Yoshlar o'rtasida deviant xulq-atvor profilaktikasi
Jamshidbek Javlonbek o'g'li Karimov [email protected] Ilmiy rahbar: Azima Kamalova Namangan Davlat Pedagogika Instituti
Annotatsiya: Bu maqolada o'smirlik davrida o'g'il-qizlar xulq-atvorda va psixologiyasida sodir bo'ladigan turli xildagi salbiy o'zgarishlar, bunday o'zgarishlarning o'ziga xos sabablari va shu sabablarning oldini olish yo'llari va usullari haqida ma'lumot beriladi. Maqolada deviant xulq-atvor haqida, ushbu xulqiy og'ishga sabab bo'ladigan turli xildagi holatlar va yoshlar o'rtasidagi deviant xulq-atvorning profilaktikasi haqida ham ma'lumot olish mumkin.
Kalit so'zlar: o'smirlar, salbiy, ijobiy, xulq-atvor, xulqiy og'ish, deviantlik, profilaktika
Prevention of deviant behavior among young people
Jamshidbek Javlonbek oglu Karimov [email protected] Scientific supervisor: Azima Kamalova Namangan State Pedagogical Institute
Abstract: In this article, we will talk about various negative changes in the behavior and psychology of boys and girls during adolescence, the specific reasons for such changes, and ways and methods of preventing these reasons. information will be provided. In the article, you can also get information about deviant behavior, various situations that cause this behavioral deviation, and prevention of deviant behavior among young people.
Keywords: adolescents, negative, positive, behavior, behavioral deviation, deviance, prevention
Insoniyat paydo bo'lganidan beri eng dolzarb va qiyin masalalardan biri bu -yoshlarni tarbiyalash va ularning hayotda o'z o'rnini topishlariga yordam berishdir. Barcha mutafakkirlar, allomalar Vatan taraqqiyoti va jamiyat rivoji bevosita yoshlar tarbiyasi bilan bog'liq ekanligini ta'kidlashgan. Bu qiyin vazifani hal qilish uchun ota-onalar turli xildagi usullarni qo'llab keladilar. Qayerda tarbiya masalasini ta'lim bilan, milliy qadriyat, an'analar, mentalitet bilan uzviy bog'liqlikda hal etilgan bo'lsa,
o'sha joyda rivojlanish, taraqqiyot bo'lgan. Yoshlar ta'lim-tarbiyasiga e'tiborsizlik qilingan joyda esa inqirozlar, milliy o'pirilishlar sodir bo'lavergan.
So'nggi yillarda jamiyatimizda sodir bo'layotgan jinoyatlarning katta qismi yoshlar va o'smirlar tomonidan sodir etilayotgani sababli insonlar orasida deviant xulq-atvor muammosiga qiziqish obyektiv ravishda oshdi. Bu esa bunday xulq-atvor shakllanishining turli xil sabablarini o'rganishni taqozo etdi.
Deviantlik bu - har qanday xulq-atvor va odob-axloq normalaridan chetga chiqish hisoblanadi. Deviantlik ko'pincha o'smirlar va o'spirinlarda kuzatiladi. Xulq-atvordagi bunday og'ishlarning asosiy sababi psixologik siljish hisoblanadi. Bunday psixologik og'ishlar tanqidlar, janjallar, asabiy buzilishlar, huquqbuzarlik kabi holatlarni keltirib chiqaradi.
Ayni vaqtda, ayrim ekspertlar hozirgi vaqtda deviant xulq-atvor guruhiga ko'proq moddiy jihatdan o'ziga to'q oilalarning bolalari va o'smirlari tushib qolishiga asosiy e'tiborni qaratishadi. O'ziga to'q oila bolalari ko'pincha ota-onasining erka farzandi hisoblanadi. Yoshlik paytlarida ularning istagini oila a'zolari so'ssiz bajarishadi. Buning natijasida bolada "Men nimani xohlasam, otam yoki onam shuni bajarishga majburdirlar", degan noto'g'ri qarashlar shakllanadi. Ayniqsa, o'ziga to'q oila bolalari o'zlaridan mavqeyi pastroq bo'lgan oila farzandlarini kamsitadi, ularga ruhiy zarbalar beradi. Bu ham deviantlikning bir ko'rinishidir. Umuman olganda, bugungi kunda jamiyatning qaysidir qatlarmlaridan birini deviant xulq-atvordan himoyalangan deb hisoblab bo'lmaydi. Har bir o'smir atrof-muhitda turli xil ta'sir va bog'liqliklarga duch keladi. Moddiy yetuklik, ota-onalarning yuqori ijtimoiy mavqeyi bolalar va o'smirlarning ijtimoiy normalarga rioya qilishi uchun yetarli kafil bo'la olmaydi.[1]
Ijtimoiy normalar jamiyat xulq-atvorining ajralmas qismidir. Ijtimoiy normalar shaxs yoki ijtimoiy guruh xulq-atvorini ijtimoiy muhit bilan uyg'unlashtiruvchi qoidalar majmuidir.
Agar o'smir ko'chadagi o'z tengdoshlari tomonidan tuzilgan turli norasmiy guruhlarga qo'shilib qolsa va ular bilan birga har xil faoliyatlar olib borsa, bunday hollarda ham deviantlik sodir bo'lishi ehtimoli katta. Norasmiy guruh a'zolari o'rtasida sodir bo'ladigan janjallar va kelishmovchiliklar ham psixologik buzilishlarni keltirib chiqaradi. O'smir mushtlashuvchilarga qo'shilib qolsa, unda zo'ravonlik holatlari ko'zga tashlanadi. O'smir yoshidagi bolalarda salbiy manfaatlar, kattalarning xatti-harakatlariga tanqid qilish kabi holatlar ro'y beradi. Bundan tashqari, bu yosh davrdagi bolalar o'rtasidagi giyohvand moddalar va spirtli ichimliklarni iste'mol qilishga majburlash holatlari ham yuz beradi. Agar o'smir bu ishlarni qilishdan bosh tortsa, do'stlari tomonidan turli kesatiq va kamsitishlarga uchraydi. Bunday kamsitish va xorlikni boshdan kechirgan bolalarda asabiy zo'riqishlar sodir bo'ladi. Asabiy buzilishlarni deviant xulq-atvorni keltirib
chiqaruvchi omillardan biri deb hisoblash mumkin. Bunday paytlarda ota-onalardan xushyorlik talab qilinadi. Shuning uchun, o'smirlarda kuzatiladigan deviant xatti-harakatlarning dastlabki belgilaridayoq o'qituvchi va ota-onalar tomonidan hamkorlik yo'lga qo'yilib, oilada sog'lom muhitni ta'minlash kerak.[2]
O'smir xulq-atvorida spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarni iste'mol qilishga, qarshi jins vakiliga bo'lgan qiziqishlar birmuncha oshadi. Qiziqishlarning kuchliligi shu ishlarni amalga oshirish xohishini keltirib chiqaradi. Bunday hollar ham, shubhasiz, deviantlikning yuzaga kelishiga zamin yaratadi. Aytaylik, o'smirning sevgisi rad etilsa, unda mahzunlik, hayotga bo'lgan qiziqish, asabiylik, ishtahasizlik, ruhiy buzilish, suidsidga moyillik kabi holatlar ro'y beradi. Suidsid esa, deviant xulq-atvorning yaqqol namunasi hisoblanadi.
Bugungi zamonaviy dunyoda internet, virtual dunyo, axborot oqimi tahlili, uning sotsiologik jihatlarini va yoshlar muammolarini o'rganish shuni ko'rsatmoqdaki, globallashuv jarayonida ma'naviy hayotimizni izdan chiqaruvchi jiddiy xavflarni inobatga olgan holda ularning oldini olish chora tadbirlarini ishlab chiqish zarur. Deviant xulq-atvor turlariga kiruvchi ichkilikbozlik, giyohvandlik, o'z-o'zini o'ldirish (suidsid) bilan ijtmoiy illatlarning yuzaga kelishi va ijtimoiy oqibatlarga ko'ra o'ziga xos jihatlarga ega. Uzoq davom etadigan turli xil zararli odatlar, doimiy oilaviy kelishmovchiliklar, oila va atrof muhitdan qoniqmaslik, uydagi turli-tuman tushunmovchiliklar, bularning barchasi o'smirning ruhiyatiga shikast yetkazadi. Buning natijasida o'smir mavjud noxush vaziyatlarni yaxshi tomonga o'zgartirishga harakat qiladi. Bu jihatdan, kamchiliklar, jumladan nizolar rivojlanishga o'zining salbiy ta'sirini o'tkazadi.[3]
Bunday hollarda ijtimoiy pedagoglar bo'yniga katta mas'uliyatni yuklaydi. Ijtimoiy pedagog o'smirdagi deviatsiyaning ilk ko'rinishlarini sezgan zahoti uni bartaraf etish yo'llarini izlashi lozim. Bu esa, pedagog oldiga tarbiyaning yangi metodlarini izlab topishni ko'ndalang qo'yadi.
Profilaktika bu - o'smir xulq-atvoridagi ijtimoiy normalardan og'ishning turli shakllarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy, tibbiy, tashkiliy, tarbiyaviy tadbirlarning majmui.
Profilaktika so'zining o'zi turli xil salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi xatti-harakatlarning oldini olishdir.
O'smirlardagi salbiy xulq-atvor profilaktikasi va korreksiyasini bosqichma-bosqich o'rganilganida o'smirlardagi salbiy xulq-atvorning faqat o'ziga xos, fenomenli jihatlari namoyon bo'ladi. O'smirlarda salbiy xulq-atvorning paydo bo'lishi murakkab jarayon hisoblanib, u o'smirlarning ehtiyojlari, qadriyatlari, hissiyotlari va shakllanayotgan ijtimoiy muhit ta'sirida rivojlanib boradi.
Deviant xulq-atvorning eng yaxshi profilaktikasi bu - tarbiyaviy vositalar, shakl va usullarni yaxshilab o'rganib, so'ngra aniq belgilab olgan holda voyaga o'smirlar ongiga maqsadli ta'sir ko'rsatishdir.
Profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirayotgan ijtimoiy pedagog quyidagi qoidalarga amal qiladi:
1. Ijtimoiy normalarni o'zlashitirish bevosita shaxs ijtimoiylashuvi jarayonida amalga oshadi. Qadriyatlar, urf-odat va an'analarni o'zlashtirmay turib hech qaysi inson jamiyatning to'laqonli a'zosi bo'la olmaydi.
2. Ijtimoiy madaniy normalar muxolifi bolaning ijtimoiy-madaniy va pedagogik qarovsizligi hisoblanib, u nafaqat bola rivojlanishining g'ayrinormal alomati, balki uning zimmasiga anomal ijtimoiy holatlarni yuklashning natijasi o'laroq qaraladi.
3. Bolalar qarovsizligining profilaktikasi nafaqat mavhum ijtimoiy-madaniy normadan, balki muayyan sharoitda yashashga majbur bo'lgan bolalardan kelib chiqishi lozim
4. Bola reabilitatsiyasi faoliyat subyekti, ijtimoiy subyekt va shaxs darajasida amalga oshirilishi lozim
Ijtimoiy og'ishlarning turli sabab va holatlardan kelib chiqishini inobatga olgan holda, profilaktik chora-tadbirlarning bir nechta turlarini ajratib ko'rsatish mumkin:
- neytrallashtiruvchi;
- o'rnini to'ldiruvchi;
- ijtimoiy holatlarning yuzaga kelishiga sabab bo'luvchi omillardan ogohlantiruvchi;
- ushbu holatlarni bartaraf qiluvchi;
- o'tkaziladigan profilaktik ishlarni nazorat qiluvchi,
- deviant xulq atvorga ega bolalarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiyasi.[4]
Ijtimoiy pedagoglarning dezaptatsiya bo'lgan o'smirlar bilan ishlashining
boshqa bir metodi ularning reabilitatsiyasi hisoblanadi. Reabilitatsiyaga keng miqyosli vazifalar, eng sodda ko'nikmalardan tortib odamlarning jamiyatda to'liq integratsiyalashuvigacha bo'lgan turli masalalarni hal qilishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi sifatida qarash mumkin.
Reabilitatsiya so'zining lug'aviy ma'nosi lotincha "rehabilitatio" bo'lib, "moslashish" ma'nosida keladi.
Reabilitatsiya jarayonda o'rnini to'ldiruvchi mexanizm hisoblanib, mavjud nuqsonni yengib o'tish uchun qo'llanadi.
Adoptatsiya so'zining lug'aviy ma'nosi esa lotincha "adaptatio" hisoblanib, moslashuv degani. Organizmning turli yashash sharoitlariga moslashishi.
Ijtimoiy pedagoglarning o'smir bilan profilaktika ishlari olib borishiga bir nechta yondashuvlar mavjud:
Informatsion yondashuv - voyaga yetmagan shaxslar davlat va jamiyat tomonidan axloqiy normalarni bajarishga taqdim etilgan huquq va majburiyatlardan boxabar qilinadilar.
Ijtimoiy-profilaktik yondashuv - bunda asosiy maqsad salbiy oqibatlarga olib keluvchi omillarni aniqlash, bartaraf etish va neytrallashtirish sanaladi. Bu yondashuvning mohiyati davlat, jamiyat, muayyan ijtimoiy-pedagogik muassasa, ijtimoiy pedagog tomonidan deviant xulq-atvorni keltirib chiqaruvchi sabab va omillarni bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, tashkiliy-huquqiy va tarbiyaviy chora-tadbirlarni tashkil etishdan iborat.
Tibbiy-biologik yondashuv - bu yondashuvning mohiyati ijtimoiy normalardan ehtimoliy og'ishlarni turli ruhiy anomaliyalar bilan aziyat chekuvchi shaxslarga nisbatan davlat profilaktik xarakterdagi choralar vositasida oldini olish hisoblanadi.
Ijtimoiy-pedagogik yondashuv - deviant xulq-atvorga ega o'smirlarning ijobiy hislatlarini tiklashga xizmat qiladi va ana shunday vaziyatlarda namoyon bo'ladi.
Ijtimoiy reabilitatsiya ma'lum bir obyektlarda amalga oshiriladi. Ushbu obyektlar quyidagilardir:
1. Ijtimoiy va pedagogik qarovsiz bolalar.
Bunday bolalar tavakkal guruhlarning keng tarqalgan toifasidan biri bo'lib, ularning qiyin tarbiyalanishi turli xil ruhiy-pedagogik sabablar bilan izohlanadi. Ijtimoiy va pedagogik qarovsizlikning asosiy belgilari deb yetakchilik faoliyatidagi kamchiliklar, xulq-atvorda salbiy tomonga og'ishlar, ijtimoiy adaptatsiya sababli yuzaga keladigan qiyinchiliklarni aytib o'tsak bo'ladi. Bu o'smirlar faoliyatning to'laqonli subyekti bo'lmaganliklari uchun ularga asosiy yordamni pedagoglar, psixologlar va ota-onalar ko'rsatishlari mumkin.
2. Voyaga yetmagan yetim bolalar, huquqbuzarlar, xulq-atvorida salbiy tomonga og'ish bo'lgan bolalar.
Bu toifaga, avvalambor, ijtimoiy adaptatsiyada, ijtimoiy rollarni egallashda yordam ko'rsatish lozim. Reabilitatsiyaning asosiy subyekti ijtimoiy pedagog bo'lib, u yuqorida sanab o'tilgan funksiyalarni bajara olishi, o'smirlar va bolalarga psixologik yordam ko'rsata olishi lozim.
3. Psixosomatik va nerv-psixologik sog'ligi buzilgan va funksional og'ishlarga ega bolalar.
a) surunkali somatik kasalliklar;
b) funksional buzilishlar;
c) asab-ruhiy xastaliklar;
d) aqliy qoloqlik;
e) nogironlik.
Bu toifa bolalar, eng avvalo, tibbiy va ruhiy reabilitatsiyaga ehtiyoj sezadilar. Uning subyektlari shifokorlar va psixologlar hisoblanib, ular, shuningdek, pedagog
va ijtimoiy ishchilar bilan hamkorlikda kompleks ravishda reabilitatsiya o'tkazishlari ham mumkin.
Reabilitatsion yordam xarakteri quyidagilardan iboratdir:
- kechikkan yordamdan profilaktik yordamga o'tish;
- jazolovchi yordamdan ayovchi yordamga o'tish;
- tasodifiy yordamdan kafolatlangan va kompleks yordamga o'tish;
- anonim yordamdan shaxsiy yordamga o'tish.[5]
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, bugungi kunda qurish rejalashitirlayotgan Yangi O'zbekistonni barpo etish uchun barkamol insonni tarbiyalamog'imiz zarur. Buning uchun esa xulqida salbiy tomonga og'ish bo'lgan bolalarning reabilitatsiyasi va profilaktikasiga bo'lgan e'tiborni kuchaytirishimiz, bu ishlarni amalga oshirish uchun barcha chora-tadbirlarni kuchaytirish va kerakli shart-sharoitlarni yaratib berishimiz lozim. Bundan tashqari, o'z kasbining mohirlari bo'lgan malakali pedagoglarni yetishtirish uchun bilim berishni yanada chuqurlashtirish, oliy o'quv yurtlarida o'rganilgan bilim, ko'nikma va malakalarni amaliyotda qo'llay olishlari uchun imkoniyatlar eshigini ochish lozim. Qo'shimcha tarzda shuni aytib o'tish kerakki, deviant xulq-atvorli bolalar o'sib-unadigan oila atalmish dargohni va oiladagi bolalar ruhiyatiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi turli xil noxush vaziyatlarning oldini olish maqsadida oila institutlarining faoliyatini yanada kengaytirish lozim.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Abdurasulova. Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi va uning oldini olish muammolari. - Qonun himoyasida | T. №1. 2001-yil. 23-bet.
2. B.A.Aliyev, G'. Rafiqov, T.Sultonov, M.Mullajonova, B.Rahmonov. Sotsiologiya. O'quv qo'llanma. -T.: 2005. 120-122 bet.
3. Giddens. E. Sotsiologiya. Toshkent - Sharq, 2002-yil, 32-bet.
4. Sh.N.Po'latov. Robindranath Tagorning Hindiston ilm-ma'rifatiga qo'shgan hissasi. "SCIENCE AND EDUCATION" Scientefic journal Volume 1, Special issue 2020, 21-22 P.
5. Sh.S.Jo'rayev. Abu Ali ibn Sinoning falsafiy qarashlarida baxt saodat masalasi. Academic research in Educational Science, 2 (Special issue 1), 395-396 P.
6. Камолова Азимахон Одилжон кизи. (2024). ИСЛОМ ДИНИ ТАЪЛИМОТИДА ТАЪЛИМ-ТАРБИЯ МАСАЛАЛАРИНИНГ ПЕДАГОГИК ФАОЛИЯТДАГИ АМАЛИ АХАМИЯТИ. Results of national scientific research international journal, 3(1), 201-207. https://doi.org/10.5281/zenodo.10581873
7. Камалова, А. (2021). THE IMPORTANCE OF USING GAME TECHNOLOGY IN THE PROCESS OF EDUCATION. Экономика и социум, (32), 12-14.
8. кизи Ахмедова, Д. С., & кизи Камолова, А. О. (2022). УСМИРЛАРДА МЕЪЁРДАН ХУЩИЙ ОГИШ ХОЛАТЛАРИНИ КОРРЕКЦИЯЛАШ ЖАРАЁНЛАРИДА ХУ^У^ИЙ САВОДХОНЛИКНИНГ АХАМИЯТИ. Евразийский журнал академических исследований, 2(3), 413-416.
9. Ikromaliyevna, K. N., Muhammedovich, B. M., & Dadamirzayevna, O. D. (2019). Eastern thinkers about the phenomena of self-awareness. Journal of Critical Reviews, 7(2), 2020.
10. Ориббоева, Д. Д. (2019). THE INFLUENCE OF SOCIAL COMPETENS ON PROFESSIONAL CHOICE. Scientific and Technical Journal of Namangan Institute of Engineering and Technology, 1(9), 256-261.
11. Oribboyeva, D. D., & Ikromova, D. (2024). Aqliy rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bolalar psixologiyasining o'ziga xosligi, aqli zaiflik turlari. Science and Education, 5(1), 287-291.
12. Oribboyeva, D. D. (2020). SOCIAL COMPETENCE AS AN INTEGRAL PART OF THE TEACHER'S PROFESSIONAL MATURITY. Scientific and Technical Journal of Namangan Institute of Engineering and Technology, 2(11), 347353.
13. Azimova, O. A. Q. (2023). Bo'lajak o'qituvchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish jarayonlarida kasbiy mahorati. Science and Education, 4(6), 718-722.