O'ZBEKISTONDA SUN'IY INTELLEKTNING RIVOJLANISH
ISTIQBOLLARI
Kravchenko Vladimir Vladimirovich
"Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi" DM direktori
Annotatsiya: Ushbu maqolada O'zbekistonda sun'iy intellektning rivojlanish istiqbollari to'g'risida fikr-mulohazalar yoritilgan, muammo va kamchiliklar batafsil yoritilib, ularni bartaraf etish yuzasidan xulosa va takliflar ishlab chiqilgan.
Kalit so'zlar: raqamli iqtisodiyot, sun'iy intellekt, kompyuter tizimlari, mashinaviy o'qitish, inson ongi.
DEVELOPMENT PROSPECTS OF ARTIFICIAL INTELLIGENCE IN
UZBEKISTAN
Kravchenko Vladimir Vladimirovich
Director of the "Digital Economy Research Center" SE
Abstract: In this article, opinions on the prospects for the development of artificial intelligence in Uzbekistan are highlighted, problems and shortcomings are described in detail, and conclusions and proposals for their elimination are developed.
Key words: digital economy, artificial intelligence, computer systems, machine learning, human consciousness.
ПЕРСПЕКТИВЫ РАЗВИТИЯ ИСКУССТВЕННОГО ИНТЕЛЛЕКТА В
УЗБЕКИСТАНЕ
Кравченко Владимир Владимирович
Директор ГУ "Центр исследований цифровой экономики "
Аннотация: В данной статье освещены мнения о перспективах развития искусственного интеллекта в Узбекистане, подробно описаны проблемы и недостатки, разработаны выводы и предложения по их устранению.
Ключевые слова: цифровая экономика, искусственный интеллект, компьютерные системы, машинное обучение, человеческое сознание.
KIRISH
Sun'iy intellekt — informatikaning alohida sohasi bo'lib, odatda inson ongi bilan bog'liq imkoniyatlar: tilni tushunish, o'rgatish, muhokama qilish, masalani yechish, tarjima va shu kabi imkoniyatlarga ega kompyuter tizimlarini yaratish bilan shug'ullanadi. Ushbu tushuncha birinchi bo'lib, 1950-yilda amerikalik matematk olim Alan Turn1ing tomonidan yaratildi va o'sha davrda olim "Mashinalar o'ylay oladimi?" degan savolni o'rtaga tashladi. Turning 1950-yildagi "Hisoblash texnikasi va intellekt" ("computing machinery and intelligence") deb nomlangan maqolasi hamda unda yoritilgan "Turning testi" bugungi kundagi sun'iy intellektga asos bo'ldi, desak to'g'ri bo'ladi.
Sun'iy intellekt (SI) so'nggi yillarda dunyo miqyosida texnologik inqilobni keltirib chiqarmoqda. U nafaqat texnologiya sohasida, balki sog'liqni saqlash, ta'lim, iqtisodiyot, energetika va boshqa ko'plab tarmoqlarda ham chuqur o'zgarishlarga olib keldi. O'zbekiston ham bu sohada jahon tajribasidan foydalanib, o'ziga xos texnologik rivojlanish yo'lini belgilab oldi. Mamlakat SI texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirishda bir qator muhim qadamlarni tashlamoqda.
ADABIYOTLAR TAHLILI
1950-1970-yillarda xorijlik olimlar D. McCarthy, M. Minsky va N. Rochesterlar tomonidan ilk algoritmik yondashuvlar amalga oshirilgan va sun'iy intellektning paydo bo'lishiga turtki bo'lgan. 1980-yillarda ekspert tizimlari va bilim bazalari paydo bo'lishi bilan texnologiya yanada rivojlana boshladi. Adabiyotlar tahlilida sun'iy intellektning asosiy algoritmlari, usullari va modellariga oid ishlar katta ahamiyatga ega. Mashina o'rganish: Mashina o'rganish (Machine Learning, ML) va chuqur o'rganish (Deep Learning) bo'yicha asarlar SIning keyingi avlodi uchun muhim yondashuvlar bo'lib hisoblanadi. Ian Goodfellowning "Deep Learning" kitobi va J. Schmidhuberning ishlari chuqur o'rganish bo'yicha yetakchi adabiyotlar sirasiga kiradi. N. Chomsky va S. Russellning ishlari tilni qayta ishlash sohasida muhim rol o'ynaydi. O'zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarida tilni qayta ishlash bo'yicha SIga oid maxsus adabiyotlar hali ko'p emas, ammo xalqaro adabiyotlar bu borada asosiy manba hisoblanadi. Genetik algoritmlar va evolyutsion hisoblash: Bu yondashuvlar tabiiy tanlanish jarayoniga asoslangan algoritmlar yordamida yechimlarni topishni o'z ichiga oladi. Adabiyotlar ichida K. Deb va J. H. Hollandning ishlari ushbu sohada yetakchi hisoblanadi. SIning rivojlanishi bilan bog'liq axloqiy masalalar bo'yicha asarlar ham alohida o'rganishga loyiqdir. SI texnologiyalarining qaysi darajada axloqiy me'yorlarga rioya qilishi kerakligi, uning inson hayotiga ta'siri, shuningdek, huquqiy me'yorlar va qonunlarga bo'lgan ehtiyoj bu borada muhim mavzulardan biridir. Bu
1 S.Komolov va Sh.Raxmatovlarning Sun'iy intellekt asoslari mashinaviy o'qitish kitobidan olindi.
mavzudagi yetakchi adabiyotlar qatoriga Nick Bostromning "Superintelligence" asarini kiritish mumkin. Sun'iy intellekt texnologiyalarining kelajakdagi rivoji haqidagi ilmiy ishlar va bashoratlar ham muhim o'rin tutadi. Ray Kurzweilning "The Singularity is Near" asari texnologik taraqqiyot va sun'iy intellektning insoniyat hayotidagi o'rni haqida batafsil ma'lumot beradi. 21-asrda sun'iy intellekt (AI) deyarli barcha sohalarda jumladan, muhandislik, fan, ta'lim, tibbiyot, biznes, buxgalteriya, moliya, marketing, iqtisod, fond bozori, huquq va boshqalarda tadqiqotning muhim sohasiga aylandi (Halol (2003)), Masnikosa (1998), Metaxiotis (2003), Raynor (2000), Stefanuk va Jozhikashvili (2002), Tay and Ho (1992) va Vongpinunvatana va boshqalar. (2000)). O'zbekistonda sun'iy intellekt muammolari, shuningdek, raqamli iqtisodiyot va axborot texnolgiyalarini amaliyotga joriy etishning modellari hamda usullari qator ilmiy ishlarda amalga oshirilgan. O'zR FA Akademigi S.S.G'ulomov [21] rahbarligida Raqamli iqtisodiyotda blokchayn texnologiyalari va undan foydalanish yo'llari ishlab chiqilgan. O'zR FA akademiklari M.M.Komilov, T.F.Bekmurodov, t.f.d., prof. D.T.Muxamedievalarning [23-27] tadqiqotlarida sun'iy intellektning istiqbolli texnologiyalari hamda boshqarish qarorlari qabul qilish tizimini intellektuallashtirish model va algoritmlari, noravshan axborot to'plamlarini modellashtirish usullari va yo'nalishlari asoslangan. Professor B.A.Begalov hamda I.Ye.Jukovskayalar tadqiqotlarida [28] Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan statistik faoliyatni samarali tashkil etishda foydalanish usullari tavsiya qilingan. Professor A.Abdugafarov [24] tadqiqotlarida iqtisodiyotni raqamlashtirishning dastlabki bosqichlari va uning hozirgi rivojlanish yo'nalishlarida amalga oshirilayotgan o'ziga xos xususiyatlar hamda joriy etilgan natijalar keng o'rin olgan.
METODOLOGIYA
Mavzuni ilmiy o'rganish, mantiqiylik, tahlil va tadqiq etish jarayonida tizimli tahlil, statistik tahlillardan foydalanilgan. Maqolada, sun'iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va uning iqtisodiy tizimdagi ahamiyatiga mos ravishda ilmiy taklif hamda amaliy tavsiyalar berildi.
MUHOKAMA VA NATIJALAR
Sun'iy intellekt haqidagi bahs-munozaralar qariyb 50 yildan beri davom etib kelmoqda. Mutaxassislar hanuzgacha bir to'xtamga kelishgani yo'q. Ba'zilar ularning ommalashib odamlar o'rnini egallab borayotgani natijasida ommaviy ishsizlik ko'rsatkichlari oshib ketishi mumkinligidan tashvishdalar. Mutaxassislarning boshqa bir guruhi esa Sun'iy intellektga ijobiy munosabatda bo'lish kerakligi haqidagi fikrlarni ilgari surmoqdalar. Hatto IT-sohasidagi milliarderlar orasida ham turli qarashlar mavjud.
Jumladan, SpaceX asoschisi Ilon Mask Sun'iy intellekt ning butun boshli sivilizatsiyani barbod qilishiga ishonchi komil. Maskning fikricha, "Sun'iy intellekt
insoniyat sivilizatssiyasi uchun asosiy xavfdir. sun'iy intellekt mehnat bilan bog'liq ommaviy muammolarni keltirib chiqaradi. Sababi, robotlar hamma ishni bizdan ko'ra yaxshiroq bajara olishadi. Ilg'or texnologiyalar ortidan quvish natijasida, kompaniyalar sun'iy intellekt ortidan kelib chiqadigan xavfxatarni ko'rmay qolishlari mumkin".
Mamlakatimizda ham sun'iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-avgustdagi "Sun'iy intellekt texnologiyalarini qo'llash bo'yicha maxsus rejimni joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida"2gi PQ-5234-son qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq, mamlakatimizda sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish yuzasidan qator vazifalar belgilab berilgan. Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi "Sun'iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida"3gi PQ-4996-son qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, "Raqamli O'zbekiston - 2030" Strategiyasiga muvofiq hamda sun'iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish va ularni mamlakatimizda keng qo'llash, raqamli ma'lumotlardan foydalanish imkoniyatini va ularning yuqori sifatini ta'minlash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
- 2021-2022-yillarda sun'iy intellekt texnologiyalarini o'rganish va joriy etish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi;
- sun'iy intellektni qo'llashning asosiy yo'nalishlari va tamoyillarini, shuningdek, yaqin va uzoq istiqbolda ushbu sohani kompleks shakllantirish uchun shart-sharoitlarni belgilovchi Sun'iy intellektni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;
- iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, davlat boshqaruvi tizimida sun'iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanishda yagona talablar, javobgarlik, xavfsizlik va shaffoflikni belgilovchi normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish;
- aholi manfaatlari yo'lida davlat xizmatlari ko'rsatish sifatini yaxshilash, shuningdek, ma'lumotlarni qayta ishlashda davlat organlarining samaradorligini oshirish uchun sun'iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish;
- foydali texnologik yechimlarni ishlab chiqish bo'yicha fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni o'tkazish va ularni keyinchalik tijoratlashtirishni rag'batlantiruvchi sun'iy intellekt sohasida innovatsion ishlanmalarning mahalliy ekotizimini yaratish;
2 2021-yil 26-avgustdagi "Sun'iy intellekt texnologiyalarini qo'llash bo'yicha maxsus rejimni joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida" gi PQ-5234-son qaroridan.
3 2021-yil 17-fevraldagi "Sun'iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-4996-son qaroridan.
- sun'iy intellekt texnologiyalarini qo'llovchi dasturiy ta'minot ishlab chiquvchilariga raqamli ma'lumotlardan foydalanish uchun sharoit yaratish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining tegishli ma'lumotlarini tezkor raqamlashtirishni ta'minlash;
- sun'iy intellekt sohasidagi ilmiy ishlar va ishlanmalarning investitsion jozibadorligini shakllantirish, shu jumladan, tovarlarning (ish va xizmatlarning) ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish;
- mahalliy korxonalar va mutaxassislarning sun'iy intellekt sohasidagi axborot resurslari va bilimlardan foydalanish imkoniyatini ta'minlash, shuningdek, zarur ta'lim muhitini rivojlantirish;
- qo'shma xalqaro tadqiqot faoliyatini amalga oshirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, respublikamizning nufuzli reytinglar va indekslarda pozitsiyasini yaxshilash maqsadida sun'iy intellekt va uni qo'llash texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va boshqa vazifalar belgilab berilgan.
Shuningdek, joriy yilning 13-avgust sanasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sun'iy intellekt va IT sohasidagi startap loyihalarni rivojlantirish chora-tadbirlariga doir taqdimot bilan tanishganida mamlakatimizda sun'iy intellekt texnologiyalari markazini tashkil qilish topshiriq berdi. Joriy yilda sog'liqni saqlash, energetika, transport, ta'lim, qishloq va suv xo'jaligi, qurilish kabi sohalarda 100 dan ortiq raqamlashtirish loyihalari amalga oshirilayotganligi, "MyID" va "UzFace" dasturlari 70dan ortiq tashkilot, bank, elektron savdo maydonchalari va to'lov tizimlarida joriy qilinib, 10 mln foydalanuvchini masofaviy biometrik identifikatsiya qilish imkoniyati yaratilganligi, O'zbekkosmos" sun'iy intellektni qo'llab, 43 mingga yaqin yer qa'ridan noqonuniy foydalanish va ruxsatsiz qurilish holatlarini aniqlaganligi qayd etib o'tildi. Bundan tashqari, taqdimotda sog'liqni saqlash, qishloq xo'jaligi, bank, soliq, bojxona kabi sohalarda sun'iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish chora-tadbirlari ko'rib chiqildi.
Unga ko'ra, avvalo, sun'iy intellekt bo'yicha qonunchilik bazasini yaratish kerakligi qayd etildi. Sun'iy intellektni joriy etish strategiyasi va ikki yillik loyihalar dasturini ishlab chiqish hamda sun'iy intellekt texnologiyalari markazini tashkil qilish bo'yicha topshiriq berilgan edi.
Xususan, bank-moliya sohasida sun'iy intellektni qo'llashni kengaytirish, bu bo'yicha kadrlar tayyorlash va xodimlar malakasini oshirish, startap loyihalarni moliyalashtirish uchun venchur investitsiyalarga keng sharoit yaratish vaqti kelganligi alohida ta'kidlab o'tildi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, mamlakatimizda sun'iy intellektni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud bo'lib, bu jarayon mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Jumladan:
a) Ta'lim va kadrlar tayyorlash tizimida
O'zbekistonda sun'iy intellektni rivojlantirishning muhim yo'nalishlaridan biri ta'limdir. Oliy ta'lim muassasalarida SI bilan bog'liq dasturlarni joriy etish va talabalarni zamonaviy texnologiyalar bilan tanishtirish zarur. Shuningdek, amaliyot o'tash imkoniyatlarini yaratish orqali talabalarni real hayotdagi muammolarni hal qilishga tayyorlash mumkin.
b) Innovatsion loyihalar va Startaplar tizimida
O'zbekistonda innovatsion loyihalarga e'tibor qaratish va startaplarni qo'llab-quvvatlash SI rivoji uchun muhimdir. Davlat va xususiy sektor o'rtasida hamkorlik o'rnatish, grantlar va investitsiyalar jalb qilish SI sohasida yangi g'oyalar va texnologiyalarni rivojlantirishga yordam beradi.
c) Ma 'lumotlar tahlili va katta ma 'lumotlar tizimida
O'zbekistonda ma'lumotlar tahlili va katta ma'lumotlar bilan ishlash imkoniyatlarini rivojlantirish zarur. Davlat va biznes sektori uchun ma'lumotlar bazalarini yaratish va ularni SI yordamida tahlil qilish orqali strategik qarorlar qabul qilish jarayonini takomillashtirish mumkin.
Bundan tashqari, mamlakatimizda sun'iy intellect texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan qator muammolar ham mavjud. Jumladan:
SI texnologiyalarini o'zlashtirgan mutaxassislar yetishmasligi, ta'lim tizimida ushbu soha bo'yicha yetarli dasturlar va resurslarning yo'qligi;
Yangi texnologiyalarni joriy qilish uchun zarur infratuzilma, jumladan, yuqori tezlikdagi internet, ma'lumotlar markazlari va serverlar yetishmasligi;
SI tizimlarini samarali ishlashi uchun kerakli ma'lumotlar bazalari mavjud emas yoki ma'lumotlar sifatli emas;
SI loyihalariga investitsiya jalb qilishda qiyinchiliklar, xususiy sektor va davlat o'rtasida hamkorlikning yetishmasligi va boshqalar.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-avgustdagi "Sun'iy intellekt texnologiyalarini qo'llash bo'yicha maxsus rejimni joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida" gi PQ-5234-son qarori.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi "Sun'iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-4996-son qarori.
3. S.Komolov va Sh.Raxmatovlarning Sun'iy intellekt asoslari mashinaviy o'qitish kitobi.
4. Пантелеева Т.А., Арустамов Э.А., Максаев А.А. Возможности искусственного интеллекта в управлении кадровыми ресурсами в условиях свободного предпринимательства // Интернет-журнал "Отходы и ресурсы", 2019 №3.
5. Камилова Р.Ш. Абдулатипова М.А. Искусственный интеллект // Опубликовано в 2013, Выпуск Май 2013, Экономические науки.
6. Suyumov, J. Y. (2021). Kompyuter imitatsion modellari asosida faol oqitish texnologiyasining nazariy asoslari. scientific progress, 2(3), 459-466.
7. Karimov A., Muxammadjonov X. Information technologies: information education and informatics //Экономика и социум. - 2020. - №. 8. - С. 40-43.