Научная статья на тему 'MIRZO ULUG‘BEK DAVRIGA OID ME’MORIY OBIDALAR – TARIXIY YODGORLIK SIFATIDA'

MIRZO ULUG‘BEK DAVRIGA OID ME’MORIY OBIDALAR – TARIXIY YODGORLIK SIFATIDA Текст научной статьи по специальности «Науки об образовании»

CC BY
54
5
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Science and innovation
Область наук

Аннотация научной статьи по наукам об образовании, автор научной работы — Mirzayev A.T.

Markaziy Osiyoda temuriylar davlatida Mirzo Ulug’bekning boshqaruvi davrida, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Buyuk vatandoshimiz, yirik davlat arbobi, donishmand hukmdor, zukko astronom va matematik, ulug‘ bunyodkor Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bekning hayot yo‘li va faoliyati hamisha xalqimiz e’tiborini o‘ziga tortib kelgan. Hozirga qadar allomaning benazir faoliyati tadqiq qilinmoqda. Ulug‘bek Samarqandda hokimiyat tepasiga kelganidan keyin ham ilm-fan bilan astoydil shug‘ullanadi. U asos solgan ilmiy akademiyasi, rasadxonasida ko‘p tadqiqotlar o‘tkaziladi. Shu bilan birga uning hayotligida Samarqand, Buxoro va G‘ijduvonda qurdirgan madrasalari temuriylar saltanatining ulug‘ inshootlaridan hisoblanadi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MIRZO ULUG‘BEK DAVRIGA OID ME’MORIY OBIDALAR – TARIXIY YODGORLIK SIFATIDA»

MIRZO ULUG'BEK DAVRIGA OID ME'MORIY OBIDALAR -TARIXIY YODGORLIK SIFATIDA

Mirzayev A.T. t.f.f.d. (PhD), dotsent, Andijon davlat universisteti https://doi.org/10.5281/zenodo.11154130

Markaziy Osiyoda temuriylar davlatida Mirzo Ulug'bekning boshqaruvi davrida, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Buyuk vatandoshimiz, yirik davlat arbobi, donishmand hukmdor, zukko astronom va matematik, ulug' bunyodkor Muhammad Tarag'ay Mirzo Ulug'bekning hayot yo'li va faoliyati hamisha xalqimiz e'tiborini o'ziga tortib kelgan. Hozirga qadar allomaning benazir faoliyati tadqiq qilinmoqda.

Ulug'bek Samarqandda hokimiyat tepasiga kelganidan keyin ham ilm-fan bilan astoydil shug'ullanadi. U asos solgan ilmiy akademiyasi, rasadxonasida ko'p tadqiqotlar o'tkaziladi. Shu bilan birga uning hayotligida Samarqand, Buxoro va G'ijduvonda qurdirgan madrasalari temuriylar saltanatining ulug' inshootlaridan hisoblanadi.

Amir Temur avlodlari ajdodlari boshlab bergan ishni davom ettirib, Movarounnahr va Xurosonda qator madrasalar barpo ettirganlar. Hususan, Ulug'bek Movarounnahrni butun musulmon mamlakatlarining ilmiy markaziga aylantirishga harakat qildi. Amir Temur zamonida olib borilgan qurilish ishlari Ulug'bek hukmronlik qilgan davrda ham keng ko'lamda davom ettirildi[1, B. 117]. Uning eng hayrli ishlaridan biri uchta shahar - Samarqand, Buxoro va G'ijduvonda madrasalar barpo ettirganidir.

Ulug'bek dastlab Samarqandning qoq markazida joylashgan maydonda qator binolar, ya'ni ulkan madrasa, xonaqoh, muqatta' masjidi va karvonsaroy qurdiradi. Bobur bu binolar haqida mana bularni yozadi: «Ulug'bek mirzoning imoratlaridan Samarqand qal'asining ichida madrasa va xonaqohdir»[2, B. 50-51]. Samarqandda buning uchun u bozor maydonini tanlaydi va 1417 yili bu yerda madrasa qurilishini boshlab, 1420 yilda tugatadi. Samarqand uning davrida Sharqning yirik ilm-fan va madaniyat markazlaridan biriga aylandi[3, B. 60]. Samarqanddagi madrasaga mudarris va olimlarni to'plash bilan bu yerda yirik asronomiya maktabi shakllanadi. Bu maktabning asosiy mudarrislari Amir Temur davridayoq Samarqandga kelgan Sa'diddin Taftazoniy, Mavlono Ahmad, Qozizoda Rumiy kabi olimlar edi. Qozizodaning maslahati bilan Ulug'bek otasining mulki - Xurosonning Koshon shahridan G'iyosiddin Jamshid Koshiyni keltiradi. Samarqandda to'plangan olimlar soni 1417 yilga kelib yuzdan oshar edi. Ular orasida matematiklar, faylasuflar, adiblar, muarrixlar, xattotlar, musavvirlar, geograflar bo'lgan.

Mirzo Ulug'bek Samarqanddagi madrasa qurilgan yerni Registon deb ataydi[4, B. 47-48]. Samarqand madrasasining ochilishi 1420 yilga to'g'ri kelgan. Unga birinchi mudarris etib Mavlono Muhammad Havofiy tayinlanadi. Madrasa bitishi arafasida binokorlar Ulug'bekdan kim mudarris etib tayinlanadi deb so'raganlarida, u: «Bu lavozimga barcha ilmlardan xabardor odamni topish kerak», - deb javob beradi. Shu joyda g'ishtlar orasida chang-kir kiyimda o'tirgan Mavlono Muhammad Ulug'bekning so'zlarini eshitib, shu mansabga loyiqligini aytadi. Ulug'bek unga savollar berib, javoblaridan mamnun bo'ladi. Madrasa ochilishida Mavlono Muhammad birinchi ma'ruzasini o'qiydi. Majlisda 90 nafar olim hozir bo'lgan, ammo ma'ruzani faqat Ulug'bek va Qozizoda ikkovlari tushunadilar. Chunki bu davrlarda madrasalarda dunyoviy va diniy ilmlar birgalikda o'qitilar edi.

Keyinchalik asosiy ma'ruzalarni Qozizoda, Ulug'bek, G'iyosiddin Jamshid Koshiy va ustod Ismoil, Mavlono Ibrohim, Mavlono Badriddin, ulardan keyinroq Ulug'bekning sevimli shogirdlaridan Ali Qushchi o'qiydi.

Ulug'bekning o'zi ham riyoziyotdan ma'ruza o'qish bilan birga madrasa va saroyda o'tkaziladigan katta ilmiy kengashlardagi bahslarning faol qatnashchisi edi. Ushbu majlislarda uning ustozlari Qozizoda Rumiy va G'iyosiddin Koshiylar ham qatnashgan. Ulug'bek muayyan ilm bilan shug'ullanar ekan, ustozlari doimo uning yonida bo'lishgan.

Ulug'bek yaratgan Samarqand madrasasi va ilmiy to'garagi Sharq madaniyati va fani taraqqiyotida muhim o'rin egallaydi. Bu yerda ko'plab buyuk siymolar shakllandi. Jumladan, Eronning Jom shahrida 1414 yilda tug'ilgan buyuk shoir va mutafakkir Abdurahmon Jomiy ham ushbu madrasada o'qigan. Samarqanddagi mashhur Ulug'bek madrasasida bir vaqtning o'zida 100 dan ortiq talabalar yashaganlar va ta'lim olishgan[5, B. 116]. 1420 yili Ulug'bek atrofidagi olimlar bilan maslahatlashib, Ko'hak tepaligida, Obirahmat arig'ining bo'yida rasadxona va uning atrofida hujralar qurdiradi. Rasadxona qurilishi 1420 yildan 1429 yilgacha davom etadi. Uni loyihalash va qurilish ishlarida Ulug'bek bevosita ishtirok etadi. 1429 yili rasadxona ishga tushadi.

Deyarli shu vaqtning o'zida Buxoro va G'ijduvondagi madrasalar qurilib, bitadi. Mirzo Ulug'bek 1432-1433 yillarda G'ijduvonda Abduxoliq G'ijduvoniyning maqbarasi yonida madrasa qurdiradi. Bu madrasa bugun g'ijduvonliklar va Abduxoliq G'ijduvoniyning ziyorat qilishga keluvchilarning sevimli maskaniga aylangan. Ulug'bek G'ijduvonda qurdirgan madrasa qurilishlaridan xabar olish uchun borganida ham Karmana va Malik cho'li orqali o'tgan[6, B. 139]. Mirzo Ulug'bekning rivojlangan o'rta asrlarda Movarounnahrda ilm-fan va ta'lim sohasiga e'tibor qaratgani hususida rus sharqshunos olimi V.V.Bartold o'z asarida, ilm-fanning homiysi sifatida mashhur bo'lgan hukmdor

Ulug'bek, shuningdek, Buxorodagi chorsu(shahar markazi) yaqinida ham madrasa qurishga buyruq berdi[7, B. 389], deb ta'kidlagan. Hadisi sharifdagi «Ilm olmoqqa intilmoq, har bir muslim va muslima uchun ham farz, ham qarz» degan iborasi Buxoro madrasasi peshtoqiga shior sifatida o'yib yozib qo'yiladi. Bu bilan erkak va ayolni ta'lim sohasida tengligi ochiq oydin e'lon qilingan[8. B. 135].

Xulosa o'rnida ta'kidlash lozimki, Mirzo Ulug'bekning boshqaruvi davrida, ilm-fan, ta'lim hamda madaniyatning barcha sohalarida amalga oshirilgan ijobiy o'zgarishlar nuqtai nazaridan, temuriylar davlati tarixida muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Mirzo Ulug'bekning ta'lim muassasalari, ya'ni dunyoviy va diniy bilimlarni targ'ib etuvchi o'ziga xos ma'naviyat markazlari bo'lgan madrasalarni barpo etgani muhim o'rin tutadi. Bu yerda jahon ilmiy taraqqiyotida munosib o'rin olgan allomalar yetishib chiqqan.

Adabiyotlar:

1. Ахмедов Б. Тарихдан сабоклар. - Т.: Укитувчи, 1993.

2. Захириддин Мухаммад Бобур. Бобурнома. - Т.: Фан, 2019.

3. Хошимов С.А., Расулов Б.Р., Хдкимов А.А. Манбашунослик. Укув кулланма, Тошкент, 2014.

4. Ахмедов А. Улугбек: хаёти ва фаолияти(1391-1449). - Т.: Фан, 1991.

5. Амир Темур в мировой истории. - Ташкент, «Шарк», 1996.

6. Иноятов С. Мирзо Улугбек назари тушган кадимий маскан. «Темурийлар тарихига оид манбалар: тавсиф, таржима, тадкикот» мавзуида утказилган Республика илмий-амалий конференцияси материаллари. 2009 йил 20 октябрь. 5-китоб. Тошкент, «Akademnashr», 2011.

7. Бартольд В.В. сочинения. Том III. Издательство «Наука», Москва, 1965.

8. Бабаханов М., Махкамова С. Педагогические взгляды Мирзо Улугбека. «Амир Темур ва темурийлар даврида илм-фан ва маданият» мавзуида утказилган Республика илмий-амалий конференцияси материаллари. 2011 йил 28 октябрь. 6-китоб. Тошкент, «Akademnashr», 2013.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.