TANBUR SOZINING ESTRADADAGI O'RNI VA AHAMIYATI
M.Mamatqulov Yunus Rajabiy nomidagi O'zMMSI
Annotatsiya: Ushbu maqolada tanbur sozining o'zbek milliy musiqasida tutgan o'rni haqida so'z boradi. Bundan tashqari tanbur cholg'usining estrada musiqasi va orkestr ijrochiligida ham qo'llanilayotganiga dalillar keltirib o'tiladi.
Kalit so'zlar: Tanbur, madaniyat, san'at, milliy cholg'ular, Zamon musiqasi, T.Alimatov, Sato, M.Bafoev, "KONSERT", Shashmaqom
THE PLACE AND SIGNIFICANCE OF TANBUR SOZI IN ESTRADA
M.Mamatkulov UzINMA named after Yunus Rajabi
Abstract: This article talks about the role of tanbur in Uzbek national music. In addition, there is a number of evidence that the tanbur instrument is used in pop music and orchestral performance.
Keywords: Tanbur, culture, art, folk instruments, modern music, T.Alimatov, Sato, M. Bafoev, "CONCERT", Shashmakom.
Bugungi kunda mamlakatimizda madaniyat va san'at sohasini izchil rivojlantirish, jahon miqyosidagi ijobiy tajriba va tendensiyalar, yutuq va natijalarni har tomonlama chuqur o'rganish asosida madaniyat va san'at muassasalari faoliyatini samarali yo'lga qo'yish, tarmog'ini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Ma'lumki, musiqiy cholg'ular xalqlarning moddiy hamda ma'naviy boyligidir. Chunonchi, har bir xalq o'z milliy merosi, davrlar osha yuzaga kelgan an'analarini milliy ohanglar orqali tarannum etuvchi va xalqning milliy ma'naviyatiga xos yaratilgan amaliy san'at namunalari orqali ularga mos keluvchi cholg'u asboblariga egadir. O'zbek musiqiy cholg'ular olami bu xususda ma'nan va moddiy nuqtai nazardan boy hamda rang-barang ekanligini e'tirof yetib o'tish lozimdir. Qolaversa, qaysiki xalqning ma'naviyati buyuk bo'lsa, uning tarixi va unga mos merosi ham ulkandir. O'zbek xalq cholg'ulari rang-barang tarzda, o'ziga xos shakllangan va musiqaning barcha tarmoqlariga mos cholg'u asboblari sifatida arslar osha rivojlanib kelgan.
O'tmish allomalari Al-Farobiy (IX) o'zining «Katta musiqa kitobi»da, Safiuddin Urmaviy (XII) musiqiy risolasida, Abdulqodir Marog'iy (XIV) «Jami al-alhon fi-ilm
al-musiqiy» risolasida, Ahmadiy (XIV) «Sozlar munozarasi» asarida, Zaynullobiddin husayniy (XV) «Risola dar bayoni qonuni va amaliy musiqiy» risolasida, Abdurahmon Jomiy (XV) «Musiqiy risola»sida, Amuliy (XVI) «Musiqa risola»sida, Darvesh Ali Changiy (XVII) «Musiqiy risola»larida musiqiy cholg'ularning o'rganib tadqiq etish masalalarining turli tomonlariga to'xtalib, o'z davrlarining musiqiy cholg'ulari tasnifotini bayon etganlar.
O'zbek madaniy merosi musiqiy cholg'ularga boy va ularning har biri uzoq o'tmish, tarkibiy rivojlanish va texnikaviy takomillashish jarayonidan o'tganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Ijro mezonlariga ko'ra o'zbek xalq cholg'ulari ikki guruhga bo'linadi. Birinchi guruhga barcha an'anaviy xalq cholg'ulari kiradi. Ikkinchi guruhga XX asr madaniy rivoji bilan bog'liq bo'lib takomillashgan, ya'ni qayta ishlangan (rekonstruksiya qilingan) cholg'ular kiradi.
Ma'lumki, musiqiy cholg'ular va ular bilan bog'liq namunalar xalq musiqa ijodiyotining ahamiyatga ega bo'lgan tarkibiy qismini tashkil etadi. Hozirgi davrgacha yuzaga kelib, amaliyotda o'z o'rnini egallaganligi va ijrochilik amaliyotida yuqori saviyaga ko'tarilib borayotganligi, umumbashariyat madaniyatida alohida nufuzga ega ekanligi ham bundan dalolat beradi. O'zbek xalq cholg'ularining har birini texnik jihatdan va tarannum darajasiga ko'ra ilg'or cholg'ular darajasiga kiritish mumkin. Ularning aksariyat namunalari boy ijroviy imkoniyatlari hamda mukammal darajada shakllanganligi bilan ajralib turadi. Aynan chog'ular tarannumining rang-barangligi (yakka, qo'sh, ansambl va orkestr), ularning yuqori professionalizm darajasiga erishganligi hamda katta imkoniyatlarga ega ekanligini namoyon etadi. O'zbek musiqashunosligida, oxirgi yuz yillik davomida milliy cholg'ularni o'rganishga bag'ishlangan qator ilmiy amaliy tadqiqotlar olib borilgan. O'tmishning buyuk allomalari risolalaridan tashqari, XX asrda nashr etilgan kitoblar amaliyotda keng qo'llanilmoqda. A.Fitratning «O'zbek klassik musiqasi va uning tarixi» (1924), V.Belyayevning «Muzikalnie instrumenti Uzbekistana» (1933), F.Karomatovning «Uzbekskaya instrumentalnaya muzika» (1972) T.S.Vizgoning «Muzikalnie instrumenti Sredney Azii» (1980) kabi kitoblari maxsus cholg'ushunoslikka bag'ishlangan. Bundan tashqari, bir qator ilmiy maqolalar, bir cholg'uning tarixi va ijrochiligiga asoslangan o'quv adabiyotlari nashr etilib, cholg'ushunoslikdagi ilmiy-tadqiqot va shu bilan birga ularni o'rganish va rivojida munosib o'rin egallab kelayotganligini qayd yetib o'tish lozimdir.
Darhaqiqat o'zbek milliy cholg'ulari o'zining rang-barangligi va jozibadorligi bilan boshqa xalqlardan ajralib turadi. Azal-azaldan har bir o'zbek xonadonida biror bir cholg'u asbobi mavjud bo'lgan. Hozirgi kunda ham bu an'ana davom etmoqda.
Zamon musiqasi deganda biz qanday musiqani ko'z oldimizda gavdalantiramiz, tabiiyki elektron musiqa asboblaridan tashkil topgan ansambl yoki kvartet, kvintetlar ko'z oldimizga keladi. Hozirgi zamon estradasiga etibor bilan nazar tashlaydigan
bo'lsak, bu yo'nalishda milliy soz va milliy ovozlarning o'rni beqiyos ekanligiga guvoh bo'lamiz. Sababi estrada yo'nalishida sintez ovozlar ko'p ishlatilgani sababli, insonning qalbiga, yuragiga tabiiy ovoz kabi kirib bormaydi. Estrada yo'nalishida ijod qiladigan gurux va ansambllarga ahamiyat beradigan bo'lsak, ko'p hollarda bir dona bo'lsa ham milliy soz jo'rnavozlik qilayotganini guvoxi bo'lamiz.
Milliy soz nega kerak - degan savol ham bo'lishi tabiiy. Bu holatni sinchiklab qarab, mulohaza qiladigan bo'lsak, har bir ish jarayonida kontrastni ko'ramiz. Ya'ni kiyinish madaniyati bo'lsin, yoki hayotning boshqa javxalarida ham kontrast degan narsaga duch kelamiz. Masalan oq ko'ylak - qora shim va xokazo...
San'atda bu narsa qay ko'rinishda bo'ladi? Bundan bir necha yillar avval ustozimiz, mohir sozanda, o'zbek milliy san'atining faxri hisoblangan inson T.Alimatov hozirgi kunni ko'rgandek gapirib o'tganlar. Ular: Yaqin kelajakda tanbur sozini xalq yaxshi ko'rib qabul qilishi uchun estrada bilan, ya'ni sintez ovozlarga ega bo'lgan sozlar bilan birgalikda kuylar ijro qilinsa maqsadga muvofiq bo'ladi -deganlar. Bu g'oyani bir necha yillar o'tgandan keyin ustozning bir nechta shogirdlari shunday ijroni yo'lga qo'ydilar. Ustoz T.Alimatov bu g'oyani shogirdlarga aytganlariga hozirgi kunni sarhisobi bilan hisoblaydigan bo'lsak, oradan 30 yillar chamasi o'tganini guvohi bo'lishimiz mumkin. Bu yillar ichida ko'p ijodkor san'atkorlar ijod namunalarida tanbur sozini sevib qo'shiqlar yozuvlarida foydalandilar. Tanbur sozini aranjirovkalar orasiga mohirona qo'shish natijasida qo'shiqqa o'zgacha joziba, o'zgacha tarovat qo'shilayotganini sezish mumkin.
Bu esa o'z navbatida ijod namunasini umri o'zoq bo'lishiga xizmat qiladi. Tanbur sozida qo'shiqlarga jo'rnavozlik qilishdan tashqari, salist sifatida ham ommalashib ketganini bevosita guvoxi bo'lishimiz mumkin.
Masalan: hozirgi zamonamizda radio - televideniya ko'rsatuvlariga ahamiyat beradigan bo'lsak, tanbur sozi salist sifatida ijro qilgan ko'p kuy va qo'shiklardan foydalanilayotganini eshitamiz va ko'ramiz. Albatta bu bizning sozimizga bo'lgan e'tibor deb ham qabul qilishimiz mumkin. Dunyo yuzini va dunyo saxnalarini ko'rgan ko'p san'at vakillari o'z ijodida doimiy ravishda milliy sozlardan unumli foydalanganliklarini bilamiz. Misol keltiradigan bo'lsak: "Yalla" guruhi, estradamiz yuldo'zlaridan Ravshan Nomozov, Sevara Nazarxon, "Sato" guruhi va boshqalar.
Zamonaviy estrada bilan birga simfonik orkestrlar, va estrada simfonik orkestrlar ham o'z navbatida milliy sozimizga, ya'ni tanburga murojat qilganlarini ham bilamiz. Mirxalil Maxmudov "Navo" sifoniyasida aynan tanbur sozidan foydalanganlari fikrimizni yaqqol dalilidur. Bundan tashqari detektiv va boshqa janrdagi filmlarda ham tanbur sozidan foydalanilganini ko'rishimiz mumkin. Binobarin "If qal'asining maxbusi" filmida ustozimiz T.Alimatov ijro qilgan asarlardan ham foydalanilgan.
Shu o'rinda aytib o'tish mumkinki 2005-yili D.Zokirov nomli milliy va evropa musiqa asbobolaridan tashkil topgan orkestrda faoliyat yuritganimda M.Bafoev asarlaridan biri tanbur uchun yozilgan (orkestr jo'rligida) "KONSERT"ni ijro qilganman.
Tanbur sozi hakida chuqurroq fikr yuritadigan bo'lsak, bu qanday soz, nega bunchalik ta'sir kuchiga ega, - degan savollar paydo bo'la boshlaydi. Bunday savollarga javob topish uchun biz san'atimiz tarixiga bir nazar solishimiz kerak bo'ladi.
Tanbur so'zini tahlil qiladigan bo'lsak: "tan" - bu yurak, qalb ma'nolarini anglatadib, "bur" esa - burovchi, tirnovchi, qitiqlovchi ma'nosini beradi. SHundan ayon bo'ladiki tanbur yurakka, qalbga boshqa sozlarga nisbatan o'zgacha ta'sir kuchiga egadir. O'zbek milliy sozlari ichida tanburni kadimdan "Sozlarning sultoni" deb atashgan.
Tanbur sozi shundayin bir beqiyos musiqa asbobi ekanki xech qanday soz buning shirasini bera olmaydi va uning o'rnini bosa olmaydi. Hoh estrada janrida bo'lsin, hoh maqom ijrochiligida bo'lsin tanbur sozi beqiyos va benazirdir. Tarixga yana murojat qiladigan bo'lsak, Forobiyning musiqa hakida yozgan risolalarida ham tanbur soziga alohida e'tirof bilan to'xtalib o'tganlarini ko'rishimiz mumkin. Tanburning torlari o'sha davrda ipdan bo'lgan degan iqtiboslar ham mavjud.
Tanbur - musiqiy cholg'ular orasida qadimiysi va eng zabardasti hisoblanadi. Tarixiy manbalarda ham qadim zamonlardan xalqlar orasida tanbur, tampura nomli cholg'ular keng ommalashganligi xususida ko'p ma'lumotlar bayon etilgan. Farobiy, Ibn Sino, Darvish Ali Changiy, Fitrat risolalarida tanburning turli (tarixiy, shakliy, tarkibiy, namunalari va ijrochilik) xususiyatlari ifodalangan. Tanbur o'tmishdan xalq ijrochilik amaliyotida keng qo'llanilib kelinganligi sababli ularni turlari ham bo'lgan. O'rta asrlarda kasbiy musiqaning shakllanishiga tanbur ham o'zining hissasini qo'shganligi munosabati bilan amaliyotda yetakchi sozlar qatoriga kira boshlagan. O'zbek maqom san'atining shakllanishida ham tanbur asos va yetakchi cholg'u sifatida e'tirof etiladi. Sug'd, keyinroq arab adabiyotida ruddan (barbat) keyin o'z mohiyatiga ko'ra - deb yozadi musiqashunos A.Nazarov, - «Xuroson tanburi» ikkinchi o'rinda turishi ko'rsatib o'tilganki, uning eng keng tarqalgan «Buxorocha» sozlanishi haqida Abu Nasr Forobiy yozgan edi... Farobiydan keyin Ibn Sino cholg'u asboblari tasnifining yangi tizimini taklif etadiki, unda Buxoro musiqa amaliyotida qo'llab kelingan cholg'u asboblari: tanbur, barbat, rud, chang, organ va boshqalarga alohida o'rin berilgan. Farobiy o'zining «Musiqa haqidagi katta kitobi»da tanbur cholg'sining ikki turi mavjudligi, ya'ni Xuroson va Bag'dod tanburlari haqida ma'lumotlar beradi. Tanbur Temuriylar davrining yetakchi cholg'usi va hattoki mashhur sozanda Xo'ja Abdulqodir uning yana bir turi «nay tanbur», ya'ni kamon
bilan ijro etiladigan namunasi mavjudligi xususida ma'lumot bayon etgan. Ayni paytda tanbur maqom ijrochiligining yetakchi sozi hisoblanadi.
Sozandalik - o'zbek musiqa ijrochilik san'atining qadimiy turlaridan biri bo'lib, insoniyat hayoti, ma'naviyati, ruhiyati va rivojiga beqiyos madad beruvchi omildir. Sozandalikda shu boisdan ham uzoq o'tmishdan o'ziga xos an'analar vujudga kelgan. Bu an'analar xalq orasida ardoqlanib, turli ko'rinish, uslub va yo'nalishlarda rivojlanib, avlodlardan-avloddarga o'tib, o'z ma'naviy salohiyatini saqlab kelmokda. Boshqacha qilib aytganda, sozandalik san'ati - jonli jarayondir. Musiqa san'atining beqiyos va o'lmas an'analarini o'zlarida mujassam qilib, ularni zamonaga mos tarzda rivojlantirish zabardast va ulkan qalb egalariga xosdir. Ularning ijodi, ijro yo'llari va talqin uslublarini o'rganish, musiqaning cheksiz sir-sino- atlaridan voqif bo'lish, madaniy boyligimizni qadrlash bilan birga yosh avlodni ona-vatanga muxabbat, sadoqat ruhida tarbiyalashda kam keng imkoniyatlarni ochib beradi. Sozandalikning muqim tomonlaridan yana biri kungilda ezgu his-tuyg'ularni kamol toptirib, insonni hayotni sevishga, ardoqlashga undashidir. Shu boisdan sozandalar azal-azaldan ma'naviyat kuychilari sifatida e'zozlanib kelingan. She'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy ta'biri bilan aytganda, "Shodlik oshiruvchi xonanda, g'amni tarqatuvchi sozanda - bularning har ikkisiga hissiyotga berilgan kishilar va aqli dardlar jon fido qiladilar. ("Makbub ul-kulub"dan).
Borbad, Noqisso, Ozodvor Changiy, Qulmuhammad Udiy kabi o'tmishda yashab o'tgan o'nlab buyuk sozandayu navozandalarning ism-shariflari tarix zarvaraqlariga bitilib, nomlari baxshilar tomonidan elga doston qilinganligi ham bejiz emas. Sozandalik sohasini ilmiy hamda amaliy o'rganish, idrok va tadqiq etish talabadan ham, murabbiydan ham o'ziga xos nazariy va amaliy bilimni talab etadi. Bu sohani yangicha an'analar bilan boyitgan holda tadqiq tahlil etish kelajak avlod uchun ham katta ahamiyatga ega.
Shashmaqom tarkibidagi asarlar tanbur pardalariga atayin moslashtirilganga o'xshab judayam to'g'ri kelishi estrada ijodkorlarini ham xayron qoldiradi. Maqom asarlarni tanburda buzilmagan holatda ijro qiladigan bo'lsak, maqomlarimiz o'z tarovati jozibasi va falsafasini o'z o'rnida ko'rishimiz mumkin. Shu o'rinda estrada kuy - qo'shiqlarini ham tanburga mos pardalarda ijro qiladigan bo'lsak, asar nihoyatda salobatli tus oladi va yoqimli bo'ladi. Hozirgi zamonamizda yurtimizda maqomga va milliy sozlarimizga juda kata ahamiyat berilmoqda.
Shu sababdan yurtboshimiz bu masalani davlat mikyosiga olib chikdilar.
Qarorlar qabul qilindi. Misol keltirib aytadagan bo'lsak, o'rta ta'lim maktablarida ham milliy musiqa asbobini o'rganish masalasi yo'lga qo'yilmoqda. Bu bizning milliy musiqamizga va milliy sozlarimizga bo'lgan katta e'tibordir. SHu ruhda, shu xarakatda ma'naviyatimizga xizmat kilishda davom etadigan bo'lsak, aytish mumkinki yurt ravnaqiga, yurt madaniyatiga biz ham o'z xissamizni
qo'shishga xarakat qilgan bo'lamiz. Kelajak yosh avlodga esa o'z milliy kadriyatlarini, milliy g'ururlarini, milliy sozlarini asrab avaylashga chaqirib qolamiz. Va biz buni uddasidan chiqamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Qosimov. R. An'anaviy tanbur ijrochiligi. - T.: «Cho'lpon», 2002;
2. Alimatov T. Soz vasfi. Sharq yulduzi, 1. 1996.
3. Rajabov. "Maqomlar", T., 2006 y;
4. Y.Rajabiy. "O'zbek xalq musiqasi" I-FV j. T., 1057-1959 ;