Научная статья на тему 'QADIMGI XITOY MANBALARIDA SAMARQAND TOPONIMIGA OID MA`LUMOTLAR'

QADIMGI XITOY MANBALARIDA SAMARQAND TOPONIMIGA OID MA`LUMOTLAR Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
724
51
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
“Vey sulolasi tarixi” (“Veyshu”)da[1] / “Suy sulolasi tarixi” (“Suyshu”) / “Shimoliy sulolalar tarixi” (“Beyshi”) / In "History of the Wei Dynasty" ("Weishu")[1] / "History of the Sui Dynasty" ("Suishu") / "History of the Northern Dynasties" ("Beishi")

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Burxonov, Begzod

Ushbu maqolada qadimgi Xitoy manbalarida Samarqand mavzulariga oid ma’lumotlar keltirilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

INFORMATION ON THE TOPONYM OF SAMARKAND IN ANCIENT CHINESE SOURCES

This article contains information on Samarkand topics in ancient China sources.

Текст научной работы на тему «QADIMGI XITOY MANBALARIDA SAMARQAND TOPONIMIGA OID MA`LUMOTLAR»

QADIMGI XITOY MANBALARIDA SAMARQAND TOPONIMIGA OID

MALUMOTLAR

d

https://doi.org/10.5281/zenodo.7352122

BURXONOV Begzod Ilmiy maslahatchi: f.f.d.(DSc) Nasirova S.A.

This article contains information on Samarkand topics in ancient China sources.

Samarqandga oid ma'lumot ilk bor 550-566 yillarda saroy tarixchisi Vey Shou (506-572) bitgan "Vey sulolasi tarixi" ("Veyshu")da[1] , "Suy sulolasi tarixi" ("Suyshu"), "Shimoliy sulolalar tarixi" ("Beyshi"), 766-801 yillarda bitilgan Du Yu (735-812) qalamiga mansub "Qonun-qoidalar va urf-odatlar bayoni" ("Tangdyan")[2] va mashhur Talas jangining qatnashchisi Du Xuan (Du Yuning jiyani, tug'ilgan va o'lgan yili noma'lum) tomonidan bitilgan "Du Xuanning ko'rgan va eshitgan voqealari bayoni" ("Du Xuan jing-shing ji")[3] kabi asarlarda uchraydi. Ushbu asarlardagi ma'lumotlarni N.YA.Bichurin rus tiliga o'girmagan. Mazkur rus olimining tarjimalarida keltirilgan Samarqand davlatiga oid ma'lumotlar Li Yanshou (tug'ilgan va o'lgan yillari noma'lum) qalamiga mansub bo'lgan va 643 yilda yozib bitirilgan "Shimoliy sulolalar tarixi" ("Beyshi"), VII asrning o'rtalarida bir guruh Tan sulolasi saroy tarixchilari tomonidan bitilgan "Suy sulolasi tarixi" ("Suyshu") va 1044-1060 yillarda Ou Yangshyu (1001-1072) va Sung Si (998-1061)lar yozgan "Tang sulolasining yangi tarixi" ("Shin Tanshu")dan olingan. Samarqand davlatining nomi. Xitoy manbalarida va adabiyotlarida uchraydigan "Kang-guo" (Kang davlati) atamasi olimlar orasida turli fikr-mulohazalarning kelib chiqishiga sabab bo'lgan masalalardan biri hisoblanadi. Ushbu atamani ular ko'pincha Kangyuy (qadimgi o'qilishda Kangkiya, N.Ya.Bichurin tarjimalarida Danguy, zamonaviy rus va o'zbek adabiyotida Kanyuy) toponimi bilan adashtiradilar. Masalan, qozog'istonlik olim Yu.A.Zuevning yaqinda nashr etilgan "Rannie tyurki: Ocherki istorii i ideologii" nomli asarida "xitoy manbalarida Sug'd avvaliga Kangyuy, keyinroq esa Kan deb atalgan", deyilgan. Shuning bilan olim xitoy manbalaridagi Kangkiya (Kangyuy), Kang (Kang-guo) va Sute (Sug'd) kabi uch xil tushunchadagi toponimlarni aralashtirib qo'ygan. O'zbek olimi K.Shoniyozov o'zining "Qang' davlati va qang'lilar" nomli asarida "Kan-Sug'diyonadagi viloyatlardan birining nomi. Kanning markazlashgan davlat bo'lishi VI asrga to'g'ri keladi"[2:54-55], deb yozgan va M. Massonga ishora qilgan xolda "Samarqand va uning atrofidagi yerlar Kan deb atalgan" yoki "Kan (Samarqand)", deb qayd etgan. Shundan ko'rinib turibdiki, olim Kang toponimi Samarqand atamasining xitoycha nomi ekanligini ko'rsatib o'tgan, ammo "Kang" qadimgi Maroqand yoki Samarqand atamalarining xitoycha qisqartirilgan transkripsiyasi ekanligidan bexabar qolgan. Bunday noaniqlikning asosiy sababi "Kang-guo" va "Kangyuy" toponimlarini yozishda ishlatilgan "kang" ieroglifining bir xil ekanligidadir. Ushbu atamalar ularni yozishda ishlatilgan ikkinchi ierogliflarning har xilligi bilan farqlanadi. Bu ikki davlat nomini adashtirish oson bo'lganligi sababli xitoy lug'atlarida ularga alohida e'tibor berilgan. Chunonchi, asrlar davomida to'ldirilib va takomillashtirilayotgan "Sixay" ("So'zlar dengizi") nomli ensiklopedik lug'atda "Kang-guo davlat nomi bo'lib, u qadimda hozirgi O'zbekiston Respublikasidagi Samarqand viloyatida joylashgan edi", deb sharhlangan. Ko'p asrlik tarixga ega bo'lgan "Siyuan" ("Suzlarning kelib chikishi") nomli etimologik lug'atda "Kang davlati (Kang-guo) shahar-davlatdan iborat bo'lib, uning hududi hozirgi Samarqand shahri o'rniga to'g'ri keladi", deb ko'rsatilgan. Buyuk ipak yo'liga bag'ishlangan "Chjungguo sichou chjilu sidyan" ("Ipak yo'liga oid xitoy

lug'ati") katta lug'atda "Sivanjin (Samarqand atamasining xitoycha transkriptsiyasi) davlati kichik bir xonlik bo'lib, uning markazi hozirgi O'zbekistonning Samarqand shahrida joylashgan", deb yozilgan. Kang Samarqandning qadimgi xitoycha atalishi ekanligi yaqinda nashr etilgan "Shiyuy diming kaolu" (G'arbiy mamlakatlar toponimikasiga oid tadqiqotlardan lavhalar") nomli asarda ham aytib o'tilgan. Kang-guo Samarqand davlati ekanligi qadimiy xitoy manbalarida ham qayd etilgan. Masalan, "Du Xuan jingshing ji"da "Kang-guo Mi davlatining (Miguo - Maymurg') g'arbi-janubida 300 li (172.8 km) narida joylashgan, u Samaotszyan deb ham ataladi", deyilgan. Huddi shunday ma'lumot "Tung-dyan"da ham keltirilgan. "Da Tang Shiyuy ji"da "Samuojyan davlatini Tan sulolasi Kang-guo deb atagan", deb yozilgan. N.Ya.Bichurinning tarjimasida "Владение Кан, иначе називаемое Самогян и Лимогян", deb yozilgan. Xitoy tarixchisi Vang Chjilay "Samarqand viloyati umumlashtirilgan holda Kang deb ataladi, u Samotszyan, Sivanjin deb ham aytiladi", "Sivanjin Semizkent demakdir", deb yozgan. VI-VII asrlarda Xitoyga turli sabablar bilan kelib yashab qolgan samarqandliklarga Kang, Buxorodan borgan savdogarlarga An, Farg'onadan borganlarga Sao, Zarafshon daryosi bo'yidagi joylardan borganlarga Mi, Toshkentdan bo'lganlarga Shi familiyalari berilgan[4]. Ushbu misol ham Samarqandni xitoylar qisqartirib Kang, deb ataganligidan dalolat beradi. Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, xitoy manbalaridagi "Kang-guo" Samarqand davlati ekanligi shubhasizdir. Uni Kangkiya (Kangyuy, Kanguy) bilan adashtirib bo'lmaydi. Samarqand davlatining tashkil topgan va yo'qolgan K.Shoniyozov xitoy manbalarida "Kang-guo" deb nomlangan davlatning qachon paydo bo'lganligi aniq emas deb, aytib o'tgan edilar[2:54]. Ushbu davlatning tashkil topgan vaqti xitoy manbalarida ham aniq ko'rsatilmagan. Lekin ulardagi ayrim bilvosita ma'lumotlarni tahlil qilganimizda, mazkur davlat taxminan 520-530 yillarda tashkil etilganligi ma'lum bo'ladi. Masalan, yuqorida tilga olingan "Chjungguo sichou chjilu sidyan"da "Kang davlati Markaziy Osiyodagi kichik hokimiyat edi. ...V asrgacha ushbu hokimiyat Kangkiya (Kangyuy) davlati tarkibiga kirgan. V asrdan keyin katga bo'lmagan mustaqil davlat sifatida tarixga kirib kelgan", deb zikr etilgan. Xitoy tarixchilarining asarlarida keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, 436-yilda kelib chiqishi turkiy xalqga bog'liq bo'lgan syanbilar tomonidan tashkil etilgan Shimoliy Vey (Bey-Vey) sulolasinng (386- 534) uchinchi imperatori Tay Udiga (424-452) Duven ismli bir odamni Gaomin hamroxligida Turkistonga elchi qilib yuborgan. Vataniga qaytib kelganida, ushbu elchi Tay Udiga ko'rgan-bilganlari haqida batafsil so'zlab bergach, safar davomida 16 xonlikni ziyorat qilganligini va shular katorida Usun, Farg'ona (Polona), Chach (Chjeshe), Samarqand (Samuojyan) kabi davlatlar bo'lganligini ta'kidlab o'tgan. Ushbu ma'lumotga ko'ra, 436-yilda Samarqand Davlati mavjud bo'lgan. Shunga asosan aytish mumkinki, Samarqand davlatning tashkil topgan vaqti mazkur sanadan kech bulishi mumkin emas.

"Veyshu"da yozilishicha, Samarqand davlatidan birinchi elchi Tayyan davrida kelgan, shundan keyin ushbu davlatdan boshqa elchilar kelmagan. "Veyshu"dagi g'arbiy mamlakatlarga bag'ishlangan 90-bobining oxirida yozib qo'yilganki, mazkur asar muallifi Vey Shouning "G'arbiy mamlakatlar tazkirasi" yo'qolgan. Shundan keyin saroy tarixchilari uni "Beyshi" va "Suyshu"dagi g'arbiy mamlakatlarga oid boblarida keltirilgan ma'lumotlar asosida to'ldirganlar. "Suyshu"da Kang-guodan birinchi elchi Dae davrida (605-617) kelgan, deb zikr etilgan edi, lekin "Veyshu"ning yo'qolgan bobini to'ldirishda tarixchilar Dae so'zini Tayyanga o'zgartirib, xatoga yo'l qo'yishgan, deb yozilgan. Haqiqatdan ham, "Beyshi" va "Suyshu"larda Dae davrida Samarqanddan ilk bor elchi kelganligi aytilgan. Dae davri Shimoliy Vey sulolasidan keyin tashkil topgan Suy davlatining (581618) ikkinchi xoqoni Yang-di (605-617) taxtda o'tirgan vaqtga to'g'ri keladi. "Veyshu"da tilga olingan o'zgartirish xato ekanligini tasdiqlovchi voqea shundan iborat bo'lganki, Yang-di davrida Suy sulolasi uzoqdagi g'arbiy turklar bilan ittifoqlashib, o'ziga yaqin bo'lgan sharqiy turklarga qarshi kurashish siyosatini amalga oshirishga harakat qilgan. Mazkur harakat doirasida u g'arbiy turklar boshliqlariga ketma-ket elchilar yuborgan. 603 yilda Turk xoqonligi sharqiy va g'arbiy qismlarga bo'linib ketgan. G'arbiy turklar boshliqlari Suy sulolasining va'dalariga ishonib, uning

bilan yaxshi munosabatda bo'lgan. Shunda g'arbiy turklar nazorati ostidagi yurtlardan Xitoyga elchilar va savdogarlar kelgan. Xitoy manbalarining guvohligiga ko'ra, "Suy sulolasi davrida Samarqand davlati Turk xoqonligiga tobe bo'lgan. 627 yilda Kang davlatining xoni (vang) Tang sulolasi xonadoniga elchi yuborgan". "Shin Tanshu"da yozilishicha, 631 yilda ham Samarqanddan Chang'anga elchi kelgan[5]. Ushbu ma'lumotdan ko'rinib turibdiki, Turk xoqonligi davrida Samarqand davlati unga tobe bo'lgan xolda Xitoy bilan bevosita aloqa qilish imkoniyatiga ega bo'lgan. "Shin Tanshu" va "Tan xuey yao" ("Tan sulolasi xahida qisqacha bayon") kabi manbalarda zikr etilishicha, 654-yilning 5-6 oylarida arablar Samarqandga hujum uyushtirgan, lekin uni egallay olmagan. Arablar ushbu shaharni o'z nazorati ostiga olgan vaqti 712 yilga to'g'ri keladi. 713 va 719-yillarda Samarqanddan Chang'anga yana elchilar kelgan. 731- va 737- yillarda turklar Samarqanddan arablarni chiqarib yuborishga harakat qilganlar. Garchi ularning harakatlari kutilgan natijalarni bermagan bo'lsa ham, arablar o'zining Samarqand va uning atrofidagi mayda xonliklar ustidan o'rnatgan nazoratini biroz bo'shatishga majbur bo'lgan. Shundan keyin Samarqand va uning atrofidagi davlatlardan Xitoyga elchilar bormagan.

VIII asrning o'rtalarida Taraz (Talas)da yuz bergan arablar bilan Tan sulolasi qo'shinlarining to'qnashuvi Xitoyga mag'lubiyat keltirdi. Shundan keyin arablar Xitoyga elchilar yuborib, islom targ'iboti bilan shug'ullana boshladilar. Tan sulolasi esa bunga sharoit yaratib berishga majbur bo'ldi. Shu bois Turkiston bilan Xitoy o'rtasidagi diplomatik aloqalar ham tiklandi. Xitoy manbalarining guvohligiga ko'ra, 754-755 yillarda Shosh, Samarqand, Buxoro davlatlari va ularning atrofidagi mamlakatlardan Chang'angga elchilar kelgan. Undan keyingi yillarda Samarqanddan Xitoyga elchilar borganligi haqida ma'lumotlar xitoy manbalarida uchramaydi. Keltirilgan ma'lumotlar Samarqand davlatining tashkil topgan vaqti V asrning ikkinchi choragiga, yo'qolgan vaqti esa VIII asrning ikkinchi yarmiga tug'ri keladi; turklar va arablar nazorati ostida bo'lganida Samarqand davlati xorijiy mamlakatlar, jumladan Xitoy bilan diplomatik va savdo aloqalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo'lgan, degan xulosaga asos bo'la oladi. Xitoy manbalarida Samarqand shahrining Turk xoqonligi davrdagi holatiga oid ma'lumotlar ko'p emas. Shunga qaramay, bor ma'lumotlardan ham ushbu davlat bilan Turk xoqonligi o'rtasidagi munosabatlarning umumiy tasavvuriga ega bo'lish mumkin. Masalan, "Veyshu"da "Sivanjin davlatining poytaxti Sivanjin shahridir, Shimi (Simi Maymurg') davlatining g'arbida va Vey sulolasi poytaxtidan 12720 li (7326.72 km) narida joylashgan. Ushbu davlatning janubida Kasayna (Koson atamasining xitoycha transkriptsiyasi) tog'i bor, u yerda sherlar yashaydi, uni boshqa davlatlarga sovg'a sifatida olib ketishadi", deb zikr etilgan. "Veyshu" va "Suyshu"da yozilicha, Samarqand davlatining xoni (vang) Dayshibi bag'ri keng oliyjanob va xalqning e'tiborini qozongan shaxs bo'lib, u g'arbiy turklar xoqoni Bilga Tardu-kogon (Dadu-kexan - 576-603) qiziga uylangan. 600-603 yillarda olamdan o'tgan Bilga Tardu-kogon 70-80 yil yashagan deb xisoblaganda, uning tug'ilgan vaqti 523-533, bolalik bo'lgan vaqti esa 548-551 yillardan oldin b'lishi mumkin emas. Taxmin qilish mumkinki, turmushga chiqqanida kogonning qizi 18 yoshda bo'lgan. Shunda Dayshibining uylangan vaqti 566-576 yillarga tug'ri keladi. Agar Samarqand hukmdori Bilga Tardu-kogonning qiziga uylanganida 30 yoshda edi, deb xisoblaganda, uning tug'ilgan vaqti 536546 yillarga tug'ri keladi. Shunday ekan, u 534-yilda yo'q bo'lib ketgan Vey sulolasi xonadoniga sovg'a yuborishi mumkin emas edi. Demak, Dayshibi ulg'ayiboq Bilga Tardu-kogonga kuyov bo'lgan. Demak, u 520-530 yillarda, ya'ni 20-25 yoshlarga kirganida taxtga o'tirgan bo'ladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkin-ki, Dayshibi mustaqil xon bo'lganidan so'ng oradan ko'p o'tmay, Vey sulolasi poytaxtiga elchi yuborgan. Bu xulosa "Veyshu"ning ko'rsatmasiga zid kelmaydi. Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkin-ki, Turk xoqonligi davrida Samarqand davlati yo'q qilinmagan, aksincha, u Bilga Tardu-kogon tomonidan qo'llab-quvvatlangan. "Da Tan Shiyuy ji"ning muallifi Shyuan Szyang zikr qilishicha, Samarqand davlatining hududi aylanmasiga 1600 li (921.6 km)dan iborat bo'lgan, u sharqdan g'arbga qarab cho'zilgan. Markaziy shaharrning

hududi aylanmasiga 20 li (11.52 km)dan iborat bo'lgan va devorlar bilan o'ralgan. Shaharda xorijlik savdogarlar ko'p bo'lgan va bozorlari turli-tuman qimmatbaho mollarga boy bo'lgan. "Veyshu"da Samarqand davlatining markazi Sabaoshuy (Siyob daryosi) yonidagi Aludi shahridir, deb ko'rsatilgan. Rus olimasi L.A.Borovkova Aludi toponimi birgina "Veyshu"da uchraydi, deb hisoblagan. Lekin mazkur atama "Tungdyan" nomli asarda ham mavjud. L.A.Borovkovaning fikricha, Samarqand davlatining markazi Bekobodga to'g'ri keladi[6].Samarqandni ziyorat qilgan xitoy sayyoxi Shyuan Szyangning asaridagi "Kang-guo" toponimiga berilgan sharhda uning markazi hozirgi Samarqand shahriga to'g'ri kelishi aytilgan. Qozog'istonlik olim Yu.A.Zuev "Beyshi"ga ishora qilgan holda "Kan" deb atalgan, degan fikrni olg'a so'radi[3:91]. Shuning bilan u xitoy manbalaridagi Sug'd (Sute) bilan Samarqand va Kangkiya davlatlarini tenglashtiradi. Bu fikr xitoy manbalarining ko'rsatmalariga butunlay zid keladi. Binobarin, hududiy jihatdan olganda, Kangkiya (Kangyuy), Samarqand davlati va Sug'd tushunchalari teng emas. Xitoy manbalaridagi Sug'd (Sute) davlati doirasiga Samarqand kirmagan. Ammo geografik nuqtai nazardan olimlar Samarqandni Sug'dning bir qismi deb hisoblaydilar[7]. Uzoq davr davomida Sug'd Kangkiyaning bir qismi ekanligini xitoy manbalari to'la tasdiqlaydi[8]. Shu bois ushbu manbalarda Samarqand yoki Kangkiya Sute (Sug'd) deb atalmaydi. Xitoy manbalarining ko'rsatishicha, Sute toponim bo'lib, uning bilan atalgan hudud shimolda qirg'izlar yurtidagi cho'l, janubda Hisor va Zarafshon tog'lari, sharqda Farg'ona vodiysi, g'arbda Amudaryoning quyi oqimi bilan chegaradosh bo'lgan. Zamonaviy xitoy adabiyotida ushbu hududda yashovchilar etnik jihatdan kelib chiqishi qanday bo'lishidan qat'iy nazar "sute" yoki "suteren" (Sug'd odamlari) deb nomlanadi. Bu borada xitoy manbalaridagi "Sug'd" (Sute) toponimiga oid ma'lumotlarga ham e'tibor berib o'qish o'rinlidir, zero ular orasida tadqiqodchilarning diqqatiga sazovor xabarlar ko'p. Masalan, Pomirning g'arb tomonida yashaydigan sug'diylar (sute) qadim zamonda Kangkiya davlatining (Hozirgi talaffuzda Kangyuy) g'arbiy shimolida, ya'ni Kaspiy va Orol dengizlari bo'ylarida istiqomat qilishgan, shunda ularning davlati Yantsay (Aursi), Vennasha deb nomlangan. "Veyshu"da yozilishicha, "Sug'd davlati Pomirning (Sungling, rus adabiyotida Sunlin) g'arb tomonida joylashgan. Qadimda Yantsay davlati Vennasha deb nomlangan. Ulkan ko'l yonida va Kangkiya (Kangyuy) davlatining shimoli-g'arbida joylashgan". "Chjoushu"da "Sug'd davlati Pomirning (Sungling, rus adabiyotida Sunlin) g'arb tomonida joylashgan. Qadimda ushbu davlat Yantsay deb nomlangan. Vennasha deb ham ataladi, yonida ulkan ko'l mavjud, Kangkiya (Kangyuy) davlatining shimoli-g'arbida joylashgan. Bavdingning 4-yili (564) bu davlat xoni sovg'alar bilan elchi yuborgan" deyilgan. "Tungdyan"da "Sug'd (Suyi) xonligi ... Pomirning (Sungling, rus adabiyotida Sunlin) g'arb tomonidagi katta davlatdir. Qadim zamonda ushbu davlat Yantsay deb nomlangan. U Teyuymen deb ham ataladi", deb zikr etilgan. Xitoy olimlarining tadqiqotlarida ta'kidlanishicha, miloddan avvalgi 177-176 yillarda dayruzie (da-yueji)lar oq xunlar bilan bo'lgan jangda mag'lubiyatga uchraganidan so'ng ilgari yashagan Dunxuang va Chilyan tog'lari (Tangritog') atrofidagi joylarini tashlab, Ili vodiysiga va Chu daryosi bo'ylariga ko'chib kelgan. Ular bu yerdagi saklarni mag'lubiyatga uchratib, mahalliy aholining bir qismini g'arbga, ikkinchi bir qismini janubga chekinishga majbur qilgan. G'arbga chekingan saklar Orol va Kaspiy dengizlari shimolidagi zaminda Yantsay (Aursi) davlatini, janubga ketganlari esa Kangkiya (Kangyuy) davlatini tashkil etgan. "Shiji"da "Yantsay Garkonning g'arbiy shimolidan 2000 li (1152 km) naridagi chorvachilik bilan shug'ullanuvchi ko'chmanchilar yurtidir, u yerdagilarning urf-odatlari kangkiyaliklardan farq qilmaydi, yuz mingdan ko'p askarlari bor, yeri bepoyon, dengiz buyida joylashgan, ushbu dengizni shimoliy dengiz deb ataydilar", degan ma'lumotni uchratamiz. Mazkur matnga xitoy olimlari tomonidan berilgan sharhda "Aursilar uz davrida shimoliy Kavkaz, Don daryosining shimoli oqimida yashagan turkiy til tizimidagi kabiladir", deb zikr etilgan. "Sixay" nomli qomusiy lug'atda aytilishicha, "Sharqiy Xan davrida (milodiy 25-220) ular Alani, 3 xonlik davrida (220- 280) Alan deb nomlangan, Orol va Kaspiy dengizlari oralig'ida yashagan, chorvachilik bilan shug'ullangan. Sharqiy Xan davrida Kangkiya

davlatiga itoat qilgan". "Siyuan" nomli etimologik lug'atda zikr etilishicha, "Yantsay qadimgi davlat nomi bo'lib, Sharqiy Xan davrida Alani davlati deb atalgan, Janubiy va Shimoliy sulolalar davrida (420-550) Sug'd (Sute) davlati deb atalgan, Vennasha deb ham ataladi". Ushbu ma'lumotlardan kelib chiqib qat'iy xulosa qilish mumkinki, hududiy jihatdan Sute (Sug'd) Kangkiya va Kang (Samarqand) orasiga tenglik belgisi qo'yib bo'lmaydi. Xitoy manbalarining guvohligiga ko'ra, Samarqand davlatini Tangritog' tomonidan ko'chib kelgan Ven Dayshibi boshchiligidagi bir guruh ruzielar tashkil etgan. Bu borada "Veyshu"da "Kang davlati xonining familiyasi Ven bo'lib, u aslida ruziyalardan (yueji) bo'lgan, o'tmishda Tangritog'shimolidagi Chjavu shahrida yashagan. Xunlar bilan bo'lgan kurashda mag'lub bo'lganidan so'ng, ular o'z yurtlarini tashlab, Pomir orqali Samarqandga kelib joylashib qolgan". "Veyshu"da bayon etilishicha, Kang-guoning xoni Shifubi turk xoqoni Daduning qiziga uylangan.

Shu zamondagi samarqandliklarning hayot tarzi asosan o'troq bo'lgan. Masalan, "Tungdyan"da bayon etilishicha, samarqandliklar dehqonchilik, bog'dorchilik, uzumdan uzoq muddat davomida saqlash mumkin bo'lgan musallas tayyorlash, ipak mato, paxta ishlab chiqarish, ot, tuya, xachir, qoramol boqish ishlari bilan shug'ullangan. Shu bilan birga ushbu manbada Samarqanda sariq oltin va dorivor o'simliklar ko'pligi aytilgan. Mazkur ma'lumot Samarqanda zargarlik va tabobat ishlari yaxshi rivojlanganligidan darak beradi. Xronologik jihatdan olganda, "Veyshu"dan keyin yozilgan manba "Beyshi" hisoblanadi. Unda "Veyshu"da keltirilgan ma'lumotlar qayd etiladi va birorta yangi ma'lumot keltirilmaydi. Samarqand davlati haqida nisbatan ko'proq yozilgan "Suyshu"da zikr etilishicha, "Kang-guo" Kangkiya davlatidan keyin tashkil topgan. "Tungdyan"da 435-440 yillarda Keyingi Vey sulolasi hukmdori Tayuning "Tayyan" deb nomlangan davrida Kangkiya davlati Chjeshi (Shash), Suy davrida (581-618) esa "Kang-guo" deb nomlangan, 605-617 yillarda Xitoyga elchilar yuborgan, deyilgan. "Veyshu"da esa "Suy sulolasi (581-618) xoqoni Dae (Yan-di - 605-617) davrida ushbu sulola xonadoniga Samarqand davlatidan so'ngi marta elchi kelgan, deb zikr etilgan. 605-616 yillarda hozirgi O'zbekiston va Afg'oniston shaharlarini ziyorat qilgan Vey Je ismli xitoy sayyohining qalamiga mansub bo'lgan "Shifan ji" ("G'arbiy qo'shnilar haqida bayon") nomli asarda yozilishicha, 648-yilda Samarqand davlatining hukmdori Tang sulolasi xonadoniga rangi tilloga o'xshagan sariq shaftoli yuborgan. Xitoyliklar bu mevani "oltin shaftoli", deb atashgan. "Jyu Tanshu" ("Tan sulolasining ko'hna tarixi")ning "Musiqa bobida" Xitoyning poytaxti Chan'anda Samarqand davlatidan kelgan musiqachilar o'z mahoratlarini ko'rsatganligi va ular san'atini Tan xonadonida "Kangle" ("Samarqand musiqasi") deb atalganligi yozilgan. Ushbu ma'lumot Samarqand bilan Tan sulolasi o'rtasida madaniy aloqalar ham o'rnatilganligidan, ya'ni Samarqand davlati bilan Xitoyda mavjud bo'lgan Suy va Tan sulolalari bilan diplomatik aloqalar mavjud bo'lganligidan dalolat beradi. "Da Tan Shiyuy ji" nomli safarnomada bayon etilishicha, Hindistonga borib qaytgan xitoy rohibi Shyuan Zang (596-664) 631-631 yillarda Samarqand davlatidan o'tgan va ushbu davlatning hukmdori nihoyatda adolatli, otlari baquvvat, lashkarlari jangovar, qo'shni davlatlar uning amriga itoat qiladi, qo'shinlari turklardan tashkil topgan, - deb bayon etgan.

Ushbu maqolani tayyorlashda Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va manbashunosligi kafedrasi xitoy-ingliz guruh II kurs magistranti X.Turdikulovga xitoy tilidan tarjima masalalarida yordami uchun minnatdorchilik bildiramiz.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YHATI (REFERENCES)

1. Хужаев A., Айтбаев А., ^улдошев Ш., Джуманиёзова Ф. Марказий Осиё тарихи Хитой манбаларида. Т.: 2016. - Б. 94.

2. Шониёзов К. ^анг давлати ва канглилар. Тошкент, 1990. Б. 54-55.

3. Зуев Ю.А. Ранние тюрки: Очерки истории и идеологии. Алматы: Дайк-пресс, 2002. С. 91.

4. Хужаев А. Хитой манбаларидаги сугдиларга оид айрим маълумотлар // O'zbekiston tarixi. № 1. 2004. Б.52-61.

5. Бичурин Н.Я. монах Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена, Ч. 2 - Санкт-Петербург: Типография Военно-Учебных Заведений, 1851. С. 311.

6. Боровкова Л.А. Запад Центральной Азии во II в. до н.э. — VII в. н.э.(историко-географический обзор по древнекитайским источникам). // М.: 1989. С. 138.

7. Узбекистон миллий энциклопедияси. 8-жилд. Тошкент, 2004. Б. 175.

8. Ходжаев Л. Сведения китайских источников о государстве Кангкия (Канцзюй) // «Shygys» Kazakhstan. № 2, 2005. Б.96-108.

9. СА Хашимова О_НЕКОТОРЫХ_ОСОБЕННОСТЯХ

ЛИНГВОКУЛЬТУРОЛОГИЧЕСКОГО АСПЕКТА КОММУНИКАЦИИ (НА ПРИМЕРЕ КИТАЙСКОГО ЯЗЫКА). - SO 'NGIILMIY TADQIQOTLAR NAZARIYASI, 2022.

10. С Хашимова. О ЯВЛЕНИИ КОНВЕРСИИ В СОВРЕМЕННОМ КИТАЙСКОМ ЯЗЫКЕ. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 2022.

11. С.А.Насирова (2021). Политическая метафора (на примере материала по кадровой политике современной КНР). In Resent Scientific Investigation (pp. 69-73).

12. Хашимова, С. А. (2020). ОСОБЕННОСТИ ОБРАЗОВАНИЯ РЕЗУЛЬТАТИВНЫХ ГЛАГОЛОВ ПРИ ПОМОЩИ СУФФИКСАЦИИ В КИТАЙСКОМ ЯЗЫКЕ. In Страны. Языки. Культура: сборник материалов XI-й международной научно-практической конференции/Под ред. проф. Абуевой ННМахачкала: ДГТУ. 391 с (p. 361).

13. Хашимова, С. А. (2020). Особенности образования неодушевлённых существительных при помощи суффиксации в современном китайском языке. Modern Oriental Studies, 2(2), 3446.

14. Nasirova, S. A. (2019). Modification of semantics of social terms of the modern Chinese language. Opción: Revista de Ciencias Humanas y Sociales, (24), 260-273.

15. Хашимова, С. А. (2022). АГГЛЮТИНАТИВНАЯ ОСОБЕННОСТЬ СУФФИКСАЦИИ В СОВРЕМЕННОМ КИТАЙСКОМ ЯЗЫКЕ. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 2(1), 196-202.

16. Hashimova, S. A., & Nasirova, S. A. (2021). FEATURES OF FORMING OF ANIMATED NOUNS WITH THE AFFIXES IN MODERN CHINESE LANGUAGE. Journal of Central Asian Social Studies, 2(04), 1-10.

17. Насирова, С. А. (2020). Генезис общественно-политической терминологии китайского языка через призму истории китайской дипломатии. Modern Oriental Studies, 2(2), 22-33.

18. Хашимова, С. А. (2022). О НЕКОТОРЫХ ОСОБЕННОСТЯХ ЛИНГВОКУЛЬТУРОЛОГИЧЕСКОГО АСПЕКТА КОММУНИКАЦИИ (НА ПРИМЕРЕ КИТАЙСКОГО ЯЗЫКА). SO 'NGI ILMIY TADQIQOTLAR NAZARIYASI, 1(1), 85-91.

19. Хашимова, С. А. (2022, September). ОБРАЗОВАНИЕ ПРИЛАГАТЕЛЬНЫХ С ПОМОЩЬЮ АФФИКСАЦИИ В КИТАЙСКОМ ЯЗЫКЕ. In E Conference Zone (pp. 5-10).

20. Abdullayevna, H. S. (2020). Peculiarities of the formation of animated nonsignificant using suffixing in the modern chinese language. ACADEMICIA: An International Multidisciplinary Research Journal, 10(5), 1504-1511.

21. Хашимова, С. А. (2022). ОБРАЗОВАНИЕ ЧИСЛИТЕЛЬНЫХ ПРИ ПОМОЩИ АФФИКСАЦИИ В СОВРЕМЕННОМ КИТАЙСКОМ ЯЗЫКЕ. World scientific research journal, 7(1), 20-23.

22. Насирова, С. А., Хашимова, С. А., & Рихсиева, Г. Ш. ВЛИЯНИЕ ПОЛИТИЧЕСКОЙ СИСТЕМЫ КИТАЯ НА ФОРМИРОВАНИЕ ОБЩЕСТВЕННО-ПОЛИТИЧЕСКОЙ ТЕРМИНОЛОГИИ. Ответственный редактор, 162.

23. № ЬП^-Щ^о

87, 0

24. С.А.Насирова. Институт евнухов в древнем Китае: причины возникновения и особенности (2022). Фундаментальные и прикладные научные исследования: актуальные вопросы, достижения и инновации. С. 187-188.

25. NS Abdullayevna. Языковая политика в Китае: идентификация общественно-политической терминологии (2019). ¡л КИТАЙСКАЯ ЛИНГВИСТИКА И СИНОЛОГИЯ 3,384,2019

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.