Hududlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta'minlashda mahalliy byudjetlar barqarorligini oshirish masalalari
D.Uskenbayeva O'zMU
Annotatsiya: Mazkur maqolada O'zbekistondagi mahalliy byudjetlarning tuzilishi, ularning tarkibi yoritilgan bo'lib, unda mahalliy byudjetlarning daromadlari shakllanishi hamda xarajatlari moliyalashtirilishi amaliyoti yoritilgan. Oxirgi yillarda mahalliy byudjet mablag'lari harakati viloyatlar, Toshkent shahri hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi ko'lamida o'rganilib, har bir maskan daromad va xarajatlari o'rtasidagi tafovutlardan kelib chiqqan holda mablag'lar harakati samaradorligini yanada takomillashtirish yo'nalishlarni ko'rib chiqib va ularni amaliyotga qo'llash maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Kalit so'zlar: mahalliy byudjet, byudjet jarayoni, daromad, xarajat, soliq, moliyaviy transfert, ijtimoiy to'lov, yig'im, ijara to'lovi
Issues of increasing the sustainability of local budgets in providing socio-economic development of the regions
D.Uskenbayeva National University of Uzbekistan
Abstract: This article describes the structure of local budgets in Uzbekistan, their structure, and the practice of financing local budgets' revenues and expenses. In recent years, the movement of local budget funds has been studied on the scale of regions, Tashkent city and the Republic of Karakalpakstan, considering directions for further improvement of the effectiveness of the movement of funds based on the differences between the income and expenses of each locality. it is appropriate to come out and put them into practice.
Keywords: local budget, budget process, income, expenditure, tax, financial transfer, social payment, levy, rent payment
2020-2024 yillarda O'zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish Strategiyasida budjet jarayoniga jamoatchilikni jalb etishni yanada kengaytirish choralari ko'rish, shuningdek, fuqarolarning byudjet jarayonidagi faol ishtirokini qo'llab-quvvatlash, o'rta muddatda soliq-byudjet siyosatining ustuvor va asosiy yo'nalishlarini muhokama qilishda fuqarolar ishtirokini ta'minlash
mexanizmlarini keng qo'llash (xususan, byudjet mablag'larining xarajatlari yo'nalishida) belgilangan. 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida esa ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish va ustuvor tarmoqlarni rivojlantirishga yo'naltirilgan muhim loyihalar barcha hududlarning talablari va mahalliy tashabbuskorlarning takliflarini inobatga olgan holda mahalliy jamoatchilik ishtirokida keng muhokama qilinganidan keyin qabul qilinishi ko'zda tutilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda 14 ta ma'muriy hudud (Qoraqalog'iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahri) dan kelib chiqqan holda jami 218 ta turli darajadagi mahalliy byudjetlar mavjud bo'lib, ular tegishli ma'muriy hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida asosiy moliyaviy jamg'arma bo'lib xizmat qilmoqda. Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjetini hamda respublikaga (Qoraqalpog'istonga) bo'ysunuvchi tumanlar va shaharlar byudjetlarini o'z ichiga oladi. Viloyatlar mahalliy byudjetlari tuzilmasiga viloyat byudjeti, tegishli viloyatlar tumanlari va shaharlarining byudjetlari kiradi. Tumanlarga bo'linadigan shaharning byudjeti shahar byudjetini va shahar tarkibiga kiruvchi tumanlar byudjetlarini o'z ichiga oladi. Tumanga bo'ysunadigan shaharlari bo'lgan tumanning byudjeti tuman byudjetini va tuman bo'ysunuvidagi shaharlar byudjetlarini o'z ichiga oladi. Toshkent shahar mahalliy byudjeti tuzilmasiga shahar byudjeti va shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarning byudjetlari kiradi. Masalan, Jizzax viloyati mahalliy byudjeti 14 ta mahalliy byudjetdan iborat, ya'ni viloyat byudjeti, 12 ta tuman byudjeti hamda 1 ta shahar byudjeti. O'z navbatida, Jizzax viloyati mahalliy byudjeti viloyat byudjeti, viloyatga bo 'ysunuvchi 12 ta tuman va 1 ta shahar byudjetidan tashkil topgan bo'lsa, Qashqadaryo viloyati mahalliy byudjeti esa viloyat byudjeti, viloyatga bo'ysunuvchi 14 ta tuman byudjeti va 2 ta shahar byudjetidan tashkil topgan jami 17 ta mahalliy byudjetdan iborat.
Har bir viloyat, tuman yoki shahar mahalliy byudjetining moliyaviy barqarorligi bevosita uning daromadlari va xarajatlarining tarkibiy tuzilmasi va miqdoriga bog'liq. Mahalliy byudjetlar daromadlarining shakllanish miqdori uning xarajatlariga nisbatan etarli bo'lsa, bunday mahalliy byudjet moliyaviy barqaror byudjet sanaladi. Shundan kelib chiqib, biz endi mahalliy byudjetlarning daromadlari manbalari va ularning tarkibini ko'rib chiqamiz. Ko'pchilik mahalliy va xorijiy iqtisodchi olimlar mahalliy byudjetlar daromadlarini tasniflashda o'z daromadlari, biriktirilgan daromadlar, tartibga soluvchi daromadlar hamda moliyaviy transfertlarga ajratishadi. Mahalliy byudjetlarning o'z daromadlari (o'zlarining daromadlari) deganda qonunchilik bo'yicha to'liq mahalliy byudjetlarga biriktirilgan daromad manbalari tushuniladi. Iqtisodiy adabiyotlarda mahalliy byudjetlarning o'z daromadlariga quyidagilar kiritiladi:
1. Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar. Mahalliy soliqlar va yig'imlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish manbaini vujudga keltirish, tabiiy resurslar va mulklardan oqilona foydalanish, mahalliy hokimiyat organlarining faoliyat ko'rsatishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida joriy etilgan. Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarga quyidagilar kiradi: yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulk solig'i; yuridik va jismoniy shaxslarning yer solig'i; yagona yer solig'i; ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi; ayrim turdagi xizmatlarni ko'rsatish uchun yig'im va boshqalar.
2. Bozorlardan tushadigan daromadlar. Tegishli ma'muriy hudud (viloyat, tuman, shahar) da joylashgan turli xil bozorlar (dehqon bozorlari, buyum bozorlari, chorvachilik mollari bozori va boshqalar) dan tushadigan daromadlar (bir martalik patta to'lovlari) ham mahalliy byudjetlarning o'z daromadlari qatoriga kiradi. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo'mitasi har yili bozorlar va savdo komplekslarining ma'muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig'imlar, ijara to'lovi va ko'rsatiladigan xizmatlar qiymatining minimal miqdorlarini belgilaydi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududiy moliya va soliq organlari bilan kelishilgan holda bozorlar va savdo komplekslarining ma'muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig'imlar, ijara to'lovi va ko'rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlarini O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo'mitasi tomonidan har yili belgilanadigan minimal miqdorlardan past bo'lmagan miqdorda har yili tasdiqlaydilar. Ushbu xizmatlar bozorlar va savdo komplekslari hududidagi bino va inshootlar mulkdorlariga ko'rsatiladi hamda ular uchun kadastr hujjatlarida ko'rsatilgan egallagan yer maydonlaridan kelib chiqib haq to'lanadi. Qishloq xo'jaligi mahsulotlari va xalq iste'moli mollari aralash holda sotilganda, to'lov sotiladigan mahsulot turlari bo'yicha belgilangan eng yuqori stavka bo'yicha undiriladi.
3. Yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek chet davlatlardan tushgan qaytarilmaydigan pul tushumlari. Bunday daromadlarga odatda sovg'a, hadya ko'rinishda, shuningdek, beg'araz homiylik ko'rinishida taqdim etilgan daromadlar kiradi.
4. Boshqa daromadlar. Boshqa daromadlarga davlat daromadiga o'tkazilgan molmulkni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar, davlat aktivlarini joylashtirishdan, foydalanishga berishdan va sotishdan belgilangan normativlar bo'yicha olingan daromadlar, qonun hujjatlariga muvofiq Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga yo'naltiriladigan davlat bojlari, yig'imlar, tovon pullari va jarima sanktsiyalari, egasiz mol-mulkni, meros huquqi bo'yicha davlat ixtiyoriga o'tgan mol-mulkni, huquq bo'yicha davlat daromadiga o'tkazilishi lozim bo'lgan xazinalarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa daromadlar kiradi.
Biriktirilgan daromadlar esa qonunan respublika byudjetiga tushishi lozim bo'lgan ba'zi umumdavlat soliqlarini ushbu mahalliy byudjetning moliyaviy barqarorligini ta'minlash uchun to'liq biriktirishdan hosil bo'lgan daromadlardan iborat. Tartibga soluvchi daromadlar esa respublika byudjetiga undirilishi belgilangan katta salohiyatli soliq turlari va boshqa majburiy to'lovlardan mahalliy byudjetlarga ma'lum bir ajratmalar normativlar asosida qoldirilgan qismi bo'lib, u mahalliy byudjetlarning daromadlari va xarajatlari mutanosibligini ta'minlash uchun beriladi.
Tartibga soluvchi daromadlarning normativlar asosida byudjet bo'g'inlari o'rtasida taqsimlanishi mahalliy byudjetlarning daromadlari va xarajatlari mutanosibligini ta'minlashga va moliyaviy mustaqilligini oshirishga imkon bermaydi. Shu munosabat bilan mahalliy byudjetlarning o'z va biriktirilgan daromadlari hajmini oshirishga asosiy e'tiborni qaratish bilan birgalikda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, tabiiy va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, hududlarda tadbirkorlik faoliyatini keng ko'lamda rivojlantirish talab etiladi. Tartibga soluvchi daromadlarning belgilangan normativlarga muvofiq taqsimlanishi mahalliy byudjetlar daromadlarini barqarorlashtirish bilan birga, mahalliy hokimiyat organlarining mahalliy byudjetlar daromadlarining yangi manbalarini izlab topishga bo'lgan manfaatdorligini susaytiradi va ularda loqaydlik kayfiyatini uyg'otadi.
Qayd etish joizki, umumdavlat soliqlaridan normativlar soliqlar va hududlar bo'yicha tabaqalashtirilgan bo'ladi va har yili qayta ko'rib chiqiladi. Ajratmalar miqdorini belgilash hududlar va yillar kesimida ma'lum bir qonuniyatga ega emas. Normativlarning yuqori o'rnatilishi mahalliy byudjetlar iqtisodiy salohiyatining yuqori bo'lmaganligidan dalolat beradi. Moliyaviy transfertlar esa byudjetlar muvozanatini ta'minlash uchun yuqori byudjetdan quyi byudjetga beriluvchi daromadlardir.
Moliyaviy transfertlar tarkibini ijtimoiy va tartibga soluvchi transfertlar sifatida tavsiflash mumkin. Ijtimoiy trasnfertlar ijtimoiy maqsadlarni o'z vaqtida va belgilangan miqdorda moliyalashtirishda tegishli mahalliy byudjetda yetarli mablag' bo'lmagan holatda yuqori byudjetdan quyi byudjetga, ya'ni respublika byudjetidan viloyat byudjetiga yoki viloyat byudjetidan tuman va shaharlar byudjetiga beriladi.
Misol uchun, mamlakatimizda 2020 yilgacha bo'lgan davrda mahalliy byudjetlardan xalq ta'limi tibbiyot muassasalari xodimlarining ish haqlari va ish haqi bo'yicha yagona ijtimoiy to'lovni moliyalashtirish uchun mahalliy byudjetlarda yetarli bo'lmagan mablag' respublika byudjetidan ijtimoiy transfertlar (maqsadli subventsiyalar) ko'rinishida berilgan. Tartibga soluvchi transfertlar eca mahalliy byudjetning daromadlari va xarajatlarini muvozanatlashtirish uchun ajratiladi. Ya'ni, mahalliy byudjetning xarajatlarini qoplashga daromadlarining etarli bo'lmagan miqdori yuqori byudjetdan tartibga soluvchi transfertlarni ajratish orqali muvozanatlashtiriladi.
Mahalliy byudjetlar xarajatlarining tarkibiy tuzilishi ham o'ziga xos tasnif va tavsifga ega. Mahalliy byudjetlar xarajatlarini ikki guruhga tasniflash maqsadga muvofiq: I darajali - Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjeti, Toshkent shahrining shahar byudjeti xarajatlari; II darajali - Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri tarkibidagi tuman va shaharlar byudjetlari xarajatlaridan iborat.
Ma'lumki, 2020 yildan boshlab mamlakatimizda byudjet mablag'larini taqsimlovchilarning mas'uliyatini yanada oshirish, mahalliy byudjetlar daromadlarini shakllantirish va mablag'laridan foydalanishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining erkinligini ta'minlashga qaratilgan yangi byudjet tizimi joriy etildi. Soliq turlarini byudjet bo'g'inlari (respublika byudjeti; Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjeti; tuman va shaharlar byudjeti) o'rtasida taqsimlashning yangi tartibi amaliyotga kiritildi. Jumladan, 5 turdagi soliqlar tuman va shaharlar byudjetlarida; 13 turdagi soliqlar va yig'imlar Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjetida, viloyatlarning viloyat byudjetlarida, Toshkent shahrining shahar byudjetlarida; 4 turdagi soliqlar esa respublika byudjetida to'liq qoldirilmoqda. 3 ta mahalliy byudjetda (Navoiy, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida) jismoniy shaxslarning daromad solig'i va yuridik shaxslarning foyda solig'idan tushadigan daromadlarning bir qismi qoldirilayotgan bo'lsa, qolgan hududlarda ushbu soliqlardan daromadlar to'liq hajmda tegishli mahalliy byudjetga yo'naltirilmoqda.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tegishli darajadagi mahalliy byudjetlarga ajratiladigan soliqlar va boshqa turdagi daromadlar hamda byudjetlararo transfertlarni taqsimlashlari, yoki hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun daromadlarning prognozini oshirib bajarishdan olinadigan mablag'larning bir qismini tumanlar va shaharlar byudjetlariga yo'naltirishlari mumkin. Hududlarning iqtisodiy salohiyati, tabiiy shart-sharoitlari, mehnat resurslari turlicha bo'lganligi, tabiiy ravishda ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi tafovutlarni keltirib chiqaradi. O'z navbatida, bu mahalliy byudjetlar daromadlarining shakllanishiga bevosita ta'sir ko'rsatadi. Yuqorida sanab o'tgan omillar natijasida hududlar byudjetida shakllanadigan daromadlar miqdori ham turlichadir.
1-jadval
2017-2022 yillarda mahalliy byudjetlar daromadlari tarkibida hududlar byudjeti
daromadlarining salmog'i (foiz hisobida)1
№ Hududlar Yillar
2017 2018 2019 2020 2021 2022
1 Andijon viloyati 6,4 6,8 7,4 7,5 7,6 6,9
1 Muallif tomonidan tadqiqot natijalari asosida tuzilgan
2 Buxoro viloyati 7,3 7,2 6,0 6,9 6,4 6,7
3 Jizzax viloyati 2,9 3,9 4,1 3,5 3,8 4,2
4 Qashqadaryo viloyati 10,8 9,6 10,2 10,8 8,9 7,7
5 Navoiy viloyati 4,8 4,0 5,3 5,3 5,6 5,5
6 Namangan viloyati 5,2 5,6 5,9 6,4 6,4 6,5
7 Samarqand viloyati 8,0 8,4 8,6 7,3 8,6 9,0
8 Surxondaryo viloyati 5,0 5,6 6,0 5,3 5,8 5,7
9 Sirdaryo viloyati 2,8 3,1 3,1 2,3 2,6 2,5
10 Toshkent shahri 14,3 13,2 12,2 10,7 11,4 14,0
11 Toshkent viloyati 11,1 9,6 8,5 10,6 8,6 10,6
12 Farg'ona viloyati 10,9 11,4 8,0 10,9 9,7 10,4
13 Xorazm viloyati 4,5 4,8 4,8 4,2 4,7 5,0
14 Qoraqalpog'iston Respublikasi 5,8 7,0 9,8 8,4 9,9 5,3
Jami 100 100 100 100 100 100
Xususan, 2017-2022 yillarda hududlar mahalliy byudjetlarining jami daromadlari tarkibida Toshkent shahri (o'rtacha 12,6%), Qashqadaryo (o'rtacha 9,7%), Toshkent (o'rtacha 9,8%), Farg'ona (o'rtacha 10,2%), viloyatlari byudjetlari daromadlari boshqa hududlar daromadlariga nisbatan yuqori bo'lgan. Bunday holatni mazkur hududlarning iqtisodiy salohiyati yuqoriligi va sanoatining nisbatan rivojlanganligi, tadbirkorlik faoliyatining taraqqiyoti va hududiy infratuzilmaning yaxshiligi natijasida soliq to'lovchi yuridik va jismoniy shaxslar sonining boshqa hududlarga nisbatan ko'pligi bilan izohlandi.
2017-2022 yillarda ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash xarajatlarining mahalliy byudjetlar xarajatlaridagi salmog'i sezilarli darajada yuqori bo'lib, yillik o'rtacha 79,6 foizni tashkil qilgan (2-jadval). Bu esa mahalliy byudjetlar xarajatlari tarkibida ijtimoiy xarajatlarning ustuvorligi saqlanib qolingan holda 20172022 yillarda ushbu sohaga yo'naltirilgan mablag'lar miqdori yiliga o'rtacha 17603,1 mlrd. so'mni tashkil etgan. Bunday holat mahalliy byudjetlar mablag'lari hisobidan maorif, sog'liqni saqlash, madaniyat va sport, fan, aholining ehtiyojmand qatlamlariga ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to'lovlari faol moliyalashtirilayotganligini ko'rsatadi va aholini ijtimoiy himoya qilish nuqtai nazaridan ijobiy holat hisoblanadi.
Mahalliy byudjetlar xarajatlarining O'zbekiston hududlari bo'yicha tahlili shuni ko'rsatadiki, Andijon (yillik o'rtacha 8,3%), Qashqadaryo (yillik o'rtacha 8,5%), Samarqand 1 (yillik o'rtacha 10,1%), Toshkent (yillik o'rtacha 8,1%), Farg'ona (yillik o'rtacha 9,7%) viloyatlari va Toshkent shahri (yillik o'rtacha 9,9%) byudjetlari xarajatlarining mahalliy byudjetlar jami xarajatlari tarkibidagi ulushining yuqoriligi ushbu hududlarda aholi zichligi bilan birgalikda byudjet tashkilotlari, byudjetdan mablag' oluvchilar va davlat tomonidan ijtimoiy qo'llab-quvvatlanadigan aholi sonining boshqa hududlarga nisbatan yuqoriligi bilan izohlanadi.
2-jadval
2017-2022 yillarda mahalliy byudjetlar xarajatlarining tarkibi va miqdori (mlrd.
so'mda)2
№ Xarajatlar yo' nalishlari Yillar
2017 2018 2019 2020 2021 2022
1 Ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash xarajatlari 18600,0 18646,4 27837,3 40535,1 28182,0 36547,2
2 Iqtisodiyot xarajatlari 1294,8 1612,1 3189,8 4156,6 8937,8 11617,9
3 Markazlashgan investitsiya xarajatlarini moliyalashtirish 780,1 1474,4 2456,3 3054,3 4417,5 9793,8
4 Davlat boshqaruvi, adliya va prokuratura organlarini saqlash xarajatlari 273,1 591,8 1342,4 2588,8 3341,8 4278,3
5 O'zini o'zi boshqarish organlarini saqlash xarajatlari 459,1 498,6 603,5 701,1 817,7 1023,4
6 Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar zaxira jamg'armalari 37,0 137,5 320,0 450,3 970,9 611,5
7 Davlat qarzlariga xizmat ko 'rsatish va qoplash xarajatlari 4,3 27,4 16,7 86,2 89,2 58,8
8 Boshqa xarajatlar 54,9 101,0 269,9 477,3 433,9 1663,5
Jami 21503,2 23089,1 36035,8 52049,7 47190,8 65534,4
Mamlakatimizdagi har bir viloyat, tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanishi, iqtisodiy salohiyati, tabiiy iqlim shart-sharoitlari va demografik ko'rsatkichlari, geografik joylashuvi bir-biridan farq qiladi. Shundan kelib chiqib, hududlarning daromadlari va xarajatlari o'zaro mutanosib bo'lmasligi, tabiiydir. Masalan, ba'zi bir hududlarda aholi soni yuqori hamda tabiiy resurslari turlicha, ijtimoiy, ishlab chiqarish va bozor infratuzulmalarining rivojlanish darajasi ham farqlanadi. Shuning uchun mahalliy byudjetlar o'z daromadlari hisobidan xarajatlarini to'liq moliyalashtirish imkoniyatiga ega emas. Shu sababli mahalliy byudjetlarga yuqori turuvchi byudjetdan daromadlari va xarajatlari o'rtasidagi farqni qoplash maqsadida turli ko'rinishlardagi moliyaviy transfertlar ajratiladi. Chunki, Byudjet Kodeksining 142-moddasiga muvofiq, Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari balanslashtirilgan daromadlar va xarajatlarga ega bo'lishi lozim. Ta'kidlash o'rinliki, mamlakatimiz byudjet tizimida yuqori byudjetdan quyi byudjetlarga (ya'ni, respublika byudjetidan viloyat byudjetiga yoki viloyat byudjetidan tuman va shaharlar byudjetiga) trasfertlar 2020 yilga qadar ta'lim va tibbiyot muassasalari xodimlarining ish haqi va yagona ijtimoiy to'lovlarni to'lash maqsadida ajratilgan. Bunday transfertlar faqat shu maqsad yo'lida sarflanishi belgilanganligi bois ular maqsadli transfertlar deyilgan. Yuqorida ta'kidlanimizdek, 2020 yildan boshlab mamlakatimizda yangi byudjet tizimi joriy etildi, byudjet daromadlari va xarajatlari byudjet tizimi bo'g'inlari o'rtasida qayta taqsimlandi. Yangi tartibga ko'ra, endilikda quyi byudjetlarga maqsadli transfertlar emas, balki daromad va xarajatlari miqdorini
2 Muallif tomonidan tadqiqot natijalari asosida tuzilgan
muvozanatlash uchun tartibga soluvchi (daromad va xarajatlar miqdorini tenglashtiruvchi) transfertlar ajratilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, tegishli ma'muriy hudud (viloyat, tuman va shahar) ehtiyojlari uchun shakllantirilgan, me'yorlashtirilgan hamda qonuniy ravishda tasdiqlangan daromadlar va xarajatlarga ega pul jamg'armasiga mahalliy byudjet deyiladi. Mahalliy byudjetlardan tegishli ma'muriy hudud miqyosida respublika byudjetidan moliyalashtirilishi ko'zda tutilmagan ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa xarajatlar moliyalashtiriladi.
Mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini moliyaviy ta'minlash va qo'llabquvvatlashda mahalliy byudjetlar muhim o'rin egallaydi, shu sababli mahalliy byudjetlar mablag'larini shakllantirish va boshqarish shu hududda yashovchi aholi uchun ustuvor ahamiyatga ega. Mahalliy byudjetlar orqali yalpi hududiy mahsulot (YaHM) ning bir qismi hududning umumiy ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini qondirishga safarbar etiladi. Hududlardagi ishlab chiqarish, xizmat ko'rsatish sub'ektlarining faoliyati mahalliy byudjetlar orqali tartibga solinadi va boshqariladi. Mahalliy byudjetlarni samarali va oqilona boshqarish aholini ijtimoiy himoya qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qo'llab-quvvatlash asosida ular faoliyatini kengaytirish, ishlab chiqarish va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan bandligini oshirish, ijtimoiy, ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish va ko'rkamlashtirish, ijtimoiy xizmat ko'rsatuvchi davlat muassasalarini zamon talablariga mos moddiy texnika bazasi bilan ta'minlash va tegishli hudud iqtisodiyotini rivojlantirish imkonini beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Participatory Budgeting: Leaving No One Behind. Glasgow Disability Alliance, 2019. https://gda.scot/resources/participatory-glasgow-leaving-no-one-behind/
2. Decide.Madrid.es Online Participatory Budgeting, https://participedia.net/case/4365
3. Хайдаров Н.Х. Махдллий бюджетлар: муаммо ва инновацион ечимлар. Узбекистан статистика ахборотномаси" илмий электрон журнали. 2020
4. T.Malikov, N.Haydarov. Budjet daromadlari va xarajatlari. O 'quv qo 'llanma, Toshkent: "IQTISOD-MOLIYA, 2007
5. A.V.Vaxabov, Sh A.Tashmatov, N.X.Xaydarov. Moliyaviy savodxonlik asoslari: o'quv qo'llanma-Toshkent. Baktria Press. 2013
6. T.Malikov, N.Xaydarov. Davlat byudjeti. - T.:" IQTISOD-MOLIYA, 2007
7. Н.Хайдаров. Соликлар ва соликка тортиш масалалари. Тошкент: Академия, 2007
8. Н.Хайдаров. Давлат молиясини бошкариш. Т.:«Академия, 2005
9. Nizamiddin Khaydarov. INTERNATIONAL EXPERIENCE OF THE DEVELOPMENT OF TOURISM IN UZBEKISTAN. 2021
10. Н.Хайдаров. Иктисодиётни эркинлаштириш шароитида корхоналар инвестицион фаолиятидаги молия-солик муносабатларини такомиллаштириш масалалари. 2003
11. У.Уроков, И.Иргашев, О.Гайбуллаев. Фукаролар иштирокидаги махаллий бюджет. Baktria press, 2022
12. О.Гайбуллаев, У.Уроков. Узбекистон Республикасида бюджет тизими ва жараёни. Тошкент: Baktria press, 2016. -168 б.
13. Uchqun Yunusovich O'roqov, Nozimaxon Jahongir qizi Rahimova. INVESTITSIYALARNI JALB QILISHDA QULAY INVESTITSIYA MUHITINING AHAMIYATI. RESEARCH AND EDUCATION.2022
14. Urokov Uchkun Yunusovich, Toshmatova Rano Gaipovna, Sharapova Mashhura Azadovna, Ismailova Nasiba Komiljonovna, Isaev Husan Mansurovich. Matters of revenue generation and cost optimization while increasing the efficiency of the state budget. Journal of Hunan University (Natural Sciences). 2021/12
15. У.Ю. Уроков, К.Р.Чинкулов. Узбекистонда давлат харидларининг такомиллашувининг хукукий асослари. Халкаро молия ва хисоб» журнали. 2017
16. У Уроков. Махаллий бюджетлар мустакиллигини оширишга оид назарий карашлар. 2020
17. U Yu O'roqov, NM Anvarov. Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda byudjet-soliq siyosatining ahamiyati. BARQARORLIK VA YETAKCHI TADQIQOTLAR ONLAYN ILMIY JURNALI. 2022/6/30
18. У Уроков. Махаллий бюджетлар мустакиллигини оширишнинг устувор йуналишлари. Science and Education, 2022
19. У.Ю.Уроков. Махаллий бюджетлар шаффофлиги ва очиклигини таъминлашнинг устувор йуналишлари. Бизнес-Эксперт журнали, 2020 й. 4-сон.
20. U O'roqov, Zulayho Abdujobir qizi Tursunova. O'zbekistonda davlat tashqi qarzini samarali boshqarishda davlat qarziga xizmat ko'rsatish kafolat jamg'armasining o'rni. Science and Education. 2022/6/30
21. У Уроков. Мах,аллий бюджетлар мустакиллигини оширишнинг устувор йуналишлари. Science and Education" Scientific Journal/ISSN. 2022/6
22. У.Уроков. Газначилик тизимида бюджет маблагларидан самарали фойдаланиш масалалари. 2017
23. У.Уроков. Бюджет маблагларидан самарали фойдаланишни таъминлаш йуллари. 2017
24. У.Уроков. Узбекистонда давлат харидлари тизимини такомиллаштириш масалалари. 2014
25. Y.YpoKOB. MaxarnHH örog^eraap MycTaKHnnnrnHH omnpnmra oug Ha3apHH Kapamnap. 2020
26. Y.YpoKOB. MaxannHH örog^eraap mohhabhö öapKapopnnrHHH öenrnnoBHH KypcarKH^nap. 2020
27. Y.YpoKOB. Max,arnHH örog^eraap gapoMagnapHHH maKmaHTHpnmHHHr caMapann fiynnapn. 2017
28. Y.YpoKOB. MaxannHH örog^eraap gapoMag 6a3acHHH KeHraÖTHpnm Macananapn. 2019
29. Y.YpoKoB.MaxannHH örog^eraap MOHHABHÖ MycraKHnHrHHH omnpnmHHHr 3aMoHaBHH MyaMMonapn.2022
30. Y.YpoKoB, ^ YcKeHÖaeBa. Y3ÖeKHCTOHga Tamaööycnn örog^eTHH ^opHH этнmнннг TamKHHHH-xyKyKHH acocnapn. Science and Education, 2022
31. YnKyH YpoKoB. Ma^annHH örog^eraap MOHHABHÖ MycTaKHnnnrHHH omHpnmHHHr xyKyKHÖ acocnapn. Science and Education, 2023