Жамият ва инновациялар -Общество и инновации -Society and innovations
Journal home page: https://inscience.uz/index.php/socinov/index
Character and description of life in the works of Erkin Azam Nodira QOBULOVA1
Navoi State Pedagogical Institute
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Article history:
Received March 2021 Received in revised form 20 March 2021 Accepted 15 April 2021 Available online 20 May 2021
Keywords:
everyday life,
character,
image,
image,
drama,
hero,
spiritual world, system, melodrama, folk style.
This article discusses issues such as showing the meaning and influence of the plot of the work of the way of everyday life, family relations and communication, nationality and nationality. Based on the analysis, the author's comments explain the expression of everyday details that provide "weather" images of future events, actions, situations, the role of which is to ensure the viability of the characters' behavior.
2181-1415/© 2021 in Science LLC.
This is an open access article under the Attribution 4.0 International (CC BY 4.0) license (https://creativecommons.org/licenses/by/4.0/deed.ru)
Erkin A'zam asarlarida xarakter va maishiy hayot tasviri
ANNOTATSIYA
Kalit so'zlar:
maishiy hayot,
xarakter,
tasvir,
obraz,
drama,
qahramon,
ruhiy olam,
tuzum,
melodrama,
xalqona uslub.
Ushbu maqolada maishiy hayot tasvirining oilaviy munosabatlar va muloqotlar, xalqonalik va milliylikni namoyon etishdagi ahamiyati, asar syujetiga ta'siri kabi masalalar haqida so'z borgan. Muallif tomonidan berilgan izohlarda bo'lajak hodisa, harakat, holat tasvirlarining "ob-havo"sini ta'minlay-digan maishiy detallarning ifodasi personajlar xatti-harakatining hayotiyligi ta'minlashda o'rni tahlillar asosida yoritilgan.
1 PhD, lecturer, Navoi State Pedagogical Institute, Navoi, Uzbekistan. E-mail: [email protected].
Характер и описание жизни в работах Эркина Азама
АННОТАЦИЯ
Ключевые слова:
бытовая жизнь,
характер,
изображение,
образ,
драма,
герой,
духовный мир, строй, мелодрама, народный стиль.
В данной статье рассматриваются такие вопросы как показ значения и влияния сюжету произведения образа бытовой жизни, семейных отношений и общений, народности и национальности. В комментариях автора на основе анализа поясняется выражение повседневных деталей, обеспечивающих «погоду» образов будущих событий, действий, ситуаций, роль которых заключается в обеспечении жизнеспособности поведения персонажей.
Mumtoz adabiyotda qahramonning o'z nafsiga qarshi kurashi bosh masala hisoblanadi. Mumtoz adabiyotda bani insonga Odam Ato va Momo Havvoning farzandlari sifatida qaralardi. Sotsrealistik adabiyotda insoniyat ikki guruhga ajratildi: qizillar-oqlar, kambag'allar-boylar, biznikilar - begonalar. Shu bois zamonaviy adabiyot mumtoz adabiyot an'analaridan bir necha o'n yilliklar bebahra qoldi, poetik g'oyadan ko'ra mavzuning dolzarbligi muhim hisoblandi. Kollektivlashtirish, industirlashtirish, xotin-qizlar ozodligi, qo'riq-bo'z yerlarni o'zlashtirish, xalqlar do'stligi va sotsializm g'alabalarini mustahkamlash kabi o'nlab "o'tkir mavzu"lar har bir o'n yillikning go'yoki adabiy yo'nalishidek targ'ib qilindi, shularga muvofiq badiiy asarlar dunyoga keldi. Ijtimoiy masalar azaldan adabiyotning e'tiborida bo'lgan, biroq XX-asr adabiyotining nihoyatda ijtimoiylashuvi natijasida real insonning bo'y-basti ko'rinmay qoldi, ya'ni inson g'oyalarning xizmatkoriga aylantirildi. O'tgan asrning 60, qisman 70-yillarida ham adabiyotda ijtimoiylikning salmog'i yuqori edi, shuning uchun asarda qahramonning maishiy hayotiga joy topilishi qiyin edi. Bu faqat o'zbek adabiyoti uchungina emas, sho'ro adabiyotiga xos xususiyat edi. 60-yillardan e'tiboran Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov keyinchalik Shukur Xolmirzayevlar qahramonning to'laqonli qiyofasini aks ettirish uning maishiy hayoti ham muhim rol o'ynashini o'z asarlari bilan ko'rsatishga diqqat qarata boshladilar. 70-yillar nosirlari avlodi deya atalayotgan bir guruh ijodkorlar - M.M. Do'st, T. Murod, N. Qobul, X. Sultonov, E. A'zam, X. Do'stmuhammad va boshqalar ijodida qahramonning maishiy hayoti tasviriga alohida e'tibor qaratildi.
O'tgan asrning 80-yillarida adabiy tanqidchilik ana shu avlod nasri qahramonlarida kurashchanlik yetishmasligi haqida ancha fikr-mulohazalar bildirishdi. Erkin A'zam "Ildizidan uzilmay" maqolasida Odil Yoqubovning yoshlar nasriga doir bir mulohazasini misol keltiradi: "Odil aka yoshlarning izlanishlarini qizg'in quvvatlagan holda bir tilak bildirdilar: "Ular asarlarida ijtimoiy mazmun salmog'ini oshirishlarini istayman" Erkin A'zamlar avlodi nasrida qahramon hayoti va xarakterining maishiy hayot fonida ko'rsatilishi, unda ijtimoiy mazmun salmog'ining pasayishiga olib kelardi.
Bir necha o'n yilliklar davomida adabiyotga, eng avvalo, ijtimoy salmoq ustuvor bo'lishi zarur degan aqida ko'nikmaga aylangan edi. Qahramonning kurashchanlik pozitsiyasi ham shundan kelib chiqadigan hosila edi. Shu bois qahramonning maishiy hayot ikir-chikirlariga o'ralashib qolishi ko'pchilik adabiyot ahliga g'alati tuyulardi. Erkin A'zam bu holatga shunday izoh beradi: "Hayot haqidagi, adabiyot haqidagi tushunchalarimiz o'zgarib ketdi. Uch-to'rt yildayoq. Tanqidchi akalarimiz bizni chalg'itib kelishdi: GESni yoz, BAMni yoz, ulkan mavzularda yoz, fosh qil, ur! Insonni yozish rasm
emas edi. Mayda mavzu hisoblardi u. Endi ana shu mavzu bosh mavzuga aylandi." Bu bosh mavzu esa uning nafaqat ijtimoiy faoliyati bilan balki maishiy hayoti bilan o'zligini to'liq namoyon qiladi. Qahramonni maishiy hayot fonida ko'rsatish Erkin A'zamning "Javob", "Bayramdan boshqa kunlar" qissalarida atroflicha va keng tasvirlangan. Chunonchi, Nuriddin Elchiyevning boshiga og'ir sinov tushganda, uning bosib o'tgan hayot yo'li to'g'risidagi sarhisobi, eng avvalo, oila muhitini, xotini, farzandlari fe'l-atvori va yurish-turishlarini tahlil qilishida ko'rinadi. Elchiyevning bezorilar tomonidan do'pposlanishi, ya'ni jismoniy zarba olishi asarda uncha ham muhim masala emas balki inson -oila -jamiyat uchburchagini ko'rsatish asosiy maqsad. Uning do'pposlanishi ma'naviy olamini, ruhiy dunyosini ochish yo'lidagi bir vosita. "Bayramdan boshqa kunlar"da ham shunday holatni ko'ramiz. Biroq bu asarda yozuvchi "Javob" qissasidan ko'ra maishiy hayot tasviriga, uning qahramon xarakteriga ko'rsatadigan ta'siriga kengroq va batafsilroq yondashadi. Shunisi muhimki, Erkin A'zamning keyingi asarlari, ayniqsa, teatr, kino yo'nalishlariga moslab yozilgan "Suv yoqalab", "Qarzdor", "Jannat o'zi qaydadir" asarlari to'laligicha maishiy hayot manzaralaridan iborat epizodlarga bo'ysundirilgan. Bolta Mardon, Bahrom muallim, Domla kabi asosiy qahramonlarning iroda yo'nalishi, hayotiy aqidalari, dunyoqarashi, ma'naviy qiyofalari, oilaviy sharoitdagi munosabatlarda reallashadi. Bizningcha, teatr va kino san'atlari xususiyatlari hisobga olingan ushbu asarlarda maishiy hayot tasvirining yetakchi maqomga ko'tarilishida melodrama janrining ta'siri muhim rol o'ynagan.
"Melodrama" atamasi qo'shiq va musiqa bilan sintezlashgan drama ma'nosini anglatadi, bu demak, melodrama o'z tabiati bilan shakllariga yaqinligini bildiradi.
"Melodrama" tomoshabinlarning demokratik qarashlari bilan bog'liq janr, - deb yozadi rus adabiyotshunosi V.Frolov. - (Agar u yaxshi melodrama bo'lsa) xalqona, milliy xarakter belgilaridan o'sib chiqadi. O'z g'oyasiga ko'ra xalqona va qiziqarli bo'lgan bu janr oddiy insonni oilada, eng yaqinlari va qadrdonlari davrasida tasvirlar ekan, ularning quvonch va qayg'ularini, oilaviy munosabatlari va qarama-qarshiliklarini, ma'naviy-axloqiy muammolarini ifoda etadi."
"Suv yoqalab" asari peyzaj, manzara, monolog, ichki monolog, dialog, suhbat, tush tasviri kabi vositalar bilan ifoda etilgan o'ttiz olti epizoddan iborat. Avvalo, asarning milliy va xalqona ruhi xususida to'xtalamiz. Udumlarimizga ko'ra ko'pincha yoshi ma'lum joyga yetgach, deylik, nafaqa arafasida kishida namozxonlik istagi paydo bo'ladi. Ikkinchidan, yoshi ulug' kishi atrofdagilar uchun, mahalla-ko'y, el-yurt uchun nedir bir xayrli ishlar qilgisi keladi. Masalan, "Lolazor" romanida Nazar Yaxshiboyev yoshi bir joyga yetgach, o'zidan ko'rkam bir bog' qoldigisi keladi, bu ishga Saidqul Mardonni ham jalb etadi. Shunday istaklari bilan Bolta Mardon ham qishlog'ining quvrab yotgan bog'-rog'lariga suv olib kelmoqchi bo'ladi. Chunki, uning raislik davridan ko'nglida bir armon qolgan: qishlog'iga suv keltirishning ilojini qilolmagan. Uning ko'nglida yan bir armon qolgan: "yoshlikda bergan ko'ngil" armoni. Tut daraxti ana shu armonning ramzi. Asarda xalqonalik va milliylikni kuchaytirgan asoslar ana shular. Maishiy hayot tasviri, oilaviy munosabatlar va muloqotlar shu xalqonalik va milliylikni yanada chuqurlashtirgan, asar syujetiga o'zgacha jilo bergan. "Xalqona usulni uslub darajasida adabiyotga payvand etish, bu holni san'at maqomiga olib chiqish o'ta mushkul ish, - deb yozadi Sanobar To'laganova. - Bizning nazarimizda Erkin A'zam uslubidagi qon tomir ana shu xalqona usulni uslubga, tabiiy badiiyat hodisasiga aylantira olganligida ko'rinadi". Bizningcha, Bolta Mardonning suv yoqalab chiqishini uning o'lim oldidan el-yurt bilan so'nggi diydorlashuvi - vidolashuvi
desak to'g'riroq bo'lar. Shu asnoda u kimdandir duo oladi, kimgadir dalda, kimgadir maslahat, kimgadir o'git, kimgadir esa taskin beradi.
"Ertasi kuni.
Marhumni dafn etgan tobutkashlar ko'chani to'ldirib qaytmoqda.
Kechagi kundan bizga tanish-notanish ko'pchilik shu safda. Ana - mahmadana ta'ziyagir o'g'il; ana - otasi bemor yotgan "suv o'g'risi"; ana - bir soat ichida tug'ilgan Hasan bilan Husan; ana - birovlarga o'lim tilaydigan badnafs Bozor sariq; ana - gurungga ishqiboz chol, bekorchi tanbal Jumaqul, rashkchi xotinidan dakki yegan er...
O'rin Jaga to'dadan chetroqda - bir o'zi kelayotir. Mo'ylovsiz. Tanish qiyin. U dam-badam yengi bilan ko'z yoshlarini artib qo'yadi."
Ushbu epizodda ham xalqona udum siqiq jumlalarda o'zining yorqin ifodasini topgan: janozada gina-kudrat unutiladi, musibatli daqiqalarda yaxshi-yomon barcha birlashadi.
Erkin A'zamning ushbu asarini maishiy melodrama deb atash mumkin. Chunki syujet qamrab olingan o'ttiz olti epizodning aksariyatida bosh qahramon Bolta Mardon asosan oila a'zolari bilan muloqot-munosabatga kirishadi: Bolta Mardon va to'ng'ichi Amirning yurish-turishidan norozi bo'ladi, o'rtanchasi Qodirning qiliqlaridan ranjiydi, qizi Zulfiyaning holatiga achinadi, xotinidan ko'ngli to'lmaydi, kenjasi Botirga ko'ngil asrorini ishonib gapiradi va hokazo. Nazariy jihatdan melodramaning konflikti "sokin" to'qnashuvlarda namoyon bo'ladi. Lekin u oilada va jamiyatda shakllangan udumlar va ma'naviyat bilan, maishiy turmush fonida ochiladigan personajlar hayoti bilan chambarchas bog'liq bo'ladiki, biz "Suv yoqalab" misolida bunga ishonch hosil qilishimiz mumkin. Aytish joizki, Erkin A'zamning "Suv yoqalab", "Qarzdor", "Jannat o'zi qaydadir" asarlari o'zbek adabiyotida melodramaning janr xususiyatlari takomillashib bo'lganligini isbotlaydi.
Yozuvchining "Qarzdor" asari "UKA, TOG'A, AMAKI, JIYAN..."- atalgan ichki sarlavha bilan boshlanadi. Bu asarning syujeti ham "Suv yoqalab" asaridagi kabi bir qancha epizodlardan tarkib topgan. Birinchi epizodda "elakka chiqqan" ikki ayolning jonli va xalqona "mish-mishi"dan Baxromning Fayzixolga munosabati-yu, Fayzixolning oilaviy ahvoli oydinlashadi. Ikkinchi epizodda Bahrom shahardan kelgan shoir do'stini kutib oladi, uchinchi epizodda Bahromning oilaviy ahvoliga o'z tilidan xarakteristika beriladi:
" - Boboy yotib qoldilar-da. Qarashadigan odam yo'q. Aka o'zi bilan , apa o'zi bilan. Keyin - armiya, uylanish tashvishi. Bu yog'i ulanib ketdi-da, bo'lmadi."
To'rtinchi epizodda Bahrom muallimlik qiladigan sinfga ekskurs qilinadi. Qolgan epizodlarning barchasida Bahrom oilaviy hayot tashvishlari, yugur-yugurlari, uka, tog'a, amaki, jiyan va hokazolar bilan munosabatlar doirasida tasvirlanadi. Shu bois bu epizodlarda maishiy hayot manzaralari xalqona talqinda tasvirlanadi. "Qarzdor" nasr shaklida yozilgan, biroq uni dramatik shaklga solish yo ko'chirish uncha qiyinchilik tug'dirmaydi, chunki unda savol-javob, dialog xususiyatlari kuchli. Shunday ekan, mazkur asarni ham bemalol maishiy melodrama deyishga asosimiz bor. Asli asarlarning janrini belgilaganda ayrimlarining shakl elementlari, ba'zilarining ichki nafasi asos qilib olinadi. Shularni inobatga olib, "Qarzdor"ning nasriy ifodasi tufayli uni melodrama atamaslik, to'g'ri emas. Erkin A'zamning mazkur asarlarini hozirgacha melodrama atalmasligining boshqa bir sabablari ham mavjud. Jumladan, o'zbek tilida nashr etilgan nazariy darslik va qo'llanmalarda odatda faqatgina uchta janr to'g'risida ma'lumot beriladi: drama, tragediya, komediya. Tragikomediya va melodramani ham shu qatorga kiritish hamda ularning ilmiy-
nazariy asoslarini tadqiq etish zarur. Abduqahhor Ibrohimov, Sharof Boshbekov, Erkin A'zamlarning xizmati tufayli bizda ham tragikomediya, melodrama janrlarining ajoyib namunalari yaratildi.
"Qarzdor"da bozor iqtisodiyotiga o'tish davridagi bir oila shajarasining moddiy jihatdan nochor ahvoli hikoya qilinadi. Shunday iqtisodiy tanqis kunlarda asar qahramoni ro'zg'orini butlash uchun o'qituvchiligidan tashqari kirakashlik qiladi, biroq onasining, akasining, boshqa qarindoshlarining oilaviy muammolarini hal qilish ham asar qahramoni - Bahromning chekiga tushaveradi. O'lmas opasining eri ro'zg'orini taqdir izmiga tashlab, choyxonada ulfatchilikdan ortmaydi, akasi Rossiyaga mardikorlikka ketib, o'sha yoqda bir ayolga ilakishadiyu, bola-chaqasini unutadi, bu yoqda kasalmand Amma, jiyanni shaxmat olimpiadasiga jo'natish ham Bahromning zimmasida... Shoir aytganidek, "Birovlarning g'amdan egik boshini silayverib", Bahrom holdan toyadi va oxir-oqibat "portlaydi":
"Bahrom battar alanga oladi:
- Boshqa joy qurib qolganmi bu dunyoda?! Pad-dariga la'nat! kelib-kelib butun urug'-aymoq bir mahallaga tiqilgan: opa-uka, amma-xola, amaki-chumaki! Jonga tegdi hammasi! Qochiblar ketsang-da bosh olib! Akam to'g'ri qiladi kelmay! Yashasin Bahriddin!
- Shukur qil, bolam! Asta'furillo de!
- Pad-dariga la'nat! Xuddiki baridan qarzdorsan, qarzdor!"
"Qarzdor" hajman ixcham asar. Uni bemalol 30-40 minutlarda o'qib chiqish mumkin. Biroq unda bir tuzumdan ikkinchi bir tuzumga o'tishdek qaltis vaziyatdagi oila va jamiyatning ruhiy iztiroblari, psixologiyasi, mentaliteti, turmush tarzi o'zining real va hayotiy badiiy ifodasini topgan.
"Adirlar bag'ridan o'tgan katta yo'l bo'yidagi chorraha. Nazorat posti: ola-bula shlagbaum, ola-bula budka, rezina g'ildirakka o'rnatilgan vagon va hokazo.
Beriroqda, yosh-yosh tollar tagida omonat oshxona: yengil stol-stul, yo'lovchi xo'randalar. Atrofda, oftobning tig'ida gazetadan boshiga soyabon-qalpoq yasab olgan "tadbirkor" xotin-xalaj har turli yegulik sotib o'tiribdi: suyuq osh, ayron, qatiq-suzma, tog' giyohlari, olmayu nashvati."
Bu shunchaki qishloq hayotining oddiygina manzarasi emas. Ushbu manzara mustaqillikdan keying salkam yigirma yillik voqelikning hayotiy tasvirini akslantirib turibdi. Yuqorida eslab o'tilganidek, bir tuzumdan boshqasiga o'tish davrida nochor turmush tarzi, qishloq ahlining maishiy tirikchiligi, umuman aytganda davr ruhi o'zligini ko'rsatib turibdi. Bugunki kunda ham bunday manzaralar onda-sonda uchrab turadi, lekin to'qsoninchi, ikki minginchi yillarning avvalidagidek tipik holat emas, harholda bunday soyabonli "oshxonalar" o'rnida bugun shinam va rosmana choyxonalar qad ko'targan.
"Jannat o'zi qaydadir" asarining janri "dramatik asar" deya belgilangan. Nazarimizda, bu atama janrdan ko'ra adabiy tur ma'nosini ifoda etyapti, go'yoki, "nasriy asar" degandek. Oilaviy bahs-munozara, "sokin" konflikt, maishiy masalarga doir tortishuvlar, milliy va xalqona udumlarga amerikacha turmush tarzining qarshi qo'yilganligi asar syujetining tarkibiy qismlarini tayin etayotganligini hamda unda musiqiylikning maqomi ham yuqoriligini e'tiborga oladigan bo'lsak, unda asar janrini melodrama atashimizga to'g'ri keladi. Boisi asar bizning ko'nikmamizdagi drama, komediya yoki tragediya talablariga muvofiq kelmaydi.
Yozuvchi bir oiladagi bahs bahonasida personajlarini o'zbekcha, amerikacha, ruscha dunyoqarashlar uchburchagiga joylashtiradi. Xonim butun oilani amerikacha hayot tarziga tayyorlamoqchi, Domla ikkilanaverib, oxiri O'zbekistonga qolishni ma'qul topadi - ya'ni,
milliy urf-odat, vatan tuyg'usi va'da qilinayotgan "jannatmakon hayot" ustidan g'olib keladi. Bu bahsda Moskvadan sharqshunos bo'lib qaytgan qizlari Klara otasi tomonga o'tadi. Garchi Klara Rossiyada o'qib, rus yigitga turmushga chiqqan bo'lsada, ota-ona bilan ko'pincha rus yoki fors tilida gaplashsada, undagi milliy g'urur, milliy madaniyat oxir-oqibat o'zligini ko'rsatadi.
Muallif tomonidan berilgan izohlarda bo'lajak hodisa, harakat, holat tasvirlarining "ob-havo"sini ta'minlaydigan maishiy detallar: uy-ro'zg'or jihozlari, oshxonada ishlatiladigan buyumlar, kundalik turmushda har doim zarur bo'ladigan narsalar -anjomlar ifodasi quyuq qo'llaniladi va shular vositasida personajlar xatti-harakatining hayotiyligi ta'minlanadi. Jumladan, "Jannat o'zi qaydadir"ning muqaddimasi muallifning quyidagi izohi bilan boshlanadi:
"Sahnaning parda oldidagi xilvat burchagi. Yengil halinchak-kursiga yastanib olgan X o n i m, burnining uchida jimjimador ko'zoynak, qo'lida kalkulyator, allanimani hisoblamoqda. Oyog'ining tagida sandiqdek keladigan bahaybat jomadon. Undan olingan kiyim-kechak, lash-lushlar yemak stolining ustida uyilib yotibdi."
Asarning boshidayoq adib o'quvchi yo tomoshabinni kundalik ehtiyoj buyumlarining, kiyim-kechaklarning uyumiga ro'baro' qiladi. "Yengil halinchak-kursi", "jimjimador ko'zoynak", "kalkulyator", "bahaybat jomadon", "kiyim-kechak", "lash-lush", "yemak stoli" - bularning bari, avvalo, o'quvchi qiziqishini orttirsa, ikkinchidan epizodning umumiy ruhiga kirish uchun kalit vazifasini bajaradi. Shundan so'ng Xonimning ichki monologi keladi. Bu ichki monologda ham maishiy jihozlar vositasida xarakterning kasbi-kori, dunyoqarashi, psixologiyasi, fe'l-atvori bor bo'y-basti bilan gavdalanadi.
Xullas, ijodkor har bir qahramonini uning ijtimoiy kelib chiqishi, kasb-kori, o'rganib qolgan odatlari maqsad-intilishlari nuqtayi nazaridan so'zlatar ekan, ularning individual qiyofalari bilan birga ruhiy olami, ma'naviy dunyosi ko'zga tashlana borishiga alohida e'tibor qaratadi. Shu jihatdan Rahmatulloh Jiydaliy, Tursuniy, Klara obrazlari o'zlarining original xarakterlari, yurish-turishlari, hayotiy intilish va qarashlari bilan alohida ajralib turadi. Domla, Xonim obrazlari qatori bu obrazlarning asosiy sifat va fazilatlari, kamchilik va qusurlari, ma'naviy darajalari maishiy hayot fonida ochiladi. Yozuvchi bu xarakterlar oldiga katta ijtimoiy masalalar yoki g'oyaviy kurashchanlik vazifasini qo'ymaydi, balki ularni kundalik turmush fonida jonli ko'rsatishni maqsad qiladi va bunga muvaffaqiyatli erisha oladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI:
1. A'zam Erkin. Ertalabki xayollar. T.: "O'zbekiston" 2015. - B. 230.
2. Фролов В. Судьбы жанров драматургии. Москва: «Советский писатель», 1979. - С. 365.
3. "Erkin A'zam badiiy olami": / S. To'laganova. Yozuvchi ijodida ko'ngil inqilobi. To'plam. - T.: "Turon zamin ziyo" nashriyoti. 2014. - B. 71.
4. A'zam E. Jannat o'zi qaydadir: Hikoyalar, kinoqissalar, dramatik asar va publisistik miniatyuralar. - T.: "Sharq", 2007. - B. 94.
5. A'zam E. Tanho qayiq: Kinoqissalar. - T.: "Sharq", 2017. - B. 88.