Научная статья на тему 'MARKAZIY OSIYONING O‘RMON XO‘JALIKLARI FAOLIYATIGA NAZAR'

MARKAZIY OSIYONING O‘RMON XO‘JALIKLARI FAOLIYATIGA NAZAR Текст научной статьи по специальности «История и археология»

CC BY
217
16
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Science and innovation
Область наук
Ключевые слова
tabiiy va iqlim sharoiti / o‘rmon / o‘rmon xo‘jaliklari / davlat o‘rmon fondi / yerlarni o‘zlashtirish.

Аннотация научной статьи по истории и археологии, автор научной работы — Ostonov Oybek Aliqulovich

O‘zbekistonda ajdodlarimizning asrlar davomida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish sohasida amalga oshirgan ishlari, boshqaruv tizimlari va aholining turmush tarzi tarixi uzoq davrlarga borib taqaladi. Suv bo‘ylarida to‘qay o‘rmonlari mavjud bo‘lgan. To‘qay o‘rmonlarida yashovchi hayvonlar va o‘simliklar dunyosi ularni boqqan. O‘rmonlar va ulardagi o‘simliklar dunyosiga yaqin bo‘lib yashash odamlarni o‘troq tarzdagi hayotga o‘rgatgan. Ushbu maqolada Markaziy Osiyoda mavjud o‘rmon xo‘jaliklari faoliyati tahlil qiling.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MARKAZIY OSIYONING O‘RMON XO‘JALIKLARI FAOLIYATIGA NAZAR»

MARKAZIY OSIYONING O'RMON XO'JALIKLARI FAOLIYATIGA NAZAR

Ostonov Oybek Aliqulovich,

Tarix fanlari nomzodi.dotsent. Toshkent davlat agrar universiteti "Gumanitar fanlar va huquq"

kafedrasi. ostonovo@rambler.ru https://doi.org/10.5281/zenodo.10078758

Annotatsiya. O'zbekistonda ajdodlarimizning asrlar davomida qishloq xojaligi tarmoqlarini rivojlantirish sohasida amalga oshirgan ishlari, boshqaruv tizimlari va aholining turmush tarzi tarixi uzoq davrlarga borib taqaladi. Suv bo'ylarida to'qay o'rmonlari mavjud bo'lgan. To'qay o'rmonlarida yashovchi hayvonlar va o'simliklar dunyosi ularni boqqan. O'rmonlar va ulardagi o'simliklar dunyosiga yaqin bo'lib yashash odamlarni o'troq tarzdagi hayotga o'rgatgan. Ushbu maqolada Markaziy Osiyoda mavjud o'rmon xo'jaliklari faoliyati tahlil qiling.

Kalit so'zlar: tabiiy va iqlim sharoiti, o'rmon, o'rmon xo'jaliklari, davlat o'rmon fondi, yerlarni o'zlashtirish.

Abstract. The work done by our ancestors in Uzbekistan for centuries in the field of development of agricultural industries, the history of management systems and the lifestyle of the population goes back to long periods. There were forests on the banks of the water. The world of animals and plants living in the forests fed them. Living in close proximity to forests and their flora has taught people to a more sedentary lifestyle. This article analyzes existing forestry activities in Central Asia.

Keywords: natural and climatic conditions, forest, forestry, state forest fund, land development.

Kirish. Markaziy Osiyoning qulay tabiiy va iqlim sharoiti bu mintaqada insonlarning o'zoq o'tmishdan boshlab dehqonchilik va chorvachilik bilan shug'ullanishlariga imkon yaratdi. Mehnat taqsimoti va ijtimoiy-iqtisodiy zaruriyat tufayli vujudga kelgan hunarmandchilik har ikkala sohani uyg'unlashtirib, insoniyat madaniy hayotining ancha erta shakllanishiga sabab bo'ldi. O'tmishga nazar tashlanadigan bo'lsa, O'zbekistonda insonning tabiatdan foydalanish davri uzoq ming yilliklarga to'g'ri keladi. Qadimshunoslarning ta'kidlashiga ko'ra, quyi Amudaryoning o'zlashtirilishi eramizdan oldingi IV-III ming yilliklarga borib taqaladi Bu davrlarda ibtidoiy odamlar, asosan, Amudaryoning eski deltasida yashab, suv hayvonlarni ovlab hayot kechirishgan. Suv bo'ylaridagi o'rmonlar va ularda yashovchi hayvonlar va o'simliklar dunyosi ularning asosiy ozuqaviy manbalaridan biri bo'lgan. Shuningdek, to'qay o'rmonlari uy qurish uchun kerakli material bilan odamlarni ta'minlagan. Shuning uchun aholi bu o'rmonlardan uzoqqa ketmasdan yashashga harakat qilganlar. O'rmonlar va ulardagi o'simliklar dunyosiga yaqin bo'lib yashash odamlarni o'troq tarzdagi hayotga ham o'rgatgan.

Aslini olganda, Markaziy Osiyoda o'rmonlar keng tarqalmagan. Hududning 6,7 foizigna o'rmonlar bilan qoplangan. Bir qator tarixiy manbalardagi ma'lumotlarga ko'ra, qadimgi davrlarda Markaziy Osiyoda o'rmonlar va o'simliklar ancha katta maydonlarni egallagan ekan. Masalan, Aleksandr Makedonskiy tarixini yozgan Kvint Kursiy Ruf Zarafshon vodiysini tasvirlashi mobaynida bu yerlarda ko'plab o'rmonlar mavjud bo'lganligini qayd etadi. U yana Panjikentga yaqin yerlarda o'tib bo'lmas o'rmonlar borligini ham yozgan [1. B.127].

Buxoroning qadimgi sug'orilgan yerlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida bu qadimgi obod voha, va ayniqsa, uning g'arbiy qismi XII asrdan boshlab suvsizlikdan asta-sekin qurib, uning maydoni ancha qisqarib ketganligi aniqlandi. Varaxsha vohasining sug'orilib obod

etilishi tarixiy bosqichlarini belgilab chiqqan V.A. Shishkin qadimgi sug'orilgan yerlarning suvsizlikdan qurib, obod yerlarning qisqarib ketishini XII asr boshlarida O'rta Osiyoda sodir bo'lgan iqtisodiy va siyosiy tushkunlik bilan bog'laydix[2.B.21].

Arab geograflarining ma'lumotlariga ko'ra, Samarqand rustoqlaridan sakkiztasi Zarafshon daryosidan chiqarilgan bir qancha katta-kichik magistral kanallardan sug'orilgan. Darg'om kanalidan sug'orilgan Varqsar, Maymurg', Sanjarfag'on va Darg'om rustoqlarining sug'orma dehqonchilik maydonining uzunligi 10 farsax, kengligi 4 farsax bo'lgan. Uzunligi ikki kunlik masofaga teng bo'lgan Pay yoki Fay kanali orqali sug'orilgan voha Sug'dning eng obod va gavjum qismi hisoblangan[3.B.144].

Ibn Havqalning yozishicha, Varqsardan (hozirgi Ravotxo'ja) Buxoro chegarasigacha Sug'd daryosi olti kunlik masofada faqat qishloqlar, bog' va bo'stonlar sug'orish kanallari bo'ylab joylashgan. X asr mualliflari ma'lumotlariga ko'ra, Buxoro vohasi Samarqandga nisbatan obod va keng bo'lgan. Uning obod yerlari 22 rustoqqa bo'lingan. Bu rustoqlardan 15 tasi vohaning atrofini o'ragan qadimgi mudofaa istehkomi - Kanpirakning ichkarisiga va 7 tasi uning tashqarisiga joylashgan[3.B.144.]. Narshaxiy va Istaxriylar o'z asarlarida Buxoro rustoqlarini suv bilan ta'minlagan yirik magistral kanallardan 17 tasining ro'yxatini keltiradilar[4.B. 34-35]. Istaxriyning ma'lumotiga ko'ra, Buxoro shahrini kesib o'tgan Zar kanali 12 ta shoxobga bo'lingan [4.B.307-308]. Istaxriy va Hudud ul-Olamda keltirilgan ma'lumotga qaraganda, Buxoro vohasining Kanpirak bilan o'rab olingan obod qismining uzunligi ham, kengligi ham 12 farsax bo'lgan[4.B.22].

Temuriylar dashtlarni o'zlashtirib, tashlandiq yerlarni obod qilgan xususiy sohibkorlarni qo'llagan, ular bir-ikki yil hamma soliq va to'lovlardan ozod etilgan. Temuriylar hukmronlik qilgan davrda amalga oshirilgan eng yirik sug'orish inshootlaridan biri Samarqand vohasida Zarafshondaryosidan bosh oluvchi Darg'om kanalidan chiqarilgan kadimgi Anhor kanalining qayta tiklanishi bo'ldi. Zamonasining eng yirik sug'orish tarmog'i hisoblangan bu kanal orkali Zarafshon daryosi suvining bir qismi Qashqadaryoga tashlanib, uning adog'iga joylashgan dehqonchilik yerlari suv bilan to'la ta'minlanadi [5.B.88].

Sohibqiron Amir Temur tashabbusi bilan yaratilgan Samarqanddagi bog'larda mehmon bo'lgan Klavixo, ularda mevali daraxtlar ko'pligini, shuningdek, alohida uzumzor maydonlari bo'lganligini nonushta vaqtida dasturxonga qovun, uzum, shaftoli va boshqa mevalar kuyilganligini yozadi [6.B.249.]. Arxeologik qazishmalar vaqtida esa juda ko'plab shaftoli danagi topilgan.

Markaziy Osiyoda o'rmonlarning kamayishiga ularning talon-toroj etilishi, yong'inlar, chorvaning tartibsiz boqilishi, o'rmon maydonlarni ekin maydonlariga aylantirib, taqsimlab berilishi, o'rmonlar muhofazasi va o'rmonlarni tiklash ishlarining mavjud bo'lmaganligi sabab qilib ko'rsatilishi mumkin. Rui Gonsales de Klavixoning yozishicha, Samarqanddan to Buxorogacha yo'lning ikki tomoni daraxtlar bilan egallangan bo'lgan [7. B. 109-113].

XV asr tarixchisi Sharafiddin Ali Yazdiy ham o'z asarida Dilkusho bog'ida juda ko'p, xilma-xil mevalar yetishtirilganligi to'g'risida yozib, ulardan eng yaxshi navlarining nomlarini eslatib o'tgan. Bular jumlasiga olma (sebi surh gulobi, abadi ashkuvona, qamzak), o'rik (arusak, ma'muri), shaftoli (xossai donashirin), olxo'ri (oli surx), tut (tuti bedona), anor (anori xuqqa), nok (munaqid, sharbati, naboti), pista (pistai dahanboz) kabi mevali daraxtlar kiradi. Shuningdek, Yazdiy shu bog'da uzumning shakarangur, sohibi, husayni, la'li yakdona kabi navlari bo'lganini eslatadi[8.B.118].

Demak, ota-bobolarimiz tomonidan daraxtlarni ekish va ularni parvarish qilish jarayoni uzoq tarixga borib taqalar ekan. Keyingi davrlarda ham to'qay o'rmonlarining insonlar hayotidagi o'rni katta bo'lgan. Masalan, XIX asr oxiri - XX asr boshlarida Xiva xoni ba'zi to'qay o'rmonlarida o'suvchi jiydani terishni man etgan. Shuningdek, Qo'qon xonligining Quva va Marg'ilon atroflarida o'rmon hamda to'qaylar bo'lganligi qayd etiladi [9. B. 310-314].

Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, hatto XIX asrgacha o'lkada o'rmonzorlarni muhofaza qilish tizimli tarzda olib borilmagan. Masalan, Qo'qonga kelgan rus sayyohi A.P.Fedchenko butun xonlikni aylanib chiqqani va ko'p ov qilib ketganini esga olganda, sayyoh ham o'sha to'qaylarda ov qilish istagini bildirganiga javoban xonlik vakili Mullo Mirkomil mehtar u joylar allaqachon dalalarga aylantirilganini aytadi[10. B. 234]. Bu holat xonlik aholisi sonining muttasil oshib borgani va sug'orma yerlarning yetishmasligi tufayli ayrim to'qayzor va botqoqliklar ekinzorlarga aylantirib borilganidan dalolat beradi.

Faqatgina XIX asr oxirlaridan boshlab Markaziy Osiyoda asta-sekin o'rmon xo'jaliklari paydo bo'la boshladi. Masalan, 1897 yili Amudaryo o'rmon xo'jaligi vujudga kelgan. Amudaryoning quyi oqimida o'rmonchilik ishlarini olib borish 1909 yildan boshlangan. Shu yilgacha o'rmonlarning maydonlari va ularni hisobga olish ishlari olib borilmagan edi. Shu davrdan boshlab o'rmonlarni hisob-kitob qilish yo'lga qo'yila boshlandi. 1912 yili Amudaryoning o'ng qirg'og'ida to'qay o'rmonlari tashkil qilindi. Bundan ko'rinadiki, o'sha davrlardan boshlab o'rmonlarni saqlab qolish masalasi bilan jiddiy shug'ullanilgan. Turkiston o'lkasini boshqarish bilan bog'liq o'sha davrga oid qonun hujjatlari orasida o'rmonlarni saqlashga qaratilganlari ham bor edi. Masalan: yovvoyi o'rmonlar ham, bo'sh yerlar ham davlat mulki deb hisoblangan, xalqlar yashayotgan yerlar ularga doimiy foydalanish uchun berilgan. Yoki Rossiya imperiyasi ma'murlari saksovulzorlarni qo'riqlash masalasini ilgari surib, ulardagi saksovullarni yo'q bo'lib ketishiga qarshi turgan. Lekin shunga qaramay, aholi saksovullardan o'z ehtiyojlari yo'lida doimiy ravishda foydalanib kelgan. Jumladan, hukumatning taqiqlashiga qaramay, saksovullarni kesish va bozorda sotish holatlari ko'p uchrab turgan [11. B. 18].

Saksovulzorlar Buxoro amirligi hayotida katta o'ringa ega bo'lgan. Biroq 1908 yilgacha cho'llardagi o'rmonlarni nazorat qilish bo'yicha hech qanday ishlar amalga oshirilmagan. Ulardan Buxoro aholisi o'z uylarini isitish maqsadida foydalanib kelgan. Cho'l o'rmonlarining odamlar tomonidan doimiy kesilishi ularning keskin kamayishiga olib kelgan. Masalan, Zarafshon daryosi qirg'oqlarida 15 000 desyatina yerdagi o'rmonlar yo'q qilingan. Natijada, saksovulzorlarni muhofaza qilish ehtiyoji yuzaga kelgan.

Ma'lumotlarda keltirilishicha, 1911 yili cho'l o'rmonlarida 634 kishi o'rmonlarni qo'riqlash uchun tayinlangan bo'lsa-da, 1914 yilgi hisobotlarda o'rmonlarni saqlash bilan bog'liq qoidalar 616 marta buzilganligi qayd etilgan. Bu borada tarixiy hujjatlarga murojaat qiladigan bo'lsak, 1911 yili Sankt-Peterburgda bo'lib o'tgan o'rmon egalarining s'ezdida Turkiston o'lkasi yer boshqarmasi va davlat mulki boshqaruvchisi knyaz Mosalskiy tog' o'rmonlarining qisqarishi xaqida: "...oldingi davrlarda Turkistondagi tog' o'rmonlari ancha katta bo'lgan. Ular vodiylar hatto odamlar yashaydigan joylargacha tarqalgan edi", - deya ta'kidlaydi. Lekin asrlar davomida aholining ta'siri bu o'rmonlarining keskin kamayishiga sababchi bo'lgan. Tog' o'rmonlarinig bunday yo'q qilinishi tabiiy balansni buzishidan tashqari, tabiiy ofatlarga ham olib kelishi mumkin edi. Mana shunday sharoitda butun Turkiston hayotini yaxshilashga yordam beruvchi tog' o'rmonlarini muhofaza qilish o'rmon xo'jaligining asosiy vazifasi bo'lishi lozim edi. Shunisi qiziqki, aholining o'zi ham o'rmonlarni saqlab qolish va qo'riqlashdan manfaatdor bo'lgan. Chunki o'rmonlar ular uchun daromad manbai, yashash uchun vosita bo'lib xizmat qilgan.

Yarim o'troq aholiga biriktirilgan yerlar yaylov, o'tlok, o'rmon yerlari hisoblanar edi. Yerni qaramlashtirish siyosati mahalliy boy tabaqaga qo'l kelardi, chunki ular yerlarni aholini ko'chirish fonlariga to'lik o'tib ketmaslik uchun o'zlari sotib hattoki tashlandiq yerlarni olishga harakat qilishardi. Boy qatlamlar bu yerlar uchun soliq to'lashdan cho'chishmasdilar, chunki soliqlar qishloq jamoasi o'rtasida teng olinardi. Mahalliy zadogonlarni ko'plab yerlarni sotib olishi ko'pgina hujjatlarda keltirilgan. Bu masalada ular goxida markaziy hukumatga murojat qilib bazida qoniqarli javoblar olishardi. Bunday jarayonlar yerni-qaramlashtirish buyicha shug'ullanuvchi mansabdorlarni ham qoniqtirardi, chunki ularga bu ishni natijasi kerak edi. Turkiston general gubernatorligi devonxonasining xabarlarida shu narsalar ham keltirilgan edi. Bunga misol tariqasida Naukat volostida komissar Ivanov tomonidan aholiga taqsimlab bergan yerlarning soni 53656 des hisoblangan. Shundan 16005 des bagarniy yerlar 23862 des yani biriktirilgan yerlarning 19,1% tashlandik yerlar bulgan[12. B. 82].

Turkiston general-gubernatorligi ma'murlari ham o'rmonlarni muhofaza qilish uchun ma'lum chora-tadbirlarni qo'llagan. Chunki ular davlatga katta moddiy foyda keltirgan. Bu davlat miqyosidagi muammo sifatida o'rmonlarni muhofaza qilish ishiga e'tibor katta bo'lganligini ko'rsatadi. Xususan, "Turkiston o'lkasidagi Davlat mulkini boshqarish to'g'risidagi Nizom"ga ham o'rmon xo'jaliklari masalasiga doir alohida bo'lim kiritilgan bo'lib, unda o'lkada mavjud bo'lgan o'rmonlar Davlat mulkini nazorat qilish boshqarmasining o'rmon xo'jaligi bo'limi boshlig'i tomonidan amalga oshirilishi belgilanib qo'yilgan edi. Bu davrda o'rmonlarni saqlash uchun Turkiston general-gubernatorligi tomonidan ayrim chora-tadbirlar ham amalga oshirilgan. Masalan, Sirdaryo viloyatida qorovullar tayinlagan. O'rmon qorovullarining vazifasi - daraxtlarni tartibsiz kesish, o'rmonlarda chorva mollarini boqish va yong'inlarga qarshi kurashishdan iborat bo'lgan. 1911 yildan boshlab Turkiston o'rmon xo'jaligida yangi davr boshlangan. Bunda o'rmonlardan kelgan foyda davlat hisobiga o'tkazilgan. Oqibatda, o'rmondan olingan o'tinlar narxi oshib ketgan. O'rmonda chorva mollarini boqish uchun ham turli ko'rinishdagi narxlar belgilangan. Bu aholining noroziligiga sabab bo'lgan. Chor xuqumatining urinishlari katta va kutilgan natijalarga olib kelmaganligi sababli Turkiston general-gubernatori Kuropatkin 1917 yil 17 yanvarda Turkiston o'lkasi hududiga tegishli bo'lgan o'rmon bilan bog'liq buyruq chiqargan. Bu buyruqda aholining o'rmonlardan foydalanishiga erkinlik berilgan. Shunday qilib, Turkiston o'lkasidagi o'rmon xo'jaligi bilan bog'liq davlat ishlari muayyan chora-tadbirlar bilan yakunlangan.

Bundan tashqari yana shuni aytish mumkinki O'zbekistonda zamonaviy ma'nodagi birinchi o'rmon xo'jaligi 1873 yil hozirgi Bo'stonliq tumani hududida tashkil etilgan. 1875 yilda Turkiston tog' tizmasining Molguzar tarmog'i yon bag'rida Zomin o'rmonzor dam olish maskani, 1890 yilda To'rtko'l o'rmon xo'jaligi ish boshladi. 1925 yilgacha respublikada umumiy maydoni 642,3 ming ga bo'lgan 16 O'rmon xo'jaligi va 36 o'rmonzor dam olish maskanlari bor edi. 1996 yilda respublikada O'rmon xo'jaligi korxonalari, qo'riqxona va parklar soni 90 taga yetdi. O'zbekistonda Toshkent, Chirchiq, Bekobod, Sirdaryo, Samarqand, Zomin, Shofirkon, Peshku, Qorako'l, Qarshi, Qumdaryo, Koson, Yakkabog', Termiz, Bobotog', Denov, Uzun, Baxmal, Nukus, To'rtko'l, Farg'ona, Qo'qon, Andijon, Namangan va boshqalar 70 ga yaqin O'rmon xo'jaligilari faoliyat ko'rsatadi[13.B.1]. Respublikada o'rmon fondi yerlarining umumiy yer maydoni 11,8 mln gektarni, O'zbekiston Respublikasi umumiy yer maydonining 26 foizini tashkil qiladi, o'rmon bilan qoplangan yer maydonlari esa 3,4 mln gektarni, O'zbekiston Respublikasi umumiy yer maydonining 7,7 foizini tashkil etadi. O'rmon fondi yerlarining 82 foizi cho'l, 14 foizi tog', 4 foizi to'qay hududidan iborat[14.B.1].

Xulosa qilib aytganda, qadimgi tosh davrida tabiatda yovvoyi holda yetishgan tayyor mahsulotlarni iste'mol qilib kelgan insonlar, neolit davri oxirlarida ziroatchilik va chorvachilik bilan shug'ullana boshlaganlaridan keyin, bu mahsulotlarni bevosita ishlab chiqarishga erishdi. Dastlab bu ishni Sharqda yashagan qabilalar boshlab berishdi. Ibtidoiy jamoa vakillari to'kinroq yashash uchun qulaylik yaratish va oziq-ovqat mahsulotlariga bo'lgan ehtiyojlarini muntazam qondirib borish maqsadida chorvachilik va termachilik bilan bir qatorda sug'orma dehqonchilikni ham o'zlashtira boshladilar Bu davrga kelib Yer yuzining yashash uchun tabiiy muhiti qulay bo'lgan janubi-sharqiy hududlarida insonlar dehqonchilik madaniyatining dastlabki bosqichlarini o'zlashtirishib, o'zlarining ijtimoiy-iqtisodiy turmush sharoitlarini yaxshilashga harakat qila boshladilar. Insonlar toshdan yasalgan mehnat qurollarini muntazam takomillashtirib borishlari, sopoldan uy-ro'zg'or idishlari yasashni o'rganib olishlari - ularning moddiy turmush sharoitlarini yaxshilanishida muhim omil bo'ldi. Odamlar doimiy suratda oziq ovqat mahsulotlariga ega bo'lish uchun yovvoyi hayvonlarni qo'lga o'rgatish va madaniy ekinlarni yetishtirish uchun ming yillar davomida sabr-toqat bilan tinimsiz mehnat qilishgan. Olib borilgan tadqiqotlarning guvohlik berishicha, ibtidoiy jamoa qabilalari dehqonchilik xo'jaligi yuritishning dastlabki yutuqlariga jamoaning ahillik bilan qilgan mehnati qo'shni urug' va qabilalar bilan o'zaro tajriba almashishni kuchaytirish orqali erishganlar. Hozirgi vaqtda butun insoniyat tomonidan iste'mol qilib kelinayotgan don ekinlari, poliz va bog'dorchilik mahsulotlari ibtidoiy jamoa tuzumi odamlarining ming yillar davomidagi mashaqqatli mehnatining samarasidir. Bugungi kunda ommaviy suratda ekilayotgan madaniy ekinlar dastlab dunyoning turli mintaqalarida yetishtirilgan.

Odamlar yovvoyi hayvonlarni qo'lga o'rgatish va madaniy ekinlarni yetishtirish uchun ming yillar davomida sabr-toqat bilan tinimsiz mehnat qilishgan. Olib borilgan tadqiqotlarning guvohlik berishicha, ibtidoiy jamoa odamlari dehqonchilik xo'jaligi yuritishning dastlabki yutuqlariga jamoaning hamkorlikdagi mehnati qo'shni urug' va qabilalar bilan o'zaro tajriba almashish va madaniy hamkorlikni kuchaytirish orqali erishganlar. Hozirgi vaqtda butun insoniyat tomonidan keng iste'mol qilinayotgan don ekinlari, poliz va bog'dorchilik mahsulotlari dunyoning turli hududlarida yashagan ibtidoiy odamlarning mashaqqatli mehnatlari samarasidir. Sharqda insonlar dehqonchilik madaniyati, ibtidoiy xo'jalik yuritish tarmoqlari, moddiy va madaniy taraqqiyot omillarini g'arbga nisbatan ancha erta o'zlashtirib oldilar. Ayni paytda, shuni ham ta'kidlash lozimki, sharqliklar uzoq davom etgan hayotiy tajribalari asosida o'zgalarning yordamisiz o'zlariga xos madaniyat turlarini yaratgan bo'lsalar, yevropaliklar Sharq xalqlaridan xo'jalik yuritishning dastlabki tayyor madaniy namunalarini o'zlashtirib oldilar va tez takomillashtirdilar.

Markaziy Osiyo xalqlari o'zlarining o'zlarining uzoq tarixiy taraqqiyotlari jarayonida dehqonchilik madaniyati va qishloq xo'jaligining boshqa sohalarini takomillashtirib borishda o'zlariga xos maktab yaratdilar. Asrlar davomida olib borilgan tajribalar asosida yaratilgan bu maktab jamiyat taraqqiyotini ta'minlashda yetakchi omil bo'ldi Insonlar moddiy farovonlik va ma'naviy yuksalishga faqat jamiyat a'zolarining hamkorlikdagi fidokorona mehnati qo'shni xalqlar va elatlar bilan tajriba almashish, o'zaro madaniy va ma'naviy hamkorlikni kuchaytirish orqali erishganlar. Markaziy Osiyo o'rmon xo'jaliklari faoliyati hozirgi zamonaviy ko'rinish kasb etgan o'rmon xo'jalikllarini shakllanishi va rivojlanishiga asos bo'lib xizmat qilgan.

REFERENCES

1. Квинт Курций Руф. История Александра Македонского// История Узбекистана в источниках. Составитель Б.В.Лунин. - Ташкент: Фан, 1984. - С. 127.

2. Шишкин В.А. Варахша. -М.: Изд-во АН СССР, 1963. -С. 21.

3. Бартольд. В.В. Туркестан в эпоху монгольского нашествия / Соч. в 9 томах. -М.: Восточной литературы, 1963. Т. I. -С. 144.

4. Извлечения из "Китаб масалик ал-мамалик" ал-Истахри. По изд. De G. (BGA, I). / Пер. С. Волина // МИТТ. VII-XV вв. Арабские и персидские источники. Труды института востоковедения. -М., -Л.: Изд-во АН СССР, 1939. Т. I. -С. 310-311.; Абу Бакр Наршахий. Бухоро тарихи. -Б. 34-35.

5. Мухаммаджонов А. Темур ва темурийлар салтанати. - Т.: ^омуслар бош тахририяти, 1994. - Б. 88.

6. Клавихо. Дневник путешествия... - С. 249.

7. Руи Гонсалес де Клавихо. Буюк Амир Темур тарихи // Амир Темур Европа элчилари нигохида. - Тошкент: Гофур Гулом, 2007. - Б. 109-113

8. Шарафуддин Али Яздий. Зафарнома / Мухаммад Али ибн Дарвиш Али алБухорий таржимаси. Суз боши, табдил, изохлар ва курсаткичлар муаллифлари А. Ахмад ва X,. Бобобеков. - Тошкент: Шарк, 1997. - Б. 118.

9. Мухаммадхакимхон тура. Мунтахаб ат-таворих. - Тошкент: Янги аср авлоди, 2010. - Б. 310-314.

10. Федченко А.П. Путешествие в Туркестан. - М: Географгиз, 1950. - C. 234

11. Лим В.П. Охрана живой природы на территории Узбекистана (Возникновение, развитие и современное состояние на примере лесных, рыбных и охотничье-промысловых ресурсов). Дисс. на соис. уч. степ. докт. биолог. наук. - Ташкент, 2002. -С.18.

12. Резултаты паземелно-подобных работ... ,вып. 5. с.82

13. https://qomus.info/encyclopedia/cat-ou/ormon-xojaligi-uz/

14. https://urmon.uz/uz/raxbariyat-maruzalari/

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.