Научная статья на тему '“OSHIQ ELINING KO‘KSIGA O‘T QALAB O‘TTUM…”'

“OSHIQ ELINING KO‘KSIGA O‘T QALAB O‘TTUM…” Текст научной статьи по специальности «Науки о Земле и смежные экологические науки»

CC BY
1498
60
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
ilohiy ishq / g’azal janri / radif / tashbeh / istiora / mubolag’a / nafs tarbiyasi / Qur’on / hadis. / divine love / ghazal genre / radif / allusion / metaphor / exaggeration / cupidity / Qur'an / hadith.

Аннотация научной статьи по наукам о Земле и смежным экологическим наукам, автор научной работы — D. Zaripova

Ushbu maqolada Boborahim Mashrabning “O‘ttum” radifli g’azali va unga nazira bog’lagan Xojanazar Huvaydoning “O‘ttum” radifli g’azali qiyosan tahlil qilingan. Unda ikki ijodkorning g’oyaviy yo‘nalishi, badiiy mahorati, ilohiy ishq va nafsni qoralash tasvirining o‘ziga xosligi tahlil qilingan. G’azallar tahlilida tashbeh, istiora, mubolag’a san’atlarining mohirona qo‘llanganligi asoslab berilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

"I PUT FIRE INTO THE CHEST OF MY BELOVED..."

In this article, Boborahim Mashrab's ghazal "O'ttum" and Khojanazar Huvaido's ghazal "O'ttum" are compared. It analyzes the ideological direction, artistic skills of the two creators, the uniqueness of the image of divine love and self-denial. In the analysis of ghazals, the skillful use of allusions, metaphors, and exaggeration is justified.

Текст научной работы на тему «“OSHIQ ELINING KO‘KSIGA O‘T QALAB O‘TTUM…”»

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

"OSHIQ ELINING KO'KSIGA O'T QALAB O'TTUM..."

Zaripova Dilfuza Baxtiyorovna

TIQXMMIMTU Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti o'qituvchisi Filologiya fanlari

bo'yicha falsafa doktori (PhD) https://doi.org/10.5281/zenodo.7357321

Annotatsiya. Ushbu maqolada Boborahim Mashrabning "O'ttum" radifli g'azali va unga nazira bog'lagan Xojanazar Huvaydoning "O'ttum" radifli g'azali qiyosan tahlil qilingan. Unda ikki ijodkorning g'oyaviy yo'nalishi, badiiy mahorati, ilohiy ishq va nafsni qoralash tasvirining o'ziga xosligi tahlil qilingan. G'azallar tahlilida tashbeh, istiora, mubolag'a san'atlariningmohirona qo'llanganligi asoslab berilgan.

Kalit so'zlar: ilohiy ishq, g'azal janri, radif, tashbeh, istiora, mubolag'a, nafs tarbiyasi, Qur'on, hadis.

"Я ЗАКАЛ ОГОНЬ В ГРУДЬ МОЕГО ЛЮБИМОГО..."

Aннотация. В данной статье сравниваются газель Боборахима Машраба "Уттум" и газель Ходжаназара Хувайдо "Уттум". Анализируются идейная направленность, художественное мастерство двух творцов, своеобразие образа божественной любви и самоотречения. При анализе газелей оправдано умелое использование аллюзий, метафор, преувеличений.

Ключевые слова: божественная любовь, жанр газели, радиф, аллюзия, метафора, преувеличение, aлчность, Коран, хадис.

"I PUT FIRE INTO THE CHEST OF MY BELOVED..."

Abstract. In this article, Boborahim Mashrab's ghazal "O'ttum" and Khojanazar Huvaido's ghazal "O'ttum" are compared. It analyzes the ideological direction, artistic skills of the two creators, the uniqueness of the image of divine love and self-denial. In the analysis of ghazals, the skillful use of allusions, metaphors, and exaggeration is justified.

Keywords: divine love, ghazal genre, radif, allusion, metaphor, exaggeration, cupidity, Qur'an, hadith.

Xojanazar Huvaydo XVIII asr o'zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, mutasavvufiy shoirdir. U o'z she'riarini mumtoz o'zbek tilida yozgan. Uning she'riy uslubi ko'proq Ahmad Yassaviy va Mashrab ijodiga hamohangdir. Huvaydo g'azallari badiiy jihatdan g'oyat pishiq-puxta bo'lib, ularda turli-tuman badiiy san'atlardan mohirona foydalanish, til bezaklari, so'z o'yinlari, Qur'on va hadislardan o'rinli foydalanish xususiyati bilan o'ziga xoslikka ega.

Biz quyida Huvaydoning "O'ttum" radifli g'azalini Mashrabning "O'ttum" radifli g'azali bilan qiyosan tahlilga tortamiz. Huvaydo bu g'azalini Mashrab g'azaliga nazira sifatida yozgan. Mashrabning "O'ttum" radifli g'azali shoirning ishqdagi holati, tariqat-poklanish yo'lidagi a'moli tasviri va tavsifiga bag'ishlangan. She'rning birinchi baytida Olloh bilan yaqinlik hosil qilgan va buning natijasida o'zining jismoniy o'zligidan kechib borayotgan oshiq timsolini ko'ramiz:

Mashrab g'azalida: "Ishq vodisidin bir kecha men hay-haylab o'ttum, Monandi nayiston guliga o't qalab o'ttum".

Baytda ishq bir vodiyga o'xshatilmoqda. Bu vodiyda oddiygina qadam tashlab yurib bo'lmaydi, ya'ni qalbni yondirib, o'zini yo'qotgan telbadek hay-haylab o'tiladi. Ikkinchi misradagi nayiston qamishzor ma'nosini beradi. Ishq vodiysidan o'tishda xuddi qamishzor

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

guliga o't qalaganday bo'ldim. Qamishzor guliga o't qalashning ma'nosi nima? Tasavvuf istilohi (atamasi)ga ko'ra nay ilohiy ishq bilan to'lgan qalbning ramzi, shundan kelib chiqsak, nayiston oshiqlar - ishq ahlidir. Demak, oshiqning o'zini bilmas darajadagi o'rtanib kuyishlari ishq ahliga ham ta'sir etib, barchasining ommaviy yonishiga sabab bo'ladi.

Huvaydo g'azalida: "Dunyoga kelib dunyoni bir shattalab o'ttum,

Monandi nayiston guliga o't qalab o'ttum".

Huvaydo bu misralarda Mashrabdan farqli ravishda, bu dunyoda- dunyoni, ya'ni nafsni yengib, qamishzor guli-nayga ishq olovini yoqdim deydi. Mashrabning ishqni vodiyga o'xshatishi, Huvaydoning qalbdagi oh bilan oshiqlar qalbini yondirishini qamishzorga o't qalashga o'xshatishidan. (Mashrab g'azalida ham shunday) tashbeh she'riy san'ati yuzaga kelgan.

Mashrab g'azalida: "Ofoqni bir lahzada kezdim na ajabdur,

Mino tog'idin akkasifat hakkalab o'ttum".

Ofoq-butun olam ma'nosida kelgan. Mino-haj marosimi davomida shaytonga tosh otiladigan va jonliq so'yib qurbonliq qilinadigan tepalik. Haqqa bo'lgan ishq shunday bir qudratki, u orqali ichki olamini poklagan oshiq olamni bir lahzada kezib chiqa oladi. Hakkaning bir sakraganichalik vaqt oralig'ida hojilarning butun haj davomida qiladigan amallarini bajarib, shaytonni zabun holiga keltirib qo'yadi. Ushbu holatni shoir mubolag'a hamda tashbeh (hakkaga o'xshatish) orqali ifodalaydi.

Huvaydo g'azalida: "Boyo'g'li kabi kulbayi vayrona qilib man,

Xurshidi jafo issig'idin tashna lab o'ttum"

Huvaydo oshig'i o'zini hakka qushiga emas, boyo'g'liga o'xshatadi. Oshiq boyo'g'li kabi vayronani kulba qilgan, quyoshning jafo issig'idan suvsirab tashna holga kelgan holda tasvirlanadi. Buning sababi ilohiy ishqda o'rtangan oshiq holati gavdalangan. Huvaydoning bu misrasida ham tashbeh san'ati yuzaga kelgan. Keyingi baytda ham tashbeh bor, ya'ni oshiq parvonaga o'xshatiladi:

Mashrab g'azalida: "Ottim fash-u dastorini devonalig' aylab, Parvonasifat jonimi o'tqa qalab o'ttum".

Fash-sallaning pechi, dastor-salla. Parvona olov atrofida aylanib, kuyishdan tiyilmaydi. Oshiq ham parvona kabi o'zini ishq o'tiga uradi. Olovga o'zini otish - bu devonalik belgisi. Devonada esa na dastor va na uning pechi qoladi.

Keyingi to'rt baytda o'tkinchi dunyoga tasavvuf ahlining munosabati aks etgan.

Mashrab g'azalida: "Bildimki, vafosi yo'q ekan ushbu jahonni, Mardona bo'lib, balki, etak siltalab o'ttum".

Olamning vafosi yo'q, buni anglagan kishigina - Ollohning do'sti bo'ladi.

Mashrab g'azalida: "Dunyo yasanib, jilva qilib oldimga keldi,

"Borg'il nariga!" - deb ketig'a shattalab o'ttum".

Haqiqiy ishq egalari dunyo jilva qilib kelsa, dunyoning ketiga shattalab urib, o'zidan nari haydaydi. Nafs bandalari esa dunyo ketidan quvadi, uning uchun butun umrini sarf etadi. Ushbu baytda she'riy san'atlardan jonlantirishning tashxis ko'rinishi qo'llangan: dunyo odam kabi yasanib, jilva qilib mardona so'fiy oldiga keladi.

Mashrab g'azalida: "Bildimki, oni dushmani makkorayi ayyor, "Lo!" - tirnog'i birla yuzini tirmalab o'ttum".

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

Dunyo yasanib, jilva qilib Haq oshig'ini o'ziga qarata olmaganidan endi ayyor, makkor dushman qiyofasida gavdalanadi. U o'z domiga ilintirish uchun turli makr, ayyorliklar qila boshlaydi. "Lo" arabcha so'z bo'lib, "yo'q" degani. Ya'ni uning bu hiylalariga ham oshiq yo'q deb javob beradi. "Lo" so'zi arab yozuvidagi "lom" hamda "alif "harflaridan iborat. Bu ikki harf uchli bo'lib, uchidan o'ng tomonga biroz tirnoq chiqarib yoziladi. Yozuvdagi shu ko'rinishdan foydalanib, shoir kitobat (harfiy) san'atini yuzaga keltirgan.

Huvaydo g'azalida: "Bildim man ani dushmani makkorayi ayyor, "Lo" tirnog'i birla yuzini tirmalab o'ttum"

Huvaydo misralari ham Mashrab g'azalidagi so'zlarga aynan mos tushgan. Tahlil mazmuni ham bir xil. Faqat bu misralarda Mashrab "bildimki" so'zini qo'llagan bo'lsa, Huvaydo "bildim man" deb ikki so'z bilan ifodalaydi.

Mashrab g'azalida: "Mardoni Xudo dediki: "Dunyo mayi achchig', Achchig'lig'ini bilmak uchun bir yalab o'ttum".

Dunyo mayi - tiriklik, hayot tarzi, uning achchiqligi esa qiyinligidadir.. Uni bir yalash -insonning bitta umrni yashab o'tishi hisoblanadi. Xudoning mardlari (do'stlari) dunyo mayi achchiq, ya'ni hayot yo'li murakkab, unda to'g'ri yo'lni topish yanada qiyin deyishadi. Aslida bularning bari inson uchun bir sinov. Sinovdan o'tish uchun odam bir yashab (bir yalab) o'tishi lozim.

Huvaydo g'azalida: Mardoni Xudolar dedi: "Dunyo mayi achchig', Achchiqligini bilmak uchun bir yalab o'ttum".

Huvaydo misralarida ham so'zlar Mashrab g'azalidagidek bir xil, mazmuni ham hamohangdir. Faqat Mashrab g'azalida "mardoni Xudo" desa, Huvaydo "mardoni Xudolar" deb ("lar") ko'plikda ifodalaydi.

Navbatdagi ikki baytda Mashrab tasavvufdagi bosh masala-nafsni yengish, uni bo'ysundirish yo'llarini ko'rsatadi:

"Nafs kofiri birla tun-u kun qildim urushni,

Tanho qilichi birla urub, qiymalab o'ttum.

Xomush pichog'in har dam oning bo'g'ziga qo'ydim, Cho'g' nayzasi birla ko'zini nayzalab o'ttum".

Tashbeh yo'li bilan nafsni kofirga, tanholikni qilichga, xomushlikni pichoqqa o'xshatadi. Kofir deb Ollohning yo'liga yurmagan, amriga zid amallar qilganlarga aytiladi. Nopok nafs Xudoning amridan bo'yin tovlaydi, insonni kufrga boshlaydi. Shu bois, tasavvufda eng katta jihod insonning o'z nafsi bilan jangidir,-deyiladi. Bu jangda g'olib bo'lish uchun nima qilish kerak,- degan savolga shoir shunday javob beradi: nafs bilan tinimsiz urush holatida bo'lib, uni tanholik qilichi bilan qiymalash, xomushlik pichog'i bilan bo'g'izlash va cho'g'dan nayza qilib, ko'zini nishonga olish kerak.

Huvaydo g'azalida: "Bu kofiri nafsim bila ko'p qildim urushni, Tanho qilichi birla urub hayhaylab o'ttum" Xomush pichog'in har dam ani bag'riga qo'ydim, Ju' nayzasi birla ko'ziga nayzalab o'ttum".

Huvaydo misralarida ham nafs bilan tinimsiz jang olib borilgan, faqat nafsni tanholik qilichi bilan urganda, oshiq ishqi yanada kuchayib telbalardek hayhaylab qoladi. Xomush pichog'i bilan nafsning bag'ri yaralanadi. Ju'(ochlik) nayzasi, ya'ni o'tkir nayza nazarda tutilgan bo'lib, nafsning ko'ziga nayza sanchiladi.

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

Mashrab g'azalida: "Devonayi Mashrab, bu so'zung dardga davodur,

Oshiq elining ko'nglig'a bir o't qalab o'ttum". Bu misrlarda "devona" so'zi oshiq ma'nosida kelgan. Mashrabda oshiqlik aql-u hushni ishg'ol qilgani uchun devonalik darajasiga ko'tarilgan. Bunday oshiqning so'zi ishqsizlik, g'aflat, dunyoparastlik kabi dardlarga davo bo'lishi muqarrar. Bu so'zlar ishq ahli ko'ngliga doimo o't qalab o'tadi. Baytda "o't" so'zi ko'chma ma'noda qo'llangan. Ifoda to'liq shaklda "o't kabi ishqni yoqdim" ma'nosini ko'zda tutadi. Demak, bu o'rinda istiora san'ati qo'llangan. Huvaydo g'azalida: "Devona Huvaydo dedi bu so'zni xush:

Oshiq elining ko'ksiga bir o't qalab o'ttum" Huvaydo g'azal maqtasida o'z ismini keltirib o'zini haqqa oshiq sifatida ko'rsatadi. Men sizga xushso'zni aytay: haqqa oshiqlar ko'ksiga o't kabi ishqni yoqdim,-deydi. Mashrab "ko'ngil" so'zini qo'llagan bo'lsa, Huvaydo "ko'ksi"degan so'zni ishlatadi.

Umuman olganda, Huvaydo ijodiy merosining ko'lami, birinchidan, an'anaviylikni izchil davom ettirganligida; ikkinchidan, shoir adabiy merosi mumtoz adabiyotning an'analari zaminida shakllanib, o'ziga xos joziba va mohiyatga egaligida; uchinchidan, Huvaydo o'zidan ilgari yashab o'tgan shoirlardan ilhomlanib qolmay, maftunkor lirikasi bilan an'analarning davomiyligini ta'minlagan. Bu esa shoirning o'ziga xos yo'li, uslubi borligini, teran va falsafiy fikrlash doirasining kengligini ko'rsatadi.

REFERENCES

1. Alisher Navoiy asarlari lug'ati. -T.:G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti. 1972. -B.237.

2. Boborahim Mashrab. "Mehribonim qaydasan". -T.:G'afur G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti. 1990. -B.112.

3. Xojanazar Huvaydo. Devon.-T.: Yangi asr avlodi. 2007. -B.162.

4. Suvonqulov.I. So'fi Olloyor va uning adabiy an'analari. F.f.dok.dis... Toshkent, 2009.

5. Jumaxo'ja N. Milliy mustaqillik mafkurasi va adabiy meros (XVII-XIX asrlar o'zbek sheriyati asosida)F.f.dok.dis... Toshkent, 1999. -B.220.

6. Zohidov V. Hayotbaxsh badiiyat taronalari. -T.:1975.

7. G'aniyeva S, Zohidov V. Huvaydo xalq dilida. "Qizil O'zbekiston" gazetasi. 1961,15-sentabr

8. Zohidov V. Xalq dilida Huvaydo Chimyoni. "Toshkent oqshomi" gazetasi, 1968, 4-mart.

9. Qayumov A. Qo'qon adabiy muhiti. -T.: Fan.1961.

10. Xudayberdiyev A. Alisher Navoiy va Huvaydo. "Adabiyot va hayot".1980, 6-son.

11. Qur'oni Karim. Alouddin Mansur tarjimasi. -T.: Cho'lpon.1992. -B.197.

12. Zaripova D.B. Didaktik asarlarning qiyosiy-tipologik tahlili. Monografiya. -Buxoro. Durdona. 2022. -B.76

13. Karomatov H. Qur'on va o'zbek adabiyoti. -T.: Fan.1993. -B.5.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.