Научная статья на тему 'TIL VA JAMIYAT TARAQQIYOTI'

TIL VA JAMIYAT TARAQQIYOTI Текст научной статьи по специальности «Биологические науки»

CC BY
430
132
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Ученый XXI века
Область наук
Ключевые слова
о‘zbek (turkiy) tili / turkiy xalq / adabiy til taraqqiyoti / dramaturgiya / publitsistika / lug‘atshunoslik.

Аннотация научной статьи по биологическим наукам, автор научной работы — Hamdamjon Ismoilov

Ushbu maqolada о‘zbek tilining shakllanish tarixi, adabiyot ahli hioblangan mashhur adiblarning uning rivojiga qо‘shgan о‘ziga xos hissalari va ularning asarlarining til xususiyatlari, haqida sо‘z yuritiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «TIL VA JAMIYAT TARAQQIYOTI»

TIL VA JAMIYAT TARAQQIYOTI

H. Ismoilov1

Ushbu maqolada o'zbek tilining shakllanish tarixi, adabiyot ahli hioblangan mashhur adiblarning uning rivojiga qo'shgan o'ziga xos hissalari va ularning asarlarining til xususiyatlari, haqida so'z yuritiladi.

Kalit so'zlar: o'zbek (turkiy) tili, turkiy xalq, adabiy til taraqqiyoti, dramaturgiya, publitsistika, lug'atshunoslik.

O'zbek xalqi qanchalik teran tarixga ega bo'lsa, o'zbek-ona tilimiz ham shunchalik uzoq tarixga egadir. Asrlar davomida xalqimiz qanday kunlarni boshidan kechirgan bo'lsa, tilimiz ham shunday kunlarni boshdan kechirdi. O'z rivoji davomida turli to'siqlarga, kamsitishlarga, ta'qiqlarga uchradi. Lekin turkiy(o'zbek) tili xalq yuragida yashadi va bunday talato'plardan omon qoldi.

O'zbek xalqi qadimgi davrlarda yashagan turkiy xalqlarning bir bo'g'ini hisoblangan. Keyinchalik, tabiiy ravishda, bu bo'g'indan ajralib chiqib, mustaqil xalq sifatida o'z tiliga, mavqeiga ega bo'ldi. Prezidentimiz ta'biri bilan aytadigan bo'lsak: "Xalqimizning ko'p asrlik madaniy, ilmiy-ma'rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo'lgan o'zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir. Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo'lgan o'zbek tilining tarixi xalqimizning ko'p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g'alabalari bilan chambarchas bog'liqdir. Istiqlol yillarida ona tilimiz tom ma'noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi" [1].

Qadimgi o'zbek(turkiy) tili eng avvalo xalq og'zaki ijodida vujudga keldi. Onalar allasi xalq og'zaki ijodining bosh bo'g'ini va kishilik taraqqiyotining eng avvali hisoblanadi. Shu sababli onalar allasi orqali ona tili go'dakning qulog'iga kirib, uning ongiga singib boradi va yuragiga o'rnashadi. Natijada kishi ulg'aygan sayin ona tili haqidagi tuyg'u tobora mustahkamlanib boraverdi, iymon-e'tiqodi butun kishigina o'zbek tilimizni e'zozlaydi, asrab-avaylaydi, unga nisbatan fidoyi bo'ladi, hozirgi davrimizga qanday yetib kelgan bo'lsa, tilimizga xiyonat qilmay kelajak avlodga yetkazib beradi.

Qadimdan turkiy(o'zbek) til fidoyilari tufayli tilimiz toshbitiklarda o'z aksini topdi. Xususan, O'rxun-Enasoy toshbitiklarida qadimgi turkiy tilda qadimgi ajdodlarning qimmatli pand-nasihatlarini o'qib-o'rganib kelinmoqda. Bular dastlabki turkiy til sohiblarining tilimizga bo'lgan e'zozlaridan qalbimizni g'ururga to'ldiradi. Prezidentimizning nutqida shunday so'zlar keltiriladi: "Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o'z so'zini aytib kelganlar, shu tilda buyuk-madaniyat namunalari, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratgan" [1]. Shu tufayli Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug'bek, Al Xorazmiy kabi buyuk olimu fuzalolar avlodlarga bebaho ma'naviy ilmiy meros qoldirdilar. Garchi ularning asarlari o'sha davrlar taomiliga ko'ra arab tilida yaratilgan bo'lsa-da, ularni turkiy til sohiblari tomonidan yaratilganligi cheksiz faxr-g'urur tuyg'larini bag'ishlaydi. Negaki ularning asarlari butun jahonda hamon qiziqib o'qib o'rganilyapti, oliy o'quv yurtlaridagi dars jarayonlarida foydalanilyapti. Yuqorida nomlari keltirilgan turkiy olimlarning turli sohalardagi faoliyati tufayli jahonda matematika, fizika, geometriya, astronomiya, meditsina, mexanika fanlari rivojlanib hozirgi kunlargacha takomillashgan holda yetib keldi.

Vatanparvar, elparvar ajdodlarimiz o'z yurti, ona tilini himoya qilib zarur bo'lganda shu yo'lda o'z jonini ham ayamaganlar. Shu ma'noda Prezidentimizning quyidagi so'zlari ibratlidir: "O'tmishda o'lkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo o'z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo

1Hamdamjon Ismoilov - filologiya fanlari nomzodi, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti dotsenti.

qilishga urindilar, ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi ma'lum" [1].

Darhaqiqat, yurtimizning qadim tarixida ma'lum va mashhur bo'lgan elparvar, ozodlikparvar qahramonlari bo'lgan To'maris va Shiroq haqida afsonalar yuradi. Ular ham qadimgi turkiy tilda muloqot qilishgan va ish yuritishgan. Xususan, To'maris momo o'z tilida qonxo'r bosqinchi Kirni qonga to'yg'azishga ont ichadi. Bu qasamini o'z xalqi, o'z tili haqqi ado etadi. O'z ona tilida bu ona yurtiga rahna solgan har qanday bosqinchi dushmanni Kirning taqdiri kutishini va ana shunday fojiaviy ahvolga tushishini e'lon qiladi. Shiroq ham o'z ona tilida yurtiga bostirib kelgan bosqinchilardan qasos olishga ont ichadi. Ana shu afsonaviy ajdodlarimizning ona tilida ichgan qasamini keyingi davrlarda yashagan buyuk kishilar davom ettirdilar. Xususan, buyuk sarkarda Amir Temur o'z yurti, o'z tilini saqlab qolish uchun ulug'vor ishlarni amalga oshirdi. O'z tilida ulug'vor bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish yuzasidan farmoyishlar berdi. O'z tili, o'z yurtini yanada qudratli qilish maqsadida ulkan imperiyaga asos soldi va tarqoq turkiy xalqlarni tili va dilini birlashtirdi.

Dastlabki o'rta asrlardayoq turkiy tilda ilmiy va badiiy, diniy asarlar vujudga keldi. Xususan, o'lkamizda birinchi bo'lib Mahmud Qoshg'ariy "Devonu lug'otit turk" asarini yaratdi. Og'ir mehnatlar evaziga lug'atshunos olim turkiy tilning naqadar boyligi, rang-barangligini ko'rsatib qo'ydi va ilmiy jihatdan asosladi. Yusuf Xos Hojib o'zining "Qutadg'u bilig" asarida turkiy tilda ilmning naqadar qudratli kuch ekanligini isbotladi va xalqni, yosh avlodni ilm olishga va unga sodiq bo'lishga chorladi. Bilim kishining o'ziga va uning avlodlariga ham saodat keltirishi, tilini burro, o'zini dono qilishini ta'kidladi. Ahmad Yugnakiy o'zining turkiy tilda yozilgan "Hibatul haqoyiq" asarida ham tarixiy tilimizning naqadar tashbehlarga boyligini namoyon qildi. Hazrat Ahmad Yassaviy "Devoni hikmat" asarida islom dini arkonlarini turkiy tilda badiiy jihatdan talqin etdi. Dunyoning o'tkinchiligi, berilgan qisqa sinov vaqtida ko'p savob ishlarni amalga oshirish kerakligi o'zbek tilida badiiy ifodalab berildi" [4].

O'zbek tili va, ayniqsa, o'zbek adabiy tilining shakllanishi Alisher Navoiy nomi bilan chambarchas bog'liqdir. Ayniqsa Navoiy "Muhokamat ul-lug'atayn" asari bilan o'zbek (turk) tilining buyuk bilimdoni va homiysi bo'lib maydonga chiqdi. Bu tilning boshqa tillardan mutlaqo qolishmasligini amalda isbot qilib bergan shoir mazkur asarida bu muhim xulosasini ilmiy-nazariy jihatdan asoslab ko'rsatdi. Navoiy o'z ijodiy faoliyati davomida "Sab'ati abhur" ("Yetti dengiz") nomli lug'atshunoslikka oid asar yozib tilimizni lug'aviy jihatdan yanada boyitdi. Shunga ko'ra Navoiy o'zbek adabiy tiliga asos solib, uni amalda nihoyatda boyitgan tilshunos sifatida tarixga kirdi.

Tilimizning keyingi davrlardagi ravnaqi shoir, shoh, sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi bilan bog'liq bo'ldi. Boburning tili hozirgi tilimizga yanada yaqinlashdi. Bobur o'z asarlarida qo'llagan tashbehlari, badiiy unsurlari bilan tilimizni yanada boyitdi, tilimizga yangi so'zlar olib kirdi. Bobur qo'llagan til o'zining go'zalligi, munisligi, musiqaviyligi bilan ajralib turadi. Bu buyuk sarkarda, olim, shoir bobomiz o'zbek-turkiy tilning rivojlanishi va yanada takomillashuviga katta hissa qo'shdi.

XVIII - XIX asrlarda ijod qilgan Munis Xorazmiy, Ogahiy, Uvaysiy, Nodira, Muqimiy, Zavqiy, Furqat kabi shoirlar ham o'z ijodlari bilan o'zbek tilining yanada boyishiga xizmat qildilar, o'zbek tilidagi so'zlarning keng imkoniyatini ochib berdilar. Ayniqsa, bu paytlarda adabiyotga yangi janrlarning kirib kelishi, ijtimoiy-siyosiy o'zgarishlar tufayli o'zbek tiliga anchagina so'zlar o'zlashdi va tilimiz sezilarli boyidi. Bu o'z navbatida tilimizning keying ravnaqiga o'z ta'sirini o'tkazdi.

XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi o'zbek tili tarixi jadidlar ijodi bilan bog'liq bo'ldi. Mahmudxo'ja Behbudiy o'zbek tilida o'sha davrgacha mavjud bo'lmagan drama janrida asar yozdi. Bu bilan o'zbek tilida nasriy janrdagi asarlar yaratish mumkinligini isbotladi. Yana bir e'tiborli tomoni shundaki, adib o'zining ushbu asari bilan tilimizni sahnada jaranglashiga erishdi. Shu asnoda Behbudiy o'zbek dramaturgiyasiga asos solib XX asr boshlarida o'zbek madaniyatida yangi voqelikni vujudga keltirdi. Nashr ishlarini tashkil etib, o'zbek publitsistikani boshlab berdi, o'zbek publitsiskasi bu bilan mustaqil rivojlanish yo'liga o'tdi.[3] Abdurauf Fitrat XX asr boshlaridagi o'zbek milliy uyg'onish adabiyotining jarchisi va asoschilaridan biri, o'zbek milliy she'riyati, prozasi, adabiyotshunosligi, tilshunosligi, maorifi, jamiyatshunosligi singari o'nlab sohalarning oyoqqa turishiga, rivojiga ulkan hissa qo'shdi. Fitrat ona tilini mukammal egallashida onasining hizmati katta bo'ldi. Shu sababli butun umri davomida ona tili rivojiga katta

hissa qo'shdi. O'zbek adabiyoti tarixida birinchi bo'lib o'zbek tilida "Abulfayzxon" fojia sahna asarini yozdi. Uning xizmatlari tufayli maktablarda "O'zbek tili" darslari o'tildi. Umuman olganda Fitrat o'zbek tili rivojiga ulkan hissa qo'shdi.

Mashhur yozuvchi Abdulla Qodiriy o'zbek tilini nihoyatda qadrladi. Uning imkoniyatlari ulkan, so'zlarga boy, badiiy tasvirlari keng ekanligini o'zining epik asarlarida ko'rsatib quydi. Uning romanlari va hikoyalarining tili shirali, sermazmun, qochirimlarga va milliy unsurlarga boy ekanligidan o'zbek kitobxonlarining bir necha avlodlari ularni hamon sevib o'qib kelmoqda. A. Qodiriy o'z tarjimalari bilan ham o'zbek tili badiiy ifodaviy tasvirda boshqa tillardan qolishmasligini isbotladi. Yozuvchi asarlari qahramonlarining o'zaro muloqotdagi gaplari madaniy kishilar muloqotining yuksak darajadagi namunasiga aylandi. U milliy tilini o'z millatidek e'zozladi, qadrladi.

Taniqli yozuvchi va tarjimon Abdulhamid Cho'lpon haqida gap ketganda uning o'zbek tili bilimdoni ekanligi ta'kidlanadi. Bu holatni uning ham nazm, ham nasr asarlarida kuzatish mumkin. U o'zbek tilidagi publitsistika rivojiga alohida hissa qo'shdi va ona tilining matbuotdagi keng imkoniyatlarini ko'rsatdi. Rus tilidan o'zbek tiliga tarjima asarlari uning ijodida salmoqli o'rin egalladi. O'zbek tilining tarjima jarayonidagi imkoniyatlarini shu yo'sinda namoyon qildi.

Hikoya janri ustasi Abdulla Qahhorning ham tilimiz taraqqiyotida o'z o'rni bor. Uning hikoyalarida qisqalik va lo'ndalikka intilish bilan bog'liq xodisa o'zbek tilidagi so'zlar yordamida chuqur tagma'noga ega bo'lgan sermazmun asarlar yaratish mumkin ekanligining isboti bo'ldi. O'zbek tilida "qahhorcha" iboralar, qochirimlar vujudga keldi. Bular ham tilimizning o'ziga xos boyligiga aylandi.

O'tgan asrning so'nggi yillarida ijod qilgan Abdulla Oripov va Erkin Vohidov kabi ulkan shoirlar ham tilimizni yanada boyishiga va mustahkamlanishiga xizmat qildi. Ularning nihoyatda nazokatli, o'zbekona, ba'zan esa tanqidlarga boy she'rlari tilimizga o'zgacha ruh bag'ishladi va ma'lum darajada milliy tilimizga yanada sayqal berdi.

Keyingi davrlarda yashab ijod qilgan yosh shoirla r ham o'zbek tiliga o'zgacha ruh bag'ishladi. Ularning she'rlarida qo'llangan zamonaviy so'zlar tilimiz zamon bilan hamqadam ravishda rivojlanayotganidan darak beradi. Shu o'rinda ayniqsa O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning ijodi diqqatga sazovordir. Shoir butun ijodi davomida soddalikka, xalqonalikka intilib keldi va bu bilan she'riyatda katta muvaffaqiyatga erishdi. Uning soddagina so'zlar yordamida yaratgan she'rlari kitobxonning qalbiga singib, unda tilimizga bo'lgan muhabbatni yanada mustahkamlaydi.

O'zbek tili XX asrda jiddiy to'siqlarga qaramay o'ziga xos tarzda ham nazariy, ham amaliy jihatdan rivojlandi. Asr boshlaridayoq bir qator tilshunos olimlar o'zbek tili sohasida jiddiy ilmiy tadqiqotlarni boshlab yubordi. So'ngra bu an'anani tilshunoslarning keyingi avlodi hisoblangan yosh olimlar ilmiy tadqiqotlar olib borib, tilimiz nazariy jihatdan pishiq-puxta til ekanligini isbotladilar va boshqa jahon tillari bilan bemalol baxslasha oladigan boy til ekanligini ham ko'rsatib berdilar. Shu bilan birga o'tgan asrda "O'zbek tilining izohli lug'ati", "Ruscha-o'zbekcha lug'at", "O'zbekcha-ruscha lug'at" va boshqa lug'at kitoblarini chop etilganligi o'zbek tilining naqadar boy til ekanligini ko'rsatib turadi.

Umuman olganda, milliy tilimiz qanchalik qadimiy bo'lgan bo'lsa, shuncha asrlar davomida jiddiy to'siqlarga qaramay rivojlandi va taraqqiy etdi. O'zbek tilining taraqqiyot davri bevosita adabiyot taraqqiyoti bog'liq bo'ldi. Negaki til ham, adabiyot ham bir-birini taqozo etadi. Tilimiz, ayniqsa XX asrda adabiyot kabi ham nazariy, ham amaliy jihatdan o'sdi va mustahkamlandi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbek tilining Davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoni. - Toshkent "O'zbekiston ovozi" gazetasi, 2019-yil 22-oktabr.

2. Hozirgi zamon o'zbek tili. - Toshkent: Fan, 1957.

3. Hozirgi o'zbek adabiy tili. - Toshkent: Fan, 1966.

4. Nurmonov A. O'zbek tilshunosligi tarixi. - Toshkent: O'zbekiston, 2002.

5. O'zbek tili grammatikasi. 1-tom. - Toshkent: Fan, 1975.

6. Xudoyberdiyev E. Adabiyotshunoslikka kirish. - Toshkent: "O'AJBNT" Markazi, 2003.

© H. Ismoilov, 2023.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.