Научная статья на тему 'TASAVVUR VA SО‘Z XATTI-HARAKATI'

TASAVVUR VA SО‘Z XATTI-HARAKATI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
276
24
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
Talaba / ijod / sistema / tasavvur / fantaziya / diqqat / ta’sirchan sо‘z / kechinma / aktyor / sahna.

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Xatira Tastemirovna Djuldiqorayeva

Ushbu maqolada jahon teatr san’ati maktabini isloh qilgan pedagog va rejissyor Konstantin Sergeyevich Stanislavskiyning ijodiy tavsiyalariga tо‘xtalib о‘tilgan. Aktyorning ta’sirchan sо‘zga erishishi va kechinma san’atini о‘zlashtirishida tasavvur va fantaziya hamda sahnaviy diqqatning ahamiyati tо‘g‘risida sо‘z boradi. Talabaning aktyorlik mahorati va badiiy sо‘z san’atini mustahkam egallashi va mahoratli ijodkor bо‘lib shakllanishida bu sistemaning о‘rni nihoyatda katta.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «TASAVVUR VA SО‘Z XATTI-HARAKATI»

TASAVVUR VA SO'Z XATTI-HARAKATI

Xatira Tastemirovna Djuldiqorayeva

O'zDSMI

Annotatsiya: Ushbu maqolada jahon teatr san'ati maktabini isloh qilgan pedagog va rejissyor Konstantin Sergeyevich Stanislavskiyning ijodiy tavsiyalariga to'xtalib o'tilgan. Aktyorning ta'sirchan so'zga erishishi va kechinma san'atini o'zlashtirishida tasavvur va fantaziya hamda sahnaviy diqqatning ahamiyati to'g'risida so'z boradi. Talabaning aktyorlik mahorati va badiiy so'z san'atini mustahkam egallashi va mahoratli ijodkor bo'lib shakllanishida bu sistemaning o'rni nihoyatda katta.

Kalit so'zlar: Talaba, ijod, sistema, tasavvur, fantaziya, diqqat, ta'sirchan so'z, kechinma, aktyor, sahna.

IMAGINATION AND WORD BEHAVIOR

Xatira Tastemirovna Djuldiqorayeva

USIAC

Abstract: This article focuses on the creative recommendations of Konstantin Sergeevich Stanislavsky, a teacher and director who reformed the world school of theatrical art. There is talk of the importance of imagination and fantasy, as well as stage attention, in the actor's ability to achieve impressive speech and master the art of experience. The role of this system in the formation of the student's acting skills and the art of artistic expression and the formation of a skilled artist is enormous.

Keywords: Student, creativity, system, imagination, fantasy, attention, affective speech, experience, actor, stage.

San'at va madaniyat oliygohlarida tahsil olayotgan talabalar dars mashg'ulotlarining dastlabki kunlaridan boshlab "Stanislavskiy sistemasi" degan tushuncha bilan to'qnash keladi. Talaba tahsil olish davrida, qolaversa butun ijodiy faoliyati davomida ham bu sistemaning mohiyatini anglab yetish va unga amal qilish ustida doimiy izlanadi. "Stanislavskiy sistemasi" bu ijodkorning yo'l xaritasidir.

Tasavvur aktyor ijodining mohiyatini belgilaydi. Tasavvur hosil qilish ijodda ko'p vaqt va qunt bilan o'rganilishi zarur bo'lgan hayotiy ehtiyojdir. Nafaqat aktyor, balki jamiki ijodkor bor ekan, unda tasavvur layoqati yuksak shakllangan bo'lishi kerak. San'at badiiylikni talab qiladi, badiiylik uchun esa ijodiy to'qimani mohirona qo'llay bilish muhim sanaladi. Har qanday asarni real va haqqoniy tasvirlash

I icclT^^^^H 22 http://oac.dsmi-qf.uz

mumkin, lekin u asar badiiy to'qimalar bilan boyitilmas ekan, ta'sirchan va qiziqarlilik hususiyatini yo'qotadi.

Tasavvur ijodkorni doimo yangilikka, yangi topilmalarni topish va taassurot olamini rang-barang ijodiy chizgilar bilan rivojlantirib borishga chorlovchi hissiyot ko'lamidir. Aynan aktyorlik mahoratini egallashni maqsad qilgan talabalar tasavvur olamining eng yuksak cho'qqilarini zabt etishi kerak. Bunda esa ijodiy yondashuv va tafakkur ko'lami chuqur xayolot olamini barpo qilish va uni rang-barang timsollar bilan boyitishdan iboratdir.

Aktyorlik maktabida tahsil olayotgan talaba uchun tasavvur layoqati suv va havodek zarur. Tasavvursiz aktyor libossiz sahnaga chiqqan bilan barobardir. Negaki, tasavvur fikrlashni go'zallashtirish bilan birga, unga jon ham ato etadi. Tasavvur va fikrsiz sahnada obrazlarni gavdalantirish aktyor tanasi va ruhiyatini ko'rimsiz holatga keltiradi. Tasavvur aktyorni har jihatdan ustun qilib tarbiyalaydi, shu bois ham ijod maktabining poydevorini tasavvur qilish elementlari bilan qurmoq, ijodiy fantaziya bilan go'zallashtirmoq kerak. Shu o'rinda, teatr san'ati fanining nazariyasini yaratgan, ulug' mahorat egasi K.S.Stanislavskiy o'z sistemasida tasavvurni quyidagi bosqichlarda aniqlab olish kerakligini ta'kidlaydi: "Ijod protsessida tasavvur boshlovchi hisoblanadi, u artistni o 'zi ketidan boshlab boradi. Tashabbuskor tasavvur borki, u mustaqil ishlaydi. U ortiqcha kuch sarf qilinmay rivojlanadi: o 'ngda ham, tushda ham uzluksiz, g 'ayrat bilan ishlayveradi. Tashabbussiz tasavvur ham bo 'ladi. Ammo u birov aytganini darrov ilib olib, mustaqil ravishda rivojlantira boshlaydi. Unday tasavvur bilan ishlash ham deyarli oson. Bordi-yu, tasavvur birov aytganni ilib olsa-yu, rivojlantirilmasa unda ish chatoq". [2. B-80]

Aktyor tasavvur olamini boyitish, dunyoqarashini shakllantirish, idrok va tafakkur qilishni ongli ravishda o'zi boshqaradi. Tasavvurida paydo bo'lgan har qanday manzarani qalb ko'zi bilan ko'rish, oniy hislarni tugish va ularni idrok qilib, tafakkurida gavdalantirish mexanizmining tabiiyligini topishda tashabbuskor va tashabbussiz hosil bo'ladigan tassavvurni paydo qilmoq zarur.

Aktyor tassavvur olamini uzluksiz va mantiqan to'g'ri yo'naltirishida ijodiy fantaziya qo'l keladi.

Tasavvur va fantaziya talaba ijodining mantiqli va davomli bo'lishini ta'minlovchi omildir. Ularsiz talabaning ijodi jonlanmaydi. Negaki, tafakkurda hosil bo'lgan fikrni tuyish, uni his qilishni tasavvur belgilab bersa, ularni rang-barang hayoliy to'qimalar bilan boyitish, kutilmagan voqea-hodisalarga ergashtirish, cheksiz va ulkan hayolot olamini barpo qilishni talabaning ijodiy fantaziyasi yaratadi. Shuning uchun ham tasavvur va fantaziya talabaning yo'lchi yulduzidir. Bunday yorqin isti'dodga ega bo'lgan ijodkor san'at olamining yuksak pillapoyalarini mardona zabt etadi.

23

http://oac.dsmi-qf.uz

K.S.Stanislavskiy ijodda tasavvur va fantaziyaning uyg'unligini topish, ulardan o'rinli foydalanish yuzasidan bo'lg'usi aktyorlarga shunday maslahat beradi: "Xayol surishning yangi turiga o 'tar ekanman, tasavvurda real voqelikdan ko'ra tabiatan ko 'proq imkoniyat berilganini nazarda tutaman. Chindan ham, tasavvur real hayotda qilish mumkin bo'lmagan narsalarni chizib beradi. Mana, masalan, tasavvurimizda boshqa planetalarga uchib borib, u yerdan afsonaviy parilarni olib qochamiz, afsonaviy mahluqlar bilan kurashib, ularni yengamiz; dengiz ostiga tushib suv malikasiga uylanishimiz mumkin. Shularning barini hayotda qilib ko'ring-chi. Bunday xayol surish uchun tayyor material topishning iloji bo'lmasa kerak. Shu tarzdagi afsonaviy hayotga jo'namog'imiz uchun, sizga fan, adabiyot, tasviriy san 'at va hikoyalar faqatgina yo 'nalish, ishora, turtki beradi, xolos. Binobarin, bunday xayol surishda asosiy ijodiy ish fantaziya zimmasiga tushadi. Bunday hollarda bizga afsonaviylikni voqelikka yaqinlashtiradigan vositalar kerak bo 'ladi. Bu ishda mantiq va izchillik asosiy o 'rinlardan birini egallashi lozim. Ular yo 'q narsani bo 'lishi mumkin bo'lgan narsaga yaqinlashtiradi. Shuning uchun afsonaviy va fantastik narsalarni yaratishda mantiqli va izchil bo'ling'. [2. B-90]

Tasavvurni badiiy adabiyotning barcha janrlarida qo'llash mumkin, lekin fantaziyani-chi? Tasavvur real bor narsani, bo'lib o'tgan yoki kutilayotgan narsa-hodisalarning tavsifini jonlantirsa, fantaziya esa mavhum va cheksiz hayolotni, bo'lishi mumkin bo'lmagan voqea-hodisalarni yaratar ekan, unda bu badiiy adabiyotning ma'lum bir janrlarigagina xos bo'lgan xususiyat ekanligini bildiradi. Shu o'rinda, adabiyotning sarguzasht-fantastika yo'nalishi fantaziyaning manbai bo'lib xizmat qiladi.

"Sahna nutqi" fanida ta'sirchan so'zga erishish, jonli, badiiy so'zni sahnada ifodalashda tasavvur olamining kengligi va ijodiy fantaziyaning rang-barangligi amaliy ko'mak beradi. Tafakkurda hosil bo'lgan fikrni chuqur idrok qilish, butun vujudi bilan his qilish, uni maqsadli ravishda ong osti fantaziya olamiga yo'naltirish va uning go'zal, shiddatli tasvirini jonli nutqida ifodalash talabaning badiiy so'zdagi ta'sirchanligini oshiradi. Bunda esa talaba ko 'rish xotirasiga diqqatini yo'naltiradi va uning ijodiy ko'magidan unumli foydalanadi. Fikr yuritish, ko'rish, his qilish, idrok qilish jarayoni nutqda tabiiy va jonli so'zning tug'ilishini ta'minlaydi. Bu jarayonlarsiz so'zlarning nutqda gavdalanishi quruq va ma'nosiz ifodani keltirib chiqaradi. Nutq ko'rgan va his qilgan tuyg'ularning samimiyligini hosil qiladi. Xatto ko'z oldida ko'rgan narsa-hodisalarning tasnifini ham ichki ko^rish qobiliyati orqali ochib berish mumkin. Dars mashg'ulotlarining birida, ichki ko'rish xususiyatini yanada aniqroq bilish uchun bitta talabaga sahnaviy detal, ya'ni ro'mol tutqazildi va uni tasvirlab berish so'raldi. Talaba ma'lum vaqt ro'molga qarab qoldi, nigohi ro'molda bo'lsa ham, uning xayollari butunlay boshqa tomonda... Uning ilk so'zlari so'lim tabiat, qir etagida joylashgan olisdagi qishlog'ini tasvirlash bilan boshlandi.

Talaba asta boshini ko'tarib, tomoshabinga qaraganida, uning ko'zlarida beg'ubor va o'yinqaroqlik aks etdi, u endi o'z uyida edi... Talaba qishlog'i, ko'chasi va o'z uyining har bir mayda-mayda detallarigacha gapirib berdiki, buni eshitgan tomoshabin ko'z oldida ham o'sha manzaralar hosil bo'ldi. Talaba bu jarayonlarni jo'shib tasvirlar ekan, birdan nigohi bir nuqtada qotdi, birozdan so'ng qorachiqlari atrofini ko'z yoshlari qoplay boshlaydi... U, avvaliga dimog'iga urilgan xushbo'y hidni, uy burchagiga solingan oddiy va kichkina tandirxonani, kun issiq bo'lishiga qaramay, ustiga chopon yopingan, yuz-ko'zlarini issiq olov taftidan himoyalash uchun katta ro'molni tang'ib bog'lab, non yopayotgan ayolni tasvirlar edi va juda mayin, biroz tanbehona, lekin sog'inchli ovoz bilan "Oyi..." degan chorlov bilan nutqini yakunladi. Tasavvur hosil qilish uchun berilgan ushbu vazifadan qanday xulosalar paydo bo'lganligi so'ralganda; u hamma narsalarni eslab, ko'z oldida paydo bo'lganini va ularni his qilib, qalbi yorishganini maroq bilan gapirib berdi. Bu jarayon esa ichki ko'rish va sahnada yashash hissisini shakllantiruvchi tasavvur chizgilarini hosil qilishdagi amaliy mashg'ulotlardan biri edi.

Talabaning tafakkurida tasavvur, ko'rish, his qilish, ishonish, munosabat bildirish va eng muhimi sahna haqiqatini yaratishda uning sahnaviy diqqati birlashtiruvchi, yo'naltiruvchi omil bo'lib xizmat qildi. Ijroda diqqatning mavjudligi asarning ta'sir qilish va eshitimli bo'lish darajasini oshiradi. Agar talaba asar voqeligiga to'la ishonib, butun vujudi bilan diqqat ko'lamini keng doirada taqdim qilsa, uni kuzatib o'tirgan tomoshabinlarning ham diqqatini boshqarib borish layoqatini egallagan bo'ladi. Sahnaviy diqqatning yo'qligi fikr tarqoqligi, chalg'ish, befarq, uzuq-yuluq, yuzaki yondashuvni hosil qiladi, bu esa sahnada diqqatning aksi bo'lgan parishonxotirlikni vujudga keltiradi. Talabaning bunday katta xatolikka yo'l qo'yishi aslo mumkin emas. Shuning uchun ham ustozlar "teatr eshigidan kirganingizda barcha tashqi muammo va masalalarni tashqarida qoldiring, o'z hayotingizni uniting va teatr hayoti bilan yashang", - deb doimo uqtirib keladi.

Ijodkor har bir jarayonda avvalo, ichki ruhiyat olamini tarbiyalashi va uni doimo ijodiy topilmalar bilan boyitib bormog'i zarur. Ijroda tabiiy va haqqoniy xissiyotlarning tug'ilishi bo'lg'usi aktyorni yuksak ijodiy marralar sari yetaklaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Inomxo'jev S. Badiiy o'qish asoslari, - T.: "O'qituvchi" nashriyoti, 1973. -180 b.

2. Stanislavskiy K.S. Aktyorning o'z ustida ishlashi. T.Xo'jayev tarj. - T.: Toshkent badiiy adabiyot, 2011. - 428 b.

3. O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. 8-jild. Tahrir hay'ati A.Azizxo'jayev, M.Aminov, T.Daminov va b. - T.: Davlat ilmiy nashriyoti, 2004. - 704 b.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.