SO'Z, FIKR, AXBOROT ERKINLIGIGA OID XALQARO-HUQUQIY HUJJATLARNING O'ZBEK TILIGA TARJIMALARI:
TARIXI VA TAHLILI
d https://doi.org/10.24412/2181-1784-2022-28-367-377
G'ulom MIRZAEV,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi tadqiqotchisi +998 99 485 55 48 (mobil) info@nhrc.uz nhrc-matbuot@umail.uz
Annotatsiya: Mustaqillik yillarida O'zbekiston qo'shilgan xalqaro shartno-malar va konvensiyalarning o'zbek tiliga tarjima qilinishi va nashr etilishi tarixi haqida muxtasar so'z yuritilgan. Ushbu xalqaro shartnomalardagi so'z, fikr va axborot erkinligiga doir qoidalarning mazmuni, ahamiyati tahlil etilgan.
Kalit so'zlar: xalqaro huquq, xalqaro konvensiyalar, tarjima, xalqaro gumanitar huquq, bolalar huquqlari, fikr va axborot erkinligi.
Аннотация. Кратко рассмотрена история перевода и издания на узбекский язык международных договоров и конвенций, подписанных Узбекистаном в годы независимости. Анализируются содержание положений о свободе слова, мнений и информации в этих договорах.
Ключевые слова: международное право, международные конвенции, перевод, права детей, свобода мнений и информации.
Abstract. The history of the translation and publication into Uzbek of international treaties and conventions signed by Uzbekistan during the years of independence is briefly considered. The content of the provisions on freedom of speech, opinion and information in these agreements is analyzed.
Keywords: international law, international conventions, translation, children's rights, freedom of opinion and information.
Istiqlol yillarida mamlakatimiz ko'plab muhim xalqaro shartnomalar va konvensiyalarga qo'shildi. Xalqaro huquq va umumbashariy qadriyatlar yurtimizda qonuniy asosda ustuvor maqomga ega bo'ldi. Shu taxlit mustaqillikning ilk davridanoq adolatli fuqarolik jamiyatining huquqiy poydevorini yaratishga jadallik bilan kirishdik. Natijada bugungi kunda inson huquqlarini xalqaro darajada himoya qilish masalalari, asosan, BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro paktlar kabi qariyb 80 ta hujjatda o'z aksini topgan
bo'lsa, O'zbekiston inson huquqlari sohasiga doir 70 dan ziyod ko'ptomonlama xalqaro shartnomaga qo'shilgan. O'zbekiston ana shu xalqaro-huquqiy hujjatlardan aksariyatining rus tilidagi matnini ratifikatsiya qilgan.
Agar rus tili BMTning oltita ishchi tilidan biri ekani inobatga olinsa, o'z-o'zidan, bu tabiiydir. Ayni chog'da, keng qamrovli islohotlar talabi, shuningdek, o'zbek tili davlat tili maqomiga ega ekanligi va shu bois mazkur Konvensiyalar va ularga qo'shimcha Protokollar ijrosiga aloqador milliy tashkilotlarda o'zbek tilida ish yuritilayotgani tufayli yuqorida qayd etilgan xalqaro hujjatlar tarjimasiga bo'lgan ehtiyojning yuzaga kelishi natijasi o'laroq, ana shu hujjatlarning davlat tilidagi matnini yaratish dolzarb hayotiy zaruratga aylandi.
Mamlakatimiz qo'shilgan xalqaro-huquqiy hujjatlardagi ayrim murakkab norma va atamalarning davlat tilida emasligi joylarda ushbu hujjatlar ijrosida muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi. Yana bir muammo - turli soha mutaxassislari o'z ma'ruza va maqolalarida ana shu xalqaro-huquqiy hujjatlarga havola qilish asnosida, tegishli normalarni har kim o'z bilganicha erkin tarjima qilishi oqibatida o'sha qoidalarga doir turlicha talqinlar ko'payib bordi.
Shu nuqtai nazardan, akademik Akmal Saidov O'zbekiston qo'shilgan xalqaro-huquqiy hujjatlarni o'zbek tiliga tarjima qilish tashabbusi bilan chiqdi. Tarjima qilganda ham - ruscha matnni shunchaki o'zbekchalashtirish emas, balki O'zbekiston qo'shilgan tegishli xalqaro-huquqiy hujjatlarning davlat tilidagi asliyatga to'laqonli mos bo'lgan rasmiy matnlarini yaratish talabi ilgari surildi.
Tarjimonu muharrir maqomida bu ulkan vazifaning dastlabki ijrochisi bo'lishdek sharafli va mas'uliyat kaminaning ham zimmasiga yuklandi. Avvalambor, mamlakatimiz ishtirokchisi bo'lgan xalqaro shartnomalar orasida mazmun va hajm jihatdan anchayin keng, tili esa nihoyatda murakkab bo'lgan Jeneva konvensiyalari va ularga qo'shimcha Protokollarni o'zbekchalashtirishga kirishildi.
Bu o'rinda1949 yil 12 avgustda qabul qilingan to'rtta:
1) Harakatdagi qurolli kuchlardagi yaradorlar va bemorlarning qismatlarini yengillashtirish to'g'risidagi;
2) Dengizdagi qurolli kuchlar tarkibidan bo'lmish yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarning qismatlarini yengillashtirish to'g'risidagi;
3) Harbiy asirlar bilan qilinadigan muomala to'g'risidagi;
4) Urush vaqtida fuqaro aholini himoya qilish to'g'risidagi Jeneva konvensiyalari;
shuningdek, 1977 yilda imzolangan ikkita qo'shimcha bayonnoma -Xalqaro qurolli mojarolar qurbonlarini himoya qilishga taalluqli I Protokol va Xalqaro bo'lmagan tusdagi qurolli mojarolar qurbonlarini himoya qilishga taalluqli II Protokol haqida gap bormoqda.
Shu tariqa O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitalari hamda Normativ-huquqiy atamalar komissiyasining 2002 yil 3 apreldagi qo'shma majlisi tavsiyasi asosida "Xalqaro gumanitar huquq: Jeneva konvensiyalari to'plami" o'zbek tilida nashrdan chiqdi[1].
Akademik A.Saidovning ushbu xalqaro hujjatlarni o'zbek tiliga tarjima qilish g'oyasi yana bir jihatdan asosli bo'lib chiqdi. Gap shundaki, Jeneva konvensiyalari to'plamining o'zbekcha va ruscha matni Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda ingliz tilidagi rasmiy matnga solishtirib chiqilganda, hujjatlarning ruscha variantida muayyan noaniqliklarga yo'l qo'yilganligi aniqlandi. Birinchi guruh noaniqliklar hujjatlar nomi
bilan bog'liq bo'lsa, ikkinchi guruh noaniqliklar hujjatlarda uchraydigan so'z va iboralar, ayrim atamalarning noto'g'ri berilishiga taalluqli. O'zbek tilidagi tarjima matniga, shuningdek, inglizcha asl matn asosida o'zbekcha tarjima uchun asos qilib olingan ruscha matnda mavjud bo'lmagan bir qancha o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi. Tabiiyki, buning hisobiga mazkur hujjatlarning davlat tilidagi matnini asliyatga yanada muvofiqlashtirishga erishildi.
O'z navbatida, 2002 yilda "O'zbekiston Respublikasi va inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar" to'plami uch qismdan iborat etib tuzildi[2]. Birinchi qismga - BMTning inson huquqlari bo'yicha universal shartnomalari (10 ta shartnoma); ikkinchi qismga - XMT qabul qilganva insonning mehnat qilish huquqlarini ro'yobgachiqarishdamuhim
ahamiyat kasb etadigan xalqaro konvensiyalar (16 ta konvensiya); uchinchi qismga - YuNESKO qabul qilgan 2 ta xalqaro hujjat jamlandi.
To'plamning o'zbekcha tarjima matni, albatta, tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar ekspertlarining sinchkov nazaridan o'tkazib olindi. Barcha taklif va tavsiyalar asosida maromiga yetkazilgan to'plam matni tahrir hay'ati a'zolari tomonidan nashr etish uchun ma'qullandi. Ushbu to'plam O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitalari hamda Normativ-huquqiy atamalar komissiyasining 2002 yil 28 avgustdagi qo'shma majlisi tavsiyasi asosida nashr etildi.
O'tgan bir necha oylik nihoyatda qisqa davrda turli sohalarga doir xalqaro-huquqiy hujjatlarni alohida to'plam holida jamlash, tarjima qilish va nashr etish borasida muayyan tajriba shakllandi. Bu, o'z navbatida, bevosita bolalar huquq va manfaatlari himoyasini ko'zda tutuvchi xalqaro -huquqiy hujjatlardan iborat navbatdagi nashr - "Balog'atga yetmagan bolalar huquqlariga oid xalqaro hujjatlar" to'plamini tayyorlash imkonini berdi[3].
Ushbu to'plamdan 5 ta xalqaro-huquqiy hujjat joy olgan. Ya'ni:
1) BMTning 1989 yilgi Bola huquqlari to'g'risida konvensiyasi;
2) BMTning Balog'atga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov yuritishga doir minimal standart qoidalari (BMTning 1984 yilgi "Pekin qoidalari");
3) BMTning Balog'atga yetmagan bolalar o'rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan dasturiy prinsiplari (BMTning 1988 yilgi "Ar-Riyod dasturiy prinsiplari");
4) BMTning 1990 yilgi Ozodlikdan mahrum etilgan balog'atga yetmagan bolalarni himoya qilishga doir qoidalari;
5) BMTning Qamoqda saqlash bilan bog'liq bshlmagan choralarga doir minimal standart qoidalari (BMTning 1990 yilgi "Tokio qoidalari") kabi muhim hujjatlarning davlat tilidagi tarjimalari ilk bor yaxlit kitob holida chop etilgan.
Shu o'rinda balog'atga yetmagan bolalar huquqlariga oid ushbu hujjatlarning ahamiyatini ularda so'z va fikr erkinligi, ommaviy axborot
vositalari va jurnalist faoliyatiga doir tegishli qoidalar mavjudligi nuqtai nazaridan tahlil etib ko'raylik.
Bola huquqlari to'g'risida konvensiyaning 13-moddasi birinchi bandida qayd etilishicha, "Bola o'zining fikrini erkin ifodalash huquqiga ega: bu huquq har qanday turdagi axborotni, chegarasidan qat'i nazar, og'zaki, yozma yoki bosma shaklda, san'at asari ko'rinishida yoki bolaning tanloviga ko'ra boshqa vositalar yordamida izlash, olish va uzatish erkinligini o'z ichiga oladi"[3].
Mazkur moddaning ikkinchi bandida bunday huquqning amalga oshirilishi ba'zi bir cheklashlarga duch kelishi mumkinligi ko'zda tutilgan. Ayni chog'da ular faqat qonunda ko'zda tutilgan cheklashlardan iborat bo'ladi. Bunday cheklashlar: a) boshqa shaxslarning huquqlari va sha'nini hurmat qilish uchun hamda b) davlat xavfsizligi yoki jamoat tartibini, aholining sog'lig'i yoki ma'naviyatini muhofaza qilish uchun zarur.
BMTning Balog'atga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov yuritishga doir minimal standart qoidalarida (ushbu hujjat "Pekin qoidalari" deb ham yuritiladi) balog'atga yetmagan bolaning maxfiylikka taalluqli huquqini ta'minlash, xususan, bola haqida axborot tarqatish bilan bog'liq holatlarga va ifoda usullariga jiddiy e'tibor asosida yondashish nechog'li muhim ekani ta'kidlangan qoidalar mavjud. Zero, yoshlar o'z obro'siga yetkazilgan ziyondan ayniqsa qattiq ranjiydi. Obro'ga ziyon yetkazish masalasi yuzasidan o'tkazilgan kriminologiya tadqiqotlari natijalari dalolat berishicha, o'smirlarga nisbatan munosabatda "huquqbuzar" yoki "jinoyatchi" kabi ta'riflarning muntazam ravishda ishlatilishi turli xil salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin ekan.
Shu ma'noda, "Pekin qoidalari"ning 8-qoidasi "Maxfiylikning ta'minlanishi" deb nomlangan. Unda, jumladan, balog'atga yetmagan bolalarni o'z ishi haqidagi ma'lumotlarning (masalan, gumondor yoki sudlangan balog'atga yetmagan huquqbuzar bolalar ismlarining) ommaviy axborot vositalarida chop etilishi bilan bog'liq salbiy oqibatlardan himoya qilish muhim ekani ta'kidlandi.
Ushbu qoidaning birinchi bandida: "yosh o'g'il yoki qiz bolaga keraksiz oshkoralik tufayli ziyon yetishidan yoxud ular obro'siga putur yetkazishdan saqlanish uchun balog'atga yetmagan bolalarning maxfiylikka taalluqli huquqi barcha bosqichlarda hurmat qilinishi zarur",
deb uqtiriladi. Mazkur qoidaning ikkinchi bandi yanada qat'iy va aniq ifoda etilgan bo'lib, "Prinsipga ko'ra balog'atga yetmagan huquqbuzar bolaning shaxsini ko'rsatishga sabab bo'ladigan biror-bir axborot chop etilmasligi kerak".
"Pekin qoidalari" talabiga ko'ra shaxs manfaatlari imkon qadar himoya qilinishi va kafolatlanishi lozim. Shu jihatdan 8-qoidada bayon etilgan umumiy me'yorlar 21-qoidada yanada aniqlashtirilgani e'tiborga loyiqdir. "Protokollar" deb ataluvchi ushbu qoidada ish protokollari yoki materiallari bilan bog'liq nizoli manfaatlar, aynan: politsiya, prokuratura organlari va boshqa organlar manfaatlari o'rtasida nazorat qilish funksiyasini va balog'atga yetmagan huquqbuzar bola manfaatlari ijrosini yanada takomillashtirish maqsadidan kelib chiqib, muvozanat o'rnatishga harakat qilinadi.
Masalan, 21-moddaning birinchi bandida: "Balog'atga yetmagan huquqbuzar bolalar ishi materiallari qat'iy ravishda maxfiy saqlanishi zarur va uchinchi shaxslarga berilishi mumkin emas. Bunday materiallarni foydalanish uchun ruxsat etilgan shaxslar doirasi mazkur ishni bevosita o'rganayotgan shaxslar yoki tegishli vakolatga ega boshqa shaxslar bilan cheklangan bo'lishi shart" deb ta'kidlangan.
Albatta, bu yerda qo'llanilgan "Tegishli vakolatga ega boshqa shaxslar" iborasi odatda boshqa shaxslar qatorida tadqiqotchilarni ham anglatishini eslatish joiz. Shu bilan bir qatorda, balog'atga yetmagan huquqbuzar bolalar ishi materiallari katta yoshdagi huquqbuzarlar ishini o'rganish paytida xuddi o'sha huquqbuzar bilan bog'liq bo'lgan keyingi hollarda foydalanilmasligi kerak.
Boshqa bir hujjat - BMTning Balog'atga yetmagan bolalar o'rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan dasturiy prinsiplarida ("Ar-Riyod dasturiy prinsiplari") "Ommaviy axborot vositalari" degan alohida bo'lim ko'zda tutilgan. Bu bo'lim beshta (39,40,41,42 va 43-) prinsipni o'zida qamraydi.
Xususan, 39-prinsipga muvofiq, ommaviy axborot vositalarining o'smirlarni axborotlar va turli milliy va xalqaro manbalar materiallari bilan ta'minlanishi rag'batlantirilishi lozim. 40-prinsipda ommaviy axborot vositalarining yoshlarning jamiyatda tutgan ijobiy rolini yoritishi rag'batlantirilishi lozimligiga ham urg'u beriladi. Ommaviy axborot
vositalari orqali jamiyatda yoshlar uchun tegishli xizmatlar va imkoniyatlar mavjudligi haqidagi ma'lumotlarning keng yoyilishi rag'batlantirilishi kerakligi esa 42-prinsipda aks etgan.
"Ar-Riyod dasturiy prinsiplari"da ommaviy axborot vositalarini to'laligicha hamda qisman televidenie va kinematografiyani pornografiya, giyohvandlik va zo'ravonlik bilan bog'liq materiallarni ko'rsatishni kamaytirishi, zo'ravonlik va ekspluatatsiyani salbiy tasvirlashi, shuningdek, bolalar, ayollar va shaxsiy munosabatlarni qadr-qimmatni haqoratlaydigan shaklda ko'rsatishdan ayniqsa ehtiyot bo'lishi va teng huquqlilik prinsiplarini targ'ib etishi uchun rag'batlantirish lozim ekaniga ham e'tibor qaratiladi (42-prinsip).
Bundan tashqari, mazkur hujjatning 43-prinsipiga ko'ra, ommaviy axborot vositalari o'zining ulkan ijtimoiy roli va javobgarligini, shuningdek, ko'pincha yoshlarning giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar bilan bog'liq suiiste'molliklari haqidagi axborotlarni tarqatish yo'li bilan ko'rsatadigan tegishlicha ta'sir etish imkoniyatini his etish zarur. Ular muvozanatli yondashuvga asoslangan tegishli axborotlarni uzatish yo'li bilan giyohvandlikning oldini olishda o'zining ana shu imkoniyatlarini ishga solish darkor. Barcha bosqichlarda giyohvand moddalarning zarari haqida axborot tarqatish bo'yicha samarali kampaniyalar o'tkazishga ko'maklashish lozim.
BMTning qamoqda saqlash bilan bog'liq bo'lmagan choralarga doir minimal standart qoidalarida ("Tokio qoidalari"da) ham - mazkur hujjat maqsad-muddaolaridan kelib chiqqan holda - biz ko'rib chiqayotgan mavzuga aloqador qoidalar mustahkamlab qo'yilgan. Jumladan, 22-qoidaning birinchi bandida belgilanishicha: "qamoqda saqlash bilan bog'liq bo'lmagan choralarni qo'llash topshirilgan xizmatlar, jinoiy odil sudlov tizimining boshqa organlari, ham hukumatga qarashli, ham nohukumat ijtimoiy taraqqiyot va ta'minot muassasalari o'rtasida sog'liqni saqlash, uy-joy qurilishi, ta'lim va bandlik, shuningdek, ommaviy axborot vositalari sohalarida o'zaro aloqa o'rnatishga ko'maklashish uchun turli darajalarda tegishli mexanizmlar yaratilishi kerak".
Ko'rinib turibdiki, balog'atga yetmagan bolalar huquqlariga oid xalqaro hujjatlardagi - tavsiflab o'tilgan - qoida va prinsiplardan xabardor bo'lish ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar uchun bir qator
Ä- R.
ob
qulayliklar tug'diradi. Ya'ni, bola huquqlariga oid xalqaro andazalardan xabardorlik avvalo ushbu me'yorlarga amal qilish, ularni buzmaslik sharti ijobatini ta'minlaydi. O'z galida, bu boradagi huquqiy xabardorlik bola huquq va manfaatlari himoyasidek o'ta nozik, ayni chog'da, muhim mavzuni samarali va oqilona yoritish imkoniyatlarini izchil kengaytiradi.
Bundan tashqari, 2005 yili "Evropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining insoniylik mezonlari bo'yicha hujjatlari" to'plami o'zbek tilida nashr etildi[4]. Ushbu nashr Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YeXHTning Toshkentdagi Markazi sa'y-harakatlarining natijasidir.
Akademik A.Saidov YeXHTning inson huquqlariga qaratilgan hujjatlarini rus tilidan o'zbek tiliga tarjima qilish jarayonida duch kelingan qiyinchiliklarga to'xtalar ekan, xalqaro hujjatlar tilining murakkabligi, o'zbek tili tabiatiga zid o'laroq ularda qisqartma so'zlarning ko'p qo'llanilishi, xalqaro atamalarni qo'llash masalasi, hamma so'zlar hamma vaqtda ham to'g'ridan-to'g'ri tarjima qilinmasligi kabi o'ziga xos jihatlarni misollar yordamida ilmiy izohlaydi. Xususan, rus tilidagi "chelovecheskoe izmerenie" so'z birikmasini tarjima qilishda bir necha variantlar mavjud edi: "insoniy mezon", "insoniy o'lchovlar", "insoniylik mezoni", "insoniylik mezonlari". Lekin oxirida mantiqan to'g'ri hisoblangan "insoniylik mezonlari" so'z birikmasida to'xtaldik, deydi olim.
Darhaqiqat, tilimizda har bir so'z, so'z birikmasi, ibora va atamalarning to'g'ri qo'llanilishi g'oyat muhim ahamiyatga ega. Ayonki, birgina "insoniylik mezonlari" so'z birikmasi zamirida inson huquqlari va asosiy erkinliklarining hurmat qilinishini to'la ta'minlash, YeXHT ishtirokchi davlatlari kabi qonun ustuvorligi, demokratiya prinsiplarini ta'min etish va shu munosabat bilan bag'rikenglik muhitini qaror toptirish yuzasidan mamlakatimiz o'z zimmasiga olgan keng qamrovli majburiyatlar demokratik institutlarni mustahkamlash va himoyalash, shuningdek, YeXHT mintaqasida mujassam topgan.
Bu o'rinda so'zlarning har qanday muvaffaqiyatsiz yoxud noto'g'ri qo'llanilishi avvalo ana shunday zalvorli vazifalar miqyosini anglab olishga, teran his etishga xalal bergan, so'z shakliga singdirilgan mazmun mohiyatiga ziyon yetkazgan bo'lur edi.
Kitob sahifalaridan 1975 yilda Xelsinkida qabul qilingan Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik kengashi yakunlovchi hujjati, YeXHK ishtirokchi davlatlari vakillarining 1983 yilgi Madrid uchrashuvi va 1989 yilgi Vena uchrashuvi yakuniy hujjatlari, 1990 yilgi YeXHKning insoniylik mezonlari bo'yicha konferensiya Kopengagen Kengashi hujjati, Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi kabi o'ndan ortiq xalqaro hujjat matni joy olgan. To'plamga Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1996 yilgi Lissabon uchrashuvi hujjati hamda Istanbul uchrashuvi deklaratsiyasi ham kiritilgan.
Bularning barchasi istiqlol yillarida mamlakatimizda inson huquqlari va erkinlari sohasida keng axborot-ma'rifiy faoliyat amalga oshirilayotganidan dalolatdir. O'tgan davrda inson huquqlari bo'yicha 130 tadan ziyod asosiy xalqaro-huquqiy xujjat o'zbek tiliga tarjima qilindi va nashr etildi. Bu jarayon izchil davom etmoqda.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, xalqaro huquqqa ko'ra, so'z erkinligi fundamental huquqlar sirasiga kiradi. Shunga qaramay, so'z erkinligi mutlaq, absolyut huquq emas. Inson huquqlari sohasida qabul qilingan BMTning - 70 ga yaqin, YuNESKOning - 60 dan ortiq, Yevropa Kengashining - 160 dan ziyod, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining - 30 dan ortiq xalqaro konvensiya, deklaratsiya hamda paktlarida so'z va fikr erkinligi sohalari ham xalqaro-huquqiy tartibga solingan.
Bugungi kunda O'zbekistonda xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko'tarilgani juda muhim. Yanada muhimi, har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylanish uchun astoydil intilmoqda.
2020 yil 22 iyunda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining qabul qilinishi xalqimiz uchun ulkan ahamiyatga ega tarixiy voqea bo'ldi. Ushbu strategik hujjatni qabul qilishdan ko'zlangan bosh maqsad - O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlarini belgilab olish.
Milliy strategiyada nazarda tutilgan 14 ta asosiy vazifadan ikkitasi ayni shu mavzudadir. Ya'ni, sakkizinchi va o'n ikkinchi vazifa "so'z va
fikr erkinligi, ma'lumot olish... sohalarida huquqni qo'llash amaliyotini yanada takomillashtirish" hamda "inson huquqlari sohasida axborot-ma'rifiy faoliyatning sifati hamda manzilliligini yaxshilash"dan iborat[5].
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mazkur vazifalar ijrosi doirasida "Inson huquqlari kutubxonasi" turkumida huquqiy adabiyotlar nashr etmoqda. Ushbu nashrlar aholining barcha qatlamlarini qamrab olib, yurtimizning eng chekka hududlarigacha yetib boradi va aholining huquqiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
2021 yilda chop etilgan "So'z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar" to'plami ushbu yo'nalishdagi nashrlardan biridir[6]. Mazkur to'plamda bir qator xalqaro va mintqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan 48 ta xalqaro-huquqiy hujjatning so'z, fikr va axborot erkinligiga doir qoidalari jamlangan.
Kitob ommaviy axborot vositalari xodimlari, xalqaro mavzuni yoritadigan jurnalistlar va ushbu soha faoliyati bilan qiziquvchi barcha kitobxonlar uchun foydalidir. To'plamning o'ziga xos xususiyatlariga muxtasar to'xtalamiz.
Birinchidan, to'plamning birinchi bobida Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YuNESKO va Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasining inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalaridagi so'z, fikr va axborot erkinligiga doir normalardan namunalar keltirilgan.
Uchta muhim xalqaro-huquqiy hujjat - Raqamli texnologiyalar davrida fikrni ifoda etish va saylovlar erkinligi to'g'risidagi qo'shma deklaratsiya, Xalqaro raddiya huquqi to'g'risidagi konvensiya hamda Mustaqil va plyuralistik Afrika matbuotini qo'llab-quvvatlash to'g'risida Vindxuk deklaratsiyasi esa to'liq holda va ilk bor o'zbek tilida chop etilmoqda.
Ikkinchidan, to'plamning ikkinchi bobida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashi, Amerika davlatlari tashkiloti, Afrika davlatlari tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi mintaqaviy hujjatlarining so'z, fikr va axborot erkinligi bilan bog'liq normalari taqdim etilgan.
Bunda Yevropa Kengashining Fikrni ifodalash va axborot erkinligi to'g'risidagi deklaratsiyasi, Inson huquqlari to'g'risidagi Amerika konvensiyasi, Inson va xalqlar huquqlari to'g'risidagi Afrika xartiyasi,
shuningdek MDHning Inson huquqlari va asosiy erkinliklari to'g'risidagi konvensiyasidagi so'z, fikr va axborot erkinligiga doir normalar kitobxon e'tiboriga havola qilingan.
Uchinchidan, to'plamning uchinchi bobida nohukumat yo'nalishdagi xalqaro anjumanlar va nodavlat tashkilotlar qabul qilgan so'z, fikr va axborot erkinligiga taalluqli xalqaro-huquqiy hujjatlar jamlangan.
Ayniqsa, Iogannersburg prinsiplari, Sofiya Deklaratsiyasi, Talluar Deklaratsiyasi kabi xalqaro hujjatlar, bir tomondan, fikrni ifodalash va axborot erkinligi borasidagi muhim qoidalari bilan mashhur bo'lsa, ikkinchi tomondan, ushbu hujjatlarning matni birinchi marta o'zbek kitobxoniga davlat tilida taqdim etilayotgani ahamiyatlidir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:
1. Xalqaro gumanitar huquq: Jeneva konvensiyalari to'plami / Kirish so'zi muallifi va mas'ul muharrir A.X.Saidov. - T.: "Adolat", 2002.
2. O'zbekiston Respublikasi va inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar. Inson huquqlari bo'yicha universal shartnomalar / Mas'ul muharrir A.X.Saidov. - T.: "Adolat", 2002.
3. Balog'atga yetmagan bolalar huquqlariga oid xalqaro hujjatlar / Kirish so'zi muallifi va mas'ul muharrir A.X.Saidov. - T.: Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, 2002.
4. Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining insoniylik mezonlari / Mas'ul muharrir A.X.Saidov. - T.: "Adolat", 2002.
5. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi Farmoni // O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi // https://lex.uz/docs/4872355/
6. So'z, fikr va axborot erkinligi: xalqaro-huquqiy asoslar. Huquqshunos-jurnalistlar uchun qo'llanma//Tuzuvchi G'.Mirzo; so'zboshi muallifi va mas'ul muharrir A.X.Saidov. - T.: Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, 2021.
7. Sharipov, R., & Hasanova, S. (2021). The ideological basis of the jadidist movement. Asian Journal of Multidimensional Research (AJMR), 10(1), 265-270.