Научная статья на тему 'MAKTAB ADABIY TA’LIMIDA INSHO YOZDIRISH, UNI TEKSHIRISH VA BAHOLASHNING ILMIY-METODIK ASOSLARI'

MAKTAB ADABIY TA’LIMIDA INSHO YOZDIRISH, UNI TEKSHIRISH VA BAHOLASHNING ILMIY-METODIK ASOSLARI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
17754
590
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Nutq o‘stirishda yozma ishlarning o‘rni / yozma ishlarning turlari / insho / bayon / taqriz / maqola / inshoning shakliga ko‘ra turlari / inshoning pedagogik maqsadiga ko‘ra turlari / og‘zaki va yozma insho / ta’limiy va nazorat insho / adabiy insho / adabiy-ijodiy insho / erkin insho / rivoya insho / hikoya insho / taqriz insho / insho rejasi / sodda va murakkab reja / rejaning qismlari / epigraf / tezis / dalil / xulosa. / The role of written work in speech development / types of written work / essay / statement / review / article / types of essay by form / types of essay by pedagogical purpose / oral and written essay / educational and control essay / literary essay / literary-creative essay / free essay / narrative essay / story essay / review essay / essay plan / simple and complex plan / parts of plan / epigraph / thesis / evidence / conclusion.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Qzilgul Turdimetovna Karbayeva

Ushbu maqolada adabiy ta’limda o‘quvchilarning bog‘lanishli nutq malakalarini oshirishda eng muhim didaktik vosita hisoblangan inshoning ta’limiy ahamiyati; matnning oliy ko‘rinishi hisoblangan insho, uning turlari, adabiy ta’limda insho yozdirish qonun-qoidalari va yo‘l-yo‘riqlari, uni tekshirishda qo‘llaniladigan maxsus belgilar tizimi, inshoni baholashning ilmiy-nazariy asoslari va metodik tavsiyalari haqida ma’lumot berilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

SCIENTIFIC AND METHODICAL BASIS OF ESSAY WRITING, INSPECTION AND EVALUATION IN SCHOOL LITERARY EDUCATION

This article discusses the educational value of essay, which is considered to be the most important didactic tool in improving students ’related speaking skills in literary education; Information on the essay, its types, rules and guidelines for writing an essay in literary education, the system of special characters used in its examination, the scientific and theoretical basis of the essay evaluation and methodological recommendations.

Текст научной работы на тему «MAKTAB ADABIY TA’LIMIDA INSHO YOZDIRISH, UNI TEKSHIRISH VA BAHOLASHNING ILMIY-METODIK ASOSLARI»

SCIENTIFIC PROGRESS VOLUME 2 I ISSUE 1 I 2021

ISSN: 2181-1601

MAKTAB ADABIY TA'LIMIDA INSHO YOZDIRISH, UNI TEKSHIRISH VA BAHOLASHNING ILMIY-METODIK ASOSLARI

Qzilgul Turdimetovna Karbayeva

Toshkent viloyati Chirchiq shahar 7-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabi ona tili va

adabiyoti fani o'qituvchisi

ANNOTATSIYA

Ushbu maqolada adabiy ta'limda o'quvchilarning bog'lanishli nutq malakalarini oshirishda eng muhim didaktik vosita hisoblangan inshoning ta'limiy ahamiyati; matnning oliy ko'rinishi hisoblangan insho, uning turlari, adabiy ta'limda insho yozdirish qonun-qoidalari va yo'l-yo'riqlari, uni tekshirishda qo'llaniladigan maxsus belgilar tizimi, inshoni baholashning ilmiy-nazariy asoslari va metodik tavsiyalari haqida ma'lumot berilgan.

Kalit so'zlar: Nutq o'stirishda yozma ishlarning o'rni, yozma ishlarning turlari, insho, bayon, taqriz, maqola, inshoning shakliga ko'ra turlari, inshoning pedagogik maqsadiga ko'ra turlari, og'zaki va yozma insho, ta'limiy va nazorat insho, adabiy insho, adabiy-ijodiy insho, erkin insho, rivoya insho, hikoya insho, taqriz insho, insho rejasi, sodda va murakkab reja, rejaning qismlari, epigraf, tezis, dalil, xulosa.

SCIENTIFIC AND METHODICAL BASIS OF ESSAY WRITING, INSPECTION AND EVALUATION IN SCHOOL LITERARY EDUCATION

Qzilgul Turdimetovna Karbaeva

Teacher of native language and literature at the secondary school №7 in Chirchik,

Tashkent region

ABSTRACT

This article discusses the educational value of essay, which is considered to be the most important didactic tool in improving students 'related speaking skills in literary education; Information on the essay, its types, rules and guidelines for writing an essay in literary education, the system of special characters used in its examination, the scientific and theoretical basis of the essay evaluation and methodological recommendations.

Keywords: The role of written work in speech development, types of written work, essay, statement, review, article, types of essay by form, types of essay by pedagogical purpose, oral and written essay, educational and control essay, literary essay, literary-creative essay, free essay, narrative essay, story essay, review essay,

essay plan, simple and complex plan, parts of plan, epigraph, thesis, evidence, conclusion.

KIRISH

Maktab adabiy ta'limida nutq o'stirishga doir o'quv tadbirlarida yozma ishlarning o'rni katta. Nutq o'stirishga doir yozma ishlar o'tkazish o'quvchilarda badiiy matn ustida ishlash malakasini shakllantirish, bildirilmoqchi bo'lgan har bir fikrni o'ylab ko'rish hamda uning ta'sirchan va tushunarli bo'lishini ta'minlash borasida katta imkoniyatlarga egadir. Yozma ishlar olinganda, o'qituvchi sinfdagi har bir o'quvchi bilan alohida shug'ullanib o'tirishi shart emas. Buning ustiga, yozma ishlar faqat sinfda bajariladigan tadbir bo'lmay, ularni uyga vazifa yoxud mustaqil ish sifatida ham berish mumkindirki, bu hol ham uning ulkan samara berish imkoniyati borligini ko'rsatadi.

ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA

O'quv amaliyotidan ma'lum bo'lishicha, yozma nutq adabiy ta'limda ko'proq insho o'tkazish yo'li bilan rivojlantirilgani maqsadga muvofiqdir. Adabiyot fani bo'yicha o'rta ta'lim bitiruvchilariga qo'yilgan malaka talablarida "Adabiy-nutqiy kompetentsiyalar manbalar asosida turli mavzularda insho va ijodiy matnlar (5-8 sahifa) yoza olish" talabi qo'yilganligi ona tili va adabiyot fani o'qituvchilariga yaxshi ma'lum [1, B.12]. Negaki, yozma ishlarning bu turida o'quvchida erkin fikrlash, narsa-hodisalarga mustaqil munosabat bildirish imkoni kengroq bo'ladi. Boshqa yozma ish turlarida bu imkoniyat bir qadar cheklangan bo'ladi. Masalan, bayon asosan matnni eslab qolish va qayta yozma hikoyalashga yo'naltirilgan bo'ladi. Bayon yozdirilganda, o'quvchilarning matnga munosabat bildirish va ijodiy yondashuviga o'rin qolmaydi. Nutq esa munosabat jarayonidagina o'ziga xoslik, ijodiylik va ta'sirchanlik kasb etadi. Shu ma'noda adabiyot o'qitishda inshoning ahamiyati beqiyosdir. U o'quvchilarning bog'lanishli nutq malakalarini oshirishda eng muhim didaktik vosita hisoblanadi. Ayni shu holat adabiyot saboqlar tizimida insho yozishga katta e'tibor berilishini taqozo etadi.

Insho so'zi arabcha bo'lib, "yozish", "belgilab qo'yish", "ijodqilish" ma'nolarini bildiradi. Insho - o'quvchining muayyan mavzu yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini tilning grammatik qoidalariga muvofiq tarzda mustaqil yozma bayon qilish usuli.

Bugungi kun adabiyot o'qitish metodikasi ilmida insho quyidagicha tasnif qilinadi:

I. Shakliga ko 'ra:

a) og'zaki insho; b) yozma insho.

II. Pedagogik maqsadiga ko 'ra:

a) ta'limiy insho; b) nazorat insho.

III. Yo 'nalishiga ko 'ra:

a) adabiy insho; b) erkin insho; v) adabiy-ijodiy insho.

IV. Janriga ko'ra:

a) rivoya insho; b) tasviriy insho; d) muhokama insho; ye) taqriz insho; f) munozara insho; g) tadqiqiy insho v.h.k.

Inshoning muvaffaqiyatli yozilishi to'lig'icha unga yaxshi tayyorgarlik ko'rishga bog'liq. O'quvchi inshoda yoritilishi lozim bo'lgan mavzuni atroflicha bilishi kerak. Buning uchun u mavzuga tegishli materiallarni to'plab, saralab, eng keraklilaridan foydalangan holda o'z qarashlarini yozma shaklda ifodalashni uddalay olishi zarur.

Milliy metodika ilmida metodist olimlarimiz tomonidan insho yozish qonun-qoidalariga doir bir qator ilmiy izlanishlar qilingan. Jumladan, mashhur metodist olim S. Dolimovning: 'Sinfda o'qituvchi rahbarligida analiz etilgan asar muhokama tarzida insho yozish uchun o'quvchilarga tayyor material beradi. Bu tayyor material tezis shaklida bo'lib, buni o'quvchi mustaqil ravishda kengaytirishi, faktlar bilan o'z fikrini isbotlashi va ...mustaqil ravishda tsitatalar kiritishi lozim", - deya berilgan tavsiyasi [2, B.12] ta'limiy insho yozish bosqichlarini tayin etishi, unda o'qituvchi va o'quvchilar amalga oshiradigan ishlar ko'lamini ko'rsatishi nuqtai nazaridan g'oyat muhimdir.

Inshoni mazmunli yozish va berilgan mavzuni chuqur yoritishga erishish uchun o'quvchi oldin inshoga tegishli bo'lgan mavzu, epigraf, reja, tezis, dalil, kirish, asosiy qism, xulosa kabi tushunchalarni puxta o'zlashtirib olishi zarur.

Mavzu - inshoning nima haqda yozilishini belgilaydi va u umumlashma xarakterda, o'quvchi fikriga aniq yo'nalish berishni ko'zda tutadi.

Epigraf - ijodiy ishning asosiy yo'nalishini belgilab berishga xizmat qiladigan so'z, ibora, jumla, maqol yoki parcha. U biror mashhur shaxsning asaridan keltirilishi ham, o'quvchining o'z fikri bo'lishi ham mumkin.

Reja insho yozishda o'quvchining mavzu yuzasidan bilganlarini muayyan tartibga solish, ifodani chegaralash va ta'sirchanligini oshirish, fikrni tizim holiga keltirish, muhimni nomuhimdan ajratish vositasidir. Har qanday insho reja asosida yozilishi shart. Negaki, rejasiz yozilgan inshoning boshi-keti bo'lmaydi. Insho rejasining hozir o'qitish amaliyotida bo'lgani kabi sodda yoki murakkab kabi ikki turdan qaysi birida bo'lishi hech kim tomonidan majburiy tarzda belgilanmasligi lozim. Rejaning qaysi turidan foydalanilganlik inshoning saviyasiga qo'yiladigan bahoga ta'sir ko'rsatmasligi kerak. O'quvchi ushbu inshoda bildirmoqchi bo'lgan fikrlarini tartibli ravishda ifodalashi uchun, qanday bo'lsa-da, albatta, reja tuzishi kerak. Reja o'quvchini insho yozish davomida maqsadli fikrlashga yo'naltirsa, o'qituvchiga o'quvchining fikrlash yo'sini qanday kechganini bilish va xolis baholash uchun ham zarurdir.

Tezis ijodiy ish mobaynida ilgari surilishi ko'zda tutilgan asosiy fikr va fikrlar yig'indisi bo'lib, o'quvchi uni oldindan tasavvur qilishi va iloji bo'lsa, qoralama qog'ozga yozib qo'yishi maqsadga muvofiq bo'ladi.

Dalil - o'quvchining o'z qarashlarini asoslash va bayon etilajak asosiy fikrning to'g'riligini isbotlashga xizmat qiladigan ma'lumot va vositalar yig'indisi. O'quvchi inshoda o'zi bildirgan har bir fikrga o'rganilgan asar yoki mavzuda talab etilgan hayotiy hodisadan dalil topishga o'rganishi kerak.

Kirish - yozma ishning zarurligi, mavzuning dolzarbligi va zarurligi nimadan iborat ekanligini ko'rsatishni ko'zda tutadigan, inshoda gap nima haqida borishini izohlab beradigan ijodiy unsur. "Kirish" qismining miqdori ko'pi bilan insho umumiy hajmining 10 foizidan oshmasligi maqsadga muvofiqdir.

Asosiy qism - mavzu to'liq yoritib berilishi, rejadagi asosiy bandlar ifoda etilishi lozim bo'lgan qismlar. Asosiy qism insho umumiy miqdorining 80 foizidan kam bo'lmasligi maqsadga muvofiq. Shunga erishilganda, mavzuning mohiyati to'laroq ochiladi.

Xulosa - ijodiy ish mavzusi yuzasidan chiqarilgan umumlashma to'xtam. Xulosa inshodagi asosiy umumlashtiruvchi fikr bo'lib, o'quvchining mavzu yuzasidan yozma ish faoliyati yakunini ko'rsatadi. Inshoning xulosasi umumiy mavzudan bevosita kelib chiqishi, shu vaqtga qadar keltirilgan dalillarga tayanib bildirilishi zarur fikrdir. "Xulosa" qismining miqdori insho umumiy hajmining 10 foizidan oshmasligi maqsadga muvofiq. Insho rejasida "Kirish, "Asosiy qism", "Xulosa" singari unsurlar alohida ko'rsatilmagani ma'qul ekanligini taniqli metodist olimlarimiz qayd etganlar [3, B. 40]. Bu unsurlar insho yozish kechimida ko'zda tutilishining o'zi yetarli bo'ladi. O'quvchilar yuqorida aytilgan talablarga to'liq amal qilgan holda insho yozishga o'rgansalar va ushbu mashg'ulot bilan muntazam shug'ullanib borsalar, ularning yozma nutqi ko'zda tutilganiday rivojlanishiga erishish mumkin bo'ladi.

MUHOKAMA

Insholarni tekshirish adabiyot o'qitish metodikasi ilmi va o'qitish amaliyotidagi eng muhim muammolardan hisoblanadi. Chunki insholar nisbatan katta hajmda va qisqa muddat ichida yozilganligi hamda o'quvchilarning grammatika borasidagi bilimlari yetarli bo'lmagani uchun ko'pincha xatolar miqdori ortib ketadi. Adabiyot o'qitish amaliyotida eng ko'p tarqalgan yozma ish turi insho bo'lgani uchun quyida, asosan, yozma ishning shu turini o'tkazish, tekshirish va baholash to'g'risida fikr yuritiladi.

Insho yozdirishdan maqsad o'quvchilarning yozuv savodxonligini oshirish, ularni har qanday murakkab fikr-mulohaza va his-tuyg'ularni tushunarli, savodli hamda ta'sirli qilib ifodalab berishga o'rgatishdan iboratdir. Shu boisdan insho yozish tilning grammatik qoidalariga uzviy bog'langan. Hozirga kelib o'quvchilar orasida savodxonlik darajasining keskin pasayib ketishiga asosiy sabablardan biri shuki, tilimizning imlo qoidalari, grammatik normalarini ishlab chiqishda hamisha ham chuqur ilmiy asoslarga tayanilmagan.

Hali-hanuz ko'pgina grammatik qoidalar milliy tilning xususiyatlariga to'la muvofiq emas. Bular rus yoki ingliz tillari grammatikasidan ko'r-ko'rona nusxa ko'chirish tufayli paydo bo'lgan. Yangi yozuv va imlo qoidalaridagi bir qator sun'iyliklar ham o'quvchilarning yozma ishlarda xatoga yo'l qo'yish xavfmi kuchaytirdi. Chunonchi, "-q", "-g'" tovushlari bilan tugagan so'zlardan keyin qaysi so'zlarga faqat "-ga" qo'shimchasini, qaysi so'zlarga esa "-ka" va "-qa" qo'shimchasini qo'shish kerakligi, "u" yuklama holida kelsa ham, bog'lovchi vazifasida qo'llansa ham chiziqcha (-) bilan yozilishi kerakligi kabi qoidalar o'quvchilarning savodxonligini ko'tarish yo'lidagi to'siqlarga misoldir.

O'zbek tilining grammatik qoidalari jonli so'zlashuv tilidan juda ham uzoqlashib ketgan. O'quvchilarga amaliy ko'nikma va malakalar berish o'rniga murakkab ilmiynamo qoidalar va lingvistik yangiliklar tiqishtirilgani uchun o'quvchilarning yozma nutqi susayib, savodxonlik darajasi pasayib bormoqda. Ona tiliga doir darsliklarda til ta'limining amaliy jihatlarini emas, balki uning nazariy qirralarini o'rgatishga ko'proq e'tibor qaratiladi.

Buning ustiga, oliy va o'rta maxsus ta'lim tizimiga testning bir yoqlama yo'sinda kiritilishi, unga javob topishga e'tiborni oshirib, yozma ishlar va unga zarur bo'lgan grammatik qoidalar bobida nopisandlikni keltirib chiqarmoqda. Ob'ektiv va sub'ektiv sabab va omillarga ko'ra, bugungi kun maktab adabiy ta'limida insho yozdirish nafaqat saviya, balki miqdor jihatdan ham oldingiga nisbatan keskin kamayib ketgan. Bu, o'z navbatida, ona tili va adabiyot fani o'qituvchilarining inshoni o'tkazish va uni tekshirish bo'yicha ilmiy-metodik ko'nikma va malakalarining susayishiga olib kelinganligi bois biz ushbu maqolada metodist olimlarimizning bergan ilmiy tavsiyalari asosida e'tiborni insholarni samaraliroq o'tkazish va ularni o'quvchilarning yozma ish bajarish ko'nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan, ularni ijodga undaydigan yo'sinda tekshirish yo'llari xususida fikr yuritishga qaratamiz.

NATIJA

Adabiyot o'quvchisi o'tib bo'lingan biror mavzu yuzasidan yoki biror erkin, yoxud adabiy-ijodiy insho yozdirar ekan, yozma ishning ona tilidan o'rganilgan biror muhim grammatik qoidani mustahkamlashga qanchalik xizmat qilishini ham hisobga olishi maqsadga muvofiqdir. Insho yordamida mustahkamlangan grammatik qoida o'quvchi xotirasida chuqur iz qoldiradi, uning savodxonligini yaxshilashga xizmat qiladi. Shuningdek, o'quvchilarda grammatik qoidalar shunchaki yodlab olinadigan narsalar emas, balki tilning mavjudligini ta'minlaydigan va tushunib olish mumkin bo'lgan, takrorlanib turadigan ilmiy xulosalar ekanligini anglab olish ko'nikmasini shakllantiradi.

Aytish kerakki, ta'limiy insholar o'qituvchi o'z oldiga qo'ygan pedagogik maqsadga ko'ra turfa ko'rinishlarda o'tkazilishi mumkin. Chunonchi, u yozma

ko'rinishda bo'lganidek, og'zaki yo'sinda ham o'tkazilishi mumkin. Bir soat davomida olinganidek, bir darsning qandaydir bir qismida yozdirilishi ham mumkin. Qisqa vaqtda olishga mo'ljallangan insholar oldiga o'ziga yarasha maqsad qo'yiladi. Ya'ni o'quvchilarning kichik bir hayotiy yoxud adabiy hodisa bo'yicha kuzatishlari qandayligini yaqinda o'rganilgan biror grammatik qoidani o'zlashtirganlik darajasini aniqlash bilan qo'shib yuborish mumkin [4, B. 63].

Misol uchun, ona tilidan "Undalma" mavzusi o'tilgan bo'lsa, o'quvchilarga shu mavzu o'tilgan vaqtdagi fasl yuzasidan o'n minutlik qisqa ta'limiy insho yozdirilib, unda kamida 4 undalma qatnashishi talab etilsa, o'quvchilar ham fasl bo'yicha mulohazalarini bayon qilishadi, ham yozma ishlarida kerakli miqdordagi undalmani qoidaga muvofiq qo'llashga urinishadi.

Nazorat insholar barcha sinflarda kamida to'liq bir soat, 10-11-sinflarda esa, ehtiyojga qarab, qatorasiga ikki soat davomida olinishi maqsadga muvofiqdir. Negaki, o'quvchilarning chorak, o'quv yilining yarmi yoxud to'la o'quv yili davomida olgan bilimlarini tekshirishga qaratilgan nazorat insholarning mavzulari o'quvchilarning qamrovli fikrlashiga qaratilgan bo'lib, ularning adabiyot va ona tili bo'yicha muayyan vaqt mobaynida qanchalik o'sishga erishganliklarini ko'rsatadi.

Insholarni tekshirish faqat o'quvchilar mehnatini baholashdangina iborat bo'lib qolmay, didaktik jihatdan samarali bo'lishi uchun ulardagi xatolarning tabiatini to'g'ri belgilash muhim ahamiyat kasb etadi.

Insholarda uchraydigan xatolar ularning tabiatiga ko'ra a) uslubiy; b) imlo; v) tinish xatolar tarzida uchga bo'linadi [5, B. 215].

Uslubiy xato insho yozish jarayonida o'quvchilar tomonidan yo'l qo'yiladigan eng jiddiy xato hisoblanadi. Negaki, uslubda o'quvchi shaxsining intellektual darajasi, fikrlash yo'sini qandayligi aks etadi. Fikrlashida chalkashlik bo'lgan shaxs grammatik qoidalarni o'zlashtirgani bilan to'la savodli bo'la olmaydi. Chunki bunday o'quvchi so'zlarni to'g'ri yozgani bilan tilga doir qoidani amaliyotga tatbiq etish yo'llarini bilmagan, mavzuga doir fikrlarining o'zini muayyan tizimga solmagan bo'ladi. Didaktik nuqtai nazardan uslubiy xato qo'pol xatolar sirasiga kiradi. Uslubiy xatoga yo'l qo'yilgan inshoning mazmuni chuqur bo'lishi mumkin emas. Shuning uchun ham inshoda birorta uslubiy xatoga yo'l qo'yilgan bo'lsa ham unga "5" (besh) baho qo'yilmaydi.

Imlo xatolari o'quvchining grammatik savodxonlik darajasini anglatadi. Bu xil xatoning ko'payib ketishi o'quvchining morfologiya va sintaksisga doir grammatik qoidalarni yaxshi o'zlashtirmagani va so'zlarning yozilish holatini bilmasligidan dalolat beradi. Bu xil xatolarga yo'l qo'ymaslik uchun o'quvchi so'z, qo'shimcha, so'z birikmalari va qo'shma gaplarning yozilishiga doir qoidalarni puxta o'zlashtirib, ularni istalgan vaziyatda qo'llay biladigan bo'lishi kerak.

Tinish xatolari ham muhim ahamiyatga ega bo'lib, hamma vaqt faqat punktuatsiyani anglatib qolmay, ba'zan grammatik qoidalarni ham bildiradi. Chunonchi, ergashgan qo'shma gaplar, ko'chirma gaplar, juft va takroriy so'zlar yozilishiga doir holatlarda qo'llanilishi kerak bo'lgan qo'shtirnoq ("") va chiziqcha (-) punktuatsiyaning emas, balki grammatikaning tadqiqot manbai hisoblanadi.

Adabiyot bo'yicha o'tkaziladigan har qanday yozma ishda, jumladan, inshoda ham o'quvchilar yo'l qo'yadigan xatolar didaktik xarakteriga ko'ra, ikki turli bo'ladi: a) qo 'pol xatolar; b) qo 'pol bo 'Imagan xatolar.

Qo'pol xatolar o'quvchining muayyan grammatik qoidalarni bilmasligi, u yoki bu so'zning qanday yozilishi zarurligidan xabarsizligi sababli yo'l qo'yiladigan xatolar bo'lib, inshoning bahosiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.

Qo'pol bo'lmagan xatolar o'quvchining shoshganligi, e'tiborsizligi, charchaganligi va bq. sabablar tufayli grammatik talablarga to'liq va qat'iy rioya qilolmaganligidan yuzaga kelgan xatolar bo'lib, bahoga salbiy ta'sir ko'rsatmaydi. Qo'pol bo'lmagan xatolarga harflarni bosma shaklda yozish, bosh harf o'rniga kichik harfning kattaroq ko'rinishini qo'llash, so'zlarning qisqartma shaklidan foydalanish kabilar kiradi.

Shuningdek, inshoda yo'l qo'yiladigan xatolar qaytarilish chastotasiga ko'ra tipik (ko'p uchraydigan) va notipik (kam uchraydigan) tarzida ham ikki turga bo'linadi. Tipik xatolarga a) so'zlarni adabiy normaga muvofiq emas, balki shevadagiday qo'llash; b) qaratqich kelishigi qo'shimchasi "-ning" bilan tushum kelishigi qo'shimchasi "-ni"ning farqiga bormaslik; v) "h" va "x" harflarini farqlay olmaslik; g) so'zlashuv nutqida qo'llash mumkin bo'lgan, lekin adabiy tilda ishlatilmaydigan oborotlarni qo'llash kabilar kiradi. Tipik xato o'quvchilarning ko'pchiligi tomonidan muntazam ravishda yo'l qo'yiladigan xatodir.

Notipik xato esa, har bir o'quvchining umumiy savodxonlik va u yoki bu grammatik qoidani o'zlashtirganlik darajasiga bog'liq tarzda yo'l qo'yiladigan xatolardan iborat bo'ladi.

Adabiyot o'qitish metodikasi uchun o'quvchilar yo'l qo'ygan xatolarni to'g'ri topish va jo'yali belgilash katta didaktik ahamiyat kasb etadi. Xatolarning qanday tabiatga ega ekani yozma ishga qo'yilgan belgidanoq ko'rinib turishi o'quvchilarni keyingi xatolardan bir qadar asraydi. Mashhur metodist olim Subutoy Dolimovning quyidagi fikrlari bu jihatdan diqqatga sazovordir: "O'quvchilarning bayon va inshosidagi xatolar asosan quyidagi belgi bilan ko'rsatiladi: orfografik xato bir to'g'ri qisqa chiziq (—) va daftarning hoshiyasiga bir tik chiziq ( | ) bilan; punktuatsion xato ikki to'g'ri qisqa chiziq (=) va daftar hoshiyasiga bir to'g'ri chiziq

( | ) bilan; gapning noto'g'ri tuzilishi ilon izi (---) chiziq va hoshiyada us. (uslub)

bilan ko'rsatiladi. So'z noto'g'ri ishlatilgan bo'lsa, katta chiziq bilan o'chiriladi va daftarning hoshiyasiga mn (mazmunan noto'g'ri) debyozib qo'yiladi, bir so'z hadeb

takrorlanaversa, qavs () ichiga olib qo'yiladi, gap bo'laklaridan biri tushib qolgan bo'lsa, shu so'z o'rnida V belgisi va hoshiyada uch nuqta (...) qo'yiladi, tushunib bo'lmaydigan yoki shubha tug'diradigan so'zlar bo'lsa, ostiga chiziladi va hoshiyada so'roq (?) bilan ko'rsatiladi. Bu belgilardan tashqari, o'qituvchi bayon va inshoga qisqacha mulohaza ham yozadi. Bunda yozma ishning yutuq va kamchiliklari ko'rsatiladi" [2, B 101].

XULOSA

Bevosita amaliy qimmatga ega bu xil fikrlar milliy ta'lim tizimi tamomila yangilanib ketgan bugungi kunda ham qo'llanilayotir. Taniqli olim ta'kidlaganidek, metodika ilmi va o'qitish amaliyotida inshoda yo'l qo'yilgan xatolarni belgilashning o'ziga xos usullari bordir. Avvalo, har qanday insho qizil rangli ruchkada tekshirilishi va yo'l qo'yilgan xatolar o'quvchilarga yaqqol ko'rinib turishi kerak. Chunonchi, inshoning uslubiy xatoga yo'l qo'yilgan o'rniga to'lqinli chiziq chizilib, hoshiyaga "usl." belgisi qo'yiladi. Imlo xatosi to'g'rilanadi, to'g'rilangan so'z yoki harf tagiga bir ko'ndalang chiziq, hoshiyaga bir tik chiziq tortiladi. Tinish xatolari ham to'g'rilanib, to'g'rilangan belgi tagiga ikki ko'ndalang chiziqcha tortilib, hoshiya chetiga bir ko'ndalang chiziq qo'yiladi. Noto'g'ri qo'llangan so'z tagiga chizilib, hoshiyaga "mn" (mazmuni noto'g'ri) belgisi qo'yiladi. Shunda har bir o'quvchining inshoda qaysi turdagi xatoga qancha miqdorda yo'l qo'yganligi aniq bo'lib turadi. Adabiyot o'qituvchisi insholarni tekshirishda o'quvchilarning xatolarini ko'paytirish yoki kamaytirish yo'lidan emas, balki ularning ijodiy ishini xolis baholash yo'lidan borishi kerak. Buning uchun o'qituvchi qo'pol bo'lmagan xatolarga yo'l qo'ygan o'quvchining inshosini tekshirganda, qilingan xatorlarni belgilagan va to'g'rilagan holda yozma ishning bahosini pasaytirmasligi kerak. Shuningdek, insho yozayotgan vaqtda xatolarni kamaytirishga xizmat qiladigan o'quv vositalarining olib kirilib, ulardan foydalanilishiga imkon berish kerak. Chunonchi, ta'limiy insholarni yozdirishda mavzuga tegishli spravochniklar, lug'atlar, imlo qoidalaridan foydalanish o'quvchilarning savodxonligini ko'tarishga xizmat qiladi. Shuning uchun ham bolalarga bulardan foydalanish imkonini berish lozim. Aytish kerakki, hozirgi adabiy ta'lim amaliyotida insholarni baholash diktantga qo'yiladigan talablar asosida olib borilayotganligi uchun ham pedagogik jihatdan adolatli emas. Negaki, insho katta fikriy zo'riqish va atroflicha savodxonlikni talab etadigan yumushdir. Insho yozish uchun o'quvchi diktant yozgandagidan bir necha barobar ko'p aqliy-jismoniy kuch sarflaydi. Shuning uchun ham insholarni baholashni bir qadar liberallashtirish zarurdir. Insho yozish bo'yicha ko'pgina tavsiyalar bergan metodist olimlarimizning fikricha, bir-ikki imlo, bir-ikki tinish xatolarga yo'l qo'yilgan, uslubi ravon, mazmuni teran ochilgan inshoga besh baho qo'yish mumkin. Bitta uslubiy, ikki-uch imlo, ikki-uch tinish xatoga yo'l qo'yilgan, mavzu yaxshi ochilgan inshoga to'rt baho qo'yiladi. Ikki-uch

SCIENTIFIC PROGRESS VOLUME 2 I ISSUE 1 I 2021

ISSN: 2181-1601

uslubiy, to'rt-besh imlo, to'rt-besh tinish xatoga yo'l qo'yilgan insholarga uch baho qo'yish mumkin. Xatolar miqdori bundan oshib ketgan, mavzuning ochilish darajasi talabga javob bermaydigan inshoga ikki baho qo'yiladi. Atay intizomsizlik qilib yoki mavzudan xabarsizligi sababli yoxud dangasalik tufayli mavzu chala-yarim yozilgan insholarga bir baho qo'yiladi [6, B. 74].

Alohida ta'kidlash kerakki, o'quvchilarning savodxonlik darajasini atay ko'tarish uchun inshoga ikkita baho qo'yish tajribasidan voz kechish maqsadga muvofiqdir. SHundagina o'quvchilarning yozma savodxonlik darajasi qanday ekani aniq ma'lum bo'ladi.

REFERENCES

1. Xalq ta'limi vazirining 2017-yil 3-iyundagi "O'rta ta'limning davlat ta'lim standartlari talablari asosida takomillashtirilgan o'quv dasturlarini tasdiqlash va amaliyotga joriy etish to'g'risida"gi 190-sonli buyrug'i bilan tasdiqlangan "Adabiyot fani o'quv dasturi"

2. Долимов С. Таълимий баён ва иншо. -Т.: «Укитувчи», 1968.

3. К. Йулдошев, К. Хусанбоева, Р. Ниёзметова. Адабий таълим технологияси буйича укув-услубий мажмуа. Тошкент: 2017.

4. Богданова О. Ю., Леонов С. А., Чертов В. Ф. Методика преподавания литературы. -Москва: «Academa», 2004.

5. Долимов С, ва бошкалар. Адабиёт укитиш методикаси, -Т.: «Укитувчи», 1967.

6. Йулдошев К., Мадаев О., Абдураззоков А. Адабиёт укитиш методикаси. -Т.: «Университет», 1994.

7. Абдуллаев, А. А. (2020). МАКТАБ АДАБИЁТ ДАРСЛАРИДА ШЕЪРИЙ САНЪАТЛАРНИ УРГАНИШНИНГ ЭСТЕТИК-ПЕДАГОГИК АСОСЛАРИ. Science and Education., ^(Special Issue 2).

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.