O'QUVCHILARDA HAYOTIY FAOLIYATNI SHAKLLANTIRISH
IMKONIYATLARI 1Davletov Erkaboy Yusubovich, 2Davletov Mayliboy Yusupovich
1Urganch davlat pedagogika instituti "Pedagogika, boshlang'ich va maktabgacha ta'lim metodikasi" kafedrasi v.b. dotsenti 2Buxoro davlat pedagogika instituti magistranti https://doi.org/10.5281/zenodo.7926183
Annotatsiya. Ushbu maqolada tayanch hayotiy kompetensiyalar, ularni hosil qilishning boshlang'ich sinf o'quvchilari uchun zamonaviy ta'lim modellari, bilim, ko'nikma, malakalarni aniq hayotiy sharoitlarda qo'llash vaziyatlarini tanlash zarurligi, kompetensiyalarni shakllantirish uchun yaratiladigan ijtimoiy-pedagogik shart-sharoitlar, o'quvchining bilish faoliyatini rivojlantirish, tayanch hayotiy va fanga oid kompetensiyalarning tarkibiy qismlari haqidafikryuritilgan bo'lib, ushbufikrlar ota-onalar, boshlang'ich sinf o'qituvchilari, dastur va darslik mualliflari uchun dasturulamal bo'lib xizmat qiladi.
Kalit so'zlar: axborot kompetensiyasi, model, tayanch hayotiy kompetesiya, fanga oid kompetesiya, didaktik vositalar, kompetensiya, kompetentlilik, kompetensiyaviy yondashuv.
Bugungi ta'lim tizimi uchun xarakterli bo'lgan xususiyatlardan biri o'quvchilar egallagan bilimlarni faollashtirishdan iborat. Buning uchun o'quvchilarga muayyan faoliyat turlarini emas, balki ularda bilimlarni uzluksiz egallash ko'nikmalari, malakalari va ulardan hayotiy faoliyatning turli vaziyatlarida foydalanish layoqatini shakllantirish zaruriyatga aylanmoqda.
Zamonaviy ta'lim modeli boshlang'ich ta'limga qadriyatli yondashishni ta'minlash uchun asos bo'lishi lozim. Buning uchun quyidagilarga e'tibor qaratiladi:
- muammolarni faol yechishga o'tish;
- murakkab hayotiy vaziyatlarni o'quv predmetlariaro aloqadorlik asosida yechishga e'tibor qaratish;
- bilimlarni o'zlashtirish jarayonida o'qituvchi bilan o'quvchilarning hamkorligini amalga oshirish;
- o'quvchilarning ta'lim mazmuni va metodlarini tanlashda faol ishtirok etishlarini ta'minlash kabilar.
Shuning uchun ham o'quvchilarda ta'limiy kompetensiyalarni shakllantirishga aniq yo'nalish olish uchun bilim, ko'nikma, malakalarni aniq hayotiy sharoitlarda qo'llash vaziyatlarini tanlash lozim. Shunga ko'ra, o'quv dasturida amaliy yo'nalishdagi mashg'ulotlarning mavzularini ko'paytirish, o'quvchilarning loyihalash faoliyatlariga keng yo'l ochish talab qilinadi.
G.K.Selevko va uning izdoshlari kompetentlikni shaxsning hayotiy faoliyatga tayyorligi sifatida baholaydilar. Ushbu kompetensiyalar o'quvchilarning bilimlari va hayotiy tajribalariga asoslangan holda shakllanadi. O'quv jarayonida egallangan ushbu bilimlar o'quvchilarning faol ijtimoiylashishlari va hayotiy vaziyatlarda mustaqil qarorlar qabul qilishlariga ko'maklashadi. Bu shaxsning umumiy layoqatlari sirasiga kirib, egallangan bilimlar uning butun hayotiy faoliyati davomida kompetensiyalarga aylanadi [1;140-b.].
V.V.Bashevning ta'kidlashicha, kompetensiya sharoitdan kelib chiqqan holda layoqatlarni ko'chirishdan iborat bo'lib, u shaxsning dastlabki hayotiy faoliyati davomida hosil bo'ladi [2].
Boshlang'ich ta'lim davlat ta'lim standartlari va milliy dasturga muvofiq tarzda tayanch kompetensiyalar tushunchasi doirasida umumiy ijtimoiy tushunchani o'zida mujassamlashtirgan,
shaxs faoliyatining barcha sohalarida qo'llaniladigan bilim, ko'nikma, malakalarning muayyan darajasi tushuniladi. Boshqa so'z bilan aytganda tayanch kompetensiya shaxs sifatlari majmuining alohida timsoli hisoblanadi. Ularni qo'llash uchun shaxs hayotiy jarayonlarda faol ishtirok etishi lozim. Tayanch kompetensiyalar tasnifi ham shaxs kamoloti uchun muhim ahamiyatga ega.
J.Delor o'z tadqiqotlarida tayanch kompetensiyalarni to'rt ustunga jamlagan edi. Ular: bilishni o'rganish, bajara olishni o'rganish, birgalikda yashashga o'rganish, yashashga o'rganish
[3].
O'quvchilarning hayotiy faoliyatini shakllantirishga yo'naltirilgan kompetensiyalar muhim ahamiyatga ega. Ular: mustaqil bilish faoliyati sohasidagi kompetensiyalar; ijtimoiy fuqarolik sohasidagi kompetensiyalar; ijtimoiy mehnat sohasidagi kompetensiyalar; ijtimoiy turmush sohasidagi kompetensiyalar; madaniy turmush sohasidagi kompetensiyalar kabilar.
Barcha tasniflarda o'quvchining bilish faoliyatini rivojlantirishga urg'u berilgan. Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi ikki tushunchaning uyg'unlashuvidan kelib chiqqan. Ular: "axborot kompetensiyasi" hamda "axborotli kompetentlilik".
V.F.Burmakinaning ta'biricha, axborot kompetensiyasi aniq o'quv predmetiga oid bilimlarni o'rganish jarayonida o'quvchilarning axborotlar hamda atrof-muhitga bo'lgan munosabati va faoliyat ko'nikmalarini ifodalovchi hodisa. Uning doirasiga, birinchi navbatda, axborot vositalarini o'zlashtirish va axborot kommunikatsiya texnologiyalari kiradi. Shu bilan bir qatorda ularning tarkibiga quyidagi ko'nikmalar ham kiradi. Ular: zarur axborotlarni tahlil qilish va sharhlash, ularni qayta shaklantirish, saqlash va uzatish kabilar [4].
Axborot kompetensiyasining tarkibiy qismlari ilmiy adabiyotlarda turlicha tasniflangan. Jumladan, S.V.Trishina quyidagilarni ko'rsatib o'tgan:
1. Kognitiv - bilimlar va axborotlardan amaliyotda to'g'ri foydalanishni ta'minlashga qaratilgan. Ushbu komponent o'z tarkibiga quyidagi tayanch jarayonlarni mujassamlashtiradi: tahlil, qayta ishlash, qo'lga kiritish, uzatish, bashorat qilish, taqdim qilish, axborotlarni saralash, saqlash va boshqalar.
2. Qadriyatli-motivli yondashuvga asoslanish axborotlarni o'zlashtirish va ulardan foydalanish ko'nikmasini shakllantirishga yo'naltiriladi. Bularning barchasi o'quvchilarning bilim doiralarini kengaytirish, natijada esa bilimlar majmuini taqdim etish bilan belgilanadi.
3. Texnik-texnologik komponent o'zida axborot texnologiyalari vositasida axborotlar bilan ishlash jarayonini mujassamlashtiradi. Bu jarayonda o'quvchilar turli rusumdagi kompyuterlar bilan ishlaydilar.
4. Kommunikativ komponent esa muloqot va axborotlarni uzatish uchun zarur bo'lgan nutq va boshqa ifoda belgilari bilan ishlash jarayonini qamrab oladi.
5. Refleksiv komponent o'quvchida axborotlar olamida o'z o'rnini anglash, axborot maydonida o'z harakatlarini tahlil qilish ko'nikmalarini shakllantirishga yo'naltirildi [5].
V.V.Kotenko va S.L.Surmenkolarning ishlarida esa tayanch kompetensiyalarning to'rtta komponenti ajratib ko'rsatilgan. Ular:
1. Qadriyatli-motivli komponent; mazkur komponent negizida zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida bilimlarni egallashga qiziqish g'oyasi ifodalanadi.
2. Kognitiv komponent; ushbu komponent o'quvchilarda turli axborotlardan foydalanish jarayonida bilimlar va ko'nikmalarni qo'llash orqali namoyon bo'ladi.
3. Faoliyatli komponent; ushbu komponent esa axborotlar bilan ishlashda yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish orqali namoyon bo'ladi.
4. Pedagogik refleksiya komponenti; mazkur komponent o'z faoliyati natijalarini tahlil
qilishga asoslanadi [6].
Tahlillarimizdan shu narsa ayon bo'ldiki, kompetensiya va kompetentlilik tushunchalari olimlar tomonidan turlicha tavsiflangan, biroq ularning asosini shaxsning muayyan sohadagi layoqati, mahorati, mustahkam ko'nikma va malakalari tashkil etadi. Kompetensiya va kompetentlilik tushunchalari o'zining tarkibiy mohiyatiga ko'ra kognitiv, texnologik-operatsion, motivatsion, ijtimoiy-axloqiy xarakterga ega.
Boshlang'ich ta'lim jarayonida o'quvchilarda tayanch va fanga oid kompetensiyalarni hosil qilish o'ziga xos pedagogik jarayonni tashkil etishni taqozo qiladi. Bu jarayonda o'quvchilarning pedagogik, psixologik, yosh xususiyatlarini alohida hisobga olish lozim.
Boshlang'ich sinflarda o'quvchilarni mahsuldor faoliyatga jalb etib, DTSda va milliy dasturda belgilab qo'yilgan tayanch va fanga oid kompetensiyalar bilan qurollantirish maqsadida ijodiy-kognitiv xarakterdagi o'quv materiallarini taqdim etish talab qilinadi. Shu asnoda o'quvchilarda matematik hisoblashga oid axborotlarni o'zlashtirish jarayonida tayanch hayotiy va fanga oid kompetensiyalar hosil qilinadi. Bu jarayonda, ayniqsa, kommunikativ, o'zini o'zi rivojlantirish, ijtimoiy faol fuqarolik, milliy va umummadaniy kompetensiyalarni shakllantirish asosida hayotiy kompetensiyasi shakllanadi.
Tahlillarimiz shuni ko'rsatmoqdaki, umumiy o'rta ta'limning o'quvchilarning yoshi, psixofiziologik va integrativ xususiyatidan kelib chiqqan holda kompetensiya - o'quvchilarning o'zlashtirgan bilim, ko'nikma va malakalarini o'zlarining kundalik faoliyatlarida qo'llay olish layoqati, kompetentlik - o'quvchilarning o'zlashtirgan bilim, ko'nikma va malakalarini optimal va samarali qo'llay olish layoqati sifatida baholanadi.
Hayotiy kompetensiya shaxsning kundalik hayoti uchun zarur bo'lgan faoliyat tajribasidir.
REFERENCES
1. Г.Селевко Компетентности и их классификации.//Народное образование - 2004. - № 4, -С.138-143.
2. В.В.Башев, И.Д.Фрумин Как можно читать стандарты? Семь вопросов по существу // Директор школы. 1999. №5.
3. Ж.Делор Образование: необходимая утопия//Педагогика.-1998. - №5. - С. 32.
4. Бурмакина В.Ф. Информационно-коммуникационно - технологическая компетентность // Методическое руководство для подготовки к тестированию учителей. - Москва - 2007. - 56 с.
5. С.В.Тришина Информационная компетентность как педагогическая категория // Интернет-журнал «Эйдос». 2005. 10 сент. // Режим доступа: http://www.eidos.ru/joumal/2005/0910-11.htm.
6. В.В.Котенко, С.Л.Сурменко Информационно-компьютерная компетентность как компонент профессиональной подготовки будущего учителя информатики.-Режим доступа: http//www.omsk.edu/volume/2006/methodics