Научная статья на тему 'O'ZBEK TILSHUNOSLIGIDA ETNOGRAFIZMLARGA OID AYRIM TADQIQOTLAR XUSUSIDA'

O'ZBEK TILSHUNOSLIGIDA ETNOGRAFIZMLARGA OID AYRIM TADQIQOTLAR XUSUSIDA Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

1078
157
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
o’zbek tilshunosligi / etnografizm / folklor / millat / so’z

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Sobira Rustam Qizi Gulmuradova

Mazkur maqolada o’zbek tilshunosligida etnografizmlarga oid ayrim tadqiqotlar va etnografizm tushunchasi bilan bog’liq masalalar xususida so’z yuritilgan

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «O'ZBEK TILSHUNOSLIGIDA ETNOGRAFIZMLARGA OID AYRIM TADQIQOTLAR XUSUSIDA»

O'ZBEK TILSHUNOSLIGIDA ETNOGRAFIZMLARGA OID AYRIM

TADQIQOTLAR XUSUSIDA

Sobira Rustam qizi Gulmuradova

Samarqand davlat universiteti magistranti gulmurodovasobira@ gmail. com

ANNOTATSIYA

Mazkur maqolada o'zbek tilshunosligida etnografizmlarga oid ayrim tadqiqotlar va etnografizm tushunchasi bilan bog'liq masalalar xususida so'z yuritilgan.

Kalit so'zlar: o'zbek tilshunosligi, etnografizm, folklor, millat, so'z.

KIRISH

O'zbek tili dunyo tillari orasida o'zining boy leksik qatlami va grammatik qurilishi bilan o'ziga xos o'ringa egadir. Dunyo miqyosida, lingvistik olimlar orasida o'zbek tilini o'rganishga va bu tilni chuqurroq bilishga qiziqish kun sayin ortib bormoqda. Buni tan olish va e'tirof etish biz uchun ham faxr, ham mas'uliyatli vazifa hisoblanadi. O'zbek tilining leksik sathi rang-barang va bu boy qatlam ko'p ma'nolilik, tag ma'nolilik, qochirimlar singari mazmundor unsurlar bilan to'yingandir. O'zbek tilini rivojlantirishda va tilimizning dunyo arenasidagi o'rnini belgilashda tilshunosligimizda olib borilayotgan keng miqyosidagi kuzatishlar, ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar muhim hisoblanadi. O'zbek tilshunosligida shu vaqtga qadar tilimizning barcha qatlamlari yuzasidan yetarlicha ilmiy izlanishlar olib borildi desak, adashmaymiz.

ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA

Tilshunos olimlarimizning olib borgan kuzatishlari natijasida yuzaga kelgan ilmiy ishlar biz uchun boy va tuganmas xazinadir. O'zbek tilining barcha qatlamlari qatori leksik qatlamda ham yetarlicha tadqiqotlar olib borilgan. Kuzatilgan ushbu tadqiqotlarda o'zbek tilining leksik sathiga turlicha nuqtayi nazardan yondashilgan. Leksik sathimizda shunday so'zlar borki, ular xalqimizga xos bo'lgan milliy madaniyatni, o'ziga xos mentalitetni aks ettiradi. Ushbu so'zlarda ifodalanayotgan lug'aviy ma'nodan tashqari faqat o'zbek xalqigagina tegishli bo'lgan urf-odatlar, marosimlar, an'ana va qadryatlar ham ifodalanadi. Bunday xususiyatlarga ega so'zlarni biz ilmiy atamalar doirasida "Etnografizm" lar deb ataymiz. "Etnografizm"

atamasining tarkibiga e'tibor qaratadigan bo'lsak, bu so'zning o'zagi xalqlarning kelib chiqishi, paydo bo'lishi va shakllanishi bilan bog'liq bo'lgan ilk jarayonlarni o'rganuvchi soha atamasi, ya'ni "Etnografiya" so'zidir. Demakki, etnografizmlar ushbu soha bilan uzviy aloqadorlikda va biri ikkinchisini to'ldirgan holatda o'rganiladi. Etnografizmlarni etnografiya yo'nalishining o'rganish obyekti sifatida ham baholashimiz mumkin. O'zbek tilshunosligida etnografizmlarni ilmiy jihatdan tadqiq etish, o'zbek tili leksik sathini sistema sifatida o'rganish asosan 2000 -yillarda kuzatildi. Dastlab olib borilgan ushbu tadqiqotlarda yuqorida bayon etilgan xususiyatlarga ega so'zlar "etnografizm" atamasi bilan nomlanmagan. Bu tushuncha yaqin yillar ichida yaratilgan ilmiy tadqiqotlarda keng joriy etildi va umumiste'moldagi so'z sifatida hozirda ham tilshunoslarimiz tomonidan qo'llanilib kelinmoqda. Aynan etnografizm tushunchasi bilan bog'liq tilshunosligimizdagi dastlabki ilmiy tadqiqot "O'zbek etnografizmlarining sistemaviy tadqiqi" deb nomlanadi. Milliy madaniyatimiz ko'zgusi sifatida qaraladigan bunday so'zlarni o'rganishda Mahmud Sattorning "O'zbek udumlari" deb nomlanuvchi asari ham qimmatli ahamiyatga egadir. Etnografizmlarga oid ilmiy izlanishlarda ushbu asarga yetarlicha tayanilgan va yaratilgan tadqiqotlarning asosi shu asar bilan bog'liq, deb bemalol ayta olamiz. Etnografizmlarni o'zbek xalq og'zaki ijodi tarkibida o'rganish tilshunosligimizda salmoqli o'ringa ega va bunday tipdagi izlanishlar keng o'rinni egallaydi. O'zbek xalq og'zaki ijodi asarlarining til xususiyatlarini o'rganish "O'zbek xalq topishmoqlarining semantikasi va sintaksisi" (Saparniyozova Muyassar. -T.: 2007.) deb nomlanuvchi tadqiqotda ham yetarlicha yoritib berilgan. Unga ko'ra xalq og'zaki ijodimizning boy namunasi deya ta'kidlanadigan topishmoqlar o'zida zukkolik, topqirlik, hozirjavoblik sifatlarini singdirishdan tashqari o'zbek xalqiga xos ma'naviy qadryatlarni avloddan avlodaga yetkazishdek muhim vazifani ham o'ziga yuklaydi. O'zbek xalq og'zaki ijodi asarlarining til xususiyatlari va vazifalarini o'rganishga aloqador bo'lgan yana qator ilmiy tadqiqotlarni sanab o'tish mumkin. Jumladan, "Shayboniyxon" dostoni leksikasi" (Xolmonova Zulxumor Turdiyevna. -T.: 1998.). Ushbu tadqiqotda ham muallif asosiy e'tiborini eng qadimgi davrlardan an'ana sifatida saqlanib kelinayotgan qadryatlar, urf-odatlar va xalq ruhiyatiga xos tuyg'ularni o'zida mujassamlashtiruvchi doston leksikasiga qaratadi. Aytish lozimki, mana shu o'rinda etnografizmlarga oid o'ziga xos sifatlar namoyon bo'lmoqda. "O'zbek xalq o'yinlari leksikasi" (Jabborov Eshpo'lat. -T.: 1998.), asrimizning 20-yillaridan so'ng ijtimoiy-siyosiy hayotda yuz bergan parokandaliklar o'zbekona urf-odatlar va an'analarga o'zining salbiy ta'sirini ko'rsatdi. Milliy madaniyat va madaniy turmushni tanazzulga olib keldi. Milliy madaniyatimizning ajralmas qismi

sanalgan "xalq o'yinlari" taqiqlandi. "Zararli tarbiya uchun ziyon" bahonasida hatto ko'pkari, kurash singari ommaviy o'yinlar unutildi, ularning nomlari iste'moldan chiqib ketdi. Fan va texnika rivojlanayotgan bugungi kunda ham milliy o'yinlar unutilmoqda. Hozirgi yosh avlod o'yinning o'zinigina emas, nomini ham bilmaydi. Xalq o'yinlarini qayta tiklash, ularning nomlarini zikr etish, milliy madaniyatimiz ko'zgusi bo'lmish "xalq o'yinlari" ni kelgusi avlodga yetkazish ayni davrda umr guzaronlik qilayotgan xalqimiz farzandlarining, qolaversa, bizning eng muhim vazifalarimizdandir. "Alpomish dostoni tilining leks ik-semantik va stilistik xususiyatlari" (Abdiyev Azamat Turg'anbayevich. Nukus. 2011.), garchi yuqorida nomlari sanab o'tilgan tadqiqot nomlarida etnografizm atamasi mavjud bo'lmasa-da, doston matnidagi leksik qatlamda bunday xususiyatni o'zida aks ettiruvchi juda ko'plab so'zlarga duch kelamiz. "Alpomish" dostoni matnidagi leksik qatlam ham bundan mustasno emas. Biz o'z tahsilimiz davomida tilimizdagi etnografizmlarni yana-da chuqurroq o'rganishga va tadqiq etishga harakat qilmoqdamiz. B u kamtarona mehnatimizni o'zbek xalq og'zaki ijodi, jumladan, Ergash Jumanbulbul o'g'li dostonlari ("Xushkeldi", "Qunduz bilan Yulduz") matni asosida olib borishga qaror qildik.

MUHOKAMA VA NATIJALAR

Ta'kidlash o'rinliki, etnografik leksika mavzu va hajm jihatidan juda keng. To'y marosimlariga oid etnografizmlar alohida o'rganishni taqozo etadi. O'zbek to'y marosimlarini o'rgangan H. Ismoilov o'zbek to'y marosimlarini quyidagi ma'noviy guruhlarga ajratadi:

- muhim sana bilan bog'liq to'ylar (tug'ilish to'yi, beshik to'yi, soch to'yi va boshq.);

- sunnat to'ylari, yigitlik to'ylari (yigitlik oshi, mo'ylov to'yi);

- nikoh to'yi (qiz ko'rish, non sindirish, to'qqiz taboq);

- to'y bilan birga o'tkaziladigan marosimlar (ijob to'yi, qiz oshi);

- to'ydan so'ng o'tkaziladigan marosimlar.

Bundan tashqari milliy madaniyatimiz ko'zgusi bo'lgan xalq dostonlari ham o'zbek tili tarixining serqatlamliligini va bo'yoqdorligini o'zida to'la mujassam etadi. Shuning uchun xalq dostonlarining tilini tadqiq etish, bir tomondan til tarixining qadimiy ildizlari haqida kengroq malumot bersa, ikkinchi tomondan hozirgi zamon o'zbek adabiy tilini to'laqonli o'rganishda, uni boyitishda asosiy omillardan biri bo'lib xizmat qiladi. Alloma Hodi Zarifov ham: «Folklor

asarlarining ilmiy va badiiy qiymati ulaming lug'at boyligi bilan belgilanadi»-degan edi.

Biz tadqiqiga kirishgan etnografizmalar ham bugungi kunga qadar aynan folklorshunoslik fani doirasida o'rganilib kelinar edi. Ammo bugungi kunga kelib xalq og'zaki ijodi hamda folklor asarlarni til xususiyati jihatidan tadqiq qilish, doston matnida qo'llangan etnografizmlarning leksik-semantik xususiyatlarini o'rganish orqali o'tmish davr kishilaring dunyoqarashi, o'ziga xosligini yanada chuqurroq o'rganish imkoni yaratilmoqda. Masalan, "O'zbek tilidagi "bo'ri" so'zi bugun qaysidir o'rinda salbiy ma'nodagi so'z sifatida, ko'chma ma'nosida ishlatiladi. Biroq dostonlarimizda doimiy ravishda keladigan "chopinganda bo'riday" misralari, jonli tildagi "bo'rimi, tulki" iborasi "bo'ri" so'zining yuzaga kelish ildizlari qadimiy, totemistik tasavvurlar bilan bogliq ekanini urg'ulaydi".

Bu so'z va iboralarni, ayniqsa, xalq ijodining gultoji hisoblangan dostonlarimiz tilini o'rganish nafaqat o'zbek tili, balki umumturkiy til uchun ham muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, dostonlarimiz tili nafaqat folklorshunoslarimiz uchun, balki tilshunoslarimiz, barcha til o'rganuvchilar uchun ulkan manba va tadqiqot obyekti bo'la oladi. Folklor asarlari leksikasini tadqiq qilar ekanmiz, biz unda hozirda iste'molda bo'lgan sheva va arxaik so'zlar bilan bir qatorda, bugungi kunda qadimiy ma'nosi o'zgargan yoki unutilgan so'zlarni ham ko'plab uchratamiz. Demak, adabiy til leksikasining shakllanishi, rivojlanish va o'zgarish bosqichlarining xususiyatlarini aniqlashda epik ijod namunalari alohida o'rin tutadi shu sababli, ulardagi qadimiy so'z va birikmalarning lug'atini o'rganish nafaqat folklorshunoslik, balki tilshunoslik oldidagi eng dolzarb vazifalardan biridir.

Etnografizmlarni monografik planda tadqiq etish lingvistik birliklarning o'zaro munosabatini ochishga, ularni maydon sifatida o'rganishga qulay imkon yaratadi. O'zbek tilidagi rasm-rusumlar bilan bog'liq tushunchalarning turli urf-odatlar, marosimlar bilan bog'liq tushunchalarni muayyan nomlarini sistemaviy asosda maxsus o'rganish ehtiyojidan kelib chiqib, mikromaydonga birlashtirish va ularni semik jihatdan tahlil etish o'ziga xos ahamiyatga ega. Etnografizmlarning ichki tuzulishi va tuzilish birliklari o'rtasidagi xilma-xil munosabatlarni ochish ham hozirgi o'zbek tilshunosligi uchun katta ahamiyatga ega. Ammo, shuni ta'kidlash lozimki, o'zbek tilshunosligida etnografizmlar tadqiqi to'la amalga oshirilgan deyish mushkul, ushbu yo'nalishda qilingan ilmiy ishlar sanoqli, jumladan Qurbonazarova Nargis Shodiyevnaning "Etnografizmlar - xalq madaniyatini ifodalovchi muhim lingvistik birlik" kabi maqolalari yoki asosan folklorshunoslik doirasida o'rganilgan M. Jo'rayev, L. Xudoyqulovalarning "Marosimnoma", M. Alaviyaning izlanishlarida,

shuningdek, bugungi kunda doston matnlarida o'rganilgan etnografizmlar tadqiqiga bag'ishlangan ishlar: Sh. Shoabdurahmonov tomonidan «Ravshan», R. Rasulov va S. Tursunovlar tomonidan «Alpomish» dostonlarining, J. Abdullayev va M. Saparniyazovalar tomonidan topishmoqlarning, F. Xaitova va M. Jumaniyozovalar tomonidan ayrim xalq qo'shiqlarining til xususiyatlari, J. Xolmurotova tomonidan Shimoliy Xorazm dostonlari, A. Rahimov, Sh. Mahmadiyev, A. Xalikov, G. Jumanazarovalar tomonidan o'zbek xalq dostonlari, Z. Xolmonova tomonidan «Shayboniyxon» dostoni leksikasining nomzodlik dissertasiyasi darajasida o'rganilishi, xalq og'zaki ijodi janrlarining sintaktik xususiyatlari X. Abdurahmonov tomonidan doktorlik dissertasiyasi sifatida himoya qilinishi tilshunosligimiz uchun katta ijobiy hodisa sifatida baholanadi.

XULOSA

Kuzatishlar natijasida dostonlar tilining ilmiy tahlili salmoqli o'rin egallashi ma'lum bo'ladi. Faqatgina yuqoridagi tadqiqotlarning ba'zilarida mavzu tadqiqi bilan bog'liq masalaning u yoki bu jihati haqida ba'zi ma'lumotlarini kuzatishimiz mumkin. Xususan, M. Jumaniyozovaning «Xorazm xalq qo'shiqlari leksikasi» deb nomlangan dissertasion ishi ham qo'shiqlar matni lingvistikasini o'rganishga bag'ishlangan. Yusupova Maqsuda Ergash Jumanbulbul o'g'lining «Qunduz bilan Yulduz» dostonidagi zoonimlarning leksik-semantik va uslubiy xususiyatlari, G. Jumanazarova nomzodlik dissertasiyasining «Dostondagi so'zlarning mavzuiy guruhlari va ularning leksik-semantik tabiati» deb nomlangan 2-bobida shu xususda so'z boradi.

REFERENCES

1. Mahmud Sattor. O'zbek udumlari. -Toshkent: Cho'lpon, 2007. 9-10-betlar.

2. Mamatqul Jo'rayev, Jabbor Eshonqulov. Folklorshunoslikka kirish.

3. Qahhorova M. O'zbek etnografizmlarining sistemaviy tadqiqi. -Toshkent. 2009.

4. Jabborov E. O'zbek xalq o'yinlari leksikasi. -Toshkent. 1998.

5. Abdiyev A. Alpomish dostoni tilining leksik-semantik va stilistik xususiyatlari. -Nukus. 2011.

6. Xolmanova Z. Shayboniyxon dostoni leksikasi. -Toshkent. 1998.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.