BOSHLANG'ICH SINFLARDA UNLI VA UNDOSH TOVUSHLARNI O'RGATISHNING O'ZIGA XOSLIGI
Cho'tboyeva Xabiba Amin qizi
Termiz Davlat Pedagogika instituti Boshlang'ich ta'lim yo'nalishi 21-05- guruh talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.7359501
Annotatsiya: Ushbu maqolada Boshlang'ich sinflarda tovushlar, unli va undosh tovushlar va ularning farqini tushuntirish bo'yicha fikr-mulohazalar keltirildi. Tovushlarning farqli tomonlari, bir unli yoki bir undosh bilan farqlanadigan so'zlar, har xil lug'aviy ma'nosini ifodalaydigan so'zlar haqida fikr mulahazalar keltirildi.
Kalit so'zlar: Tovush, unli, undosh, tallaffuz, harf, jarangli, jarangsiz.
O'quvchilarga savod o'rgatish kelajak avlod hayotida muhim ahamiyatga ega jarayondir. O'quvchilarning savodi asosan "Alifbe" darsligi asosida amalga oshiriladi. Maktabda o'qish va yozish "Alifbe"ga asoslangan holda 2-sentyabrdan 1-yanvargacha davom etadi. Bu davrda o'qish va yozuv o'rgatiladi. So'ngra o'qish va yozish takomillashtiriladi. Ana shunday muhim jarayon uchun "Alifbe" darsligi asos bo'ladi. Boshlang'ich sinf o'qituvchilari shuni unutmasliklari kerakki, kelajagimiz poydevori bilim dargohlarida yaratiladi, xalqimizning ertangi kuni qanday bo'lishi farzandlarimizning bugun qanday ta'lim va tarbiya olishiga bog'liq. Buning uchun har bir ota-ona, ustoz va murbbiylar har bir bolaning kelajagi uchun mas'uldirlar. Har bolaga ta'lim va tarbiya ishini uyg'un holda olib borilishi kerak.
Kichik yoshdagi bolalar uchun tovush murakkab tushuncha bo'lgani uchun boshlang'ich sinflarda unga ta'rif berilmaydi. Shunga qaramay, bolalarda tovush haqida to'g'ri ilmiy tasavvur amaliy mashqlar yordamida hosil qilinadi. Bunda yetakchi usul so'zdagi tovushlarning talaffuzi va tovushlarning tarkibiga bog'liqligini kuzatish hisoblanadi. Tovush haqidagi tasavvurni o'quvchilarda bir unli yoki bir undosh bilan farqlanadigan sodda so'zlar bilan shakllantirish mumkin. Masalan: aka,
uka, opa, ona, ota, kul, gul, qora, qara kabi so'zlar boshlang'ich sinf o'quvchilarida tovush haqidagi tasavvurni o'rgatishda juda qo'l keladi, chunki bu so'zlar o'quvchilar uchun ancha tanish va sodda so'zlardir.
Ma'lumki, nutq tovushlari ikki katta guruhga bo'linadi: unli tovushlar va undosh tovushlar. Buni o'quvchilarga tushuntirishda ularning quyidagi belgilari hisobga olinadi:
1) talaffuz qilinish usuli (unli tovush tallafuz qilganda havo oqimi og'iz bo'shlig'idan erkin ravishda o'tadi, undosh tovush talaffuz qilinganda, havo og'iz bo'shlig'ida to'siqqa uchraydi);
2) ovoz va shovqinning ishtiroki (unli tovushlar faqat ovozdan iborat, undosh tovushlar talaffuz qilinganda shovqin eshitiladi, ba'zan shovqin va qisman ovoz eshitiladi);
3) bo'g'in hosil qilish xususiyati (unli tovushlar bo'g'in hosil qiladi, undosh tovushlar bo'g'in hosil qilmaydi).
O'quvchilar bu belgilarni yodlab olishlariga yo'l qo'ymaslik, aksincha, 1-sinfdanoq bolalarda tovushni talaffuz qilganda, ovoz yoki shovqin eshitilganda nutq a'zolarining vaziyatini kuzatish ko'nikmasini o'stirib borish lozim. Bunday kuzatishlar 4-sinfda davom ettiriladi va umumlashtiriladi. Tovushlarni o'zlashtirishga bunday yondashish, unli va undosh tovushlarni puxta o'zlashtirishga imkon berish bilan birga, o'quvchilarning aqliy qobiliyatini o'stirish vazifasini ham bajaradi; xususan, bolalar kuzatilgan hodisaning bir necha belgilarini taqqoslashga, umumlashtirishga o'rganadilar.
O'zbek tili yozuvi tovush yozuvi hisoblanadi, chunki tovush yozuvda harflar bilan ifodalanadi. 1-sinf o'quvchilari quyidagilarni bilib olishi lozim:
1) tovushni talaffuz qilamiz eshitamiz;
2) harfni ko'ramiz, o'qiymiz va yozamiz;
3) harf - tovushning yozuvda ifodalangan belgisi.
O'quvchilar ko'pincha tovush bilan harfni almashtirib, xatoga yo'l qo'yadilar. Ularga grafik malakani shakllantirish uchun quyidagilarni o'rgatish zaruz:
1) bir undosh harf yozuvda ikki undosh tovushni ifodalashi mumkin (masalan, maktab so'zidagi b harfi p tovushini, maktabim so'zidagi b harfi b tovushini ifodalaydi);
2) jo'ja, jajji so'zlaridagi j tovushi ( jarangli, portlovchi) ham, jurnal, vijdon so'zlaridagi j tovushi ( jarangli, sirg'aluvchi) ham bitta j harfi bilan ifodalanadi;
3) tong, keng so'zlaridagi uchinchi jarangli undosh tovushi (ng) ikki harf birikmasi (ng) bilan ifodalanadi;
4) sh, ch harf birikmalari ham bir tovushni ifodalaydi (shamol, choy)
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, boshlang'ich sinf o'quvchilarida
tovush va harflarni farqlashga unli va undoshlarning qator va yonma-yon kelishini o'rgatish ularda yuzaga keladigan yozma va nutqiy xatolarni oldini olishga yordam beradi va ularning bilim saviyasini oshirishga ko'maklashadi. Inson tug'ilibdiki o'z ona tili bilan yashaydi va uni hayoti davomida ishlatadi, rivojlantiradi va kamol topadi. Shunday ekan bizning ona tilimiz bizga kerak bo'lgan eng muhim vositalardan biri hisoblanadi. Boshlang'ich sinf o'qituvchilari kelajak avlodga ona tilimizni o'rgatayotganda juda ma'suliyatli bo'lishlari zarur. Bolalar har bir ishlatayotgan so'zlari va uni to'g'ri talaffuz qilishni bilishlari va uni idrok qila olishi lozim. O'zbekiston kelajagi yoshlar qo'lidadir. Ularni kamol toptirishda ustoz va murabbiylarning o'rni beqiyosdir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. K.Qosimova, S.Matchanov, X.G'ulomova "Ona tili o'qitish metodikasi" T.: "Nosir" nashiryoti.
2. Q.Abdullayeva, K.Nazarov, Sh.Yo'ldosheva "Savod o'rgatish darslari"-T.: "O'qituvchi" nashiryoti.
3. N.Jo'rayeva. Boshlang'ich sinflarda ona tili o'qitish metodikasining dolzarb masalalari.