BUXORO VOHASIDA YASHAB KELGAN TURKMANLAR HAYOTIDA
CHORVACHILIKNING O'RNI
Anvar Ismoilovich To'rayev
Buxoro davlat universiteti Jahon tarixi kafedrasi o'qituvchisi
ANNOTATSIYA
Buxoro aholisi etnik tarkibida turkmanlarning salmog'i ko'p bo'lib, ularning turmush hayotida dehqonchilik bilan birga etakchi tarmoqni chorvachilik ham tashqil qilgan. Ko'chib kelib joylashgan joylarini obod qilib, ushbu yerlarga chorva mollarining yemishi uchun o't ekganlar. Turkman chorvadorlari tajribali bo'lib, chorva mollarini qahraton qishda ham jazirama issiqdan ham eson-omon olib chiqganlar. Hozirda ham aksariyat turkman xonadonlarida chorva mollari saqlanib kelinmoqda. Turkmanlar nazlidan qo'y yoki qoramol saqlash shu xonadonning risq kaliti deb bilganlar.
Kalit so'zlar: Buxoro vohasi, Turkman, chorvachilik, dehqonchilik, cho'l, yaylov, xo'jalik, Amudaryo, G'uzor-Karmana, Qoroul-bozor, ersari, sariq, solor, Qarshi Qo'rg'on tepa, Xiva, Zakaspiy.
THE ROLE OF ANIMAL HUSBANDRY IN THE LIFE OF TURKMEN IN THE
BUKHARA OAK
Anvar Ismoilovich Turaev
Lecturer at the Department of World History, Bukhara State University
ABSTRACT
The ethnic composition of the population of Bukhara is largely Turkmen, and in their life, along with agriculture, the leading sector was animal husbandry. They rehabilitated their settlements and planted grass to feed their livestock. Turkmen herders are experienced and have been able to take their livestock out of the harsh winter and heat. Even today, most Turkmen households keep livestock. In the eyes of the Turkmen, keeping sheep or cattle was considered to be the key to the house's risk.
Keywords: Bukhara oasis, Turkmen, livestock, agriculture, desert, pasture, farm, Amudarya, Guzar-Karmana, Karaul-bazaar, ersari, yellow, solor, Karshi Kurgan hill, Khiva, Transcaspian.
KIRISH
Dunyodagi ko'plab xalqlarning turmush tarzi va tirikchilik manbaini belgilovchi asosiy mehnat turlaridan biri chorvachilik hisoblanadi. O'rta Osiyodagi xalqlar turmushida yo dehqonchilik yoki chorvachilik ustuvor yo'nalish bo'lib kelgan. Ko'p
hollarda yuqoridagi ikki xo'jalik tarmog'ini bir vaqtning o'zida oila a'zolari tirikcilik manbai, yoki mehnat kuchi sifatida ham keng foydalanib kelganlar. Chorvachilik an'anaviy xo'jalik mashg'ulotlarining eng qadimiy ko'rinishlaridan biri bo'lib, insoniyat tarixining ilk davrlaridan boshlab, ko'proq parvarish qilishga, nasldorlik chorva zotlarini yaxshilash uchun chatishtirishga e'tibor qaratilgan. Inson vaqtini ko'proq uy hayvonlarini parvarish qilishga sarflashi asta-sekin bitta xo'jalik turi ya'ni chorvachilik bilan band bo'lishga olib keladi.
ADABIYOTLAR TAHLILI, MUHOKAMA VA NATIJALAR
Chorvachilik inson uchun daromad keltiruvchi soha bo'lishi bilan birga o'ziga yarasha mashaqqati, qiyinchiligi, yo'qotishlari, cho'l va yaylovlarning qurg'oqchiligi cho'pon uchun tashvish keltiradi. Shu o'rinda:
Chorva-chorvaning ketidan yetti yilda yetar, Dehqon-dehqonning izida bir yilda[3,233].
Darhaqiqat, cho'pon chorvani ortidan issiqni-issiq demay, sovuqni-sovuq demasdan kechayu-kunduz yuradi, hattoki kezi kelganda chorvani yirtqich hayvonlardan asrab, qo'ylarning sog'lig'ini saqlashni eng muhim ustuvor vazifalardan deb biladilar.
Tarixdan ma'limki, har bir millat xo'jalikdagi etakchi tarmoq dehqonchilik yoki chorvachilik bilan shug'ullanishi albatta yashab turgan hududning tabiiy- tarixiy joylashuvi, iqlimi, unumdor tuprog'i, suv manbalariga bog'liq. Xo'jalikning asosini chorvachilik tashkil qilgan xalqlardan biri turkmanlardir. Turkmanlar azaldan yarim ko'chmanchi holda yashab, chorva mollarini boqish uchun har doim qulay makon izl ab, tabiat injiqliklariga dosh berib, suruvlarini ko'paytirish borasida bosh qotirganlar. Buxoro amirligi hududlariga ko'chib kelgan turkmanlarning ota kasbi asosan chorvachilik bo'lganligi sababli, ular o'troq turmush tarzida yashayotgan mahalliy aholi-o'zbeklarning kundalik hayotiga ko'nikishlari bir muncha qiyin kechgan. Vaqt o'tishi bilan mahalliy aholi mashg'uloti bo'lmish dehqonchilik daromad keltiruvchi soha bo'lganligi qolaversa, chorvachilik bilan bir vaqtga dehqonchilik qilish uchun ham qulay shart-sharoit bo'lganligi sababli turkmanlar yerga ekin ekib ola boshlaydilar.
Amudaryo yaqinidagi cho'l hududlarida turli xil to'zon ko'tariladigan qumlar bo'lib, bu yerlarda o'simliklar juda kam, ular asosan yomg'ir suvlari to'plangan joylarda erta bahorda va kuzda qisqa davrda paydo bo'ladi [5,88].
Demak, turkman chorvadorlari yuqorida ko'rsatilgan yerlarda chorvasini boqish uchun noqulayliklar bo'lganligi (qurg'oqchilik va etarli ozuqa bo'lmaganligi ) sababli, erta bahorda chorva mollarini o't-o'lanlar ko'p, suv serob bo'lgan joylarga olib borganlar. Turkmanlarning doimiy yashab kelgan zaminiga yoki dastlabki, Buxoro vohasiga ko'chib o'rnashib olgan joylarilariga e'tibor beradigan bo'lsak, ular keng dalalalarni va suv mo'l-ko'l bo'lgan joylarni tanlab tirikchilik qilishgan.
Turkmanlar chorva mollarini boqish uchun qulay bo'lgan yaylovlari Amudaryo yoqalarida bo'lib, bu yerda mollar uchun suv bilan taminlangan, shuningdek, G'uzor-Karmana va Qoroul-bozor hududlardagi tog' yonbag'irlarda ham qo'ylar boqilgan. Shuningdek, yaxshi mollar boqiladigan maydonlar Nurota shahri va Nurota tog' etaklarida bo'lgan. Bu chorva mollari boqiladigan yaylovlar faqat O'zbekiston SSR cho'ponlarigina emas, Turkmoniston SSR cho'ponlari ham foydalanganlar[6,88].
Yuqoridagi hududlar aholisining etnik tarkibiga e'tibor qaratadigan bo'lsak, hozirda ham aholining asosiy salmog'ini turkmanlar tashkil qiladi. Bu bejizdan emas albatta, chunki, turkmanlarning dastlab yashab kelgan hududi ham yoki ko'chib o'tgan manzillari ham ushbu yerlar desak xato bo'lmaydi.
Amudaryoga tutash hududlarda, g'arbiy va janubiy-g'arbiy amirlik hududlarida ersari, sariq, solor va boshqa turkman qabillari yashab, asosan ko'chmanchi chorvachilik bilan shug'ullangan[4,126]. Daryo bo'yidagi turkmanlar deb yuritilib, Buxoro amirligiga qarashli hududlar Oksning chap qirg'og'ida Chorjo'ydan Balxga qadar istiqomat qilgan. Qaradaryoning o'ng qirg'oq yaqinida ham turkmanlarning ersari qabilalari chodirlar yasab, chovachilik va dehqonchilik bilan kun kechirganlar [9,295].
Buxoro viloyati Kogon tumanidagi Oqchamamat qishlog'ida olib borilgan dala tadqiqotlarida shunga amin bo'ldikki, bu hududga Muborakdan chorvachilik bilan shug'illanib kelgan turkman ko'chib kelganlar. Muborakda yaylovlar ko'p bo'lgani bois turkman chorvadorlari dastlab shu yerni o'zlariga makon qilib olganlar. 1942 yilda bu yerlar chakalakzorliklardan iborat bo'lgan va turkman chorvadorlari uchun qo'y va mollarni boqish uchun qulay manzil bo'lganligi uchun Muborakdan bu yerga ko'chib kelganlar,-deb ma'lumot beradi 1957 yilda tug'ilgan Xudayberdiyev Quvondiq aka. Turkmanlar ko'chib o'rnashgan joylarini "Turkmanovul" deb nom berganlar. Vaqt o'tishi bilan xalq orasida "Turkmanovul", "Turkmano'g'li" deb atalib kelingan. Hozir ham shu nom bilan yuritiladi[1].
Ko'chib kelgan tukmanlar mehnatsevar bo'lib, vaqt o'tishi bilan chakalakzorlarni tozalab, yerlar ochib, chorvachilik bilan birga dehqonchilikda ham katta yutuqlarga erishib kelganlar. Hozir ham bu yerdagi turkman aholisi dehqonchilikda poliz ekinlarini etishtirish bilan birga chorva mollari va parrandalar boqib kelmoqdalar.
Axborotchi Xudayberdiyev Quvondiq aytishicha bobolari cho'pon bo'lganligi uchun chovachilikga doir sir-asrorlardan xabardor bo'lib, hozirda ham chorvani ko'paytirish, urchitich, qirqim mavsumida qo'y va echkilarni junini qirqib kelayotganliklarini aytdilar. Ota bobolarimiz qo'ylarni chorvadorlar tili bilan qorako'l, sur, sherozi va qora deb aytib kelingan qo'y turlarini boqib kelganlar. Sur malla qo'y bo'lib, eng qimmati va xaridorgiri ham shu qo'y turi bo'lgan. Surning antiqa nomli turi ham bo'lib, qo'ylar kamdan-kam holda bunday turni dunyoga keltirgan. Sherozi qo'ylarining rangi ko'k, qora qo'ylar esa gullariga qarab farqlanadi. Asosan hozirda uy sharoitida chorva mollari boqilib, qo'ylarning hisori, qozoqi, arabi turlarini parvarish
qilib kelmoqda. Oldin faqat qarako'l qo'ylarini boqganlar. Chunki bu turdagi qo'ylar o'zining chidamliligi, sovuq va issiqga bardoshliligi, har xil kasaliklarni o'ziga yuqtirmasligi, cho'l va yaylovlardagi o't-o'lanlarni topa olishi bilan boshqa turdagi qo'lardan ajralib turgan deb ma'lumot beradilar[2].
Aholining chorvachilik bilan mashg'ul bo'lishi ikkinchi xo'jalik turi hunarmandchilikni aniqroq qilib aytadigan bo'lsak, telpakdo'zlik, po'stindo'zlik, qo'y va echki junigan esa gilam to'qish aholining asosiy kasbiga aylangan. Gilamlarga har xil rang berishda mahaliy o'tlar, meva yoki meva po'stlaridan keng foydalanganlar. Ko'p hollarda gilamlarni bo'yashda Qashqadaryoning Denov degan joyidan rang olib kelganlar. Hattoki bundan ikki-uch yil oldin ham "Oqchamamat" qishloqdagi turkman ayollari va qizlari gilam to'qib o'z ehtiyojlaridan ortiqchasini bozorlarga olib borib sotib kelganlar. Tadqiqotlarimizda turkman xonadon vakillarining uylarida gilam sexlari bo'lganligini guvohi bo'ldik.
Buxoro amirligi hududidagi o'zbeklar, turkmanlar, qirg'izlar uchun yilqichilik (ot) eng sevimli mashg'ulotlardan biri bo'lgan. O'z davrida afsonaviy otlar xalq ijodida, doston va rivoyatlarida, shoir va baxshilar tilida kuylangan. Otlarni minish, aravaga qo'shish hamda yuk tashish uchun parvarish qilingan. Amirlikda otlarning katta qismi o'zining yuqori sifati bilan ajralib turmaganligi, tez harakat qila olmaganligi uchun ham o'z egalarining talablarini to'liq qondiraolmagan. Shu boisdan ham yilqichilikka katta e'tibor qaratilib, toza qonli nasldor otlarni ko'paytirishga juda jiddiy kirishganlar. Aholi mahalliy hasl otlariga Aleksandr Makedoniskiyning oti Butsefal avlodi deb qarasada, boshqa tamondan Muhammad Alining jiyani mingan afsonaviy dul-dul ot avlodlaridan deb hisoblaganlar. Tan olib aytish keraki, yilqichilar otning naslini yaxshilashda arab va turkman otlari qoni qo'shilgan otlarni ko'paytirishga harakat qilganlar [7,125].
Buxoro amirligida otlarni soni va ko'lami jiyatidan Xiva xonligi va Qo'qon xonligidagi otlardan birmuncha kamroq bo'lsada, otlarni parvarish qilish, ulardan yaxshi nasil olishga alohida e'ribor qaratib kelganlar. Turkman oltlariga har doim ham talab yuqori bo'lgan.
Tarixchi, adib Sadriddin Ayniyning yozishicha, tajribali chopqinchilar Hirot tomonga borayotganda har ikki-uch soatlik yo'lda, ma'lum bir yerga qo'yning quyrug'ini (qo'yning dumba yog'i-T.A.) ko'mib ketganlar. Ularning tajribasiga ko'ra quyruq yog'i otlatni suvsizlikgan va ich kuyishidan saqlar ekan. Shunday safarlarni ko'rgan turkman otlari ham o'zlarini halokatdan qutqazadigan narsaning qayerga ko'milganini payqaganlar va otlar u yerga qarab yugurgan[10,26].
Darhaqiqat turkman otlari o'zining salobati, ko'rkamligi, topqirligi bilan boshqa otlardan ajralib turgan. Shundan bo'lsa kerak turkman otlarining narxi bozorlarda har doim ham yuqori turgan, xaridorlar qimmat bo'lishiga qaramasdan bunday otalrni qo'lga kiritish ilinjida bo'lganlar.
Buxoro amirlgida otlar quydagi nasllardan iborat bo'lgan:
1. Qora bayr oti chopqirligi, chiroyi va charchamasligi bilan ajralib turgan.
2. Turkman otlari qaddi baland, oyoqlari quruq va uzun, orqa qismi katta, dumi chiroyli, boshida qashqasi bo'lmagan (kam hollardaginna qashqa bilan tug'ilgan), bo'yi 3-5 (0,7 mm) vershkgacha bo'lgan. Ular mahalliy zot bo'lib, bu otlarning dastlabki vatanlari Xiva va Zakaspiy hududlari bo'lgan, u yerlardan Buxoro vohasiga kirib kelgan. Bunday nasldagi otlar Amudaryo kengliklarida, Qarshi va Qo'rg'on tepa bekliklarida ko'p uchraydi.
Mahalliy turkman otlari odatiy qadam tashlashi, tuyoqlari kattaligi, tez yugirishi, bir-necha kilometr masofani bosib o'tsa ham tezda charchamaslik sifatlari bilan boshqa otlardan ajralib turgan.
Buxoro amirligi tasarufidagi hududlarda taxminan quydagicha otlar bo'lgan:
1. Buxoro va hisorda -80 ming
2. Turkmanlarda -30 ming
3. Qirg'iz otlari -200 ming
4. Buxoroning tog' hududlardagi otlar -20 ming bo'lib, hammasini qo'shganda 330 minga yaqin bo'lgan.
Buxora amirligi bozorlarida Buxoro zotli otlarning narxi 75 rubldan150 rublgacha, Qirg'iz otlari 30 rubldan 50 rublgacha, Turkman otlarining narxi 120 va 200 rublgacha sotilgan[8,126-127].
XULOSA
Demak, Buxoro vohasida yashab kelgan turkmanlar dastlab xo'jalikda chovachilikni ustuvor yo'nalish deb bilib, chorva mollarini ko'paytirish tirikchilik manbai qolaversa daromad keltiruvchi soha deb bilganlar. Turkman cho'ponlari cho'l va yaylovlarda qo'y, qora mollarni boqish bilan bir vaqtda yilqichilik bilan ham shug'ullanganlar. Qo'ylar uyda bo'rdoqiga boqilgan, so'ngra so'yilib po'stirma qilingan, kalla sho'rva tayorlab, qo'ni- qo'shnilar chaqirilgan. Turkmanlarda shunday odat bo'lganki, kimning uyida chorva so'yilsa o'sha yerga qo'shnilar chaqirilgan. Bundan ko'zlangan maqsad, shart-sharoiti etarli bo'lmagan, uyida har doim ham g'o'sht iste'mol qila olmagan kishilarni iligini to'ldirish bo'lgan. Shundan bo'lsa kerak, Buxorodagi turkmanlarni mehmondo'st, qo'li ochiq, bir-birlarini qo'llab-quvvatlashlari haqida mahalliy aholi o'zbeklar ta'kidlab o'tadilar.
REFERENCES
1. Dala yozuvlari. Buxoro viloyati Kogon tumoni Oqchamamat qishlogi. 2021 yil.
2. Dala yozuvlari. Buxoro viloyati Kogon tumoni Oqchamamat qishlogi. 2021 yil.
3. !^yMaHa3ap KYP^OHHH. TypKMaH xanK goHHrnMaHgnnra. T.: "Y36eKHCTOH", 2018. -E.325.
4. Иванов П.П. Очерки по истории Средней Азии (XVI-серидина XIX в). Москва. 1958. -С. 234
5. Карп Б.Б., Суелова И.Е. Сорвеменный кишлак Средней Азии (Социально -экономический очерк). Т.: 1927. -C.142
6. Карп Б.Б., Суелова И.Е. Сорвеменный кишлак Средней Азии (Социально -экономический очерк). Т.: 1927. -C.142
7. Логофеть Д.Н. Бухарское ханство. Том II. Бухоро. 1911. -С. 350
8. Логофеть Д.Н. Бухарское ханство. Том II. Бухоро. 1911. -С. 350
9. THE EMIR OF BOKHARA AND HIS COUNTRY (With a chapter on my voyace of the amu darya to khiva). London "William heinemann", 1911.-B. 619
10. Садриддин Айний. Куллар рамани. Т.: "Бадиий адабиёт нашрёти", 1964. -Б. 472.
11. Ochilov Alisher. "The Role of Zamanbaba Culture in The Social and Economic History of Bukhara Oasis During Bronze Age." CENTRAL ASIAN JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND HISTORY 2.4 (2021): 42-47.
12. OCHILOV, Alisher. "JEWELRYC TRADITION IS A SOURCE OF STUDY OF BUKHARA HISTORY." Bayterek Uluslararasi Akademik Ara§tirmalar Dergisi 1.1: 105-116.
13. Ochilov, A. T. "DATING OF THE ZAMANBABA CULTURE: ASED ON ARCHAEOLOGICAL SOURCES." Theoretical & Applied Science 12 (2019): 589591.
14. Очилов, Алишер Тулис Угли. "БУХОРО ВОДАСИ ШАКЛЛАНИШИДА ЗАРАФШОН ДАРЁСИНИНГ УРНИ ВА ВОДА ТАРИХИЙ ГЕОГРАФИЯСИГА ДОИР АЙРИМ МУЛОХДЗАЛАР." Scientific progress 1.6 (2021): 933-938.