Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences
SJIF 2024 = 7.404 / ASI Factor = 1.7
MIRZACHO'L TOPONIMLARI TARIXI HAQIDA
Ermatov Ixtiyor
filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali, ermatov.ixtiyor@mail .ru
ANNOTATSIYA
Maqolada XIX asrning oxiri XX asr boshlarida Mirzacho 'lni Rossiya imperiyasi tomonidan o'zlashtirilishi va ularni toponimlarda aks etishi masalasi tahlil etilgan. Mirzacho 'l toponimlarining tashkil topishida Rossiya imperiyasi tuzumining ta 'siri, ruslar tomonidan cho'l yerlarni o'zlashtirish va o'zlashtirilgan joylarga ruscha nomlarni berishi haqida fikr yuritiladi. Ruscha toponimlar maqolaning illyustrativ materiali sifatida xizmat qiladi.
Kalit so'zlar: Mirzacho'l, til, so'z, atama, toponim, toponimik lug'at, ruscha toponimlar, antroponimlar, berqaror toponimlar.
ABSTRACT
The article analyzes the question of the appropriation of Mirzachol by the Russian Empire at the end of the 19th century and the beginning of the 20th century and its reflection in toponyms. The formation of Mirzachol toponyms reflects the influence of the Russian Empire system, the appropriation of desert lands by the Russians, and the giving of Russian names to the appropriated places. Russian toponyms serve as illustrative material of the article.
Key words: Mirzachol, language, word, term, toponym, toponymic dictionary, Russian toponyms, anthroponyms, stable toponyms.
KIRISH
Tadqiqotning maqsadi Mirzacho'l toponimlari tizimidagi joy nomlarining berilishini tahlil qilish asosida XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida Rossiya imperiyasi amaldorlari tomonidan tashkil etilgan rus qishloqlariga ruscha joy nomlari qo'yilishining o'ziga xos xususiyatlarini tadqiq etishdan iborat. Bizga ma'lumki, Mirzacho'l hududi dasht va cho'llardan iborat bo'lgan. Bu yerlar o'zlashtirilishi, obod yerlarga aylantirilishi bilan kishilar muqim yashaydigan qishloq va shaharlar paydo bo'ldi hamda ular nomlandi. Bu nomlar esa mafkura o'zgarishi bilan o'zgarib bordi. Tadqiqotning maqsadini amalga oshirishda quyidagi vazifalar belgilangan: Mirzacho'lda joy nomlarini berilishida ruscha va o'zbek (turkch)cha toponimlar o'rtasidagi munosabatlarni yoritishda adabiyotlarni tahlil qilish, mavjud nazariyalarga tanqidiy munosabat bildirish; toponimlarni berishda davr mafkurasining ta'sirini
SJIF 2024 = 7.404 / ASI Factor = 1.7
yoritish; Mirzacho'l toponimlarining beqarorligini yoritish. Tadqiqotda quyidagi ilmiy tahlil metodlaridan foydalanilgan: lingvistik tavsiflash, sistem, statistik, kontekstual tahlil usullari. Tadqiqot mavzusiga doir ilmiy adabiyotlarni tahlil qilishda lingvistik tahlil usulidan foydalanilgan. Joy nomlari tadrijini yoritishda sistem tahlil usuli qo'llanilgan. Tadqiqot natijalari Mirzacho'l hududidagi toponimlar tarixini tahlil qilish asosida joy nomlarini tartibga solishga va ma'nolarni izohlashga hamda ularni umumiy lug'at tarkibiga kiritishga yordam beradi.
MUHOKAMA VA NATIJALAR
Ilm-fannning barcha sohalari bo'yicha davr talablariga javob beradigan toponimik tizimlarni yaratish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Shu bilan birga, bularni amalga oshirish nihoyatda murakkab, katta kuch talab qiladigan ish ekanligi ham shubhasiz.
O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining dastlabki yillaridanoq ma'naviy-ma'rifiy islohotlar, ma'naviy kamolot tarbiyasi masalalari davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Ma'naviyat tushunchasining asosida turuvchi ona tili va uni har tomonlama rivojlantirishga bo'lgan doimiy e'tibor benihoya kuchaydi. Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o'ttiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimda so'zlagan tarixiy nutqida shunday degan edi: "Globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lug'at boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning o'zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo'llanishini ta'minlash dolzarb vazifa bo'lib turibdi". O'zbek tilini ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish borasidagi bu talab o'zbek tilining, hech istisnosiz, barcha sathlariga oid hodisalarni yanada chuqurroq, yanada xolisroq, yanada kengroq tadqiq etishni taqozo etadi. O'zbek tili kommunikativ va semantik-leksik sathidagi ana shunday tadqiq etilishi lozim bo'lgan muammolardan biri toponimlardir. Shuning uchun ham boshqa tilshunosliklarda bo'lgani kabi, o'zbek tilshunosligida ham toponimik tizim tadqiqiga bo'lgan ehtiyoj yanada ortib bormoqda. Leksik strukturadagi bir qancha birliklar, ularning o'zaro munosabatini talqin qilishda tilshunoslikda anchayin umumiy bir fikr shakllangan bo'lsa-da, toponimlar masalasida o'zbek tilshunosligida tamoman bir yechimga kelingan emas. O'zbek tilshunosligi oldida "O'zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi - milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi o'rni va nufuzini oshirish" [1] masalasi turgan ekan, o'zbek tilini dunyo tilshunosligining zamonaviy tadqiq usullari orqali ilmiy asosda chuqur o'rganish maqsadga muvofiq. Shuning uchun toponimiyani tavsiflash o'zbek tilshunosligining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu esa mazkur maqolaning dolzarb ekanligidan dalolat beradi.
SJIF 2024 = 7.404 / ASI Factor = 1.7
Sirdaryo viloyati tarixida ruscha nomlangan toponimlarni ham ko'plab uchratish mumkin.
Rossiya imperiyasi amaldorlari, xusuan knyaz N.K.Romanov rus qishloqlarini asosan Sirdaryoning chap sohilida, Mirzacho'l hududida tashkil etishga ko'rsatma beradi. Dastlab, 1891-yilda hozirda Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi Achamayli qishlog'i hududida Nikolayevskiy [5, 85-86] qishlog'i tashkil etilgan.
Shunday qishloqlardan biri Obetovanniy [5, 85-86] nomi bilan 1896-yilda Sayxunobod tumaniga qarashli Guliston qishlog'i hududida joylashgan. Obetovanniy XIX asr oxirlarida Rossiyadan ko'chib kelgan ruslar tomonidan bunyod etilgan bo'lib, "Orzu qilingan yer" deb atalgan. Boshqa bir manbalarda Sovg'a qilingan suv" ma'nosida qo'llanilgani qayd etiladi.
1896-yilda Sayxunobod tumani markazi bo'lgan hozirgi Sayxun shaharchasi hududida Verxniy Volinskiy [5, 87-88], 1897-yilda esa hozirgi Sayxunobod tumani markazi bo'lgan Sayxun shaharchsidan 5-6 chaqirim masofada, Sirdaryo bo'yida Nijniy Volinskiy [5, 87] nomi bilan rus qishloqlari tashkil etilgan. 1897-yilda tshkil topgan Nijniy Volinskiy nomli rus qishlog'i 1909-yildan Naxalovka [5, 91] nomiga o'zgartirilgan. Naxalovka o'zboshmchalik bilan qurilgan qishloq nomini bildiradi.
1908-yilda Sirdaryo sohiliga yaqin joyda, temir yo'l stansiyasidan uzoq bo'lmagan yerda, hozirgi Sirdaryo shahri hududida Sirdarinskiy [5, 91] nomli qishloq ruslar tomonidan barpo etiladi.
E'tibor bersak XIX asrning oxiri XX asr boshlarida Mirzacho'lni Rossiya imperiyasi tomonidan o'zlashtirilishi oqibatida joy nomlari ham rus tilida nomlangan. Bu vaqtlarda Mirzacho'l toponimlarining tashkil topishida Rossiya imperiyasi tuzumining ta'siri kuchli bo'lgan. Ruslar tomonidan cho'l yerlarni o'zlashtirish va o'zlashtirilgan joylarga o'z nomlarini berish mustamlakachilikni yanada mustahkamlash uchun amalga oshirilgan.
1886-yilda Knyaz N.K.Romanov tashabbusi bilan Sirdaryoning chap sohilida, Mirzacho'lda Nadejdinskiy [5, 85-86] nomli rus qishlog'i tashkil etilgan. Bu rus qishlog'i Guliston tumanidagi Beshbuloq qishlog'i hududida joylashgan. Oradan bir yil o'tib, 1887-yilda daryoning chap sohilida Romanovskiy [5, 85-86] nomli yana bir rus qishlog'i barpo etiladi. Bu qishloq hozirda Guliston tumani markazi bo'lgan Dehqonobod shaharchasi hududida joylashgan. Bu qishloq knyaz N.K.Romanov sharafiga qo'yilganligi uchun Romanovskiy deb nomlangan.
Ayrim manbalarda Guiliston tumanidagi Ko'nchi qishlog'i nomini ruscha Konnogvardyeskiy toponimi bilan bog'lashadi. Bizning fikrimizcha bu noto'g'ri. Ko'nchi qishlog'i ruslar kelgunga qadar ham bo'lgan va shu nom bilan atalgan. 1897-yilda ruslar o'zlarining otliq bo'linmasi bilan Ko'nchi qishlog'iga kelishadi,
SJIF 2024 = 7.404 / ASI Factor = 1.7
birmuncha qurilish ishlarini amalga oshiradi va qishloqni Konnogvardyeskiy [5, 8586] nomi bilan yuritadi.
Hozirgi Guliston tumanidagi Soyibobod qishlog'i hududida 1912-yilda Krivosheino [5, 91-92] nomli rus qishlog'i barpo etilgan va unga Rossiya imperiyasi hukumati amaldori nomi berilgan.
Sirdaryo temir yo'l stansiyasidan uncha uzoq bo'lmagan joyda 1916-yilda Slavyanskiy [5, 91-92] nomli rus qishlog'i tashkil topgan.
1913-yilda Golodnaya step nomli temir yo'l stansiyasi (hozirgi Guliston shahri)dan o'n besh chaqirim uzoqlikda temir yo'l yoqasida yangi rus qishlog'i barpo etiladi. Bu hozirgi Baxt shahri hududida joylashgan qishloq bo'lgan. 1913-yil 25-noyabrdan unga Rossiya imperiyasi shahzodasi Aleksey nomi beriladi va Veliko Alekseyevskiy [5, 91] deb yuritiladi.
XIX asrning oxiri XX asr boshlarida Mirzacho'l hududidagi ariqlardan biri "Nikolay I kanali" nomi bilan atalgan. Bu kanal dastlab "Xiva arig'i", 1913-yildan "Romanovskiy kanali" deb nomlangan. Sirdaryodan suv olgan [5, 80]. Knyaz Romanovskiy sharafiga qo'yilgan. Bu kanal 1917-yildan "Shimoliy Mirzacho'l kanali", 1936-yildan S.M.Kirov nomi bilan, mustaqillikdan so'ng "Do'stlik kanali" deb nom oldi.
Ruslar kelgunga qadar mahalliy aholi tomonidan ariq qazilib, Mirzacho'lga suv chiqarilgan edi. Shunday ariqlardan biri "O 'rimboy ariq " nomli gidronim. "O 'rimboy ariq" Mirzacho'l hududidagi qadimgi ariqlardan birining nomi bo'lgan. Ushbu ariq izlari Guliston tumanidagi Boyovyt, Ko'nchi qishloqlari hududida saqlanib qolgan [4, 65-70]. O'rimboy o'g'iz arig'i ham qadimgi ariqlardan birining nomi bo'lib, O'rimboy arig'ining o'ng irmog'i bo'lgan. Ushbu ariq Guliston tumanidagi Ko'nchi bozori oldidan boshlangan [4, 81-90].
Hozirgi Guliston shahri joylashgan yer XIX asrning ikkinchi yarmidan 1905-yilgacha Achchiqquduq [3, 7]. deb nomlangan. Achchiqquduq qishlog'ining o'rtasidan temir yo'l kesib o'tadi.
1899-yilda Rossiya imperiyasi hukumatining tashabbusi bilan hozirgi Do'stlik qo'rg'oni hududida Spasskiy [5, 90] nomli qishloq tashkil etilgan.
1898-yilda Chor Rossiyyasi hukumatining vakili S.Y.Rauner tashabbusi bilan temir yo'l stansiyasi yaqinida general-gubernator Duxovskiy sharafiga Duxovskiy [5, 89] nomli qishloq tshkil etiladi. Duxovskiy qishlog'i Guliston shahrining bugungi 1-va 2-mavzelari hududida joylashgan.
1905-yildan Duxovskiy va Spasskiy qishloqlari mamuriy jihatdan birlashtiriladi va temir yo'l stansiyasining nomi bilan Golodnaya step [5, 90] (ma'nosi "ochofat cho'l" - izoh bizniki) deb yuritiladi.
Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences
SJIF 2024 = 7.404 / ASI Factor = 1.7
Golodnaya step nomli temir yo'l stansiyasi atrofidagi ishlab chiqarish markazi joylashgan hudud Knyajeskiy [5, 92] nomi bilan yuritilgan. Bu qishloq 1914-yilda knyaz N.K.Romanovga qarashli yerda tashkil topganligi uchun shunday nomlangan. 1914-yilda hozirgi Guliston shahri o'rnida Duxovskiy, Spasskiy, Knyajeskiy qishloqlari bo'lgan.
1917-yil 26-noyabrdan Mirzacho'l nomini oladi [6, 20]. 1952-yil 26-fevralgacha Mirzacho'l shaharchasi nomi bilan yuritilgan. Hozirgi Guliston shahri mana shu qishloqlar va shaharcha o'rnida tashkil topgan. 1961-yildan shahar maqomi berilgan va Guliston shahri deb nomlangan [6, 53-54].
Joy nomlari bu tariximizning ko'zgusi. Joy nomlari, toponimlar esa o'sha joyning o'zi bilan birga tug'iladi. Ba'zan kishilar joy nomlarini suniy ravishda, o'z maqsadlariga muvofiq o'zgartiradilar. Oqibatda bir joyning ikki nomi hosil bo'ladi.
XULOSA
Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, XIX asrning oxiri XX asr boshlarida Mirzacho'l yerlari Rossiya imperiyasi amaldorlari tomonidan o'zlashtirish boshlangan. Ruslar tomonidan o'zlashtirilgan joylarga ruscha nomlar berilgan. Berilgan nomlar chor Rossiyasi amaldorlari sharafiga qo'yilgan. Bu nomlar mustamlakachilik mafkurasi bilan yo'g'rilgani uchun yashab qolmadi, lekin tarix sahifalarida qoldi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR (REFERENCES)
1. Begmatov E. Joy nomlari - ma'naviyat ko'zgusi. - T.: Ma'naviyat, 1998. - 64-b.
2. Do'simov Z., Egamov X. Joy nomlarining qisqacha izohli lug'ati. - T., 1977. -176-b.
3. Эрбутаева У., Маъмиров О. Сирдарё вилояти тарихи. - Т., 2013. - 88 б.
4. Караваев В.Ф. Голодная степь в её прошлом и настоящем. Статический очеркь. - Петроград, 1914.
5. Xodjiyev M., Qudratov S., Samadov B. Sirdaryo tarixi / Monografiya. -Guliston, 2020.
6. Pirimqul Do'st Muhammad. Sirdaryo kecha va bugun (Mirzacho'lni o'zlashtirish tarixi). IV qism. - Guliston, "Zar qalam" nashriyoti, 2002.
7. Qorayev S. Toponimika. - T., 2006. - 320-b.