MONOLOGLAR VA AKTYORLAR BILAN MONOLOG USTIDA ISHLASH
JARAYONLARI
X.Umarova O.Jo'rayeva
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining Farg'ona mintaqaviy filiali
Annotatsiya: Ushbu maqolada monologlar va aktyorlar bilan monolog ustida ishlash jarayonlari, pyesalarda hikoya tarzidagi monologlar haqida hikoya qilinadi.
Kalit so'zlar: monolog, monologik nutq, kompozitsion qurilma, personaj, intonatsiya
PROCESSES OF WORKING ON MONOLOGUES AND MONOLOGUES
WITH ACTORS
Kh.Umarova O.Jurayeva
Fergana regional branch of Uzbekistan State Institute of Art and Culture
Abstract: This article tells about monologues and the processes of working on a monologue with actors, narrative monologues in plays.
Keywords: monologue, monologic speech, compositional device, character, intonation
Monolog - badiiy asar komponentlaridan biri bo'lib, asarda ishtirok etuvchi shaxslarning o'z-o'ziga, o'zgalarga qaratilgan nutqidir. Adabiyotda monolog personajlar ruhiy dunyosi, kechinmalarini ifodalashdagi muhim vositalardan biri sifatida qo'llanilib kelinadi.
Monologik nutq - so'zlovchining o'ziga qaratilgan, boshqa shaxsning tinglash va javob berishini e'tiborda tutmaydigan nutq shaklidir. Ba'zi dramatik asarlarda personajning monologik nutqi tomoshabinga qaratilgan bo'ladi. Monologik nutq nasriy asarlarda ham uchraydi. Nazmda esa asosiy nutq shakllaridan biri hisoblanadi. Ba'zida monologik nutqda asarning kulminatsion nuqtasi bayon etiladi. Monologik nutq uchun, odatda, tuzilish va mazmun jihatdan o'zaro bog'liq, o'ziga xos kompozitsion qurilishga hamda mantiqiy tugallikka ega bo'lgan matnning ma'lum bo'lagi xos bo'ladi. Monologik nutq og'zaki (nutq bayon qilish) yoki yozma (publitsistika, memuarlar, kundaliklar) shaklida ifodalanishi ham mumkin. Monologik nutqning og'zaki shaklida ohang (intonatsiya) muhim o'rin egallaydi,
yozma monologik nutqda esa ohang matnning sintaktik konstruksiyasiga, mantiqiy urg'u tushuvchi so'zlarning joylashish o'rniga bog'liq bo'ladi.
Monologik nutq notiqning asosiy nutqiy shakllaridan hisoblanadi; lingvostilistik usul bo'lib, bir qancha turlari mavjud. Masalan ta'sir qiluvchi (targ'ib qiluvchi) monologik nutq, dramatik monologik nutq, lirik monologik nutq, hikoya qiluvchi ya'ni axborot beruvchi monologik nutqlardan iboratdir. Monologik nutqning ochiq nutq va ichki nutq kabi ko'rinishlari mavjud; ochiq monologik nutqda personaj o'z nutqini ovoz chiqarib bayon etadi ya'ni ichki Monologik nutqda monolog personajning ichki nutqi, o'ylari shaklida namoyon bo'ladi. Monologning yana bir turi - hikoya qilib beriladigan monologdir. Kundalik turmushda beixtiyor o'z-o'zimiz bilan ovoz chiqarib gaplashamiz, bahslashamiz. Tasavvurimizdagi tinglovchilarga nimalarnidir tushuntiramiz, uqtiramiz, suhbatlashamiz. Monologlarning bu ko'rinishi estrada ijrochisiga xosdir. Voizlikning o'ziga xos qonun-qoidalari bo'lib, uni nazar-pisand qilmaslik aktyor san'atini kamsitib qo'yadi. Agar ikki kishi suhbatlashayotgan bo'lsa, suhbatdoshi uning hamrohi hisoblanadi. Tomoshabin esa beixtiyor shu suhbatning guvohiga aylanib qoladi. Voiz uchun ham tomoshabin suhbatdosh hamrohga aylanadi. Hikoya tarzidagi monolog ijrochisi, faqat tomoshabin bilan doimiy muloqotda bo'lishi shart emas. Kundalik hayotdagiday, o'z-o'zi bilan ham gaplashish mumkin va zarur. Lekin ijrochi biror-bir jismoniy harakatni amalga oshirayotgan bo'lib, ichidan qaynab chiqayotgan so'zlar uni ishlatgani qo'ymayotganday tuyulishi lozim. Mazkur fikrdan kelib chiqadigan bo'lsak, bunday sahnaning mizansahnasi ham o'ta tejamkor bo'lishi zarur. Agar rejissyor monologni bir joyda turib aytishlikni zarur deb topsa, aktyor turgan joyida gavdasi bilan harakat qilishi mumkin. Agar aktyorga turgan joyini o'zgartirishlik taklif etilsa, boshqa nuqtalarga ham o'tishi, bir-ikki qadam yurishi mumkin. Xo'sh, biz yuqorida ko'rib o'tgan ikki xildagi monologlarda aktyorning boshqa qiyofada gavdalanishi qanday kechishi mumkin? Ayniqsa, ikkinchi darajali monologda esa aktyor bevosita tomoshabin bilan muloqotga kirishadi. Ko'p sonli tomoshabin ko'ziga qarab turib, "mening nazarimda bu ish undoq emas, mana bundoq", deydi.
Sahnada fikr-mulohaza yuritishlik o'ta murakkab ish hisoblanadi. Bunday monologlarni ijro etish vaqtida, qahramonnig ichki dunyosi ochilishi shu bilan birga ijodkor shahs sifatida ham namoyon bo'lishi kerak. Shuning uchun ham ijodkor tashqi xatti-harakatlarga ko'p ham urg'u beravermasligi tavsiya etiladi. Masalan, Gamlet rolini ijro etayotgan aktyor o'z fíkr-mulohazalari girdobiga tomoshabinni olib kira bilishi, ularni o'z ortidan ergashtira olishi lozim. Shuning uchun ham tomoshabinga buyuk dahoning ichki kechinmalari, tashqi qiyofasi va harakatlariga nisbatan muhimroqdir. Ijobiy qahramonning fíkrlari shunday bo'lishi mumkin. Biz ularga ergashamiz, uning holatiga tushamiz, iztirob va fikrlariga sherik bo'lamiz. Endi insoniylik qiyofasini yo'qotgan Richard, Qodirqul mingboshi, Qozi, Yago kabi
qahramonlarning fikr vp mulohazalariga ham qo'shilish kerakmi? Aslo! bu yerda muallifning shunday qahramonlarga munosabati aks etgan bo'lib, "mana bunday insonlarning haqiqiy basharasini ko'rib qo'ying", deganday seziladi. Shuning uchun samimiy ijroga berilib, qahramon va muallifning dunyoqarashi bir ekanda, degan tushunchaga bormaslik kerak. Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, hikoya tarzidagi monolog qahramonning ichki dunyoqarashining ifodasidir. Bunday sahnalarda aktyor qahramon bilan birgalikda o'z ichki dunyosini ham yalang'ochlashiga to'g'ri keladi. Demak, aktyorning nafaqat tashqi tomoni, balki ichki ruhiyati ham boshqacharoq shaklga kiradi. Biz ko'rib o'tgan ikki turdagi monolog asosiylari hisoblanadi. Yana ikki turdagi monologlar bo'lib, ularning biri monolog tarzidagi hikoya va hikoya tarzidagi monologdir. Masalan, "Boy ila xizmatchi" spektaklidagi G'ofir monologi boshqa ishtirokchilar orasidagi monologdir. Bunday sahnalardagi monolog shu daqiqagacha davom etib kelayotgan voqealar oqimining davomi bo'lib, yana shu oqimning rivojlanishiga xizmat qilmog'i kerak.
Shuning uchun ham boshqa qatnashchilar ishtirokida ijro etiladigan monologlar - monolog sahnasi deyiladi. Bunday paytlarda, ko'pincha bir odam gapiradi-yu boshqalar qimir etmay eshitib turadilar. Aslida boshqa gapirmaydigan qahramonlar ham sahnada kechayotgan voqealarga o'z munosabatlarini bildirib, harakatda bo'lishlari kerak. Hamzaning "Boy ila xizmatchi" asarida G'ofirning monologi davomida boshqalar ham faol harakatini ta'minlashi zarur. Shuningdek, rejissyor ham bunday monologlar bilan bog'liq sahnalarda qolgan ishtirokchilarni ham voqeaning faol qatnashchisiga aylantira bilishi lozim. Negaki, sahna davomida birgina qahramonning o'zi gapirib, boshqalar jim turgan vaqtda tomoshabinlardan kimdir, albatta, so'zsiz turgan aktyorni kuzatadi. Mana shunday holatlarda hayotiylik va sahnaviylik buziladi. Ko'pgina pyesalarda hikoya tarzidagi monologlar uchraydi. Masalan, qahramon do'stlari davrasida hayajonli safar taassurotlarini hikoya qilib bermoqda. (Oteloning senatdagi "Dezdemona sevgisi" to'g'risidagi monologi) Qahramonning gaplari kimga qaratilgan bo'lishi kerak? Albatta, o'z o'rtoqlariga. Bunday paytlarda rejissyor mizansahna qurar ekan, hikoya qiluvchi har bir ishtirokchi bilan navbatma-navbat ko'z urishtirishi, unga gapirishi kerakligini ham hisobga olishi kerak. Shundagina bu sahna hayotiylikni kasb etadi. Yana shunga o'xshash boshqa bir spektaklda, ya'ni Umarjon Ismoilovning "Rustam" dramasida Rustamning "pul" haqidagi mashhur monologi bo'lib, qahramon bir-ikki ishtirokchiga emas, keng xalq ommasiga murojat qiladi. Bunday kezlarda zaldagi tomoshabin xalq ommasi deya qabul qilinishi va u o'shalarga qarata murojaat qilishligi talab etiladi. Tinglovchilar sonini oshirish uchun aktyor tomoshabin boshi uzra yana ham olisroqqa qarata hayqirishi, gapirishi, murojaat qilishi, savoliga ko'pchilikdan javob izlashi mumkin. Ayrim hollarda qahramonni tomoshabinga yana ham yaqinlashtirish maqsadida rejissyor boshqa chiroqlarni o'chirib, ijrochini yolg'iz nur ostida qoldirishi, shu orqali
tomoshabin diqqatini boshqa tomonga chalg'itmaslikka intilishi ham mumkin. Lekin chiroqlar spektaklda ma'lum yukni o'z zimmasiga olib, dekorasiyani, kenglik, makon, maydon va vaqtni bildirishga xizmat qilayotgan chog'da bu chiroqlarni o'chirib qo'yishlik mutlaqo noo'rindir.
Sahnadagi hamrohlari ishtirokida ijro etiladigan monologlarni uch qismga bo'lish mumkin, masalan; a) tomoshabinning butun diqqat e'tibori gapiruvchida bo'lishi kerak. Bunday sahnada uni qurshab turganlarning vazifasi qimirlamay quloq solib turish bilan gapiruvchiga yordam berishdir; b) tomoshabinning diqqati gapiruvchi bilan eshituvchilar o'rtasida teng bo'linishi kerak. "Boy ila xizmatchi" pyesasida tomoshabinning diqqati goh G'ofirda, goh qozi, goh ellikboshi, goh Holmatda bo'lishi lozim. Bunday vaziyatda rejissyor tomoshabinning diqqatini bir qahramonda uzoq ushlab qolmaslik uchun ishtirokchilarni sahnada aniq joylashtirishi, eng muhimi gapiruv chilarni sahnaning birinchi qismiga, ikkinchi darajali gaplarni sahnaning ikkinchi va uchinchi qismlariga joylashtirmog'i zarur; v) monolog mazkur sahnada muhit yaratishga xizmat qilmog'i lozim. Ya'ni tomoshabinning diqqati gapirayotganda emas, eshituvchilarda bo'lishi kerak. Yana ham aniqroq bo'lsin uchun, gapirayotganning gaplari eshituvchilarga qanday ta'sir ko'rsatayotganligini kuzatishi rejissyor uchun asosiy maqsad bo'lishi mumkin. Masalan, Shekspirning "Otello" tragediyasida Otello Dezdemonaning ko'ngliga qanday yo'l topganligini hikoya qilib beradi. Bu yerda tomoshabin uchun muhimi Otelloning gapi emas, shu gapni senatorlarga qanday ta'sir o'tkazayotganligidadir. Ammo eshituvchilar bunday sahnalarda zinhor keskin harakat qilmasligi, yaltir-yultur kiyimlarini ko'z-ko'z qilishga o'tmasligi kerak. Bunday holda monologning mohiyati yo'qoladi. Yana bir fikrni aytib o'tish joiz. Agar gapiruvchining gaplari tomoshabinga ta'sir ko'rsatib, uni hayajonga solsa, biror-bir munosabat bildirishga olib kelsagina, albatta, tomoshabin ehtirosiga birinchi o'rinni berish, tomosha zali tinchiganidan keyin undan ilhomlangan aktyor so'zini davom ettirishi maqsadga muvofiq bo'ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. K.S.Stanislavskiy «Aktyorni o'z ustida ishlash». Toshkent 1965 y.
2. S. Inomxo'jaev Badiiy o'qish. Toshkent. «O'qituvchi».1973 y.
3. A.Zununov, S.Inomxo'jaev. Ifodali o'qish asoslari. Toshkent. «O'qituvchi»1978 y.
4. Boltaboeva U. Sahna nutqi. Toshkent, INNOVATSION-ZIYO, 2019.
5. Boltaboeva U. Sahna nutqi. Toshkent, INNOVATSION-ZIYO, 2021.
6. Boltaboeva U. Aktyorning so'z ustida ishlashi, so'z harakatligiga erishish omillari maqolasi. "Oriental Art and Culture" Scientific Methodical Journal VOLUME 4 ISSUE 1 / FEBRUARY 2023