"Oriental Art and Culture" Scientific Methodical Journal / ISSN 2181-063X Volume 3 Issue 4 / December 2022
O'ZBEK AN'ANAVIY QO'G'IRCHOQ TEATRI DRAMATURGIYASI
Madaliyev Abdurashid Raximberdiyevich O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining Farg'ona mintaqaviy filiali
Annotasiya: Ushbu maqolada an'anaviy o'zbek teatri tushunchasi masxaraboz va qiziqchilar teatri tomoshalarini ijro etishi va unda foydalaniladigan ust-bosh va grim elementlari o'zbek an'anaviy teatrining tarixi tutgan o'rni ahamyati, vazifasi uzoq o'tmishi avval ana shu haqida ma'lumot beriladi. O'zbek teatrining shakilanish bosqichlari va uning yaralish tarixi misollar yordamida ochib berilgan.
Kalit so'zlar: An'ana, tomosha va taqlid, improvizatsiya, masxaraboz, qiziqchi, tanqid, muqallid, Chodir jamol, "Chodir xayol, Fonus xayol, Polvon Kachal, Korfarmon, Bichaxon qo'g'irchoqbozlik, korfarmon, san'atshunos, farmondor.
DRAMATURGY OF TRADITIONAL UZBEK PUPPET THEATER
Madaliyev Abdurashid Rakhimberdiyevich Fergana regional branch of Uzbekistan State Institute of Art and Culture
Abstract: In this article, the concept of traditional Uzbek theater is the performance of performances by the theater of clowns and amateurs, and the elements of make-up and make-up used in it, the importance of the role of the history of the traditional Uzbek theater, and its function before its long past. will be informed about. The stages of formation of the Uzbek theater and the history of its formation are revealed with the help of examples.
Keywords: Tradition, spectacle and imitation, improvisation, clown, curious, criticism, muqallid, Chadir Jamal, "Chadir fyam, Fonus fyam, Polvon Kachal, Korfarmon, Bichakhan puppeteer, korfarmon, art critic , commander.
O'zbek dramaturgiyasining yoshini XX asr bilangina o'lchash noto'g'ri tushunchadir. Bizga ma'lumki, о'zbek xalqi og'zaki poetik merosi bilan bir qatorda, o'ziga xos mazmundor folklor teatriga ham egadir. Avloddan-avlodga, og'izdan-og'izga o'tib keluvchi og'zaki poetik meros singari xalq folklor teatri to'g'risida ham o'tgan asrning o'rtalariga qadar yetarlicha ma'lumotlar mavjud emas edi.
"Dramaturgiya deganda, biz faqat muallifi ma'lum bo'lgan yozma pyesalarnigina tushunib kelganmiz. Holbuki, O'zbekistonda shahar madaniyati bilan bog'liq holda to'rt ming yildan buyon yashab kelayotgan teatr mavjud bo'lib, o'ziga xos
dramaturgiyaga tayanib faoliyat ko'rsatgan. O'zbek teatrshunosligida u an'anaviy teatr dramaturgiyasi deb ataladi"1.
Bilamizki, xalq teatri hozirgi professional teatrdan, og'zaki dramaturgiya esa yozma dramaturgiyadan ancha farqlanadi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida xalq teatri ikki asosiy turdan iborat bo'lgan: birinchisi - masxaraboz va qiziqchilar teatri, ikkinchisi - qo'g'irchoqbozlar teatri. Bu teatrlarning har biri ijrochilik uslublari bilan bog'liq holda ichki bo'limlarga ham ajralgan.
An'anaviy teatrda masxaraboz va qiziqchilar va qo'g'irchoqbozlar san'ati bir-biriga uzviy bog'liqlikda shakllangan, rivojlangan va yashab kelgan. Xususan, ularning syujet chizig'i, g'oya va mavzusi, hayotiy voqelikni hajviy shakllarda aks ettirishi, komediyalar, pantomimalar, kulgili hikoyalar, o'yinlar va badihago'ylikka (improvizatsiya) tayangan holda tomoshalar qo'yishi ular o'rtasidagi o'zaro bog'liqliklarni ko'rsatadi. Hajviy yo'nalishga ega bo'lgan masxaraboz va qiziqchilar teatrida ikki janr yetakchilik qilgan. Bular "tanqid" va "muqallid" deb nomlanadi. Muqallid - turmushdagi biron qiziq voqea yoki biron shaxsga qilingan taqlid bo'lsa, tanqid - bu ijtimoiy satirik janrdagi pyesa-spektakllar ushbu janrga mansubdir. Shu tariqa bu yo'nalishning yana bir alohida o'ziga xos bosqichi sifatida qiziqchilarning qo'g'irchoq bilan birgalikda ko'rsatgan tomoshalarini aytish joiz. Bu tomoshalar O'rta Osiyo qo'g'irchoq teatrining kelib chiqishiga sababchi bo'lganligi ayni xaqiqatdir.
O'zbek an'anaviy qo'g'irchoq teatri qadim zamonlardan shakllanib, rivoj topib kelgan. Dastavval, turli xil sayillar, bayramlar, marosimlarda, to'y-u hashamlarda namoyish etilgan qo'g'irchoq teatri tomoshalari, asosan xalqning orzu-umidlari, dardlari, ular orzu qilgan qaxramonlarning jasoratlari to'g'risidagi voqealarga asoslangan. E'tiborlisi shundaki, an'anaviy qo'g'irchoq teatri tomoshalari barcha kattayu-kichik uchun ahamiyatli bo'lgan. Qadimda "qo'g'irchoq o'yin" nomi bilan atalgan bu san'atning "Chodir jamol" (qo'lga kiyib o'ynaladigan), "Chodir xayol" (ip bilan boshqariladigan) va "Fonus xayol" (soyalar yordamida) nomli turlari mavjud bo'lgan. Dastavval, "Chodir jamol" tomoshalarida hayotiy voqealar, "Chodir xayol"da mifologiya, "Fonus xayol" teatrida esa xalq qaxramonlik eposi tarannum etilgan. Keyinchalik turli davrning turli qarama-qarshiliklari sabab, barcha turdagi tomoshalarda ezilgan xalq dardi va hukmron vakillarning qilmishlari hajv tig'iga olingan. Ayniqsa, XIX asrning o'rtalarida qo'g'irchoq teatri tomoshalarida xalq dardini kuylash, zulmkor boylar, amaldorlar qilmishlarini fosh etish, bangilik, o'g'rilik singari noxush illatlar tanqid ostiga olinadi. Bir so'z bilan aytganda, bu davrda qo'g'irchoq teatri tomoshalaridagi satiraning tig'i yanada o'tkirlashadi.
Ma'lumotlarga qaraganda, XX asrning boshlarida O'zbekiston miqyosida qirqtacha xalq qo'g'irchoq truppasi faoliyat olib borgan. Ular o'z tomoshalarida
1 Qodirov M. An'anaviy teatr dramaturgiyasi. - Toshkent: Yangi asr avlodi, 2006, 3-b.
54
an'anaviy voqealarga murojaat etgan bo'lsalarda, kuylangan mavzu va g'oyasi zamonga mos va ular xalq qalbidagi orzu-intilishlarni ro'y-rost ifoda etar edi.
Uch turga mansub qo'g'irchoq teatri tomoshalari namoyish etiladigan joy, qo'g'irchoqlar va ularning o'ynatish usullari hamda spektakl voqealari va mavzu, g'oyalari jihatidan bir-biridan farq qilgan. Qo'g'irchoq teatri tomoshalarida boshqarib turuvchi korfarmon bo'lib, u asosan qo'g'irchoqlar bilan tomoshabin o'rtasidagi aloqani bog'lab turishga xizmat qilgan.
Qo'g'irchoqbozlarning guruhi na issiq va na sovuq demay chang-to'zon yo'llarda goh aravalarda, goh piyoda qishloqma-qishloq kezib, turli xil aholi gavjum joylarda, karvonsaroylarda, bozorlarda, maydonlarda va to'y-u hashamlarda tomoshalar namoyish etishgan. Qo'g'irchoq tomoshalari o'zining jozibadorligi, soddaligi, tomoshaviyligi bilan katta-yu-kichik orasida mashhur bo'lgan va xalq orasida boshqa tomoshalarga nisbatan yuqori baholangan.
"Chodir jamol" tomoshalari asosan Kachal Polvon sarguzashtlariga qaratilgan bo'lib, unga tannoz Bichaxon hamrohlik qilgan. Kachal Polvon kabi qahramonlar ko'plab xalq qo'g'irchoq teatrlarida mavjud bo'lib, bir so'z bilan aytganda, xalq orzu umidlarini namoyon etuvchi qahramondir. Shu boisdan, "Chodir jamol" tomoshalari hayotdagi turli xil ijtimoiy, maishiy mavzular, voqealarga asoslangan holda ho'rlangan va aldangan insonlarni himoya qilishga qaratilgan. "Polvon Kachal mehnatkash xalq vakilidir. Shu sababli u ezilgan va tahqirlanganlar manfaatini, huquqini himoya qilib, mahalliy amaldor va ruhoniylarni, shuningdek, chor hukumati vakillarini fosh qilib kelgan,"2 - deya ta'rif beradi professor M.Qodirov. "Chodir jamol" tomoshalarida asosan yumor va satira yetakchilik qilgan. "Polvon Kachal sarguzashtlari" komediyasida asosan bir juft qo'g'irchoq va kichik pyesa namoyish etilgan.
An'anaviy qo'g'irchoq teatrining yana bir o'ziga xos tomoshalari bu "Chodir xayol" teatridir. "Chodir xayol" o'zining mazmun mohiyatidan kelib chiqib, "Orzular va fantaziyalar teatri" deb ham yuritilgan. "Chodir xayol" teatri "Chodir jamol"ga qaraganda ancha murakkab va mukammal, deya ta'riflanadi. Bu tomoshalar asosan kechqunlari, ya'ni turli xil chiroqlar va shu'lalar yordamida qo'yilgan. Zero, qorong'ulikda qo'g'irchoqlar iplar yordamida o'ynatilayotganligi ko'rinmagan, go'yoki o'zlari harakat qilayotgandek tasavvur paydo bo'lgan. Bu esa chodir xayol tomoshalarini yanada mazmundor ko'rinishini ta'minlagan. Qo'g'irchoq teatrining ikkala turida ham tomoshalarni asosan korfarmon boshqargan. U qo'g'irchoqlarni tomosha matnidan tashqari, badihago'ylikka asoslanib suhbatga tortgan. Iplar yordamida (Chodir xayol) qo'g'irchoq boshqarish, qo'lda boshqariladigan tomoshalarga (Chodir jamol) qaraganda anchayin boy bo'lganligining yana bir sababi, unda bir vaqtning o'zida 10 tagacha qo'g'irchoq boshqarish imkoniyati mavjud bo'lgan. Mazkur qo'g'irchoqlar xalq orasidagi kasb-kori turlicha bo'lgan insonlar
2 Qodirov M. O'zbek xalq tomosha san'ati. - Toshkent: O'qituvchi, 1981. - 60-b.
LMJi^H 55
hamda mavjud va mavjud bo'lmagan mahluq va hayvonlar qiyofasini aks ettirgan. Xususan, Xitoy tabib, Yo'ldosh Yasavul, Farrosh, Maymun o'ynatuvchi, Tosboz singari qo'g'irchoqlar o'z nomidan ko'rinib turibdiki, jamiyatdagi turli toifa vakillarining o'ziga xos qiyofalarini hajv yo'li orqali fosh etgan. Bu borada ularga dev, ajdar, eshak, laylak, maymun kabi hayvonot olami vakillari hamroh bo'lgan. "Chodir xayol" qahramonlaridan ham ma'lumki, mazkur tomoshalarda tarixiy shaxslarning qo'g'irchoq timsollarining ahamiyati katta bo'lgan. Shu bilan bir qatorda, mazkur tomoshalarda musiqa hamda badiiy bezak yetakchilik qilgan. Xususan, "Ufar", "Miyonxona", "Charh" singari kuylar shular jumlasidandir. Afsuski, bizgacha "Chodir xayol" tomoshasining birgina "Sarkardalar" komediyasi yetib kelgan. Mazkur pyesa "Chodir xayol" teatri dramaturgiyasini tuzilishi, o'ziga xosligi, mavzu va g'oya yo'nalishlarini ifoda etishi bilan san'at va madaniyat tarixi uchun qadrlidir.
"Fonus xayol" teatri soya teatri bo'lib, fonus yohud sham yordamida qo'g'irchoqlarni harakatga keltirilishi orqali namoyish etiladigan an'anaviy qo'g'irchoq teatri turidir. Mazkur tomoshalar asosan saroylarda namoyish etilganligi boisdan ham sekin-astalik bilan e'tibordan tushib, bizgacha yetib kelmagan. Qo'g'irchoqlar taxta va charmlardan yasalgan bo'lib, ular dastcho'plarga o'rnatilgan. Dastcho'plarni harakatlantirish va ularga bog'langan iplarni tortish orqali qo'g'irchoqlar jonlangan. Tomoshalar kechqurunlari yoki qorong'i bino ichida namoyish etilgan. Qo'g'irchoqlarning soyalari sham yoki zig'ir yog'i quyilgan fonuslar orqali yupqa oq matoga tushurilgan. Natijada ularning aksi pardaga tushgan. "Fonus xayol" teatri tomoshalari asosan dostonlarning syujetlariga tayangan holda namoyish etilgan bo'lib, afsuski, mazkur teatrning og'zaki namunalari ham bizgacha yetib kelmagan.
Qo'g'irchoq dramaturgiyasida satirik, kichik hajviy asarlar, ijtimoiy hayotning turli og'riqli nuqtalari, insonlarning nobakor qilmishlarini o'ziga xos soddagina, ammo xalq ongiga ta'sir etish vositalari yordamida ifoda etilgan.
"Chodir jamol" teatridagi har bir tomosha Polvon Kachal nomi bilan bog'liq. Har bir asarning bosh qaxramoni hisoblangan Kachal polvonning jasoratlari asosiga turli voqealar jam bo'ladi. Kachal polvon xalq tomonidan zulmkor tabaqa vakillariga qaratilgan zarba sifatida o'ylab topilgan. Xalq uning qahramonliklari zamirida boylar, sudxo'rlarni jazolashni o'ylab topish orqali o'z dardlariga oz bo'lsada malham topgan. Polvon Kachal bir vaqtning o'zida ham ijobiy, ham salbiy sifatlardan holi bo'lmagan qiyofada gavdalansada, uning har qanday xatti-harakati nomaqbul kimsalarning ta'zirini berishga qaratilgan.
Tomoshalarni hamisha Korfarmon boshqarib, voqealarni bir-biriga bog'lab, asosan Polvon Kachal bilan bevosita muloqotda bo'lgan. Bir tomoshada uch-to'rt voqea, mavzu va g'oya tarannum etilgan. Ular go'yoki mazmun jihatidan bir-biridan
farq qilsada, barchasi Kachal Polvon atrofida sodir bo'ladi. Korfarmon esa ularga to'g'ri yo'l ko'rsatuvchi dono bobo sifatida o'z munosabatini bildirib turadi.
"Chodir jamol" teatrining birmuncha yaxshi varianti 1965 yilda Samarqandlik keksa qo'g'irchoqboz Qulibobo Navvotovdan yozib olingan "Polvon Kachal sarguzashtlari" komediyasidir"3. Ushbu komediyada sevgi- muhabbat, sudxo'rlarni nomaqbul qilmishlarini fosh qilish hamda kulgiga yo'g'rilgan tomosha namoyish etiladi.
"Polvon Kachal sarguzashtlari" komediyasi uch pardadan iborat bo'lib, tomoshada Polvon Kachal, Korfarmon, Bichaxon, Qoravoy - ya'ni polvonning kuchugi hamda Sudxo'r ishtirok etadi. Birinchi pardada Polvon Kachalning Bichaxonga bo'lgan muhabbati to'g'risidagi voqealar asos qilib olinadi. Polvon Kachal Korfarmonga yo'lda kelayotib bir hurluqoni yaxshi ko'rib qolganini, ammo uni yo'qotib qo'yib topolmayotganini aytadi. Korfarmon bir to'n, qand-qurs evaziga uni topib berishga va'dalashadi va Polvonga uxlab turishini tayinlaydi. Korfarmon Bichaxonni chaqirib, Polvon uni ishqida kuyib, sarson bo'lib shu bo'sag'ada uxlab yotganini va uni uyg'otishi lozimligini aytadi. Bichaxon qanchalik urinmasin Polvon uyqudan turmaydi. Shunda Korfarmon baland ovoz bilan Polvonni uyg'otishga majbur bo'ladi. Polvon o'rnidan turishi bilanoq Bichaxonni ko'rib, uni quchoqlab ketadi va buni evaziga undan shapaloq yeb oladi. Shunda Korfarmon Polvonning bu qilmishi noto'g'ri ekanligi, avvalo, Bichaxondan ko'ngil so'rashi lozimligini aytadi. Polvon Bichaxondan qo'lini so'raydi va qiz ham rozi bo'ladi. Tomosha yakunida qahramonlar Korfarmonning surnayda chalgan "Mayxona" kuyiga raqsga tushib, xursandchilik qilishadi. Polvon bir oz qo'pol, ayrim masalalarda uquvsiz, sodda etib gavdalansada, ko'ngli toza va hazilkash ekanligi uning gap so'zi, o'zini tutishida yaqqol ko'rinib turadi. Bichaxon ko'p o'rinlarda yengiltak, deya ta'riflansada, ushbu tomoshada Polvonning qilgan shilqimligiga nisbatan yuziga tarsaki tushurishi uning o'ziga xos fazilatlarga ega ekanligidan darak beradi.
II - pardada Polvonning Qoravoy laqabli kuchugi egasini tanimay tishlab, quvlab, u yoqdan-bu yoqqa sarson qilganligi kulgili holatda tasvirlanadi. Polvon kuchugining bunday qilmishini rafiqasi Bichaxondan ko'radi. Rafiqasi ko'ylagini tikib bermaganligi uchun xafa qilganligi va u ham shu yo'l bilan alamini olganligi haqida gapiradi. Polvonining ushbu gaplarini eshitgan Korfarmon "o siz urushmangda, yaxshi gapirib tushuntiring"4, deb aytadi. Ushbu kichik tomoshaning maqsadi ham ana shu bir og'iz jumlalarda o'z ifodasini topadi. Korfarmon oilada, jamiyatda ayol, rafiqaning ham o'ziga xos o'rni va mavqei mavjud bo'lishligi, u faqatgina kaltak va koyishlarga emas, aksincha murosa-yu madora qilishga loyiq ekanligini ko'rsatadi.
3 Qodirov M. An'anaviy teatr dramaturgiyasi. - Toshkent: Yangi asr avlodi, 2006. -19-b.
4 O'sha manba, 284-b
III-pardada Sudxo'r Polvondan qarzini undirmoqchi bo'lib, Korfarmondan uni topib berishini so'raydi. Buni evaziga unga mo'maygina pul va ziyofat va'da qiladi. Ammo Korfarmon uning va'dalariga uchmay haqiqat tarafda bo'ladi. Polvonga olgan qarzini qaytarish kerakligini bildiradi. Polvon esa to'yi munosabati bilan olgan yuz so'm puli uch yuz ellik so'm bo'lib ketganidan hayratga tushib, Sudxo'rni kaltaklay ketadi. Ular uzoq mushtlashishadi va tomosha so'nggida Polvonning qo'li baland keladi. Ushbu tomoshada omonatga xiyonat va sudxo'rlikning salbiy oqibatlari o'z ifodasini topadi.
"Kachal Polvon sarguzashtlari" komediyasidan ko'rinib turibdiki, undagi voqealar ijtimoiy hayot va turli og'riqli masalalarni ko'tarib chiqqan. Bu xol o'z navbatida "Chodir jamol" teatrining o'ziga xosligini ifoda etadi.
"Chodir xayol" teatrining bizgacha birgina "Sarkardalar" komediyasi yetib kelgan bo'lib, ushbu komediya voqealarining anchayin boyligi va qahramonlarning son jihatidan ko'pligi va turlicha ekanligi bilan "Kachal Polvon Sarguzashtlaridan" farq qiladi. Komediya bosh qahramoni - Yasovul bo'lib, u Kachal Polvon singari mard va jasur xalq timsoli. Ammo u Kachal Polvondan o'zining harakteri va ijtimoiy kelib chiqishi, xatti-harakatlari bilan farq qiladi. Kachal Polvon asosan oddiy xalqning orzularini sahnada ko'rsatib beruvchi qahramon bo'lsa, Yasovul quyi tabaqa vakili bo'lib, saroyda kelgan ketgan amaldorlarni kutib olish, shu bilan bir qatorda asar voqealarini bog'lab turishga xizmat qiladi.
Komediyada Korfarmon, Yasovul, Dev, Farrosh, Podsho, Sarkardalar, O'yinchi qizlar, Mergan, Ma'qulboshi, To'pchi, Maymun, ilon, laylak, eshak, fil singari personajlar ishtirok etadi. O'nta voqeaga asoslangan mazkur komediyada podsholar va sarkardalarning kelishi munosabati bilan bo'ladigan tayyorgarlikda Yasovul bosh bo'lib, birinchi va ikkinchi voqealarda dev, Farrosh bilan tortishadi. Hattoki, dev bilan kurashib uni yengadi. Uchinchi voqeada turli viloyatlardan sarkardalar va podsholar tashrif buyurishib, o'zlarini tanishtirishadi. To'rtinchi voqeada Korfarmon childirma chaladi, raqqosa qizlar raqsga tushishadi. Keyingi tomoshalarda maymunboz, Tosboz singari san'atkorlar o'z mahoratini namoyish etishadi. So'nggi voqeada podshoh Yasovulga zambaraklar otilishi lozimligini buyuradi. Ushbu tomosha podshoh va sarkardalarning tashrifi bilan uyushtirilgan ziyofat asosiga qurilgan.
Xulosa qilib aytganda, o'zbek an'anaviy qo'g'irchoq teatri qadim-qadimdan o'zbek xalqi va uning orzu-umidlari bilan bog'liq xolda yashab keldi. O'zining xalqparvar qahramonlari bilan turli davrning turli zarbalariga mardonavor kurashib, badiiy sayqal topib, bugungi professional milliy qo'g'irchoq teatriga zamin hozirladi. Og'zaki dramaturgiya namunalari esa asrlar davomida o'zbek xalqining sevikli yo'ldoshi, aziz do'sti hamda xalq madaniyatining ajralmas qismi bo'lib kelgan. Qo'g'irchoq teatri og'zaki namunalari o'z davri uchun qimmatli va hozirgi kunda ham o'z qadr-qimmatiga ega. Asosan, yumoristik voqealar asosida ijtimoiy masalalarni fosh
I ihSi^^Bl http://oac.dsmi-qf.uz
etishga qaratilgan va kattalar uchun mo'ljallangan ushbu tomoshalar har taraflama badiiy va estetik ko'rinishga ega ekanligi azal-azaldan ijodkor xalq ekanligimizni ko'rsatadi. Shuning uchun milliy madaniyatimiz, xususan o'zbek dramaturgiyasi va teatri tarixini o'rganishda xalq og'zaki dramasini puxta bilish katta ahamiyatga ega.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Imomov K. Mirzayev T. Sarimsoqov B. Safarov O. O'zbek xalq og'zaki poetik ijodi. Toshkent. O'qituvchi. 1990 yil.
2. Jo'raev M. O'zbek folklorshunosligi masalalari. Toshkent. Fan. 2010 yil.
3. U.K. Rahmonov,A.A.Ergashev. Bolajonlar nigoxi qo'g'irchoqlarda. Teatr jurnali.2022 yil.