O'RTA OSIYO XALQLARI MUSIQA MADANIYATI TARIXIGA BIR
NAZAR
Madiyor Xalilov
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining Farg'ona mintaqaviy filiali
Annotatsiya: O'rta Osiyo xalqlari musiqa madaniyatining rivojlanishida o'z hissalarini qo'shgan buyuk faylasuflar va ularning yozib qoldirgan musiqaga oid asarlari, maqomlarning o'tmishdagi nazariy asoslari va ularning shashmaqomgacha bo'lgan shakllari va boshqa masalalar to'g'risida atroflicha ma'lumotlar berish, ularni o'rganish va o'zlashtirishdan iborat.
Kalit so'zlar: Barbat, qonun, ho'dd, konsonans, dissonans, akustika, nag'ma, diapazon, maqom, ritm, jins, jam, lad, sozanda, xonanda, kuy, interval tetraxord, pentaxord
AN OVERVIEW OF THE HISTORY OF THE MUSIC CULTURE OF THE
PEOPLES OF CENTRAL ASIA
Madiyar Khalilov
Fergana regional branch of Uzbekistan State Institute of Arts and Culture
Abstract: It consists of giving detailed information about the great philosophers who contributed to the development of the music culture of the peoples of Central Asia and their written works on music, the theoretical foundations of the past and their forms before the shashmaqom, and other issues, to study and master them.
Keywords: Barbat, law, scale, consonance, dissonance, acoustics, melody, range, status, rhythm, gender, jam, scale, musician, singer, melody, interval tetrachord, pentachord
O'rta Osiyo-qadimiy madaniyat o'choqlaridan bir hisoblangan. O'rta Osiyo xalqlarining musiqa madaniyati tarixiga doir qadimiy yozma manbalar va arxeolog olimlar tomonidan topilgan qadimiy yodgorliklar, buning dalili bo'lib xizmat qiladi va shu bilan birga bu xalqlarning qadimdan boshlab yuksak madaniyat egalari bo'lganligini tasdiqlaydi. Shuni aytib o'tish joizki, Arab istilosi davrida (VII-IX asrlar) boshqa madaniy yodgorliklar qatorida, musiqaga oid yozma manbalar ham kuydirilib, yo'qotib yuborilganligi bizga ma'lum. Shuning uchun, O'rta Osiyo xalqlarining so'ngi ming yillik tarixiga doir yozma manbalargina bizgacha yetib kelgan. IX asrning ikkinchi yarmida Somoniylar davlati barpo etildi. O'rta Osiyodan chiqqan barcha olimlar hamda faylasuflar shu davrda o'rta asr fani tarixida o'zlarining ilmiy asarlari
bilan jahonga mashhur bo'ldi va fanning boshqa sohalarida ham unutilmas ilmiy asarlar yaratib qoldirdi. O'sha davrlarda o'z davrining mashhur xonanda va sozandalari amir saroyiga jalb etilganlar, biroq, Saroy musiqachilari xalq ommasi oldiga chiqib ruhsatsiz musiqa ijro etishlari mumkin bo'lmagan.
O'rta Osiyo xalqlarini musiqa madaniyatining rivojlanishiga o'z hissalarini qo'shgan ustozona musiqaning nazariy asoschilari bo'lgan Abu Nasr Farobiy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Kavkabiy, Marog'iy va ularning davomchilari musiqa nazariyasi ("Ilmiy musiqiy") to'g'risida ham ilmiy asarlar yaratdilar. Dastlab, O'rta Osiyo xalqlari musiqa nazariyasini asoslab bergan buyuk siymolardan biri bu Abu Nasr Farobiy edi. Buyuk faylasuf, olim, o'rta asr Sharq musiqa nazariyasining asoschilaridan biri-Abu Nasr Muhammad Forobiy 873-yilda Sirdaryo yoqasidagi Forob shahrida tug'ilgan. Farobiy O'rta Osiyo turkiy qabilalaridan bo'lib, dastlabki ma'lumotlarni o'z ona shahrida oladi va Bag'dod, Damashq shaharlariga, so'ngra Misrga borib, u yerlarda o'z ma'lumotini oshiradi. Buyuk olim- falsafa, mantiq va matematika va boshqa fanlar bo'yicha teran ilmiy asarlar yarata olgan o'z zamonasining yetakchi olimlaridan biri edi. Musiqa ilmi esa matematika fanlaridan biri hisoblanardi. Farobiy o'z davrining ajoyib musiqachisi va shu bilan birga musiqa nazariyachisi ham edi. U o'zi yashagan davrda mavjud bo'lgan barcha musiqa cholg'ularini, shu jumladan kuylarni, nay va tanbur sozida juda katta mahorat bilan ijro qilar edi. Rivoyatlarda yozilishicha, Farobiy kunlarning birida marosim uchun saroyga tashrif buyuradi va marosim boshlangach Farobiy u yerga yig'ilgan barcha saroy a'yonlari oldida o'zi takomillashtirgan cholg'u sozida bir kuy ijro qildi va bu kuyni eshitib barcha yig'ilganlar rosa kulishdi. Shunda Farobiy to'xtab, yana boshqa bir kuy ijro qildi va bu kuyni eshitib barcha yig'ilganlar yig'lab yubordi. Hamma hayratda edi Farobiy bu kuylardan o'zgacha bir boshqa ajoyib kuy ijro qildi shunda marosimda o'tirganlarning barchalari uxlab qolishdi va Forobiy sekingina o'rnidan turib chiqib ketdi. Farobiyning bunday teran mahoratiga yana bir bor tan berishimiz kerak. Farobiyning bu marosimda chalgan sozi - "qonun" edi.
Farobiy "Qonun" cholg'u so'zini ixtiro qilgan va o'sha davrda mashhur bo'lgan "Ud" sozining takomillashishida juda katta hissa qo'shgan deb, ba'zi manbalarda yozib qoldirilgan. Farobiy o'z zamonasi talablariga, ya'ni musiqa amaliyotidagi ehtiyojlarga asoslanib, ud torlariga "hodd"(eng baland tovush beradigan) torni qo'shgan va udning tovush diapazonini diatonik tovushqator nuqtayi nazaridan qariyb 4-5 pog'onaga kengaytirgan. Udning dastlabki nomi "barbat" bo'lganligi ba'zi manbalarda ko'rsatib o'tilgan. Abu Nasr Farobiy o'zning musiqaga bag'ishlab yozgan kitoblarida Sharq musiqa nazariyasini asoslab bergan. Farobiy musiqa nazariyasida tovushlar vujudga kelishining tabiiy-ilmiy ta'rifini beribgina qolmay, kuylar garmoniyasining matematik prinsiplarini ochadi, turli jadvallar, geometriya qoidalari asosida ko'plab murakkab chizmalar keltiradi. U Sharq musiqasining ritmik asosini dalillar bilan isbotlab bergan. Sharqda ma'lum bo'lgan musiqa cholg'ulari hamda ulardagi ijro etish qoidalari tafsiloti
ham berilgan. Uning musiqaga doir yozgan asarlari "Kitabul musiqiy al-kabir"("Musiqaga doir katta kitob"), "Kalam fil-musiqa "("Musiqa haqida so'z"), "Kitabun fi -ihsa'il -ulum" ("Fanlar tasnifiga doir kitob"), "Kitabul musiqa"(Musiqa kitobi")ning musiqaga bag'ishlangan qismi, "Kitabun fi - ihsa'il-iqo" ("Musiqa ritmlari- iqo' tasnifi haqida kitob") va boshqalar.
Farobiyning barcha musiqa asarlari orasida "Kitabul -musiqiy al-kabir" alohida diqqatga sazovordir. Asar muqaddima va uch bo'lak kitobdan iborat bo'lib, muqaddima qismida muallifning kuy ta'rifi, musiqaning nazariy va amaliy masalalari, kuyning paydo bo'lishi, musiqa janrlari, cholg'u sozlari, kuylarning ta'rifi, kuylarning amaliy ijrosi, intervallar, tovushqatorlar, konsonans (ohangdosh)lar va dissonans(noohangdosh)lar to'g'risida fikr yuritgan.
Birinchi kitobida musiqaviy akustika, nag'ma (tovush)lar nisbati, intervallarning turlari va ularni hosil qilish qoidalari, ritmlar va boshqa masalalar to'g'risida sharhlab bergan. Ikkinchi kitobida esa ud, tanbur, nay, rubob kabi boshqa cholg'u sozlari va ularning pardalari, torlari va diapazoni haqida fikr yuritgan. Uchinchi kitobida maqomlar masalasi yorqin yoritilib, ilk bor sharhlab berilgan va maqomlarning hosil qilinishi, ritm, cholg'u va vokal musiqa, kuy bezaklari va boshqa masalalarga bag'ishlagan. Shu o'rinda lad (maqom)larning tashkil etadigan qismlari- tetraxord va pentaxordlarning turlari, maqomotning juda ko'p xillari va uning sho'balari keltiriladi. Abu Nasr Farobiy o'zining bu o'lmas asarida Sharqda nota yozuvini vujudga kelishida chuqur zamin yaratib,kuylarning parda asosi bilan bevosita bog'liq bo'lgan lad (maqom) yozuv namunalarini ixtiro qilgan va harfiy belgilar vositasi bilan yozib qoldirgan. X-Xl asrlarda mashhur bo'lgan maqomlarni o'rganishda va ularni tahlil qilishda Farobiyning asarlari yagona manba bo'lib xizmat qilmoqda.
O'rta Osiyodan chiqqan ulug' olim, buyuk faylasuf, o'z davrining mashhur tabibi, tabiatshunos, shu bilan birga ajoyib musiqa nazariyachisi Abu Ali lbn Sino (980-1037) Buxoroga yaqin Afshona qishlog'ida tug'ilgan. Ibn Sinoning "Kitabush-shifa" ("shifo kitobi"), "Donishnoma" ("Bilim kitobi"), "Kitabun najot" ("Najot kitobi"), kabi musiqaga doir qismi va "Risalatun filmil -musiqiy"("Musiqiy ilmi haqida risola") risolalari jahon musiqa fani va madaniyati tarixida alohida o'rin tutadi. Ibn Sinoning "Kitabush shifo" kitobining 13-qismida zamonasining tabiiy fanlari sharhlab berilgan va musiqa nazariyasi ham mukammal yoritilgan.
Asar 4 ta bo'limdan iborat:
1. Mantiq
2. Fizika(Tabiiyot)
3. Aniq fanlar
4. Metafizika
Musiqani aniq fanlardan biri hisoblagan. Ibn Sino musiqa nazariyasini atroflicha talqin etgan. Musiqa akustikasi, tovushlar, intervallar, jins va jamlar, maqomlar,
ritmlar, va kuylar masalasi ilmiy -nazariy jihatdan chuqur asoslab bergan. Ibn Sinoning tojik tilida yozilgan "Donishnoma" nomli asarida ham musiqaning ba'zi nazariy masalalari matematika bag'ishlangan qismida sharh etilgan. Uning "Shifo", "Najot", va "Donishnoma" kabi falsafiy asarlari jahon fani va madaniyati tarixida olamshumul ahamiyatga ega. Ibn Sino musiqaga bag'ishlagan mahsus ilmiy- nazariy asarlarini meditsina kitoblarida ham aks ettirdi va o'zining meditsinaga oid o'lmas asarlarida musiqaning hissiy ta'sir kuchiga katta baho bergan va ruhiy kasalliklarni davolashda yuksak qadrlagan va shu bilan birga shifo dasturi sifatida tavsiya qilgan. O'zining Tib qonuni kitobida musiqaning ruhiy ta'sir kuchiga baho berib, go'dakning tarbiyasida musiqaning ahamiyatini oddiygina ta'riflaydi: "Go'dakning organizmi chiniqishi uchun ikki narsa biri asta qimirlatib tebratish, ikkinchisi esa onaning qo'shig'i (allasi). Birinchisi bolaning tanasiga, ikkinchisi esa ruhiga tegishlidir" deya ta'riflaydi.
IX-X asr O'rta Osiyo xalqlari musiqa madaniyati tarixini yoritishda o'z hissa qo'shgan buyuk qomuschi, olim Abu Abdulloh Muhammad Ibn Yusuf al-Kotib al-Xorazmiy ham musiqaga oid kitoblar yozib qoldirgan. Xorazmiyning "Mafotihul-ulum" (Ilmlar kaliti) asari O'rta Osiyo xalqlari fan va madaniyati tarixini yoritishda muhim manbalardan biri hisoblanadi. Dastlab, Sharq olimlari musiqani ham falsafa deb hisoblagan va o'zlarining yozgan asarlariga kiritgan, chunki, ular musiqaning badiiy -estetik kuchi va ijtimoiy-tarbiyaviy rolini hisobga olishgan.
Ozarbayjon xalqining ulug' olimi(Muhammad Sheroziyning aytishicha: "O'z zamonasining musiqa nazariyasi bo'yicha unga teng keladigan olim bo'lmagan...") Safiuddin Abdulmo'min Urmaviy (vafoti 1294) safdoshlari boshlab bergan "musiqiy ilmi"ni Sharq musiqa nazariyasi va amaliyotida yuksak darajalarga olib chiqdi. Uning "Risalatush-Sharafiya" ("Sharafli risola") va "Kitabul advor" (Musiqa va ritm doiralari kitobi") asarlari Sharq musiqa nazariyasi taraqqiyoti tarixida alohida ahamiyatga ega. Shuni alohida ta'kidlab o'tish kerakki, Urmaviy o'z asarlarida "O'n ikki maqom" ("Duvozdahmaqom"), "Ovoza" va "Sho'balar" masalasini birinchi bo'lib tizimlashtirib berdi. Shu bilan birga Sharq nota yozuv na'munalarini ixtiro etdi va ularda maqom va boshqa tarzda yaratilgan kuylarni yozib qoldirdi. Urmaviyning "Sharafiya" asari musiqa nazariyasi va qisman maqom(lad)lar masalasini yoritib bergan bo'lsa, "Kitabul-advor" asari maqom va ritm doiralari ustida bahs boradi.
Professor V.M.Belyaevning Xo'ja Abdulqodirning nazariy risolalarini o'rganishga bag'ishlangan asari ham diqqatga sazovordir. Ma'lum bo'lishicha, Xo'ja Abdulqodirning nazariy risolalarida ham maqomlar va ritmlar masalasi markaziy o'rinlarni egallaydi va O'rta Osiyo xalqlarining musiqaviy -nazariy fikrlari va musiqa amaliyoti ham o'z ifodasini topgan.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Sh. Mirziyoyev. Erkin va farovon, demokratik O'zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz.Toshkent. O'zbekiston. 2016. 14-bet.
2. I.A.Ganieva O'zbek musiqasida "Tanovor" Avtoreferati Toshkent., 2008
3. A.S.Pushkin nomidagi til va adabiyot instituti Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti.Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati.Toshkent., 1983.III-tom
4. Rajabiy Yu. Musiqa merosimizga bir nazar. "G'ofur G'ulom nomidagi adabiyot va san'at", T., 1978
5. R.S.Abdullayev. "O'zbek mumtoz musiqasi" Toshkent "Yangi nashr" 2008.
6. R.S.Abdulayev. "Obryadovaya muztika tsentralnoy Azii" T., "Fan". 1994-y.
7. O.A.Ibroximimov "O'zbek xalq musiqa ijodi" Toshkent 1994
8. Karomatov F. Cherti professionalnogo muzikalnogo ispolnitelstva na Blijnemi Srednem Vostoke. V kn. Muzikalnoe, teatralnoe iskusstvo i folklor. T., "Fan", 1992.