CENTRAL ASIAN ACADEMIC JOURNAL ISSN: 2181-2489
OF SCIENTIFIC RESEARCH VOLUME 2 I ISSUE 1 I 2022
O'TKIR HOSHIMOVNING "DUNYONING ISHLARI" QISSASIDA AYOL VA
ZAMON QIYOFASI
Arofatxon Abdumannob qizi Atajanova
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institute 3-bosqich talabasi
Ilmiy rahbar: Nodira Djoxongirovna Xolikova
ANOTATSIYA
Mazkur maqola taniqli yozuvchi O'tkir Hoshimovning "Dunyoning ishlari" asarini tahlil qilish bilan bir qatorda, unda yoritilgan dolzarb mavzularni yangicha rakursda baholashga qaratilgan. Maqolada muallifning asosiy e'tibori O'tkir Hoshimov tomonidan yaratilgan ona obrazining sharq ayoli matonatiyu muruvvatini nechog'li aks etgani tahlil etilgan. Ishdagi umumlashma xulosalar asarning ma'naviy-axloqiy qimmatini yoritishga xizmat qilgan.
Kalit so'zlar: axloq, ona, sharq ayoli, zamon, qissa, hikoya.
THE IMAGE OF A WOMAN AND TIME IN THE WORK OF UTKIR KHASHIMOV "EARTHLY AFFAIRS"
ABSTRACT
The article analyzes the work of the famous writer Utkir Khoshimov "Earthly Affairs", and also gives an assessment of topical issues in a new perspective. The article analyzes how the main author's emphasis - the image of the mother, created by Utkir Khoshimov, reflects the perseverance and kindness of an eastern woman. Generalizations of the work serve to emphasize the spiritual and moral value of the work.
Keywords: morality, mother, oriental woman, time, story, narration.
KIRISH
Tarixiy-falsafiy qonuniyat, zamonning o'zgarishi, atrof-muhit, jamiyat va insonning aqliy rivojiga qaramasdan, insonning o'zi har doim bir yo'ldan borishi haqida o'zgarmas tamoyilga asoslangan. Qanchalik, zamon o'zgarmasin, eng buyuk, porloq fazilatlari bor insonlar bilan bir vaqtning o'zida eng yoqimsiz xislatlarga boy insonlar ham yashab o'tishini taqozo etadi. Aynan ushbu qonuniyat asosida "Tarix - buyuk o'qituvchi" [1, 46] ekanligi ta'kidlangan.
263
UZBEKISTAN | www.caajsr.uz
ASOSIY QISM
Salkam qirq yil muqaddam yozilgan O'tkir Hoshimovning "Dunyoning ishlari" qissasi ushbu ta'kidning dalili sifatida keltirilishi mumkin. O'zining adabiy janriga ko'ra, qisqa hayotiy qissalarning jamlanmasi, ko'p hollarda insholar yig'indisiga qiyoslanishiga qaramasdan, ushbu "doston" [2] o'z ichiga nafaqat muallifning onasi haqidagi fikr-mulohazalari va ichki kechinmalari, balki zamonning, uning atrofidagi insonlarning ichki va tashqi ko'rinishlariga bag'ishlangan.
Qissadagi "Ona" obrazi, muallifning faqatgina o'tgan voqealarni tasvirlash bilan chegaralanib qolgan yoki o'z onasi timsolida ideal ona obrazini tadbiq etishga harakat qilgan, deb ta'kidlash o'quvchining asarni to'liq o'qib tushunchaga ega bo'la olmaganidan dalolat beradi. Muallifning onasi o'z harakatlari, qarashlari, fikr-mulohazalari bilan aynan sharq ayoli obrazini to'liq tasvirlaganini yaqqol ko'rishimiz mumkin.
Zamonning tartib-taomillari, ateistik targ'ibotning jamiyatning barcha jabhalariga qaratilganiga qaramasdan, insoniylik, insof singari yuksak xislatlarni saqlab qolish va uni o'z farzandlarining tarbiyasida qo'llashi aynan sharq ayolining fazilatlaridan biridir.
Misol tariqasida, qissaning "Ikki afsona" hikoyasida muallif onasining barvaqt turib, ko'cha supurib ishlaganini eslab o'tadi. Unda vaqt o'tgani sari akasining onasiga shu ishni qilmasligi haqidagi so'zlariga alohida e'tibor qaratish lozim. Insonning halol mehnat qilib, peshona teri bilan hayot kechirishi dindan xabardorlik sifatida onaning har qanday halol mehnatning aybi yo'qligi haqidagi so'zlari bilan ta'riflanadi. Ushbu holatning alohida e'tiborga sazovor jihati shundaki, onaning halol luqma bilan farzandlarining qornini to'q, ustini but tutishi, o'zidagi halovatning mavjudligi, uning o'z mehnati bilan (eng oddiy ish bo'lsa-da) g'ururlanishi va insofidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, ta'kidlash joizki, ijtimoiy-psixologik jihatdan onalik tuyg'usi insonning boshqa hayotiy talablari (yashash, ovqatlanish va boshqa) bilan bir qatorda barobar turuvchi xislatdir [3, 347]. Muallifning "Gilam paypoq" hikoyasida, onaning deyarli yalangoyoq holatida bolasining umri, uning sog'lig'i uchun o'zining sog'lig'idan voz kechishga, kerak bo'lsa, uning o'rniga o'zi ajalga tik qarashga tayyorligidan buni yaqqol ko'rish mumkin. Tibbiyot nuqtai nazaridan qaralganda, og'ir homiladorlik holatlari yoki tug'ruq vaqtida onaning va bolaning hayotiga xavf bo'lgan holatlarda, deyarli barcha shifokorlar bolaning umridan voz kechgan holda onani qutqarishga bel bog'lashadi. Ushbu mantiqqa asosan, ona yana bola ko'rishi mumkin, ammo bola onani qaytara olmaydi. Lekin, muallif hikoyasining mantig'i hech bir narsa ona hissiyotidan ustun emasligidan dalolat beradi.
Qissada muallif onasining xislatlari qatorida hayot yo'lida qanchalik mashaqqatlar ko'rgani, qiyinchiliklarni yengganiga qaramasdan, bola singari ochiqko'ngil va sodda inson bo'lib qolgani o'quvchining e'tiborini o'ziga tortadi.
Bunda "Qarz" hikoyasi ushbu fikrni yana bir bor ta'kidlab o'tadi. Onaning o'z bolalariga bo'lgan muhabbati, ularning yoshligidagi urush girdobi, yo'qchilik va bir burda nonga zor bo'lib yashaganlari, begona bolalarga bo'lgan mehrini yanada yuqori pog'onaga ko'tardi. O'z nafaqa puli hisobidan qo'shnilarning bolalariga kiyim-kechak, oyoq kiyim va velosiped singari zarur narsalarni olib bergani, onaning farzandlariga vaqtida olib bera olmagani hamda mehrini ulasha olmaganining natijasi sifatida baholanishi mumkin. Psixologik jihatdan inson o'z hayoti davomida ma'lum hayotiy bosqichlarni bosib o'tishga muqarrardir, agarda u ushbu bosqichlardan o'z vaqtida o'tolmasa, keyinchalik o'tishga majburdir [4, 122]. Shu singari mehrning o'lchamli, qiymatli ko'rinishi ham onaning bolaga nisbatan e'tiboridir, agarda ushbu mehr inson qalbidan o'z yo'lini topib ulashilmasa, kelgusida armonga aylanishi mumkin.
Umumiy jihatdan insonning hayoti uning 3 yoshga to'lguniga qadar faqatgina uchburchak (Ona-bola-ota) ichida ulg'ayishi, keyinchalik esa boshqa barcha tashqi omillar ta'siri asosida tarbiyalanishi tabiiydir. Qissadan shuni ko'rish mumkinki, muallif ham ushbu tamoyildan yiroq emas. O'zining ichki ko'nikmalari va boshqa insonlar ortidan ko'rgan nohaqliklariga qaramasdan ("Xiyonat" qissasi), uning ham shu insonlar singari asta-sekinlik bilan jamiyat ta'siri ostida salbiy tomonga o'zgarishini ko'rsatadi.
Xususan, qissaning "Bola yig'isi" hikoyasida muallif onasining notanish bolani yig'idan yupatishi, uning ko'nglini olishiga qaratilgan harakatlarni, onasining insoniylik hissini moddiy boylikdan pastga qo'yishiga sabab bo'ladi. Bolaning o'z mashinasiga chiqishi, mashinani iflos qilishi, onasining insofidan ustun qo'yiladi. Shu bilan birga, qissaning "Toy" hikoyasida o'z o'rtoqlari bilan birgalikda boshqa qo'shnisining o'g'lini tahqirlashi, unga nisbatan adolatsizlikni ko'ra turib nafaqat sukut saqlashi, balki qo'shilgan holda davom ettirishida atrof-muhitning ta'siri qanchalik kuchli ekanidan dalolat beradi.
Asarni aynan adabiy jihatdan emas, balki chuqur ijtimoiy-psixologik jihatdan tahlil qiladigan bo'lsak, zamonning, atrof-muhitning va hayot tarzining ta'siri insonga qanchalik kuchli bo'lmasin, jamiyatning fazilatlari o'zgarishsiz qolishiga amin bo'lishimiz mumkin.
Ko'p holatlarda zamonaviy hayot tarzi, jamiyatning, insonlarning hayot tamoyillari o'zgargani sho'ro davrini ko'rgan, shu davrda yashagan katta yoshdagi qariyalarning, ho'rsingan holda, o'tgan davrni yaxshiligi haqidagi fikrlariga duch kelishimiz mumkin. Ta'kidlash joizki, sho'ro hukumatning targ'ibot-tashviqot mexanizmi nihoyatda kuchli bo'lgan, ammo shu bilan bir qatorda, insonlarning yaxshi yoki yomon bo'lishiga katta ta'sir ko'rsata olmagan.
Qissada yoritilgan muhitdan shuni ko'rish mumkinki, insoniylik, insof va adolat jihatidan sho'ro davridagi ijtimoiy atrof-muhit zamonaviydan farqlanmaydi, balki ko'p hollarda insonlarni chegaralab turuvchi din mexanizmlari davlatga o'tganidan dalolat
beradi. Bu esa o'z navbatida, insonlarning axloqiy chegaralari qonun doirasida belgilanganini ko'rsatadi. Egalitarizm tushunchasi imkoniyatlarning tengligini targ'ib etsa, tamoyilni niqob qilib olgan insonlarning jamiyatdan o'z foydasi uchun foydalanishiga yo'l ochadi [5, 518].
Umuman olganda, qissadagi hikoyalarga zamon va atrof-muhitning mantiqiy mahsuli sifatida qarash xatolikka yo'l qo'yishga sabab bo'lishi mumkin. Zamonning muallif onasiga bo'lgan munosabati, muhabbatining turtkisi bo'lmagan bo'lib, qissaning asosiy ichki ma'nosi sifatida nafaqat muallif onasining xislat va fazilatlari balki, atrofdagi insonlarning fazilatlarini ta'riflash, ularning ichki ko'nikmalari orqali o'zining xatolarini ko'rsatishga bag'ishlanganligi haqiqatning bir tomonidir.
"Tarozining" (qissaning) ikkinchi yana bir muhim pallasi sifatida insonning tarbiyasiga bo'lgan kuchli impuls beruvchi xislatini ta'kidlash joiz. Adabiy asar o'z jihatlari bilan ilmiy materialdan keskin farq qilib, insonning fikrlash qobilyatini rivojlantirish, uning hayotni "sezish"ga bo'lgan intilishini rag'batlantirishga qaratilgan. Xulosa qilib ta'kidlash mumkinki, muallif tomonidan ilgari surilgan insoniylik, tarbiya va ona tushunchalari ushbu qissa bilan to'liq o'quvchiga yetkazilgan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI (REFERENCES)
1. Gandi, I. (2018). Indira Gandi hayoti va siyosiy faoliyati. Hindiston Milliy kongresi oldidagi nutqi. - Moskva
2. Ahmad, S. Dunyoning ishlari qissasi haqida [elektron kitob] // http://kutubxonachi.uz/documents/asar/adabiyot/o-zbek/pdf/o-tkir-hoshimov/dunyoning-ishlari-qissa/#gsc.tab=0
3. Vagner, V. (2005). Qiyosiy psixologiya biologik asoslari. - Aql va idrok.
4. Aryes, F. (2019). Go'dak va eski tartib davridagi oilaviy hayot. Hayot bosqichlari bo'limi. - Nyu York: Fency.
5. Umumiy siyosatshunoslik lug'ati. (2018). - Moskva.
XULOSA