O'ZBEK FOLKLORINING XALQ HAYOTIDA TUTGAN O'RNI
Orifjon G'aniyevich Azizov [email protected] Termiz davlat universiteti
Annotatsiya: Ushbu maqola o'zbek marosim folklorining qisqacha tarifi, kelib chiqish tarixi, marosim folklorining turlari va uning xalq hayotidagi tutgan o'rnini ochib berishni maqsad qilgan.
Kalit so'zlar: marosim folklori, mavsumiy marosim qo'shiqlari, oilaviy mavsumiy marosim qo'shiqlari, mehnat qo'shiqlari
THE ROLE OF UZBEK FOLKLORE IN THE LIFE OF THE PEOPLE
Arifjon Ganiyevich Azizov [email protected] Termiz State University
Abstract: This article aims to reveal a brief description of Uzbek ritual folklore, the history of origin, types of ritual folklore and its place in the life of the people.
Keywords: ritual folklore, seasonal ritual songs, family seasonal ritual songs, labor songs
Folklor xalq orzu-umidlarining hayotdagi ifodasidir. Unda qadim xalqlarning og'ir turmush tarzi, tabiat hodisalariga bo'ysinishga majburligi, ong rivojlanmaganligi sababli yashashning og'irligi tasvirlanishi bilan bir qatorda, yaxshi turmushi, ovlardagi muvafaqqiyatlari, ertangi kun to'g'risida fikr-o'ylari, orzu-istaklari ham o'z ifodasini topgandir. Folklor qadimiy so'z san'ati sifatida nafaqat chuqur g'oyaviyligi, balki yuksak badiiyligi bilan ham ajralib turadi. Unda voqelikni ifodalashning ertak, doston, maqol, qo'shiq, topishmoq singari xilma-xil janrlari shakllangan. Folklorda tasvirlangan voqelik vaqt-zamon e'tiboriga ko'ra o'tmishga daxldor, shu sababli u yoki bu janr tabiatida, shuningdek, til xususiyatlarida o'sha qadimiylik izlari saqlanib qolingan.
Marosimlar an'anaviyligi, turli-tuman hodisalarni tabiat hodisalariga ta'sir ko'rsatishiga intilishi bilan ijtimoiy hayotda katta o'rin tutadi. Insonga sihat-salomatlik tilash, uning turmushida to'kin-sochinlik, kundalik hayotida omad keltirish yoki inson hayotining muhim nuqtalarini qayd etish, nishonlash maqsadida maxsus o'tkaziladigan, xalq orasida qat'iy an'anaga kirib qolgan xatti-harakatlar
I icclT^^^^H 342 http://oac.dsmi-qf.uz
"marosim" deyiladi. Marosimni o'tkazish paytida ijro etiladigan qo'shiq va aytimlar "marosim folklori"ni tashkil etadi.
Mavsumiy marosimlar yilning to'rt fasliga oid halqning yashash va mehnat tarzi bilan aloqadordir. Bahor kirishi bilan dehqon va chorvadorning dala ishlari boshlanadi. Dehqon urug' sepishga tayyorgarlik ko'rish, ariqlarni kovlash bilan shug'ullansa, chorvador yaylovlarga ko'chishga tayyorgarlik ko'radi. Dehqon va chorvador turmushidagi barcha og'ir yumushlar ilgari hashar yo'li bilan amalga oshirilgan. Bahorgi mavsumiy marosimlarga «Shox moylar», «Navro'zi olam», «Yomg'ir chaqirish», «Sust xotin» marosimlari kiradi.
Kishilarning xo'jalik faoliyatida yoz faslining o'rni alohidadir. Shunga qarab ushbu faslda o'tkaziladigan marosimlar rang-barang bo'lib, Yozgi marosimlar deb atalgan. Biroq o'zbek marosim foltklorida hozirga qadar atigi bitta janr saqlanib qolgan. Yozgi marosimlar folkloridan faqat shamol to'xtatish bilan bog'liq ayrim janrlar saqlangan. Bular «Choy momo» va "Mirhaydar bobo" marosimida ijro etiladigan qo'shiqlardan iborat.
Kuzgi marosimlar folklori, kuz faslida dehqon yoz bo'yi qilingan mehnatining samarasini yig'ishtirib oladi, chorvador esa qishlovga yem-hashak, ozuqa tayyorlaydi. Kuzgi marosimlarga «Oblo baraka», «Shamol chaqirish», «Galagov», «Ho'p mayda» marosim qo'shiqlari kiradi.
Qishki marosimlar folkloridan o'zbek xalq folklorida faqatgina «Gap-gashtak» va «Yas-sun» marosimlargina saqlanib qolgan. «Gap-gashtak» marosimi erkaklar tomonidan mahalladagi choyxona yoki biror xonadonda o'tkaziladi. «Yas-sun» marosimi asosan ko'chmanchi chorvadorlar o'rtasida qimizxo'rlik marosimi sifatida yuzaga kelgan bo'lib, uning ma'nosi davrada o'tirish qoidalari demakdir.
Oilaviy maishiy marosimlar foltklori marosim folklorining katta qismini tashkil etadi. Chunki, insonning yovvoyi yashash tarzidan madaniy yashash tarziga o'tishi oila degan muqaddas narsaning yuzaga kelishi bilan bog'liq holda amalga oshadi. Insonning tug'ilishidan tortib to vafotigacha bo'lgan hayot bevosita oila davrasida kechadi. Oilaviy - maishiy hayotda o'tkaziladigan har bir voqea maxsus marosimlar orqali kechadi va bunday marosimlar turkumi oilaviy-maishiy deb ataladi.
Oilaviy-maishiy marosimlar rang-barang bo'lib, ular shartli ravishda uch guruhga bo'linadi. Birinchi guruhga "to'y marosimlari", ikkinchisiga "motam marosimlari", uchinchisiga insonning sog'ligi, to'kin-sochinligini ta'minlash uchun xizmat qiluvchi "so'zning sehr-jodu qudratiga asoslanuvchi marosim"lar mansubdir.
Oilaviy-maishiy marosimlariga «To'y marosimlari folklori», «Beshik to'ylari folklori» «Xatna sunnat to'ylari folklori», «Nikoh to'ylari folklori», «Motam marosimi folklori» va boshqalar kiradi.
Mavsumiy marosimlaridan eng keng tarqalgani bu "Navro'z" marosimidir. Navro'z Sharq, shu jumladan Osiyo xalqlarida qadimdan nishonlanib kelingan bahor
I [ccñ^^BI 343 http://oac.dsmi-qf.uz
bayramidir. U bahorgi kun bilan tunning tenglashgan kuni, ya'ni 21-22-mart kunlari nishonlanib kelingan. Ajdodlarimiz tabiatni o'lib-tirilib turadigan deb tasovvur qilganlar. Kuz faslidan boshlab o'lib borgan va qishda to'liq o'lgan. Bu hol 20-martgacha davom etadi. 21- mart kuni esa tabiat tiriladi va yangi kun - yangi yil boshlanadi.
Marosimlar folkloridan "mehnat marosim qo'shiqlari" keng o'rin egallaydi. Mehnat qo'shiqlari ibtidoiy insonning mehnat faoliyati bilan bevosita aloqadorlikda vujudga kelib, ana shu jarayonda taraqqiy etgan. Ular rang-barang janrlardan tashkil topgan bo'lib, ularni bir turkum doirasida ushlab turuvchi bir necha xususiyatlar mavjud. Ulardan biri barcha janrlarning bevosita u yoki bu mehnat turi bilan bog'likligi hisoblanadi. Masalan, qo'sh haydashda aytiladigan qo'shiqlarni g'alla yanchish paytida aytib bo'lmaydi. Ikkinchi muhim xususiyati shundaki, qo'shiqlarda muayyan mehnat jarayonida ishlatiladigan narsa va buyumlarga murojaat qilish motivlari ham qo'shiqlarning qaysi mehnat turi bilan bog'liqligini ko'rsatib turadi. Mehnat qo'shiqlariga xos xususiyatlardan yana biri ularning yengil ritmga, qofiyalanish tarziga va poetik uslubga egaligida ko'zga tashlanadi. Mehnat qo'shiqlarida undov, xitoblarning takrorlari, naqoratlar ko'p uchraydiki, bu narsa ularning qadimiyligidan dalolat beradi.
Mehnat marosim qo'shiqlaridan biri bo'lgan "Shoxmoylar" da dehqonlar dalaga qo'shlarni va ho'kizlarni chiqarib, ish boshlashdan oldin ho'kizlar shoxini moylab, raqsga tushib, qo'shiq kuylaganlar. Bunda mavsumiy marosimni qishloq oqsoqollari belgilaganlar. Marosimga barcha erkagu ayol va bolalar birgalikda tayyorgarlik ko'rib chiqqanlar. Har bir xonadon imkoniyatiga qarab xilma-xil taomlar pishirgan. Qishloqning obod yeri tanlanib, supurib-sidirilgan, sholcha-gilamlar to'shaganlar. Oqsoqollar barcha to'planganlarga qarata - "Ishlaringiz ko'payish bersin, xudo yor, pirlar madadkor bo'lsin" - deb olqishlaganlar. Shundan keyin pishiriqlar qishloq ahliga tarqatilgan. Qo'shga olib chiqilgan ho'kizlarning shoxlariga "yomon ko'zdan asrasin" - deb zig'ir moyi surtilgan va "insu-jinslardan, yomon ruhlardan pok bo'lsin" - deb isiriq tutatishgan. Xalq mana shu mavsumiy marosimni tasvirlovchi qo'shiq yaratganlar va shu marosimga oid harakatlar bilan raqs ijro etganlar.
Mehnat marosim qo'shiqlaridan yana biri "o'rim qo'shiqlari"dir. Ilgarigi davrlarda g'alla asosan qo'lda o'rib olingan. Bunday og'ir va ayni paytda maroqli mehnat jarayonida o'roqchilar o'zlarini ovutish uchun maxsus qo'shiqlar to'qib kuylaganlar. Ana shunday qo'shiqlar "o'rim qo'shiqlari" deb yuritilgan. O'rim qo'shiqlari yakka shaxs yoki ko'pchilik tomonidan ijro etilgan. Ularda bahorning injiq, yozning shafqatsiz issiq kezlarida qilingan mehnatning samara berganligidan quvongan dehqonning ko'tarinki ruhi, yetilgan hosilni tezroq yig'ib olishga bo'lgan kuchli ishtiyoq tarannum etiladi.
"Yanchiq qo'shiqlari"da o'rilgan donni yanchish uchun xirmon qilinadi, buning uchun doni ajratilmagan bug'doy doira shaklida yoyib qo'yiladi. Doira markazida yo'g'on ustun o'rnatiladi. Bir necha ho'kiz, ba'zan esa ot yoki eshak bir-biriga yonma-yon matab qo'yiladi. Ustun yonidagi hayvon esa ustunga bog'lanadi. Bir-birlariga matab qo'yilgan hayvonlar esa galagov deyiladi. Galagovga xirmondagi poxolni tekislab borish uchun tut, qayrag'och kabi qattiq daraxtlarning shoxidan to'qilgan chakar bog'lab qo'yiladi.
Dehqon galagov haydab kun bo'yi xirmonda don yanchar ekan, baland ovoz bilan yoki xirgoyi qilib qo'shiq kuylagan. Ana shu qo'shiqlar xalq o'rtasida "Xo'p qo'shiqlari", "Maydalar", "Xo'p maydalar" yoki "Mayda gul" deb yuritiladi. Mayda qo'shiqlari mungli ohangda cho'zib aytiladi. Ularda dehqonning yoz bo'yi qilgan og'ir mehnati natijasida yetishtirilgan hosilni tezroq yanchib olish istagi bayon etiladi.
"Yorg'uchoq qo'shiqlari"ning muhim o'ziga xosliklaridan biri faqat ayollar tomonidan ijro etilishidir. Yorg'uchoq aylantirish og'ir va unumsiz qo'l mehnati bo'lib, u o'zining tarixiy ildizdari bilan suv yoki shamol tegirmoni kashf etilmagan davrlarda vujudga kelgan. Keyinchalik u tog'li joylarda yashovchi chorvadorlar, shuniningdek, cho'l va dasht hududlarida kun kechiruvchi dehqonlar turmushida keng qo'llanila boshlangan. Kun bo'yi yorg'uchoq tortish kishini jismoniy va ma'naviy jihatdan qattiq charchatgan.
Shu bois ham yorg'uchoq aylantirish paytida aytiladigan maxsus qo'shiqlar yaratilganki, ularda mehnat kuylangan.
O'rta Osiyo xalqlari qadimdan chorvachilik bilan shug'ullanib kelishgan. O'zbeklar hayotida dehqonchilik qanday o'rin tutgan bo'lsa, chorvachilik ham shunday o'rin egallagan. Shuning uchun o'zbek xalq og'zaki ijodida chorvachilikka asoslangan marosimlar qo'shiqlaridan ko'proq "sog'im qo'shiqlari" saqlanib qolgan. Xalq orasida bu qo'shiqlar hayvonning turiga qarab, "ho'sh-ho'sh", "turey-turey", "Churey-churey", "chiriya-chiriya" kabi nomlangan.
Xulosa qilib aytganda o'zbek xalqi qadimdan mavsumiy marosimlarga boy xalqdir. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlar va marosimlar, shuningdek folklor musiqa san'atimiz ham qayta tiklandi hamda rivojlantirildi. Respublikamizdagi barcha folklor-etnografik jamoalari yangi-yangi repertuarlarida ko'plab unutilib ketayozgan marosimlarni xalq orasidan yig'ib olib, uni zamonaviy talqin qilib, sahnaga olib chiqdilar. Ayniqsa viloyatimizdagi "Boysun" folbklor-etnografik xalq ansambli, "Bulbuligo'yo" folklor-etnografik xalq ansambli, "Quralay" bolalar folklor-etnografik namunali xalq ansambli, Termiz davlat universiteti qoshidagi "Jayhun" folklor-etnografik xalq ansambllari marosim folklorining ochilmagan qirralarini topib sahnaga olib chiqishda faol ish olib bordilar.
Marosim folklori qo'shiq va raqslarining barkamol avlod tarbiyasiga ahamiyati kattadir. Mehnat marosim folbklori qo'shiqlari yoshlarni mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda, oilaviy-maishiy folklor qo'shiqlari sevgiga sadoqat, oilaparvarlik ruhida, mavsumiy marosimlar qo'shiqlari esa, milliy qadriyatlarni qadrlash, ularni avaylab asrash, ulug'lash ruhida tarbiyalashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. X. Nurmatov «O'zbek xalq musiqasi». Toshkent. Oqituvco'i nashr. 1998 y.
2. Sh.Raximov. «Co'olgu ijroco'iligi va ansambli». «Dutor». «Fan» naso'riyoti. 2007 y.
3. Sh.Raximov. X Nurmatov."Cholg'u ijrochiligi tarixi " o'quv qo'llanma. T.2009 y.
4. Sh.Raximov O.Nazarov..Sh.Jonaydarov. "Cholg'u ijrochiligi ansambli".o'quv qo'llanma. T. 2005 yil.
5. Durdikulovich K. A. MUSIC PEDAGOGICAL SKILLS OF A TEACHER OF MUSIC CULTURE //BOSHQARUV VA ETIKA QOIDALARI ONLAYN ILMIY JURNALI. - 2022. - С. 28-31.
6. Kosimov, Abdulaziz. "SCIENTIFIC FIELD-SCIENTIFIC PROCESS (ACADEMICIAN AKMAL SAIDOV'S "COMPARATIVE INTRODUCTION TO THE BOOK" INTRODUCTION TO LITERATURE"." Конференции. 2020.
7. Durdikulovich K. A. THE ROLE OF TEACHER-STUDENT TRADITIONS IN THE DEVELOPMENT OF NATIONAL SINGING //TA'LIM VA RIVOJLANISH TAHLILI ONLAYN ILMIY JURNALI. - 2022. - С. 112-114.