Научная статья на тему 'MIRZO MUHAMMAD HAYDAR DUG‘LATNING “TARIXI RASHIDIY” ASARIDAGI AYRIM O‘ZBEK URUG‘LARI HAQIDA'

MIRZO MUHAMMAD HAYDAR DUG‘LATNING “TARIXI RASHIDIY” ASARIDAGI AYRIM O‘ZBEK URUG‘LARI HAQIDA Текст научной статьи по специальности «Науки о Земле и смежные экологические науки»

CC BY
1
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
tatar / tang‘ut / barlos / jaloyir / sulduz / kerayit / arlat.

Аннотация научной статьи по наукам о Земле и смежным экологическим наукам, автор научной работы — Nurumbetova Sanobar

Bu maqola orqali Mirzo Muhammad Haydar Dug‘latning “Tarixi Rashidiy” asaridagi muhim ma’lumot hisoblangan ayrim o‘zbek urug‘larining kelib chiqishi, ular yashagan hududlar, shuningdek, ular bilan bog‘liq bo‘lgan voqealar keltiriladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MIRZO MUHAMMAD HAYDAR DUG‘LATNING “TARIXI RASHIDIY” ASARIDAGI AYRIM O‘ZBEK URUG‘LARI HAQIDA»

SCIENCE SHINE

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL

MIRZO MUHAMMAD HAYDAR DUG'LATNING "TARIXI RASHIDIY" ASARIDAGI AYRIM O'ZBEK URUG'LARI HAQIDA

Nurumbetova Sanobar

O'zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti stajyor-tadqiqotchisi

Annotatsiya: Bu maqola orqali Mirzo Muhammad Haydar Dug'latning "Tarixi Rashidiy" asaridagi muhim ma'lumot hisoblangan ayrim o'zbek urug'larining kelib chiqishi, ular yashagan hududlar, shuningdek, ular bilan bog'liq bo'lgan voqealar keltiriladi.

Annotation: Through this article, the origin of some Uzbek clans, the areas where they lived, as well as the events related to them, which are considered important information in the work "History of Rashidi" by Mirza Muhammad Haydar Duglat, are presented.

Аннотация: В данной статье представлены происхождение некоторых узбекских родов, территории их проживания и события, связанные с ними, которые считаются важными сведениями в произведении Мирзы Мухаммада Хайдара Дуглата «История Рашиди».

Kalit so'zlar: tatar, tang'ut, barlos, jaloyir, sulduz, kerayit, arlat.

Key words: tatar, tangut, barlos, jalair, sulduz, karaite, arlat.

Ключевые слова: татарин, тангут, барлас, джалаир, сулдуз, кераит, арлат.

Kirish qismi: Ma'lumki, Mirzo Muhammad Haydar Dug'latning "Tarixi Rashidiy" asari XIV asr oxiri - XV asr boshlaridagi Movarounnahr va Xurosonning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hamda etnik, madaniy tarixi bo'yicha ma'lumot beruvchi

SCIENCE SHINE

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL

muhim manbalardan sanaladi. Biz quyida ushbu maqolada nomlari asarda zikr etilgan 92 bovli ayrim o'zbek urug'lari haqida ma'lumot berib o'tmoqchimiz.

Asosiy qism: Shulardan birinchisi totor yoki tatar bo'lib, "Kultegin obidasi"da, IX asrning 40-yillariga oid xitoy (jansu)cha hujjatlarda tilga olinadi. Fazlulloh Rashiduddin (1247-1318) o'zining "Jome ut-tavorix" nomli asarida tatar qabilasini "hozir mung'ul deb ataladigan turkiy qabila" deb yozadi. 732-yili o'rnatilgan "Kultegin mangu toshi"da ular o'ttiz tatar degan nom bilan qayd etiladi. Asarda totor/tatar haqida quyidagicha keltirilgan: "Vaqteki Yasukay bahodir4 totor qavmi bilan jang qilib, g'olib kelib, ul qavmlarning to'rasini o'idirdi, oti Temuchinarka erdi. Yasukay bahodir bu cherikdin yonib kelsa, xotini o'g'il tug'ibdir. Bu o'g'ilg'a Temuchin ot qo'ydi. Shul Temuchinni Chingizxon atabdurlar".5

Ikkinchi turkiy urug' tang'ut bo'lib, Tibet - Birma guruhiga mansub xalq. X asrda Shimoliy Xitoyda Si-Sya davlatini barpo etishgan. Tibet Xitoy bilan tez-tez urushib turgan. Xoro-Xotodagi Tang'ut arxeologik qazishmalaridan ma'lum bo'lishicha, tang'utlar o'z yozuvi va madaniyatiga ega bo'lgan. Mo'g'ullar tomonidan Si-Sya davlati yakson etilgach (1227-y) ular bilan qo'shilib ketgan bir qism tang'utlar Sinxay viloyatidagi tibetliklar tarkibiga kirgan. 2) Dashti Qipchoq o'zbeklari tarkibida ham tang'ut qabilasi bo'lgan. Asarda u haqida quyidagicha keltiriladi: "Tang'ut aymoqi yog'iy bo'ldi, deb xabar bo'ldi. Tang'utni qoshi ham debdurlar. To'rasining oti Shaydarquning o'n besh lak cheriki bor erdi. Chingizxon Burg'ul no'yon birla Jumatoyni sipohsolar qilib buyurdi. Bu umarolar ikki ulug' shaharni oldi. Biri Sakiy, yana birining oti Kalanglushi"

Yana bir turkiy urug'lardan barlos haqida "Qorahaloku olamdin o'tgandin keyin bir o'g'li bor erdi, Muborakshoh deb, Chig'atoyxon o'rnig'a xon bo'ldi. Necha yildan keyin Boyg'ur xon bo'ldi. Zolim va g'ofil erdi, nobud bo'ldi. Andin barlos

4 Chingizxon (Temuchin) ning otasi. Mirzo Muhammad Haydar Dug'lat "Tarixi Rashidiy". - "O'zbekiston". Toshkent. 2011. 37 b.

5 Mirzo Muhammad Haydar Dug'lat "Tarixi Rashidiy". - "O'zbekiston". Toshkent. 2011. 37 b.

SCIENCE SHINE

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL

aymoqidin Baysuqaroning o'g'li Baroqxon xon bo'ldi. Oxir musulmon bo'lib, Sulton G'iyosiddin ot ko'tardi"6- deb keltirilgan. Ma'lumki, barlos- babulos - ballos -o'zbek xalqi tarkibiga kirgan qabilalardan biri. XIII asr 2-yarmida Ila (Ili) daryo bo'ylaridan Qashqadaryo vohasiga ko'chib kelgan. XIV-XV asrlarda shu voha aholisining siyosiy-iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol o'ynagan. Amir Temur barlos qabilasidan bo'lib, sarkarda va viloyat amirlarini shulardan tayinlagan. Bularning bir guruhi temuriylar va boburiylar davrida Afg'oniston va Hindiston hududiga ko'chib o'tgan. XIX asrda birgina Dehli shahri atrofida 15 ming barlos yashaganligi tarixiy manbalarda qayd etilgan. Ammo barlos qabilasining asosiy qismi O'zbekistonning janubiy hududlarida qolib, dehqonchilik va chorvachilik bilan mashg'ul bo'lgan. Barloslar turkiy tilning qorluq-chigil lahjasida so'zlashgan. Shuningdek asarda jaloyir va sulduzlar haqida ma'lumotlar uchraydi: "Vaqteki Tug'luq Temurxon Movarounnahrning viloyatig'a ikkinchi marotaba bormoqni ixtiyor qildi. Haddin fuzun lashkar jam qilib, jumodiul avvalda, tarixg'a yetti yuz oltmish ikki, uy yili edi. Tavajjuhning yuzini ul daryog'a qo'ydilar. Vaqteki Xo'jandga yetdilar, amir Boyazid Jaloyir va Amir Bayon Sulduzlar itoat qilib, peshvoz oldilarig'a keldilar. Va amir Hoji Barlos avvalqi navbatda muxolifatchilik qilib edi. Tavakkal qilib xonning oldig'a bordi. Bu asnoda xon amir Boyazidg'a buyurdilarki, muni tutib o'ltiringlar. Amir Barlos qochmog'likni ixtiyor qildi va yuzin Kesh viloyatig'a qo'ydi. O'z tobelaridin ba'zilarini Jayhun suyidin o'tkazdi. Jetaning sipohlari jami kasir bila amir Hojining orqasidin qug'lab keldilar va jang qilishib Jug'om Barlos o'ldi. Va Amir Hoji qochib Xuroson tarafiga yuz keltirdi. Vaqteki Xaroshaga yetdiki, ul bir kentdir, Juvayin shahrida viloyati Sabzdin jame yomon xalqlar u yerda yig'ilishib, oldini to'sib tutub o'lturdi. Xurosonni fath qilg'ondin keyin Sohibqiron Ketistonning intiqomlarini talab qilg'ay. Jamoalareki ularning tig'i birla o'lib edilar, So'rg'ol degan kentga, Amir Hojining vorislarining

6 Mirzo Muhammad Haydar Dug'lat "Tarixi Rashidiy". - "O'zbekiston". Toshkent. 2011. 53 b.

SCIENCE SHINE

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL

porai kentidin edi, ul yerlar ularning borkash va korguzarlaridindur". Jaloyir, jaloirlar - turkiy qabilalardan biri. Rashiduddinning yozishicha, jaloyirlar XII asrda Onon va Kerulan daryolari bo'yida yashashgan. Ular o'n bo'lakka (qabilalarga) bo'lingan, har bir qabilaning o'z sarkardasi (qabila boshlig'i) bo'lgan. Jaloyirning katta qismi kidonlar bilan bo'lgan urushda yengilgach, Chingizxon ajdodlariga tobe bo'lgan. Chingizxon hukmronligi davrida jaloyirlardan bir qancha e'tiborli beklar va lashkar boshilar yetishib chiqqan. XII asrning oxiri - XIII asrning boshlarida jaloyirlarning katta qismi Yettisuv va Movarounnahrning ayrim viloyatlariga (Ohangaron vodiysi va Xo'jand tumani) ko'chib kelib o'rnashgan. 1370-yilda Amir Temur bu guruhni o'ziga tobe etadi, ammo jaloyirlar tez-tez qo'zg'olon ko'tarib turishgan. 1376-yildagi qo'zg'olon bostirilgach, ular bir qancha guruhlarga ajratilib, bir bo'lagi Toshkentda qoldirilgan, qolganlari Movarounnahrning bir qancha tumanlariga (asosan Zarafshon bo'ylariga) ko'chirilgan. Shu tarzda Amir Temur jaloyirlarning Ohangaron va Xo'jand ulusini tarqatib yuboradi. O'zbekistonda Jaloyir nomli qishloqlar bor. Sulduz (Suldus) - turklashgan mo'g'ul qabilalaridan biri. Sulduzlarning katta bir guruhi Chingzixon qo'shini tarkibida Dashti Qipchoq va qisman hozirgi O'zbekiston hududi hamda Afg'onistonning shimoliga kelib joylashgan, keyinchalik Ozarbayjon, Eronga ham o'tishgan. Toyjuvutlar qabilasi bilan urushganda katta yordam berganlari tufayli Chingizxon saroyidagi eng nufuzli amirlar sulduzlardan bo'lgan. Ular Mo'g'ullar davlati tarkibidagi Movarounnahr, Mo'g'uliston, Xitoy va Eronda xizmat qilishgan. Qo'ng'irotlar amiri Qazag'on (1346-1358) vafotidan so'ng amir Bayon Sulduz bir necha yil Samarqandda hokimlik qilgan, Balx viloyatining bir qismiga sulduzlarning qabila boshlig'i O'ljoy Bug'o sulduz rahbarlik qilgan. Sulduzlar Amir Temur va temuriylar davrida ham nufuzga ega bo'lishgan. Keyinchalik sulduzlar Shayboniyxon xizmatiga o'tadilar. Baljuvon bekligida (hozirgi Tojikiston hududida) Sulduzi bolo va Sulduzi poyon qishloqlari bo'lgan. Sulduz nomi o'zbek qabilalari ro'yxatiga kiritilgan o'rta asr manbalarida uchraydi. XVI-XVII asrlarda sulduzlar o'troqlashib,

SCIENCE SHINE

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL

mahalliy xalqlar tarkibiga singib ketgan. Ammo XX asrning boshlarida o'zbek urug'-qabilalari orasida sulduz nomi uchramaydi. Chunki bu davrda sulduzlar O'rta Osiyo va Afg'oniston aholisiga batamom qorishib ketishgan.

Kirait qavmi xususida to'xtalsak. Kerayit (keroit) - turkiy-mo'g'ul xalqlari tarkibidagi qadimiy qabilalardan biri. O'rta asrlarda (X-XI asrlar) Onon va Kerulen daryolarining (Mo'g'uliston) yuqori oqimlari, shuningdek, Tola daryosi bo'ylarida yashab, bir necha qabilalarga (kerayit, jirkin, konkant, saqant, tumaut, albat) bo'lingan. XI-XIII asr boshida o'z davlatlari bo'lib, u Vanxon To'g'ril davrida inqirozga uchragan. 1203-yil Vanxon Chingizxondan yengilgach, bu davlat mo'g'ullar tasarrufiga o'tgan; Kerayitlarning aksariyati keyinchalik mo'g'ullar istilosida qatnashgan. Kerayitlarning bir guruhi XIII asr oxirida Ozarbayjonning janubiga kelib, mahalliy xalqlar bilan aralashib ketgan.

Kerayitlarning bir qismi Chingizxondan yengilgach, Dashti Qipchoqqa qochib kelib o'rnashgan va keyinchalik (XIV asr) Dashti Qipchoq o'zbeklarining qabila ittifoqiga qo'shilib islom dinini qabul qilgan. XVI asr boshida Shayboniylar bilan birga Movarounnahrga kirib kelgan va keyinchalik o'troqlashib o'zlarining qabila-urug' nomlarini unutib, o'zbeklar tarkibiga singib ketgan. "Nasabnomayi o'zbek" va "Asomiyi navodu du firqayi o'zbek" ("To'qson ikki o'zbek qabilasi ismi") asarlarida boshqa o'zbek urug' qabilalari qatorida sanab o'tilgan. Dashti Qipchoqda qolgan kerayit qozoqlar, boshqirdlar va no'g'oylar tarkibiga kirgan. O'zbekistonda 1920-1926-yillar ma'lumotlariga ko'ra, kerayitlardan Jizzax uyezdida 600 kishi, Kattaqo'rg'on uyezdida 250 kishi va Buxoro vohasida 230 kishi yashagan.

Qozoqlarning Kichik juz tarkibiga kirgan kerayitlar XIX asrda Sirdaryo bo'ylarida ko'chmanchilik qilgan. Ular haqida asarda quyidagicha ma'lumotlar mavjud: "Vaqteki amir Qamaruddin podshohliq ishig'a sa'iygir ko'rguzdi va umarolardin har kishiki bor edi, ba qadri hol muxolifat sa'yini izhor qildi. Ushbu jihatdin Kufra va O'zbek Temur kiroit Amir Temurg'a ulandilar. Va yana Amir

SCIENCE SHINE

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL

Temurg'a muxolifat zohir qildilar. Amir Temur lashkar tortib, o'z viloyati atrofidin tashqari chiqib, Amir Bahrom jaloyir va Xitoy bahodir va Shayx Ali bahodirni yibordi. To Olmotu rafta hududig'acha Oyshaxotun suyining labida kiroit xalqi birla jang ittifoqi tushdi. Jangdin keyin sulh qilishib, yonishdilar".

Bugungi kunda olot shaklida saqlangan arlotlarni ham Mirza Haydar o'z asarida quyidagicha aytib o'tadi: "Hazrati Sohibqiron uchunchi navbat Xorazm tarafg'a yuzlandi. Vaqteki Jayhun suyi labig'a yetib, Sepoya degan mavzeg'a tushib erdilar, Turkon arlat o'z lashkari birla suv tarafidin Sohibqironning lashkari tarafiga yuz kelturub edi, umri muqaddari oxiriga yetgan ekan. Yana xato va andeshaliq qilib o'z yurtig'a qochdi. Sohibqiron Po'lodni bir guruh lashkar birla aning orqasidin yibordilar. Bular kechayu-kunduz Andxud degan yerdin o'tib, Qorbobsuyi degan yerga yettilar. Turkon va birodari Narmish o'z tobelari birla suvning labini olib janggi mashg'ul bo'ldilar. Vaqteki ular shikast topib parokanda bo'lib qochdilar. Va bular fath zafar topib ularning orqasidin yurdilar. Po'lod yolg'uz Turkong'a yetdi va Turkonning oti horib qolg'on edi. Otdin tushdi va Po'lodning otig'a bir o'q otib edi Po'lod ham ilgari turub bir o'q anga havola qilib edi, o'q kulohidin o'tib boshig'a hech asar qilmadi. Po'lod darhol bahodirluq yuzini anga qo'yub bir-birlari birlan tutishdilar va Po'lod Hazrati Sohibqironning iqbol davlatlari birla Turkonni yerga urub boshini kesdi" Ma'lumki, Arlot, arlat, alot - kelib chiqishi mo'g'ullarga tutashadigan o'zbek urug'laridan biri. Abulg'ozi Bahodirxon "Shajarayi turk" asarida: "Arlotning ma'nosi otaning sevar o'g'li temak bo'lur. Arlot bir kishining otu turur. Ani otasi ko'p sevar erdi. Aning uchun Arlot tedilar. Barcha arlot eli aning nasli turur", - deb yozgan. Manbalarga ko'ra, Chingizxon tomonidan Chig'atoy ulusini boshqarish uchun ajratilgan 4 ming kishilik qo'shin boshliqlaridan biri ham arlot urug'idan (qolgani jaloyir, barlos, qavchin) bo'lgan. Arlotlar Amudaryodan janubda, Shimoliy Afg'oniston hududida o'rnashganlar. Keyingi asrlarda hozirgi O'zbekistonning janubiy viloyatlari, shuningdek, Xorazmga ko'chib turganlar. Bu

SCIENCE SHINE

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL

nom hozirgi vaqtda etnonim va ba'zan toponim sifatida Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ko'proq uchraydi. Buxoro viloyatidagi Olot shahrining nomi ham "arlot" so'zning fonetik o'zgarganidir. O'rta Osiyoning XVI-XVIII asrlar tarixiga oid asarlarda arlot o'zbek xalqiga mansub qabila sifatida tilga olinadi. Sulton Yunusxon davrida (1462-1487) ular Sayramda yashagan; ularning Shukurbek, Sodiqbek, Darveshbek kabi kadxudo va beklari bo'lgan. Arlotlardan Mirzo Muhammad, Mirzo Mansur, Mirzo Kepek arlotlar Jung'orlar bilan Yorkand xonligi va Rossiya o'rtasidagi munosabatlarda salmoqli o'rin tutgan.

Xulosa qilib aytganda, turkiy urug'lar, ularning joylashuvi va siyosiy hayoti haqida Mirzo Muhammad Haydar Dug'latning "Tarixi Rashidiy" asaridan ko'plab ma'lumotlarni olish mumkin.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Mirzo Muhammad Haydar Dug'lat "Tarixi Rashidiy". - "O'zbekiston" Toshkent.2011.-B.703;

2. https : //uz.m.wikipedia.org/wiki/Sulduz

3. https : //uz.m.wikipedia.org/wiki/Keray it

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.