O'ZBEKISTONDA HARBIY SANOATNING IZGA TUSHIRILISHI
VA UNING NATIJALARI
Kendjaev Y. Y.
o 'qituvchi,
Osiyo texnologiyalari universiteti https://doi.org/10.5281/zenodo.11175080
Urushning SSSR hududiga ko'chgan 1941-yil iyun oyidan to dekabrgacha bo'lgan davr oralig'ida fashistlar Germaniyasi qo'shinlari tomonidan berilgan Ittifoqning g'arbiy hududlarining bir qismi bosib olindi. Fashistlar Germaniyasi tomonidan bosib olingan ushbu hududlarda urushga qadar SSSRning qariyib 40 foizdan ortiq aholisi istiqomat qilgan, ishchi va hizmatchilarning 40 foizga yaqin yashagan, umumiy sanoat mahsulotning 30 foizdan ortig'i ishlab chiqarilgan, jumladan, cho'yanning, 71 foizdan po'latning 58 foizi ishlab chiqarilgan, ko'mirning 63 foizi qazib olingan, neftning 8 foizini, elektr energiyasining 42 foizi ishlab chiqarilgan, donning 38 foizini bergan edi. Undan tashqari bu hududlarda SSSRning qudratli mashinasozlik bazasi shu jumladan ko'pgina mudofaa korxonalari joylashgan bo'lib, ushbu hududlar 1941-yil dekabriga qadar bosqinchilar tomonidan olingan edi.
Natijada SSSRda sanoat ishlab chiqarishi 1941-yil noyabr oyidan 1941-yil iyun oyiga qaraganda 2.1 barobarga kamayib ketdi. Urushni davom ettirish, dushmanni yengish uchun qurol-yarog'lar zarur edi. Qurol-yarog'larni yaratish, armiyaga yetkazib berish esa qo'shimcha sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishn taqazo qilar edi. Bosib olingan hududlarda yaratilgan ishlab chiqarish quvvatlarini o'rnini to'ldirish esa hali dushman bosib olmagan hududlar imkoniyatlarini keng ishga solishni talab etar edi.
1941-yil 22-iyundagi butun sovet-german fronti bo'ylab fashistlar Germaniyasining hujumi natijasida, dushman aviatsiyasi SSSR aerodromlariga qaqshatqich zarba beradi. 1200 ta sovet jangovar samolyotlari yo' qilinadi. Ularning ko'pchiligi xatto havoga ko'tarilishga ham ulgurmagan. Aloqa tarmoqlari va liniyalar ham ishdan chiqarildi. Qurol-aslaha omborlari negadir chegaraga juda yaqin joylashtirilgan edi, ular ham yo'q qilindi, yoki dushmanlar tomonidan qo'lga kiritildi.
1941-yilning ikkinchi yarmi va 1942-yil boshlaridagi bu harbiy texnika talofatlari, bundan tashqari urush harakatlarining shiddat bilan borayotgani bois o'q-dori sarfining oshib borishi natijasida harbiy sanoat mahsulotlariga bo'lgan talabni keskin ravishda oshirib yubordi. Urushning daslabki davrida fashistlar tomonidan olingan va bosib olinishi xavfi kuchli bo'lgan hududlardagi "harbiy" koxonalarning yo'q qilinishi yoki evakuatsiya qilinishi oqibatida qurol-yarog' va harbiy texnika
ishlab chiqarish keskin ravishda kamayib ketdi. Shu boisdan mamlakatdagi "fuqarolik" korxonalari ham endilikda qurol-yarog', ya'ni harbiy mahsulotlar ishlab chiqara boshladi, bu esa o'z navbatida front ta'minotini yaxshilanishiga hizmat qildi. Urush yillarida SSSR sanot ishlab chiqarishning qariyib 65-68 foizi front ehtiyojlarini qondirishga qaratildi.
Harbiy sanoat quvvati oshirishda SSSRning sharqiy hududlariga, jumladan, O'rta Osiyo respublikalari, O'zbekistonga ham katta e'tibor berildi. O'zbekistondagi sanoat korxonalarini qisqa vaqt ichida harbiy izga ko'chirish, mamlakat mudofaasi uchun zarur mahsulotlari ishlab chiqarishga o'tazish lozim edi. Iqtisodiyot sohalari ichida sanoatni qayta qurishga alohida e'tibor berildi. Harbiy ishlab chiqarish chiqarish bevosita sanoat bilan bog'liq edi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida O'zbekiston SSR oldida Sovet Ittifoqidagi boshqa respublikalar kabi sanoatni front ehtiyojlariga moslashtirib qayta qurish hamda mamlakatning g'arbiy rayonlaridan ko'chirib keltirilgan sanoat koxonalarini zudlik bilan joylashtirish va ishga solish vazifasi turar edi.
Bu vazifalarni amalga oshirish quyidagi tadbirlarni amalga oshirish talab qilinar edi:
a) hamma sanoat korxonalarini elektr energiyasi bilan uzliksiz ta'minlaydigan energiya bazasini yaratish, o'sib borayotgan xalq xo'jaligining ehtiyojlarini qondirish;
b) xarbiy mahsulotlar ishlab chiqarish darajasini yuqori darajada ko'paytirish va ularni to'liq harbiy izga solib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sifatini oshirish;
c) mavjud korxonalarni qayta qurish va modernizatsiya qilish asosida ishlab chiqarish chikarish quvvatlarini oshirishga erishish;
d) mahalliy yoqilg'i resurslari sanoat va qishloq xo'jaligining yoqilg'iga bo'lgan ehtiyojlarini maksimal darajada qondirish uchun ko'mir qazib chiqarishni tashkil etish va neft ishlab chiqarishni va uni qayta ishlashni ancha kuchaytirish;
e) republikada rangli va qora metallurgiya sanoatni barpo qilish va rivojlashtirish uchun kerakli homashyo resurslarini qidirib topish va ulardan foydalanish, Bu metallurgiya faqat O'zbekiston sanoatning ishlab chiqarish ehtiyojlarinigina qondirib qolmay, shu bilan birga sobiq Sovet Ittifoqidagi barcha sanoat korxonalariga ham rangli metall yetkazib berolsin;
g) kimyo sanoatini ancha kengaytirish va uni front ehtiyojlarini qondirishga muvofiqlashtirish;
e) qishloq xo'jaligi, ayniqsa paxtachilikning traktor qismlari va detallariga, qishloq xo'jalik mashinalariga bo'lgan ehtiyojlarini qo'ndirish;
h) ko'chirib keltirilayotgan korxonalar shuningdek ilgarittan ishlab kelayotgan bir qancha sanoat tarmoqlarining malakali ishchilarga bo'lgan muhtojligini hisobga olib, ishchi kadrlar tayyorlashni kuchaytirish vazifalari turardi:
f) xalq istemoli mollari, xalq xo'jaligining turli tarmoqlari uchun mahsulot yaratuvchi korxonalarni harbiy mahsulot ishlab chiqarishga moslashtirish.
Yuqorida ko'rsatilgan tadbirlarning amalga oshirish natijasida respublika sanoatining mahsuloti ancha oshdi, urushdavrida 40 foizga ko'paydi. 1944-yilda esa sanoat mahsuloti umumiy qijmatining anchagina qismi armyani qurol-yarog' va turli anjomlar bilan ta'minlashga ketar edi.
Yalpi sanoat ishlab chiqarish tez suratlarda o'sishiga yirik sanoatni asosiy ishlab chiqarish fondlarini deyarli ikki marta ko'paytirish hisobiga ham erishildi. Bunda ishlab chiqarish vositalarini tayyorlovchi sanoat korxonalari tarmoqlari ancha o'sdi; 1944-yil ning oxiriga kelib sanoat asosiy ishlab chiqarish fondlari umumiy qiymatining deyarli 69 foizi (1940-yildagi 63 foiz o'rniga) ana shu sanoatga to'gri kelar edi.
Sanoat korxonalari qisqa vaqt ichida harbiy izga solinib, minemyot va avtomatlar, samolyot va tanklar uchun ehtiyot qismlar va boshqa harbiy qurollar ishlab chiqarila boshlandi. Qishloq xo'jaligi yoki xalq xo'jaligining turli tarmoqlari uchun mahsulotlar ishlab chiqarayotgan ko'plab korxonalar endilikda harbiy qurol-aslahalar ishlab chiqarishga moslashtirildi. Masalan, qishloq xo'jalik mahsulotlari ishlab chiqarib kelayotgan Toshkent qishloq xo'jaligi mashinasozlik zavodi ("Toshqishloqmash"), urushning daslabki kunlaridanoq harbiy qurollar ishlab chiqara boshladi. 1941 yilning oxirlariga kelib "Tashqishloqmash" zavodi harbiy mahsulot ishlab chiqarish rejalarini 240 foizga bajardi. Andijondagi "Kommunar", "Stroymashina" zavodlarida samolyot va tanklar ishlab chiqarish uchun butlovchi asbob anjomlar, Qo'qon shahridagi Oxunboboyev nomli tikuvchilik fabrikasi harbiy kiyim-boshlar ishlab chiqariladigan bo'ldi. Front ehtiyojlari birinchi o'ringa qo'yilgan holda, harbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarga boshqa korxonalardan qo'shimcha kuchlari, malakali kadrlar va texnikalar jalb qilindi. 1941-yil oktabrida republika korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 51 foizi harbiy buyurtmalar asosida ishlab chiqarildi.
1941-yilning dekabriga keliboq, O'zbekistonda jami 293 korxona mudofaa uchun mahsulot ishlab chiqara boshladi. Birgina Toshkentdagi 137 sanoat korxonalarining 63 tasi qurol-yarog'lar, front uchun zarur bo'lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga kirishdi.
Sanoatning strukturasi ham tubdan o'zgardi, O'g'ir sanoat tarmoqlari (mashinasozlik, kimyo, elektr sanoat, yoqilg'i va boshqa)ning yalpi mahsulot umumiy qiymatidagi salmog'i 1940-yildagi 13,3 foizdan 50 foizga o'sdi.
Bu davrda elektr energiyasi ishlab chiqarish, neft ishlab chiqarish, kerosin va benzin ishlash 2 martadan ko'proq ortdi. Metal ishlovchi sanoatning mahsulot qariyib 7 marta ko'paydi.
Yalpi mahsulotning ancha o'sishi, yangi tarmoqlar va yangi ishlab chiqarish chiqarishlarni tashkil etish republikaga ko'chirib keltirilgan korxonalarni tez tiklash va ishga tushirish bilan bog'liq edi. Ikkinchi jahon urushi yillarida O'zbekistonga 100 dan ortiq sanoat korxonalari to'la yoki qisman uskunalari bilan ko'chirib keltirilgan edi. Bular jumlasiga Leningrad (hozirgi Piter) to'kimachilik mashinasozlik zavodi, nasos kompressor uskunalari zavodi, korburund zavodi, elektr kabel zavodi, mexanizmlarni kutarish zavodi, vagon ta'mirlash zavodi, kimyo kombinatlarini jihozlash zavodi, 4 ta qand zavodi, konserva zavodi, bir qancha ip-gazlama fabikalari va boshqa korxonalar kiradi.
O'zbekistonga ko'chirib keltirilgan korxonalarning ko'pchiligi 1 dan tortib 6 oygacha bo'lgan vaqt ichida tiklandi va ishga tushirildi. Ko'chirib keltirilgan korxonalarni joylashtirish uchun 400 ming kvadrat metrdan ko'proq ishlab chiqarish maydoni ajratildi va bundan tashqari qisqa vaqt ichida 200 ming kvadrat metrdan ortiq yangi ishlab chiqarish maydoni foydalanish uchun topshirildi. Ko'chirib keltirilgan zavodlarning uskunalari bazasida 47 ta yangi sanoat korxonalari tashkil etildi. Ko'chirib keltirilgan boshqa korxonalarning qisman uskunalari avvaldan ishlab kelayotgan korxonalar uchun foydalanildi.
Ko'chirib keltirilgan korxonalarning uskunalarini tiklash va ishga tushirish bilan bog'liq bo'lgan harajatlarning umumiy miqdori 450 million so'mdan ziyod edi. Bu korxonalarning ko'pchiligi komplektsiz, bug' bilan ishlaydigan xo'jaligi, kabel va almatura uskunalari yo'q edi. Bu korxonalarning qayta tiklash uchun yetishmagan uskunalarni respublikaning ishlab turgan korxonalaridan qidirib topishga to'g'ri keldi.
Ishga yaroqli, qo'liga qurol olish qodir aholining frontga safarbar qilinishi ishchi va xodimlar taqchilligi vujudga keldi. Ishchi va xodimlar sonining keskin kamayib ketishi, sanoat homashyosi, yoqilg'i, dastgohlar, asbob-uskunalar yetishmasliga qaramay, urushning daslabki kunlaridanoq republika ishlab chiqarish to'liq urushga safarbar etildi. Darhaqiqat, urush respublikasi sanoat tarmoqlarining yo'nalishini ham, sanoat hodimlarining ish faoliyatini, mehnatga munosabatini ham tubdan o'zgartirdi. Korxonalarda yangi mehnat rejimi joriy qilindi, ish kuni uzaytirildi, ishdan keyin qolib ishlash joriy etildi, mehnat tatillari, dam olish kunlari bekor qilindi.
Ko'chirib keltirilgan korxonalar bilan birga shu korxonalar uchun zarur bo'lgan ishchi va texnik muhandis xodimlarning 20 foizigina kelgan edi. Sanoatni ishchi kadrlar bilan ta'minlash maqsadida shu korxonalarning o'zlarida, FZO ( fabrika
ta'limi) maktablarida va hunar bilim yurtlarida ko'plab ishchilar tayyorlandi. Agarda 1941-yilga kelib FZO maktablari respublika sanoati uchun 2517 nafar malakali ishchi tayyorlab bergan bo'lsa, urushdan so'ng ham FZO maktablari sanoatni malakali ishchi kadrlar bilan ta'minlashning asosiy manbalaridan biri bo'lib qoldi. Faqat 1942-1943 yillarda respublikada 100 mingdan ko'prok ishchi kadrlar tayyorlandi va ularning malakalari oshirildi.
"O'zbekselmash" zavodi 1940-1941 yillarda mahalliymillat vakillaridan bironta ham malakali ishchi va mutahassis bo'lmagan edi. Urush yillarida bu zavodda ham mahalliy ishchilar soni oshib bordi. 1944-yilga kelib umumiy ishchilarning 24 foizini o'zbek ishchilari, o'zbek mutaxassislari esa 7,4 foizni tashkil qildi. Toshkent to'qimachilik kombinatida esa bu ko'rsatkich tegishli tartibda 24.1 va 15 foizni tashkil qildi.
Harbiy izga tushirilgan respublikamiz korxonalari ham anchagina kengaytirildi. "Toshselmash" zavodi, boshqa korxonalardan keltirilgan 438 stanok, 200 dan ortiq yuqori malakali ishchilar hisobiga kengaydi. Qodirov, Hakimov, Yusupov, Ismoilov va boshqa ustalar kunlik normalarini 200-300 foizga oshirib bajardilar. Xotin-qizlar, keksalar, yoshlar korxonalardagi turli xil ishlarga jalb etildi. Urushning bir yarim yili mobaynida O'zbekiston sanoatida xotin-qizlar salmog'i 29 foizdan oshdi va 1943-yilda 63,5 foizni tashkil etdi.
O'zbekistonga ko'chirilgan korxonalarning asosiy qismi hisoblangan metall ishlovchi va mashinasozlik zavodlari esa respublikadagi boshqa tarmoqlarga qaraganda ancha tez o'sdi. Urush yillarida umumiy sanoat mahsuloti 1.5 martadan ziyodroq ko'paygan bo'lsa, metall ishlovchi sanoatning yalpi masuloti esa deyarli 7 martada o'sdi. 1944-yilning oxirlariga kelib, metall ishlaydigan sanoatning hissasi butun O'zbekiston sanoatining qariyib 40 foizini tashkil qilgan edi. 1940 yilda esa 8.8 foizga yetdi.
Urushgacha metall ishlaydigan sanoat yalpi magsulotining 70 foizini ta'mirlash gruppasiga va 30 foiziga mashinasozlik va metall buyumlar ishlab chiqarish chiqarish to'g'ri kelar edi. Ittifoq ahamiyatiga ega bo'lgan metall ishlash korxonalari faqat 7 ta edi. Metall sanoat sanoatinig qolgan korxonalari remont ustaxonalari va mahalliy sanoat, hunarmandchilik kooperasiyasi, qishloq xo'jaligi va boshqa tizimdagi kichik zavodlardan iborat edi. Urush oxiriga kelib resublikaning metall ishlash sanoati sobiq Ittifoq ahamiyatiga ega bo'lgan 22 ta yirik korxonalardan iborat bo'ldi. Bu korxonalarga esa, jami metall ishlash mahsulotning 90 foizi to'g'ri kelar edi.
Gidroenergiyaning boy zahiralaridan foydalangan holda vujudga keltirilgan energetika bazasining kengaytirmay va mustahkamlamay turib, urush yillarida sanoatni tez rivojlantirish mumkin emas edi. Elektr stansiyalari qurish bo'yicha
urushdan oldin katta tadbirlar amalga oshirilishiga va 1933 yildan 1941 yilgacha bo'lgan davr ichida elektr energiyasi ishlab chiqarish 5 marta ko'payganiga qaramay, urushgacha respublika xalq xo'jaligi elektr energiyasiga jiddiy muhtoj edi. Ko'chirib keltirilgan korxonalarning tezda tiklanishi va ishga tushirilishi, shuningdek, avvaldan ishlab kelayotgan korxonalarning kengaytirilishi tufayli 1942 yilga kelib energiya masalasi xalq xo'jaligida eng muhim masala bo'lib qoldi. Elektr energiyasiga bo'lgan jiddiy tanqislikko'plab sanoat korxonalarining ishini og'ir ahvolga tushirib qo'ygan edi. Shuning uchun zavod va fabrikalarga beriladigan elektr energiyasini ancha kamaytirib qo'yishga va xatto vaqtincha to'xtab qo'yishga, bundan tashqari maishiy ehtiyojlar uchun sarflanadigan energiyasini kesishga to'g'ri keldi.
Adabiyotlar:
1. Вознесенский Н. Военная эканомика СССР в период Отечественной войны. -Москва: Госполитиздат, 1948. -С. 37.
2. O'z. МА, Р-837-fond, 1-ro'xat, 3260-ish. 358-359-varaqlar.
3. Узбекская ССР в годы Великой Отечественной войны. Том 1. -С. 128.
4. История Самарканда. -Ташкент: Фан, 1970. Том 2. -С.25.
5. Верт А. России в войне 1941-1945. Авторизованный перевод с английского. -Москва: Воениздать, 1967.. -С. 149.
6. O'zbekiston kommunistik partiyasi tarixining ocherklari. -Toshkent:O'zbekiston, 1964. -Б.365-366.
7. O'zbekistonning yangi tarixi. Ikkinchi kitob. O'zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. -Toshkent: Sharq, 2000. -b. 436.
8. Ziyoyev.X. O'zbekiston birinchi va ikkinchi jahon urushi davrida. -Toshkent: Muharrir, 2011. -Б. 27.
9. O'zR PDAA, 58-fond, 18-ro'yxat, 177-ish, 104-106—varaqlar.
10. Ozbekiston tarixi(1917-1991 yillar). Ikkinchi kitob 1939-1991 yillar. -Toshkent: O'zbekiston, 2019. -Б. 32.