Tashkent State University of Economics
O'zbekiston - 2030 strategiyasi: inson salohiyatini ro'yobga chiqarish imkoniyatlari Uzbekistan - 2030 Strategy: _Opportunities to Realize Human Potential
SOG'LIQNI SAQLASH TIZIMIDA RESURSLARDAN FOYDALANISHNING
AXLOQIY ME'YORLARI
Feruza Sadullaevna Atamuratova
Toshkent tibbiyot akademiyasi Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti,
falsafa fanlari nomzodi
ANNOTASIYA
Ushbu maqola bugungi kunda sog'liqni saqlash tizimida mavjud bo'lgan resurslardan oqilona foydalanishni muvofiqlashtirish masalasi bag'ishlangan bo'lib, unda sog'liqni saqlash tizimidagi resurslarni adolat tamoyiliga asosida taqsimlash zarurligi tahlil etilgan.
Kalit so'zlar: sog'liq, tizim, resurs, axloq, shifokor, bemor, tibbiyot, ehtiyoj.
Tibbiyot - eng sharafli kasblardan biri hisoblanadi. "Kasb" atamasi ikkita o'xshash, ammo turli xil ma'nolarga ega: birinchidan, u yuqori axloqiy me'yorlar, bilim va ko'nikmalar to'plami va yuqori darajadagi mustaqillikka ega bo'lgan mashg'ulot bo'lsa; ikkinchidan, bir kasbga aloqador shaxslar jamiyatini ham tushunishimiz mumkin. Ya'ni, "tibbiyot kasbi" atamasi ham tibbiy amaliyotga, ham umuman barcha tibbiyot hodimlariga tegishli bo'lishi mumkin.
Tibbiy professionallik nafaqat shifokor va bemor o'rtasidagi munosabatlarni, balki hamkasblar va barcha sog'liqni saqlash xodimlari o'rtasidagi munosabatlarni, shuningdek, tibbiyot xodimlarining jamiyat bilan munosabatlarni ham o'z ichiga oladi. Ushbu munosabatlarni biz "ijtimoiy shartnoma" sifatida tavsiflanishimiz mumkin. Uning shartlariga ko'ra jamiyat tibbiyot kasbiga ba'zi imtiyozlarni beradi, jumladan, har qanday tibbiy xizmat turi va o'zini-o'zi yuqori darajada tashkil etish uchun alohida ustuvor huquqlarni beradi. Biroq buning evaziga mazkur kasbdan, birinchi navbatda, boshqalarning manfaati uchun va keyingina - o'z manfaati uchun foydalanishni talab qiladi.
Bugungi kunda tibbiyot har qachongidan ko'proq shaxsiy faoliyat emas, ijtimoiy faoliyat hisoblanadi. U davlat va hukumat tashkilotlari va moliyalari doirasida ishlaydi, uning bilim va usullari davlat va xususiy kashfiyotlarga asoslanib, tabiatan ijtimoiy va biologik kasalliklar bilan kurashadi.
Tibbiyotning "ijtimoiy" tabiati haqida gap ketganda, jamiyat o'zi nima? degan savol tug'iladi. Shuni aytish kerakki, jamiyat va huqumat turli tushunchalar hisoblanadi. Har zamonda hukumat jamiyat manfaatlarini himoya qilishi kerak. Lekin huqumat
201
Tashkent State University of Economics
O'zbekiston - 2030 strategiyasi: inson salohiyatini ro'yobga chiqarish imkoniyatlari Uzbekistan - 2030 Strategy: _Opportunities to Realize Human Potential
jamiyatni himoya qilgan taqdirda ham, u jamiyat nomidan ish olib borganda ham aslo jamiyat bo'la olmaydi.
Tibbiyot xodimlari jamiyat bilan turli xil munosabatlarga kirishadi, chunki jamiyat va jismoniy muhit bemorning sog'lig'iga ta'sir etuvchi muhim omil hisoblanadi. Tibbiyot kasb sifatida insonlar sog'lig'ini saqlash, sog'liqni saqlash sohasidagi ta'lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog'lom turmush tarzini shakllantirish va qonun ijodkorligida muhim roF o'ynaydi. Jahon tibbiyot uyushmasining Bemorlarning huquqlari to'g'risidagi deklaratsiyasida shunday deyilgan: "Qonunchilik, hukumat qarori yoki boshqa biron bir tashkilot bemorga [uning] huquqlarini tan olmagan hollarda, shifokor ushbu huquqlarni ta'minlash yoki tiklash uchun barcha harakatlarni amalga oshirishi kerak" [1]. Shifokor, shuningdek, jamiyatning cheklangan tibbiy resurslarini taqsimlashda hal qiluvchi rol o'ynashi va hech qachon bemorlarga tegishli bo'lmagan xizmatlardan foydalanishlariga ruxsat bermasligi zarur.
Dunyoning barcha mamlakatlarida, jumladan, rivojlangan davlatlarda ham, sog'liqni saqlash xizmatlariga bo'lgan ehtiyoj va talablar va ushbu xizmatlarni ko'rsatish uchun yetarli bo'ladigan resurslar o'rtasida sezilarli, kundan kunga o'sib borayotgan farqlar mavjud. Ushbu bo'shliqni bor resurslardan oqilona foydalanishni muvofiqlashtirish bilan to'ldirish mumkin. Sog'liqni saqlash tizimida mavjud resurslarni muvofiq ravishda taqsimlash uch darajada bo'lishi mumkin:
- yuqori («makro») darajada hukumat sog'liqni saqlashga jami byudjetning qandaydir qismini ajratadi; qaysi tibbiy xizmatlar bepul taqdim etilishini va qaysi birlari to'g'ridan-to'g'ri bemorlardan yoki ularning tibbiy sug'urtasidan olinishi belgilanadi. Sog'liqni saqlash byudjeti doirasida hukumat shifokorlar, hamshiralar va boshqa tibbiyot xodimlarining ish haqiga; shifoxonalar va boshqa tibbiyot muassasalarining to'liq va joriy harajatlariga; tadqiqot, ta'lim va maxsus xizmatlariga qancha mablag'lar sarflanishini hal qiladi;
- institutsional («mezo») darajada hukumat shifokorlar, hamshiralar, shifoxonalar, klinikalar, sog'liqni saqlash idoralari va boshqalarga hokimiyat resurslarining qanday taqsimlanishini belgilaydi: qanday xizmatlar ko'rsatilishi, xodimlar, jihozlar, xavfsizlik, ta'mirlash, kengaytirish va boshqalarga qancha joriy harajatlarni ajratish kerakligini belgilaydi;
- individual bemor ("mikro") darajasida, sog'liqni saqlash tizimi xodimlari (asosan shifokorlar) bemorda qaysi testlarni o'tkazish kerakligi, qaysi mutaxassisga murojaat qilish, shifoxonaga yotqizish zarurmi yoki yo'qligi to'g'risidagi qarorlarni qabul qiladilar; bemorlarga patentlangan dori darmonlar yoki umumiy dorilar kerak bo'ladimi va hokazo masalalarni belgilaydilar. Hisob-kitoblarga ko'ra, shifokorlar sog'liqni saqlash tizimi
202
Tashkent State University of Economics
O'zbekiston - 2030 strategiyasi: inson salohiyatini ro'yobga chiqarish imkoniyatlari Uzbekistan - 2030 Strategy: _Opportunities to Realize Human Potential
harajatlarining 80 foizigacha bo'lgan qismini nazorat qiladilar va bemorlar qaysi manbalardan foydalanish imkoniyatini tanlashda katta erkinlikka ega hisoblanadilar.
Har bir darajadagi qarorlar muhim axloqiy tarkibiy qismga ega, chunki ular ma'lum qadriyatlarga asoslanib, ham insonlar, ham butun jamiyatning salomatligi va farovonligiga sezilarli ta'sir o'tkazadi. Garchi shifokor resurslarni taqsimlashning barcha darajalarda qabul qilingan qarorlarda qatnashsalar-da, eng katta ishtirok etish hali ham mikro darajada saqlanib qolmoqda.
Yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, shifokorlar an'anaviy ravishda boshqalarning manfaatlari va ehtiyojlarini hisobga olmasdan, faqat bemorning manfaatlari yo'lida harakat qilishlari kerak - ularning rahm-shafqat, kompetentlik va mustaqillik kabi asosiy axloqiy qadriyatlari aynan shunga qaratilgan edi. Tibbiyot etikasiga ko'ra endi shifokor bosh roldan ikkinchisiga o'tib, bemorning mustaqilligini tan oladi va shuning uchun endi bemor har qanday resurslardan foydalanish yoki foydalanmasligi xohishi asosiy mezon bo'lib hisoblanadi.
Bugun adolat printsipi barcha qabul qilingan qarorlarga o'z ta'sirini o'tkazuvchi muhim omilga aylandi. Bu resurslarni taqsimlashda ko'proq ijtimoiy yo'naltirilgan yondashuvni nazarda tutadi. Yangi yondashuvga ko'ra, shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari nafaqat o'z bemoriga, balki qaysidir ma'noda boshqalar uchun ham javobgar hisoblanadi. Resurslarni taqsimlashda shifokorning roli haqidagi yangi tushunchalar ko'plab milliy tashkilotlarning axloq kodekslarida, shuningdek Jahon tibbiyot uyushmasining bemor huquqlari to'g'risidagi deklaratsiyada aks ettirilgan bo'lib, unda quyidagilar ko'rsatilgan: "Muayyan davolanish uchun bir nechta bemorlar o'rtasida tanlov vaziyati vujudga kelganda, barcha bemorlar o'rtasida tanlov halollik asosida amalga oshirilishi kerak - buning uchun tibbiy mezonlar ishlab chiqilgan bo'lib, hech qanday kamsitilishgayo'l qo'yilmasligi kerak" [1].
" Ushbu talabni amalga oshirishning yana bir usuli - bu hatto bemor talab qilganda ham shifokorning notejamkor va samarasiz muolajalardan voz kechishi hisoblanadi" [1]. Misol uchun, antibiotiklardan ortiqcha foydalanish resurslarni isrof qilish va bundan tashqari zarar yetkazishning birgina namunasidir; bundan tashqari, boshqa ko'plab an'anaviy terapiya usullari muayyan sharoitlarda foydasiz bo'lganligi ham isbotlangan. Ushbu samarasizlikni oldini olish uchun muayyan sharoitlarga qarab turli xil davolash usullarini klinik usulda qo'llash bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan. Resurslarni behuda sarflanishiga yo'l qo'ymaslik uchun ham, har bir bemor uchun optimal davolash usulini tanlash uchun ham shifokor ushbu tavsiyalarga amal qilishi kerak.
Shifokorlar tomonidan resurslarni taqsimlash bo'yicha qabul qilinadigan qarorlardan biri - bu cheklangan resurslarga muhtoj bo'lgan ikki yoki undan ortiq
203
Tashkent State University of Economics
O'zbekiston - 2030 strategiyasi: inson salohiyatini ro'yobga chiqarish imkoniyatlari Uzbekistan - 2030 Strategy: _Opportunities to Realize Human Potential
bemorlardan birini tanlash masalasi bo'lib, unga - reanimatsiya bo'limida qolgan bo'sh joy, transplantatsiya uchun organlar, texnologik radiologik tekshiruvlardan o'tkazish, qimmat dori-darmonlar va h.z. misol qilsa bo'ladi. Bu resurslarni nazorat qiladigan tibbiyot xodimi, qaysi bemorlar ulardan foydalana olishini va qaysilari foydalana olmasligini aniqlashi zarurligini bilsa-da, ba'zi bemorlar talab qilinadigan resurslardan foydalana olmay, og'ir azob chekishi yoki hatto vafot etishi ham mumkin.
Ba'zi shifokorlar va boshqa tibbiyot xodimlari resurslarni taqsimlashda yana bir qarama-qarshilikka duch keladilar - ushbu qarama-qarshiliklar barcha bemorlarga va shifokorlarning o'zlariga ham ta'sir qiladigan umumiy tamoyillarni ishlab chiqilishiga sabab bo'ldi. Bunday holatlar shifokorlar ma'muriy lavozimlarni egallagan tashkilotlarda va qo'mitalar a'zolari bo'lgan shifoxonalarda yoki boshqa muassasalarda ro'y beradi. Shifokor va boshqa tibbiyot xodimlaridan ko'plari bunday sharoitda bemorlarining ehtiyojlaridan kelib chiqib xulosa chiqarishga harakat qilsalar-da, ba'zilari o'z lavozimidan foydalanib, o'z bemorlariga boshqalardan ko'ra ustunlik yaratishga harakat qilishlari mumkin.
Shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari mavjud resurslarni taqsimlashda qanday rolni bajarishiga qaramasdan, ular bemorlarning ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli bo'lmagan resurslarni kengaytirish uchun ham javobgar hisoblanadi. Bu barcha shifokorlar va boshqa tibbiyot xodimlarini o'z davlatidagi tibbiy assotsiatsiyalar, hukumat va boshqa qaror qabul qiluvchi organlar tomonidan talab etilayotgan ehtiyojlarni qondirish zarurligiga ishontirish uchun hamkorlikni talab qiladi va, ehtimol, bunday hamkorlik nafaqat mahalliy, balki global miqyosda ham mavjud bo'lgan muammolarni hal etish yo'lini ko'rsatadi.
REFERENCES
1. Bemor huquqlari bo'yicha Lissabon deklaratsiyasi. 34-Jahon tibbiyot assambleyasi tomonidan qabul qilingan. Lissabon, Portugaliya, 1981 yil sentyabr-oktyabr (47-Bosh Assambleya tomonidan tuzatilgan. Bali, Indoneziya, 1995 yil sentyabr) //http://www.e-stomatology.ru/ star/info/2010/lissabon_declaration.htm
2. Jahon tibbiyot assotsiatsiyasining Jeneva deklaratsiyasi. Jahon Tibbiyot Assotsiatsiyasining 2-Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan, Jeneva, Shveytsariya, 1948 yil sentyabr// https://webmed. irkutsk.ru/ doc/order/genev 1.pdf
3. Sarvar Otamuratov. The role of Youth in society. Asian Journal of Research in Social Sciences and Humanities ISSN: 2249-7315, Vol. 11, Issue 9, September 2021.
4. Otamuratov S. Specific Characteristics of Youth Social Group and its Place in Community Life. Periodica. Journal of Modern Philosophy, Social Sciences and Humanities. Volume 11, October, 2022.
204