Kelajak avlodni kasbga yo'naltirish
Umidaxon Hamidova O'zbekiston davlat konservatoriyasi
Annotatsiya: Mazkur maqolada ertamiz bo'lgan yosh avlodni kasb-hunarga yo'naltirish, ularning ta'lim-tarbiya jarayoniga e'tibor qaratish borasida fikr-mulohazlar yuritilgan.
Kalit so'zlar: Ta'lim tizimi, tarbiya, kasbiy ta'lim, ma'naviyat.
Directing the future generation to the profession
Umidakhon Hamidova Uzbekistan State Conservatory
Abstract: In this article, there are opinions about directing the young generation of our future to the profession, paying attention to their educational process.
Keywords: Educational system, education, professional education, spirituality.
Har bir millatning ma'naviy boyligi hisoblangan milliy cholg'ulari asrlar va yillar davomida o'ziga xos tarzda rivojlanib, sayqallanib keladi. Bu borada taraqqiyot yo'lida shiddat bilan o'sib borayotgan ona O'zbekistonimizda ajdodlarimizdan qolgan madaniy merosni hozirda musiqa sohasida ta'lim olayotgan talaba yoshlarga chuqurroq o'zlashtirishlarida elkadosh bo'lib, qo'llab-quvvatlab turish joiz. Ularni mustaqil fikrlaydigan, bilimdon va ishbilarmon, kezi kelganda barcha mas'uliyatni o'z zimmasiga oladigan sabr-toqatli qilib tarbiyalash darkor. Hozirgi kunda kasbga yo'naltirish ishlarini mazmun va sifat jihatdan takomillashtirish muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifa sifatida ahamiyat kasb etmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sharoitida faol ishtirok etadigan, mamlakatning ilmiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishiga munosib xissa qo'shadigan, yuksak madaniy va ahloqiy sifatlarga ega bo'lgan yuqori malakali yoshlar safi tobora kengayib borayapti. Chunki, ularni mustaqil hayotni dadil qadamlar bilan boshlashiga, o'z iqtidorini namoyon etishiga barcha shart-sharoitlar yaratilyapti. Ayni paytda, davr talabidan kelib chiqib sohalar kesimida kadrlar tayyorlash uchun ijtimoiy buyurtma, mutaxassislarga bo'lgan ehtiyoj va fan texnika yutuqlarini inobatga olingan holda tadrijiy ravishda takomillashib borish rejasini aniq belgilash zarurati yuzaga keldi.
Keyingi davrda talabalarni malakasini oshirish, kasbga yo'naltirish ishlari davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Shu bois bu yo'nalishda bevosita ahamiyat kasb etuvchi
yagona uzluksiz ta'lim tizimini yaratish vazifasiga asosiy e'tibor qaratildi. "Ta'lim to'g'risidagi" qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, shuningdek, shaxs rivojlanishini tadqiq qilishda tizimlilikni joriy etish, mamlakatimiz va chet elda kasbga yo'naltirish masalalarini yorituvchi hamda targ'ib qiluvchi pedagogik va psixologik tadqiqotlar, kasb-hunarga yo'naltirishni ilmiy tadqiq qilishning nazariy -uslubiy asoslari hisoblanadi.
Ma'lumki, insonlarning mustaqil turmush tarzini yo'lga qo'yishda, o'zi istagan sohada samarali faoliyat olib borishida to'g'ri kasb tanlash muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham o'qish, bilim olish, kasb tanlash va nihoyat soha egasi bo'lish O'zbekistonda kadrlar tayyorlashning milliy dasturi asosida amalga oshirilmoqda.
Inson hayoti davomida to'g'ri kasb tanlashning ahamiyatini, o'z imkoniyati doirasida hamda o'zida aynan shu kasbga moyillik va qizish borligi, hamda tanlayotgan sohaning talablarini bilmog'i darkor. Buning uchun kasb tanlovchi mutaxassislar tayyorlash tizimi, mehnat shart-sharoitlari, vositalari, sohaning o'ziga xos xususiyatlari, o'z qobiliyati va ehtiyojlari, kasblar to'g'risida ma'lumotlar, ayrim mehnat bozori talablari asosida ehtiyojning o'zgarib borishini, salomatligining tanlagan kasbiga mos kelishi, o'qishni davom ettirish imkoniyatlarini, kelgusi mavqeini bilishi zarur.
Talabalar kasblarni tahlil qila olishi, o'zlarining shaxsiy sifatlari, qiziqishi va salomatlik darajalarini to'g'ri baholay olishlari, kasblarning insonga qo'yadigan talablari bilan o'zlarining shaxsiy xususiyatlarini taqqoslay olishlari, kasbiy rejalarini tuza olishlari zarur. Darhaqiqat, kelajakka ishonch bilan qaraydigan, mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni tarbiyalash asosiy vazifalardan hisoblanadi.
Bu borada nimalarga e 'tibor berishimiz kerak?
Avvalo yoshlarning qiziqish va iste'dodini aniqlash, ularga kerak paytda yo'l-yo'riq ko'rsatish va imkon qadar yordam berishimiz lozim. Ba'zida yoshlar qiziqishiga mos bo'lmagan ta'lim muassasalariga o'qishga kiradilar. Natijada ishtiyoqsiz, shoshilinch tarzda tanlagan kasb bo'yicha o'qishdan ko'ngli soviydi va albatta mutaxassislik sirlarini kerakligicha o'rganmaydilar. Natijada kasbini mukammal o'zlashtirmagani uchun mutaxassis sifatida hayotda o'z o'rnini topa olmaydi. Shu bois, yoshlik davrdayoq o'quvchilarni xohish-istaklari, hamda imkoniyatlarini aniqlashimiz va qobiliyatiga mos mutaxassislikni egallashi uchun ko'maklashishimiz zarur.
Ta'kidlash o'rinliki, bolalardagi tug'ma faoliyat va iste'dodni, ularning qiziqishlari va imkoniyatlarini tizimli o'rganish, shu asosda kasb-hunarga to'g'ri yo'naltirish, qolaversa ular tomonidan kasb-hunarni mustaqil tanlay olishga jalb etish ishlarini rivojlantirish, hamda takomillashtirish borasida qator vazifalar mavjud. Bular oila, maktabgacha ta'lim muassasasi, umumta'lim maktabi, litsey va kollejlar bilan ijtimoiy hamkorlikni kuchaytirish, ta'lim tizimini barcha sohalarda ishlab
chiqarishga tezkor moslashtirishini tashkil etish, eng muhimi bu boradagi natijani tahlil etish va navbatdagi bosqichda amalga oshirilishi kerak bo'lgan ishni rejalashtirishdan iborat. Mazkur vazifalar birinchi galda o'qituvchi va ota-onalar o'rtasidagi aloqani mustahkamlashni talab etadi. Chunki dunyoni tanigandan boshlab bolaning qiziqishi va iste'dodi ota-onalarga ayon bo'ladi va ularni orzulari hamda imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumotga ega bo'ladilar. Shuning uchun ota-onalarning oilada farzandlari kelajagi bilan bog'liq olib boriladigan bu boradagi tarbiyalari qanchalik muhimligi haqida ta'lim muassasalarida o'tkaziladigan uchrashuvlar, davra suhbatlarini tashkillashtirish va ushbu masalalarni muntazam ravishda ular bilan muhokama qilinishi, pirovardida, keyingi bosqichda amalga oshiriladigan rejalarni hal etish lozim.
Kasb tanlayotgan bo'lajak yosh mutaxassislar ertangi kundagi ish joyi haqida to'liq ma'lumotga va kafolatli tayin ish joylariga ega bo'lishi lozim. Afsuski, hozirgi kunda bitiruvchilarning ish faoliyati bilan bog'liq ba'zi to'siqlar va asosiy kamchiliklar, ayrim hollarda ish beruvchi tashkilotlarning tartibga rioya qilmayotganliklari natijasida kuzatiloqda. Ular uch tomonlama shartnomalarga rioya qilmasdan ta'lim muassasasi bitiruvchilarini ish bilan ta'minlamayaptilar. Yoshlarni ishga qabul qilish vaqti kelganda turli bahonalarni ro'kach qilishmoqda.
Talabalarning joylarda amaliyotni muvaffaqiyatli o'tashi va ishga joylashtirishda oliy ta'lim muassasalari bilan musiqa maktablari, o'rta ta'lim maktablari bilan hamkorlikda kasbni targ'ib qilish yuzasidan aloqalarni tobora mustahkamlanib borishi muhim ahamiyat kasb etadi. Natijada mehnat bozorining muayyan ixtisosliklarga talabi mutaxassislarga bo'lgan ehtiyoj asosida ta'minlanadi, yosh mutaxassislar ish joylariga ega bo'ladilar.
O'zi qiziqqan kasbni tanlash insonlarni kelajakda mutaxassisligi bo'yicha unumli va natijali faoliyat olib borish garovidir. Ba'zilar bajarayotgan ish katta daromat manbai bo'lishini asosiy masala, uning amalga oshirayotgan ishidan qoniqishi ikkinchi darajali deb hisoblashadi. Shuni nazarda tutish lozimki, kishi kasbidan zavqlana olmas ekan, bajarayotgan faoliyati davomida katta daromatga ega bo'lmaydi, o'z kasbidan manfaatdor bo'lmaydi. Kasbidan zavqlana olganlarning muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini, o'z kasbini bekorchilik bilan o'tkazayotganlarni esa aksincha tushkun ahvolda ko'rishimiz mumkin. Bunday sharoitda o'z kasbini sevgan, ishidan zavqlana olgan, ilg'or tashkilotda yetuk mutaxassis sifatida faoliyat yurgizayotgan biror-bir kasb egasi, bugungi kunda katta foyda ko'rishi mumkin bo'lgan, ammo o'z kasbini yomon ko'rgani sababli ishidan zavq topa olmaydigan kishidan ancha ko'proq foyda ko'rishi mumkin.
Kelajakda shug'ullanish uchun kasb tanlayotganda, faqatgina bu kasbdan keladigan moddiy daromatni emas, balki undan olinishi kerak bo'lgan ma'naviy ozuqani ham hisobga olish kerak. Biror tanlangan kasb ko'ngildagidek bo'lmasa,
ishdan zavqlana olinmasa, bajarayotgan ishdan xursandchilik, ma'no topishga intilish kerak. Agar buning iloji bo'lmasa, kasbni imqon qadar zavqlanib ishlaydigan faoliyat turiga o'zgartirishga harakat qilish lozim bo'ladi.
Har bir kasb egasi unda yashashi kerak. Shundagina sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqiqiy sevimli kasb asosida bajariladi. Bugungi kunda turmushning barcha jabhalarida ijtimoiy-siyosiy hayot kishilik jamiyati taraqqiyotining ayni bosqichida shunday o'ziga xos xususiyatga egaki, unda aql-idrok, ijodiy fikrlash, intellektual salohiyat, yangi texnika va texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Kasb tanlash uchun mehnat bozoridagi holatni tahlil qilish kerak. Barcha kasblar haqida ma'lumotga ega bo'lish ularni xohishga qarab tanlash imkonini beradi. Buning uchun avval doimiy malakani oshirish, kasblarni egallashga tayyor bo'lish talab etiladi.
Ma'lumki, kasb tanlash har bir insonni taqdirini butunlay hal qilishi mumkin. Shu bois kasb tanlash yoshlik davrdan hal etilishi lozim bo'lgan masala sifatida doimo inobatga olinishi lozim. Ko'pincha o'z kasbidan qoniqmasdan undan vos kechish va boshqa kasbga qizish va o'zi xohlagan ish bilan shug'ullanish holatlari ham uchrab turadi.
Birinchi kasbdan garchand keyinroq vos kechib o'zi uchun qiziqrog'ini topilgan taqdirda ham hayotning turli kutilmagan holatlarida asqotishi mumkin. Chunki, dastlabki tanlov yangi mutaxassislikni o'zlashtirish uchun, fanlararo faoliyat bo'yicha muayyan darajada bilim egasi qilib tayyorlashi mumkin. Qolaversa, jamiyat taraqqiyoti jadal ilgarilayotgan pallada har bir kishi uchun o'z sohasini yetuk mutaxassisi bo'lishi bilan birga boshqa jabhalarda ham bilimdon va har ishga qodir iste'dod egasiga aylanishi fahrli hamda davr talabidir.
Albatta, kasbning nufuzliligi u yoki bu holda inobatga olinishi tabiiy hol, lekin kasbga qiziqish va qobiliyat, sog'liq va imkoniyatlarni hisobga olish bilan amalga oshirish maqsadga muvofiqdir. Ba'zi kasblar xohishga mos kelgani bilan sog'liq imkoniyatida bo'lmasligi mumkin, ya'ni sog'liqni yomonlashtirishi mumkin. Bunday kasblar asosan u yoki bu jismoniy tizimlarning uzoq muddatli zo'riqishini talab etadi.
Odatda tanlamoqchi bo'lgan kasbning mazmun - mohiyatini o'rganib chiqiladi. Shu kasb bilan shug'ullanish uchun qanday talablarga javob berish kerak, qanday vazifalarni bajarish lozimligini anglash va ko'z oldiga keltirish talab etiladi. Yashayotgan mamlakat, tanlayotgan soha va oila ravnaqiga munosib hissa qo'shish lozimligi haqida xulosaga kelinadi.
Kasb tanlashda fiziologik holatlarini e'tiborga olish zarurligi to'g'risida tavsiyalar:
Kasb tanlashda qobiliyatdan tashqari salomatlikni ham hisobga olinishi zarur, chunki kasb tanlovchilarning barchasi ham sog'liqlarini e'tiborga olgan holda masalani hal etadilar deb bo'lmaydi.
Odatda to'g'ri, batafsil tavsiyalarni tegishli tibbiy tekshiruvlardan so'ng olinadi. Har bir kasb turli darajada inson organizmi va biror-bir a'zosini zo'riqtiradi, shuning uchun har bir kasb uchun mavjud bo'lgan turli tibbiy cheklovlar haqida bilish zarur. Kasb tanlash bo'yicha qaror qabul qilganda shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. Lekin kasb tanlayotganlar ham o'z sog'liqlarini inobatga olishlari maqsadga muvofiq bo'ladi.
Chunki ba'zi hollarda organizmda uchraydigan asosiy qarshiliklar kishi faoliyati davomida salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin:
- bo'g'inlar, umurtqaning jahoratlanishi yoki kasalligi, muskullar kamchiligi bor bo'lgan o'quvchilar uchun ko'plab jismoniy energiyani, uzoq vaqt oyoqda turishni, tez-tez engashib turishni talab qiladigan kasblarni tanlashlari tavsiya etilmaydi:
- sezgi organlari (ko'rish, eshitish, hid bilish, tam bilish) da kamchiligi bor o'quvchilar uchun haydovchilik mutaxassisligining barcha turlari, san'at sohasini ba'zi yo'nalishlari, oziq-ovqat, parfyumeriya sanoatining qator kasblari tavsiya etilmaydi:
Kasb tanlashda nimalarga e'tibor qaratilishi lozim:
Ota-onalar farzandlarining qiziqishlari, qobiliyatlari, intilishlari va imkoniyatlari haqida unutmasliklari, ularni majburlamasliklari, aksincha xohishlarini bilishlari, ularni qo'llab-quvvatlashlari, istaklarini amalga oshirishga yordam berishlari kerak. Aksariyat hollarda aksincha, ota-onalar qistovi ostida farzandlarni kasb tanlashga undash holatlari kuzatiladi.
Hozirda iqtisodchi, huquqshunos, menejer, broker, diler kabi kasblarga ko'pchilik qiziqadilar, lekin ularning hammasiga ham bu kasb uchun zarur bo'lgan sifatlar (ishbilarmonlik, shijoatkorlik, g'ayrat, muloqotchanlik, ishchanlik) bo'lmasligi mumkin.
Ko'p hollarda yoshlar o'z qobiliyatlarini bilmagan holda do'stlariga ergashib ta'lim turlarini tanlaydilar. Natijada juda kam hollarda kasbni egallash samarali bo'ladi, aniqrog'i tasodif tufayli muvaffaqiyatli bo'lishi mumkin. Chunki kasbni o'z imkoniyatlari va qiziqishlarini inobatga olgan holda tanlash bilan o'zini to'liq namoyon etish mumkinligini bilmaydilar.
Ba'zida qiziqqan fanga tegishli kasbga intilish bilan adashadilar. Masalan, o'quvchi ashula darsini yaxshi o'zlashtiradi, turli she'rlarga bitilgan ashulalarni yod oladi, ularni ijro etishga intiladi va shu kasbni tanlaydi. Lekin musiqa ta'limidagi nazariy bilimlarning murakkabligi, qolaversa uning e'tiboridan san'at sohasida yaxshi mutaxassis bo'lish uchun alohida iste'dod va tug'ma qobiliyatga ega bo'lish muqarrarligi chetda qoladi va turli vaziyatlarda qiyinchiliklar (kasbini o'zlashtira olmaslik)ga duch kelib keyinchalik tanlagan sohasiga ishtiyoqi so'nadi.
Ba'zan oila a'zolarining kasbiga qiziqib sohani tanlash holatlari ham kuzatiladi. Akani sportning murakkab yo'nalishi bo'yicha erishgan yutuqlariga xavas qilgan uka
shu kasbga moyilligi bo'lsa-da, jismoniy jihatdan zaifligi, sport sohasida ham tug'ma iste'dod talab etilishini bilmaydi.
Kasb tanlashda o'z imkoniyatlari doirasida ish yuritib, xatoliklarga yo'l qo'ymaslik - noto'g'ri, natijasiz qadam qo'yishdan himoya qilib, vaqtni tejab, imkoniyatlar, qiziqishlarga mos ravishda harakat qilishga, to'g'ri yo'l tanlashga yordam beradi.
Kasbning imkoniyatlari va mehnat darajasi haqida tasavvurlarning yetarli emasligi, jamiyat va texnik rivojlanish bilan bog'liq bo'lgan kasbning rivojlanish ko'lamini bilmaslik ham xatolikka yo'l qo'yishga olib keladi. Kasbning zamirida mehnatning yangi talablari, shakllari yashiringan bo'lishi mumkin. Shu bois, doimo kasbning zamonaviy ko'rinishi haqidagi bilimlarga ega bo'lish talab etiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. I.A.Karimov. "Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch". T.: "Ma'naviyat". 2008.
2. I.A.Karimov "Ona yurtimiz baxt-u iqboli va buyuk kelajagi yo'lida hizmat qilish - eng oliy saodatdir" T.: "O'zbekiston" 2015.