзенк.Г.Ю. Проверьте свои способности.- М.: 1992. - 177 с.
3. Baratov SH.R. Ta'limda psixologik xizmat asoslari. - Toshkent: BuxDU, 1999. - B. 77-85.
4. Гамезо М.Р., Домашенко И.А. Атлас по психологии. -М.: 2002. С. 58-63.
5. Голубева Э.А. Способности и индивидуальность. - М.: Прометей, 1993. -114 с.
6. Davletshin M.G. YOsh davrlar va pedagogik psixologiya asoslari. -Toshkent: TDPU, 2006. - 43 b.
7. Davletshin M.G. Техническая одарённость и ее выявление //O'zbekistonning iste'dodli bolalari / Respublika ilmiy-amaliy konfrensiya materiallari. -Termiz, 1992. - B. 53-55.
8. Ismagilova F.S, Nishonova Z.T. O'quvchüarning aqliy qobüiyatiarini o'stirishda aqliy o'yinlardan foydalanish. - Toshkent: 1993. - B. 5-17.
9. Кадыров Б.Р. Способности и склонности. -Т.: Фан, 1990. - 105 с.
10. Nishonova Z.T. Yuqori sinf o'quvchüarinrng ijodiy qobüiyatiarini rivojlantirish Resp. Ilm.-amal. konf. mater.. -Termiz, 1992. - B. 83-85.
11. G'oziev E. Tafakkur psixologiyasi. -Toshkent: 1990. - B. 156-184.
12. G'oziev E.G'., Usmonova SH. Intellekt psixologiyasi. -T: 2003.