Научная статья на тему 'MASAL MUMTOZ ADABIYOTNING QADIMIY JANRI SIFATIDA'

MASAL MUMTOZ ADABIYOTNING QADIMIY JANRI SIFATIDA Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
2452
629
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
mumtoz adabiyot / tarix / pand-nasihat / maqol / matal / majoz / ramz / allegoriya / ibrat / obraz / naql / xarakter / yumor / satira

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Dilrabo Jumanova

Ushbu maqolada masal janri haqida sо‘z boradi. Masal janrining tadrijiy rivoji, ta’limiy-tarbiyaviy ahamiyatiga ham tо‘xtalib о‘tilgan. Bu janrning asrlar davomida takomillashib, о‘lmas janrga aylanishiga katta hissa qо‘shgan adiblar va ularning sara masallari haqidagi ma’lumotlar maqola mazmunini tashkil etgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MASAL MUMTOZ ADABIYOTNING QADIMIY JANRI SIFATIDA»

MASAL MUMTOZ ADABIYOTNING QADIMIY JANRI SIFATIDA

Dilrabo Jumanova O'zDSMI

Annotatsiya: Ushbu maqolada masal janri haqida so'z boradi. Masal janrining tadrijiy rivoji, ta'limiy-tarbiyaviy ahamiyatiga ham to'xtalib o'tilgan. Bu janrning asrlar davomida takomillashib, o'lmas janrga aylanishiga katta hissa qo'shgan adiblar va ularning sara masallari haqidagi ma'lumotlar maqola mazmunini tashkil etgan.

Kalit so'zlar: mumtoz adabiyot, tarix, pand-nasihat, maqol, matal, majoz, ramz, allegoriya, ibrat, obraz, naql, xarakter, yumor, satira

PARABLE ANCIENT OF CLASSICAL LITERATURE AS GENRE

Dilrabo Jumanova UzSIAC

Abstract: This article will talk about the parable genre. The evolutionary development and educational significance of the parable genre are also touched upon. Accounts of the adebas and their Sarah allegories, which contributed significantly to the genre's evolution into an immortal genre, improved over the centuries, formed the content of the article.

Keywords: classical literature, history, panda-exhortation, proverb, saying, metaphor, symbol, allegory, parable, image, saying, character, humor, satire

Sahna va ekran orqali rang-barang obrazlar yaratishni maqsad qilgan talaba aktyorlik san'ati bilan birgalikda, sahna nutqi maktabini ham qunt bilan o'zlashtirishi lozim. Badiiy adabiyot va sahna qonuniyatlarini bilish va ularni amalda qo'llash talabaning badiiy so'zdagi kamolotini ta'minlaydi. Ijroda turli qiyofa va xarakter yaratish ko'nikmasi hajviy janrlar ijrosi bilan mustahkamlanadi. Talaba sahnada turli janrlar ustida ishlar ekan, uning ijodiy fantaziyasi va tasavvuri yuksalib boradi. Jumladan, masal janri va uning ijro uslublarini o'rganish talabaning aktyorlik san'atini egallash yo'lidagi dastlabki qadamlardan biridir. Talaba aktyorlik mahoratini yuksaltirishda va keng qirrali aktyor bo'lib shakllanishida boshqa sahna asarlari qatori masal janrining muhim ahamiyat kasb etishini bilishi lozim.

Masal janri uzoq tarixga ega. Buni tadqiqotchi olimlar ta'kidlab: "masal, bu -insoniyatning jonivorlar haqidagi ilk ibtidoiy ertaklari bilan ulardan ancha keyin paydo bo'lgan maqol, matal va zamonaviy latifalar orasidagi muhim bir ma'joziy bekatdir. Uning yoshi ming yillar bilan o'lchanadi" [1. B-101] - deydi. Masallar pand-nasihat

hamda o'gitlarga boy, ramziy va majoziy obrazlarning tasvirlanishi jihatidan jamiyat va kishilar o'rtasidagi muammoli vaziyatni aks ettiruvchi, kichik voqelikka asoslangan maqsad va g'oyalarning umumlashmasidan iborat bo'lgan liro-epik janrdir.

"Masal" arabcha so'z bo'lib, "namuna, misol" [2. B-498] ma'nosini bildiradi. Masal xalq og'zaki ijodida ham she'riy, ham nasriy yo'lda yozilgan, asosini majoziy va ramziy obrazlarning faol harakati tashkil etgan, ta'limiy mazmundagi satirik va yumoristik tanqid ruhida bayon qilingan kichik hikoyadir. Bu janrning xalq poetik ijodiga yaqinligi, uni avvalo donishmand xalq yaratganligi, so'ng esa yozuvchilar, shu jumladan Ezop o'z ijodida takomillashtirgani xususida so'z boradi: "Masal janri II asrlarda Babriy, Rimda Fyodr (eramizning I asri) Avian (IV asr) tomonidan rivojlantirildi. Masal janri taraqqiyotiga fransuz masalchisi Lafonten (XVII), rus masalchisi I.A.Krilov, Daniya masalchisi Golberg (XVIII), nemis masalchisi Lessing (XIX) katta hissa qo'shdilar" [3. B.9,12] - deyiladi.

Masal g'arb adabiyotida shaklanishi bilan birga, O'rta Osiyo xalqlari adabiyotlarida ham taraqqiy etib, klassik adiblar ijodida masalning yorqin namunalari paydo bo'lgan. Jumladan, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Nosir Hisrav, Ubaydi Zokoniy, Amiriy, Yaqiniy, Saidon Nasafiy, Mushfiqiy, Gulxaniy kabi o'zbek va tojik klassiklari; Ibray Oltinsarin, Abay Qo'nonboyev, To'g'aloq Mo'lda kabi qozoq va qirg'iz ma'rifatchilari katta hissa qo'shganligi haqida ma'lumotlar mavjud. Ular xalq og'zaki ijodi va antik masalchilik an'analarini davom ettirib, uni ijodiy rivojlantirgani, o'z masallariga milliy xarakter, yangi mazmun, yangi g'oyaviy yo'nalish bag'ishlagani, davr pafosini singdirib yuborgani haqida fikrlar yuritilgan. Shuningdek, masal janri badiiy adabiyotning "xalqaro janri"ga aylanganligini Sh.Xolmatov o'z tadqiqotlarida keltirib o'tgan.

O'zbek mumtoz she'riyatining yirik namoyandasi, hajviy asarlar bitishda ham yuksak mahoratga ega bo'lgan, so'z mulkining sultoni Alisher Navoiy ijodida ham masallarning sara namunalarini uchratish mumkin. Jumladan, A.Navoiyning masal uslubida yozilgan asarlarini o'rgangan olimlar shunday xulosaga keladi: "o'zbek klassik adabiyotida bu janr XIV asrdan ko'rina boshlaydi. Uning rivojida, xususan, Alisher Navoiy muhim rol o'ynadi. "Hayratul-abror"dagi "Sher va Durroj", "Saddi Iskandariy"dagi "Bulbul hikoyati", "Kabutar hikoyati" masallari masal janrining barcha formal-poetik va g'oyaviy talabalariga to'la javob beradi" [4. B-149]. Bundan ko'rinib turibdiki, masal janri keng ko'lamli ta'sir kuchiga ega bo'lgan tarbiyaviy asardir.

Masal janri qadimgi dunyo ta'limoti va insoniyat tarixi bilan bog'liqligi to'g'risida fikrlar mavjud. O'tmishda insonlar borliq va tabiatni mifologik talqin qilib, ulardan turli afsona va rivoyatlar qolganligi ma'lum. Bu janrning xalq og'zaki ijodi janrlari zamirida takomillashgani va uning farqli xususiyatlarini D.Abdullayevaning tadqiqotlarida uchratish mumkin: "Mif, afsona, ertak, qissa va dostonlar zamirida

qadimgi odamlarning turli qarashlari, ishonch-e'tiqodi, xayoliy tasavvurlari mavjud bo'lsa, masallardan ko'zlangan maqsad o'z tajriba va malakalarini, hayotdan olgan ibratli xulosalarini keyingi avlodga namuna sifatida yetkazish hisoblangan. Albatta, barcha masallar miflardan kelib chiqqan, degan fikrdan yiroqmiz. Biroq masallarning umumiy xususiyati uning qadimdan mavjudligi miflar bilan chambarchas bog'liqligini ko'rsatadi. Ibrat, o'git, pand-nasihat, ta'lim berish funksiyasini qadimdan masallar bajargan" [5. B-17] - deb ta'kidlab o'tadi D.Abdullayeva.

Masal janriga yaqin, uning mazmun-mohiyatini to'ldiruvchi janrlardan yana biri naqllardir. O'zbek badiiy adabiyotida masallar o'tmishda naql ko'rinishida bo'lib, bir-birini to'ldiruvchi janrlar sifatida o'rganilgan va keyinchalik alohida turkumlarga ajralib chiqqan. Xalq og'zaki ijodida muhim ahamiyatga ega bo'lgan naqllarga murojaat qilish, ularning ijro uslublariga to'xtalib o'tish talabaning fanni chuqur o'zlashtirishida alohida o'rin tutadi. Bu janr ta'lim-tarbiya, ma'naviy-ma'rifiy tushunchalarni axloqiy-didaktik mavzudagi nasihatomuz kichik she'riy va nasriy hikoyalar tarzida talqin qilib kelgani bilan alohida ajralib turadi. Naql janrining sara namunalari "Zarbulmasal" asari orqali bizgacha yetib kelgan. Gulxaniy ijodini o'rgangan olim F.Ishoqov shunday deydi: "Gulxaniy "Zarbulmasal"i majoziy ma'no beruvchi badiiy asar bo'lib, unda turmush voqealari, turli toifadagi turlicha fe'l-atvorli kishilarning o'zaro munosabatlari qushlar hayotiga ko'chirilib, ularni antromorfízatsiyalashtirish yo'li bilan bayon qilinadi. Bu jihatdan asar Sharq masalchiligi va hikoyachiligining klassik namunalariga, ayniqsa "Kalila va Dimna"ga yaqin" [6. B-15] - ekanligini aytib o'tgan. F.Is'hoqov "Zarbulmasal" asarining o'ziga xosligini aytar ekan: "asar tarkibiy jihatdan bir butun emas. Asosiy syujet yo'li bir nuqtada qolib, orada hikoya ichida hikoya, masal ichida masal kelaveradi" [6. B-16] -degan xulosasi bilan bu asarning ham naql, ham masal uslubidan unumli foydalanilganligini isbot etib o'tadi.

Naql va masallar pand-nasihat hamda o'gitlarga boy, ramziy va majoziy obrazlarning tasvirlanishi jihatidan jamiyat va kishilar o'rtasidagi muammoli vaziyatni aks ettiruvchi kichik voqelikka asoslangan bir-biriga yaqin, lekin alohida janrlar ekanini ta'kidlab o'tish joizdir. Tarkibiy tuzilishi, tasnifi, bajaradigan maqsad va vazifalariga ko'ra masal janri badiiy adabiyotning epik va lirik janrlaridan tubdan farqlanadi. Asosiy sifati allegorik va ramziy obrazlar tasvirining yorqin va o'tkirligi, ta'sirchan g'oyaviy kuch bilan sug'orilganidadir.

Masal janrining o'ziga xos xususiyatlaridan yana biri unda an'anaviy obrazlarning doimiy qo'llanishidir. Bo'ri, Sher, Quyon, Mushuk, Kalamush, Eshak, Bulbul, Tulki, Xo'Roz, Burgut, Ayiq v.k jonzotlar barcha masallarda tez-tez xarakter va bajaradigan vazifasiga qarab takrorlanib turadi. Masalda har bir obraz tanlanadi va uning tabiiy xususiyatlaridan kelib chiqib maqsad va vazifalar belgilanadi. Jumladan, Bo'ri - zolim, vaxshiy, bosqinchi, ochko'z; Tulki - ayyor, laganbardor, yolg'onchi; Kalamush - o'g'ri

va kazzob; Quyon - qo'rqoq va ojiz; Eshak - kaltafahm va go'l singari xarakterlarda tasvirlanadi. Siyosiy va ijtimoiy masalalar, boshqaruv tizimidagi kamchiliklar Sher, Ayiq, Fil, Burgut, Xo'roz singari obrazlar orqali salbiy yoki ijobiy xarakterda tasvirlanadi. Lekin ko'p hollarda bu obrazlar zulmkor va johil, adolatsiz amaldorlarni fosh qiluvchi obrazlar sifatida masaldan masalga ko'chib yuradi. Masalda yana shunday obrazlar borki, ular mehnatkash, jabrdiyda, xokisor, adolatparvar qiyofalarni aks ettiradi. Bular Chumoli, Qo'y, Echki, Qunduz, Asalari obrazlaridir. Bulbul va Kaptar obrazi tinchlik, osoyishtalik, baxt va saodat ramzi bo'lib kuylab kelingan.

Masaldagi obrazlar ma'lum bir vazifani bajaradi. Shu bois allegorik obrazlar insoniy sifatlar bilan boyitiladi va jonlantiriladi. Bunda obrazlarning to'g'ri tanlanishi va sifatlanishi muhim ahamiyat kasb etadi. "Masalchi allegorik obraz yaratishda meyorga amal qilmasa, hayvonlar o'zlariga xos bo'lmagan qiliqlarni qilsa, masalning ishontirish kuchi, realistik quvvati yo'qoladi. Masal uchun tanlangan personajlar ham insonga, ham hayvonlarga xos harakat qilishlari, yozuvchi bular o'rtasidagi mutanosiblikni saqlashi zarur" [3. B-17] - deya talab va qoidalarni aytib o'tishadi olimlar.

Masallarni o'rganish jarayonida ijobiy va salbiy hususiyatga ega bo'lgan obrazlarni ko'rish mumkin. Masallar faqat ijobiy yoki faqat salbiy obrazlar orqali ochib berilmaydi. Balki har ikkala xususiyat egalarining bahs-munozarasi orqali voqealik oydinlashadi. Eng muhimi, ijobiy va salbiy hususiyat egalari yorqin bo'yoqlarda tasvirlanadi. Masalan, I.A.Krilovning "Fil - viloyat hokimi" masalida Qo'ylar xokisor el qiyofasida tasvir etilgan, Bo'rilar esa zolim va bosqinchi xodimlar sifatida namoyon bo'lsa, Fil obrazi juda salbiy bo'yoqlar bilan ochib berilgan. Ya'ni, o'zini xushfe'l va rahmdil qilib ko'rsatayotgan rahbar obrazi aslida yovuz va bosqinchilardan ham havfli shaxs ekanligi aytib o'tilgan.

Zoti ulug', nomdor bo'lsa-da har kim, Ammo farosati bo'lmasa bekor. Befoyda, garchi u xushfe'l, rahmkor. O'rmon viloyatga Fil edi hokim, Garchand ko'p narsani bilsa-da fillar, Lekin har to'kisda bir ayb derlar: Bizning Fil gavdasida tortib nasliga, O'lgunday sodda, go'l edi aslida...

E'tiborsiz, loqayd va o'z xotirjamligini o'ylaydigan mas'uliyatsiz kishilar tasviri rahbar Fil obrazi orqali ochib berilgan. Shu bois ham masaldagi bosh qahramonlardan hisoblangan Fil obrazini salbiy obraz sifatida taqdim qilish mumkin. Bundan ko'rinib turibdiki, masal obrazlari to'g'ri tanlangan va ularning tabiiy xususiyatlari o'zaro uyg'unlashtirilgan.

Muallif masal mazmuni va undagi obrazlarning xatti-harakati orqali asosiy aytmoqchi bo'lgan fikrini yorqin ifodalashi kerak. Bunda avvalo, obrazlarni to'g'ri tanlash va hajviy topilmalarni masal g'oyasiga bo'ysundirishda muallifning ijodiy salohiyati ustunlik qilishi lozim. Shu o'rinda, jahon va o'zbek masalnavislarining ijodiga qisqacha to'xtalib o'tamiz.

Ezop - yarim afsonaviy shaxs bo'lib, "masalning otasi" deyilishi uning nomiga nisbatan ishlatiladi. Ezop masallarida qadim ajdodlarning hayotiy tajribalaridan, xalq og'zaki ijodidan foydalanib, maishiy, axloqiy, siyosiy va boshqa holatlarga oid hukm-xulosalarning umumlashmasini yoritib bergan" [7.] - deyiladi. Ezop masallari hayotiyligi bilan ajralib turadi. Tilining o'tkirligi falsafiy mushohadagi boyligi sabab "Ezop tili" degan atama xalq orasida nom qozongan. U yaratgan masallar og'izdan-og'izga o'tib, mazlum xalq tilida dostonga aylangan. Ezop miloddan avvalgi VI-asrda Yunonistonda yashagan masalchi sifatida tanilgan. Rivoyatlarga ko'ra, Ezop dastlab qul bo'lganligi, keyinchalik qullikdan ozod qilinganligi to'g'risida fikrlar yuritilgan. Ezop masallari aynan qullik davrida yaratilganligi, hayotiy voqealar asosida jonlantirilganligi sabab uni tinglovchilar safi kengayib borgan. U masallarini o'z qismati orqali tasvirlagan, negaki, o'ta badbashara qiyofaga ega bo'lgan qulning achchiq taqdiri turli obrazlar orqali ochib berilgan. Ezop masallari qisqa va ixcham syujetga ega bo'lgan, ibratli hikoya tarzida bayon qilingan. Sodda va tushunilishi oson bo'lgan bunday nasriy masallar asrlar davomida uzoq yashab keldi va boshqa mashhur masalnavislarning ijodida ravnaq topdi. Masalnavis shoirlar ijodida Ezop masallari syujeti asos bo'lib xizmat qilgan va hali-hamon u yaratgan masallarga murojaat qilib kelinmoqda. Hatto bu jarayon an'anaga aylanib, har bir ijodkor masal yaratishda ezop tilidan foydalanishi urfga aylangan.

"Ezop bir tomondan jamiyat tubidagi xo'rlanganlar, ezilganlarning noroziliklari ifodachisidir. Ikkinchi tomondan esa faqat buzishgina emas, yaratishga qaratilgan inson shaxsiyatini ulug'lash tarafdoridir. Gap Ezop masallarining kuchi bugun ham bemalol sevib o'qilishidadir. Buning sababi Ezop oddiy dono nasihatgo'y emas, ma'naviy donishmand va ramziy masallar ijodkori" [1. B-104] - deb ta'riflanishi ham Ezop shaxsiyati va ijodining bardavomligini anglatadi.

Gulxaniy - O'zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandasi Muhammad Sharif Gulxaniy XVIII asrning so'nggi choragi va XIX asrning birinchi yarmida Qo'qonda yashab ijod etgan hamda "Zarbulmasal" asari bilan tanilgan mashhur adibdir. Shoir adabiyot olamiga kirib kelguniga qadar turli sohalarda ish faoliyatini olib borgan. Qo'qon xoni Amir Umarxon adabiyotni sevuvchi, she'r va shuurda qalam tebratgan ijodkor hamda san'at va adabiyot homiysi sifatida o'z atrofiga mahoratli ijodkorlarni jamlaydi. Iste'dodli qalam ahli orasida Muhammad Sharif ham bor edi. Gulxaniy (bir necha yil hammomda o't yoquvchi - go'loxlik vazifasida ishlaganligi, ayrim manbalarda esa jo'shqin fe 'li va olov qalbiga ishora sifatida) taxallusi bilan ijod qilib,

nom qozongan shoir nomi u yaratgan buyuk asari bilan abadiylikka muhrlandi. Gulxaniy iste'dodli shoir bo'lgan, ammo o'zbek mumtoz adabiyotida nasriy asarlarni mahorat bilan yozgan adib sifatida tanilgan.

Uning "Zarbulmasal" asarida nasr va nazmda yozilgan masal-matal va qissa-hikoyalarni o'qib ezgu amallar va yomon illatlar mahorat bilan, tushunarli qilib yoritilganligini ko'rish mumkin. Bu asarning asosiy qahramonlari qushlardir. Asarda turli qushlar va jonzotlardan foydalanilgan holda voqelikka ramziy tus berilgan. Gulxaniyning ushbu asarida: "eng yirtqich qushlardan tortib oddiy qushlargacha namoyon bo'ladi, ba'zan yo'l-yo'lakay vaxshiy hayvonlar (maymun, tulki), uy hayvonlari (tuya, bo'taloq, eshak), hasharotlar (chayon) obrazlari ham asarda ko'zga tashlanadi. Lekin bularning har biri insonlarning xulq-atvorini, qiliqlarini, xarakterini, turmushini ifoda etadi" [8. B-4] - deyiladi. Yana boshqa bir manbada: "Zarbulmasal" asari ijtimoiy hayotdagi illatlarni o'tkir satira tig'i bilan fosh qiladi. Shoir o'z zamonasi uchun xarakterli bo'lgan voqea-hodisalarni yoritadi. Asarda feodal-zadagonlarning dabdabali hayoti, ochko'z, tamagir, qallob, maqtanchoq, xudbin, mansabparast ekanliklari ochib tashlanadi. Asarda xondan tortib oddiy ish yurituvchigacha bo'lgan kishilarning allegorik obrazlari yaratilgan" [9. B-150] - degan fikrdan ham shuni anglash mumkinki, bu asar masal janrida yaratilgan asarlarning eng yirigi va mazmunan boyligini anglatadi.

Ivan Andreyevich Krilov - rus yozuvchisi va buyuk masalnavis shoir hisoblanadi. Ijodini jamiyatdagi illatlar va salbiy holatlarni qamrab olgan yirik komediya va tragediyalar yozish bilan boshlagan adib masal janrida yuksak cho'qqini zabt etadi. Krilovni yozuvchi sifatida emas, balki o'tkir satirik masallar ijodkori sifatida tanishadi. Uning asarlari masal janri talablariga to'liq javob beradi. Oldi-qochdi fikrlar, an'anaviy va yangi obrazlarning qorishiqligi, topilgan obrazlarning sifat xususiyatlari va masaldagi vazifasining aniq emasligi kabi qusurlarni uning masallarida uchratmaysiz. Ezop va Lafonten masallari singari syujeti ixcham, satirasi kuchli, tili o'tkir, obrazlari ishonarli va qissadan chiqarilgan xulosaning aniq va ravshanligi bilan ajralib turadi. Masalchi shoir Muxtor Xudoyqulov Krilov masallari jahon masalchilik traditsiyasining eng yuksak cho'qqisi bo'lganligini, masallari xalqchillik, qolaversa, rus xalqining orzu-umidi, yashash tarzi, tarixi bilan bog'liqlikda yaratilganligini aytib o'tgan. Boshqa bir manbada esa, u masal janriga yangicha ruh bag'ishlaganligi to'g'risida fikr yuritadi: "Krilov masallari ungacha bo'lgan an'anaviy shakllar, mavzu va g'oyalar chegarasidan chiqib ketadi. U pand-nasihatdan qochadi, uni chetlab o'tadi. Masalning syujetli novella ("Dehqon va Tulki", "Eshak", "Tovuq va Qarg'a"), satirik pamflet ("Baliqlar raqsi", "Cho'rtan baliq"), maishiy tematika ("Ikki Mushuk", "Savdogar"), zaharxanda satirik epigramma ("Tuhmatchi va Ilon", "Dub daraxti va Cho'chqa") kabi rang-barang shakllarida qalam tebratadiki, bu o'z navbatida rus

masalchiligini jahon miqyosiga olib chiqdi, mazkur janrga boqiy umr baxsh etdi" [10. B-7] - deya Krilov ijodini e'tirof etadi.

I.A.Krilov masalning ta'sir kuchini bilgan va undan mahorat bilan foydalangan ijodkor edi. Yozuvchi Igor Klex: "xuddi tarallabedod Lafonten singari Krilov ham hech kim bilan ishi bo'lmagan, beg'am, ishtahasi karnay, qarilik gashtini surayotgan, donishmandlikning ruscha chakmonini kiyib ko'rgan edi. Xuddi mixga shunchaki osilgan surat tushib ketarmikin yo tushmasmikin, deb sinaganday ham edi. Ammo nigohi o'tkir va uning masallarini sevib qolgan Gogol, Belinskiy va Ivan Turgenevlar bunday niqobning ostida kim turganini yaxshi bilishardi" [1. B-110] - deganida hajvning yumor va satira tig'ini mahkam tutgan, yashirin va oshkora hujumlari bilan zamona zulmkorlarini savalab kelgan I.Krilovni anglashimizni aytib o'tadi.

Sergey Mixalkov - rus yozuvchisi va san'at arbobi, masalchi va bolalar shoiri sifatida mashhur. Uni adabiyot olamida "Styopa amaki" deb ham xotirlashadi. S.Mixalkovning bolalar uchun yozgan she'rlari ulug' rus yozuvchisi Aleksey Tolstoyning nazariga tushadi va u S.Mixalkovni masal janrida ijod qilishga undaydi: "Sening folklordan, xalq yumoridan boshlanadigan she'rlaring juda yaxshi chiqyapti. Masal yozishga kirishib ko'rsang qanday bo'larkin?" [11. B-4] - degan so'zlaridan ilhomlangan adib masalchilikda o'zini sinab ko'radi.

Mixalkov o'z ijodida xalqona kulgidan unumli foydalanib hajviy asarlar yaratdi va ularni tarannum etishda Krilov singari jasoratli bo'lishni aytib kelgan. Jumladan: "Qasidaning tug'ilishi" she'rida shoirlar hajv qilishda, masal bitishda o'z maqsad-muddaosini yo'qotmasdan mardona kurashish lozimligi to'g'risida fikrlar yurilgan va "Masalchiga bordir bitta yo'l-yo'riq: Chumchuqdan ko'rqsa gar - ekmasin tariq!" -degan qissadan chiqarilgan xulosani ilgari surgan. Ushbu masaldan keltirilgan parchani o'qir ekansiz, uning mazmun-mohiyatida nimalar aks etganini anglab, yuzingizga mayin tabassum yugurganini xis qilasiz: Asli idorada - aytish kerak rost -Gap ko'p edi juda masal uchun mos: Boshliq o'taketgan takabbur, to'ra, O'rinbosar unga poy-patak jo'ra, Xo'jalik mudiri - yeb to'ymas, uchar, Eshak timsoliga qay biri tushar? Birin Cho'chqa qilsa, payqab qoladi, Poylab yurib bir kun o'chin oladi. Qora terga tushib ishlardi shoir, Hayvonot olamin xayolan bir-bir Beozorin izlab oralab chiqdi, Bir dasta qog'ozni qoralab chiqdi. Masal hech chiqmadi bo'lib arosat,

Boshi berk ko'chaga kirgandek rosa, Bir mahal qarasa - tong pallasida Bitibdi boshliqqa maqtov, qasida...

Mixalkov masallari samimiy yumorga boyligi bilan ajralib turadi. Jamiyatdagi illatlar, kishilarning turmush tarzi va xulq-atvoridagi kamchiliklar yengil yumor orqali ochib berilgan. Masalan, "xushomadga picha o'ch bo'lgan rahbar ("Badmast Quyon"), tovlamachi ayolning qo'liga tushib keyin pushaymon bo'lgan oila boshlig'i ("Tulki va Qunduz"), faqat o'z tinchinigina o'ylaydigan odam ("Sokin hovuz"), har kimning gapi, maslahatiga kirib o'z yo'lini yo'qotgan ijodkor ("Fil rassom") va hokazo" [11. B.8,9] - voqeliklar Mixalkov masallarining hayotiyligini namoyon qilgan.

Mixalkov avvalo hajvchi shoir, keyingi o'rinlarda esa masaldek qadimiy janrni qayta tiklagan va rus adabiyotida Krilov an'anasini davom ettirgan satirik sifatida adabiyot olamini zabt etgan. U shoirona nigohi bilan jamiyat va odamlarni kuzatdi, ularning yomon illatlarini qoraladi. Uning asarlaridagi obrazlar o'zlarining tabiiy xususiyatlari bilan kishilardagi qusurlarni ochib tashladi.

Sami Abduqahhor - satirik shoir va yozuvchi sifatida el orasida tanilgan. Uning asarlari "Mushtum" va "Nashtar" hajviy jurnallarida e'lon qilib borilgan. Ijodidagi eng sara masallarni to'plam qilib, nashr ettirgani ham ijodkorning masal yozishdagi mahoratini oshirgan. Uning masallari o'z davri va zamonasi bilan bog'liq bo'lib, turli voqea-hodisalarni ramziy va allegorik obrazlar bilan masalga ko'chirgan. S.Abduqahhor masal yozishda katta masalnavislar yo'lidan borib, bir qancha muvaffaqiyatlarga erishgan. Uning bema'ni va maqsadsiz majlisbozliklar hamda so'zi bilan amali boshqa-boshqa bo'lgan kishilar to'g'risida yozilgan "Ayiq va'zxon", olifta va o'ziga bino qo'ygan kishilar obrazi tasvirlangan "Taka bilan Echki", tanish-bilishlik va kaltafahmlik aks etgan "Qunduzoy bilan Bo'rsiqboy", to'g'ri tanqidlarni qabul qilmasdan, o'z ishini bitiradigan chalasavodlar to'g'ridagi "Qizg'in muhokamadan so'ng...", urug'-aymoqchilik sifatlari bilan bezangan amalparast "Rahbar Xo'roz" haqidagi masallari o'quvchilarning sevimli masallari qatoridan joy olgan.

Masal murakkab va o'z o'rnida qiziqarli janrdir. Masal maydonida qalam tebratish ijodkordan katta mahoratni talab qiladi. S.Abduqahhor publitsistik ijodkor sifatida o'z zamonasi muammo va kamchiliklarini masal orqali ochib bergan. Uning ijodini o'rgangan tadqiqotchilar "S.Abduqahhor hamma masallarida ham o'ziga nisbatan birdek talabchan bo'lmagan: uning o'tkir masallari bilan bir qatorda xarakter o'rnida quruq va'zxonlikdan, pand-nasihatdan iborat bo'lgan "Uzun til", "Amaldor Chittak", "Kakku qissasi", "O'zi yo'qning ko'zi yo'q", "Ayiq va'zxon" singari masallar ham uchraydi" [12. B-114] - deydi. Shu bilan birga shoirning masal yozishida g'oya va maqsadning aniq bo'lishi, obrazlar yorqin sifatlar bilan tasvirlanishi, muallif va personajlar nutqi o'tkir qochiriqlarga boy, masxaralash kuchiga ega bo'lishi, masalning hikoya qismi va xulosa qismi o'zaro bog'liq va mazmunan bir-birini

to'ldiruvchi xususiyatlarga ega bo'lishini ta'kidlab o'tgan. Bu esa S.Abduqahhor masallariga bo'lgan diqqat-e'tiborni va uning masallari o'rganilishda davom etishini anglatadi.

Yamin Qurbon - masalnavis, satirik shoir sifatida o'zbek badiiy adabiyotida nom qozongan. Uning masallari mavzu jihatidan rang-barang, o'tkir yumor va satira kuchiga ega, obrazlarga boyligi bilan ahamiyatlidir. Y.Qurbon masallari bilan tanishar ekansiz, tanqid ostiga olingan illatlar har bir masalda ochiq-oydin sanab o'tilgandek ko'rinadi. Mutaxassislar "uning satirasi tig'idan laganbardor va munofiq ham, tovlamachiyu hasadgo'y ham, manmanlikka berilgan boshliq va turfa xil ustabuzormonlar ham, poraxo'r hamda chalasavod o'qituvchilar ham, hayotiy zamindan oyog'i uzilgan balandparvoz shoiru sofdil, pok kishilarning hayotiga zomin bo'lgan muttaham iblislar ham qochib qutula olmaydi" [13. B.8.9] - degan xulosalariga ko'zingiz tushadi.

Y.Qurbon masallari mavzusi va g'oyasi jihatidan bir-birini takrorlamaydi, xuddi shuningdek, obrazlar ham mukammal yaratilgan. U ham boshqa masalnavislarga o'xshab an'anaviy obrazlarga bir necha bor murojaat qilsa-da, tanlagan obrazlari o'quvchini zeriktirmaydi. Masalan, Bo'ri obrazi uning masallarida turlicha qiyofalarda tasvirlangan va ramziy ma'noni ochib berishda xizmat qilgan. Odatda, Bo'ri obrazi boshqa masalnavislar ijodida zolim, zo'ravon, vaxshiy qiyofalarda tasvirlangan. Y.Qurbon bu an'anaviy obrazni yana yangi sifatlar bilan boyitgan. Jumladan, "Bo'ri" masalida yovuzlik va bosqinga qarshi chiqib, yangicha "tadbir" o'ylab topib, o'z foydasini ko'zlashi, "Omadsiz kuyov" masalida qarigan, kuchdan qolgan Bo'rining tekin ovqat va rohat ilinjida itlar galasiga qo'shilishi, "Bo'ri va Eshak" masalida jamiyatni ezish va o'marishda qalloblarning o'zaro hamkorlikda ishlashi bilan Bo'ri obraziga yangi bo'yoqlar kiritganini ko'rish mumkin. Bunday sifatlar bilan obrazlarni boyitish va jamiyatdagi yomon illatlarning ming bir qiyofasini ochib berishni maqsad qilgan bo'lsa, ne ajab...

U o'zbek masalchiligida masalning turli yo'nalishlarida ijod qilgan adib sifatida ham bu janrning qadr-qimmatini oshirishga katta xissa qo'shgan. Jumladan, "masalchi goh voqeband novellaga, goh masal-epigrammaga, masal-to'rtlik va satirik pamfletga, o'rni bilan masal-qit'aga murojaat qiladi" [13. B.8.9] - deb, bu ijodkorning serqirra ekanligi va masalni mukammal taqdim qilishdagi say-harakatlari qullab-quvvatlangan.

Muxtor Xudoyqulov - taniqli publitsist va feletonchi adibdir. Lekin uni adabiyot olamida mohir tarjimon va masalchi shoir sifatida ulug'lashadi. Uning ijodi o'ziga xosdir. Shoir tabiatidagi hajvga bo'lgan moyillik uning asarlari zamirida o'z aksini topgan.

O'zbek masalchiligi ilmini suv qilib ichib yuborgan "masalchi bobo" obrazini aynan Muxtor Xudoyqulov sifatida ko'rish mumkin. "Yoshligimdan o'zimda hajvga moyillik sezardim, yo'rgakda tekkan bu "dard" hamon qo'ymaydi" - degan so'zlaridan

shuni anglash mumkinki, satira va yumor shoir ijodining asosidir. Uning mashhur masalnavis bo'lib shakllanishida ustozlar yo'lidan mardona yurib borgani va ularga bo'lgan yuksak ehtiromi sabab masalchilikda katta shuhrat qozondi. Bu haqda shoir: "hajvda, masalchilikda ustozlarga ergashib kam bo'lganim yo'q. Bir qancha kitoblarim chiqdi, chiqyapti. Masal bobokaloni I.A.Krilovni tarjima qilib, e'zozlab o'zim ham ko'p narsa topdim" [14. B-2] - deganida ijodkorning oliy maqsadi aks etganini ko'rish mumkin.

M.Xudoyqulov o'zbek masalchiligiga juda katta hissa qo'shgan adibdir. Avvalo u, I.A.Krilovning "Masallar" (to'plovchi va tarjimon, 1980), S.Mixalkovning "Masallar" (to'plovchi va tarjimon, 1974), "Yo'llar" (To'plovchi va so'z boshi muallifi, 1984) asarlarini o'rganib, o'quvchilar e'tiboriga havola qilgani tahsinga sazovordir. M.Xudoyqulovning bu say-harakati o'quvchilarning jahon klassik masalchiligi bilan tanishishi va o'rganishida asos bo'lib xizmat qildi. Shu bois M.Xudoyqulovning masal yozishdagi tajribasi ulug' masalnavislar ijodi bilan bog'liqdir, deb baralla ayta olamiz.

U masalning turli yo'nalishlarida bardavom ijod qilib kelmoqda. Mavzular rang-barang, obrazlar betakror, yumor va satirasi o'tkir, katta va kichik auditorini birdek qamrab oladigan masallari doimo diqqat markazda bo'lib kelgan. Uning ijodida mitti masal, lirik masal, masal-feleton, masal-epigramma kabi yo'nalishlarda yozilgan masallarni uchratish mumkin. Bu esa masal janrining imkoniyatlari kengligini bildiradi. M.Xudoyqulov tanqid qilmoqchi bo'lgan voqea-hodisalarni yoki insonlarni yengil yumor va o'tkir satira qamchisi bilan savalab kelgan. Sog'lom jamiyat qurish yo'lidagi mardona kurashini quyidagi misralari orqali ko'rish mumkin: Hayot doim qaynab-toshar - misoli daryo, Mehnat bilan, ijod bilan yashnaydi dunyo, Kim ekan u bir chekkada qilgan tomosha, Yutuqqa ham, nuqsonga ham bo'lib beparvo? Bunday loqayd bandalarning yuziga aytay: Bo'lmas sizday "indamas"ga endi indamay!

Masal janrida mahorat bilan qalam tebratgan ijodkorlar avvalo, adolat mash'alini mahkam tutgan holda jamiyat va kishilarni salbiy illatlar, yomon xulq-atvorlarning oxir-oqibatidan ogohlantirib kelgan. Masallar esa hali-hamon o'z vazifasini mardona bajarib kelmoqda.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Igor Klex. Masalning xazina dunyosi. (Tarj. M.Xudoyqulov). - T.: Jahon adabiyoti, 3/2020 (274).

2. O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. 5-jild. Tahrir hay'ati M.Aminov, T.Daminov, T.Dolimov, va b. - T.: Davlat ilmiy nashriyoti, 2003.

3. Xolmatov Sh.K. Adabiy janrlar poetikasi (Masal janri). [leksiya tekstlari] -Samarqand, 1980.

4. O'zbek klassik she'riyati janrlari. / O.Nosirov, S.Jamolov, M.Ziyoviddinov. -T.: "O'qituvchi" 1979.

5. Abdullayeva D. Mumtoz adabiy asarlar tarkibidagi "masal"lar genezisi, tipologiyasi, funksional tahlili. (filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi avtoreferati). Farg'ona, 2021.

6. Ishoqov F. Gulxaniyning "Zarbul masal" asari. - T.: "Fan" nashriyoti, 1978.

7. Saparova Z. http://zebozeynur.blogspot.com/2017/06/vi.html

8. Gulxaniy. Zarbulmasal; Nashrga tayyorlovchi: S. Dolimov. - T.: O'qituvchi, 1972.

9. O'zbek klassik she'riyati janrlari. / O.Nosirov, S.Jamolov, M.Ziyoviddinov. [Pedagogika institutlarining filologiya fakultetlari studentlari uchun] N.M.Mallayev tahriri ostida. - T.: "O'qituvchi" 1979.

10. Krilov I.A. Masallar / To'plovchi M.Xudoyqulov; So'z boshi A.Sharapovniki. - T.: Adabiyot va san'at nashriyoti, 1980.

11. Mixalkov S. Yo'llar: She'rlar, masallar. / Redkol: S.Azimov (redkol rahbari) va boshq. To'plovchi va so'z boshi muallifi M.Xudoyqulov. - T.: Adabiyot va san'at nashriyoti, 1984.

12. Imomov B. Keyingi yillarda yaratilgan satirik asarlar haqida. - T.: "Sharq yulduzi" jurnali, 1956.

13. Qurbon Yamin. O'tkir asal: Masallar (So'zboshi muallifi A.Sharopov) - T.: Adabiyot va san'at nashriyoti, 1983.

14. Xudoqulov.M. Soyalar: hajviy she'rlar, masallar, epigrammalar. - T.: O'zbekiston KPMK nashriyoti, 1986.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.