MENEJMENT NAZARIYASINI O'RGANISH VA TAHLIL
Imalatdin Tajibayev
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti Nukus filiali
Annotatsiya: Maqolada menejment nazariyas haqida so'z yuritiladi. Menejment nazariyasini o'rganish va tahlil qilishning ahamiyati, ayniqsa boshqaruv sohasida menejmetning tashkiliy-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma'rifiy ahamiyatini tahlil qilish bo'yicha ilmiy taqdiqotlar olib borilgan va metodologik jihatdan o'rganilgan.
Kalit so'zlar: menejment, iqtisod, tashkil etish, o'rganish, taraqqiyot, sektor, nazariy, amaliy.
STUDY AND ANALYSIS OF MANAGEMENT THEORY
Imalatdin Tajibaev
Nukus branch of Uzbekistan State Institute of Arts and Culture
Abstract: The article deals with management theory. The importance of the study and analysis of management theory, especially in the field of management, has been studied and methodologically studied in the analysis of the organizational-economic, social, cultural-educational significance of management.
Keywords: management, economics, organization, research, development, sector, theory, practice.
Menejment insonlarni ongli mehnatga, tadbirkorlikka qiziqtirish, ishga mas'uliyatliligini nazorat qilish, ularning bilim va ko'nikmalarini faoliyatiga ijobiy ta'sir ko'rsatishini ta'minlash, rag'batlantirishni tashkil etishdir [1].
Menejmentning nazariyasi va uslubiy asoslari ham o'ziga xos xususiyatga ega. Uning nazariy va uslubiy asoslarini ko'rib chiqish, faoliyat ko'rsatish mexanizmining xususiyatlarini tushunishda katta ahamiyatga ega. Shuningdek, boshqaruv maqsadlarini aniqlash, boshqaruv faoliyati mantiqini tushunish bo'yicha ko'rsatmalarni shakllantirishga yordam beradi.
Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha birinchi navbatda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, mustahkam hamkorlikni yo'lga qo'yish, mamlakatimizda ishlab chiqilgan mahsulotlarga ichki talabni rag'batlantirish masalalari alohida o'rin tutadi. Ma'lumki har qanday faoliyat turi Menejment asosida quriladi, chunki shu faoliyatni amalga oshirishda ko'zlangan maqsadga erishish, bajariladigan vazifalarni taqsimlash, ijrosini nazorat qilish,
shuningdek, samaradorlikka erishish uchun shu faoliyatda ishtirok etuvchilar manfaatlarini himoya qilish, rag'batlantirish choratadbirlari Menejment jarayonida tashkil etiladi va muvofiqlashtiriladi. Bunda boshqaruvga iqtisodiyotda mavjud tizim ham o'z ta'sirini o'tkazadi.
Iqtisodiy islohotlarning birinchi bosqichidanoq iqtisodiyot boshqaruv tizimini isloh qilishga alohida e'tibor qaratildi. Olib borilgan iqtisodiy islohotlar institutsional o'zgarishlarni amalga oshirishga, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini boshqaruv borasida ularning xususiyatiga mos keladigan xo'jalik yurituvchi subyektlarga iqtisodiy erkinlik berishga yordamlashadigan, tadbirkorlikning rivojlanishini rag'batlantiradigan tashkiliy-huquqiy shakllar vujudga kelishiga qaratilgan edi va bu menejmentda yangi bir tizim vujudga kelishiga zamin yaratdi.
Bunday bozor munosabatlari sharoitida butun jamiyatga xizmat qiluvchi zamonaviy boshqaruv ilmini o'rganishda, iqtisodiyotning barcha butun tarmoqlarida boshqaruvni amalga oshira oladigan malakali rahbarlarni tayyorlashda "Menejment nazariyasi" fani muhim o'rin tutadi.
Menejment tushunchasi tor ma'noda biror- bir tashkilot maqsadini aniqlash va unga erishish uchun zarur bo'lgan rejalashtirish, tashkil etish va nazorat jarayonlarini foyda keltirishi, samara berishi qanchalik faoliyat yo'nalishini to'g'ri tanlay bilish, qarorlar qabul qila olishga hamda uning boshqarilishini nazorat qilishga va bu jarayon borishiga bog'liq bo'ladi. Menejment keng ma'noli tushuncha sifatida jahondagi menejment va uni tashkil etishning nazariyotchilaridan biri Piter F. Druker aytganidek, "Menejment alohida faoliyat turi bo'lib, tashkil etilmagan betartib ommani bir maqsadga yo'naltirilgan samarali va unumli guruhga, jamiyatga aylantiradigan, ijtimoiy o'zgarishlarni rag'batlantiruvchi element hisoblanadi". Menejment nafaqat korxona doirasida, qolaversa, butun bir jamiyat, davlatni o'z tanlagan yo'li, maqsad va intilishlariga yetaklovchi, iqtisodiyotni kuchli barqaror ishlovchi mexanizmga aylantirishda muhim ta'sir etuvchi kuch hisoblanadi.
Menejment ma'lum turdagi tizim bo'lib, uning samarali ishlashi tizimning har bir elementi tomonidan muayyan funksiyani bajarishi bilan ta'minlanadi.
Bunda o'zaro bog'liq bo'lgan elementlar yoki tuzilmalar tizimi sifatida menejment haqida ko'proq yoki kamroq adekvat g'oyani shakllantirish muhimdir. Boshqaruv jarayonining tarkibiy qismlari orasida ko'pincha qonuniyatlar, boshqaruv tamoyillari, usullari, mexanizmlari, funksiyalari va boshqalar ajralib turadi.
Menejment fani - bu boshqaruvchiga tanlovni to'g'ri amalga oshirishni va ishchan qarorni qabul qilishni o'rgatuvchi fandir. Uning asosiy maqsadi bozor munosabatlari sharoitida barcha bo'g'inlarda ishlay oladigan yuqori malakali boshqaruvchilarni tayyorlashdan iborat. Shundan kelib chiqqan holda bu fan quyidagilarni o'rganadi:
* boshqarish nazariyasi va amaliyoti;
* boshqarish obyekti va subyekti;
* boshqarish tamoyillari va usullari;
* boshqarish madaniyati;
* menejer va uning fazilatlari;
* menejer reytingi;
* boshqarishda kirishuvchanlik va qaror qabul qilish;
* boshqarish funksiyalari;
* xodimlarni boshqarish;
* ishlab chiqarishni boshqarish;
* samaradorlikni boshqarish;
* o'z-o'zini boshqarish;
* hududiy boshqarish va hokazolar [2].
Menejmentni jamiyatning iqtisodiy negizi bilan bog'lab, shu bilan birga uning ikki tashkiliy-texnikaviy va ijtimoiy-iqtisodiy tomonlarini hisobga olgan holda o'rganish lozim. Menejment predmeti-xo'jalik yuritishning barcha darajalarida menejmentning qonunlari (qonuniyatlari), tamoyillari va munosabatlarini o'rganishdan iboratdir. Boshqaruv munosabatlari ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning ajralmas qismi bo'lib, turli iqtisodiy, tashkiliy, ijtimoiy, mehnat, psixologik va boshqa ko'rinishlarda bo'ladi. Menejment munosabatlari boshqaruvchi qo'l ostidagi xodimlar o'rtasidagi aloqa va o'zaro ta'sirning murakkab majmuini ifodalaydi, demak, menejment bu, eng avvalo, kishilarning boshqaruvidir.
Menejment ilmi ikkinchi jahon urushi davrida Angliyada olimlar guruhi fuqarolar mudofaasi va o't ochish pozitsiyalari inshootlarini optimal joylashtirish, kemaga qarshi bombalarni portlatish chuqurligini va transport karvonlarining konvoyini optimallashtirish kabi murakkab harbiy masalalarni yechish topshirig'ini olganda paydo bo'lgan. 50-60-yillarda uslubiyat yangilanib, bir qator o'ziga xos usullarga aylanib, sanoatda muammolarni yechishda va har xil vaziyatlarda qaror qabul qilishda kengroq ishlatila boshlandi. Bugungi kunda boshqaruv ilmining model va usullari quyidagi masalalarni hal qilishda ishlatiladi: shaharlarda transport oqimlarini boshqarish va aeroportlarda harakat jadvalini optimallashtirishda, universitetlarda sinf va auditoriyalar ish jadvallarini tuzishda, supermarket va do'konlarda to'plangan mollarni, mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishda, turli xil mahsulotlarning reklamasiga xarajatlarni taqsimlashda, moddiy ta'minlashni rejalashtirishda, zavodda turli xil mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun asbobuskunalar va mehnat resurslarini taqsimlashda, mavsumga beysbol bo'yicha oliy liganing o'yin jadvalini tuzishda va h.k. Menejment nazariyasi boshqaruv faoliyatining qirralarini butun bir majmua ko'rinishida, nazariy tahlil va mantiqiy uslub asosida menejmentning asosiy qonuniyatlari va usullarini ajratib o'rganadi.
Menejment iqtisodiy nuqtai nazaridan - bu, avvalo, hamma iqtisodiy muammolarni boshqarish tizimi, insonlarni boshqarish. Menejment ijtimoiy nuqtayi nazaridan - bu, avvalo, mehnat jamoalari ijtimoiy talablarini qondirish, insonni tarbiyalash. Menejment jarayoni texnologiyasi esa boshqaruv apparati xodim-larining bajarayotgan amaliy ishlaridir. Shunday qilib, menejment jarayoni qo'yilgan masalaga erishish uchun boshqaruv apparati rahbari va odamlarning kelishilgan holda hamohang faoliyat ko'rsatishidir. Bozor iqtisodiyoti sharoitida boshqaruvning uch shakli mavjud: xususiy, jamoa va davlat boshqaruvi. Menejmentning xususiy shaklida mulkdor yakka o'zi qaror qabul qiladi va butun ish uchun javobgar bo'ladi. Bu shaklning ijobiy tomoni- mulk egasi ishlar borishini o'zi to'liq nazorat qilish imkoniyatiga egaligi, kamchiligi esa sarmoyaning uncha katta bo'lmasligi va boshqaruvning turli vazifalarini bajarishiga bir kishi majburdir. Mulkdor boshqaruvning barcha vazifalarini amalga oshirishi: rejalashtirish, tashkil etish, rag'batlantirish, yo'qotish, zarar va boshqalarga shaxsan javobgar bo'ladi. Kuchli raqobat sharoitida mulkdor kasodga uchramasligi uchun doimo o'z bilimlarini ko'paytirib, boshqaruv usullarini takomillashtirib, ya'ni ishchilarga ta'sir etish yo'llarini bozorda mavjud holatga mos ravishda o'zgartirib borishi kerak.
Menejment asosida jamoa qonun tizimlari yotadi. Iqtisodiyotni boshqaruv tizimida iqtisodiy qonunlar muhim rol o'ynaydi. Menejment asosiy tamoyillari bo'lib: yakkahokimlik va kollegiyal, ilmiylik, rejalashtirish, boshqaruv usullari va tizimlarini takomillashtirishni o'z ichiga oladi. Ishlab chiqarishni rejalashtirish -menejmentning asosiy funksiyalaridan biridir. Strategik va innovatsion boshqaruv zamonaviy menejmentni rivojlanishi uchun asosiy yo'nalish hisoblanadi. O'zbekistonda bozor munosabatlariga o'tish davrida davlat boshqaruv shakli asosiylardan biridir. Menejmentga birinchi qiziqish 1911-yilda kuzatilgan. Xuddi o'sha paytda Frederik U. Teylor o'zining an'anaviy ravishda menejmentni ilm va tadqiqotning mustaqil sohasi deb tan olinishining boshlanishi deb hisoblangan "Ilmiy boshqaruvning tamoyillari" degan kitobini nashr etdi. Albatta, tashkilot maqsadlariga unumli ravishda erishish uchun uni tizimlashtirilgan holda boshqarish tushunchasi darhol paydo bo'lmagan. Bu konsepsiya uzoq muddat mobaynida, XIX asrning o'rtalaridan boshlab asrimizning 20-yillarigacha rivojlanib kelgan. Menejmentga dastlabki qiziqishning asosiy kuchi Angliyada boshlangan sanoat revolyutsiyasi sababchi bo'lgan. Ammo boshqaruvning o'zi tashkilot rivojlanishi va muvaffaqiyatiga jiddiy hissa qo'shadi degan g'oya ilk bor Amerikada paydo bo'ldi
[3].
Menejmentning jarayon sifatida mohiyati uning vazifalarida ifodalanadi. Menejment vazifalari deganda boshqaruv bo'yicha ma'lum masalalarni hal etishga qaratilgan harakat yig'indisi tushuniladi. Menejment vazifalari avvalo boshqariluvchi
obyektning o'ziga xos xususiyatidan kelib chiqadi. Ishlab chiqarish tarkibida mos ravishda quyidagilarni aks ettiruvchi vazifalar mavjud bo'ladi:
• iqtisodiyotning tarmoq tarkibi;
• uning hududiy tarkibi;
• ishlab chiqarishning alohida unsurlari.
Menejment jarayonida bajariladigan vaifalar bo'yicha tahlil etish har bir vazifada ish hajmi, boshqaruvchi xodimlar sonini aniqlash, va nihoyat boshqaruv apparati tarkibini loyihalash uchun asos bo'lib xizmat qiladi. Boshqaruv tashkilotining asosiy va aniq vazifalari ajratiladi.
Menejment - barcha boshqaruv tizimlarining uzluksiz faoliyat ko'rsatish jarayoni bolib, boshqaruv apparat xodimlarining ish jarayonidan iborat. Boshqaruv jarayoni uzluksiz amalga oshiriladi. Menejment funksiyasi deganda, boshqaruvga doir ma'lum masalani yechishga yo'naltirilgan bir turli ishlar yig'indisi tushuniladi. Boshqaruv jarayonlarining funksional tahlili har bir funksiya uchun ish hajmi asoslarini tashkil etadi va boshqaruvchilar sonini aniqlaydi. Bozor munosabatlarining shakllanishi ishlab chiqarish va menejment funksiyalari o'rganishni talab qiladi. Menejment funksiyasini takomillashtirish bu tom ma'noda ijodiy jarayon, aniq holatlar hisobini olish demakdir.
Hozirgi davrda bozor iqtisodiyotini menejmentning iqtisodiy usullari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Menejmentning iqtisodiy usullari kishilarga iqtisodiy manfaatlar orqali ta'sir ko'rsatadi. Iqtisodiy usullarning mohiyati xodimlar va ishlab chiqarish jamoasiga ular manfaati bo'lishini ta'minlovchi iqtisodiy sharoit yaratishdan iboratdir. Menejment usullari tizimida iqtisodiy usullaryetakchi o'rinni egallaydi. Menejmentda huquqiy me'yorlar davlat-huquqiy va tashkiliy-huquqiy me'yoriy hujjatlarda aks etadi. Uning jumlasiga davlat korxonasi to'g'risida qonun, tadbirkorlik haqida, mulk to'g'risida qonunlar kiradi. Lekin qonunlar har bir korxonaning o'ziga xos xususiyatlarini hisobga ololmaydi. Shu sababli, har bir korxona, qonunga asoslangan holda, korxonada ishlab chiqarishning o'ziga xos xususiyatlarini hisobga oluvchi me'yoriy qoidalar o'rnatiladi. Iqtisodiy me'yorlar korxona faoliyati jarayonida erishilishi lozim bo'lgan iqtisodiy ko'rsatkichlarni belgilaydi. Ular jumlasiga moliya-kredit me'yorlari, ssudalar olish tartibi, amortizasiya me'yorlari, mahsulotning hisoblangan bahosi, foyda me'yori, rentabellik me'yori, fondlar uchun to'lovlar, budjetga to'lovlar, iqtisodiy rag'batlantirish me'yorlari kiradi.
Tashkiliy me'yorlar tashkilot tarkibini, alohida bo'linma va shaxslar faoliyati tarkibi va tartibini ichki tartib faoliyat turlarini, xodimlar vazifalarini, axborotni qayta ishlash va foydalanish jarayonini belgilaydi. Texnikaviy me'yorlar korxonaning va uning bo'linmalarining boshqaruv uchun zarur uskuna, texnika va transport vositalari, asboblar bilan qurollanganlik darajasini bildiradi.
Estetik talablar va me'yorlar ham boshqaruv jarayonida qo'llaniladigan texnika vositalari va uskunalari, ham boshqaruv xodimlarini o'rab turuvchi tashqi muhit uchun belgilanadi. Menejment nazariyasining asoschilari Teylor, Ford, Gilbert, Emerson, Fayol va boshqalardir. Menejment nazariyasining tarixan dastlabki yo'nalishi "klassik" (an'anaviy) maktab nomini olgan. Bu maktabning vujudga kelishida amerikalik muhandis va tadqiqotchi Frederik Teylorning xizmati katta. Teylor xizmat pog'onasining barcha darajalarini AQShdagi Bestlegemdagi yirik metallurgiya korxonasining kichik xizmatchisidan boshqaruvchisigacha bo'lgan lavozimlarni egallagan. U birinchilar qarorida ishlab chiqarishning ayrim jarayonlarini tashkil etish hamda butun korxonani boshqaruvga ilmiy yondoshishni qo'lladi. Uning "Korxonani ilmiy boshqaruv asoslari", "Boshqaruvni ilmiy tashkil etishning tamoyil va usullari", "Sanoat korxonalarini ma'muriy-texnikaviy tashkil etish" kabi mashhur asarlari xorijda chop etilgan ishlab chiqarishni boshqaruvni ilmiy tashkil etish bo'yicha adabiyotlarning katta to'plamiga asos soldi.
Teylor mehnat jarayonlarini maxsus funksional menejment zarurligini asoslab berdi, jismoniy mehnat bilan bir qatorda ishlab chiqarishni tashkil etishni tarkibiy unsurlarga ajratib ko'rsatishga harakat qilgan. U tomonidan ishlangan sxemada o'lda-jo'lda, pala-partish ishlash mumkin emasligi, har bir narsa oldindan qilingan, ishning barcha shartlari va usullari oldida aniq, belgilangan bo'lishi aks ettirilgan.
50-yillarning boshida menejment nazariyasi rivojlanishiga "yangi" maktab katta ta'sir ko'rsatdi. U boshqaruvga aniq fanlar uslub va usullari - qarorlar qabul qilishni matematik modellashtirish, matematik mantiq, dasturlash, iqtisodiy jarayonlarni matematik modellashtirish usullarini joriy qilish bilan ajralib turadi. "Yangi" maktabning eng yorqin namoyondalari - R.Akkof, L.Kleyn, V.Lyus va boshqalardir. Bu maktabning shakllanishi kibernetika va jarayonlarni o'rganish rivojlanishi bilan bog'liq. Jarayonlarni o'rganish zaxiralar, resurslar taqsimoti, eskirgan uskunalarni almashtirish, maqbul ravishda rejalashtirish menejmentni matematik modellashtirish bilan bog'liqdir. Keyinchalik "yangi" maktab tarkibida mustaqil fan - boshqaruv qarorlarini qabul qilish nazariyasi shakllandi. Xorijiy boshqaruv rivojlanishining qisqa tavsifi boshqaruvni takomillashtirish yangi usullari va shakllarini izlash uzluksiz davom etganligidan dalolat beradi. "Yangi" maktab - bu "ijtimoiy tizimlar" maktabining mantiqiy davomidir.
Menejment insonlarni ongli mehnatga, tadbirkorlikka qiziqtirish, ishga mas' uliyatliligini nazorat qilish, ularni bilim va ko'nikmalarini faoliyatga ijobiy ta'sir ko'rsatishini ta'minlash, rag'batlantirishni tashkil etishdir. Bu fanning predmeti ham xo'jalik yuritishning barcha bo'g'inlarida menejmentni tashkil etish shakllari, uslublarini ifodalovchi nazariy va amaliy tamoyillari majmuidan iborat. Boshqaruv usullarini puxta egallagan, qo'llay biladigan rahbar shu faoliyatni samarali
boshqarishi nafaqat ishlab chiqarishda, qolaversa, butun iqtisodiyotni rivojlanishida katta ta'sir ko'rsatadi.
Menejer - bu maxsus tayyorgarlik ko'rgan, boshqarishning sir-asrorlari, qonun-qoidalarini puxta egallagan malakali mutaxassisdir. Menejer bu - yollanma boshqaruvchi bo'lib, alohida ijtimoiy qatlamga mansub bo'ladi.
Kompaniya, firma, korxona, bank, moliya muassasalarining ijroiya hokimiyatiga ega bo'lgan boshqaruvchi, direktor, rahbar, mudir, ma'muriy boshqaruvchilar menejerlar deb yuritiladi.
Menejerlar boshqaruv pog'onasiga binoan uch toifaga bo'linadi:
• Yuqori pog'ona menejerlari.
• O'rta pog'ona menejerlari.
• Quyi pog'ona menejerlari.
Yuqori pog'ona menejerlari firma istiqbolini belgilash, uning kelajagi uchun ahamiyatli chora-tadbirlarni ishlab chiqish bilan shug'ullanadi. Bir so'z bilan aytganda firma rejasini ishlab chiqadi va uni amalga oshiradi.
O'rta pog'ona menejerlari firma faoliyatining ayrim tomonlarini, chunonchi, ishlab chiqarish, tovarlarni sotish, narx belgilash, moliya faoliyati, yangi tovarlarni o'zlashtirish, texnologiyani qo'llash, mehnatni tashkil etish kabilarni boshqarish bilan shug'ullanadi [4].
Quyi pog'onali menejerlar quyi bo'g'inda, masalan, sex, bo'lim, brigada doirasida ishni tashkil etish, kunlik, haftalik, oylik ish topshiriqlarining bajarilishini boshqarib boradi.
To'g'ri, korxonani boshqarish bevosita mulk egasining vazifasi deyishimiz mumkin. Ammo boshqarish uchun mulk egasi bo'lish shart emas. Shu xususdan orkestrni boshqaruvchi dirijyor musiqa asboblarining egasi bo'lmasa ham o'z ishini qilaverishi o'rinli. Boshqarish vazifasini korxona egasining o'zi yoki yollangan, ammo mulkdor nomidan ish qiluvchi menejer bajaradi.
Iqtisodiy aloqalar murakkablashgan sari menejer xizmatiga talab oshadi, o'z ishining ustasi bo'lgan maxsus ijtimoiy toifa - menejerlar toifasi paydo bo'ldiki, uning alohida ijtimoiy maqomi bor. Menejer g'oyat murakkab, o'ta mas'uliyatli ish bilan shug'ullanishi, firmaning hayot-momotiga javobgar bo'lganligi uchun ham yollanib ishlovchilar orasida eng katta xizmat haqi oladi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. D.S. Qosimova. Menejment nazariyasi. Darslik. - Toshkent, «Tafakkur-bo'stoni». 2011. 336-bet.
2. M.B.Bekmuradov., X.X.Shodiyev. "Menejment nazariyasi va amaliyoti". Magistrlar uchun o'quv qo'llanma. Toshkent - 2021 y. "Zamon poligraf" OK nashriyoti. 272 b.
3. Zamonaviy menejment nazariyasi va amaliyoti (o'quv qo'llanma) Akademiya Toshkent 2006
4. Haydarov A. Ijodiy faoliyatni rejalashtirish va boshqarish- Toshkent. "Kamalak" 2019. 192 b.