INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
LINGVOPOETIK TAHLIL, UNING BADIIY ASAR QIMMATINI OSHIRISHDAGI
O'RNI
Inogamova Nargiza Shavkatovna
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zMU O'zbek tilshunosligi kafedrasi katta o'qituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.7423864
Annotatsiya. Maqolada lingvopoetikaning o'rganish obyektlaridan biri bo'lgan badiiy aktuallashgan leksik vositalarning badiiy asar emotsional ekspressivligini ta'minlashdagi ahamiyati xususidagi fikrlar bayon qilingan. Badiiy matn lingvopoetik tahlil qilinganda badiiy aktuallashgan leksik vositalar asosida badiiy takror, o'xshatish, qiyoslash, jonlantirishdan iborat mantiqiy tushunchalar yotadi. Maqolada ushbu tushunchalar Iqbol Mirzo she 'rlari misolida tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: lingvopoetika, aktuallashgan leksik vositalar, badiiy takror, metafora, metonimiya, sinekdoxa, ma'no ko'chimlari, sinestetik metaforalar, lingvistik metafora, xususiy metaforalar.
ЛИНГВОПОЭТИЧЕСКИЙ АНАЛИЗ, ЕГО РОЛЬ В ПОВЫШЕНИИ ЦЕННОСТИ
ПРОИЗВЕДЕНИЯ ИСКУССТВА
Аннотация. В этой статье излагаются взгляды по значению обеспечения эмоциональной экспрессивности художественного произведения художественно-актуальными лексическими средствами, что является объектом изучения лингвопоэтики. При лингвоэпическом анализе художественного текста в основе художественно -актуальных лексических средств лежит такие логические понятия как олицетворение, сравнение и сопоставление, литературный повтор. Данные понятия в статье анализированы на примере стихотворений Икбол Мирзо.
Ключевые слова: Лингвопоэтика, художественно- актуальные лексические средства, метафора, метонимия, синекдоха, синестетические метафоры, лингвистические метафоры, особенные метафоры, литературный повтор, лингвопоэтическая значимость, эстетические свойства.
LINGUOPOETIC ANALYSIS, ITS ROLE IN INCREASING THE VALUE OF A WORK
OF ART
Abstract. This article outlines the views on the importance of ensuring the emotional expressiveness of a work of art with an artistically relevant lexical means, which is the object of studying linguo-poetical ethics. With the linguo-epic analysis of the artistic text, the basis of artistic and actual lexical means is such logical concepts as comparison. These concepts in the article are analyzed using the example of the poems Ikbol Mirzo.
Key words: lingvopoetics, artistically relevant lexical means, metaphor, metonymy, synecdoche, synesthetic metaphors, lingvuistic metaphors, special metaphors, lingua-poetic significance, desthetic properties.
Keyingi yillarda badiiy asar tilini lingvopoetik o'rganish ko'pgina ilmiy tadqiqotlar markazida bo'lib kelmoqda. Negaki til va adabiyot hamisha bir-birini to'ldirib, uyg'unlikda taraqqiy etib kelgan. Shu bois bunday tadqiqotlar asosida tilshunoslarimiz tomonidan badiiy matnni til va adabiyot nuqtayi nazaridan tadqiq etishda qo'llaniladigan usullar ishlab chiqilmoqda. Xususan, badiiy matn lingvistik tadqiqida so'zning estetik ta'siri, ma'no va mazmun uyg'unligi, lingvopoetik tahlil olib borishda muallifning individual uslubi, badiiy
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
matnning mohiyati va estetik vazifasi, badiiy matn estetik ta'sirini oshiruvchi badiiy aktuallashgan leksuk vositalarning tahlili kabi masalalarga alohida to'xtalish lozim. Shu sababli ham "lingyopoetika" deb ataluvchi matn lingvistikasining mustaqil sohasi tadqiqotchilar e'tiborini ko'proq tortmoqda. Rus tilshunos olimi V.V.Vinogradovning fikricha, lingvopoetikaning vazifasi badiiy asarda til birliklarining estetik vazifasini tadqiq etishdan iborat. Shunday qilib, tilshunoslik va adabiyotshunoslikning kesishgan nuqtasida filologiyaning yangi yo'nalishi, lingvopetika, ya'ni yozuvchi yoki shoir badiiy to'qimalarining estetik ta'sirini til vositalari yordamida ifodalash imkoniyatlarini ochib beruvchi tilshunoslik va adabiyotshunoslikning uyg'unlikdagi yo'nalishi paydo bo'ldi, deb hisoblaydi olim.
Badiiy adabiyot tilining vujudga kelishida poetikaning alohida o'rin tutishi, undagi til obrazliligi ko'lami, nutqiy tantanavorligi bilan nasr tilidan farqlanishi, poetika leksik-stilistik jihatidan badiiy uslubning ajralib turuvchi turi ekanligi, bu janrga xos xususiyatlar uning o'ziga xoc leksikasida - boshqa janrlarda kam qo'llanadigan so'z va so'zshakllarda namoyon bo'lishi B.Umrqulovning ilmiy asarlarida mufassal o'rganilgan.
Nemis filologi Karl Foccler "Tilning barcha unsurlari stilistik ifoda vositalarining asosidir", -deb ta'kidlaydi.
Olim G'ani Abdurahmonov "She'riy til ohangdor va jozibali bo'lib, maxsus badiiy til vositalarini taqozo etadi", -deya e'tirof etadi. Adabiyotshunos olim O.Sharofiddinov "Badiiy tasvirlash vositalari san'atkorning poetik maqsadini ro'yobga chiqarishda muhim rol o'ynaydi",-degan fikrni beradi. Ta'kidlashimiz joizki, badiiy asar tilini o'rganish bo'yicha tilshunoslikda talaygina ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Bu tadqiqotlarning negizida har bir adibning badiiy asar yaratishdagi o'ziga xos uslubi, so'z qo'llash mahorati, badiiy tasvir vositalaridan foydalanish imkoniyatlari va shular asosida har qanday tilning boyligi, go'zalligini ochib berish kabi maqsad yotadi.
Har qanday badiiy matn asosida so'z va shu so'zlarning mantiqiy birlashishi natijasida hosil bo'lgan sodda va murakkab tuzilishga ega sintaktik birliklar yotar ekan, ushbu axborotimizda O'zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo she'riyati misolida so'zning badiiy asar qimmatini oshirishdagi muhim jihatlari xususida to'xtalmoqchimiz.
Iqbol Mirzo o'ziga xos so'z qo'llash uslubiga ega bo'lgan shoirlardan biri. Uning she'rlari xalqona ohanglarda bitilganligi bilan boshqa shoirlarning ijod namunalaridan ajralib turadi. Bundan bir necha yil oldin Chingiz Aytmatov Iqbol Mirzo timsolida zamonaviy oz'bek she'riyati iqbolini ko'rayotganligini aytgan edi. Yillar o'tib buyuk adibning fikrlari o'z tasdig'ini topmoqda. Iqbol Mirzoning "Aytgil, do'stim, nima qildik vatan uchun?", "Uyg'onish", "Agar jannat ko'kda bo'lsa", "Ko'rmasam bo'lmas" kabi qator she'rlari xalq orasida xalqchilligi, o'ziga xosligi bilan mashhur. Iqbol Mirzo tabiatiga xos bo'lgan samimiylik, shoir ta'biri bilan aytganda, qorako'z, bag'ri keng, oqibatli xalqni yaxsi ko'rishidadir. Chunki Iqbol Mirzo: " Agar shoir o'z asarlariga o'xshamasa, chinakam fojea, aslida - shu..",-deydi o'z haqida yozganlarida. Shoir ijodidagi o'ziga xoslikni ta'minlashda badiiy matnni lingvopoetik tahlil etishning asosiy tamoyillari sifatida keltiriladigan badiiy aktuallashgan leksik vositalar, xususan, badiiy takror, ko'chimning metafora, metonimiya, sinekdoxa, jonlantirish kabi ma'no turlari alohida ahamiyatga ega. Bunday birliklar badiiy asarning emotsional ekspressivligini ta'minlovchi tasviriy vositalardan hisoblanadi. Bunday vositalarning lingvistik va badiiy mohiyatini ochib berish orqali badiiy mazmunning shakllanishi va ifodalanishi mexanizmlarini aniq tasavvur qilish mumkin.
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
Iqbol Mirzo she'rlarida badiiy takrorning juda ko'p qo'llanishini ta'kidlab o'tish joiz.
Yulduz, kechir meni, kechir yulduzim, Iqboling kulsa ham, baxting kulmadi.
O'zimga mahliyo bo'dimu, o'zim Ko'nglingni olishga vaqtim bo'lmadi.
"Yulduz" deb nomlangan ushbu she'rda distant holatdagi ot takrorining o'zgarish bilan qo'llanishini ko'ramiz. Birinchi holatda Yulduz so'zi undalma, ikkinchi holatda esa egalik qo'shimchasini olgan bo'lsa-da, so'z mazmunidan erkalash ma'nosi anglashiladi. Kechir so'zi aynan takror bo'lib, misraning ta'sir kuchini oshirgan. Har bir takroriy qo'llangan so'z o'zining yakka holda qo'llanishiga nisbatan yangi ma'no qirralariga ega bo'ladi va shu asosda uning semantik doirasi kengayadi, emotsionallik xususiyati ortadi. Bu esa badiiy takrorning nazm va nasrda naqadar muhim ekanligini ko'rsatadi.
Badiiy aktuallashgan leksik vositalar asosida o'xshatish, qiyoslash, jonlantirishdan iborat mantiqiy tushunchalar yotadi va bu badiiy matn tahlilida muhim ahamiyat kasb etadi. Ma'lumki, o'xshashlikka asoslangan ma'no ko'chishiga metafora deyiladi. Metafora ko'chma ma'no hosil qilishning eng keng tarqalgan usullaridan biri. Metaforaning ikki turini farqlash mumkin: lingvistik metafora va xususiy-muallif metaforalari. "Lingvistik metaforalar asosan, atash, nomlash vazifasini bajarganligi uchun ularda uslubiy bo'yoq, ekspressivlik, binobarin, ular ifodalagan nutq predmetiga nisbatan subyektiv munosabat aks etmaydi". Faqatgina ma'lum bir so'zning ma'no doirasi kengayadi hamda yangi tushunchalarni atash uchun xizmat qiladi. Xususiy - muallif metaforalari esa yozuvchining estetik maqsadi asosida yuzaga keladi. Bular odatiy metaforalar deyiladi.
Eslaganda ko'ring.Ko'rgach, eslamang...
Imzo. Sana. Rasm. Sevgilim. Hayotdan rang ketdi va tindi ohang, Bizdan suvrat qoldi, xolos, sevgilim.
(Iqbol Mirzo)
Ma'lumki, koloristika ranglar haqidagi fan bo'lib, u rang madaniyati va tili, rang garmoniyasi poydevoriga tayanadi. Har bir rang har bir millat madaniyatida, har bir ijodkor ijodida o'ziga xos lingvokulturologik hamda semantik mazmunga ega. Inson ham hayotini turfa ranglar misolida tasavvur qiladi. Rang leksemasi inson tasavvurida uning kayfiyati, ruhiy holatiga qarab turfa xil bo'yoqlarda aks etadi. Xususan, Oq rang soflik, ezgulik, rostgo'ylik timsoli bo'lsa, qora rang gam-qayg'u, yovuzlik timsoli hisoblangan. Yorqin ranglar pushti, qizil, havo rang insonning xush kayfiyatini ifodalasa, siyoh rang, kul rang, jigarrang aksincha tushkun kayfiyatni ifodalaydi. Ayrim ijodkorlar hayot mazmuni, qahramon ruhiyatini ma'lum bir ranglar bilan ifodalab, ranglarni xususiylashtirishga harakat qilsa, Iqbol Mirzo aksincha Rang leksemasidan umumiy holatni ifodalashda foydalanadi. Yuqoridagi misralarda Rang ketdi va Tindi ohang jumlalariga e'tiborni qaratadigan bo'lsak, ushbu misralarda metaforik holatni kuzatishimiz mumkin. Xususan, bu o'rinda muallif hayot mazmunining yo'qolishi, unga bo'lgan qiziqishning so'nishi, na shodlik, na g'amning mavjudligini hayotdan rangning ketishiga, ohangning tinishiga o'xshatadi.
Tilshunoslikda odatiy metaforalardan tashqari jonlantirish va sinestetik metaforalar farqlanadi. Jonlantirish badiiy nutqqa obrazlilik baxsh etuvchi muhim vositalardan biridir. "Badiiy san'atlar" kitobi mualliflari bu haqda shunday yozadilar: "Jonlantirish - istioraning
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
bir ko'rinishi. Jonlantirish odamlarga xos bo'lgan xislatlarni jonsiz predmetlar, tabiat hodisalari, hayvonot, parranda, qush kabilarga ko'chirish orqali paydo bo'ladigan tasviriy usuldir".
Iqbol Mirzo o'z she'rlarida metaforaning jonlantirish va sinestetik metafora kabi turlaridan keng foydalanadi.
Uch kunda kuz keldi. Dunyo qaridi.
Teraklar bosh chayqab qoldilar ma'yus.
Toshlar o'rmalaydi anhor qa'rida, Anhor qaylargadir shoshadi hanuz.
Mana, ustunlarga o'ralar shamol, Mana, suv yuziga toshadi sepkil.
Zerikkan, asabiy qariqiz misol
Ko'ylaklarin yirtib tashlar atirgul.
"Kuz"3 deb nomlanuvchi ushbu she'r badiiy takror hamda jonlantirishning yorqin namunasidir. Tabiat bir mo'jiza. Inson shu tabiatning bir bo'lagi. Fasllar almashinuvi, bu jarayonda tabiatda bo'ladigan o'zgarishlar insoniyatni hamisha lol qoldirib kelgan. Adiblarimiz ijodida fasllar almashinuvini inson umrining ma'lum davrlariga qiyoslanish hollari ko'p uchraydi. She'rda uch kunda kuz kelishi umrning qisqaligiga, dunyoning qarishi yoshlikning abadiy emasligiga, anhorning shoshishi shiddat bilan o'tib borayotgan hayotda insonning ezgu ishlarni qilib ulgurishiga ishora qilayotgandek tuyuladi. Yomg'ir zarbidan suv yuzida paydo bo'ladigan pufakchalarni shoir mohirona suv yuziga toshgan sepkilga, tabiat hukmiga bo'ysinishga majbur atirgulning to'kilayotgan gullarini yirtilayotgan ko'ylakka o'xshatadi. Misralardagi Anhor, Mana so'zlari distant takror bo'lib, she'rning ta'sir kuchini yanada oshirgan. She'rdagi Dunyoning qarishi, Teraklarning bosh chayqashi, Toshlarninmg o'rmalashi, Shamolning ustunlarga o'ralishi, Suv yuziga sepkil toshishi, Atirgulning ko'ylaklarini yirtishi kabi jonlantirish elementlarini uchratamiz. Bir qarashda oddiy, jo'n bo'lib ko'ringan ko'chma ma'nodagi bu sintaktik birliklar mazmun planida chuqur ma'no yotibdi Bu jonlantirishlar she'rning ta'sir kuchini oshirgan. Shoir kuz bilan bog'liq tabiat mo'jizalarini izchillik bilan sanar ekan, leksik vositalarning jonlantirish usulidan mohirona foydalanib, she'rning badiiy ta'sir kuchini oshirishga muvaffaq bo'ladi. She'rda shoirning fasllardan biri bo'lmish kuz fasliga jonli narsaga murojaat qilgandek munosabatda bo'lishining guvohi bo'lamiz. Adabiyotshunoslikda bu hodisa apastrofa deb yuritiladi. Bunda narsa - buyumni jonli deb tasavvur qilinadi. Bu usul qahramonga hech kimga aytolmagan ichki dardlarini, sirlarini oshkor aytish imkonini beradi. Yoki:
Quyoshga intiqqan kabi g'unchalar,
Yurak sokin-sokin qo'ng 'iroq chalar.
Nima deb kuylaydi qo'ng'iroqchalar?
Bunchalar sevdirding meni, bunchalar. (Bunchalar)
"Bunchalar" deb nomlanuvchi ushbu she'rdagi "intiqqan g'unchalar", "yurak qo'ng'iroq chalar", "kuylaydi qo'ng'iroqchalar" kabi misralarda ham jonlantirishning yorqin namunasini ko'ramiz. "Qo'ng'iroq chalar" hamda "qo'ng'iroqchalar" kabi shakldosh leksemalarning qo'llanilishi she'rdagi badiiy aktuallashgan vositalarning ta'sir kuchini oshirgan. Bir o'rinda bu leksemalar qo'ng'iroq(-ni) chalar, ya'ni ot+fe'l konstruksiyali to'ldiruvchili so'z birikmasi shaklida kelgan bo'lsa, ikkinchi o'rinda qo'ng'iroqchalar, ya'ni
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
otning kichraytirish-erkalash shaklida qo'llanilgan. Shakldoshlikdan bunday usulda foydalanish shoirning so'z qo'llash mahoratidan dalolat beradi.
Iqbol Mirzo she'rlarida badiiy aktuallashgan leksik vositalardan metaforalarni, xususan, sinestetik metaforalarni qo'llash ham o'ziga xos. Sinestetik metaforalarda bir sezgi organi bilan idrok etiladigan narsa - tushuncha boshqa sezgi organi bilan idrok etiladigan narsa-tushunchaga o'xshatiladi, yaqinlashtiriladi va shu asosda ko'chma ma'no yuzaga keladi. Masalan:
Ey, kafti qadog'u, ko'ngli yumshoq el, Quyoshda qoraygan, yuragi oq el, Duoga qo'l ochgan, tilagi oq el, Kaftingga ko'z suray, dehqonim, yurtim, O'zingdan o'rgulay, bog'bonim, yurtim. (Navro'z qo'shig'i) Ko'rib turganingizdek, parchada berilgan ko'ngli yumshoq, yuragi oq, tilagi oq kabi metaforalar sinestetik metaforalardir. Xususiyat bildiruvchi "yumshoq" leksemasi "yuvvosh", rang-tus bildiruvchi "oq" leksemasi "toza, pok" ma'nosida kelgan. Shoir o'z xalqining haqiqiy fidoyisi, oshig'i, shaydosi. Uning she'rlarida xalqiga bo'lgan cheksiz mehri, muhabbati, sadoqati mana shunday samimiy, sodda misralarda ufurib turadi. Ariqlar yuzida yuzardi hovur -Kumush baliqlarning issiq nafasi. Qor bosti chinorlar ostiga dovur, Chinorlar - qorlarning soyasi. (Ariqlar yuzida)
Yoki
Alanglaysan oyoq uchida, Qiyofalar begona bari, Bozoryo'li - qaynoq ko'chadan
Meni topolmaysan, dilbarim. (Alanglaysan oyoq uchida) Parchalarda metafora usulida ma'no ko'chgan so'zlar bisyor. Lekin misralardagi kumush baliq, issiq nafas, qaynoq ko'cha kabi misollarda keltirilgan kumush, qaynoq, issiq sifatlarida aynan sinestetik metafora sodir bo'lgan. "Kumush" leksemasi odatda "qish" leksemasi bilan ko'chma ma'nodagi birlikni hosil qiladi. Ya'ni, "sovuq qish" m'anosida. She'rda keltirilgan "kumush baliq" birligida esa muzlagan baliq ma'nosi anglashilib, qishning nihoyatda sovuqligiga ishora qiladi. "Qaynoq ko'cha" birligida esa "gavjum ko'cha" ma'nosi ifodalanib, sinestetik metaforani yuzaga keltirgan. Metaforaning ta'sirida bir qarashda oddiy, jo'n bo'lib ko'ringan misralar badiiy qimmati, ifodaliligi, ekspressivligi kuchayib, she'rning jozibasini oshirgan.
Badiiy aktuallashgan leksik vositalar ichida badiiy asarning estetik ta'sir kuchini oshirishda metonimiyaning ham o'rni katta. Ma'lumki, metonimiya deb voqea-hodisa, narsa-buyum o'rtasidagi o'zaro yaqinlik va bog'liqlik asosida ma'no ko'chishiga aytiladi. Metonimiya ham qiyosga asoslanadi. Metonimiyada tashqi ko'rinishi yoki ichki xususiyatlari bilan bir-biriga qandaydir aloqasi bo'lsa ham, ammo, umuman bir-biridan farq qiluvchi narsalarning belgilari qiyoslanadi va qayta nomlanadi. Iqbol Mirzo o'z she'rlarida metonimiya asosida ma'no ko'chishi usulidan unumli foydalanadi: Muqaddas yering bor, qutlug' osmon bor, Suyangan tog'ing bor, dilda iymon bor.
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
Ulug' bog'istonga buyuk bog'bon bor, Kaftingga ko'z suray, dehqonim, yurtim, O'zingdan o'rgulay, bog'bonim, yurtim. (Navro'z qo 'shig'i) Ushbu misralarda shoir ona yurtimizni ulug' bog'ga, yurtboshimizni esa buyuk bog'bonga o'xshatish asosida ma'no ko'chishining go'zal namunasini yaratgan. Darhaqiqat, bog'ni bog'bon haqiqiy bog'-u bo'stonga aylantiradi. Bog'bon bog'ga mehr urug'ini sochmas ekan, bu bog' hech qachon ko'karmaydi, meva bermaydi. Ikkinchi misradagi "suyangan tog'" birligida ham metonimiya asosida ma'no ko'chishining guvohi bo'lamiz. "Suyangan tog'" birligi, asosan, inson uchun tom ma'noda suyanchiq bo'la oladigan, ishonchli insonlarga nisbatan ishlatiladi. She'rda "ishonchli odam" birligi "suyangan tog' " birligi asosida qayta nomlangan. Keltirilgan parchadagi "bog'iston" yasalmasi ham Iqbol Mirzoning o'ziga xos okkozional ma'nodagi topilmasi bo'lib, she'rning badiiyati va ta'sirchanligini oshirishga xizmat qilgan. Okkozional ma'no - leksemaning tildagi ma'nosiga xos bo'lmagan ayrim shaxsning (muallifning) nutqiy vaziyatidan kelib chiqib shu leksema mazmuniga yangicha tus berishi natijasida yuzaga keltirilgan sun'iy ma'no.
Bog' so'ziga -iston joy nomi yasovchi qo'shimcha qo'shilishi natijasida bog'iston leksemasi hosil bo'lgan. Bu leksemaning qo'llanilishida ham metafora usulida ma'no ko'chishiga guvoh bo'lamiz, ya'niki shoir tug'ilib o'sgan yurtini bog'lar jamlangan makonga, ya'ni bog'istonga o'xshatadi. Garchi bu yasalma xalq orasida ommalashib ketmagan bo'lsada, uning shu matndagi ta'siri sezilarli darajada ekanligi e'tiborni tortadi. Chunki bog' leksemasi insonga xush kayfiyat bag'ishlovchi go'zal maskan tasavvurini beradi. Bu kabi topilmalar Iqbol Mirzo she'rlarida ko'plab uchraydi va ular o'ziga xosligi bilan ajralib turadi.
Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, badiiy matnning lingvopetik tahlili shu tilning poetik imkoniyatlarini ochishga, muallif tomonidan til xazinasidagi mavjud til boyliklaridan foydalanish mahoratiga baho berishga xizmat qiladi. Iqbol Mirzo she'riyatini lingvopoetik jihatdan tahlil qilinishi, xususan, uning badiiy aktuallashgan leksik qoliplardan foydalanish mahorati o'ziga xos ekanligi shoirning original uslubni yarata olganligidan dalolatdir. Badiiy aktuallashgan leksik vositalar badiiy asar tilini boyitishda, ifodaning obrazliligini ta'minlashda, ta'sirchanligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi shoirning ijod namunalarida o'z aksini topgan. Iqbol Mirzo she'rlarining o'quvchi qalbidan chuqur o'rin olishi, uning ruhiyatiga, hissiyotiga kuchli ta'sir qilishining sababi ham mana shunda. Demak, Iqbol Mirzo she'riyatining lingvopoetik tahlil qilinishi o'zbek adabiy tilining, jumladan, o'zbek poetik nutqining o'ziga xos jihatlarini, betakror imkoniyatlarini ochib beradi. Bu esa o'z o'rnida o'zbek tilidagi badiiy matnlarning betakror imkoniyatlarining ochib berilishiga zamin yaratadi.
REFERENCES
1. Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman. Toshkent: 2GG7.
2. Iqbol Mirzo. Ko'nglingda nima bor, bilmayman. "Sharq nashriyoti". Toshkent. 2020-yil
3. Yo'ldoshev M. Badiiy matn va uning lingvopoetik tahlili asoslari. Toshkent, Fan - 2GG7.
4. Mukarramov M. O'zbek tilida o'xshatish. Toshkent: 1976.
5. Boboyev T., Boboyeva Z. Badiiy san'atlar. TDPU, 2001.
6. Липгарт A.A. Методы лингвопоэтического исследования. M., 1997. -220с.
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337
7. Виноградов В.В. Язык художественного произведения // Вопросы языкознания. 1954. №5. С. 29; С.5-38.
8. Шарафиддинов О. Адабиёт тилдан бошланади // Узбекистан адабиёти ва санъати. -Тошкент, 1986, 5 сентябрь
9. Qurbonova М., Yo'ldoshev М. Matn tilshunosligi. Toshkent: Ш^егеке^ 2014.