International scientific journal "Interpretation and researches"
Volume 2 issue 19 (41) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2
"RAQS TEATRI"NI YARATISH YO'LIDAGI IZLANISHLAR
Shoira Hamidova
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti "Dramatik teatr va kino san'ati" kafedrasi dotsenti
Annotatsiya: ushbu maqolada "Raqs teatri"ni yaratishdagi ikki ijodiy izlanish bosqichi tadqiq etilgan. Birinchisida Mukarrama Turg'unboyevaning "Tanovar", "Katta o'yin" kabi yetuk raqslari o'ziga xos "raqs teatri" asarlari sifatida baholanib, shu nuqtai nazaridan tahlil etiladi. Ikkinchi qism Y.Ismatova tomonidan asos solingan "Tanovar" raqs teatrining ijodiy yo'li va uning eng yetuk raqs teatr spektakllari ko'zdan kechiriladi. Yigirma yil davomida birinchi o'zbek raqs teatri sifatida faoliyat ko'rsatgan bu jamoaning ijodiy tajriba va an'analari raqs san'atiga qiziquvchi yosh avlod san'atkorlari uchun xizmat qilishi mumkin.
Kalit so'zlar: raqs, spektakl, g'oya, tamoyil, tanavor, opera, balet, raqqosa, baletmeysert.
Аннотация: в данной статье исследуются два этапа творческих поисков в создании «Театра танца». В первой зрелые танцы Мукаррамы Тургунбаевой, такие как «Тановар» и «Катта Ойин», оцениваются как уникальные «театральные» произведения и анализируются с этой точки зрения. Во второй части рассматривается творческий путь театра танца «Тановар», основанного Ю. Исматовой, и его наиболее передовые постановки театра танца. Творческий опыт и традиции этого коллектива, уже двадцать лет действующего как первый узбекский театр танца, могут послужить молодым артистам, интересующимся танцевальным искусством.
Ключевые слова: танец, спектакль, идея, принцип, танцовщик, опера, балет, танцовщик, балетмейстер.
Abstract: this article explores two stages of creative research in the creation of "Dance Theater". In the first, Mukarrama Turgunbayeva's mature dances such as "Tanovar" and "Katta Oyin" are evaluated as unique "dance theater" works and analyzed from this point of view. The second part examines the creative path of the "Tanovar" dance theater founded by Y. Ismatova and its most advanced dance theater performances. The creative experience and traditions of this team, which has been operating as the first Uzbek dance theater for twenty years, can serve young artists interested in dance art.
Key words: dance, performance, idea, principle, dancer, opera, ballet, dancer, ballet master.
Raqs teatri deganda beixtiyor ko'z o'ngimizda Mukarrama Turg'unboyevaning raqslari qad ko'targandek bo'ladi. Turg'unboyevaning har bir raqsi o'z debochasi, rivoji va yakuniga ega yaxlit teatr sahna asari timsoli tasavvurini beradi. Bu raqslar orasida uning "Tanavor" raqsi o'zining alohida hissiy sarqatlam, kishini o'y va fikrga tortuvchi muhim umumlashmalari bilan mahobatli bir san'at na'munasiga aylanadi. Bu san'atkor iste'dodining naqadar yuqori va betinim mashq va mehnatining buyuk tortig'idir.
Mukarrama Turg'unboyeva o'z raqs maktabini yaratgunga qadar avval musiqali teatr, O'zbek Davlat opera va balet teatrlarida baletmeyster sifatida faoliyat ko'rsatib, musiqali drama va opera spektakllari uchun ko'plab raqslar yaratdi. Uning usta Olim Komilov, Yusuf qiziq Shakarjonovlar bilan hamkorlikda qator balet spektakllarni yaratganligi ayniqsa e'tiborlidir. "Paxta", "Shohida", "Gulandon" kabi baletlar o'zbek milliy raqs an'analari bilan yo'g'rilgan Yevropacha usuldagi milliy baletlar sifatida o'rin olgan.
Yevropacha badiiy tamoyillarga asoslangan balet uslubini borlig'i bilan o'zbek milliy raqs san'atida shakllangan san'atkorning qarashlariga mos tushmasligi tabiiy edi. San'atshunos olima L.Avdeyevaning buyuk raqqosa ijodiga bag'ishlangan kitobida "Mukarrama Turg'unboyeva balet raqsini qabul qilmadi" deya juda o'rinli ta'kidlab, uni buyuk rus balerinalaridan G.Ulanova, M.Plesetskayalarning mahoratidan xayratga tushganligini ta'kidlaydi. Ularning o'z san'ati bilan insonning ruhiyatiga ta'sir ko'rsatishi M.Turg'unboyevani hayratga solgan edi. Shu ma'noda uni ayniqsa "Oqqush ko'li" baletidagi oqqush o'lim sahnasi ta'sir etgani va "Tanavor" raqsini yaratishda turtki bo'lganini uqtiradi.
San'atshunos L.Avdeyeva Turg'unboyevaning raqslarini yillar davomida o'rganib, turli sharoitlarda ko'rib, kuzatib bu san'atning siri nimada ekan degan savolga javob izlab, hech qanday sir yo'q ekan, u sahnaga chiqdimi, o'z raqsi og'ushida yashab, ya'ni raqs harakatlari sahnaviy yashash tarziga aylanar ekan degan xulosaga keladi. U o'rganilgan harakatlarni takrorlamas, ularni shu lahzada tomoshabinning ko'z o'ngida o'zidan o'zi tug'ilayotgan ifoda omillari tarzida namoyon bo'lar edi. Biz buni kechinma san'ati deymiz, ko'pgina buyuk o'zbek drama aktyorlarning ijodi shu uslubga asoslangan. M.Turg'unboyeva oqqushning o'limida, yashash sari talpinishlarida, insonning sevish va yashashga bo'lgan ishtiyoqi , uning ezgu intilishlarini ko'rgandek edi.
"Tanavor" raqsini L.Avdeyeva raqs-monolog va eng sirli raqsdir, deydi. Unda insonning ichki his-kechinmalari, nozik va timsoliy ma'noga umumlashgan obrazlar orqali namoyon bo'lgan. M.Turg'unboyeva raqslarni qandaydir tilsimot ta'siriga tushgandek borlig'imiz bilan berilib tomosha qilamiz. Raqs tugagach qarsaklar ham uncha ko'tarilmaydi, lekin uni ko'nglimiz to'ymaguncha uni sahnadan chiqarmaymiz. Sababi u o'z raqslarining sehri bilan ko'nglimizni olib bo'lgan va
bizni o'ziga tobe qilib qo'ygan edi. Bu nima hisobiga bo'ldi? Bu uning insonning ruhiy olamiga kirish mahorati, sahiy qalb xarorati, insonga nisbatan bo'lgan mehr-oqibat hisobiga amalga oshdi.
M.Turg'unboyeva insonni ma'naviy komillik ruhida tarbiyalashda o'z raqs maktabini to'la tasdiqlash,chinakam xalq mulkiga aylantirish maqsadida 1954-yili "Bahor" raqs ansamblini tashkil etadi. Ansambl tez fursat ichida xalqning olqishiga sazovor bo'ladi va unga hukumat tomonidan O'zbekiston Davlat raqs ansambli degan nom beriladi. Bu milliy san'atimiz rivojida tarixida ro'y bergan ajoyib voqea edi.
Biz raqs teatri haqida so'z ochayotgan ekanmiz, bu san'at - teatr turini dunyoga kelishida raqs ansamblida ulkan raqqosalar jamoasida har bir raqsni teatr mulki, kichik teatr spektakl sifatida yaratilganligi va Turg'unboyeva maktabini butun o'zbek raqs san'atining asosiy maktabi - uslubiga aylanib borganligini alohida ta'kidlash lozim bo'ladi.
Turg'unboyevaning eng sara raqslari o'z mohiyati e'tiboridan maqom san'atiga xos, inson qalbini tarbiyalashga qaratilganligi bilan ko'zga tashlanib turadi.
Turg'unboyeva o'zi ijro etgan va sahnalashtirgan raqslari mumtoz raqslar tarzida xozirda ham yashashda davom etib keladi. Nega biz ularni raqs asari deb atadik? Sababi, ularning tub mazmuni va mohiyati inson timsolini yaratish bilan bog'liq. Tashqi jihatdan jozibador, ko'ngil ochish vositsiga aylangan raqs, teatr raqsi mahsuli bo'la olmaydi.
Raqs teatri, teatr san'atining alohida turi bo'lib birinchi o'zbek raqs teatri 1984-yili barpo etildi. Uni O'zbekistonda hizmat ko'rsatgan san'at arbobi Yulduz Ismatova tashkil etgan edi. "Tanovar" deb atalgan bu jamoa yigirma yil yashashda davom etdi. Y.Ismatova yigirma yillik mehnati samarasini ko'rmayoq 2004-yili yorug' dunyoni tark etdi. Bu fidoyi san'atkorning spektakllari odamlar xotirasida qoldi. Ayniqsa ijodkorning izlanishlarini kuzatib, keragida maslahatlar bergan san'atshunoslik fanlari doktori, professor T.Tursunovning "Raqs teatr sanami" [1.] degan ajoyib tahliliy maqola bizga meros bo'lib qoldi.
Y.Ismatova teatr san'atining raqs teatridek yangi turini yaratishdek ezgu maqsadga qo'l urdiki, bu haqiqiy ijodiy jasoratdir. Yangi so'zi aslida yangi emas. Boisi drama teatrining o'zi raqs teatridan dunyoga kelgan. Raqqos - aktyor qadimda o'z harakat va raqslari bilan estetik his-kechinma uyg'otish qatori insoniy va ijtimoiy munosabatlar g'oya ifodachisi, ijodkor sifatida ko'ringan.
T.Tursunov raqs teatrini tuzish Y.Ismatovaning qismatiga aylanganligini uqtiradi. Raqqosa, aktrisa, rejissyor Yulduz Ismatovaga tol'e o'zbek milliy raqs teatrining sanami bo'lishni taqazo etdi, - deb boshlaydi muallif o'z maqolasini, uni xuddi qismatdek yelkasiga yukladi, uning vujudi va shuurini raqsni teatr bilan bog'lash, orzumi, intilishmi hali o'ziga noaniq maqsad edi" - deydi.
Kashfiyotlar osonlikcha dunyoga kelmaydi, buning uchun o'zini bahsh etmoq kerak. Ismatova maqsadiga erishguncha uzoq va mashaqqatli izlanish yo'lini bosib o'tdi. Dastlab xoreografiya bilim yurtini tugatdi, raqqosa sifatida Muqimiy nomidagi musiqali teatrda ishlay boshladi, aynan shu faoliyati davomida unga maqsadi sari yo'l ochila boshladi. Raqqosalik iste'dodining alohida maftunkorligi bilan M.Turg'unboyeva e'tiboriga tushdi, uning shogirdiga aylandi va ustozning dalda va yordamlari bilan maqsad sari intilishda davom etdi. Avval M.Uyg'ur nomidagi Toshkent Davlat san'at instituti aktyorlik, so'ng 1984-yili rejissyorlik bo'limlarini tugatdi.
Y.Ismatovani o'sha kezlari O'zbekiston televideniyesi qoshida ochilgan raqs ansambliga rejissyor sifatida taklif etilishi uning raqs teatri tuzishdek ezgu maqsadini ro'yobga chiqishida muhim voqea bo'ldi.
Ismatovani ijodiy rejani ro'yobga chiqarishda naqadar to'g'ri, ilmiy asoslangan yo'l tuta olgani, uni rejissyor, yirik ijodkor shaxs ekanidan dalolat beradi. Raqs teatri faqat raqsga asoslanadi, unda insoniy munosabatlar, murakkab ichki kechinmalar barchasi faqat raqs orqali namoyon etiladi. Shunday vazifani ansambl raqqosalari ado eta olarmikan? Ismatova shu savolga javob topish, har bir ishtirokchining nimaga qodirligini bilish uchun ularni mumtoz raqslar ijrosida sinab ko'rishga qaror qildi. Bu juda jiddiy sinov edi.
Alisher Navoiyning "Sabbai sayyor" asari asosida yaratilgan "Sevgi nidosi" spektakli Y.Ismatovaning raqs teatri yo'nalishidagi birinchi qadam desa bo'ladi. Dramatik voqealar tizimiga boy libretto muallifi Y.Ismatova va musiqa muallifi M.Boboyev. Yana muhim jihati uning markazida ikki bosh qahramon: Dilorom va Bahrom obrazlarini ifodalanishi bo'ldi. "Sevgi nidosi"da san'atkorning uzoq vaqt davomida rejalashtirib yurgan intilish va g'oyalari namoyon etilgan.
Raqs teatri asarning g'oyaviy qiymati shundaki, ular ijtimoiy ma'nosi, ahamiyati teran voqealar asosiga qurilgan. "Ulug'bek burji" , "Qadimiy marosimlar", "Temuriy malikalar", "Uvaysiy", "Moziydan sado" kabi asarlardir. "Temuriy malikalar" spektaklida buyuk Sohibqiron Temur obrazini yaratilishining o'zi ajoyib hodisadir.
Ismatova o'zi sahnalashtirgan barcha asarlari librettosini o'zi yaratgan. Bunga u to'la haqli edi, sababi raqs, plastika, voqealar orqali qanday keng va go'zal namoyon bo'lishini baletmeysterning o'zigina biladi. Ismatova "Temuriy malikalar" asariga mazmunan ko'lamdor va raqsda chinakam nafosat ifodasiga aylanishi mumkin bo'lgan voqealar tizimini topgan. Bu yerda Sohibqiron qatori Bibixonim ham asosiy qahramon tarzida ko'rinadi. Ularning nabiralari Halilsulton bilan uning sevgilisi Shodimulkxonim orasidagi ishqiy munosabat bosh voqeaga aylangan.
Y.Ismatova spektakllarida raqs teatrining badiiy estetik xususiyatlariga xos tub tamoyillar o'z ifodasini topgan. "O'zbek raqs teatri ijodkorining, xususan Y.Ismatovaning e'tiborli yutuqlaridan biri, raqs spektakllariga teran mavzu va
g'oyalarni singdira bilishida ko'rinadi. Qaysi spektaklni olmaylik, bu xususiyat yaqqol ko'zga tashlanadi" - deb yozdi T.Tursunov.
Bu e'tirof va ta'rifning o'rinliligi shundaki, raqs teatri ham drama teatri kabi inson timsoli ifodasi orqali insonga xos eng jiddiy muammolarni o'z ifoda omillari orqali badiiy tadqiq etishga qaratilgan san'atdir.
Y.Ismatovaning "Tanovar" teatri O'zbekistonda keng tanilishi qatori o'z spektakllari bilan Fransiya, Belgiya, Gollandiya kabi mamlakatlarda ijodiy safarda bo'lib xorijda ham e'tirof etilgan jamoa sifatida tarixda qoldi.
Foydalangan adabiyotlar:
1. Avdeyeva L. O'zbek milliy raqs tarixidan. Mukarrama Turg'unboyeva nomidagi "O'zbekraqs milliy raqs birlashmasi" -T.: 2001.
2. Avdeyeva L. Mukarrama Turg'unboyevaning raqsi. -T.: G'afur G'ulom.
3. Tamaraxonim. Moya jizn. -T.: O'zME, 2009.
4. Tursunov T. Sahna va zamon. -T.: Yangi asr avlodi, 2007.