UDC: 349.3 (042)(575.1)
Ismoilov Bekjon
Toshkent davlat yuridik universiteti doktoranti E-mail: bekjon.4@gmail.ru
AHOLINI IJTIMOIY HIMOYA QILISHNING NAZARIY-TARIXIY ASOSLARI
Annotatsiya. Mazkur maqolada O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari va erkinliklarining muhim kafolati sanalgan ijtimoiy muhofaza tizimining tarixiy, nazariy, ilmiy jihatlari, vujudga kelishi hamda jamiyat, insonlar va davlat hayotida tutgan o'rni, ahamiyati yoritib berilgan. Ilmiy manbalardan foydalangan holda davr islohotlarining aholi ijtimoiy muhofazasidagi ahamiyati yoritib berilgan. O'zbekiston Respublikasidagi ilk davlatchilik asoslarining vujudga kelishidan tortib ilk o'rta asrlar davlatlari, o'rta asr davlatchilik tarixi hamda Temuriylar sulolasi davridagi davlat siyosatida aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimining tashkil etilishi, faoliyatning yo'lga qo'yilishi hamda mazkur jarayonlarning aholi manfaatlari uchun ahamiyatlilik darajalari ishonchli manbalar vositasida keng yoritib berilgan. Xususan, Abu Nasr Forobiyning "Fozil odamlar shahri" kitobida ilgari surilgan g'oyalar bayon etilgan, shuningdek, Amir Temur tomonidan ishlab chiqilgan "Temur tuzuklari"da bayon etilgan boshqarish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bilan bog'liq bo'lgan jihatlar yoritib berilgan.
Kalit so'zlar: ijtimoiy soha, qonunchilik tizimi, ijtimoiy yordam, kam ta'minlanganlik, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, zardushtiylik, zakot, vaqf.
Исмоилов Бекжон
докторант Ташкентского государственного юридического университета
ТЕОРЕТИЧЕСКИЕ И ИСТОРИЧЕСКИЕ ОСНОВЫ СОЦИАЛЬНОЙ ЗАЩИТЫ
НАСЕЛЕНИЯ
Аннотация. В данной статье освещены исторические, теоретические аспекты становления системы социальной защиты, являющейся важнейшей гарантией прав и свобод человека в Республике Узбекистан, а также ее роль и значение в жизни общества, народа и государства. С использованием научных источников рассматривается значение реформ в социальной защите населения. С момента возникновения первых основ государственности в Республике Узбекистан, в истории раннесредневековых государств, средневековой государственности и государственной политики в период династии Темуридов вопросы организации, функционирования системы социальной защиты населения, а также значимость этих процессов для интересов населения широко освещены во многих источниках. Например, изложены идеи, выдвинутые в книге Абу Насра Фараби "Город благородных людей", а также приведены аспекты, связанные с управлением и социальной защитой населения, изложенные в "Уложении Темура" Амира Темура.
Ключевые слова: социальная сфера, законодательная система, социальная помощь, малоимущие, социальная защита населения, зороастризм, Авеста, закят, фонд, "Город благородных людей", "Уложение Темура".
Ismoilov Bekjon
Doctoral Student, Tashkent State University of Law
THE ORETICAL AND HISTORICAL FUNDAMENTALS OF SOCIAL PROTECTION OF THE POPULATION
Abstract. This article discusses the historical and theoretical aspects, the formation and role of the social protection system, which is the most important guarantee of human rights and freedoms in the Republic of Uzbekistan, as well as its role and significance in the life of society, people and state. The importance of the reforms of the era in the social protection of the population is highlighted using scientific sources. The emergence of the firstfoundations of statehood in the Republic of Uzbekistan, in the history of early medieval states, medieval statehood, and state policy during the Timurid dynasty, issues of the organization, the functioning of the social protection system of the population, as well as the significance of these processes for the interests of the population, are widely covered using reliable sources. In particular, the ideas put forward in the book of Abu Nasr al-Farabi, "The City of Noble People", and the aspects related to the management and social protection of the population, set forth in the "Code of Timur" developed by Amir Timur, are presented.
Keywords: social sphere, legislative system, social assistance, low-income, Social Protection of the population, zardoshtiylik, Avesto, zakat, foundation, Temur regulations.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik is-lohotlar fuqarolar turmush tarzining yanada yaxshi-lanishida, xalq hayotining sifat ko'lami yuqori dara-jada tashkil etilishida, shuningdek, huquqiy jihatdan sog'lom muhit shakllanishida muhim rol o'ynamoq-da. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar-ning milliy iqtisodiyotimizni barqarorlashtirishga, huquqiy mukammal qonunchilik tizimi yaratilishiga, ijtimoiy sohalarni qo'llab-quvvatlashni yanada rivoj-lantirishga yo'naltirilayotganligi jahon hamjamiya-ti tomonidan iliq kutib olinmoqda. Mamlakatimiz o'zbek milliy davlatchilik taraqqiyotining keyingi bosqichida (2017-2021) o'zining milliy davlatchilik an'analari va xalqaro tajribaga asoslangan strategik rivojlanish yo'lini belgilab oldi. Bu strategik maq-sadlar doirasida davlat siyosatining asosiy ijtimoiy yo'nalishlari, jumladan, aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga alohida e'tibor qaratilayotganli-gi diqqatga sazovordir. Bunda mamlakatimiz bosh qonunining regulyativ ta'sirchanlik darajasining ras-man imperativlik xususiyatiga ega ekanligi muhim ahamiyat kasb etadi. Ya'ni aholining yordamga muh-toj qatlamini ijtimoiy muhofaza qilish konstitutsion normalar asosida sohaviy qonunlar va boshqa nor-mativ-huquqiy aktlar bilan tartibga solinib, hukumat tomonidan qonunlarning ijro masalasi muntazam nazorat qilinyapti. Mamlakatimiz Asosiy Qonuni hi-soblangan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi-
ning 39-moddasida aholini ijtimoiy himoya qilishning asosiy yo'nalishlari borasida shunday so'z yuritiladi: "Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo'qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo'lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta'minot olish huquqiga ega" [1].
Aholini kam ta'minlangan va ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamini qo'llab-quvvatlash konstitutsion normalar hamda sohaviy qonunchilik asosida tartib-ga solinishi sohaning izchil rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish imkonini bermoqda. Bu esa soha doirasida hukumatimiz tomonidan olib bo-rilayotgan islohotlarning samaradorligi yanada osh-ishiga xizmat qilyapti. Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoyalash va aholi farovonligi barqarorligini ta'minlash, transport-kommunikatsiya ijtimoiy infra-tuzilmalarini barpo etish, ekologik sharoiti noqulay bo'lgan mintaqalarni qo'llab-quvvatlash, aholini ijtimoiy himoya qilish va yangi ish o'rinlarini yaratish davlat ijtimoiy siyosatining asosiy yo'nalishlari sifa-tida namoyon bo'lmoqda. O'ylaymizki, aholini ijtimoiy muhofaza qilish nafaqat o'zining dolzarbliligi bilan, balki huquqiy va tarixiylik xususiyatlari bilan ham xarakterli hisoblanadi. Aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish qadimiy ahamiyat kasb etganligi uchun bu masala jahon hamjamiyatining chuqur va puxta izlanishlar talab qiladigan masalalaridan biriga aylan-gan. Jismoniy nuqsoni bo'lgan shaxslar yoki mod-
diy yordamga muhtoj aholining kam ta'minlangan qatlamini har tomonlama qo'llab-quvvatlash har bir xalqning o'z ijtimoiy muhiti, shuningdek, mamlakat-lar tarixiy-huquqiy rivojlanish jarayonlari bilan uzviy bog'liq bo'lgan va turlicha talqin qilingan. Sharqda, xususan, O'rta Osiyo hududlarida bu masalaga qa-dimdan milliy qadriyat sifatida qarab kelishgan. Ush-bu hududlardagi har tomonlama yordamga muhtoj aholi qatlamini qo'llab-quvvatlash borasidagi dast-labki fikrlarni zardushtiylarning muqaddas kitobi hi-soblangan "Avesto"da ko'rishimiz mumkin. Bilamiz-ki, zardushtiylik dini insoniyat tarixidagi eng qadimiy dinlardan bo'lib, o'z ta'limotlarida "Ezgu niyat, latif so'z, yaxshi ish" g'oyasini ifoda etgan. Axloqiy maz-mun kasb etuvchi ushbu qarashlar kishilik jamiya-tida hayotiy ijtimoiy-ma'naviy muhit shakllanishida ibratli hisoblangan. "Avesto"ning "Yasht"lar qismida bayon etilishicha, "adolatparvarlik va insonparvarlik tuyg'ularining mavjud bo'lishi shaxs tarbiyasida ham, shuningdek, jamiyat hayotida ham muqim mo'ta-dil ustuvorlik kasb etgan". Zardushtiylik ta'limoti qarashlari jamoatning ijtimoiy ma'naviyatida maz-lumlarga yordam qo'lini cho'zish, har ishda odillik yo'lini tanlash, halollik va shu kabi ijobiy xislatlar sanalgan insoniy fazilatlarni shakllantirishda muhim o'rin tutgan. Miloddan avvalgi II ming yillik o'rtalar-idan I ming yillik boshlarigacha vujudga kelgan ta-rixiy manba "Avesto" va unda ta'rif etilgan zardushtiylik dini qoidalari, o'ylashimizcha, hozirgi kunda ham o'zining amaliy ta'sirini saqlab qolgan. Negaki mukammal huquqiy demokratik fuqarolik jamiya-ti barpo etish yo'lidan borayotgan mamlakatimizda yuqorida nomi zikr etilgan tarixiy manbada keltiril-gan adolatparvarlik va insonparvarlik tamoyillariga qonuniy tus berildi. Ya'ni bu qoidalar hayotiy zaru-rat o'laroq milliy qonunchiligimiz asosini tashkil eta boshladi. "Avesto"da o'z ifodasini topgan qoidalar borasida so'z yuritar ekanmiz, muhtaram Birinchi Prezidentimiz I.A. Karimovning "Yuksak ma'navi-yat - yengilmas kuch" asaridagi quyidagi fikrlarni ko'rsatib o'tishimiz joiz: "Avesto"ning tub maz-mun-mohiyatini belgilab beradigan "Ezgu fikr, ezgu so'z, ezgu amal" degan tamoyilini oladigan bo'lsak, unda hozirgi zamon uchun ham behad ibratli bo'lgan saboqlar borligini ko'rish mumkin. Ana shunday fikrlar, ya'ni ezgu niyat, so'z va ish birligini jamiyat hayotining ustuvor g'oyasi sifatida talqin etish bizning bugungi ma'naviy ideallarimiz bilan naqadar uzviy bog'liq, nechog'liq mustahkam hayotiy asos-
ga ega ekani, ayniqsa, e'tiborlidir. "Avesto"da bor-liqning yaxlitligi va bir butunligi, inson hayotining tabiat bilan uyg'unligi masalasi odamning ruhiy ol-amiga chambarchas bog'liq holda ko'rsatilgani ko'p narsani anglatadi" [2].
Umuman olganda, O'rta Osiyo xalqlari turmush tarzini tartibga solishda muhim o'rin tutgan bu asar yuridik nuqtayi nazardan rasman huquqiy ta'sir doirasiga ega bo'lmagan bo'lsa-da, insonlar hayotida muntazam tatbiq etilganlik e'tibori bilan sotsial jami-yat boshqaruvida xarakterlidir.
Yuqorida keltirilgan fikrlar huquqiy jihatdan asos-lantirilmagandek taassurot uyg'otsa-da, bu qoidalar o'z davrida aholining turli qatlamlari o'rtasidagi munosabatlarni tartibga solish vazifasini o'tagan. Ko'rinib turibdiki, insoniyat tarixida ehtiyojmand shaxslarga ko'maklashish masalasi sotsial holat bilan o'zaro uyg'unlikda teologik nazariya jarayonlari ta'sirida amalga oshirilgan. Shu o'rinda fuqarolik jamiyatining ehtiyojmand a'zolarini qo'llab-quvvat-lashda islom dini beqiyos o'rin tutishini ta'kidlab o'tishimiz zarur. Bugungi kunda dunyo aholisining 25 foizga yaqini e'tiqod qiluvchi islom dini nozil qi-lingan dastlabki davrlaridan buyon aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash masalasiga keng ahamiyat beril-moqda. Chunki har bir dinning jamiyatda bajaradigan ijtimoiy, ma'naviy, ruhiy vazifalari bevosita aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash hamda ularning manfaat-larini himoya qilishga qaratilgandir. Ushbu vazifalar sirasiga quyidagilarni kiritishimiz mumkin: to'ldi-ruvchilik, tasalli beruvchilik (kompensatorlik) va hokazo. Negaki inson hayoti, turmush tarzi, tabiat va jamiyat bilan bo'lgan munosabatlari jarayonida o'z maqsadlariga erishish ilojsiz bo'lib ko'ringanida qan-daydir ma'naviy-ruhiy ehtiyojga zarurat sezadi. Din esa bu o'rinda ma'naviy-ruhiy ehtiyojni qondiruvchi, tasalli beruvchi vosita vazifasini bajaradi [3].
Islom dini doirasida dinning ushbu vazifasini ko'radigan bo'lsak, aholini ijtimoiy qo'llab-quv-vatlash bevosita uch xil yo'nalishda olib borilishini ko'rishimiz mumkin:
birinchidan, moddiy qo'llab-quvvatlash; ikkinchidan, ma'naviy qo'llab-quvvatlash; uchinchidan, huquqiy manfaatlarni himoya qilish. Islom dinida aholini moddiy qo'llab-quvvatlash quyidagi shakllarda olib boriladi: 1) zakot; 2) vaqf.
Mazkur tushunchalarga alohida to'xtalib o'tsak. Zakot - moliyaviy ibodat sifatida muhtoj va nochor-larga ko'mak sifatida beriladi va ular zakotga haqdor
deya e'tirof etiladi. Uning ijtimoiy ahamiyatini bi-lish uchun zakot beriladigan kishilarga alohida e'ti-bor qaratish kerak. Zakot beriladigan kishilar Qur'oni karimda shunday bayon etilgan: "Albatta, sadaqalar (zakotlar) Alloh tomonidan farz bo'lgan holda faqir-larga, miskinlarga, zakot xizmatchilariga, mualla-fatu qulubuhumlarga (ko'ngillari islomga oshno qilinuvchilarga), bo'yinlarni ozod qilish (qullar)ga, qarzdorlarga, Alloh yo'lida yurganlarga va musofir-larga berilur". Yuqorida bildirilgan fikrlardan sezilib turibdiki, beriladigan moddiy va ma'naviy yordam, haqiqatan ham, muhtojlik holatiga tushib qolgan in-sonlarga ko'rsatilmog'i lozim. O'ylaymizki, bu yer-da shaxslarning ijtimoiy ehtiyojmandlik darajasiga qarab shunday kishilar toifalarini to'g'ri tasniflash va ularga ajratiladigan yordam turlarini aniq belgilash o'rinlidir. Fiqh ilmida bu kabi shaxs toifalari borasida so'z yuritiladi hamda ularga quyidagicha ta'rif beri-ladi:
1. Faqirlar, ya'ni hisobga yetmagan moli bor kim-salar. Bular aholining bevosita kam ta'minlangan qis-mi bo'lib, ular zakot orqali qo'llab-quvvatlanadi.
2. Miskinlar - hech vaqosi yo'q odamdir. Aholining eng yordamga muhtoj qatlami. Zakot orqali ularning manfaatlari, ehtiyojlari qondiriladi.
3. Zakot yig'uvchilar - hokim tarafidan insonlar-ning zakotlarini yig'ishga tayin qilingan kishilar. Ularga ham ehtiyojiga yarasha zakotdan sarf qilinadi.
4. Muallafatu qulubuhum - ko'ngillari islomga oshno qilinuvchilar. Ularga ham zakot yig'imidan ma'lum miqdorda mablag' ajratilgan. Biroq hazrati Umar r.a. davrlariga kelib islom kuchayib, dovrug'i yoyilgach Umar r.a.: "Endi ularga berilmaydi, chunki Alloh taolo dinni kuch-quvvatli qildi", - deganlari-da hamma rozi bo'lgan va shundan keyin ushbu toifa zakot sarf qilinuvchilar safidan tushirilgan. Bizning ulamolalarimiz ham ana shu fikrni qo'llab-quvvatla-ganlar.
5. Qullar - ularga qullikdan ozod bo'lishlari uchun zakotdan yordam beriladi.
6. Qarzdor - ular insonlar orasini isloh qilish maq-sadida o'z zimmalariga ko'p qarz olganlar. Ana shunday toifalarga qarzdan qutulishga yordam beriladi.
7. Xudo yo'lidagilar - ular safarga chiqib mab-lag'siz qolib ketganlar yoki hajga chiqib, yo'lda be-mor bo'lib qolganlar. Bularning har ikkisiga zakot beriladi.
8. Musofirlar - ular o'z vatanida mol-dunyosiga ega, lekin Vatani bilan uning aloqasi uzilib qolgan
bo'lishi mumkin. Bundaylarga o'z vatanlariga qaytib olgunlariga qadar zakotdan yetarli mol beriladi. Bun-dan ko'rinadiki, aholining barcha muhtoj qatlamlari zakot hisobidan qo'llab-quvvatlanadi, ya'ni yordam oladi [4].
Aholini ijtimoiy himoya qilishning ma'naviy shakllari esa quyidagicha namoyon bo'ladi: 1) yax-shilik va silayi rahm qilish; 2) holidan xabar olish; 3) haqqiga duo qilish.
Islom dinida aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularning haq-huquqlarini himoya qilish muhim aha-miyatga egadir. Shuning uchun ham islom huquq-shunosligida bu masala bo'yicha qozilik mahkama-sidan tashqari mazolim mahkamasi mavjud bo'lgan.
Islom davlatlarida adolatni ta'minlash va xalq shi-koyatlarini eshitish, bedodlik va zo'ravonlikka chek qo'yish uchun mazolim mahkamasi o'z ish faoliyatini yuritgan. Sohibi mazolim, ya'ni mazolim mahkamasi boshlig'i yoki shikoyatlarni eshituvchi xalifaning o'zi yoki uning vaziri hamda amiri bo'lgan. Viloyatlar va shaharlarda ham xalifa tomonidan ushbu vazifani bajarish uchun salohiyatli kishilarga vakolat beril-gan. Ushbu mahkama aholining huquqiy manfaatla-rini qo'llab-quvvatlashda ancha ta'sirchan va foydali bo'lgan, chunki davlat rahbari (xalifa) shaxsan o'zi yoki o'z nazorati ostida uni amalga oshirgan, diqqat bilan mazlum kishilarning shikoyati eshitilgan, har bir mazlum kishi hech qanday qo'rquvsiz, hatto xalifa avlodlaridan tortib, eng buyuk martabali qozilar va davlatning eng buyuk mo'tabar harbiy sarkardalari va hukumat xodimlari ustidan erkin sur'atda shikoyat qilish huquqiga ega bo'lgan [5]. Mazolim mahkama-sida har bir kishining shikoyati diqqat bilan eshitilib, aybi isbot bo'lganda muqobil kishidan har qancha iqtidorli bo'lsa ham, uning haqi qaytarib olib beril-gan. Ushbu mahkamani hozirgi Prezidentning xalq qabulxonalariga qiyoslash mumkin.
Demak, aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashning huquqiy tarzda amalga oshirilishi islom dinida mu-kammal tizimlashtirilgan va bu tizim yordamga muh-toj, ehtiyojmand kishilarni ijtimoiy himoyalashda barqaror mexanizm vazifasini bajargan.
Ilk o'rta asrlarning yetuk mutafakkirlaridan biri Abu Nasr Farobiy jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirish uchun o'z asarlarida ko'plab ilmiy, falsafiy nazariyalar hamda qarashlarni ilgari surgan. Shunday qarashlaridan biri aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'lib, u o'zining "Fozil odamlar shahri" asarining "Odamlarning birlashuvga va o'zaro yordamga ehti-
yoji borligi haqida so'z" deb nomlangan 26-bobida bu haqida atroflicha fikr yuritgan. Chunki Farobiy ushbu xususiyatga fozil shaharning odamlarida bo'li-shi kerak bo'lgan muhim omil sifatida qaraydi.
Farobiy mazkur "Odamlarning birlashuvga va o'zaro yordamga ehtiyoji borligi haqida so'z" bobida aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni quyidagicha izohlaydi: "Har bir inson tabiatiga ko'ra o'z ehti-yojlarini qondirish va kamol topishi uchun juda ko'p narsalar (kiyim-kechak, oziq-ovqat, uy-joy, kitoblar, ustozlar, do'stlar)ga ehtiyoji bor. Inson barcha zarur narsalarni bir o'zi hosil qila olmaydi, bularni topish uchun u turli kasbdagi odamlarning xizmatiga muh-tojlik sezadi. Boshqa insonlar ham shunday holatda bo'ladi. Insonlar o'z ehtiyojlarini qondirish uchun ja-moaga va jamiyatga birlashuvlari zarur bo'ladi" [6]. Bundan anglab olishimiz mumkinki, aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashning kelib chiqishiga asosiy sabab -bu insonning ehtiyojlari, bu ehtiyojni insonning o'zi qondira olmaydi. Insonning o'z ehtiyojlarini boshqa jamiyat a'zolari yordamida qondirishi esa nafaqat aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga, balki jamiyat-ning birlashuviga ham sabab bo'ladi.
Shuningdek, Farobiy aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga alohida to'xtalib, uning fozil shaharda naqadar ahamiyatga ega ekanligini quyidagicha tavsiflaydi: "Haqiqiy baxt-saodatga yetishuv yo'lida bir-birlariga yordam berib, yaxshi, go'zal ish, amallar qiluvchi odamlar yashaydigan shahar fozila shahar, ya'ni fozil odamlar shahridir. Barcha shaharlarda baxt-saodatga yetishuv yo'lida go'zal, xayrli ishlarga bir-biriga yordam beruvchi xalqlar fozila, ya'ni fazilatli xalqlardir. Inson barcha a'zolari solim, butun, mukammal ishlab turganida sog'lom bo'lganiday, barcha aholisi go'zal, yaxshi xulqli, yaxshi ishlar va bir-biriga yordam beruvchi shahar ham fozil odamlar shahridir [6]". Farobiyning ushbu nazariyasi orqali hozirgi kunda dunyo hamjamiyati intilayotgan fuqarolik jamiyatining asosiy vazifalaridan biri -farovon hayot tarziga erishishning asosiy vositasi aholini kuchli ijtimoiy qo'llab-quvvatlash ekanligi "fozil shahar", "fazilatli xalq", "fozil odamlar shahri" tushunchalari orqali qisqa va mazmunli tarzda yoritib berilmoqda. Buni quyidagicha tarzda izohlash mumkin: agar aholi bir-biriga xayrli ishda yordam berib, qo'llab-quvvatlasa, fazilatli xalqqa aylanadi. Fazilatli xalq yashaydigan shahar esa fozil shaharga aylanadi va shu sababli fozil odamlar shahri vujudga keladi.
Abu Nasr Farobiy "Fozil odamlar shahri" asa-rining "Fozillar shahri hokimining fazilatlari haqi-da so'z" deb nomlangan 28-bobida fozillar shahri hokimi 12 ta fazilatga ega bo'lishi kerakligini qayd etib o'tadi. Ushbu fazilatlarning o'n birinchisi sifa-tida quyidagilarni ta'kidlaydi: "U tabiatan adolatpar-var bo'lib, odil odamlarni sevadigan, istibdod va jabr-zulmni, mustabid va zolimlarni yomon ko'ruvchi, o'z odamlariga ham, begonalarga ham haqiqat qiluvchi, barchani adolatga chaqiruvchi, nohaq jabrlanganlarga madad beruvchi, barchaga yaxshilikni va o'zi suygan go'zalliklarni ravo ko'ruvchi bo'lishi zarur. O'zi haq ish oldida o'jarlik qilmay, odil ish tutgani holda har qanday haqsizlik va razolatlarga murosasiz bo'lishi zarur [7]". Ushbu fazilat orqali adolatli rahbar aho-lini quyidagilar bilan qo'llab-quvvatlashi mumkinligi namoyon bo'ladi:
- adolatparvarlilik;
- odil odamlarni sevish;
- barcha yomonliklardan nafratlanish;
- nohaq jabrlanganlarga madad berish;
- o'zi suygan go'zalliklarni boshqalarga ravo ko'ruvchanlik;
- haqsizlik va razolatga qarshi murosasiz ku-rashish.
Mazlumlarni himoya qilish, muhtojlarga yordam qo'lini cho'zish, turli xil ko'rinishdagi haqsizliklarga barham berish kabi ishlar Abu Nasr Farobiy davrida ham, undan keyingi olim-u fuzalolar qarashlarida ham o'zining ta'sirchanlik doirasini saqlab qoldi.
O'rta asrlarga kelib bu masalaga amirlar dara-jasida e'tibor qaratila boshlandi. Temuriylar davla-ti siyosatida ham aholini ijtimoiy himoya qilish va chor-nochorlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash saltanat boshqaruvining asosiy bosh maqsadlaridan biri bo'lgan. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Amir Temur o'z davlati fuqarolari orasida qashshoqlikni qisqartirish va tugatish maqsadida ijtimoiy ahvoli og'ir bo'lgan shaxslarga maxsus nafaqalar tayin-lagan. Temuriylar saltanatining chekka hududla-rida ham masjid, madrasa, shifoxona, shuningdek, nochorlar uchun g'aribxonalarning qurdirilganligi XIV-XVI asrlarda ijtimoiy siyosatning davlat dara-jasida nazoratga olinganligini ko'rsatadi. O'ylaymiz-ki, quyida keltiriladigan "Temur tuzuklari" kitobidan olingan parcha fikrimizga mantiqiy asos bo'la oladi: "...yana amr etdimki, har bir katta-kichik shahar, qishloqda masjid, madrasa va hokazolar bino qilsin-lar, faqir-u miskinlarga langarxona, g'aribxonalar
solsinlar, kasallar uchun shifoxona qurdirsinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlansinlar" [7].
Temuriylar davlatchiligi boshqaruvi negizida xalq manfaatlari, umuman olganda, inson omili tur-ganligidan anglashilib turibdiki, jamiyatda ijtimoiy sog'lom muhitni qaror toptirish va fuqarolar hayo-tining to'g'ri tashkil etilishida amaliy yordam berish, shuningdek, ularni mamlakat miqyosida huquqiy jihatdan tartibga solib turish eng oliy maqsadlardan biri bo'lgan. Buyuk bobokalonimiz Amir Temur yuqorida e'tirof etib o'tilgan maqsad va vazifalarni amalga oshi-rishda "Kuch adolatdadir" shiorini o'zlari uchun qat'iy qoida sifatida belgilab olgan. Bu esa odamlar-ning joriy qonunlarga rioya etish ruhida tarbiyala-nishida muhim omil bo'ldi. Fikrimizcha, Sohibqiron mamlakat boshqaruvidagi bu jihatlar davlat va jami-yat ishlarida qonuniylik hukmronlik qilishida katta xizmat qilgan. "Temur tuzuklari" - tarixiy-huquqiy manbasida davlat ishlarini amalga oshirish borasida so'z yuritilib, quyidagi fikrlar ilgari suriladi: "Davlat ishlarini saltanat qonun-qoidalariga asoslangan holda boshqardim. Qat'iy qoida va tuzuklarga tayanib, xalq boshqaruvida o'z martaba hamda maqomimni mus-tahkam saqlab turdim".
Adolatparvarlik va qonun ustuvorligi tamo-yillarini o'z xalq boshqaruvining tayanch g'oyalari sifatida qo'llagan buyuk ajdodimiz bir tomondan raiyatning ishonchiga sazovor bo'lgan bo'lsa, ik-kinchi bir tomondan esa umumxalq manfaatlarini ifoda etib, ularni ro'yobga chiqarishda ulkan hissa qo'shgan. Bizga ma'lumki, "Temur tuzuklari"dagi qat'iy qoidalar odamlar hayot tarziga chambarchas bog'lanib ketganligi bilan birga rasman huquqiylik ham kasb etgan. Fikrimizning yaqqol tasdig'i o'laroq XIV-XV asrlarning o'zidayoq huquqiy norma maqomida bo'lgan quyidagi qoidani keltirib o'tishimiz mumkin: "Kimki biror-bir binoni obod qilsa, biron-bir bog' ko'kartirsa yoxud xaroba bo'lib yotgan yerni el-ulus uchun qulay hamda manzur joyga aylantirsa, birinchi yili undan hech narsa olmasinlar. Ikkinchi yili raiyat roziligi bilan berganini olsinlar. Uchinchi yili esa soliqchilik qoidalariga muvofiq tartibda xiroj bel-gilasinlar". Yuqorida keltirilgan qoidaning e'tiborga molik jihati shundaki, dehqonlardan olinadigan xiroj-ning aniq ko'rsatkichi qayd etilmagan bo'lib, yerdan olingan hosil miqdoriga, shuningdek, yerning unum-dorlik darajasiga qarab belgilangan.
Agar biz "Temur tuzuklari"da keltirilgan bu nor-mani hozirgi kun qonunchiligi bilan qiyoslaydigan
bo'lsak, tadbirkorlarga, fermerlarga beriladigan soliq imtiyozlari hamda jismoniy nuqsoni bo'lgan shaxs-larni turli yig'imlardan ozod etish kabi normalar joriy qilinganligini ko'rishimiz mumkin. Aytish joiz-ki, yuqorida keltirilgan o'z vaqti uchun qat'iy qoi-da tusini olgan, hozirgi kunda esa mohiyatan o'zi-ning amaliy ta'sirchanligini saqlab kelayotgan bu huquqiy me'yorlar bizga temuriylar davrida aholini keng ko'lamda ijtimoiy jihatdan himoyalash masa-lalari qay darajada yo'lga qo'yilganligi bo'yicha ma'lum tasavvurga ega bo'lishimizda muhim tarixiy fakt vazifasini o'taydi. "Temur tuzuklari" kitobida bildirilgan fikrlarni tahlil qilarkanmiz, temuriylar davlati boshqaruvida ijtimoiy islohotlar ijtimoiy birlik maqomidagi mahallalar bilan birgalikda, o'zaro hamkorlikda amaliyotga tatbiq etilganligi-ni ko'rishimiz mumkin. Tarixiy-etnografik xususi-yatlarni o'zida namoyon etuvchi mahalla institu-ti temuriylar hukmronligi davrida ham aholining qo'ni-qo'shnichilik tarzida, birgalikda istiqomat qi-lishi bilan xarakterli ekanligi bizga ma'lum. Ya'ni bir yerda birgalikda hayot kechirayotgan aholi mazkur hududdagi imkoniyati cheklangan shaxslar va no-chor holatga tushib qolgan jamiyat a'zolari to'g'risi-da to'liq yoki qisman ma'lumotga ega bo'ladi. Bu esa temuriylar davlatchiligi qonunlari bo'yicha aholining kam ta'minlangan qatlamlariga ajratiladigan moddiy yordam va beriladigan bir qator imtiyozlar-ning manzilli yetib borishida, maqsadli qo'llanilishi-da juda muhim omil sanalgan.
Ko'rinib turibdiki, insoniyatning tarixiy rivojlanish bosqichlarida aholining yordamga muhtoj qatlamini qo'llab-quvvatlash masalalari turli davrlarda turlicha bo'lib, ijtimoiy yondashuvlar ta'sirida xilma-xillik kasb etgan. Bunday ijtimoiy qarashlar, bir tomondan, shohlar, amirlar, xonlar xohish-irodasining ifodasi sifatida namoyon bo'lgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, din ulamolari, ilm-urfon vakillarining tashabbuslari natij asida shakllangan. Aholi turmush-tarzining keskin pasayib ketishi holatlarining oldini olishga oid munosabatlar temuriylar, xonliklar va boshqa keyingi davrlarda ham o'ziga xoslik kasb etgan. Ya'ni kambag'al nochorlarni moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash masalasiga davrlar ijtimoiy muhiti e'tibori bilan turlicha munosabatlar bildirilgan. Mana shunday ijtimoiy soha darajasidagi munosabatlarning aynan mahallalarda shakllanib, keyin hukumat boshqaruvi darajasiga ko'tarilganligi bu institutning aholi
turmush-tarzini belgilashda ham tarixan, ham hozirgi kun nuqtayi nazaridan beqiyos o'ringa ega ekanligini ko'rsatadi. Aholini ijtimoiy muhofaza qilishga oid munosabatlarning shakllanishi va rivojlanishida mahalla tushunchasi alohida o'ringa ega bo'lgan. Mahalla mustamlakachilik va mustabid tuzum davri bo'lmish 19-asrda jamoaning an'anaviy shakllarini saqlab qolgan bo'lib, faqat hududiy birlik emas, balki ijtimoiy tuzilma, aholi ijtimoiy turmushining tashkiliy shakli ham bo'lgan. Kishining e'tiqodi, millati va ijtimoiy mavqeyidan qat'i nazar, uning bir jamoa hududida yashashi o'sha jamoaga mansubligining yagona belgisi hisoblangan. Ichki ijtimoiy tuzilish va boshqaruvning tarixiy tarkib topgan tizimi hududiy jamoa hayot faoliyatining tashkil etilishida muhim
omil bo'lgan. Aholining qat'iy belgilab qo'yilgan qonunlarsiz bir-birlarini qo'llab-quvvatlashlaridan anglashiladiki, ijtimoiy muhofaza tushunchasi O'rta Osiyo hududlarida milliy-diniy xususiyatlar uyg'unligida rivojlangan. Masalan, mahalla hududida istiqomat qilayotgan yetim-yesirlar, yolg'iz keksalar, beva-bechoralar va nogiron kishilar holidan xabar olish har bir mahalla a'zosining farzi hisoblangan. Bu farz qonunan qat'iy tartib misolida belgilab qo'yilgan bo'lmasa-da, tabiiy majburiyat o'laroq qabul qilingan. XX asrning birinchi choragida mahallalar 50-60 xonadonlardan tashkil topgan bo'lib, moddiy qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatish yo'li bilan amalga oshirilgan [8].
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati
1. O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. - T., 2019.
2. Каримов И.А. Юксак маънавият - енгилмас куч. - Т.: Узбекистан, 2008.
3. Dinshunoslik: darslik. - T.: Mehnat, 2004.
4. Toshqulov J. Islom huquqshunosligi: o'quv qo'llanma. - T.: "Toshkent islom universiteti" nashriyot-matbaa birlashmasi, 2014.
5. Al-Movaiy. Al-ahkam us-sultoniya. - 1298.
6. Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. - T.: Yangi asr avlodi, 2016. - B. 238.
7. Амир Темур. Темур тузуклари. - Т.: Узбекистан, 2011.
8. Бобо^улов С. Махдлла тарбия учоги. Хаёт ва щтисод. -1992. - Б. 20.
9. Zoilboev Ja.K. Administrative Reforms In The Republic Of Uzbekistan: Some Problems And Prospects // The American Journal of Political Science Law and Criminology. - 2.12 (2020): 1-4.
10. Abdusattarova D., Yusupov S. Improvement of Organizational and Judicial Frameworks of State Bodies with Appeals of Legal and Physical Entities // Архив научных исследований. - 2019.
11. Yusupov S.B. The right to the treatment and its evolution // European Journal of Humanities and Social Sciences. - 2016. - № 1. - С. 72-73.
12. Yusupov S.B. The essence and activity of the institute of the treatments of physical and legal entities in state bodies of the Republic of Uzbekistan // The oretical & Applied Science. - 2015. - № 11. - Р. 140-143.
13. Юсупов С.Б. Совершенствование организационно-правовых основ осуществления правовой политики со стороны государственных органов на местах // Review of law sciences. - 2020. - № 4.
14. Юсупов С.Б. Институт обращений физических и юридических лиц в Узбекистане: развитие и современное состояние // Государственная власть и местное самоуправление. - 2017. - № 5. - С. 36-38.
15. Саидазимов Ю. Маъмурий органлар томонидан дискрецион ваколатни ^уллашнинг узига хос хусусиятлари. Бакалавриат ва магистратура талабаларининг илмий ишлари // Хал^аро масофавий илмий-амалий конференция якунлари буйича илмий ишлар туплами. - Т.: ТДЮУ, 2020. - 562 б.
16. Saidazimov Y. Advokatlik faoliyati tashkiliy tuzilmasi hisoblangan advokatlik byurosining tashkiliy-huquqiy maqomi va tuzilishidagi ayrim masalalar // Юридик фанлар ахборотномаси - Вестник юридических наук - Review of law sciences.
17. Zoilboyev Ja.K. O'zbekiston Respublikasida mavjud erkin iqtisodiy zonalarning ba'zi muammo, kam-chiliklari va amaliy takliflar tasnifi // Yuridik fanlar axborotnomasi - Вестник юридических наук - Review of law sciences. - 2020. - 1-iyun. - B. 178-182.
18. Ахроров А.А. Инвестициялар сохдсида хал^аро рейтинг ва индексларда Узбекистан урнини яхшилашнинг миллий-^у^у^ий жихдтлари // Юридик фанлар ахборотномаси - Вестник юридических наук - Review of law sciences. - 2020. - С. 220-223.
19. Инсоннинг экологик хавфсиз яшаш ^у^у^и тушунчаси // Электрон нашр. "Узбекистонда илмий-амалий тадащотлар" мавзусидаги республика 19-куп тармо^ли илмий масофавий онлайн конференция материаллари туплами. — Т.: Тад^и^от, 2020. - Б. 36.
20. Abduvaliev М. Invalidity of agreements in civil law-an analysis of the experience of Uzbekistan and Japan // TSUL Legal Report International electronic scientific journal. - 2020. ISSN: 21811024. Certificate: No. 1342. - P. 65.